Immunologiya

MAQOLALAR

ico
Immunitet pasayishi belgilari va vitamin tanqisligi holati hamda uni bartaraf etish usullari

Immunitet – inson organizmining tashqi omillarga, eng avvalo virus va bakteriyalarga qarshi kurashuvchi tizimdir. Immunitetsiz inson hayot kechira olmaydi desa ham mubolagʻa boʻlmaydi. Immunitetni turli xil komponentlar taʼminlab turadi. Bular limfotsit va leykotsitlar, hamda yot mikroblarni qamrab (fagositoz) oluvchi fagosit hujayralaridir. Bundan tashqari, inson organizmida immunitet vazifasini shilliq qavatlar va teri ham bajaradi, ular turli xil moddalar ishlab chiqaradi va mikroblarni oʻldiradi.

immunitet pasayishi

Immunitet doimo bir xil ishlamaydi – baʼzida immun tizimi biroz susayadi va bu vaqtda organizm patogen mikroorganizmlar uchun “oʻlja”ga aylanadi.

Immunitet pasayishi belgilari

  • Inson tez-tez kasallanadi va sogʻayish uchun uzoq vaqt ketadi;
  • Tez charchab qolish, doimiy holsizlik;
  • Jarohatlarning uzoq muddatda bitishi;
  • Teri qoplamalari va shilliq qavatlari holatining yomonlashuvi, terida turli xil toshmalar;
  • Sababsiz paydo boʻluvchi ogʻriq;

Zaiflashgan immunitet organizmdagi har qanday organlar tizimiga salbiy taʼsir etadi, ogʻir holatlarda hatto oʻlimga ham sabab boʻlishi mumkin. Shu sababli immunitet zaiflashganida uni kuchaytirish uchun maksimal darajada harakat qilish kerak boʻladi.

Surunkali immunitet pasayishiga olib keluvchi sabablar quyidagilar:

Turli xil ogʻir kechuvchi kasalliklar

Ayrim holatlarda organizm oʻzining gomeostazini saqlab qolish uchun barcha kuchini sarflaydi, bunday vaziyatda immun tizimi ham odatiy holatdan koʻra kuchliroq ishlashi kerak boʻladi, yaʼni organizm shuni talab qiladi.

Immun tizimini kuchaytirishi zarur boʻlgan insonlar va holatlar

  • Homilador va emizuvchi ayollar;
  • Turli xil infeksion kasalliklar bilan kasallanuvchi insonlar;
  • Sportchilar;
  • Salbiy sharoitda mehnat faoliyatini olib boruvchilar;

Immunitet zaiflashuvi kasallik natijasida kelib chiqqan boʻlsa – bunday holatni bartaraf etish uchun malakali shifokor tavsiyalari kerak boʻladi. Agar immun tizimi vitamin yetishmovchiligi sabab  rivojlangan boʻlsa, uni bartaraf qilish barchaning qoʻlidan keladi.

Immunitet susaygan holatni bartaraf etishda vitaminlar bilan davolash har doim ham samarali natija bermasligi mumkin, ayniqsa immun tanqisligi kelib chiqish sababi boshqa boʻlsa. Organizmda vitamin tanqisligi toʻgʻridan-toʻgʻri immun tizimiga taʼsir qilmaydi. Ammo, vitaminlar organizmda kechadigan jarayonlar va moddalar almashinuvini ragʻbatlashda roli katta, vitaminlarni qabul qilish organizm uchun juda foydali.

vitamin komplekslar

Vitamin va mikroelementlar yetishmovchiligini qanday aniqlash mumkin?

Organizmda vitamin yetishmovchiligi – charchash, uyquga toʻymaslik, melanxoliya, holsizlik kabi belgilar bilan namoyon boʻladi. Bu kabi belgilar barchasi organizmga sekin-astalik bilan salbiy taʼsir etib boradi. Bundan tashqari, vitamin tanqisligi kayfiyatning yomonligi, doimiy asabiylik, diqqatni jamlay olmaslik, apatiya kabi holatlarga ham sabab boʻladi.

Vitamin tanqisligi sabablari

  • Oʻtkazilgan kasalliklar;
  • Notoʻgʻri va tartibsiz ovqatlanish;
  • Quyosh nurining yetarlicha tushmasligi;
  • Homiladorlik va laktatsiya davri;
  • Oshqozon-ichak tizimidagi turli xil muammolar, yaʼni vitaminlar soʻrilishining buzilishi.

Vitamin yetishmovchiligini aniqlash oson emas. Organizmda turli xil oʻzgarishlar, masalan oshqozon-ichak tizimi, nerv tizimi, yurak qon-tomir tizimida oʻzgarishlar, sochlar toʻkilishi, tirnoqlar sinuvchanligi va teri qurishi kuzatilishi mumkin.  Agar siz oʻzingizda kuzatilayotgan patologik holatlarni aynan vitamin tanqisligi bilan bogʻlasangiz, buni shifokor bilan maslahatlashgan holda aniqlashtirish zarur. Avitaminoz ostida jiddiy kasallik kechayotgan boʻlishi ham mumkin.

Vitamin tanqisligida kuzatiladigan belgilar

  • Sochlar toʻkilishi: vitamin PP, B2, B6;
  • Terining juda quruqlashuvi yoki turli xil toshmalar. Bunday holatda vitamin A, P, C qabul qilish zarur;
  • Milklar qonashi: vitamin P va C yordam beradi;
  • Vitamin tanqisligi holatlarida ovqatlanish ratsioniga jiddiy eʼtibor berish kerak.

Vitaminlar qaysi mahsulotlarda koʻp?

Organizm uchun zarur boʻlgan moddalar va albatta immun tizimini ragʻbatlantiruvchi vitaminlar birinchi navbatda oziqa mahsuotlarida saqlanadi. Bunday moddalar faqatgina meva va sabzavotlarda emas, balki goʻsht, baliq va sut mahsulotlarida ham koʻp saqlanadi. Ammo, meva va sabzavotlarda ularning miqdori koʻproq. Shu sababli avitaminoz holatlari koʻproq kuz-qish mavsumida yuzaga chiqadi, yaʼni bu vaqtda meva sabzavotlar kam isteʼmol qilinadi. Bu vegetarianlik hayot tarziga oʻtish kerak degani emas, shunchaki ovqat ratsionida oʻsimlik mahsulotlariga ham jiddiy eʼtibor qaratish lozim.

Immun tizimi faoliyati susaygan vaqtda ovqatlanish yoʻli bilan yetishmayotgan vitaminlar va mikroelementlar oʻrni toʻldirishning imkoni yoʻq. Bunday holatlarda vitamin preparatlari qabul qilishga toʻgʻri keladi. Vitamin preparatlarini qabul qilish uchun avvalo shifokor bilan maslahatlashish zarur, aynan mutaxassis insonga mos keladigan vitamin komplekslarni buyurishi mumkin.

Vitaminlar haqida qisqacha...

Quyida vitaminlar haqida qisqacha maʼlumot berilgan, ular orasida immun tizimiga samarali taʼsir koʻrsatuvchi guruhlar ham bor:

A vitamin

Ushbu vitaminning ikkinchi nomi – retinol. Bu vitamin sochlar mustahkamligi, terining normal holati, jarohatlarning bitishi, tirnoqlar oʻsishida katta ahamiyatga ega. A vitamini ayniqsa, koʻz va koʻruv oʻtkirligi uchun juda foydalidir. Bundan tashqari, retinol qarish jarayonini sekinlashtiradi, jinsiy yetilish davrida ham A vitaminining oʻrni katta. Vitamin A sabzi, brokkoli, garmdori, qovoq, qovun, shaftoli, oʻrik va avakado mevasida koʻp saqlanadi, hamda goʻsht, mol jigari, baliq, oʻsimlik moyi va tuxum sarigʻida eng koʻp miqdorda boʻladi. Inson organizmida A vitamini yogʻlar taʼsirida eriydi va soʻriladi.

B guruh vitaminlari

B guruh vitaminlari tarkibiga bir qator vitamin komplekslari kiradi. Yetarlicha qabul qilingan B guruh vitaminlari nerv tizimi funksiyasini ragʻbatlaydi va stress holatlaridan chiqishda ishtirok etadi. B guruh vitaminlari kartoshka, gul karam, yongʻoq, pomidor, qora non, grechka, tvorog, sut tarkibida koʻp saqlanadi. Agar insonda stress holatlari, melanxoliya, uyqu buzilishi, bosh aylanishi kabi holatlar kuzatilayotgan boʻlsa, B guruh vitaminlarini qabul qilsa boʻladi.

C vitamin

Vitamin C ning inson organizmida asosiy vazifasi immun tizimi ishini boshqarishdir. Shu sababli bu vitamin shamollash, gripp kasalliklarida qoʻllaniladi. Bundan tashqari, C vitamini qon tomirlar oʻtkazuvchanligini kamaytiradi va ishtahani ochishda ham ishtirok etadi. C vitamini kivi, petrushka, smorodina va qulupnayda koʻp saqlanadi.

D vitamin

D vitamini suyaklar oʻsishi va mustahkamligini taʼminlashda ishtirok etadi. D vitamini mol jigari, baliq, goʻsht, tuxum, tvorog, pishloq va sut mahsulotlarida koʻp saqlanadi. D vitamini quyosh nurlari taʼsirida inson terisida ham sintezlanadi. Sovuq, qish uzoq muddat davom etadigan mamlakatlarda qoʻshimcha D vitamin preparatlaridan qabul qilish tavsiya etiladi.

E vitamin

Qarilikni sekinlashtiradi, jinsiy reproduktiv jarayonida ishtirok etadi, ayniqsa ayollarda jinsiy faoliyatni ragʻbatlaydi.

Vitamin komplekslari

Surunkali vitaminlar tanqisligi holati tushmaslik uchun vitamin komplekslaridan qabul qilish kerak. Albatta, vitamin preparatlari tabiiy holda qabul qilinadigan vitaminlar oʻrnini bosa olmaydi. Ammo, organizmga ayrim holatlarda qoʻshimcha vitaminlar kerak boʻladi, masalan kasallik vaqtida. Vitamin komplekslari tarkibida barcha vitaminlar maʼlum bir dozada saqlanadi. Bu kabi preparatlar tayyorlanayotganda organizm tomonidan soʻrilishga tayyor holda boʻladi. Vitamin preparatlari qabul qilishda ularning koʻp miqdorda organizmda toʻplanishi jiddiy asoratlarga sabab boʻlishini ham unutmaslik kerak. Shu sababli vitamin komplekslari mustaqil ravishda emas, balki shifokor mutaxassis tomonidan buyurilgan holatda qabul qilinishi lozim.

Vitamin komplekslari bir necha guruhga boʻlinadi, ular quyidagilar:

  • Universal;
  • Bolalar uchun vitaminlar;
  • Homilador va emizikli ayollar uchun vitaminlar;
  • Sportchilar uchun maxsus vitaminlar;

Vitamin komplekslari biologik aktiv birikmalar toifasiga kiradi, shu sababli ular dorixonalarda shifokor retseptsiz beriladi. Bu vitaminlar bir biridan dozasi bilan farqlanadi. Vitamin komplekslarini tanlashda faqatgina qimmatbaho, mashhur firmalar ishlab chiqargan preparatlarga eʼtibor qaratish kerak emas, baʼzida arzon narxli vitamin komplekslari ham organizm uchun ancha foydali boʻladi. Immun tizimini ragʻbatlashda barcha guruh vitaminlarining oʻrni katta.

Inson organizmida immun tizimini ragʻbatlovchi vitamin komplekslari quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • Multi-tabs;
  • Immuno Plyus;
  • Vitrum;

Ular tarkibida A, B, C, D guruh vitaminlarini saqlaydi.

Ayniqsa Vitrum preparati tarkibida 20 dan ortiq vitamin va mikroelementlarni tutadi. Sentrum – 25 dan ortiq vitamin va mikroelemetlar saqlaydi va antioksidant taʼsir koʻrsatadi. Revit, Komplivit, Alfavit – kattalar uchun, ayniqsa immun tizimi funksiyasini yaxshilashda katta yordam beradi. Ular organizmda soʻrilishga tayyor holda boʻladi.

Aynan immun tizimini ragʻbatlash uchun maxsus vitamin kompleksi – immunaldir. U tabiiy oʻsimliklardan olinadi.

Gripp va yuqori nafas yo'llarining infeksiyalarini alomatlarini davolash uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Griphotdir.

Griphot bu – alohida paketlarga qadoqlangan eriydigan granulalar.

Har bir paket tarkibi:

Faol moddalar: parasetamol - 500 mg, fenilefrin gidroxlorid - 10 mg, oksalamin sitrat - 100 mg, xlorfeniramin maleat - 2 mg; Yordamchi moddalar: tartarik kislota, limon kislotasi, natriy gidrokarbonat, natriy karbonat, xinolin sarig'i, limon lazzati, Kollidon K-30, saxarin, saxaroza.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/gripkhot

Shamollash va grippda balg’am ko’chirish uchun qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Teraflyu, Rinil hotmiks, Insti, Sinupret ekstrakt, Rinomaks, ASS va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

ico
Parodontoz - sabablari, alomatlari, turlari va davolash

Parodontoz - bu tishni o'rab turgan to'qimalarning: milk, periodontal to'qima, sement, alveolyar o’smalarning yallig'lanishsiz kechadigan surunkali kasalligi.

Parodontoz kasalligi kam uchraydigan kasallik. Ma'lumotlariga ko'ra, parodontoz kasalligi bilan og'rigan bemorlar 1 dan 8 % gacha. Agar kasallik o'z vaqtida davolansansa, kasallanish jarayoni sezilarli darajada sekinlashishi mumkin. Sizga bu qanday kasallik ekanini, alomatlari va davolash usullarini aytib beramiz

Milklar parodontozi
Foto: d-ruki.ru

Parodontoz haqida

Parodontning ayrim joylari atrofiyasi, suyak to'qimalarida sklerotik o'zgarishlari bilan birga yuz beradi, bu esa tishlarning bo'yinlari ochilib qolishiga olib keladi. Hamma gap shundaki, kasallik ba'zida alomatsiz bo'lib, bemor bu haqda hatto bilmaydi.

Ammo, kasallik o'z vaqtida davolanmasa, parodontoz asta-sekin tishlarning bo'shashishiga va ularning sezgirligining patologik darajada o'sishiga olib keladi.

Stomatologlar parodontoz kasalligini quyidagi turlarga ajratadilar:

  • Lokal: jag'ning ma'lum bir qismidagi tish bo'yinlari ta'sirlanadi;
  • To’liq: butun tish qatorida xarakterli alomatlar paydo bo’ladi.

Parodontoz sabablari

Kattalardagi parodontoz kasallikning sabablari to'liq o'rganilmagan. Tish shifokorlari parodont sohada, tishni o'rab turgan to'qimalarda qon oqimining buzilishi metabolizm buzilishi, irsiy omillar va noto’g’ri prikus tufayli bo'lishi mumkin deyishadi.

Buning sabablariga quyidagilar kiradi:

  • parodont shikastlanishi;
  • og'iz gigienasining buzilishi;
  • tanadagi vitaminlar, minerallar yetishmasligi;
  • immunitetning pasayishi;
  • gormon ishlab chiqarishda uzilishlarga olib keladigan endokrin patologiyalar;
  • yomon odatlarning mavjudligi;
  • nevrologik muammolar.

Parodontoz alomatlari

Shifokorlar kasallikning ikkita eng asosiy alomatlarini ajratadi:

  • milklarning ochilib qolishi;
  • tishlarning harakatchanligi.

Umuman olganda, kattalardagi parodontoz kasalligining aniq belgilari:

  • tish bo'ynining va ildizlarning ochilib qolishi;
  • milklarning oqarishi;
  • tishlarning sovuq, issiq, sho'rga nisbatan sezgirligini oshishi;
  • tish emalining nuqsonlari va rangi o'zgarishi;
  • suyak sklerozi;
  • tishlararo bo'shliqlarning vizual kengayishi;
  • milk qismlaridagi qichishish.
Parodontoz ko'rinishi
Foto: chstom.ru

Bemor dastlabki simptomlarni o'zi aniqlay oladi, chunki shilliq qavatning odatdagi holati va ko'rinishi buziladi. Masalan, milk o’z ranglarining yorqinligini yo'qotadi, ular zichroq bo'ladi, tishlarni tozalashda milkdan qon ketishi mumkin, tish to'qimalarining sezgirligi oshadi.

Parodontoz kasalligi rivojlanish darajalari

Tish shifokorlari tishlarning ildizlari va rentgen nuriga ta'sir qilish darajasiga qarab kattalardagi parodontoz kasalligi darajasini aniqlaydi.

Boshlang'ich. Ushbu bosqichda to'qimalardagi o'zgarishlar deyarli sezilmaydi, shuning uchun ularni faqat mutaxassis aniqlay oladi.

Birinchi bosqich. Milklar ozgina pasayadi tishlar vaqti-vaqti bilan sovuqqa, issiqqa ta'sir qiladi.

Ikkinchi bosqich. Tishlarning bo'yni sezilarli darajada ochiladi, ta'sirchanligi va sezgirligi oshadi, tishlararo bo'shliqlar kengayadi va ba'zi joylarda emal o'rniga sement paydo bo’ladi.

Uchinchi bosqich. Milk 50% dan ko'proq pasayadi. Ovqatni iste'mol qilish ko'pincha noqulaylik tug'diradi va tishlar asta-sekin bo'shashishni boshlaydi.

To'rtinchi bosqich. Milk 65% dan ko'proq pasayadi. Bo'shashgan tishlar ovqatlanishni va gapirishni qiyinlashtiradi. Rentgen nurlarida ularni suyakda faqat uch qismi ushlab turigani ko’rinadi.

Parodontozni tashxislash

Parodontoz kasalligi diagnostikasi shifokor qabulidan boshlanadi. Kasallik darajasiga qarab tish shifokori rentgen tekshiruvini (ortopantomogramma) belgilaydi. Ushbu turdagi tekshiruvlar bilan suyak to'qimalari hajmining pasayishi, osteoporoz va osteoskleroz o'choqlarini aniqlash mumkin.

Shuningdek, reoparodontografiya (parodontning qon tomirlari holatini o'rganish, ularning o'zgarishi darajasini aniqlash) va polyarografiya (parodont to'qimalarning kislorod bilan to'yinganlik darajasini aniqlash) usullari mavjud.

Parodontoz kasalligini davolash

Bu kasallikni davolash bosqichiga qarab, shifokor tomonidan alohida belgilanadi. Asosan, bemorlar kasallikning dastlabki alomatlarini sezmaydilar va faqat rivojlangan holatlarda mutaxassisga murojaat qilishadi. Bunday vaziyatda tishlarning parodontoz kasalligini davolashga yondashuv murakkab bo'ladi.

Milkka qon kelishini yaxshilash uchun bemorga fizioterapiya muolajalari buyurilishi mumkin. Buning uchun turli xil texnikalar qo'llaniladi:

  • elektroforez;
  • qisqa ultrabinafsha to'lqinlari ta'siri;
  • ultratovush;
  • milklar massaji;

Parodontoz lazer yordamida ham davolanadi. Bu to'qimalarning tiklanish qobiliyatini tezlashtirishga, yallig'lanishga qarshi ta'sirga dosh berishga yordam beradi, og'iz bo'shlig'idagi ortiqcha bakteriyalarga qarshi kurashadi, shishishni engillashtiradi va milkning qonashini kamaytiradi.

Kasallik avjiga chiqqan holatlarda parodontozni davolash jarrohlik aralashuvi bilan kechadi. Biomaterial sifatida parodontdagi regenerativ jarayonlarni tanlab rag'batlantiradigan turli xil hujayra madaniyatlari ishlatiladi.

Parodontozda qanday dorilar buyuriladi?

Shifokor davolash uchun mahalliy yoki tizimli ravishda dori-darmonlarni buyuradi. Antibakterial vositalar, gormonal dorilar buyurilishi mumkin. Dori vositalari distrofik jarayonlarni susaytiradi, yallig'lanish faolligini pasaytiradi. Bularning barchasi parodontdagi metabolik jarayonlarni rivojlantiradi, tishlarning oziqlanishini yaxshilaydi va ularni mustahkamlaydi.

Parodontoz kasalligining oldini olish

Parodontoz ko'p hollarda endokrin kasalliklar, qandli diabet bilan og'rigan odamlarda uchraganligi sababli, bu sizning sog'lig'ingizni va surunkali kasalliklarning rivojlanishini kuzatishingiz kerakligini anglatadi.

- "Tishlarni kuchaytirish kerak - shinalar, iplar yoki protezlar yordamida mustahkamlash kerak" - deydi shifokor.

Gigiena haqida ham unutmasligimiz kerak. Tish shifokorlari kuniga ikki marta 4 daqiqa yoki undan ko'proq vaqt davomida tishlarini tozalashni, tish iplari bilan oziq-ovqat qoldiqlarini olib tashlashni, har ovqat va tanovuldan so'ng og'zi chayishni va har 3 oyda tish cho'tkasini almashtirishni tavsiya qiladi.

Parodontoz to'g'risidagi savollarga javoblar

Parodontozda stomatolog maslahati
Foto: ru.depositphotos.com

Savollarga stomatolog javob beradi:

Savol:

Parodontoz va parodontit o'rtasidagi farq nima?

Javob:

Parodontozda yallig'lanish bo'lmaydi, ya'ni tish sohasidagi suyak to'qimalarining yo'qolishi yallig'lanish jarayonlari bilan birga bo'lmaydi, parodontitda esa, aksincha, yallig'lanish mavjud.

Savol:

Parodontozda irsiy omil qanday rol o'ynaydi?

Javob:

Parodontoz kasalligining sababi irsiyatmi yoki yo'qligi to'liq aniqlanmagan. Ammo genetik moyillik kasallik paydo bo'lishi mumkin bo'lgan omillardan biridir.

Savol:

Parodontoz tashxisi qanday o'tkaziladi?

Javob:

Parodontoz stomatolog tomonidan aniqlanadi. Asosiy tashxis muolajalari tekshiruv va rentgen hisoblanadi. Unda biz tish sohasidagi suyak to'qimalarining darajasini ko'ramiz. Shuningdek, bemor o’zi parodontoz kasalligining dastlabki belgilarini tishning bo'yinlari, tish ildizi ochilib qolganini va tish sohasidagi milk pasayishini ko'rishlari mumkin. Keyingi bosqich - tishlar harakatchan bo'lishi. Kasallikni bu darajagacha olib kelmaslik muhim.

Savol:

Agar ko'p yillar davomida tish shifokoriga bormagan bo'lsangiz, nimadan boshlash kerak?

Javob:

Ba'zi odamlar tish shifokoriga kech bo'lganida murojaat qilishadi. Va bunday kechikish yillar davomida kelmasligi mumkin. Agar siz uzoq vaqt davomida tish shifokoriga tashrif buyurmagan bo'lsangiz, unda:

1. Kelayotgan eng yaqin sanalarga, ertalabki soatlarga tish shifokoriga yoziling. Shunday qilib, siz ko’rik yaqinlashib kelayotgani to'g'risida boshingizni kamroq og’ritasiz va xotirjam bo'lasiz;

2. Konsultatsiya uchun uchrashuv tayinlang. Doktor bilan tanishing. U bilan o'zingizni qulay his qilayotganingizni tushunib oling. Davolash usullari va narxlarni bilib oling.

3. Shifokordan tish parchalanishi, tozalash kabi mayda muammolarni davolashni boshlashini so'rang va keyingi tashriflarda yanada murakkab muammolarga o'ting. Shu tarzda siz asta-sekin davolanishni boshlaysiz.

4. Og'riqni kutmang yoki og'riq qoldiruvchi vositalarni ko’p qabul qilmang. Aks holda, anesteziya ta’sir qilmay qolishi mumkin.

Savol:

Tish shifokoriga tashrifni qachon bekor qilish yaxshiroq?

Javob:

  • Gerpesning kuchayishida (gerpetik stomatitni qo'zg'atishi mumkin);
  • tomoq va nafas yo'llarining kasalliklarida (ORVI, o'tkir nafas yo'llari infeksiyalari, faringit, tomoq og'rig'i va boshqalar);
  • qattiq burun bitishida;
  • yuqori haroratda (tish og'rig'i bilan bog'liq emas);
  • spirtli ichimliklar ko'p bo'lgan kechagi / bugungi bayramdan keyin (anesteziya yaxshi ishlamaydi);
  • qon qo’yilish xususiyatini kamaytiradigan dorilar bilan davolashda, tish olib tashlangan yoki implantatsiya qilingan taqdirda (ularni qabul qilish paytida qon ketish xavfi tufayli).

manba: kp.ru

ico
Immunitet pasayishi belgilari va bartaraf qilish chorasi
Immunitet kuchli bo‘lsa, u bizni turli xastaliklardan himoyalaydi. Lekin ba’zan atrof-muhit ifloslanishi, doimiy stress holatida yurish, yetarli darajada meva-sabzavot, sut-qatiq, go‘sht kabi mahsulotlarni iste’mol qilmaslik, uyimizdagi elektr jihozlar (televizor, kompyuter, mikroto‘lqinli pech) taratayotgan zararli to‘lqinlar va shu kabi yuzlab omillar immun tizimi ishining kuchsizlanishiga olib keladi.

Immunitet pasayishi alomatlari

Quyidagi holatlar immunitet pasayganidan darak beradi:
Immunitetingiz qay darajada ekanini sizdagi shamollash kasalligining davom etish muddati yoxud biror joyingiz shilingandan keyingi jarohatning bitishiga qarab aniqlash mumkin. Jarohat tez bitsa, tumov tez chekinsa, demak, organizmingizda immunitet darajasi yuqori. Xastalik asoratli kechib, jarohat sekin bitsa-chi? Unda immunitetingizni ko‘tarish uchun darhol harakat qilishingiz darkor. Chunki immun tizimi ishidagi nosozlik organizmning kasalliklarga bo‘lgan moyilligini oshiradi.

Immunitetni oshirish choralarini ko‘ring

Shunday vaqtda immunitetni ko‘tarish choralarini ko‘ring. Har kuni nahorga 1-2 dona qizil sabzi, 2 dona apelsin yoki olma, tushlik paytida yarim bog‘ selderey yoki kashnich, salat bargi, yotishdan oldin 1 piyola qatiq iste’mol qiling. Petrushka, selderey, shivit, salat bargi tanaga quvvat beruvchi, yuqumli kasalliklardan saqlovchi ta’sirga ega. Oshqozon-ichak, jigar, o‘t pufagi sohasidagi muammolarda oddiygina na’matak, do‘lana, shotut mevalari yordamga keladi. Ular vitaminlarga nihoyatda boy. Odamgiyoh (jenshen), zubturum, gazanda o‘t, dala qirqbo‘g‘ini, arslonquyruq, dastorbosh, behi bargi, tog‘jambil, shivit va zig‘ir urug‘i, bo‘yimodaron kabi o‘simliklar immunitetni oshiruvchi ta’sirga ega. Ular damlanib, kuniga ikki mahal nahorga va yotishdan oldin ichiladi. Damlama quyidagi usulda tayyorlanadi: 1 oshqoshiq o‘tni choynakka solib, ustidan qaynoq suv quyasiz. 5-10 daqiqadan keyin uni ichish mumkin. Immunitetni ko‘tarishda hamda asab tizimini mustahkamlashda asalga teng keladigani yo‘q. Yotishdan oldin 1 oshqoshiq asal yeb, orqasidan, albatta, qaynatilgan iliq suv ichiladi. Yoki sedanani yanchib, asalga aralashtiriladi va har kuni nahorga no‘xatday miqdordagisi iste’mol qilinadi. Tarkibida A va C vitamini bo‘lgan mahsulotlar immunitetni ko‘tarish xususiyatiga ega, uni bolalar va kattalar ko‘p iste’mol qilishlari lozim. A vitaminining organizmdagi asosiy vazifasi immun tizimini boshqarish va ko‘rish qobiliyatini me’yorlashtirishdan iborat. Asosan baliq mahsulotlari A vitamini bilan to‘yingan bo‘lib, uning bolalar organizmi uchun o‘rni beqiyosdir. Tuxum, jigar va sut mahsulotlarida ham A vitamini mavjud. C vitamini organizmdagi mikroblarga qiron keltiradi hamda immunitetni nazorat qiladi. Gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar yuqqanida C vitaminiga boy mahsulotlardan iste’mol qilish, ularning tezda bartaraf etilishiga olib keladi. Na’matak tarkibida C vitamini bor mahsulotlar ichida tengsizi hisoblanadi. Na’matak damlamasini tayyorlash uchun uni yuvib, 10-15 donasini 500 ml suvda o‘n daqiqa qaynatiladi va yopiq idishda 5 daqiqa damlanadi. Xohishga qarab 1 oshqoshiq asal qo‘shib ichsangiz ham bo‘ladi. Unutmang, har qanday vitaminli mahsulotlar alohida iste’mol qilinsagina tanaga to‘liq singadi. Shu sababli damlamani ovqatlanishdan 2 soat vaqt o‘tgach boshqa mahsulotlarni aralashtirmasdan ichish tavsiya etiladi.

© Zaynab VALIYEVA, shifokor. "Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
Bola immuniteti past bo‘lsa
Yosh bolalarda immun tizimi ishining izdan chiqqanini quyidagi holatlar orqali bilib olish mumkin:
  • Yil davomida kichkintoy gripp, bronxit va o‘tkir respirator xastaliklarga 5 marotaba, ba’zan undan ham ko‘p chalinsa.
  • Bolada kamqonlik aniqlangan bo‘lsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi immun tizimi faoliyatini susaytiradi).
  • Kasallikning tez-tez qaytalanishi hamda xastalanish kunlarining cho‘zilishi.
  • Ko‘z atrofining ko‘karishi, holsizlanish, kamquvvatlilik.
  • Gijja kasalligi va allergiyaga chalinsa (shuningdek, disbakterioz xastaligiga moyil bolalarda ham immunitet pastligi kuzatiladi).
Unutmangki, muammoni vaqtida bartaraf etish bola salomatligining tezroq tiklanishida yordam beradi. Avvalo bolani pediatr ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Uning umumiy ahvolidan kelib chiqib, maxsus tibbiy tahlillarni topshirish talab etiladi. Qon tarkibidagi turli infeksiya qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. (Immun tizimini izdan chiqaruvchi zararli viruslarni qon tahlili orqali aniqlasa bo‘ladi.) Maslahat shuki, bola taomnomasini quvvatli sifatli mahsulotlar bilan boyiting, uni ochiq havoda tez-tez sayr qildiring. Uch yoshdan oshgan bolalarni suv havzalarida cho‘miltirib, badanini oftobda toblang, maxsus badantarbiya mashqlari bilan chiniqtiring. Fiziodavolash usullarini qo‘llab, umumiy uqalash mashqlarini (mutaxassis shifokor bilan maslahatlashib) qo‘llang. Tabiiy usullar yordamida sog‘lomlashtirish bola organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yiliga bir marta yoz kunlari bolani tog‘ yon-bag‘irlariga olib borib, toza havoda ko‘proq dam oldirish uning sog‘ligi uchun foydali. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga havo vannasini qo‘llash mumkin. Dastlab chaqaloq 1-2 daqiqa kiyimlari yechilgan holda ochiq yotqizib qo‘yiladi. Havo harorati 18-20 darajadan past bo‘lmasligi lozim. Havo vannasining muddati har kuni 1 daqiqadan ko‘paytirib boriladi. Uni qo‘llashdan oldin bolaning umumiy ahvoli hisobga olinishi kerak. Havo vannasining afzallik tomoni shundaki, chaqaloq organizmi tashqi muhitga tez moslashadi. Bolalarning immuniteti mustahkam bo‘lishida tabiiy noz-ne’matlarning ham ahamiyati beqiyos. Bu haqda bilib qo‘ysangiz zarar qilmaydi. Masalan sarimsoq shamollashning oldini oladi, apelsin tarkibida S vitamini mo‘l, limon va asalli choy shamollashni davolaydi, asal esa immunitetni ko‘tarib, qonni tozalaydi. Shuningdek qizil sabzi ko‘rish quvvatini oshiradi, sholg‘om shamollashni bartaraf etadi, qizil lavlagi qon ko‘paytirish xususiyatiga ega. Anor organizmni toksinlardan tozalasa, olma ishtahani ochadi. Sut mahsulotlari tarkibidagi lakto va bifido bakteriyalar organizmdagi foydali bakteriyalarni faol holatga keltiradi va immun tizimini mustahkamlaydi.

Rayhon MUDARISOVA, pediatr.

"Sihat-salomatlik" jurnali.

Mavzuga aloqador maqolalar:

ico
Immunitetingizni ko‘taring!
Sog‘-salomat hayot kechirib, uzoq umr ko‘rish uchun to‘g‘ri ovqatlanishning ahamiyati beqiyos. Negaki ovqat oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitamin hamda mineral moddalarning tabiiy manbai hisoblanadi, oqsillar organizm hujayralari va to‘qimalari yangilanishida zarur bo‘lsa, yog‘ va uglevodlar organizmni quvvat bilan ta’minlaydi. Vitamin va mineral moddalar tananing himoya kuchini oshiradi. Shunday ekan, ovqatlanishda vitaminga boy hamda mineral moddalarga serob mahsulotlarni yetarlicha iste’mol qilish lozim. Bunday mahsulotlar kishi immunitetini ko‘taradi. Ma’lumki, shamollash, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va grippdan saqlanishda immunitet muhim rol o‘ynaydi. Immunitetni mavsumga shay holda tutib turish uchun organizmni chiniqtirish, jismoniy faol bo‘lish, toza havoda sayr qilish va to‘g‘ri ovqatlanish talab etiladi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ham immunitetni kuchaytirish xususiyatiga ega. Sarimsoq viruslar va zararli bakteriyalar ko‘payishining oldini oladi. Shifokorlar har kuni hech bo‘lmaganda bir bo‘lak yangi sarimsoqni iste’mol qilishni maslahat beradilar. Uni mayda to‘g‘rab tayyor ovqatga yoki salatlarga qo‘shish ham mumkin. Xonadonda likopchalarga kesilgan sarimsoqdan qo‘yib chiqilsa, xuddi ingalyatsiya kabi ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa bog‘cha yoki boshlang‘ich sinflarga boradigan bolalar ko‘p shamollashadi. Bunday hollarda yangi sarimsoq bo‘lagini ipdan o‘tkazib bolaning bo‘yniga osib qo‘yilsa u kamroq kasal bo‘ladi. Go‘sht immunitetni kuchaytirishda meva-sabzavotlardan aslo qolishmaydi. Chunki organizm meyorda ishlashi uchun unga oqsil kerak. Go‘sht tarkibidagi temir mikrounsuri esa nafaqat anemiya rivojlanishining, balki turli kasalliklarning oldini oladi. Go‘sht tarkibida temir olma va anordagidan ham ko‘p. Shu sababli, kuniga 100 gramm mol go‘shti iste’mol qilish immunitetingizni temirdek mustahkam qiladi. Baliqning forel, losos, tunes turlari immun tizimini mustahkamlash xususiyatiga ega omega-3 yog‘ kislotalari va rux mikrounsuriga juda boy. Bu foydali moddalar boshqa baliq turlarida ham bor. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, rux shamollash rinoviruslar ko‘payishining oldini oladi va davolanish jarayonini tezlashtiradi. Kalmar va dengiz karami ham ruxga boy mahsulotlardir. Limon, apelsin, mandarin singari sitrus mevalar bakteritsid va viruslarga qarshi ta’sirga ega bo‘lib, ularning tarkibida ko‘p miqdorda C vitamini, beta-karotin va efir moylari bor. Rezavor mevalar, masalan qizil va qora smorodina organizmning barcha himoya kuchlarini faollashtiradi. Maymunjon immun va asab tizimini mustahkamlaydi. Malina yallig‘lanishga qarshi xususiyatga ega. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, reza mevalardan tayyorlangan murabbo va qiyomlar ularning foydali xususiyatlarini saqlab qoladi. Shu sababli, kuz va qish fasllarida ham bu reza mevalardan shu yo‘l bilan bahramand bo‘lish mumkin. Reza mevalarga shakar o‘rniga asal qo‘shib iste’mol qilish yanada foydali. Na’matak immunitetni ko‘taruvchi mahsulotlar orasida yuqori o‘rinni egallaydi. Na’matak damlamasini tayyorlash juda oson: mevalarni termosga solib, ustidan qaynoq suv quyib, bir kechaga damlab qo‘ying. Ertalabga damlama tayyor bo‘ladi. Na’matak mevasi C vitaminining koni bo‘lganligi sababli, uning damlamasi ham shamollashning oldini olishda ham O‘RVI va grippni davolashda asqotadi. Kasallikdan keyingi holsizlik va parishonxotirlikdan ham xalos qiladi. Brokkoli karamini hozirgi kunda bozor rastalaridan qiyinchiliksiz topish mumkin. U immun tizimi ishini kuchli rag‘batlantirish xususiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Bu o‘simlik tarkibida ko‘p miqdorda rux, selen, A, C, D vitaminlari borligi tufayli, u nafaqat shamollash kasalliklari, balki jiddiyroq dardlarga qarshi kurashishda ham yordam beradi. Onkologik kasalliklarning oldini olish uchun brokkoli karamidan iste’mol qilish tavsiya etiladi. Bryussel karami va gulkaram ham xuddi brokkoli karam singari shifobaxsh xususiyatlarni o‘zida jam qilgan. Yong‘oqlar aminokislotalar, yog‘ kislotalari va B guruhi vitaminlariga boy. Qovurilmagan bodom ayniqsa foydali. Bodom tarkibidagi E vitamini, selen va magniy mikrounsurlari respirator kasalliklarining oldini oladi. Rangli sabzavotlar hisoblangan sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, pomidor, lavlagi immunitet ishini rag‘batlantiradi va ichak mikroflorasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘p miqdorda oziq tolalar saqlashi tufayli sabzavotlar organizmning umumiy ahvolini yaxshilaydi.

© Nigora TURSUNOVA, umumiy amaliyot shifokori, "Sihat-salomatlik" gazetasidan.