Psixologiya

MAQOLALAR

ico
Xarakter tiplari: Paranoik tip

Paranoik – maqsadi yoʻlida dunyoni ostun-ustun qilishga tayyor shaxs. U – abadiy dvigatel. Miyasiga biror gʻoya kelib qolsa tamom, hammani oyoqqa turgʻazib uni amalga oshirmaguncha qoʻymaydi. Boshliq lavozimi uchun doim tayyor. Doim oldinga intiladi, qolganlar yetvolishi juda qiyin. Tarixdagi buyuk inqilobchilar aynan paranoiklardir.

paranoik tip, xarakter tiplari
Foto: Moddern-psychoanalysis.ru

Bundaylar oʻjar, taʼsirga berilmaydigan, maqsadidan ogʻishmaydigan odamlardir. Birov ishonmasa ham, maqsadini roʻyobga chiqaradi. Oʻzi ishonsa bas. Agar atrofiga hamfikr, sodiq odamlar yigʻilsa, ularni qadrlaydi. Ammo koʻpincha boshqalarning xohishlari va hislari bilan ishi yoʻq. Sizni gapingizni yo eʼtiborga olmaydi, yo inkor qiladi, yo umuman eshitmaydi.

Paranoiklar xafa boʻlsa yo jahli chiqsa, bu holatdan chiqishlari juda qiyin. Tabiatan janjalkash va arazchi bu odamlar kimdir qilgan yomonlikni yillab koʻnglida saqlab yuradi. Arzimas narsalar ustida yaqinlarini xafa qilib, yuzkoʻrmas boʻlib ketishlari ham mumkin.

➡️ Bolaligi: Paranoik xarakterli odam oiladagi qiyinchilik, muammo va yetishmovchiliklardan alamzada holda shunday xarakterni egallaydi. Kemtiklik oʻrnini katta maqsadlar bilan toʻldirishga intiladi.

Yoki oila aʼzolari uni koʻkka koʻtaraverib shunday qilib qoʻyishi mumkin. Hamma aytganini qilavergach, oʻzining hukmdor ekanligiga ishonmaslikdan boshqa yoʻli qolmaydi.

➡️ Koʻrinishi: Kuchli tana tuzilishga ega, odatda oʻrta boʻyli, faol. Xatti-harakatlari tezkor. Ovozi baland, nutqi tez.

Modaga qiziqmaydi, kiyimi oʻziga qulay boʻlsa boʻldi.

➡️ Yashash tarzi. Uyi ham urfdagiday jihozlanishi shart emas. Yashashiga qulay boʻlsa boʻldi. Koʻpincha uyidan ofis ham qilib olishadi. Buning uchun eng katta va shinam xonani tanlab olishadi.

Oʻzi uchun odatda birovdan tanga ham olmasligi mumkin, lekin ish uchun, maqsadiga yetish uchun istalgan yoʻl bilan birovdan pul olishlari mumkin. “Maqsad vositani oqlaydi” degan shior aynan ularga tegishli.

Oila qurishda hislarga emas, hisob-kitobga qaraydilar. Erkak paranoiklarning xotini boʻysunuvchan va muloyim boʻlishi kerak.

Bolalarini taʼlim-tarbiyasini qattiq nazoratga oladi. Farzand ular uchun istalgan shaklga solish mumkin boʻlgan loy. Koʻpincha, oʻz sohalariga boshlaydilar, izdosh qilib voyaga yetkazadilar.

Sogʻligʻiga eʼtiborsiz. Chunki butun xayollari ishda boʻladi. Kasal boʻlsa oyoqda yurib oʻtkazishvoradi. Kasalxonaga tushib qolsa, chiqishi qiyin. Chunki davolanib boʻlmasidan ishga oʻzini otadi. Natijada oxirigacha tuzalmaydi. Koʻpincha dorilarni ham oʻz vaqtida ichmaydi.

➡️ Aqliy salohiyati: paranoik soʻzining kelib chiqishiga qaraydigan boʻlsak, grekchada “para” – atrofida, “noos” – aql degani boʻlib ,aql atrofida degani. Yaʼni paranoik aqlliday koʻrinadiyu, lekin tugal aqlli emas. Biroq oʻz sohasiga oid har qanday bilimni egallashga tayyor. Ammo keraksiz bilimni egallashga toqatlari yoʻq.

Faqat ish bilan mashgʻul paranoik yumorni uncha tushunmaydi. Shuning uchun hazilni koʻtarmaydi, oʻzi ham hazil qilishni bilmaydi.

Paranoikka maslahatlar

– Hayot faqat ish va maqsadlardan iborat emas. Yaqinlaringizni ham koʻngliga qarang. Ularga vaqt ajrating. Istak va kechinmalari bilan qiziqing.

– Faqat kelajakdagi muvaffaqiyatlar haqida oʻylab, buguningizni unutib qoʻymang. Olayotgan har bir nafasingizni toʻlaqonli his qilib yashang. Bugunni ertadan topolmaysiz.

– Jahl va asabiylikni pasaytirish uchun yoga va meditatsiya bilan shugʻullansangiz foydali.

Paranoik yaqini boʻlganlarga maslahatlar

– U bilan tortishmang. Foydasi yoʻq. U baribir har doim haq, bunday boʻlmasada.

– Maqsadlarini qoʻllab-quvvatlang. Shunda uning eng yaqiniga aylanasiz. Sizni tasavvuringizga sigʻmagan yuksakliklarga oʻzi bilan olib chiqadi.


Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari

ico
Xarakter tiplari: Isteroid tip

Isteroid – boshqa xarakter tiplari ichida eng yorqini. Isteroidlar uchun hayot – teatr, oʻzi – aktyor, qolganlar esa tomoshabin. Oʻzini namoyish qilishni sevuvchi bu shaxslar har doim sizning maqtovingiz, hayratingiz va maʼqullashlaringizga muhtoj. Toʻgʻri, hamma odamga ham bunday narsalar kerak, ammo xarakter tiplari ichida isteroidlarga suv va havoday zarur.

isteroid tip, xarakter tipi
Foto: Index.hr

Aktyorlik qobilyati juda kuchli. Isteroidlar koʻpincha kino, estrada, teatr kabi joylarda oʻz missiyasini namoyon qiladi. Ularga bitta tomoshabin boʻlsa ham yetarli, agar boʻlmay qolsa oʻzlarini juda yomon his qiladilar. Isteroidni atrofdagilar payqamasa, bu oʻlim deganidir. Payqasangiz faqat yaxshi tomonini koʻrishingiz shart, yomon tomonini emas.

Oʻziga juda yuqori baho beradi. Botirday tuyilishi mumkin, lekin faqat atrofdagilargagina shunday. Aslida oʻzlariga ishonchi past.

Hissiyotlari nozik va juda oʻzgaruvchan. Ammo boshqalarning dardiga sherik boʻlolmaydi, sherik kabi tutishni esa zoʻr eplaydi. Kayfiyati tez-tez oʻzgaradi, shu qatori qiziqqan sohasiyu tanishlari ham.

➡️ Bolaligi: Isteroidlar koʻpincha oilaning erkatoy farzandi. Nima desa muhayyo qilinishiga oʻrgatilgan bolalar katta boʻlganida ham atrofdagilardan doimiy eʼtiborni talab qiladi. Ular uy ishlarini ota-onasiga yordam berish uchunmas, oxirida maqtov eshitish uchun qilishadi. Koʻpincha qizlar isterichka deyiladiyu, ammo erkaklar ham isteroid tipga mansub boʻladi. Isteroid oʻgʻil bolalar koʻpincha isteroid ona, opa, buvilarning tarbiyasini koʻrgan boʻladi. Isteroidlarning 60-70% i ayollardir.

Oʻzi isteriya – grekcha hysteria, “bachadon” soʻzidan kelib chiqqan. Qadimgi grek tibbiyotida bachadon yalligʻlansa, butun tana boʻylab koʻchib yuradi va ayol jazavaga tushadi, deb oʻylashgan. Ayol dam kulib, dam yigʻlab, har tusga kirsa bachadon sabab deb bilishgan. Isteroid xulq-atvor mana shu belgilarni namoyon qilgani uchun shu nomni olgan. Biroq bugun isteroid xarakter faqat ayollarga tegishli emasligi aniqlandi.

➡️ Koʻrinishi. Isteroidlar tashqi goʻzalligiga doim eʼtiborli. Qomati shalvirab qolmasligi uchun sport bilan shugʻullanib yurishadi. Doim oxirgi urfda kiyinadi. Sharf, shlyapa, gʻalati turmaklar, turli-tuman aksessuarlar ularning oʻziga xosligini bildirib turishi kerak.

Isteroid tipdagi ayollar oʻzi bilmagan holda yengiltak ayollarga oʻxshab kiyinishi va buni sezmasligi mumkin. Eʼtibor jalb qilish uchun ochiqroq kiyinishadi. Erkaklar ham oʻziga xos uslubda kiyinishi bilan ajralib turadi. Tatuirovkalar ularning jonu dili. Badanida qancha tatu koʻp boʻlsa, isteroidlik darajasi shuncha yuqori.

Nutqi chiroyli, gʻalizlik va tutilishlar yoʻq. Ovozini istagan ohang va tembrga solishi mumkin. Birovlarning gapirishini mahorat bilan oʻxshatib beroladi. Mimikasi juda boy. Yuzi yoqimli.

Yumorni yoqtiradi. Birovlarga oʻzini bilagʻon va ajoyib koʻrsatish uchun latifa va aforizmlar yodlab yurishadi.

➡️ Yashash tarzi: Uyini eng chiroyli va albatta urfdagi mebellar bilan jihozlaydi. Kitob javoni bilimlar manbasidan ham koʻra, uning aqlli ekanini koʻrsatish uchun yangi va chiroyli kitoblar bilan toʻla.

Sevgan insonini tanlashda odamlarning havasi kelishiga eʼtibor qiladi. Sevgisi chuqur emas. Turmushi uncha mustahkam boʻlmaydi, chunki turmushda faqat oʻzini oʻylash koʻp janjallarga olib keladi. Isteroid ayollar eri koʻp pul topishini va bu pullarni bazmu jamshid, dugonalar bilan oʻtirishlarga sarflashni istashadi.

Isteroidlarning tanishlari koʻp va har bazmda yanada oshib boraveradi.

Isteroidga maslahatlar

– Oʻzingiz kabi koʻrinishga ham urining. Har qanday odamda xato va kamchiliklar boʻladi. Ishoning, nuqsoningiz boʻlsa ham, sizni sevishadi.

– Oʻzingizdan boshqa narsalarga eʼtibor qarating. Eʼtiborga muhtoj boshqa odamlar, qilish foydali boʻlgan boshqa ishlar ham bor. Dunyoga ochiling.

Isteroidning yaqinlariga maslahatlar

– Uning hislarga uncha ishonmang. Gʻussalari uncha chuqur emas, shodliklari arzimas narsaga boʻlishi mumkin. Oʻzini oʻldiraman desa, bilingki, rol oʻynayapti xolos.

–Vaʼdalariga qattiq ishonib qolmang. Oʻzingizni hafsala pir boʻlishidan saqlaysiz.

– Zerikarli va bir xil ishlarga jalb qilmang. Yo bajarishadi, yo oxiriga yetkazmay qochib ketadi.

Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.

ico
Xarakter tiplari: Epileptoid tip

Epileptoid – jiddiy, bosiq, oʻzini tuta biladigan, oʻziga ishongan shaxs. Koʻproq erkaklarda namoyon boʻluvchi ushbu xarakter oʻta tartibliligi bilan ajralib turadi. Tartibligi, hamma narsaga qoidaga koʻra yondashishi bilan boshqalarni ham bezor qilib yuboradi. Vaziyat, atrof-muhit uning nazoratida boʻlishi kerak. Hokimiyatga intilish – epileptoid hayotining mazmuni, bosh maqsadi. Tabiatan ehtiyotkor epileptoid hokimiyat egasi boʻlganidagina oʻzini yaxshi his qiladi. Qaysi sohada boʻlmasin, xoh ishlab chiqarish, xoh sanʼat, uning yoʻlboshchisi, egasi boʻlishi kerak. 

Epileptoid
Foto: Bebetter.today

Epileptoid oldiga maqsad qoʻydimi, unga bir maromdagi qattiq mehnat bilan erishmaguncha qoʻymaydi. Gʻalaba bilan bogʻliq sohalar, sport turlari, oʻyinlarni juda yaxshi koʻradi.

Epileptoid agar yaxshi tarbiya topgan, axloqli boʻlsa – halollik, vijdonlilik, masʼuliyatlilikda unga teng keladigani topilmaydi. Haqiqat uchun kurash uning zoʻr kirishib bajaradigan ishi. Bunda u hech kimni ayab oʻtirmaydi. Shuning uchun epileptoidlar koʻpincha yurist, advokat, prokuror, politsiyachi kabi kasblarni egallaydi va oʻz imkoniyatlarini toʻligʻicha namoyon qiladi. Javobgarlikni yaxshi his qilgani uchun koʻpincha rahbariyatning maqtoviga sazovor boʻladi.

Epileptoid odamlarni oq va qoraga ajratishga oʻrgangan. Unda boshqa rangli boʻyoqlar yoʻq. Konservativ ( qotib qolgan eskicha ) fikrlarga suyangani uchun yaxshi va yomon haqidagi tasavvurini sira oʻzgartirmaydi. Odamlarga nisbatan tushinuvchanlik, kechirimlilik shakllanmagan unda.

Begonalarga shubha bilan qaraydi. Eski va sinalgan doʻstlarni maʼqul koʻradi. Ular uchun togʻday qalqon boʻlishga tayyor. Biroq yangi tanishlarni oʻziga yoʻlatishi deyarli imkonsiz. Shubhakorligi tufayli odamlardan koʻra hayvonlarni yaxshi koʻradi. Chunki odamdan nima kutishni bilmaysan, u oʻzgarishi mumkin, hayvonlarning xulq-atvorida esa oʻzgarish boʻlmaydi, ular “xiyonat” qilmaydi. “Hayvonlarni oʻrganganim sari odamlardan koʻnglim qolyapti” degan aforizm aynan epileptoidga tegishli.

Epileptoid xiyonatni hech qachon kechirmaydi. Unga yetkazilgan ozorni yillab koʻnglida saqlab yuradi. Qaysi oʻqituvchi unga 5-sinfda “3” baho qoʻyganligi doim esida turadi. Buni yodga olganida oʻsha oʻqituvchini jahl bilan soʻkib ham qoʻyadi.

Epileptoidning oʻzgarishini kutish – daraxtning yurishini kutish kabi ahmoqlikdir.

➡️ Bolaligi: Odatda ota-onasidan biri yo ikkalasi ham epileptoid boʻlsa, bolada ham shunday xarakter shakllanadi. Doimiy ozodalik va tartibni talab qilish bolaga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

Epileptoid bola kattalarning oʻzini tutishini kuzatib, kitoblardagilarni oʻqib qanday boʻlishi kerakligini oʻrganib oladi va doim oʻzini shunday tutadi. Bogʻcha va maktabda oʻzini yaxshi, odobli tutadi. Bunday bolalar ota-ona va oʻqituvchi uchun juda qulaydir.

➡️ Tashqi koʻrinishi: Epileptoidning tana tuzilishi atletlarniki singari, kelishgan va pishiq. Biroq besunaqaylik, assimetriyani ham koʻrish mumkin.

Koʻpincha klassik hamda sport kiyimlarini maʼqul koʻradi. Kiyimlari odatda toʻq rangda, kulrang va jigarrang boʻladi. Uni hech qachon pala-partish koʻrmaysiz, doim toza va tartibli. Koʻylagi ideal darajada dazmollangan, tuflilari yarqiraydi. Kiyimlarini tinimsiz almashtiradi, oʻzi esa bir kunda bir necha marotaba dush qabul qilishi mumkin. Soch turmagi doim bir xil, oʻzgarmaydi. Ortiqcha aksessuarlarni koʻrmaysiz unda.

Mimika, xatti-harakatlari juda bosiq, ifodaviyligi past. Sekin gapiradi, hamma detallarni mayda-chuydasigacha aytadi. Ular gapni oxiriga yetkazgunicha “tez-tez gapirsangchi” deb suhbatdoshi portlab ketishi ham mumkin. Bahslashganda odamni shaxsiyatiga tegishi juda oson.

➡️ Yashash tarzi: Epileptoid shinam va albatta top-toza uyda yashaydi. Har kuni uyi tozalanishi shart. Buyumlar doim oʻz joyida saqlanadi. Hamma narsaning oʻz qutisi, turar joyi bor.

Epileptoid odatda tartibli, “gard yuqmagan”, axloqli odam bilan turmush quradi. Bolalarini ham juda kuchli nazorat ostida tarbiya qiladi. Bu tarbiya bolani ruhan sindirishi mumkinligini oʻylamaydi.

Epileptoidning oila aʼzolari uning agressivligi va hukmronlikka qattiq intilishi tufayli aziyat chekadilar.

Epileptoidga maslahatlar

– Hayotga ijobiy qarashga ham intiling. Odamlarga ham ishonch bildiring. Shunda hayotning yaxshi qirralari koʻpligiga amin boʻlishni boshlaysiz.

– Sport bilan shugʻullaning. Shu orqali ichingizda toʻplanib qolgan salbiy energiyani chiqarib yuborasiz. Rasm chizish, sokin musiqa eshitib uzoq sayr qilish ham juda foydali.

Epileptoidning yaqinlariga maslahatlar

– Uning ozodaligi, tartibliligini maqtang. Shunda sizga munosabati yanada iliqlashadi.

– Jahl ustida uni haqoratlab, kamsitib qoʻymang. Buni u umuman esidan chiqarmasligi mumkin.

Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.

ico
Xarakter tiplari: Shizoid tip

Ichki dunyosi boy va tashqi olamdan oʻzini doim olib qochadigan shizoidlar koʻpchilikning tasavvurida “gʻalati, odamovi” degan taassurot qoldiradi. Ular juda sezgir va taʼsirchanligi uchun tashqi taʼsirlardan tez charchaydi, shu sababli ham oʻz olamiga ravona boʻladilar. Buyuk ixtirochilar, rassomlar, haykaltaroshlar, kompozitorlar, matematiklar, astronomlar, faylasuflar, dasturchilarning koʻpchiligi shizoid tipga mansubdirlar.

Foto: Twitter.com

Shizoid bir vaqtning oʻzida yaqinlikka intiladi va undan qochadi. “Yaqinroq kel, men yolgʻizman, lekin juda yaqinlashma, qoʻrqaman” – shizoidning munosabatlardagi holati xuddi shunday. Odamlarni qanaqaligini juda tez va yaxshi fahmlaydi, yaxshi kuzatuvchi. Kimgadir dilini ochgisi keladi, ammo unga qaram boʻlib qolishdan qoʻrqib, oʻzidan itaradi. Hech kim uning xavfsizligi va individualligiga rahna solmasligi kerak. Tashqaridan hissiz koʻrinsada, ichida ehtiroslar vulqoni qaynab yotgan boʻladi. Kechinmalarini ifodalashga qiynaladi.

Yuzaki va hech narsa haqidagi suhbatlarni yomon koʻradi, undan koʻra gaplashmaslikni maʼqul koʻradi. Unga suhbatdagi samimiylik vs rostgoʻylik muhim. Oʻzini bolalar va hayvonlar orasida yaxshi his qiladi.

Shizoidga ayrim faoliyat turlarigina qiziq boʻladi. Biror faoliyatga, sohaga qiziqsa, miridan sirigacha oʻrganib, professional darajasiga yetadi. U haqiqiy nazariyotchi. Falsafiy gʻoyalar, dunyoni yaxshilashga oid fikrlarni oʻylashni yoqtiradi. Koʻp energiyasini amaliy faoliyat emas, aynan oʻylashga sarflaydi. Shu sababli chetdan dangasaday koʻrinishi mumkin. Maqtov va tanqidlarga befarq. Yolgʻizlikda ishlash jonu dili. Sheriklar bilan ishlash uning uchun azob. Koʻpincha tunda, hech kim halal bermaydigan pallada ishlashni yoqtiradi.

Shizoidning doʻsti boʻlmaydi, boʻlsa ham bitta boʻladi. Tanishlari ham koʻp emas. Koʻpincha shizoidlar oʻziga oʻxshagan shizoidlar bilan qalin doʻst boʻlishadi. Tarix darsligidagi hamma sanalarni yoddan bilishi mumkin, lekin yaqinlarining tugʻilgan kunlarini unutib qoʻyadi. Biror vazifani ishonib topshirib boʻlmaydi shizoidga. U oʻzi xohlaganday yoʻl tutadi.

➡️ Bolaligi: Chaqaloqligidayoq kuchli yorugʻlik, baland tovush va teginishlarga chidamsiz boʻladi. Onasi haddan tashqari parvona boʻlavergan bola bezor boʻlib, oʻz qobigʻiga kirib olishi mumkin. Yoki onasi koʻpincha yolgʻiz tashlab qoʻygan bola ham keyinchalik hech kimga ishonmay, oʻzi mustaqillikka intiladi va hayotiga hech kimni kirgizishni istamay qoʻyadi va shizoidga aylanadi.

Otasi unday, onasi bunday desa, har xil tarbiya beradigan boʻlsa, farzand arosatda qilib ketadi va maqbul yoʻlni izlab ichki olamiga gʻarq boʻladi. Natijada shizoidlik xususiyatlari shakllanadi.

➡️ Tashqi koʻrinishi: Gavdasi koʻpincha nomutanosib. Xatti-harakatlari sekin va ifodasiz. Mimikalari kam.

Modaga qiziqmaydi, oʻzi bilganicha kiyinadi. Biror kiyimni qulay deb bilsa, doim shunda yuradi. “Apple” asoschisi Stiv Jobsning doim qora kiyimda yurishi shaxsiy brend yoki stil emas, shunchaki unda boshqa xil kiyim tanlashga xohish ham, qiziqish ham boʻlmagan. Stiv Jobsni haqiqiy shizoid deyish mumkin. Shizoid erkaklar koʻpincha soqol qoʻyib oladi yoki koʻzoynak taqib olishadi.

Shizoid ayollar noodatiy kiyim va aksessuarlari bilan koʻzga tashlanadi. Bu eʼtibor tortish uchun emas, shunchaki ichki olamining ifodasidir.

➡️ Yashash tarzi: Shizoidning uyi qulay boʻlishi lozim. Betartib boʻlsada, undan daholik va ijod isi keladi.

Oila aʼzolari bilan munosabatlari sovuq tuyilsada, u hammaga gʻamxoʻr va mehribon.

Shizoidga maslahatlar

– Odamlarga hislaringiz koʻrsating. Yaqinlaringiz mehringizni his qilishsin. Ayniqsa sevgan insoningiz. Axir ular ham, siz ham yaqinlikka muhtojsiz.

Shizoidning yaqinlariga maslahatlar

– Bemaʼni ulfatchilik va bazmlarga, mehmondorchilikka hadeb chaqirmang. Shizoid uchun bu mislsiz azob.

– Ish jarayonida bezovta qilmang va burningizni suqmang. Biror kashfiyotning yaralishiga toʻsqinlik qilayotgan boʻlishingiz mumkin.

– Betartib va dangasaligini aytib, asabiga tegmang. Sizga shunday koʻrinyapti xolos. Nimaning qayerdaligini yaxshi bilishadi. Ularning tanasi qimir etmasa ham, miyasi ulkan ishlar bilan shugʻullanayotgan boʻladi.

Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.

ico
Xarakter tiplari: Psixasteniya

Psixasteniya – kuchsiz psixika degan maʼnoni anglatib, psixasteniklarning asosiy xususiyati – energiyaning kamligidir. Bunday odamlar ishda ham, suhbatda ham, oʻzaro munosabatlarda ham koʻp kuch sarflashga qodir emaslar. Shuning uchun ishda qaror qabul qilish yoki ijodkorlik singari psixik quvvat talab qiladigan holatlar ularga qiyinlik qiladi, tayyor vazifani bajarishni maʼqul koʻradilar.

Suhbatga kirishishlari juda qiyin. Chunki suhbatdoshning gaplarini tinglash, unga eʼtiborli boʻlish, mos javob qaytarish kabilarga energiya sarflashdan oʻzlarini saqlaydilar. Odamlar bilan oʻzaro munosabatlar qurishi ham osonlik bilan kechmaydi, axir buning uchun hissiy quvvat yetishmaydi...

Oʻz qobigʻida tashqariga chiqishni istamaydigan psixastenikning yana bir farqli belgisi – haddan ziyod xavotirga moyilligidir. Agar samalyot parvozlarining 1%i halokat bilan tugasa, qolgan 99%i muvaffaqiyatli amalga oshsa, psixastenik mana shu bir foizga oʻzining taalluqli boʻlishini kutadi.

Hayot xavf-xatarga toʻla va istalgan paytda bir baloga yoʻliqishi mumkinligi haqidagi oʻylar uning oʻzini ham toliqtirib yuboradi. Oʻzi va yaqinlari uchun doim xavfsirab yashaydi. Eshikni qufladimi-yoʻqmi, gazni oʻchirganmi, tekshirib koʻrmaguncha tinchlanmaydi.

Psixastenik muvaffaqiyatga erishishiga ishonmaydi. Shuning uchun ham katta maqsadlar qoʻymaydi. Uning uchun gʻalaba ham, magʻlubiyat ham bir xil noqulaylik tugʻdiradi. Gʻalabaga erishsa odamlarning eʼtiboridan oʻzini noqulay his qiladi, magʻlubiyat esa oʻzini tinimsiz ayblashlar tufayli azob beradi. Shuning uchun tinchgina hayot kechirishni maʼqul koʻradi.

Psixastenikning balo-qazolaradan, muvaffaqiyatsizliklardan asrovchi oʻziga xos odatlari boʻladi. Bu qanaqadir duoni takrorlash yoki sariq rangli paypogʻini muhim kunlarda kiyish kabilar boʻlishi mumkin...

Biror faolakatga yoʻliqmaslik uchun psixastenik har doim qoida boʻyicha ish tutadi. Svetoforning sariq chirogʻi yonganda oʻtishni boshlamaydi.

Uning yana bir oʻziga xos xususiyati tinimsiz oʻzini oʻzi analiz qilishidir. Aytgan gaplari, qilgan ishlari yoki kelajakda boʻladigan xatti-harakatlari haqida tinimsiz oʻylaydi. “Yetti oʻylab, bir kes” – aynan psixastenikka tegishli maqol.

Psixastenik masʼuliyatni boʻyniga olishi qiyin. Bu uni bugʻib qoʻyadi. Shuning uchun psixasteniklar katta masʼuliyat talab qilinadigan kasblar, shuningdek rahbarlik lavozimlarida ishlamagani maʼqul. Ijodkorlik ham ularga toʻgʻri kelmaydi.

Psixastenik har doim oʻziga biror ish qidiradi. Nima bilandir band boʻlishi kerak. Boʻsh qolsa yomon xayollar tinch qoʻymaydi. Ammo qiladigan ishi ham koʻp diqqatni talab qiladigan va murakkab boʻlmasligi, avtomatik ravishda bajarilishi maqsadga muvofiq.

Ipoxondriklar – kasal boʻlmasa ham, har doim qandaydir kasallik belgilarini oʻzlarida aniqlab, shifokorlarni bezor qiladiganlarning koʻpchiligi – psixasteniklardir.

➡️ Bolaligi: Psixastenik xarakter tipi tarbiyadan koʻra koʻproq genetikaga yoki onaning homiladorlik davrining kechishida yuz bergan zararli taʼsirlarga bogʻliq. Ammo ota-onasi psixastenik xarakterli oilada oʻsgan bolalar ham psixasteniklikka moyil boʻladi. Kichikligidan doim begonasiraydi. Asosan onasiga kuchli bogʻlanadi va u ishdan kech qolsa, qattiq xavotirga tushadi.

➡️ Tashqi koʻrinishi: Xatti-harakatlari juda zaif, qadam bosishlari sekin. Jismoniy jihatdan rivojlanganlik darajasi havas uygʻotmaydi. Koʻpincha kulrang liboslarda yuradi. Gapirishi sekin va ovozi ancha past, duduqlanish va tutilish koʻp uchraydi. Eʼtibor markazidan doim chetda boʻlishga intiladi.

➡️ Yashash tarzi: Uyi ham, jihozlari ham oddiy, koʻpchiliknikidan farq qilmaydi. Hamma joyni ozoda tutishi kasalliklarning oldini olish uchun, elektr razetkalari ham maxsus qopqoq bilan bekitiladi, toki kimdir behosdan teginib tok urmasligi uchun.

Oila aʼzolari bilan ham koʻp gaplashmaydi, lekin ular uchun har doim qaygʻuradi, kasal boʻlishi yoki oʻlishi oʻylab qoʻrqib yashaydi.

Psixastenikka maslahatlar

– Hayotning yorqin lahzalari haqida ham koʻproq oʻylang. Taskin beruvchi, tinchlantiruvchi kitoblar oʻqing, filmlar koʻring.

– Boshqa odamlar ham siz kabi xato qiladi, kamchiliklari boʻladi. Oʻzingizga past baho berish, ayblashni kamaytiring.

Psixastenikning yaqinlariga maslahatlar

– Unga qiyin va masʼuliyatli vazifalar bermang.

– Suhbatda uni faollikka hadeb chorlamang. Istagan payti gapirsin, istasa sukut saqlasin. Gapirganida uni eʼtibor va hurmat bilan tinglang.

Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.