Onkologiya

MAQOLALAR

ico
Gemangioma - xavfsiz o‘sma

Gemangioma qon tomirlarining xavfsiz o‘smalaridan biri. Bolalarning badanida bu kabi o‘smaning aniqlanishi vahimaga asos bo‘lmaydi. Ammo uning rivojlanishi oqibatida organizmga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin.

Aksariyat hollarda tananing ma’lum bir qismida paydo bo‘lgan patologik jarayonga mushak, asab to‘qimalari, teri ostining yog‘ qatlami, jigarning hujayralari ham jalb etiladi. Bunday o‘smalar odatda yosh bolalarda, ayniqsa, go‘daklik chog‘ida tez-tez uchraydi. Ba’zi bir holatlarda gemangioma tug‘ma bo‘ladi. Yirik gemangiomalar paydo bo‘lsa, ular sababli organizmda tromblar hosil bo‘lishi mumkin.

gemangioma

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2-12 foiz yangi tug‘ilgan go‘daklarda gemangioma aniqlanadi. Bu turdagi o‘smalar 7:1 nisbatda qiz bolalarda ko‘proq uchraydi. 80 foiz holatlarda gemangioma tananing bir sohasida paydo bo‘ladi. 20 foiz holatlarda xavfsiz o‘sma tananing bir qancha joyida uchrashishi mumkin.

Gemangioma bor-yo‘qligini qanday bilish mumkin?

Aksariyat hollarda gemangioma teri qatlamini qamrab oladi va asosan, yuz yoki bo‘yin sohalarida uchraydi. Bunday holatlarda kapillyarlar o‘smasi haqida so‘z yuritiladi. Xol, nor, dog‘, och pushti yoki qizil rangli bu xil o‘smalar yaxshi ko‘rinadigan, ya’ni yuzada joylashgan bo‘ladi. Odatda bu o‘smalar og‘riq bermaydi. Ba’zi bir holatlarda gemangioma teri sathining ichki qismida, chuqur joylashadi. Bunday vaziyatlarda xavfsiz o‘smaning borligini xuddi shikastlanishdan so‘ng hosil bo‘ladigan ko‘kimtir rangli dog‘dan aniqlash mumkin. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, ba’zida gemangiomalarni xol va kandillomalar(so‘gal)dan farqlash qiyin kechadi. Xavfsiz o‘smalar uchun xarakterli bo‘lgan xususiyat shuki, ular faollik fazasida juda tez kattalashib boradi. Boshqa xildagi o‘smalardan farqli o‘laroq, gemangiomalar xavfli o‘simtalarga aylanmaydi. Xavfsiz o‘smalar 2-4 haftada bir marotaba o‘sadi, 2-6 oyda o‘sishdan to‘xtaydi, 6-12 oyda qaytadan kichiklashib boradi.

Gemangioma tananing ichki a’zolarida uchrasa bu klinik jihatdan og‘ir holat hisoblanadi. Bunday turdagi xavfsiz o‘smalar jumlasiga jigar, mushak, suyak qon to‘qimalarining kengayib ketishini kiritish mumkin. Bu xildagi gemangiomalar yillar davomida rivojlanib boradi va tasodifan tibbiy ko‘rikdan o‘tish chog‘ida aniqlanadi.

O‘sma qayerdan paydo bo‘ladi?

Bu masalada aniq bir fikr yo‘q. Mutaxassislar turlicha fikr bildirishadi. Ba’zilar gemangiomaning paydo bo‘lishi ko‘p jihatdan nasliy xususiyat kasb etadi deyishsa, boshqalar o‘sma turli xil kasalliklar bilan birga uchraydi, yana tashqi omillar ta’siriga bog‘liq, masalan, uzoq vaqt davomida quyosh nuri ostida toblanish sabab bo‘ladi degan taxminlar ham mavjud. Gemangioma tug‘ma bo‘lishi, shuningdek, keyinchalik katta yoshli odamlarda ham paydo bo‘lishi mumkin.

Yosh bolalarda paydo bo‘ladigan o‘sma rivojlanish jarayonida ikkita xavfli davr bor: 2-4 va 6-8 oyligida gemangioma tez o‘sishga moyil bo‘ladi. Bola bir yoshga to‘lgach, o‘simta rivojlanishdan to‘xtaydi.

Chaqaloq va kichik yoshli bolalarda xavf­siz o‘smani o‘z vaqtida aniqlash uchun ota-onalarga quyidagi to‘rt alomatga jiddiy e’tibor qaratish tavsiya etiladi: jarayonning ilk bosqichida yangi tug‘ilgan chaqaloqning tanasi, aksariyat hollarda bolaning yuzida, tirnalish iziga o‘xshash och qizg‘ish rangli dog‘ paydo bo‘ladi. Ko‘pincha ota-onalar bunga ahamiyat bermaydilar.

Qizg‘ish rangli dog‘ paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab ikkinchi kundan dog‘ning rangi o‘zgaradi (u yanada qizilroq bo‘la boshlaydi). Odatda ota-onalar bu alomatga jiddiy e’tibor berishmaydi va o‘z bilganicha davolashga harakat qiladi.

Kun sayin qizg‘ish rangli dog‘ kattalashib boradi.

Tanadagi dog‘ atrofida pushti rangli halqa paydo bo‘lsa, bu xavfli alomat hisoblanadi. Bu degan so‘z gemangioma ichkariga tomon o‘sishni boshlagan. Garchi shunday hol yuz bersa, o‘simta teri osti qatlamlarini, shu yerda joylashgan a’zolarni shikastlashi mumkin.

Gemangioma qanday davolanadi?

Gemangioma haqida

Xavfsiz o‘smaning bu turi rivojlanishning to‘liq siklini bosib o‘tadi, ya’ni o‘smaning paydo bo‘lish, rivojlanish va nihoyat, o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketish davri farqlanadi. Gap shundaki, gemangiomaning yo‘q bo‘lib ketish davri juda uzoq vaqtgacha cho‘zilishi mumkin. Bordiyu, odam tanasida paydo bo‘lgan xavfsiz o‘sma o‘sishi davomida og‘riq berib normal hayot kechirishga xalaqit bersa, yoxud kosmetik jihatdan juda noqulay nuqson sifatida namoyon bo‘lsa, u holda uni davolash (jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash) haqida o‘ylab ko‘rish lozim.

Bugungi kunda gemangioma kabi o‘smalarni yo‘qotishning juda samarali va og‘riqsiz usullari topilgan. Jumladan, gemangiomani sklerozirlash mumkin. Bu usuldan foydalanilganda gemangiomaning to‘qimasiga prednizolon deb nomlanadigan maxsus dori vositasi yuboriladi. Bu dorining ta’siri ostida zararlangan qon tomirlari yo‘li bekiladi va shu tariqa xavfsiz o‘smaning rivojlanishiga to‘siq qo‘yiladi. Ushbu tibbiy muolajadan keyin uncha katta bo‘lmagan shish paydo bo‘ladi. Bir necha hafta davomida shish yo‘qolib ketadi.

Sklerozirlash usuli gemangioma to‘qimalarga ancha chuqur kirib borgan vaqtida qo‘llaniladi. Ko‘p hollarda ushbu usul lazer terapiyasi bilan birgalikda ishlatiladi. Gemangiomani davolashning yana bir uslubi muz yordamida mahalliy ta’sir ko‘rsatish (kriodestruksiya) hisoblanadi. Buning uchun tananing shikastlangan sohasiga azot bilan mahalliy ta’sir ko‘rsatiladi. Shunday qilinsa, gemangioma nobud bo‘ladi. Davolanish muolajasidan keyin ta’sir ko‘rsatilgan joyda qavariq (pufak) paydo bo‘ladi. Unga aslo tegib bo‘lmaydi. Ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng qavariq o‘z-o‘zidan yoriladi. Jarohat o‘rni bitishga boshlaydi. Zaruriyat bo‘lsa davolovchi shifokor surtmalar buyuradi. Kriodestruksiya usuli hamma vaqt ham qo‘llanilmaydi.

O‘sma hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolar (jinsiy a’zo, boshdagi liqildoq, ko‘z, burun, og‘iz) yaqinida joylashgan bo‘lsagina muz yordamida mahalliy ta’sir ko‘rsatish tavsiya etiladi. Xavfsiz o‘smani jarrohlik yo‘li bilan yo‘qotishning eng samarali usullaridan biri bu shikastlangan qon tomirlarini lazer nuri yordamida olib tashlash (koagulyatsiya) hisoblanadi. Ushbu uslub yordamida jarrohlik opreatsiyasi bajarilganida kasallikning qaytalanish ehtimoli minimal darajagacha kamayadi, tanada hech qanday chandiqlar qolmaydi. Bunday davo uslubidan foydalanish haqida dermatolog xulosa chiqaradi. Uslubdan foydalanilganidan keyin ikki-uch haftagacha shish saqlanib qolishi mumkin. Koagulyatsiya gemangioma teri ostiga 2 millimetrgacha o‘sib ulgurgan bo‘lsagina tavsiya etiladi.

O‘sma nimasi bilan xavfli?

Aksariyat hollarda gemangiomalar odam hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirmaydi. Bunday o‘smalar xavfli o‘smalardan farqli o‘laroq metastaz bermaydi(boshqa a’zolarga o‘sib kirmaydi) va hujayralar darajasidagi xotiraga shikast yetkazmaydi. Sihat-salomatlik uchun gemangiomalarning oqibatlari yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xavfsiz o‘smalarning salbiy ta’sirini quyidagicha ta’riflasa bo‘ladi:

  • Nozik yerda joylashgan o‘smalar juda kattalashib ketsa turli a’zolarning funk­sional faoliyatini izdan chiqarishi mumkin. Bunday noxush oqibatlar, ayniqsa, yangi tug‘ilgan go‘daklarda uchraydi. Ularda gemangioma ta’siri ostida nafas olish qiyinlashib qoladi, ko‘rish, eshitish, hid bilish layoqati shikastlanishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, xavfsiz o‘smalar yirik qon tomirlari yoki arteriyalar oldida ustida joylashgan bo‘lsa, qon aylanish tizimini izdan chiqaradi, shuningdek, qon tomirlarining elastikligiga salbiy ta’sir qiladi.
  • Teri ustida joylashgan gemangiomalarni bexosdan tirnab yuborish mumkin. Bunday hol yuz bersa yaraga infeksiyalar tushadi. Qandli diabet kasalligi bor bemorlarda xavfsiz o‘smalar infeksiyalanish sababli yara hosil qilgach uzoq vaqtgacha bitmasligi mumkin.
  • Gemangiomalar qonning ivishiga yomon ta’sir qiladi. Katta hajmdagi gemangiomalar mavjudligida organizm ularni anomaliya sifatida qabul qilib o‘zini himoyalash maqsadida “jarohatlangan hudud”ga ko‘p miqdorda trombotsitlarni jo‘natadi. Trombotsitlarning ko‘p miqdorda uzluksiz ravishda sarflanishi oqibatida qon tarkibida trombotsitlar yetishmay qoladi (trombotsitopeniya). Buning xavfli tomoni shundaki, chindan ham qonning ivishi zarur bo‘lsa, organizm bunday xususiyatini to‘liq namoyon etolmay qoladi.
  • Organizm uchun o‘ta xavfli holat bu ichki a’zolardagi, masalan, jigardagi gemangiomaning yorilib ketishi hisoblanadi. Bunda ichki qon quyilishi yuz beradi. Vaziyatni o‘nglash uchun zudlik bilan jarrohlik yordami ko‘rsatilishi kerak. Ba’zi holatlarda ichki o‘smalar turli omillar ta’sirida o‘z-o‘zidan yorilishi va ichki qon ketishiga olib kelishi ham mumkin.

Xavfsiz o‘smani davolash xususida shifokorga murojaat qilgan chog‘ingizda organizmdagi barcha o‘zgarishlar, his etilayotgan holatlar, klinik alomatlar haqida batafsil so‘zlab bering. O‘sma qachon paydo bo‘ldi, qanday shart-sharoitlarda uni aniqlashga muvaffaq bo‘ldingiz, u qancha vaqt davomida rivojlanmoqda, tanada yana boshqa shu kabi o‘smalar bormi yoki yo‘qmi, bu kabi savollarga beriladigan mufassal javob tashxis qo‘yishga va to‘g‘ri muolajalar belgilashga yordam qiladi.

ico
Saraton - ruhiyat iztirobi natijasi
Nega inson kasal bo‘ladi deb o‘ylaysiz? O‘zi kasallik nima? Kasal bu kuchsizlangan, ichki dushmanni yengish yo‘lida quvvati yetmayotgan, o‘ziga ishonchi kamaygan bir insondir. Ayniqsa, “tuzalmaydigan” dard saraton kasalligiga chalingan insonlar uchun bu yanada og‘irroq. Ilm saraton tuzalmaydi deganida, shifokor ilmni ro‘kach qilganida, yaqinlaringiz rahm ko‘zi bilan qaray boshlaganida, kasallik bilan kurashishda yolg‘iz qolib ketgan inson ichki dunyosini, yengilgan ruhiyatini, tanasidagi og‘riqlarni sog‘ odamga tushunish qiyin. Aslida saraton kasalligi hamma kasalliklar kabidir. Siz ”saraton tuzalmaydigan kasal” degan ongingizdagi "suvarak” fikrlarni olib tashlang. Davosi yo‘q kasallik bu faqat o‘limdir. Boshqalarning gapiga bo‘ysunmang, saraton kasalligini tuzalishi qanday bo‘lishini siz va yana siz ilmga, shifokorlarga va yaqinlaringizga ko‘rsatib bera olasiz. Sizning organizmingizda dori ishlab chiqarilishi uchun barcha imkoniyat bor, ya’ni Mendeleyev davriy sistemasidagi barcha elementlar mavjud. Organizm va ruhiyat sizniki, unga rak kasalligiga qarshi o‘zing dori ishlab chiqarasan degan qaror berish kerak xolos. Bu yo‘lda, shifokorlarning barcha ko‘rsatma va buyruqlarini bajargan holda ruhiyatingiz va tanangiz bilan ishlashingiz lozim. Siz tanangizni eksperiment uchun yo‘naltirmang. Ya’ni har-xil tabib va o‘tlar bilan davolash uchun shifokorlar ko‘rsatmasidan voz kechmang. Butun dunyo sog‘liqni saqlash tashkiloti shu jumladan O‘zbekiston onkologlari ham onkologiyadagi eng oldingi bilimlarni o‘z tajribalarida ishlatishadi. Avvalo, saraton kasalligidan forig‘ bo‘lishni ruhiyatingizning ichidagi yig‘ilib qolgan kechirmaslik, qalb og‘rig‘i, nola, ayblov, g‘azab, nafrat, o‘zidan qoniqmaslik, shubha-gumon kabi ruhiyat kasalliklaridan qutulishdan boshlashingiz kerak.
  1.  Sizning kasalligingiz bilan kurashishga o‘zingiz va faqat o‘zingiz mas’ulsiz. Bu yo‘lda men ojizman, menga yordam beringlar degan mavqedan, nima bo‘lganidayam men kuchliman, menga berilayotgan yordamdan to‘liq foydalana olaman degan qarorga keling.
  2. Sizning hayot yo‘lingizdagi mushkulotlar, og‘riqli kunlar, ozor bergan insonlarni bir marta kechirib yuboring. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi, yuz foiz kechiring, yuz foiz rozi bo‘ling va unuting, axir bu taqdir edi-ku. Ko‘zingizni yuming va ichingizdagi o‘zingizni his qiling. Shu o‘zligingizdagi qalb og‘riqlaringizdan forig‘ bo‘ling, ularni tashqariga chiqarib yuboring.
  3. Endi o‘zingizni boshqacha nomlang. Kasal, ojiz, o‘lim yo‘lida yashayotgan inson degan fikr o‘rniga, sog‘lom ruhiyati sog‘ tanani boshqarishga otlangan, kuchli, har kun zavqini har nafasida tuygan insonni ichingizda kashf qiling.
  4. Tana og‘rig‘iga chiday olmaslik degan qo‘rquvni, dorilar foyda bermasligi mumkin degan qo‘rquvni ichingizdan chiqarib tashlang. Miyasida quyon kabi qo‘rqoq fikrli insonning harakati ham quyondek qo‘rqoq bo‘lib, kasallik bilan kurashda yon bosib qolasiz. Shuning uchun avvalo, bu quyon kabi titroq beruvchi fikrlaringizning o‘rniga "o‘zim hal qilaman” rahmimni o‘zim yeyman degan qo‘rqmas fikrlar paydo qiling.
  5. Endi organizmingizni boshqarish uchun hamma huquqlarin hujjatini tayyorladingiz deylik. Nimadan boshlaymiz?
  6. Tanangizda yurgan siz uchun dushmanlik qilayotgan xujayralarni o‘z tasavvuringizda toping, ularni ichingizdagi kuchli hujayralar yengayotganligini his qiling. Bu yo‘lda dorilar, yaqinlaringizning duolari, shifokorlarning sa’i harakatlari yordam berayotganligini tushuning.
  7. Har kun bir qadam tashlang. Har kun bir qadam odimlang sog‘lik tomonga. Men sizga ishonaman, siz eplolasiz, kuchlisiz!

Saraton bilan kasallangan bemorlarning yaqinlariga psixolog maslahati

Albatta, har bir inson o‘z yaqini, qalbining ichidagi mehrdoshining boshiga og‘ir dard tushgan payti esankirab qoladi. Hozir sizning yordamingiz kerak. Yordamingiz esankirash, rahm ko‘zi bilan qarash, xafa bo‘lish va yig‘lash tarzida bo‘lishi kerak emas. Davosi yo‘q dard bu o‘lim. O‘zingizni qo‘lga oling. Endi nima bo‘ladi deb kelajak uchun qo‘rquv, vahima va xavotirlardan tuzilgan kelajakni to‘qimang. Hammasi yaxshi bo‘lishiga avvalo o‘zingiz ishoning. Dardman inson bilan gaplashganda quyidagilarga amal qiling.
  1. Bemorga tashxis haqida aytayotganligingizda "kuchliligimizni ko‘rsatadigan vaqt keldi, yengib chiqadigan vaqt keldi, deb davolanish uchun buyurilgan shifoxonani ayting. Bemorda g‘azab, ayblov, jazava, tushkunlik, psixologik shok paydo bo‘lishi mumkin.
  2. "Sabr – bu Yaratganni yara tagida ko‘rmoqdir.” Mavlono Rumiyning bu fikri siz uchun yo‘riqnoma bo‘lsin.
  3. Mehr so‘zlarini, sukunatni, ishonch nigohiga almashtiring.
  4. Siz o‘z yaqiningizga eng kerak bo‘lgan bir paytingizda, o‘z irodangizni so‘zlar bilan ifodalang.
  5. Shifokorlarga o‘z tazyiqingizni o‘tkazmang, ularning malakasiga ishoning.
  6. O‘zingizning va bemor bo‘lgan yaqiningizning hayot tarzini zavqli bo‘lishi uchun harakat qiling.

© Zebiniso Ahmedova, psixoterapevt.

Sabo.uz nashri.

ico
Bazalioma
Bazalioma – teri bazal qavatining o‘sma kasalligi. Saraton kasalliklari ichida juda ko‘p uchraydi. Bu kasallik boshqa saraton turlaridan farq qilgan holda, turli a’zolarga metostaz yo‘li bilan tarqab ketmaydi. Faqatgina hosil bo‘lgan yuzaning atrofidagi to‘qimalarni yemirib, mahalliy tarqalib o‘sadi. Bazaliomaga sabab sifatida
  • Uzoq vaqt quyosh ostida bo‘lish;
  • Yuqori harorat;
  • Terining radiatsiyalanishi;
  • Turli konserogen moddalarni ko‘p qabul qilish;
  • Margmumishli anorganik birikmalar bilan ishlash kabilar ko‘rsatiladi.
[caption id="attachment_2721" align="aligncenter" width="609"]Bazalioma Bazalioma[/caption] Ko‘pincha bazalioma yuz (burun qirrasi, lablar yoni, ko‘z burchaklari) va bo‘yin sohasida hosil bo‘ladi. Chunki terining bu qismlariga asosiy sababchi hisoblangan quyosh nurlari ko‘p tushadi. O‘simta och pushti yoki terining rangidagi tuguncha ko‘rinishida hosil bo‘ladi. Qorachadan kelganlarda esa tuguncha to‘qroq ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. O‘simta ba’zan yaralanib, usti qonashi, chuqur, bitmaydigan va og‘riqsiz yaralar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Bazalioma kasalligini onkolog turlicha amaliyotlar qo‘llagan holda davolaydi. Bunda o‘sma tarqalgan soha, bemorning umumiy holati va uning tanlovi inobatga olinadi. Onkologning vazifasi o‘sma hujayralarini umuman qoldirmagan holatda, bemorning tashqi ko‘rinishiga ziyon yetqazmasdan olib tashlashdan iborat. Davolashda jarrohlikdan tashqari, nur terapiya, kimyo terapiya, kriojarrohlik, elektrokoagulyatsiya usullari ham qo‘llanilishi mumkin. Onkolog shifokorlar bazalioma rivojlanmasligini ta’minlash maqsadida quyidagi profilaktik tavsiyalarni berishadi. “Terini tik tushadigan yorug‘lik nuridan asrash, daryo, hovuz bo‘ylarida dam olishda soy joylarni tanlash yoki oftobdan himoyalovchi maxsus kremlardan foydalanish zarur. Bundan tashqari, organizmning radioktiv nurlardan zararlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, uzoq vaqt zaharli va radioktiv jihatdan zararli bo‘lgan hududlarda bo‘lmaslik kasallik paydo bo‘lmasligiga asos bo‘ladi.” [box type="info" ]Maqola Avitsenna.uz saytining «Ensiklopediya» rukni orqali e’lon qilinmoqda. Bu rukn orqali siz tibbiy atamalar, kasalliklar haqida ma’lumot olishingiz mumkin. Rukn har doim to‘ldirilib boriladi![/box]
ico
Bosh miya o‘smalari - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari
Bosh miya saratoni – kalla suyagi ichida hosil bo‘ladigan, miya to‘qimalarini, nerv hujayralarini, tolalarini, miya pardalarini va qon tomirlarini zararlaydigan o‘sma. Miyaning qaysi qismida paydo bo‘lishiga ko‘ra va umumiy namoyon bo‘ladigan simptomlar bilan kechadi. Diagnostika algoritmi nevropatolog va oftalmolog tekshiruvlari, bosh miya Exo-EG, EEG, KT va MRT kuzatuvlari, MR-angiografiya va boshqalar kiradi. Davosida eng asosiy o‘rinni operativ usul egallaydi, qo‘shimcha ravishda nur terapiyasi va radipterapiya ham o‘tqaziladi.

Bosh miya saratoni

Bosh miya o‘smalari organizmda uchraydigan umumiy o‘smalarning 6 %ini tashkil etadi. Bu kasallikning uchrash chastotasi har 100 ming odamdan 10 dan 15 ta insonda bo‘ladi. Odatda bosh miya o‘smalari deganda – kalla suyagi ichida hosil bo‘ladigan har qanday o‘smalar tushuniladi, masalan miya to‘qimalaridagi o‘smalar, nerv tolalaridagi, qon tomirlardagi, miya pardalaridagi, limfa tomirlaridagi va bezlarda (gipofiz va epifiz) uchraydigan o‘smalar. Shuning uchun bunday o‘smalar ikkiga: miya ichi va miyadan tashqaridagiga bo‘linadi. Bosh miya o‘smalari har qanday yoshda uchraydi, hatto tug‘ma ham bo‘lishi mumkin. Ammo bolalar orasida uchrash chastotasi kam, har 100 ming bolaga 2-4 holatlar to‘g‘ri keladi. Bosh miya o‘smalari birlamchi – miya to‘qimasining o‘zidan hosil bo‘lishi, yoki ikkilamchi boshqa organlarda hosil bo‘lgan o‘smalarning limfogen va gematogen yo‘l bilan metastazlaridan hosil bo‘lishi mumkin. Ikkilamchi o‘smalar birlamchiga qaraganda 5-10 marta ko‘proq uchraydi. [caption id="attachment_11181" align="aligncenter" width="620"]bosh miya saratoni Illyustratsiya: Cancer Research UK[/caption] Bosh miya o‘smalarining o‘ziga xosligi shundaki, bunday o‘smalar faqatgina kalla suyagi ichidagina joylashadi. Shuning uchun har qanday paydo bo‘lgan o‘smalar miya hujayralarini ezib qo‘yadi va bosh miya ichki bosimi ortishiga olib keladi. Hatto yaxshi sifatli o‘smalar ham ma’lum kattalikka yetganlaridan keyin miyani ezishi hisobiga yomon sifatli xarakterga ega bo‘lib qolib, o‘lim sababchisi bo‘lishi ham mumkin. Yuqridagilarni hisobga olib nevrologiya va neyroxirurgiya yo‘nalishidagi shifokorlar uchun kasallikni erta davrlarda aniqlash va davolash muammosi ko‘ndalang turadi.

Bosh miya o‘smalari paydo bo‘lish sabablari

Bosh miyada o‘smalar paydo bo‘lishiga, barcha turdagi o‘sma kasalliklari kabi radiatsiya, turli xildagi toksik moddalar va zararlangan ekologik hudud sabab bo‘ladi. Bolalarda tug‘ma miya o‘smalari kelib chiqish xavfi yuqoriroq, embrionlik paytidagi qandaydir omil ta’sirida yuzaga kelishi mumkin. Bosh chanog‘i va miya travmasi o‘sma kasalliklari kelib chiqishiga va uning o‘lim bilan tugashiga olib keluvchi xavf omilidir. Ko‘pincha bosh miya o‘smalari boshqa kasalliklarni davolash maqsadida o‘tkazilgan nur terapiyalari asorati sifatida kelib chiqishi ham mumkin. Bundan tashqari, xavfning ortishi immunosupressiv terapiyalar, immun tizimi sustlashtiruvchi kasalliklarda (
OITS, neyroOITS) ortib ketadi. Bosh miya o‘smalari paydo bo‘lishiga moyillik irsiy kasalliklarda yuqori bo‘ladi: Gippel-Lindau kasalligi, tuberoz skleroz, fakomatoz, neyrofibromatoz.

Bosh miya o‘smalari klassifikatsiyasi

Birlamchi serebral o‘smalarga neyroektodermal o‘smalar: astrositar o‘smalar (astrositoma, astroblastoma), oligodendrogialin o‘smalari (oligodendroglioma, oligoastroglioma), ependimar o‘smalar (epindimoma, xorionodik papilloma), epifiz o‘smalari (pinesitoma, pineoblastoma), nayronal o‘smalar (ganglioneyroblastoma, gangliositoma), embrional va noaniq o‘smalar (medulloblastoma, spongioblastoma, glioblastoma). Bundan tashqari gipofiz bezining o‘smalari (adenoma), nerv tolalari o‘smalari (neyrofibroma, nevrinoma), miya pardalari o‘smalari (meningioma, ksantomatoz o‘sma, melanotik o‘sma), miya limfa tugunlari o‘smalari ham farqlanadi. Metastatik o‘smalar 10-30 % hollarda aniqlanadi. Erkaklarda ikkilamchi metastazlar natijasida bosh miyada paydo bo‘ladigan o‘smalardan, o‘pka, kolorektal, buyrak o‘smalaridan tarqalgani uchrasa, ayollarda esa – ko‘krak bezi saratoni, melanoma, kolorektal o‘smalar metastazi oqibatida miya o‘smalari uchraydi. 85 % ga yaqin metastaz oqibatida kelib chiqqan o‘smalar miya ichida paydo bo‘ladi. Kalla suyagi chuqurchasida ko‘pincha bachadon tanasidan tarqalgan o‘smalar, prostata bezi o‘smalari va oshqozon ichak tizimi yomon sifatli o‘smalari metastazi natijasida paydo bo‘ladi.

Bosh miya saratoni belgilari

Bosh miya o‘smalarining erta belgilari miyaning qaysi qismida o‘sma hosil bo‘lgan bo‘lsa o‘sha joydagi simptomlar bilan boshlanadi. Ular quyidagi mexanizm asosida ketadi: o‘smaning fizik va kimyoviy ta’siri, miya qon tomirlarining zararlanishi, tomirlarning ezilishi hisobiga ishemiya kelib chiqishi, nerv tolalarining va hujayralarning ezilishi hisobiga kamchiliklar paydo bo‘la boshlaydi. Aynan o‘sma paydo bo‘lgan joydan miya hujayralari qo‘zg‘alishi, uning funksiyasi buzilishi boshlanadi (nevrologik yetishmovchilik). [caption id="attachment_11182" align="aligncenter" width="1024"]Bosh miya saratoni belgilari Foto: Webmd.com[/caption] O‘smaning hajmi kattalashib borishi bilan komressiya (ezish), shish va ishemiya qo‘shni hujayralarga, keyinchalik uzoqroqdagi hujayralarga tarqaladi va o‘ziga xos simptomlar beradi. Umumiy miya simptomlari, ya’ni bosh miya ichki bosimi oshishi va miya shishlari hisobiga kelib chiqqan asoratlar hisobiga. O‘smaning katta hajm egallashi hisobiga dislokatsion sindrom kelib chiqadi – miyachaning zararlanishi hisobiga. Bosh og‘rig‘i - mahalliy bosh og‘rig‘i bosh miya o‘smalarining erta belgilaridan biridir. Uning kelib chiqishiga sabab retseptorlarning qo‘zg‘alishidir, ya’ni miya sinuslarida joylashgan, tomirlardagi retseptorlar hisobiga. Tarqoq sefalgiya 90 % hollarda subtentorial o‘smalarda va 77 % hollarda supratentorial o‘smalarda natijasida kuzatiladi. Og‘riq xarakteri chuqur, intensiv takrorlanuvchi, xurujsimon ko‘rinishda bo‘ladi. Qayt qilish - umumiy miya belgilariga kiradi. Uning o‘ziga xosligi, qayt qilish ovqatlanish bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Miyachaning o‘smasida va IV qorincha o‘smalarida qayt qilish markazining birlamchi zararlanishi kuzatiladi. Sistemali bosh aylanishi - inson o‘z tanasi yoki atrof muhitdagi narsalar aylanayotganligini sezadi. O‘sma vestibulokoxlear nervning ezilishi, miya ko‘prikchasi va IV qorincha ezishidan bosh aylanish simptomi kelib chiqadi. Harakatdagi kamchiliklar (piramidaning zararlanishi) - 62 % bemorlarda birlamchi simptom sifatida namoyon bo‘ladi. Boshqa holatlarda o‘smaning kattalashishi va tarqalishi hisobiga kelib chiqadi. Bunday kamchiliklarning eng yaqqol namoyondasi pay reflekslarining buzilishidir. Keyinchalik mushaklar parezi (falaji) va mushaklari tonusi oshishi kelib chiqadi. Sezgidagi kamchiliklar har 4 bemordan birida uchraydi. Birlamchi simptom sifatida mushak va bo‘gimlardagi sezgining yo‘qolishi paydo bo‘ladi. Tutqanoq sindromi - ko‘proq supratentorial o‘smalarda kuzatiladi. 37 % bemorlarda bu klinik simptom birlamchi bo‘lib namoyon bo‘ladi. Epilepsiya yuzaga kelishi miyaning qaysi qismida o‘sma hosil bo‘lishiga qarab turlicha bo‘ladi, tutqanoq ko‘rinishiga qarab o‘sma joylashgan joyni tahmin qilsa bo‘ladi. Psixik sferadagi o‘zgarishlar - 15-20 % bemorlarda peshona sohasida paydo bo‘lgan o‘smalar, apatiya, eyforiya, hotirjamlik va sababsiz xursandchilik sezish bilan namoyon bo‘ladi. Ammo o‘smaning kattalashib borishi bilan bemorda agressiya, jahldorlik, yovuzlik, negativlik kabi holatlar paydo bo‘ladi. Ko‘ruvdagi gallyutsinatsiyalar chakka va peshona sohasining chegarasida paydo bo‘ladigan o‘smalarda kuzatiladi. Xotiraning pasayishi, fikrlashning buzilishi va e’tiborning yo‘qolishi umumiy miya simptomlari ko‘rinishida keladi, ya’ni bosh miya ichki bosimi oshishi, o‘sma intoksikatsiyasi bilan tushuntiriladi. Ko‘ruv nervidagi o‘zgarishlar - o‘sma kasalligining kechki bosqichlarida paydo bo‘lib, bemorlarning deyarli yarmida uchraydi. Miya ichki bosimi oshishi hisobiga o‘tib ketib, takrorlanib turuvchi ko‘z oldidagi qoralashishlar va qora dog‘lar ko‘rinishi bilan kechadi. O‘smaning kattalashib borishi va ko‘ruv nervining atrofiyasi hisobiga ko‘rish o‘tkirligi pasayishi ham mumkin. Ko‘ruv maydonining buzilishi ko‘ruv trakti va xiazm zararlanishi oqibatida kelib chiqadi, geterogeminopsiya va gomogeminopsiya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi (ko‘ruv maydonining kamayishi). Yuqoridagi belgilardan tashqari quloq bitishi, sesomotor afaziya, miyacha ataksiyasi, ko‘z harakti buzilishi, hid sezish, ta’m bilish buzilishi va vegetative disfunksiyalar. O‘smaning gipotalamus va gipofizda joylashishida gormonal disfunksiyalar kelib chiqadi.

Bosh miya o‘smalari diagnostikasi

[caption id="attachment_11183" align="aligncenter" width="698"]Bosh miya o‘smalari Foto: www.medibank.com.au[/caption] Bemorni ilk bor tekshirishda oftalmolog ko‘ruvi, exo-ensefalografiya (EEG) o‘tkaziladi. Nevropatolog birlamchi o‘choqli simptomlarga e’tiborini qaratadi. Oftalmologik tekshiruvda esa ko‘ruv o‘tkirligi, oftalmoskopiya va ko‘ruv maydoni kengligi tekshiriladi. Exo-EG miya yon qorinchalarining kengayganligini, bosh miya ichki bosimi oshganligini aniqlab beradi. Katta o‘lchamdagi o‘smaga gumon qilinganda kompyuter tomografiyasi va MRT tekshiruvlari o‘tkazish talab qilinadi. Kompyuter tomografiyasi (KT) miyadagi o‘smaning lokalizatsiyasini, hajmini, o‘smaning kistoz qismini, kalsifikatlarni, nekroz zonasini, qon quyilgan joylarni, metastazlarni aniqlab olsa bo‘ladi. MRT tekshiruvi esa o‘smaning tarqalganlik darajasi va atrof hujayralarni zararlashini aniq ko‘rsatib beradi. Bundan tashqari, MRT yordamida miya qon tomirlarining o‘smalarini, so‘zlash va eshitish markazlari zararlanishini, MR-spektroskopiya (metobolik shikastlanishlar), MR-termografiya (o‘smaning harorati)ni ham aniqlasa bo‘ladi. OFEKT radiofarmakologik preparat yordamida miyada tarqalgan o‘choqli o‘smalarni, ularning qon bilan ta’minlanishini aniqlashga yordam beradi. Maxsus ko‘rsatmalarda stereotaksik o‘smdan biopsiya olinib tekshiriladi. Xirurgik muolaja vaqtida o‘smdan gistologik tekshirish maqsadida na'muna olinadi. Gistologik tekshiruv o‘smaning qanchalik darajada atipik hujayralardan iborat ekanligini va darajasini aniqlab beradi.

Bosh miya saratonini davolash

Kasallik konservativ davosida o‘smaning o‘sishini to‘xtatish va miya to‘qimalarini ezib qo‘yishini kamaytirish, simptomlarni yengillashtirish va hayot sifatini yaxshilash maqsadida o‘tkaziladi. Konservativ terapiya og‘riqsizlantirish (ketoprofen, morfin), ko‘ngil aynishiga qarshi preparatlar qabul qilish (metoklopramid), sedativ va psixotrop vositalarni o‘z ichiga oladi. Miyadagi shishni kamaytirish maqsadida glukokortikosteroid preparatlar buyuriladi. Shuni unutmaslik kerakki, konservativ davo kasallikni keltirib chiqargan sababni bevosita yo‘qota olmaydi, faqatgina vaqtinchalik simptomlarni kamaytirish uchun qo‘llaniladi. [caption id="attachment_11184" align="aligncenter" width="617"]bosh miya saratonini davolash Foto: Shutterstock.com[/caption] Eng samarali davo chorasi xirurgik muolajadir. Jarrohlik amaliyoti o‘smaning joylashgan joyi, hajmi, turi va tarqalganligiga qarab belgilanadi. Kichik o‘lchamdagi o‘smalarda stereotaksik radioxirurgiya o‘tkaziladi, ya’ni Kiber pichoq va Gamma pichoqlar yordamida o‘smani yo‘qotish o‘smaning o‘lchami 3 smgacha bo‘lgandagina o‘tkaziladi. Yaqqol namoyon bo‘lgan gidrosefaliyada esa miyani shuntlash (tashqi ventrikulyar drenajlash, ventikuloperitoneal drenajlash) amaliyoti bajariladi. Nur terapiya va kimyoterapiya xirurgik davoga qo‘shimcha ravishda olib boriladi, yoki palliativ operatsiya maqsadida (vaqtinchalik hayot sifatini yaxshilash). Operatsiyadan keying nur terapiyasi, o‘sma gistologik tekshiruvda atipik hujayralardan iborat ekanligi aniqlansagina bajariladi. Kimyo terapiya o‘sma hujayralari tipiga va organizmning ko‘tara olish xususiyatiga qarab buyuriladi.

Bosh miya o‘smalari prognozi va profilaktikasi

Miya o‘samalari yaxshi sifatli, o‘lchami kichik va operatsiya qilish uchun imkon bo‘lsagina ijobiy natija beradi. Biroq, ko‘pgina o‘smalar qaytalanuvchi bo‘ladi va qayta operatsiya o‘tkazishni talab qiladi. Operatsiyalar esa travmali bo‘lib, miya to‘qimalarini shikastlaydi va turli xildagi nevrologik defitsitlarga olib keladi. Yomon sifatli, katta o‘lchamdagi, joylashgan joyi operatsiya qilishga imkon bermasa va metastazlar bergan bo‘lsa, kasallik oqibati salbiy bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, kasallik davosi organizmning umumiy ahvoli va inson yoshiga ham bog‘liq. Qarilik va yondosh kasalliklar (yurak yetishmovchiligi, surunkali buyrak yetishmovchiligi, qandli diabet va boshqalar) bo‘lsa, operativ muolajani o‘tkazishga qarshi ko‘rsatma bo‘lishi mumkin. Birlamchi miya o‘smalarini profilaktikasiga onkogen ta’sir qiluvchi zararli moddalardan saqlanish, kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va boshqa organlardagi o‘sma kasalliklarini radikal davo choralarini o‘tkazish kiradi. O‘sma kasalligining qaytalanishini oldini olish uchun esa bosh miya jarohatlari va biologik stimullovchi vositalarni iste’mol qilishdan saqlanish kerak bo‘ladi.
ico
Xavfli o‘sma kasalliklarini klinik belgilari va erta aniqlash usullari (Mutaxassislar uchun)

Dunyo bo‘yicha barcha davlatlarda onkologik kasalliklarning o‘sishi kuzatilmoqda. Shu bilan birgalikda o‘lim ko‘rsatkichi yildan-yilga o‘sib borayotgani sir emas. Buning asosiy sabablaridan biri o‘sma kasalliklarining o‘tib ketgan bosqichlarda aniqlanishi, yashirin kechishi va erta bosqichda aniqlanmasligidir.

Har yili dunyo bo‘yicha 14 milliondan ortiq kishida onkologik kasallik turlari aniqlanadi, o‘lim ko‘rsatkichi esa 8 millionga yaqin kishini tashkil qiladi. Onkologik kasalliklar ichida eng ko‘p uchraydigan turlari – o‘pka, sut bezi, to‘g‘ri va ko‘ndalang chambar ichak, me’da, teri, jigar va prostata bezi saratonlaridir.

Xavfli o‘sma

Oxirgi yillarda tuxumdon, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i a’zolari, bosh miya, buyrak, siydik qopi o‘smalarining ko‘payishi kuzatilmoqda. Bolalarda xavfli o‘sma kasalliklari 2,5-3 foizni (umumiy kasalliklar strukturasida) tashkil qiladi. Onkologik kasalliklarni barvaqt bosqichlarda aniqlash imkoniyati haligacha yaratilmagan, bu esa o‘lim ko‘rsatkichi o‘sishiga olib kelmoqda. Kasallikni erta aniqlashda uning dastlabki belgilari (simptomlari)ga e’tibor berish kerak.

Kasallik rivojlanishida klinik belgilar muhim axamiyatga ega. O‘sma jarayoni uzoq yillar rivojlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, (10-20 yilgacha) va u 80 foiz bemorning to‘qimalarida o‘smaoldi o‘zgarishi yoki o‘smaoldi kasalliklaridan keyin rivojlanishi mumkin. Shuning uchun o‘sma kasalliklarining o‘ziga xos belgilari kuzatilmaydi, bo‘lsa ham uni ilg‘ab olish qiyin. Bundan tashqari, har bir a’zoning o‘ziga yarasha o‘smaoldi kasaliklari mavjud bo‘lib, ma’lum bir klinik ko‘rinishga egadir.

Xavfli o‘smaning rivojlanishi har bir a’zoga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Organizmdagi o‘smaoldi kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlab, uni davolash uning rivojlanishini bartaraf qiladi. O‘smaoldi kasalliklariga tug‘ma anomaliyalar, surunkali o‘zgarishlar, uzoq vaqtdan buyon bitmayotgan yaralar, oqmalar, jarohatdan keyingi o‘zgarishlar, xavfsiz o‘smalar, to‘qimalardagi giperplastik va o‘smaoldi o‘zgarishlari kiradi.

O‘smaoldi kasalliklari

Barcha o‘smaoldi kasalliklari 2 turga bo‘linib, ular xavfli o‘smaga ikki xil yo‘l bilan aylanadi:

  1. Fakultativ o‘smaoldi kasalliklari.
  2. Obligat o‘smaoldi kasalliklari.

Fakultativ o‘smaoldi kasalliklari

Fakultativ o‘smaoldi kasalliklariga quyidagilar kiradi: teridagi qarilik keratozi, bachadon bo‘yni leykoplakiyasi, eroziyasi, me’da, yo‘g‘on ichak polipi, fibroz-kistoz mastopatiya, fibroadenoma, teratomalar, kuygandan keyingi chandiqlar, oqma yaralar, bachadon bo‘yni gormonal giperplaziyasi. Ushbu kasalliklar o‘ziga xos belgilarga ega bo‘lib, uzoq vaqt mobaynida organizmda rivojlanib, 5 foizgacha xavfli o‘smalarga aylanishi mumkin.

Obligat o‘smaoldi kasalliklari

Obligat o‘smaoldi kasalliklari aksariyat hollarda xavfli o‘smaga aylanishi mumkin. Shuni inobatga olib, olimlar xavfli o‘sma kasalliklarining dastlabki simptomlarini obligat kasalliklardan qidirish kerak, deyishadi. Obligat kasalliklar turiga yo‘g‘on ichak polipozi, terining pigmentli kserodermasi, teri Bouen dermatozi, Pedjet kasalligi, bachadon bo‘yni displaziyasi, me’daning tana qismi kallyoz yarasi, eroziv egofagit, yarali rektit, indurativ pankreatit va boshqa kasalliklar kiradi. Ushbu kasalliklarning xavfli o‘smalarga o‘tishi uzoq davrni tashkil qiladi (20-30 yil).

Xavfli o‘smalarning klinik belgilari

Xavfli o‘sma rivojlanishi uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, klinik simptomlar shunga yarasha namoyon bo‘ladi. Klinik simptomlarning rak kasalligida paydo bo‘lishi ko‘p jihatdan xavfli o‘smaning qaysi bir a’zoda paydo bo‘lishiga, uning gistologik strukturasiga, kasallik bosqichiga, metastaza borligiga va klinik shakliga bog‘liqdir. Xavfli o‘sma klinik simptomlarining paydo bo‘lishi, ko‘p jihatdan o‘sma jarayonining rivojlanishiga bog‘liq.

L. Shabad (1979 y.) xavfli o‘smalar organizmda rivojlanishida quyidagi bosqichlardan o‘tadi:

  1. Kasallik rivojlanadigan a’zodagi hujayralarda diffuz giperplaziya, yallig‘lanish yoki regenerativ o‘zgargan to‘qimalar davri;
  2. Diffuz giperplaziya o‘rnida o‘choqli proliferatlar rivojlanadi;
  3. O‘choqli proliferatlar qo‘shilib, xavfsiz o‘sma shaklini qabul qiladi;
  4. Xavfsiz o‘smalar keyinchalik qulay sharoitda xavfli turga aylanadi. Mana shu davrda xavfli o‘smalarning dastlabki simptomlari paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallikni ushbu bosqichda aniqlash maqsadga muvofiqdir.

Xavfli o‘sma kasalliklarining asosiy klinik simptomlari:

  •  mahalliy (tugunli o‘smaning aniqlanishi, o‘choqli o‘zgarishlar, o‘smadan qon ketishi, yaralanishi, undan turli ajralmalarning hosil bo‘lishi, og‘riq, boshqa a’zolar faoliyatining buzilishi va boshqalar;
  • umumiy (tana harorati ko‘tarilishi, varaja, terlash, uyqusizlik, kaxeksiya, havo yetishmasligi, qorinda og‘riq, qorin va ko‘krak bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘ilishi va boshqalar);
  • o‘smaning metastatik zararlanish simptomlari (patologik sinish, og‘riq sindromi, havo yetishmasligi, qorin va ko‘krak bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘ilishi, ichki a’zo faoliyatining buzilishi, nevrologik buzilish va boshqalar).

O‘sma kasaliklarini erta bosqichlarda aniqlash uchun umumiy amaliyot shifokorlarining onkologik ehtiyotkorligini va aholi tibbiy savodxonligini oshirish kerak.

Onkologik ehtiyotkorlik

Onkologik ehtiyotkorlik quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Shifokor kasallikning erta bosqichdagi simptomlarini bilishi;
  2. O‘smaoldi kasalliklari haqidagi axborotga ega bo‘lishi va uni davolashi;
  3. Onkologiya xizmatining holatini bilish va bemorni kerakli mutaxassisga yuborish;
  4. Bemorni sinchkovlik va zamonaviy usullar bilan tekshirish, malakali mutaxassisga yuborish;
  5. Bemorga onkologik kasallikning tashxisini qo‘yishda malakali mutaxassislarni jalb qilish va davolash taktikasini hal qilish.

Onkologik kasalliklar ichida dastlabki bosqich quyidagi a’zolarda ko‘proq aniqlanadi: teri saratoni va melanomasida, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i, bachadon bo‘yni va to‘g‘ri ichak, prostata bezi saratonida. O‘pka, jigar va me’da saratonlarida zamonaviy tekshirish usullarini keng miqyosda qo‘llab erta bosqichda aniqlash mumkin (ultratovush usuli, multispiral kompyuter tomografiyasi, videogastrofibroskopiya).

Xavfli o‘sma kasalliklarida skrining tekshiruvi foydalari

Aholi orasida skrining tekshiruvining o‘tkazilishi xavfli o‘smalarni hali simptomlari paydo bo‘lmasdan yoki dastlabki simptomlar namoyon bo‘lganda aniqlash imkoniyatini yaratadi.

Hozirda keng miqyosda quyidagi kasalliklarda skrining tekshiruvi qo‘llanilmoqda:

  1. Mammografiya va o‘sma markerlarini aniqlash (SA-15-3) – sut bezi saratonida (50 yoshdan oshgan ayollarda bir yilda bir marta).
  2. Najasda qonni aniqlash (gemokult), sigmoskopiya, kolonoskopiya to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak saratonida (bir yilda bir marta).
  3. Pap-test va kolposkopiya bachadon bo‘yni saratonida (har 6 oyda).
  4. Ultratovush tekshirish usuli va o‘sma markerini aniqlash (RSA) prostata bezi saratonida (har 6 oyda).
  5. Multispiral kompyuter tomografiya o‘pka saratonida (1 yilda bir marta).

Ushbu tekshirishlarni aholi orasida xavf omiliga ega bo‘lgan insonlarda o‘tkazish yuqori darajada o‘sma kasalliklarini barvaqt aniqlash imkonini yaratadi. Bundan tashqari, xavfli o‘smalarning klinik simptomlari namoyon bo‘lmaganda, morfologik jihatdan surunkali kasalliklar yoki xavfsiz o‘smaning xavfli o‘smaga o‘tish bosqichini morfologik o‘zgarishlar darajasida aniqlash kelajakda bemorni to‘liq davolash imkonini beradi. Bemor bilan shifokor orasidagi suhbatda kasallikning rivojlanish bosqichiga (anamnez), klinik simptomlari rivojlanishiga va bemorning umumiy ahvoliga e’tibor qaratish kerak.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, tashqi a’zolarda joylashgan o‘smalarda (teri, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i, yumshoq to‘qima) va vizual jihatdan ko‘rish imkoniyati bor a’zolardan (bachadon bo‘yni, qin, prostata bezi, to‘g‘ri ichak, burun-halqum) xavfli o‘smalarini aniqlashda dastlabki simptomlar quyidagilardan iboratdir: paypaslanadigan hosila, chegaralari noaniq, atrof to‘qimada infiltrativ o‘zgarish borligi bilan ifodalanadi.

O‘smaning rivojlanishi unda yara hosil bo‘lishi, qonashi, hidli ajralmalar hosil bo‘lishi bilan kechadi. Ushbu jarayonni o‘z vaqtida aniqlash va baholashda instrumental yoki kompyuter tomografiya tekshiruvini o‘tkazish shart emas. Shuni ta’kidlash lozimki, aksariyat hollarda bu o‘zgarishlarni bemorning o‘zi aniqlaydi. Lekin bemorning kasallikdan cho‘chib, tashxisi salbiy chiqishidan qo‘rqishi, bir necha oy mobaynida vrachga emas, aksincha tabibga murojaat qilishi o‘smaning rivojlanib ketishiga, dastlabki bosqichdan keyingi bosqichga o‘tishini tezlashtiradi (I bosqichdan III-IV bosqichgacha).

Shuning uchun har bir inson organizmida yuqoridagi simptomlar paydo bo‘lishi bilan darhol umumiy amaliyot shifokori, keyin esa onkolog ko‘rigi va maslahatiga borishi kerak. Agar bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilsa va davolovchi-vrach klinik simptomlarni to‘g‘ri talqin qilsa, yuqorida ko‘rsatilgan kasalliklarning 70 foiziga dastlabki (I-II bosqichda) rivojlanish davrida to‘g‘ri tashxis qo‘yish mumkin va ular to‘g‘ri davolansa, 90 foiziga 5 yillik ko‘rsatkichga erishish mumkin.

Ichki a’zolarda joylashgan xavfli o‘smalarda klinik simptomlar ko‘pincha o‘tib ketgan bosqichda namoyon bo‘ladi. Bemorda o‘z-o‘zidan ozib ketish, og‘riq paydo bo‘lishi, ishtaha bo‘g‘ilishi, ko‘ngil aynashi, qayt qilish, ich ketishi yoki qotishi, ichakdan patologik ajralmalarning ketishi (qon, shilimshiq, hidli ajralma, ichning qora kelishi, axlatda yoki siydikda qon paydo bo‘lishi, qayt qilganda qon bo‘lishi, yo‘talganda balg‘am bilan qon ketishi, qorin yoki ko‘krak qafasida suyuqlik yig‘ilishi, oyoq yoki qo‘lning o‘sma rivojlanishi natijasida sinishi) dardning o‘tib ketgan bosqichlarida aniqlanadigan simptomlaridir. Aksariyat holatda ichki a’zolar xavfli o‘smasida klinik simptomlar dastlabki bosqichda yaqqol namoyon bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik bemorlar (80 foizgacha) onkologiya muassasalariga kasallikning o‘tib ketgan bosqichlarida xuddi shunday simptomlar bilan murojaat qiladi. Kasallikni erta bosqichda aniqlash uchun xavf omillari bor bemorlarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, ularni dispanser hisobiga olib, tez-tez davolash, morfologik tekshiruvlarini o‘tkazib turish kerak (surunkali kasalliklarda, xavfsiz o‘smalarda, irsiyatga moyil bo‘lgan yallig‘lanish jarayoni ko‘p xuruj beradigan aholi guruhlarida). Aholi orasida xavf guruhi ichida klinik simptomlar rivojlanishiga va namoyon bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak. Albatta, ushbu guruhga mansub aholi orasida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan tekshirishni yo‘lga qo‘yish kerak (magnit-rezonans tomograf, multispiral kompyuter tomografiya, dopler ultratovush tekshiruvi, endoskopik tekshiruvlar, radioizotop tekshiruvi, pozitron-emission tomografiya).

Aholi orasida xavf guruhi ichida klinik simptomlar rivojlanishiga va namoyon bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak. Albatta, ushbu guruhga mansub aholi orasida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan tekshirishni yo‘lga qo‘yish kerak (magnit-rezonans tomograf, multispiral kompyuter tomografiya, dopler ultratovush tekshiruvi, endoskopik tekshiruvlar, radioizotop tekshiruvi, pozitron-emission tomografiya).

Shuni aytish mumkinki, xavfli o‘sma kasalliklarini barvaqt aniqlash imkoniyati mavjud. Birinchi navbatda, kasallikning klinik simptomlarini to‘g‘ri talqin qilish, aholi orasida xavf guruhiga mansub bo‘lgan insonlarni to‘liq tekshirish va dispanser hisobiga olish, o‘z vaqtida o‘smaoldi kasalliklarini aniqlash, ularning nazoratini olib borish va davolash, zamonaviy tibbiy usullarni keng miqyosda qo‘llash (molekulyar-biologik, molekulyar-genetik, endoskopik, ultratovush, kompyuter tomografiya) maqsadga muvofiqdir. Bu asosiy vazifa umumiy amaliyot shifokoriga yuklatiladi, sababi, bemor birinchi marotaba umumiy amaliyot shifokoriga murojaat qiladi.

Shunday ekan, har bir shifokor saraton kasalliklariga jiddiy yondashgan holda to‘g‘ri tashxis belgilash jarayonida xatolikka yo‘l qo‘ymasligi va bemorni o‘z vaqtida onkolog-shifokorga murojaat etishini ta’minlashi muhimdir.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Saraton  -  ruhiyat iztirobi natijasi

M. G‘OFUR-OXUNOV,
Toshkent shahar onkologiya dispanseri bosh shifokori, professor.
"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.