Kompyuter tomografiya (KT) va magnitli-rezonans tomografiyaning (MRT) yaratilishi tibbiyot uchun olamshumul voqea bo‘ldi. Ushbu zamonaviy diagnostika usullari XX asrning 90-yillari tibbiyotga kirib keldi. Bunday ixtiro mualliflari Nobel mukofotiga haqli ravishda sazovor bo‘lishdi. KT va MRT tekshiruvlaridan tibbiy diagnostikaning har qanday yo‘nalishida foydalanish mumkin. Ayniqsa, KT va MRT nevrologiyada juda katta ahamiyatga ega. Biroq... Ba’zi bemorlar vrach tavsiyasi bo‘lmasa-da, bosh miyasini KT yoki MRT qildirib yurishadi. U yerdagi “atrofiya” yoki “ensefalopatiya” so‘zlarini o‘qib vahimaga tushishadi. Bu holatlar haqida kitobda ma’lumot berganmiz. Beli og‘riydigan ba’zi bemorlar umurtqa pog‘onasini KT yoki MRT tekshiruvidan o‘tkazib aniqlangan kichik hajmli disk churrasidan vahimaga tushib yurishadi. Bel-dumg‘aza umurtqalari orasida paydo bo‘lgan 2-3 yoki 4 mm siljigan disk churralari havfsiz bo‘lib, ozgina davolash muolajalaridan so‘ng o‘tib ketadi. Qay darajaga yetgan disk churralarini operatsiyasiz yoki operatsiya yo‘li bilan davolashni nevropatolog va neyroxirurg hal qiladi. Malakali vrachlar hech vaqt KT yoki MRT xulosasiga tayanib qolmaydi. U bemorni obdon tekshirib disk churrasini bemorga tig‘ tegizmasdan davolashga harakat qiladi. Buning iloji bo‘lmasa, operatsiya yo‘li tanlanadi. Lekin hech qachon hech qaysi davolash muolajasini kechiktirmaslik kerak, vaqtni yo‘qotmasdan davolashga kirishish lozim. KT va MRT har doim ham tashxisni to‘g‘ri aniqlashga yordam bera olmaydi. Masalan, nevroz va depressiyalar, epilepsiyaning ba’zi turlari, ba’zi nasliy kasalliklar, moddalar almashinuvi buzilishlari, muskullar ozishi bilan kechuvchi kasalliklarda KT va MRT da hech narsa aniqlanmaydi. Bunday paytlarda tashxis qo‘yishning boshqa usullari, ya’ni laborator analizlar, bioximik yoki genetik tekshiruvlardan foydalaniladi. Faqat suhbat o‘tkazish orqali qo‘yiladigan tashxislar ham borki, ular nevroz va depressiyadir. Hurmatli bemorlar! Biror bir tekshiruvga borishdan oldin albatta vrach ko‘rigidan o‘ting. Balkim o‘sha tekshiruv Sizga shart emasdir.

Prof. Ibodullayev Z.R.

"Asab va ruhiyat" kitobi.