Narkologiya

MAQOLALAR

ico
Chilimning zararsiz ekanligi rostmi?
Chilim chekishning zarari haqida shifokorlar qanchalik bong urmasin so‘nggi yillarda ayrim yoshlar orasida ushbu illat ommalashib bormoqda. Ba’zi ota-onalarning bu holatga panja orasidan qarayotgani, farzandi kelajagiga e’tiborsizligi esa yanada achinarlidir. chilim Chilim tamakiga nisbatan bezarar, unda turli bakteriyalarni o‘zida saqlaydigan qog‘oz yo‘q, degan so‘zlar quruq safsata, xolos. Tamaki va chilimning ta’mi borasida hech qanday farq yo‘q. Uning tutuni biroz mayin, tarkibiga esa turli xushbo‘y musallas, suyuqliklar, turli yog‘lar, shuningdek, kuchli ta’sirga ega sharbatlar qo‘shiladi. 45 daqiqa chilim chekish oqibatida bir quti sigaret tarkibidan ham ko‘p miqdorda is gazi odam organizmiga tushadi. Maxsus chilim uchun mo‘ljallangan 50 gr. qutili tamakida 0,05 foizli nikotin mavjud. Demak, 50 grammli qutida 25 mg. nikotin bor ekan. Bir martalik chilimda 6,25 mg. nikotin mavjud. Eslatib o‘tamiz birgina sigaretda atigi 0,8 mg. nikotin bor. Ko‘rinib turibdiki, chilimdagi nikotin sig‘imi 7,5 marotaba ko‘proq. Unga mukkasidan ketgan chekuvchilarning o‘pkasi tamaki chekuvchilarnikidan ko‘ra ko‘proq saraton xastaligiga chalinadi. Chilim chekishga mukkasidan ketgan insonlarning organizmida katonin moddasining oshishi jismdagi himoya tizimining susayishiga olib keladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ogohlantiradi!

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra chilim chekuvchilar qoni tarkibida karboksigemoglobin, nikotin, kotinin, margimush, xrom, qo‘rg‘oshin miqdori yuqori bo‘ladi.
“Jozibador” chilimga tobe kashandalar orasida yurak qon-tomir xastaligi, onkologik kasalliklar, o‘pka va boshqa a’zolarning faoliyati izdan chiqadi.
Narkologlarning ta’kidlashicha chilim chekuvchilarda ham nikotinga o‘rganib qolish ehtimoli yuqori. Bunday odamlar tezda depressiya (tushkunlik)ka tushishi kuzatiladi. Bundan bir necha yil avval Berlindagi maxsus federal institutda olimlar kuzatuv olib borishdi. Unga ko‘ra chilim chekuvchilar organizmiga filtrsiz eng kuchli tamaki chekuvchilardan ko‘ra ko‘p miqdorda zararli moddalar kirar ekan. Unga solingan suv xavfli moddalarni ushlab qolmaydi. U faqatgina tutunni sovutadi va kuch bilan tortilgan bug‘ esa o‘pkaning eng quyi sohasiga qadar yetib borishni ta’minlaydi. Nemis olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra yonayotgan ko‘mir harorati 4500 Sni tashkil etadi. Chilim chekuvchilar esa 500-600 sm³ tutunni ichiga yutadi. Natijada o‘pka qayishqoqlik xususiyatini yo‘qotadi va o‘zidagi toksin (zahar)lardan xalos bo‘lish funksiyasini bajarolmay qoladi.
“Jozibador” chilimga tobe kashandalar chekishda bir naychadan foydalanadi. Natijada bir necha kashanda turli xastalik masalan, zahm (sifilis), gerpes, sil, zamburug‘li xastaliklar hamda A gepatitni yuqtirib olishi mumkin.
Homiladorlik chog‘ida ayrim ayollar uchun chilim tinchlantiruvchi vosita bo‘lib tuyuladi. Onalar o‘z farzandini chilim orqali is gazi, og‘ir metall tuzlari, qatron (smola), zaharli kimyoviy vositalar bilan zaharlaydi. Homila hech qanday himoyasiz zararli vositalarni qabul qiladi. Zero, embrionning platsentasi, ya’ni yo‘ldoshi filtr vazifasini o‘tamaydi. Homila asta-sekinlik bilan tamakiga o‘rganib qoladi. Unda kislorod yetishmasligi kuzatiladi. Miya faoliyatiga shikast yetadi. O‘pka faoliyati izdan chiqadi. Chilim tutunidan zaharlanib tug‘ilgan chaqaloqning ilk kunlarida ovqatlanish tizimida muammolar yuzaga kelishi, diatez (chilla yara), allergiya xastaligi kelib chiqishi mumkin. Homilador ayolning kashandaligi sababli go‘dak hali ona qornidayoq passiv chekuvchiga aylanadi. Chekuvchi bolaning qon aylanish tizimi ham qattiq zararlanadi. Uning qon tomirlari noziklashib qoladi.

Irina LIVЕRKO, tibbiyot fanlari doktori. "Sog‘lom avlod" gazetasi.

ico
Chekishni tashlash uchun xalq tabobatidan maslahatlar
Siz chekishni tashlamoqchisiz, ammo cira buni uddasidan chiqa olmayapsiz. Unda sizga xalq tabobati yordam berishi mumkin. Dunyoda har 6 soniyada bir kishi tamaki chekishdan ko‘z yumadi! Tamaki chekishni tashlashga ahd qilganingiz bilan tabriklaymiz! Bu qaror qattiq va mustahkam bo‘lishi kerak! Xalq tabobati esa bu og‘ir masalada yordam beradi. chekishni tashlash

Chekishni tashlash. Birinchi kun

Tamaki chekishni tashlagan birinchi kunni o‘zingizga yoqadigan qilishingiz darkor. Kunni quvnoq va bayramona o‘tkazing,o‘rtoqlaringiz bilan sayrga chiqing shunda bu kun qanday kechganini sezmay qolasiz. Agar chekish xoxishi paydo bo‘lsa, saqich chaynang yoki meva sabzavotlardan yeng, meva sharbati ichish yaxshi naf beradi. Agar chekish xoxishi kuchli bo‘lsa, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullaning,
yuguring, gimnastika mashqlarini bajaring.

Nikotinga qarshi choy

Nikotinga qarshi maxsus choy tayyorlab ichishni tavsiya qilamiz. Bu choyni tayyorlash uchun 1 osh qoshiq qora seylon yoki hind choyini 200 gramm qaynagan suvda damlaymiz. Ezilagan sachratqi ildizlari, valeriana, qichitqi o‘t barglari, yalpizdan yarim choy qoshiq choyga qo‘shib, bir soat tindiriladi. Kuniga 2-3 piyoladan ichiladi.Ushbu choyni ta’sirini kuchaytirish uchun unga qo‘shimcha qo‘shish ham mumkin. Ya’ni, bir osh qoshiq maydalangan xom lavlagiga bir choy qoshiq asal va bir dona limon sharbatini qo‘shib, choyga aralashtirib ichiladi.

Chekishni tashlash uchun

Suli donalaridan 2 osh qoshiq olib maydalab, 100gramm qaynagan suvga solib 5 daqiqa past olovda qaynatiladi va 1 soat tindiriladi. Ushbu damlamadan 1 oy davomida bir kunda 3 marta ovqatdan oldin 30grammdan ichib yurish tavsiya etiladi. Chekishni tashlashning yana bir yo‘li: bir oy davomida, ertalab va kechqurun nonga 1 choy qoshiq baliq moyi surib yeyish kerak.

Og‘izni chayish

Ichimlik sodasidan 1 osh qoshig‘ini 100gramm suvga solib, ushbu aralashma bilan og‘izni chaying. Bu aralashmadan ichish ham yaxshi natija beradi. Lekin, bu usul oshqozon-ichak kasalliklari bilan og‘riganlarga tavsiya etilmaydi. Eng qiyin kunlarda ya’ni, chekishni tashlashning birinchi,ikkinchi va uchunchi kunlarda dudlangan, tuzlama, go‘sht va alkogol ichimliklarini iste’mol qilmang!

© Sof.uz

ico
Giyohvandlikni to‘xtating!
BMT Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga  qaraganda, bugungi kunda dunyoda 210 milliondan ortiq  giyohvandlar  qayd etilgan bo‘lib, bu yer yuzi aholisining 3 foiziga to‘g‘ri keladi.  Hozir dunyoda yoshlar orasida giyohvandlarning muayyan tizimi shakllanmoqda, har yili yoshlar o‘rtasida giyohvandlar soni 15-20 foiz ko‘payib bormoqda. narkomaniya, giyohvandlik Tibbiyot qo‘llanmalarida keltirilishicha, qoradori inson organizmiga kirgach, ichaklarga so‘rilib, qorindagi qon aylanish yo‘li bilan jigarga yetib boradi. Natijada jigar hujayralari ta’sirlanib, sirroz kasalligini keltirib chiqaradi. Qoradori qayta-qayta iste’mol qilinishi oqibatida jigar sirrozi kuchayib boradi. Jigar kichrayib, qotib qolgach, faoliyati susayadi. Uning hujayralari atrofida yog‘lar cho‘kib qoladi. Giyohvand moddalarning oqsillari xalaqit bergani uchun yig‘ilib qolgan zaharli moddalar qon aylanishi bilan markaziy asab tizimiga qadar yetib boradi. Asab hujayralari ishdan chiqib, yaroqsiz holatga kelgach, bemorning ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-achchiqni sezish qobiliyati yo‘qoladi. Endorfin moddasi insonning ish qobiliyatini kuchaytiradi. Kayfiyatini ko‘taradi. Organizmga ijobiy kuch-quvvat ato etadi. Narkotik modda iste’mol qiluvchi shaxslarda endorfin moddasi chiqarilishi to‘xtaydi. Bu holga sabab tashqaridan og‘riqsizlantiruvchi giyohvand modda kirganligi uchun bosh miya tabiiy og‘riqsizlantiruvchi, orombaxsh moddani ishlab chiqarmaydi. Organizmga kirayotgan narkotik moddalar almashinuvida ishtirok etishi sababli tananing har bir hujayrasiga kirib boradi va bora-bora giyohvand moddaga moslashadi. Natijada giyohvand moddani qabul qilmasa, a’zoi-badanida kuchli, chidab bo‘lmas og‘riq paydo bo‘ladi. U titrab-qaqshab, bukchayib qoladi. Kashanda asablarini bir oz bo‘lsa ham tinchlantirish maqsadida giyohvand moddalarini iste’mol qilishga majbur bo‘ladi. Uxlay olmaslik, sustlik, ishtahasizlik, g‘amginlik, ko‘zning yoshlanishi, titroq, uvishish, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, tomirlarning bo‘rtib chiqishi, yurak o‘ynashi kabi xastaliklarga mubtalo bo‘ladi. Nashavandlarda his-tuyg‘ularni bosh-qarishning pasayishi, javobgarlikdan qochish, mas’uliyatsizlik, o‘z omadsizligiga atrofdagilarni ayblash, janjalkashlik, dag‘allik, yaqinlarini kamsitish va xo‘rlash, ba’zan tajovuzkorlik kuzatiladi. Giyohvand kimsaning narkotik modda iste’mol qilishi natijasida atrofdagi insonlar bilan o‘zaro munosabatlari buziladi. U oilasi, o‘rtoqlari va ishini yo‘qotadi. Giyohvand modda iste’mol qilish natijasida shaxsning ozib ketishi, egilibroq yurishi, terisi qurib, tuproq tusiga kirishi, tishlari tushib ketishi kuzatiladi. Chunki, giyohvand shaxsning immuniteti pasayib, kalsiy moddasi organizmdan ko‘p miqdorda peshob bilan chiqib ketadi. Geroin inyeksiya hamda og‘iz orqali qabul qilinadi, shuningdek uning kukuni giyohvand shaxslar tomonidan burunga tortiladi. Ushbu narkotik modda asab tizimi faolligini susaytiradi. Yo‘tal tutishiga sabab bo‘ladi. Yurak urishini tezlashtiradi. Qabziyatni keltirib chiqaradi. Ko‘z qorachiqlarining torayishi, qo‘l va oyoqlardagi inyeksiya belgilari bemorning geroin qabul qilishini bildiradi. Yana uning dozasini tasodifan oshirib yuborish natijasida giyohvand shaxs to‘satdan vafot etishi mumkin. Bitta shpris ignasidan bir necha giyohvandning foydalanishi natijasida esa OIV hamda gepatitning V va S turini yuqtirib olishi mumkin. Bemorlarda qonning zaharlanishi kuzatiladi, immunitet pasayib ketishi sababli uzoq vaqt bitmaydigan yaralar kuzatiladi. Giyohvandlardan nogiron va mayib-majruh farzandlar tug‘iladi. Narkotiklar organizmga maxsus ta’sir etadigan kuchli zahar. Ular oqibatida bosh miya atrofida kuchli og‘riqlar; jinsiy zaiflik ro‘y berishi; nafas yo‘llari shilliq qavati va o‘pka to‘qimasining kasalliklarga qarshi kurashish salohiyati keskin pasayib ketishi, bunda o‘pkaning yallig‘lanishi va saraton kasalligiga uchrashi oson kechishi; tutqanoq tutib, bir shpritsdan foydalanish oqibatida OITS, gepatit va qon orqali yuqadigan boshqa yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi isbotlangan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, giyohvand moddalarga qaram insonlar 4-5 yildan oshiq umr ko‘rmaydilar. Ularning ko‘pchiligi giyohvand moddalarning iste’mol miqdorini oshirib yuborishdan halok bo‘lishadi. Sababi organizm­da giyohvand moddaning ta’sir kuchi tugasa, yana xumor tutadi va nashavandning a’zoi badani chidab bo‘lmas darajada qaqshab og‘riydi. Bu og‘riq tananing har bir hujayrasida uchraydi. Xuddi suyaklar sinib, paylar uzilib ketayotgandek bo‘ladi va bu og‘riqlarning oxiri o‘lim bilan yakun topadi. Giyohvand moddani haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish oqibatida bosh miyadagi nafas olish tizimi faoliyatini boshqaradigan markaz to‘xtab, o‘pka shishadi. Bu holatda bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, u vafot etadi. Shuningdek, giyohvand kishilarning immuniteti ham pasayib ketadi. Narkotik moddani tomir orqali qabul qilish natijasida teri absesslari, flebit (venaning yallig‘lanishi) vujudga keladi. Bemorlarning jinsiy faoliyati susayadi. O‘tkir psixozlar (o‘z joniga qasd qilish) sababli giyohvand shaxsning hayoti xazon bo‘ladi.

© "Salomatlik sandig‘i" gazetasi.

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: