Logopediya

MAQOLALAR

ico
Bola necha yoshda gapiradi? "Tili chiqishi" kechikishiga sabablar nima?

Agar bola gapirishga shoshilmayotgan boʻlsa, uning otasi yoki onasi bolaligida necha yoshdan soʻzlay boshlaganiga qiziqish kerak. U jihat unga oʻz ota-onasidan meros boʻlgandir.

Ayrim onalar bolam 3-4 yosh boʻldi, hamon gapirmayapti, deb xavotirlanadi. Lekin mutaxassislarning aytishicha, hamma bolalar ham erta gapirmas ekan. Baʼzi bolalar (koʻpincha qizchalar) 1-2 yoshdan oʻnlab soʻzlarni burro aytadi. Ayrimlari esa ota-onalarni kuttirib, ancha vaqtgacha tilini qisib yuradi.

Kichkintoyning gapirishiga, xuddiki “katta boʻlishi”ga, ota-onalar shoshishadi va bola necha yoshda gapiradi, degan savollar ota-onalarning koʻpchiligini bezovta qila boshlaydi. Hattoki, bolaning gapirish vaqtiga yetmasdanoq, gapirmayotganini kasallikka mengzash holati ham uchrab turadi.

Bola tili chiqishi kechikishiga sabab boʻluvchi omillar turli-tuman. Muammoning yechimi har xil boʻlishi mumkin. Shu bois ota-onalarga bolalar shifokori Salomat Xoʻjaboyeva bilan suhbatlashib, ota-onalarga qiziq boʻlgan bir qator savollarga javob oldik.

bola tili chiqishi

Bolalarning tili chiqishi kechikishiga nimalar sababchi?

Bolalarda nutq rivojlanishdan ortda qolishiga bir qator jismoniy va ruhiy omillar sabab boʻladi. Ulardan baʼzilarini mustaqil ravishda bartaraf etsa boʻladi. Ayrim hollarda esa mutaxassisdan yordam soʻrashga toʻgʻri keladi. Bunda avvalo bolaning gapirishiga nima xalaqit berayotganini bilish juda muhim. Albatta, bunday muammoga duch kelinganda asosan malakali logoped-defektologlar yordam koʻrsatadi. Ota-ona bolani shifokorga olib kelganda koʻrik jarayonida nutq oʻsishiga toʻsiq boʻlayotgan sabab aniqlanadi va uni bartaraf qilish usullarini taklif etiladi. Bu muammoga quyidagilar sabab boʻlishi mumkin.

Individuallik

Shubhasiz har bir bola oʻziga xos tarzda rivojlanadi. Agar sizning farzandingiz qoʻshningizning bolasidan bir oy oldin yura boshlagan boʻlsa u qoʻshnining bolasidan ancha keyin gapirishni oʻrganishi mumkin. Bu xavotirga sabab boʻlmaydi. Bu uning rivojlanishidagi oʻziga xoslik bilan bogʻliq. Vaqti kelganda u ham boshqa bolalar kabi bemalol gapira boshlaydi.

Ehtiyoj yoʻqligi

Inglizlarda bir latifa bor: Bolakay bir necha yil davomida gapirmabdi. Ammo unga bemaza boʻtqani berishganda bundan norozi boʻlib gapirib yuboribdi. Bu voqelik haqiqatdan uzoq emas. Farzandiga keragidan ortiq gʻamxoʻrlik qiladigan ota-onalarning bolalari oʻz istaklarini soʻz bilan aytishga ehtiyoj sezmaydi. Eʼtibor bermaslik ham nutq rivojlanishiga turtki berishi mumkin.

Pedagogik eʼtiborsizlik

Bu bola bilan umuman shugʻullanmaslikni anglatadi. Chaqaloq tugʻilganidan eʼtiboran onasi va otasining, boshqa yaqinlarining muloyim soʻzlari qurshovida boʻlishi kerak. Agar ona goʻdakni toʻydirish va parvarishlash bilan cheklanib, u bilan muloqotni kam qilsa, gaplashilmasa qanday qilib nutq rivojlanishi mumkin? Bola bilan iloji boricha koʻproq gaplashish talab etiladi.

Oilada ikki tilda gaplashish

Bunday oiladagi bolalar ham koʻpincha tengdoshlaridan kech gapira boshlaydi. Buning oldini olish uchun bola tili chiqquncha u bilan bitta tilda, oson soʻzlar bilan gaplashish lozim.

Stresslar

Noqulay ruhiy muhit. Afsuski stress nafaqat kattalar, balki bolalar ruhiyatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Qattiq qoʻrqish, oiladagi janjallar ham bola nutqining rivojlanishini kechiktirishi mumkin. Qattiq qoʻrqish, ruhiy shikastlanish duduqlanishga va ruhiy rivojlanishdan kechikishga olib keladi. Bunday kechikish bolalar psixologi yordamida bartaraf etiladi.

Boladagi negatizm (qaysarlik)

Baʼzi ota-onalar tezroq gapirtirish uchun jiddiy kirishadi va farzandining “jahlini” chiqarishadi. Ayniqsa kichikligidan qaysar bolalar ularning bu qiligʻi uchun ataylab gaplashmay qoʻyadi. Shuning uchun zoʻr berib bolani gapga solishga urinish ham yaxshi emas.

Genetik moyillik

Agar bola gapirishga shoshilmayotgan boʻlsa uning otasi yoki onasi bolaligida necha yoshdan soʻzlay boshlaganiga qiziqish kerak. U jihat unga oʻz ota-onasidan meros boʻlgandir. Bunday holatda vaqti kelganda bolaning oʻzi tengdoshlariga yetib oladi.

Tugʻruqning qiyinchilik bilan oʻtishi

Bolaning asab tizimi toʻgʻri shakllanishiga tugʻruq asoratlari ham sabab boʻladi. Bu holat chaqaloqligida nevropatolog koʻrigida aniqlanib, bolada nutq rivojlanadigan davrda yuzaga chiqadi. Bu nuqsonni tuzatish borasida logoped va defektologlar ishlaydi.

Eshitishdagi nuqsonlar

Soʻz boyligi koʻpayishi uchun bola atrofdagilarning soʻzlaganini eshitishi va qabul qilishi kerak. Agar umuman eshitmasa, albatta gapirishni ham oʻrganolmaydi. Bu tashxisni lor shifokor aniqlaydi va davo choralarini belgilaydi.

Artikulyatsiya nuqsonlari

Nutq apparati meʼyorida ishlasagina bola turli tovushlarni chiqaradi. Agar unda muammo mavjud boʻlsa bu albatta nutq rivojlanishida aks etadi. Mushaklar tonusi sustligi, til osti tugunchasi qisqaligi va boshqalar artikulyatsiyada qiyinchilik tugʻdiradi. Bunda bola qattiq ovqatlarni chaynay olmaydi, ogʻzini ochib yuradi, soʻlak koʻp oqadi. Bunday holatda nevrolog, nevropatolog, logoped-defektologlar yordam beradi.

Alaliya

Bu nutqning toʻla rivojlanmaganligi yoki umuman boʻlmasligi, fikrini bayon qilishdagi muammolar. Mazkur tashxis nutq markazlarining yetarli rivojlanmaganligini bildiradi. Homila ona qornida boʻlganda ayol yiqilishi yoki goʻdakligida jarohat olishi oqibatida bosh miyaga shikast yetib shunday asorat qolgan boʻlishi mumkin. Bu nuqson bir nechta shaklga ega: yengil va ogʻir (12 yoshda ham nutqning boʻlmasligi). Bu bilan bir vaqtda mayda va yirik motorikaning buzilishi kuzatilishi mumkin, masalan, bola bir oyogʻida uzoq turolmaydi. Bu nuqsonni mustaqil bartaraf qilib boʻlmaydi, bolani professional mutaxassis yordamida davolash, uning maslahatlariga amal qilish zarur.

Intellektual rivojlanishdagi muammolar

Nutq toʻgʻridan-toʻgʻri aqliy va ruhiy rivojlanish bilan bogʻliq. Turli genetik kasalliklar, autizm, daun sindromi, aqliy zaiflik, shubhasiz nutq rivojlanishiga taʼsir qiladi. Malakali mutaxassisning bola bilan tizimli ishlashi nutqni korreksiyalashga yordam beradi. Gaplashishni oʻrganishda bolaga yordam berish uchun kechikishning sababini bilish zarur. Bolaning tili chiqishi kechikkanda ota-ona farzandi mustaqil gapirib ketishini kutib yurmasdan u bilan faol shugʻullanishi kerak boʻladi. Logoped maslahatlari muammoni tezroq hal qilish imkonini beradi.

Normada bola necha yoshda gapiradi?

Chaqaloqlar ikki oyda tovush chiqaradi, 4-6 oylikda ilk boʻgʻinlarni aytsa bola nutqi rivojlanishi meʼyorida ekanini bildiradi. 10-11 oylikda odatda ilk soʻzlarni talaffuz qiladi, bir yoshda esa uning soʻz boyligi 5-10 soʻzdan, ikki yoshda esa 200-300 soʻzdan iborat boʻlishi kerak. Uch yoshda bola qoʻshma gaplarni tuza oladi va sheʼrlarni aytadi. Koʻpincha ota-onalar bolani birinchi marta logopedga uch yoshida olib kelishadi. Besh yoshda nutqni toʻgʻrilash qiyinroq kechadi. Yaxshi mutaxassis sizni nevrologga yuborishi mumkin.

Ota-onalar uchun foydali maslahatlar

Baʼzi bolalar juda imillagan, odamovi va ogʻir-bosiq boʻladi. Ular juda kichkinaligidanoq bolalarni uzoqdan kuzatishni yaxshi koʻradi. Bolalar bilan birga oʻynamaydi, toʻrt yoshga toʻlganda zoʻrgʻa gapirishni boshlaydi. Bunday tabiatli bolalarda kech gapirish atrofdagi muhit toʻgʻrisidagi tasavvurning kamligi va haddan tashqari tortinchoqlik shu tufayli paydo boʻladi. Bunday bola bilan koʻproq muloqotda boʻlish, birga qoʻshilib oʻynash, mehmonga, doʻkonlarga, jamoat joylariga birga olib yurish kerak.

Bolalar bogʻchasi uchun eng muvofiq yosh – 3 yosh.

Bolani koʻproq rivojlantiruvchi oʻyinlar bilan shugʻullantirish kerak. Buning uchun uyda har kuni 15-30 daqiqa shugʻullanish yetarli boʻladi. Va albatta ragʻbatlantiring. Baqirish bilan hech narsaga erisha olmaysiz.

Oʻz hissiyotlarini ifodalash juda muhim. Buning uchun timsoh tipidagi oʻyinlar mos keladi: qayerda qiliq qilish, qayerda mimika bilan ishlab oʻz ichki dunyosini tushuntirish. Oʻz hissiyotlaringizni koʻrsatishdan tortinmang.

Hech kimning gapiga quloq solmang, taqqoslamang va “mening bolam rivojlanmayapti yoki ruhiy noqismi” degan fikrni xayolingizga keltirmang. Mana koʻrasiz, u hammadan yaxshi bola boʻladi, bu sizning qoʻlingizdan keladi! Unga iloji boricha mehringizni bering, seving!

Gulshan suhbatlashdi.
Manzur.uz

Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.

Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit

Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

ico
Duduqlanish turlari va davolash usullari
Duduqlanish bu   nutq apparati muskullarining tortishishi natijasida   nutqning sur’at ohangining   buzilishidir. Duduqlanish sabablari hozirgi vaqtda 2 guruhga bo‘linadi: moyillik sababi va keltirib chiqaruvchi sabablardir.

Moyillik sababiga quyidagilar kiradi

  • Ota-onalarning nevropatik kasallanishi.
  • duduqlanuvchining o‘zidagi nevropatik xususiyatlar.
  • nasliy     buzilish.
  • bosh miyaning turli davrlardagi rivojlanishida,   ko‘plab salbiy omillar ta’sirida shikastlanishi.
Keltirib chiqaruvchi sabablar guruhida anatomik-fiziologik ruhiy va sotsial sabablarni ajratib ko‘rsatishimiz mumkin.
Doimo eslatish, tartibga chaqirish bolaning oliy nerv faoliyatini izdan chiqarish va duduqlanishni keltirib chiqarish bilan birga nevratik va psixopatik holatlarga olib kelishi mumkin; o‘qituvchiining bolaga noto‘g‘ri munosabatda   bo‘lishi, haddan ortiq qattiqqo‘llik, shafqatsizlik duduqlanishning yuzaga kelishi uchun turtki bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Hozirgi davrda duduqlanishning alomatlarini bir-biriga o‘zaro yaqin bo‘lgan ikkita guruhi ajratiladi:
  • biologik (fiziologik)
  • sotsial (psixologik)
Fiziologik alomatlariga ko‘ra   nutqning hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi a’zolarining tortishishi, markaziy nerv sistemasi va jismoniy salomatligining, umumiy va   nutq   harakatlarining   buzilishi kiradi. Psixik alomatlarga   nutqda tutulish va his-hayajonli   nutqning boshqa   buzilishlari   nutqda qayd qilish fenomeni, logofobiyalar, nayrang ishlatish va boshqa ruhiy jihatlar kiradi.

Nutq akti jarayonidagi muskul tortishish 3 xil bo‘ladi

  • klonik
  • tonik
  • aralash.
Duduqlanish tutib qolishining beqaror tezligini o‘rganish to‘g‘ri   nutqning saqlanib qolgan nutq faoliyatidagi va   nutq vaziyatidagi turli darajali murakkabliklariga bog‘liq ravishdagi ko‘rsatkichlarini belgilash to‘g‘risidagi tushunchalarni asoslash uchun imkoniyat yaratadi. Saqlangan   nutq darajasini aniqlash logopedik ishning   har bir bosqichidagi asosiy tuzatish vazifalari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Duduqlanishning paydo bo‘lishiga shuningdek umumiy va   nutq motorikasining turlicha   buzilishlari xosdir. Ular zo‘raki va ixtiyoriy tutib qolish tarzida bo‘lishi mumkin. Duduqlanuvchilar o‘zlarining qiyin   nutqini niqoblash yoki yengillashtirish maqsadida bunday   harakatlardan foydalanadilar. Duduqlanishning sotsial asosi shunday psixik asoski, uning asosida « nutqning zaiflashuvini idrok etish» paydo bo‘ladi. O‘zining noto‘kisligini his etish nevrotik kasallikning rivojlanishida asosiy omillardan biri hisoblanadi. Xastalangan kishi o‘zining kasallik alomatlariga qanchalik   ko‘p e’tibor bersa, u shunchalik zo‘rayib boraveradi. Natijada shunday og‘ir ahvol paydo bo‘ladiki, bemor undan sira qutula olmaydi, kasallik alomati uning e’tiborini chulg‘ab oladi, buning   oqibatida alomatlar yanada rivojlanadi va bemorning e’tiborini   o‘ziga qaratadi. Duduqlanish muammolari bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar nuqsonga e’tiborni jalb etish tushunchasi borasida turlicha qarashlarni keltiradilar: diqqat e’tiborning alohida xususiyati, nuqsonni idrok etish, u haqida tasavvurga ega bo‘lish, unga nisbatan turlicha xissiyotli munosabatda bo‘lish kabilar. Nuqsonda qayd qilinadigan turli darajalarning haqiqiy murakkabligini ifodalovchi me'yorlarni topish muhimdir. Bunday me'yor sifatida duduqlanuvchining o‘z nuqsoniga nisbatan his-hayajonli munosabati borasidagi 3 ta variantdan va ularga qarshi irodaviy kuch-g‘ayrat sarflashning 3 ta variantidan foydalanish mumkin. Shular munosabati bilan duduqlanadigan kishilarni uch guruhga ajratish uchun «kasallikka diqqatni jalb qilish» atamasining kiritilishi o‘rinlidir.
  • Kasallikka diqqatni jalb qilishning nolinchi darajasi: bolalar go‘yo o‘z nuqsonini sezmagandek, u haqida o‘ylamaydilar va tashvishlanmaydilar. Tortinish, o‘zining noto‘g‘ri   nutqi xususida o‘ylash, nuqsonni bartaraf etish uchun hech qanday urinishlar bo‘lmaydi.
  • Kasallikka diqqatni jalb qilishning mo‘tadil darajasi: yuqori sinf o‘quvchilari va o‘smirlar o‘z nuqsonidan tashvishlanadilar, undan uyaladilar, duduqlanishni yashiradilar, turlicha hiyla ishlatishgacha boradilar, atrofdagilar bilan kamroq munosabatda   bo‘lishga urinadilar. Ular o‘zlarinig duduqlanishlarini biladilar, uning ketidan qator noqulayliklarni boshdan kechiradilar, o‘z kamchiligini niqoblashga urinadilar.
  • Kasallikka diqqatni jalb qilishning yaqqol ifodalangan darajasi: duduqlanuvchilarda nuqson borasidagi tashvishlanish o‘zining noto‘kisligini doimiy chuqur his etishga aylanadi, bunda   har bir   harakat   nutqiy noto‘kislik tushunchasi orqali tahlil etiladi. Ular o‘z diqqatlarini   nutqiy kamchiliklariga yo‘naltiradilar, duduqlanishdan chuqur tashvish chekadilar, ular uchun kasallikka e’tibor berish, kasallikdan shubhalanish, gapirishdan oldin vahimaga tushish, odamlardan, vaziyatlardan va boshqalardan gumonsirash xosdir.

Duduqlanish uchta darajaga ajraladi

  • Yengil duduqlanish - kishi asabiylashgan holatida yoki tez gapirayotganida duduqlanad.
  • O‘rtacha duduqlanish- kishi tinch, odatdagi vaziyatda oson gapiradi, kam duduqlanadi, his-hayajonli damlarda kuchli duduqlanish yuz beradi.
  • Og‘ir duduqlanish - kishi butun nutqi davomida, doimiy chalg‘ituvchi   harakatlar qilishi bilan duduqlanadi.

Duduqlanish davom etishiga ko‘ra quyidagi turlarga ajratiladi

  • Doimiy - duduqlanish paydo bo‘lgach turli nutq shakllari va vaziyatlarida bevosita namoyon bo‘ladi.
  • To‘lqinsimon duduqlanish- duduqlanish goh kamayadi, goh kuchayadi, lekin butunlay yo‘qolmaydi.
  • Qaytalanuvchi - duduqlanish yo‘qolib, yana paydo bo‘ladi, ya’ni qaytalanish yuzaga keladi, uzoq muddatli erkin tutulishsiz nutqdan so‘ng qayta paydo bo‘ladi.
Birinchi holatda bu davolash tadbirlari, ikkinchisida pedagogik tadbirlar va uchinchisida duduqlanuvchiga davolash va pedagogik jarayonlarning turli holatda qo‘shib olib borgan holda ta’sir etish. Duduqlanishni bartaraf etishning terapevtik vositalari turlicha darajalari va shakllarida qadimdan boshlab barcha davrlarda qo‘llanib kelingan. Duduqlanishni davolashning jarrohlik metodi eramizning I asridan XIX asr o‘rtalariga qadar to uning besamaraliligi va xavfliligi haqidagi fikrlar tasdiqlanguncha qo‘llangan.

Psixoterapevtik ta’sirlar

Duduqlanishga nevrotik zaiflashuvi sifatidagi qarashlarni paydo bo‘lishi bilan ayrim mualliflar uni psixoterapevtik ta’sir orqali bartaraf qilishga birinchi darajali ahamiyat bera boshladilar.

Didaktik usullar

Duduqlanuvchilarda to‘g‘ri   nutqni didaktik usulda tarbiyalash tarafdorlari ham   nutqning ayrim elementlarini, ham umuman nutqni qamrab oluvchi turli xil va sekin-asta murakkablashadigan nutqiy mashg‘ulotlar sistemasini tavsiya etishdi. Duduqlanishni bartaraf etishga zamonaviy atroflicha yondashuv deganda duduqlanuvchi ruhiy jismoniy holatining turlicha tomonlariga turli mutaxassislarning   har xil vosita va usullari bilan pedagogik davolash orqali davolash, ta’sir etish tushuniladi. Barcha pedagogik davolash majmuini duduqlanuvchilarga ta’sir etish xususiyatiga qarab shartli ravishda ikkita guruhga ajratish mumkin: davolash- sog‘lomlashtirish va pedagogik tuzatish. Tibbiyotchi olib boradigan davolash- sog‘lomlashtirish ishlari quyidagi asosiy vazifalarni o‘z ichiga oladi: duduqlanuvchining asab sistemasi va jismoniy holatini mustahkamlash hamda sog‘lomlashtirish, ularning ruhiy-jismoniy holatidagi og‘ish va patologik ko‘rinishlarni bartaraf etish va davolash. Logoped olib boradigan pedagogik   tuzatish ishlar quyidagi asosiy vazifalarni o‘zida mujassamlashtiradi, duduqlanuvchi   nutqidagi nuqsonlar va ruhiy noto‘kis jihatlarini bartaraf etish. Logoped o‘z uslubi va vositalarini duduqlanuvchiga ta’sir etishda qo‘llay biladigan zarur mutaxassislarning hamkorlikdagi tibbiy-pedagogik ishini tashkil etadi.
Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: