3.6
(11)

Sog‘-salomat hayot kechirib, uzoq umr ko‘rish uchun to‘g‘ri ovqatlanishning ahamiyati beqiyos. Negaki ovqat oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitamin hamda mineral moddalarning tabiiy manbai hisoblanadi, oqsillar organizm hujayralari va to‘qimalari yangilanishida zarur bo‘lsa, yog‘ va uglevodlar organizmni quvvat bilan ta’minlaydi. Vitamin va mineral moddalar tananing himoya kuchini oshiradi.

Shunday ekan, ovqatlanishda vitaminga boy hamda mineral moddalarga serob mahsulotlarni yetarlicha iste’mol qilish lozim. Bunday mahsulotlar kishi immunitetini ko‘taradi. Ma’lumki, shamollash, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar va grippdan saqlanishda immunitet muhim rol o‘ynaydi. Immunitetni mavsumga shay holda tutib turish uchun organizmni chiniqtirish, jismoniy faol bo‘lish, toza havoda sayr qilish va to‘g‘ri ovqatlanish talab etiladi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ham immunitetni kuchaytirish xususiyatiga ega.

Sarimsoq viruslar va zararli bakteriyalar ko‘payishining oldini oladi. Shifokorlar har kuni hech bo‘lmaganda bir bo‘lak yangi sarimsoqni iste’mol qilishni maslahat beradilar. Uni mayda to‘g‘rab tayyor ovqatga yoki salatlarga qo‘shish ham mumkin. Xonadonda likopchalarga kesilgan sarimsoqdan qo‘yib chiqilsa, xuddi ingalyatsiya kabi ta’sir ko‘rsatadi.

Ayniqsa bog‘cha yoki boshlang‘ich sinflarga boradigan bolalar ko‘p shamollashadi. Bunday hollarda yangi sarimsoq bo‘lagini ipdan o‘tkazib bolaning bo‘yniga osib qo‘yilsa u kamroq kasal bo‘ladi.

Go‘sht immunitetni kuchaytirishda meva-sabzavotlardan aslo qolishmaydi. Chunki organizm meyorda ishlashi uchun unga oqsil kerak. Go‘sht tarkibidagi temir mikrounsuri esa nafaqat anemiya rivojlanishining, balki turli kasalliklarning oldini oladi. Go‘sht tarkibida temir olma va anordagidan ham ko‘p. Shu sababli, kuniga 100 gramm mol go‘shti iste’mol qilish immunitetingizni temirdek mustahkam qiladi.

Baliqning forel, losos, tunes turlari immun tizimini mustahkamlash xususiyatiga ega omega-3 yog‘ kislotalari va rux mikrounsuriga juda boy. Bu foydali moddalar boshqa baliq turlarida ham bor. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, rux shamollash rinoviruslar ko‘payishining oldini oladi va davolanish jarayonini tezlashtiradi. Kalmar va dengiz karami ham ruxga boy mahsulotlardir.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  To‘g‘i uxlash qoidalari qanday?

Limon, apelsin, mandarin singari sitrus mevalar bakteritsid va viruslarga qarshi ta’sirga ega bo‘lib, ularning tarkibida ko‘p miqdorda C vitamini, beta-karotin va efir moylari bor.

Rezavor mevalar, masalan qizil va qora smorodina organizmning barcha himoya kuchlarini faollashtiradi. Maymunjon immun va asab tizimini mustahkamlaydi. Malina yallig‘lanishga qarshi xususiyatga ega.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, reza mevalardan tayyorlangan murabbo va qiyomlar ularning foydali xususiyatlarini saqlab qoladi. Shu sababli, kuz va qish fasllarida ham bu reza mevalardan shu yo‘l bilan bahramand bo‘lish mumkin.

Reza mevalarga shakar o‘rniga asal qo‘shib iste’mol qilish yanada foydali.

Na’matak immunitetni ko‘taruvchi mahsulotlar orasida yuqori o‘rinni egallaydi. Na’matak damlamasini tayyorlash juda oson: mevalarni termosga solib, ustidan qaynoq suv quyib, bir kechaga damlab qo‘ying. Ertalabga damlama tayyor bo‘ladi.

Na’matak mevasi C vitaminining koni bo‘lganligi sababli, uning damlamasi ham shamollashning oldini olishda ham O‘RVI va grippni davolashda asqotadi. Kasallikdan keyingi holsizlik va parishonxotirlikdan ham xalos qiladi.

Brokkoli karamini hozirgi kunda bozor rastalaridan qiyinchiliksiz topish mumkin. U immun tizimi ishini kuchli rag‘batlantirish xususiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Bu o‘simlik tarkibida ko‘p miqdorda rux, selen, A, C, D vitaminlari borligi tufayli, u nafaqat shamollash kasalliklari, balki jiddiyroq dardlarga qarshi kurashishda ham yordam beradi.

Onkologik kasalliklarning oldini olish uchun brokkoli karamidan iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Bryussel karami va gulkaram ham xuddi brokkoli karam singari shifobaxsh xususiyatlarni o‘zida jam qilgan.

Yong‘oqlar aminokislotalar, yog‘ kislotalari va B guruhi vitaminlariga boy. Qovurilmagan bodom ayniqsa foydali.

Bodom tarkibidagi E vitamini, selen va magniy mikrounsurlari respirator kasalliklarining oldini oladi.

Rangli sabzavotlar hisoblangan sabzi, bulg‘or qalampiri, oshqovoq, pomidor, lavlagi immunitet ishini rag‘batlantiradi va ichak mikroflorasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ko‘p miqdorda oziq tolalar saqlashi tufayli sabzavotlar organizmning umumiy ahvolini yaxshilaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Hansirash qanday kasalliklar belgisi?

© Nigora TURSUNOVA,
umumiy amaliyot shifokori,
«Sihat-salomatlik» gazetasidan.