4.1
(45)

Uyqusizlik – yuzaki yoki chuqur uyquning tez-tez buzilish holatidir. Bunday holatni davolash juda muhim sanaladi, chunki uyqusizlik dardiga duchor bo‘lganlar normal uxlay olmaganlari uchun charchash, kunduzgi uyquchanlik, qo‘zg’aluvchanlik, ish qobiliyatining pasayishi va diqqatni jalb qilish qobiliyati pasayishi kabi holatlardan aziyat chekadilar. Uyqu – bu inson hayotida muhim o‘rin tutuvchi holatdir. Uyquga bosh miya markazlari javob beradi va ular gipotalamusda joylashgan bo‘ladi. Normal uyqu ikki fazani o‘z ichiga oladi: tez (yuzaki) va sekin (chuqur) uyqu. Uyqu holatida organizm kun davomida sarflagan jismoniy va psixik resurslarni qayta tiklab oladi. Bolalik davrlarida uyqu vaqtida o‘sish gormonlari ishlab chiqariladi. Statistika bo‘yicha dunyo aholisining 35 % qismi uyqusizlik dardidan aziyat chekadi. Shuning uchun ham bu kasallik bilan kurashish dolzarb muammolardan biridir.

uyqusizlik sababi

Foto: www.osobista.in.ua

Uyqusizlik sababi nima?

Uyqusizlik kelib chiqishi organizmning biologik soati buzilganidan dalolat beradi. Uyqusizlikka olib keluvchi sabablar quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Uyqu gigiyenasiga rioya etmaslik – noqulay o‘rin yoki yostiqlar, baland shovqinlar va boshqalar;
  • Psixologik qo‘zg‘aluvchanlik, stress, xavotirlanish va boshqa kuchli emotsioanal holatlar;
  • Nevroz va depressiya holatlari;
  • Bosh miya kasalliklari (bosh miya chayqalishi, infeksion kasalliklarida);
  • Har qanday somatik kasalliklari, ayniqsa infeksion kasalliklar;
  • Xurrak otish (ranxopatiya), apnoe holatlari;
  • Bezovta oyoqlar sindromi;
  • Stimullovchi dori preparatlarini qabul qilish;
  • E’tibor bering: ilmiy jihatdan isbotlangan fakt – uyqusizlik kelib chiqishida nasliy omil ham katta rol o‘ynaydi.

Uyqusizlik davosi

Uyquning buzilishi ko‘pgina kasalliklarning belgisi bo‘lishi mumkin, shuning uchun uyqusizlikni davolashdan oldin shifokor bilan maslahatlashing. Tungi uyquga ketishni va uyquni osonlashtiruvchi bir qator chora tadbirlar bor, ular quyidagilar:

  • Jismoniy mashqlarni muntazam bajarib turing;
  • Tunda uyqudan oldin ko‘p ovqat yemang;
  • Kunning ikkinchi yarmida kofein saqlovchi har qanday mahsulotlarni iste’mol qilmang;
  • Yotoq joyingizda qulay sharoitni hosil qiling;
  • Uxlashdan 5-10 daqiqa oldin – sokinlashtiruvchi mashqlar bajaring, sokin musiqa tinglang, vanna qabul qiling va shu kabilar;
  • Shifokor ko‘rsatmasi bo‘lmasa, uyqu dorilarini qabul qilmang;

Amaliyotda uyqusizlik dardiga duchor bo‘lganlarning 70 % ga yaqini, dori preparatlar qabul qilmasdan, normal uyqu holatini tiklab olishga erishishgan. Birinchi navbatda kun tartibini aniq tuzib olish va unga qat’iy rioya etish kerak. Ma’lum bir vaqtda yotib, ma’lum bir vaqtda uyg‘oning, shunda biologik soatingizni belgilab olasiz. Bundan tashqari yotoq xonangizga ham e’tibor qarating.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Erta uyg‘onish sirlari

Siz uxlaydigan joy shovqinlardan himoyalangan, oynalar qalin pardalar bilan qoplangan albatta yotoq joyingiz (krovat) ham qulay bo‘lishi kerak. Osteoxondroz va boshqa tayanch-harakat tizimi kasalliklari bilan aziyat chekadiganlar maxsus ortopedik matraslar va yostiqlardan foydalanishlari lozim. uxlashdan oldin xonani shamollatish kerak. Tunda to‘yib uxlash uchun, kun davomida uxlamaslik zarur. Uyquga ketishdan kamida 3 soat oldin ovqatlanish kerak, hamda ko‘p suyuqlik ichish ham tavsiya etilmaydi. Yana bir muhim holat – uyqudan oldingi hotirjamlik.

Kun davomidagi zo‘riqishlardan sokin musiqa tinglab, aromaterapiya, autotrening o‘tkazib, vanna qabul qilib, toza havoda sayr qilib qutilish mumkin. Agar bunday chora tadbirlar uxlashingizga yordam bermasa, unda xalq tabobati va medikomentoz davo muolajalariga o‘ting.

uyqusizlikni davolash

Foto: www.adelaide.edu.au

Uyqusizlikka qarshi dorilar

Uxlatuvchi dori preparatlar, insonning individual xususiyatlaridan kelib chiqib, nojo‘ya ta’sirlarini inobatga olib qat’iy ravishda shifokor mutahassis tomonidan buyuriladi. Dori preparatlarini faqatgina shifokor tavsiya qilgan dozalarda qabul qilish kerak. Agar uyqusizlik biror bir kasallik belgisi sifatida namoyon bo‘layotgan bo‘lsa, unda kasallikning asl sababini yo‘qotish zarur, bu vaqtda uxlatuvchi dori preparatlaridan simptomatik davo sifatida foydalaniladi. Avvalo, uyqu chaqiruvchi vositalarini minimal dozalarda qabul qilishni boshlash kerak, chunki inson ularga juda oson o‘rganib qoladi. Dorilarning dozasi qancha ortib boraversa, nojo‘ya ta’sirlari kuzatilish xavfi ham shunchalik kuchayadi.

Uyqu chaqiruvchi vositalar orasida kuchli ta’siri etuvchilari, hamda dorixonalarda retsepsiz beriladigan turlari bor. Maxsus tekshiruvlardan keyin shifokor quyidagilarni buyurishi mumkin:

  • Asab tizimini tinchlantiruvchi fenobarbital preparatlari;
  • Miyada qon aylanishini yaxshilovchi, Ginko Biloba ekstraktiga asoslangan dori preparatlari;
  • Adaptogen preparatlar;
  • Antigistamin vositalar (dimedrol, donormil va boshq.);
  • Barbiturate-antidepressantlar, bemorda depressiya natijasida uyqu buzilish holatlarida;
  • Trankvilizatorlar (fenazepam) – asab tizimini tinchlantiradi, yuqori dozalarda uyquchanlik chaqiradi;
  • Benzodiazepinlar – uyquga ketishni osonlashtiradi va uyqu sifatini yaxshilaydi.

Bunday preparatlarning yutug‘i shundaki, ularning samarasi tez bilinadi.

Uyqusizlikning fizioterapevtik davosi

Uyqusizlikni davolashda fizioterapevtik muolajalardan foydalanish yaxshi samara beradi, masalan:

  • Tinchlantiruvchi massaj – qon aylanishini yaxshilaydi, zo‘riqish va xavotirlikni bartaraf etadi;
  • Iliq vannalar qabul qilish – xvoy, dengiz tuzi (morskoy sol), yod-bromli vannalar;
  • Igna bilan davolash – ignalarni tananing maxsus akupunktural nuqtalarga joylashtirib, organizmning kerakli funksiyalarini kuchaytirish;
  • Elektrouyqu – past chastotali elektr impulslarini yuborish;
  • Magnitoterapiya – bo‘yin sohasiga past chastotali magnit to‘lqinlarini yuborish;
  • Dorsenval yordamida davolash;
  • Galvanoterapiya – kam kuchlanishli doimiy tokni bo‘yin sohasiga yuborish;
  • Elektroforez – tinchlantiruvchi vositalarni kam kuchlanishli doimiy tok yordamida organizmga kiritish;
Muhim! Uyqusizlikni davolashda fizioterapiya muolajalari, dori preparatlariga qaraganda xavfsizroq, ular o‘rganib qolish hissini chaqirmaydi va samarasi ham ancha sezilarli bo‘ladi. 

Xalq tabobati bilan uyqusizlikni davolash

Xalq tabobatida uyqusizlikni bartaraf etishning bir necha xil usullari bor. Ulardan eng samaralisi dorivor o‘simliklar damlamalaridir. Masalan:

  • Valeriana nastoykasi – 1 choy qoshiq o‘simlikni 1 stakan qaynagan suvga soling, uni har kuni uxlashdan oldin qabul qiling;
  • Valeriana, yalpiz, sachratqi, igna bargli o‘simlik qubbasi va asalli choy – bu o‘simliklarni qaynagan suvga solib aralashtiring va bir kun davomida qoldiring. So‘ng uyqudan 1 soat oldin hohishga ko‘ra qabul qiling;
  • Pustirnik va kalendula o‘simliklaridan 1 osh qoshiqdan olib suvda 10 daqiqa qaynating. So‘ng unga asal solib uyquga ketishdan oldin iching;
  • Boyarishnik urug‘idan 2 qoshiq olib 400 gr qaynagan suvga aralashtiring. Uni bir kunda 3 mahal, ovqatlanishdan yarim soat avval qabul qiling;
  • Yuqoridagi muolajalar uyqusizlikda yaxshi samara beradi, ayniqsa ular yurak qon tomir tizimi kasalliklari bor insonlarga juda foydali.

Uyqusizlikni noan’anaviy usullar bilan davolash

Uyqusizlik dardini noan’anaviy tibbiyot muolajalari yordamida ham davolasa bo‘ladi. bunday usullarga quyidagilar kiradi:

Gomeopatik davo – uyqusizlikning darajasiga asoslanib, kichik dozalarda gomeopatik preparatlar tavsiya etiladi. Bu vositalarning nojo‘ya ta’sirlari kam va o‘rganib qolish hissini chaqirmaydi. Ammo, gomeopatik vositalarning samarasi tibbiyot tomonidan isbotlanmagan.

Autotrening mashqlari. Barchaga ma’lum bo‘lgan “qo‘ylarni sanash” usuli ham tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Mikroinsult: simptomlari, sabablari, davosi va reabilitatsion davr

Yengil gipnoz qilish – uyqusizlikni davolashning yana bir noan’anaviy usuli bo‘lib, uyquning ong osti buzilishlarini davolashda yordam beradi.

homiladorlikda uyqusizlik

Foto: www.eltiempohoy.es

Homiladorlikda uyqusizlik

Homiladorlik vaqtida ko‘pgina ayollarda uyqu buzilishlari kuzatiladi. O‘z o‘zidan ko‘rinib turibdiki, homiladorlik uyqu chaqiruvchi preparatlar va xalq tabobati vositalarini qabul qilish uchun qarshi ko‘rsatmadir. Bunday holatda ayol va homila uchun xavfsiz bo‘lgan usullardan foydalanish kerak bo‘ladi. uyqusizlikni bartaraf etishda yotishdan oldin iliq vannalar qabul qilish (hech qanday xushbo‘ylantiruvchi vositalarsiz) va toza havoda sayr qilish yaxshi samara beradi. Yotoq kiyimlari ham qulay va tabiiy matolardan tayyorlangan bo‘lishi kerak. Uyquga ketishdan oldin televizor va kompyuter qarshisida uzoq muddat o‘tirish kerak emas. Mutaxassislar ta’kidlashicha homiladorlik vaqtida uyqu buzilishiga ko‘p hollarda sabab bo‘luvchi jig‘ildon qaynashini bartaraf etish uchun, diyetaga rioya etishlari zarur. Ovqat ratsionidan yog‘li va qovurilgan, gazli mahsulotlar va shokoladni cheklash kerak. Bundan tashqari homilador ayollar ko‘p vaqt davomida xavotirda bo‘ladilar, bunday hollarda ularga psixologik yordam berish ham talab etiladi. Homiladorlikning so‘ngi davrlarida uyqu vaqtida maxsus yostiqlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Diqqat! Homiladorlik vaqtida har qanday kimyoviy uxlatuvchi vositalar va antidepressantlar qabul qilish mumkin emas. Agar uyqusizlik dorilarsiz bartaraf bo‘lmasa, shifokor tavsiyasiga ko‘ra uyqu chaqiruvchi dorivor o‘simliklardan foydalanish mumkin.

Uyqusizlikni oldini olish

Uyqusizlikka uchramaslik uchun bir qator tavsiyalar bor:

  • Doimo ma’lum bir vaqtda uxlab, ma’lum bir vaqtda uyg‘oning, shunda organizm o‘zining biologik ritmiga tushib oladi;
  • Ovqatlanish tartibini to‘g‘ri tanlang, tana vazningizga e’tibor qarating, uyquga ketishidan oldin ovqatlanmang, kunning ikkinchi yarmida energetik ichimliklar ichmang;
  • Kun davomida uxlamaslikka harakat qiling;
  • Muntazam ravishda jismoniy mashqlar bajarib turing;
  • Jismoniy va ruhiy jihatdan tinchlanishni o‘rganing;
  • Uxlash uchun spirtli ichimliklar ichmang, ular uyquga ketishingizni osonlashtirishi mumkin, lekin uyqu sifatini buzadi;
  • Bolalar uchun optimal uxlash holati – qorin bilan yotishdir.

Uyqusizlik organizm sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi va hayot sifatini pasaytiradi. Shuning uchun uyqusizlikni bartaraf etishda shifokor mutaxassis tavsiyalari kerak bo‘ladi. sog‘lom uyqu – yaxshi kayfiyat va sog‘liq garovidir!