Shaxsiy fikr

MAQOLALAR

ico
Inseminatsiya - sun'iy urug‘lantirish

"Farzandsizlik - og‘tirmas dard" - deya xalqimiz bejizga aytishmaydi. Albatta, bu dardni boshidan o‘tqazgan yoki o‘tqazayotganlar barcha shifokor-u, tabiblarga ko‘rinadilar. Albatta, bunda muammo aniqlanadi, agar iloji bo‘lsa oilaga shifokorlar "quvonch" ulashadi. Agar, muammo yirik bo‘lsa natijani aytishga ham iymanadi, odam!

Aynan, ana shunday hollarda "oilaning" istaklariga binoan zamonaviy tibbiyot na‘munalaridan bo‘lgan, sun‘iy urug‘lantirish - inseminatsiya qo‘llaniladi. Bu usul barcha holatlar uchun qo‘llanilmaydi. U faqat

  • Ayol  to‘liq sog‘lom bo‘lib , biroq er spermalarining urug‘lantirish qobiliyati o‘rtacha pasaygan hollarda;
  • Sperma ko‘rsatkichlari normal bo‘lib, ovulyatsiya payti bachadon bo‘yni ishlab chiqargan shilliq spermatazoidlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida er-xotin juftligining bir-biriga mos kelmasligi (qarama-qarshi bepushtlik) tashxisi qo‘yilsa qo‘llaniladi.

Uning qo‘llanilishi ham ancha qiyinchilik tug‘diradi. Usul bachadon ichida bajariladi. Chunki, inseminatsiya uchun tavsiya etiladigan yuqoridagi har ikkala omil ham spermatozoidlarning bachadon ichiga zarur miqdorda yoki umuman tushmasligi bilan bog‘liq.
Inseminatsiyada dastlab spermaga ishlov beriladi. Ishlov berish esa bir necha qismdan iborat.
Spermatozoidlar inseminatsiya o‘tkazish uchun tayyorlanadi: bu laborotoriya sharoitida  zichlik gradiyenti usullari yordamida amalga oshiriladi. Bu usullar spermatozoidlarni tozalash va taqsimlashga qaratilgan. Natijada inseminatsiya uchun eng harakatchan spermatozoidlar ajraladi. Ular o‘z morfologiyasiga ko‘ra ishlov berilmagan spermaga nisbatan yaxshiroq bo‘ladi.
So‘ng ovulyatsiya bo‘lganini ultratovush tekshiruvida aniqlab, o‘sha kuni yoki ertasiga oldindan tozalab tayyorlangan shahvat kateter yordamida to‘g‘ri bachadon ichiga quyiladi. Albatta, barcha jarayonlar qoidalarga amalqilib o‘tqazilsa, yaqin bir yil ichida o‘sha oilalarning 10 - 20 foizida (Statistika)  "Beshik to‘y" bo‘lishi aniq. Afsuski, ayrim hollarda e‘tiborsizlik yoki shifokorlarning masuliyatsizligi tufayli ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, ba’zi klinikalarda erkak spermasini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri (tozalamasdan, tekshirmasdan) shpris orqali ayol qiniga yuborish muolajalari olib boriladi. Bu homiladorlikka erishishning tabiiy usulidan deyarli farq qilmaydi va farzandsizlik holati yana qayta kuzatilishi mumkin. Bu holat yana ruhiy tushkunlikka olib keladi.Bundan tashqari, tozalanmagan shahvat bachadon ichiga o‘tkir shamollash, turli xavfli kasallik viruslarini olib kirishi ham mumkin.

Mamlakatimizda qonunan inseminatsiya qilish va ovulyatsiya induksiyasi usllariga ruxsat etilgan!

ico
Yurak sog‘lomligi uchun

O‘z shifokoringizni toping!

Shifokoringiz bilan doimo maslahatlashib turing. U sizning organizmingizni yaxshi biladi va undagi o‘zgarishlarni tez ilg‘aydi. Muammoni ham tez bartaraf etadi.

To‘g‘ri ovqatlaning va uxlang!

Uyqu va oshqozon — organizm uchun juda muhim. 40 yoshdan so‘ng har bir inson kuniga 7-8 soat tinch uxlashi va yengil hazm bo‘luvchi mahsulotlar (meva va sabzavotlar)ni tanovul qilishi zarur.

Sport bilan shug‘ullaning!

Mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra, o‘zingizga mos sport turini tanlab, albatta, u bilan shug‘ullaning. Doim harakatda bo‘lsangiz, dard yurangizga soya solmaydi.

Tashvishlarni unuting!

Yurak notinch bo‘lsa, qanaqasiga organizm sog‘ bo‘lishi mumkin? Shuning uchun hamma narsani yurakka yaqin olmang.

Shirin xayollar

Faqat yaxshi narsalar haqida o‘ylashga harakat qiling. Umringizning qora chiziqlariga kamroq nazar tashlang.

Asabiylashmang!

Quvonch ham, asabiylik ham yurakka ta’sir qilmasdan qolmaydi. Asablaringizni asrang, shunda yurak salomatligini ham asraysiz!

ico
Xol xavfli o‘smaga aylanadimi?

Melanoma – melanotsitlar (melanin pigmentini ishlab chiqaruvchi teri hujayralari) dan paydo bo‘ladigan o‘sma bo‘lib, so‘nggi o‘n yillar davomida bu kasallik bilan og‘rish holatlari ko‘paydi. 75 foizdan ortiq melanomalar terida joylashgan xollar yoki sepkillar o‘rnida rivojlanadi. Shu sababli mutaxassislar tanadagi xollarni doimo nazorat qilib borishni va ulardan birortasining ko‘rinishi shubha uyg‘otsa darhol onkolog shifokorga ko‘rinishni maslahat beradilar.
Xol (nevus) – teridagi xavfsiz o‘smasimon o‘zgarish bo‘lib, pigmentlanmagan, ya’ni rangsiz bo‘lishi ham mumkin. Asosiy diqqatni jigarrang xollarga – melanotsitar nevuslarga qaratish lozim. Chunki ular melanoma rivojlanishiga turtki berishi mumkin.
Katta yoshdagi odamlarning ko‘pchiligida bir nechtagacha xol bo‘ladi. Ba’zi xollar (odatda eng kattalari) bola ona qornida ekanligida yuzaga kelib, qolganlari hayot davomida paydo bo‘ladi. Agar odamning tanasida xollar juda ko‘p yoki oilasidagilarda teri raki bilan og‘riganlar bo‘lsa, demak bunday odam xavflilik guruhiga kiradi va u muntazam ravishda mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tib turishi hamda terisini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoya qilishi lozim. Bugungi kunda ommalashib borayotgan solyariy va quyosh vannalaridan foydalanishda meyordan chetga chiqmaslik talab etiladi.
Xollar o‘zgarishiga gormonal tebranishlar (masalan, homiladorlikda) va ultrabinafsha nurlar sabab bo‘ladi. Shu sababli, yozning jazirama quyoshli kunlarida terini mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra parvarish qilgan ma’qul. O‘lchami 6 millimetrdan oshgan, kuchli pigmentlangan, teridan ko‘proq bo‘rtib turgan xollarga alohida e’tibor qaratish lozim.
Xollar (nevuslar) melanoma kasalligini keltirib chiqarish xususiyatiga qarab ikki turga bo‘linadi.
Melanomani keltirib chiqarmaydigan nevuslar: Ichki epitelial nevus, papillomatoz nevus, verrukoz nevus (papillomatoz nevusning bir turi),  galonevus (Setton nevus), teri ichi nevusi, mo‘g‘ul dog‘i.
Melanomani keltirib chiqaruvchi nevuslar: Chegarali nevus, ko‘kimtir nevus, otanevus, Ito nevusi, katta gigant pigmentli nevus, displastik nevus, terining pigmentli kerodermiyasi, dyubreyl melonozi.

FRIDMAN QOIDASINI QO‘LLANG

Melanomani iloji boricha erta aniqlash juda muhim. Xavfli xollarni aniqlash uchun o‘z-o‘zini ko‘rikdan o‘tkazish ham foyda beradi. Bu asosan Fridman qoidasi (shuningdek, ABCDE qoidasi deb ham nomlanadi) yordamida amalga oshiriladi:
A (asymmetry) – asimmetriya. Xavfsiz xol simmetriyaga ega bo‘ladi. Ya’ni, holning o‘rtasidan xayolan o‘tkazilgan to‘g‘ri chiziq uni bir xil shakldagi ikki pallaga ajratishi kerak. Agar xol simmetrik bo‘lmasa, uni rasmga olib, vaqti-vaqti bilan o‘zgarishlar sodir bo‘lmayotganligini tekshirib turish kerak.
B (border) – chegara. Xavfsiz xol bir tekisdagi, aniq, yaqqol chegaraga ega. Agar xol chegarasi bir tekis bo‘lmasa, noaniq bo‘lsa, bu xavotirlanish va shifokorga ko‘rinish uchun asos bo‘ladi.
C (color) – rang. Xavfsiz xolning rangi bir xilda, odatda jigarrang tusda bo‘ladi. Agar xolning pigmentatsiyasi kamaysa yoki keskin kuchaysa (qora ranggacha bo‘lishi mumkin), rangi bir tekis emas, aksincha ba’zi joylarida boshqa ranglar (qora, qizil, ko‘k) paydo bo‘lsa, darhol onkolog shifokorga ko‘rinish kerak.
D (diameter) – diametr. Diametri 6 millimetrdan kam xollar kamdan-kam hollardagina melanomaga aylanadilar. O‘lchamlarning kattalashishi, qalinlashuv, shuningdek xol o‘z chegarasidan tashqariga “oqib ketayotgandek” tuyulishi yaxshi belgilar emas.
E (evolution) – evolyutsiya. Xoldagi har qanday o‘zgarishlar – qichishish, po‘st tashlash, achishish, sanchiq, taranglashish, undagi tuk va sochlarning to‘kilishi, yoriq paydo bo‘lishi, yarachalar paydo bo‘lishi, qon oqishi, xol atrofida yallig‘lanish areolasi paydo bo‘lishi mutaxassis shifokor ko‘rigini talab etadi.

ANIQ SABABLARI NOMA’LUM

Melanomani keltirib chiqaruvchi sabablar noma’lum bo‘lsada, unga turtki beruvchi omillar aniqlangan:

  • ultrabinafsha nurlar ta’sirida terisi kuygan odamlar ko‘proq melanomaga chalinadilar;
  • xollarning jarohatlanishi (urib, tirnab, kesib olish), xollar kiyim bilan ham jarohatlanishi mumkin;
  • xollarning ko‘pligi (50 tadan ortiq);
  • teri, sochlar, ko‘zlar rangi yorqin ekanligi;
  • ionizatsiyalovchi radiatsiya va elektromagnit nurlanish;
  • spirtli ichimliklarni ichishda meyordan oshish;
  • uzoq muddat davomida gormonal kontratseptivlar qabul qilish.

[box type="info" align="aligncenter" ]Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ultrabinafsha nurlanishni ham kanserogen, ya’ni xavfli o‘sma hosil qilishi mumkin bo‘lgan omil deb tan olgan. Agar odam tanadagi xavfsiz xolni oldirib tashlamoqchi bo‘lsa, avval mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tishi va uning ko‘rsatmasiga binoan harakat qilishi lozim.[/box]

Oftobda qancha muddat turish bezararligi haqidagi aniq tavsiyalar yo‘q. Bu boradagi umumiy maslahat shuki, soat 11 dan 17 gacha (ba’zi joylarda 10 dan 16 gacha) quyoshning eng faol vaqti hisoblanib, bu paytda oftobda toblanmaslik kerak. Hatto ertalab va qosh qoraya boshlaganda ham terini quyoshda kuyishdan asrash lozim. Salomatlik uchun ertalab va kech tushishiga yaqin yuz va qo‘llarni quyoshga 10-15 daqiqa tutish yetarli.

DЕRMATOSKOPIYA – ISHONCHLI TЕKSHIRUV

Shifokor ko‘rik paytida avvalo vizual tekshiruvni amalga oshiradi. Buning uchun maxsus lupalardan foydalanib, nevusning tuzilishi, o‘zgarishi, tomirlar holati, melanotsitlar paydo bo‘lishining buzilishi o‘rganiladi.
Dermatoskop (kichik qo‘l mikroskopi) yordamida xolning ichi o‘rganilib, u xavfsiz ekanligini aniqlash mumkin. Shuningdek, sitologik va gistologik tahlil ham o‘tkaziladi.
Birlamchi melanoma (kasallikning erta bosqichi) jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Bunda nafaqat pigmentli o‘sma, balki 2-5 santimetr atrofdagi to‘qimalar ham (kasallik bosqichi, o‘sma bor joydan kelib chiqib) olib tashlanadi.
Ko‘zga tashlanib turadigan joylarni kamroq jarohatlanishiga e’tibor qaratiladi.
Olib tashlangan to‘qimaning gistologik tahliliga ko‘ra immunoterapiya buyurilishi mumkin. Avvalgi joyda yangi melanoma paydo bo‘lishi xavfi mavjudligicha qolaveradi. Shu sababli, teridagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida payqash juda muhim.

Xollarni ultrabinafsha nurdan himoya qilish lozim. Buning uchun:

  • quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanish lozim;
  • soat 11 va 16 oralig‘ida iloji boricha quyoshda kamroq bo‘lish kerak.
  • solyariydan umuman foydalanmaslik lozim. Xavflilik guruhiga kiruvchilar quyosh vannalaridan umuman voz kechganlari ma’qul;
  • keng ayvonli bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va tanani yopib turadigan kiyim kiyish zarur;
  • bolalar 3 yoshgacha quyoshda toblanish va qorayishdan saqlanishlari kerak, chunki quyoshda kuyish bolada kelajakda melanoma rivojlanishi xavfini oshiradi.

Mirza-Ali G‘OFUR-OXUNOV,

Tibbiyot fanlari doktori, professor.

Sihat - salomatlik jurnali.

ico
GЕPATIT C: u jigar sirroziga aylanishi ham mumkin
Virusli gepatitlarning A, B, C, D va E turlari ko‘proq uchraydi. A va E turdagi gepatitlar enteral (oshqozon-ichak) yo‘l bilan, ya’ni kasallik viruslari og‘iz orqali ichak yo‘llariga tushganda yuqadi. B, C hamda D turlari esa parenteral, ya’ni qon orqali bemordan sog‘lom odamga o‘tadi. Bunda kasallik jarohatlangan teri, shilliq qavatlar orqali, tibbiy (stomatologik, ginekologik, jarrohlik) muolajalar o‘tkazilayotganda, shuningdek, jinsiy aloqa paytida yuqishi mumkin. Tajribalarga ko‘ra, gepatit C bemor qonini quyish paytida foydalanilgan shpris va boshqa tibbiy anjomlar qayta ishlatilganda boshqalarga o‘tadi. Kasallik jinsiy yo‘l bilan ham yuqadi. Sperma (urug‘) tushgach, virus xuddi shu yerda qonga o‘tadi va bemor qoni orqali boshqalarga yuqadi. C turdagi gepatit 50 foizdan ko‘p hollarda surunkali tusga kiradi. Gepatit C ning surunkali turi vaqt o‘tishi bilan (hatto, bir necha yildan keyin ham) qaytalab turadi. Agar muolajalar jiddiy tartibda oxiriga yetkazilmasa, bemorda jigar sirrozi rivojlana boshlaydi. Yashirin davri va alomatlari: C turdagi o‘tkir gepatitning yashirin davri 180 kundan to bir yilgacha davom etadi. Boshlang‘ich davri asta-sekin rivojlanib, bemorning ko‘ngli ayniydi, qayt qiladi, darmonsizlanadi, hech bir sababsiz kayfiyati buziladi, tez-tez charchab qoladi va terisi qichishadi. Shuningdek, bemor oyoq-qo‘llarining yirik bo‘g‘imlari qaqshab og‘riydi. Keyin esa sarg‘ayish davri boshlanadi. Sariqlikning kuchayishi davomida (ya’ni ikki-uch hafta ichida) yuqoridagi alomatlar ko‘payib, bemorning ahvoli og‘irlashadi. Bunday vaqtda bemor kasalxonada davolanmasa, xastalik surunkali turga o‘tib, og‘ir asoratlar kelib chiqadi. Yuqorida ko‘rsatilgan alomatlar yuz berganda, darhol shifokorga murojaat etib, kerakli analizlarni topshirish zarur.[box type="info" ]Yodda tuting: Odatda, gepatitlarning boshlang‘ich davrida go‘sht mahsulotlari qat’iy cheklanadi. Bu paytda sut, qatiq, tvorog, kefir, shirguruch, suvda qaynatilgan makaron, kartoshka bo‘tqasi va meva sharbatlari tavsiya etiladi. Ayniqsa, anor, olma va uzumni ko‘proq iste’mol qilish kerak.[/box] Gepatit C bilan og‘rigan bemorlarga quyidagi darmondorilar buyuriladi: 1. Asal, na’matak qaynatmasi, rezavor mevalar sharbatlari va sabzida bemor uchun barcha kerakli vitaminlar mavjud. 2. Virusli gepatitda mikro hamda makrounsurlar (xususan, marganes, mis, rux, magniy) g‘oyat foydali. Masalan, marganes uglevodlar va xolesterin hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Mis viruslar faolligini susaytiradi. Rux modda almashinuvini yaxshilaydi. Magniy esa o‘t (safro) ajralishiga yordam beradi. Bu unsurlar barcha meva-sabzavotlar, ayniqsa, kartoshka, tarvuz, o‘rik va turli yormalarda serob. Parhez: bemor kuniga to‘rt marta yengil ovqatlanishi kerak. Bu vaqtda chuchuk qatiq ichishi, olma yoki biror xil sabzavot yeb turishi kerak. Tvorogni har kuni iste’mol qilgan ma’qul. Shuningdek, ma’danli suv va choy ichish lozim. Ichimlik sodasi aralashtirilgan limon sharbati surunkali gepatit S ni davolashda qo‘l keladi. Masalan, bemor uch kun mobaynida nahorga bitta limon sharbatiga bir choy qoshiq ichimlik sodasi aralashtirib ichishi kerak. Lavlagi, sabzi va karam sharbati ham juda foydali. Nimalar mumkin emas? Har qanday spirtli ichimliklar, dudlama va o‘tkir ziravorlar. Yangi yopilgan non-bulka mahsulotlari hamda yog‘, tuxum qo‘shib qorilgan xamirdan tayyorlangan yeguliklar (masalan, tort, pirog). Go‘sht, baliq, tovuq, qo‘ziqorin qaynatmasidan pishirilgan sho‘rvalar. Konserva mahsulotlari va dorivorlar (xantal, qalampir, qalampirmunchoq), shuningdek, sirka, qiyin eriydigan va xolesteringa boy yog‘lar (tuxum sarig‘i, jigar, baliq moyi singarilar), juda sovuq taomlar (masalan, muzqaymoq va salqin ichimliklar). [box type="warning" ]Eslatma! Xalq orasida “gepatitning C turi bedavo, baribir tuzalmaydi” degan gap-so‘zlar yuradi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. Agar gepatit C bilan og‘rigan bemor doimo gepatolog nazoratida bo‘lib davolansa, shifokorining maslahatlariga qat’iy amal qilsa, uzoq yillar bu kasallik uni bezovta qilmaydi. Shuningdek, tartib bilan olingan muolajalar tufayli gepatit C jigar sirroziga aylanib ketishining oldi olinadi.[/box]

Mahmarajab RAHMONOV

Tibbiyot fanlari nomzodi.

ico
O‘tkir pankreatit: sababi, belgilari, davolash, asoratlari va parhez
Pankreatit me’da osti bezi to‘qima hujayralarining  yallig‘lanishi bo‘lib, uning o‘tkir va surunkali turi farqlanadi. Surunkali pankreatit mustaqil kasallik bo‘lmay, balki o‘tkir pankreatitning davomi yoki natijasi sifatida qarash mumkin. Ushbu maqolamiz orqali surunkali va o‘tkir pankreatit haqida ma’lumot olishingiz mumkin.

Pankreatit turlari

O‘tkir pankreatit - oshqozon osti bezi to‘qimalarining  o‘z fermentlari tasiri ostida "o‘z-o‘zini yemirishi" oqibatida yuzaga keladigan o‘tkir yallig‘lanish jarayonidir. Surunkali pankreatit esa mustaqil kasallik bo‘lmay, balki o‘tkir pankreatitning davomi va natijasi bo‘lgan bosqichi hisoblanadi. O‘tkir pankreatit bilan kasallanganlarning deyarli 70 % ini ayollar tashkil qiladi. Kasallik, ayniqsa, 50-70 yosh ayollarda ko‘proq kuzatiladi. So‘nggi o‘n yilliklarda surunkali pankreatit bilan og‘rigan bemorlar soni ham ortib bormoqda.

O‘tkir pankreatit

O‘tkir pankreatit rivojlanish  sabablari turli-tuman bo‘lib, barcha etiologik omillar zamirida bezning normal faoliyatining buzilishi yotadi. Bunda oshqozon osti bezi ishlab chiqarayotgan, ovqat hazmlanishi uchun zarur bo‘lgan fermentlar o‘n ikki barmoqli ichakka tushmay qoladi va o‘z-o‘zini yemira boshlaydi. Shuningdek, ajralayotgan ferment va zaharli moddalar qonga tushib, boshqa a’zolarga ham zarar yetqazishi mumkin. Shuni ham unutmaslik kerakki, oshqozon osti bezi qondagi qand moddasi miqdori oshib ketmasligi uchun mas’ul bo‘lgan gormon - insulinni ishlab chiqaradi.

O‘tkir pankreatit sabablari:

Kasallik xuruj qilishiga esa yog‘li, qovurma ovqatlar eyish, to‘yib ovqatlanish, gripp, ruhiy siqilish va asabiylashishlar ham sabab bo‘lishi mumkin. Kuz va qish mavsumlarida inson tanasi harorat ko‘tarilib-tushishi oqibatida zaiflashadi. Shu sababli ko‘pchilik surunkali kasalliklar qatori pankreatit ham qayta xuruj qilishi mumkin.

O‘tkir pankreatit simptomlari

Kasallik aksar hollarda to‘sh osti sohasida sohasida va chap qovurg‘alar ostida og‘irlik sezgisi hamda og‘riq, kekirish, qorinning o‘rta darajada dam bo‘lishi kabi buzilishlardan keyin boshlanadi. Og‘riq o‘tkir pankreatitning asosiy va doimiy belgisidir. Og‘riq bemorda to‘satdan paydo bo‘ladi. Xarakteriga ko‘ra og‘riq juda kuchli, simmillovchi, kamroq vaqt davomida tutadi. Og‘riq shu darajada kuchli bo‘ladiki, hattoki, bemor hushidan ketib qolishi ham mumkin. Og‘riq ko‘pincha belbog‘simon ko‘rinishda bo‘lib, yelkalar ustiga, to‘sh suyagi orqasiga o‘tadi. Buni ba'zida bemor ham shifokor ham miokard infarti deb yanglishishi mumkin. Bemor qorni tobora shishib boradi, ich kelmaslgi va  yel chiqmasligi kuzatiladi. Kasallik rivojlangani sari tana harorati ham ko‘tarilishi mumkin. Aksariyat hollarda bemorda sariqlik holati kuzatilib, o‘t suyuqligining normal oqishining buzilishi va jigardagi og‘ir zaharlanish holatidan dalolat beradi.

Kasallikni davolash

O‘tkir pankreatitni davolash shifokor tomonidan kasallikning darajasiga, bu kasallik bilan birga kelgan hamroh kasallik bor yoki yo‘qligiga, bemorning umumiy ahvoliga va boshqa ko‘plab jihatlarga qarab tayinlanadi. Davolash konservativ va operativ usullar orqali amalga oshiriladi.

O‘tkir pankreatit asoratlari

  • Shok;
  • O‘tkir yurak yetishmovchiligi;
  • Peritonit;
  • Hazm tizimi a'zolaridan qon ketishi;
  • O‘tkir buyrak yetishmovchiligi.

O‘tkir pankreatit profilaktikasi

  • Spirtli ichimliklar ichmaslik;
  • To‘g‘ri ovqatlanish;
  • Ruhiy zo‘riqishlardan chetlashish zarur.
Maqolamiz so‘ngida pankreatit kasalligida bemorlarning taomnomasi qanday bo‘lishi kerakligi haqida "Shifo-info" gazetasida chop etilgan Tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Rahmonqul Suvonov qimmatli maslahatlarini ulashishga qaror qildik. Oshqozon osti bezi yallig‘langanda ovqatlanish borasida nafsga berilmaslik kerak. Bir qarashda mazali, ammo oshqozon-ichak tizimini zo‘riktiradigan og‘ir taomlar o‘rnini hazmi yengil bo‘lgan mahsulotlar bilan to‘ldirishga o‘rganish zarur. Quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilish mumkin: Oshqozon osti bezi nonushta,tushlikni yaxshi qabul qilsa-da, kechki ovqatni uncha xush ko‘rmaydi. Ayniqsa, kechki soat 19dan keyin ovqat tanovul qilish tavsiya etilmaydi. Taomlardan dimlama, yog‘siz go‘shtli qaynatma va bug‘doyli bo‘tqalar foydali. Nonni qotirib, uvog‘ini qiymali do‘lma, kotlet ichiga ko‘shib, iste'mol qilish mumkin. Sababi yangi yopilgan non tarkibidagi achitqilar oshqozon osti bezi faoliyatini og‘irlashtiradi. Sutda pishirilgan bo‘tqalar:
  • Guruchli - oshqozon devorini o‘rab, og‘riqni kamaytiradi, organizmdan zararli moddalarni tez chiqaradi.
  • Grechixali - yurak va qon tomirlariga quvvat bo‘ladi.
  • Bug‘doy (manniy) yormali - oshqozonni zo‘riqtirmagan holda to‘ydiradi.
  • Suli yormali - qonda qand miqdorini kamaytirishga yordam beradi.
  • Qatiq, tvorog, zardoblar.
  • Mevali murabbo, kompot, na’matak yoki qora zirkdan tayyorlangan damlamalar.
Quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilish mumkin emas:
  • Yog‘li, qovurilgan taomlar (palov, qovurilgan tovuq, qazi-qarta,yog‘li go‘sht, qo‘y go‘shti)
  • Yog‘li qaynatmalar, o‘tkir va achchiq ta’mli salatlar, ketchup va mayonezlar, tuzlamalar.
  • Kolbasa, sosiska, kalla-pocha mahsulotlari.
  • Yong‘oq, pista, dukkaklilar (mosh, loviya, no‘xat).
  • Yangi pishgan non, shirinliklar.
  • Gazli ichimliklar, qahva, qora choy, spirtli ichimliklar.
  • O‘tkir hidli ziravorlar va ko‘katlar,nordon ta’mli mevalar.
  • Sabzavotlardan(turp, rediska, sholg‘om).
O‘xshash maqola: Pankreatit — oshqozon osti bezi kasalligi

© Urazbayev Mansur. Maqolani tayyorlashda tibbiy adabiyotlardan foydalanildi.  Avitsenna.uz

ico
Jinsiy faollikni rag‘batlantiruvchi Kegel mashqlari haqiqatdan foydalimi?
Kegel mashqlari jinsiy a’zo mushaklarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan mashqlar yig‘indisi hisoblanadi. Mashqlar XX asrning o‘rtalarida ginekolog Arnold Kegel tomonidan ayollar uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, keyinchalik nafaqat ayollar, balki erkaklar salomatligi uchun ham muhim mashqlar ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi va ommalashib bordi. Hozirgi vaqtda qadar ko‘pgina ginekolog, androlog, seksopatologlar o‘z bemorlariga ushbu mashqlarni tavsiya qilib kelishmoqda hamda kerakli va ko‘zlangan natijalarga erishilmoqda. Kegel mashqlari jinsiy yo‘llardagi ba’zi kasalliklarni davolash va oldini olish uchun qo‘llaniladi, masalan, enurez (siydik tutolmaslik), prostatit, to‘g‘ri ichak kasalliklaridan bavosir (gemorroy), enkoprez (axlatni muntazam tutolmaslik) kasalliklari profilaktikasida va davolashda tavsiya etiladi. Bundan tashqari, jinsiy faoliyatni tartibga solishda (erta bo‘shalish, anorgazmiya va boshqalar) qo‘llaniladi. Mashqlarni bajarishning eng muhim jihati shundaki, mashqlarni muntazam bajarib borish chanoq bo'shlig'ida qon aylanishini yaxshilaydi, natijada ushbu sohadagi eng muhim a'zolarning normal ish faoliyati rag'batlantiriladi. Quyida qanday holatlarni bartaraf qilish yoki oldini olish uchun Kegel mashqlari qo'llanilishi haqida qisqacha to'xtalib o'tsak.

Kegel mashqlari qanday holatlarda ayollarga tavsiya etiladi?

  1. Siydik tuta olmaslik (enurez) ni davolash va oldini olish uchun;
  2. Gemorroy kasalligini oldini olish va bartaraf qilish;
  3. Kichik chanoq a’zolarida kuzatiladigan yallig‘lanish jarayonlarini davolash va oldini olish uchun;
  4. Organizmni bo‘lajak homiladorlikga va tug‘ruq jarayoniga tayyorlash, ularning ortiqcha bezovtaliklarsiz va oson o‘tishi uchun;
  5. Tug‘ruqdan so‘ng tug‘ruq yo‘llaridagi to‘qimalarning tiklanishi, asoratlarning tezda yo'qolishi uchun;
  6. Mijoz sustligi yoki sog‘lom jinsiy maylning yo‘qolishini holatini bartaraf qilish uchun;
  7. Anorgazmiya holati yuzaga kelmasligining profilaktikasi uchun tavsiya etiladi.
kegel ayollar uchun Bu mashqlarni bajarish faqatgina yuqorida sanab o‘tilgan holatlarni bartaraf qilish yoki oldini olish uchun qo‘llanilibgina qolmay, balki organizmning umumiy holatini yaxshilash uchun ham muhim ahamiyatga egaligi Arnold Kegel tomonidan ham ta’kidlab o‘tilgan. Umuman olganda Kegel mashqlarini bajarish ayol hayoti davomida uchrashi mumkin bo‘lgan homiladorlik, tug‘ruq kabi tabiiy jarayonlarni oson kechishiga, jinsiy muammolarning umuman kuzatilmasligiga yoki juda kam kuzatilishiga  yordam beradi. Va bu mashq erkaklarda ham ayollarda ham jinsiy hayot sifatini yaxshilashda qo‘llaniladiga eng zararsiz va foydali usullardan biridir.

Kegel mashqlari qanday holatlarda erkaklarga tavsiya etiladi?

  • Prostatit kasalligini davolash va oldini olish uchun
  • Bavosil (gemorroy) kasalligini oldini olish va bartaraf qilish uchun;
  • Qovuq nazoratini yaxshilash uchun;
  • Tomchilab peshob ajratishni bartaraf qilish uchun;
  • Enurez va enkoprez holatini oldini olish va bartaraf qilish uchun;
  • Jinsiy zaiflikni oldini olish va bartaraf qilish uchun va juda ko‘plab muammoli holatlarda tavsiya etiladi.
O‘qishingizga tavsiya etamiz: Jinsiy aloqaning foydalari («Tib qonunlari»dan)

© Dnk.uz nashri.

ico
Duduqlanish turlari va davolash usullari
Duduqlanish bu   nutq apparati muskullarining tortishishi natijasida   nutqning sur’at ohangining   buzilishidir. Duduqlanish sabablari hozirgi vaqtda 2 guruhga bo‘linadi: moyillik sababi va keltirib chiqaruvchi sabablardir.

Moyillik sababiga quyidagilar kiradi

  • Ota-onalarning nevropatik kasallanishi.
  • duduqlanuvchining o‘zidagi nevropatik xususiyatlar.
  • nasliy     buzilish.
  • bosh miyaning turli davrlardagi rivojlanishida,   ko‘plab salbiy omillar ta’sirida shikastlanishi.
Keltirib chiqaruvchi sabablar guruhida anatomik-fiziologik ruhiy va sotsial sabablarni ajratib ko‘rsatishimiz mumkin.
Doimo eslatish, tartibga chaqirish bolaning oliy nerv faoliyatini izdan chiqarish va duduqlanishni keltirib chiqarish bilan birga nevratik va psixopatik holatlarga olib kelishi mumkin; o‘qituvchiining bolaga noto‘g‘ri munosabatda   bo‘lishi, haddan ortiq qattiqqo‘llik, shafqatsizlik duduqlanishning yuzaga kelishi uchun turtki bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Hozirgi davrda duduqlanishning alomatlarini bir-biriga o‘zaro yaqin bo‘lgan ikkita guruhi ajratiladi:
  • biologik (fiziologik)
  • sotsial (psixologik)
Fiziologik alomatlariga ko‘ra   nutqning hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi a’zolarining tortishishi, markaziy nerv sistemasi va jismoniy salomatligining, umumiy va   nutq   harakatlarining   buzilishi kiradi. Psixik alomatlarga   nutqda tutulish va his-hayajonli   nutqning boshqa   buzilishlari   nutqda qayd qilish fenomeni, logofobiyalar, nayrang ishlatish va boshqa ruhiy jihatlar kiradi.

Nutq akti jarayonidagi muskul tortishish 3 xil bo‘ladi

  • klonik
  • tonik
  • aralash.
Duduqlanish tutib qolishining beqaror tezligini o‘rganish to‘g‘ri   nutqning saqlanib qolgan nutq faoliyatidagi va   nutq vaziyatidagi turli darajali murakkabliklariga bog‘liq ravishdagi ko‘rsatkichlarini belgilash to‘g‘risidagi tushunchalarni asoslash uchun imkoniyat yaratadi. Saqlangan   nutq darajasini aniqlash logopedik ishning   har bir bosqichidagi asosiy tuzatish vazifalari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Duduqlanishning paydo bo‘lishiga shuningdek umumiy va   nutq motorikasining turlicha   buzilishlari xosdir. Ular zo‘raki va ixtiyoriy tutib qolish tarzida bo‘lishi mumkin. Duduqlanuvchilar o‘zlarining qiyin   nutqini niqoblash yoki yengillashtirish maqsadida bunday   harakatlardan foydalanadilar. Duduqlanishning sotsial asosi shunday psixik asoski, uning asosida « nutqning zaiflashuvini idrok etish» paydo bo‘ladi. O‘zining noto‘kisligini his etish nevrotik kasallikning rivojlanishida asosiy omillardan biri hisoblanadi. Xastalangan kishi o‘zining kasallik alomatlariga qanchalik   ko‘p e’tibor bersa, u shunchalik zo‘rayib boraveradi. Natijada shunday og‘ir ahvol paydo bo‘ladiki, bemor undan sira qutula olmaydi, kasallik alomati uning e’tiborini chulg‘ab oladi, buning   oqibatida alomatlar yanada rivojlanadi va bemorning e’tiborini   o‘ziga qaratadi. Duduqlanish muammolari bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar nuqsonga e’tiborni jalb etish tushunchasi borasida turlicha qarashlarni keltiradilar: diqqat e’tiborning alohida xususiyati, nuqsonni idrok etish, u haqida tasavvurga ega bo‘lish, unga nisbatan turlicha xissiyotli munosabatda bo‘lish kabilar. Nuqsonda qayd qilinadigan turli darajalarning haqiqiy murakkabligini ifodalovchi me'yorlarni topish muhimdir. Bunday me'yor sifatida duduqlanuvchining o‘z nuqsoniga nisbatan his-hayajonli munosabati borasidagi 3 ta variantdan va ularga qarshi irodaviy kuch-g‘ayrat sarflashning 3 ta variantidan foydalanish mumkin. Shular munosabati bilan duduqlanadigan kishilarni uch guruhga ajratish uchun «kasallikka diqqatni jalb qilish» atamasining kiritilishi o‘rinlidir.
  • Kasallikka diqqatni jalb qilishning nolinchi darajasi: bolalar go‘yo o‘z nuqsonini sezmagandek, u haqida o‘ylamaydilar va tashvishlanmaydilar. Tortinish, o‘zining noto‘g‘ri   nutqi xususida o‘ylash, nuqsonni bartaraf etish uchun hech qanday urinishlar bo‘lmaydi.
  • Kasallikka diqqatni jalb qilishning mo‘tadil darajasi: yuqori sinf o‘quvchilari va o‘smirlar o‘z nuqsonidan tashvishlanadilar, undan uyaladilar, duduqlanishni yashiradilar, turlicha hiyla ishlatishgacha boradilar, atrofdagilar bilan kamroq munosabatda   bo‘lishga urinadilar. Ular o‘zlarinig duduqlanishlarini biladilar, uning ketidan qator noqulayliklarni boshdan kechiradilar, o‘z kamchiligini niqoblashga urinadilar.
  • Kasallikka diqqatni jalb qilishning yaqqol ifodalangan darajasi: duduqlanuvchilarda nuqson borasidagi tashvishlanish o‘zining noto‘kisligini doimiy chuqur his etishga aylanadi, bunda   har bir   harakat   nutqiy noto‘kislik tushunchasi orqali tahlil etiladi. Ular o‘z diqqatlarini   nutqiy kamchiliklariga yo‘naltiradilar, duduqlanishdan chuqur tashvish chekadilar, ular uchun kasallikka e’tibor berish, kasallikdan shubhalanish, gapirishdan oldin vahimaga tushish, odamlardan, vaziyatlardan va boshqalardan gumonsirash xosdir.

Duduqlanish uchta darajaga ajraladi

  • Yengil duduqlanish - kishi asabiylashgan holatida yoki tez gapirayotganida duduqlanad.
  • O‘rtacha duduqlanish- kishi tinch, odatdagi vaziyatda oson gapiradi, kam duduqlanadi, his-hayajonli damlarda kuchli duduqlanish yuz beradi.
  • Og‘ir duduqlanish - kishi butun nutqi davomida, doimiy chalg‘ituvchi   harakatlar qilishi bilan duduqlanadi.

Duduqlanish davom etishiga ko‘ra quyidagi turlarga ajratiladi

  • Doimiy - duduqlanish paydo bo‘lgach turli nutq shakllari va vaziyatlarida bevosita namoyon bo‘ladi.
  • To‘lqinsimon duduqlanish- duduqlanish goh kamayadi, goh kuchayadi, lekin butunlay yo‘qolmaydi.
  • Qaytalanuvchi - duduqlanish yo‘qolib, yana paydo bo‘ladi, ya’ni qaytalanish yuzaga keladi, uzoq muddatli erkin tutulishsiz nutqdan so‘ng qayta paydo bo‘ladi.
Birinchi holatda bu davolash tadbirlari, ikkinchisida pedagogik tadbirlar va uchinchisida duduqlanuvchiga davolash va pedagogik jarayonlarning turli holatda qo‘shib olib borgan holda ta’sir etish. Duduqlanishni bartaraf etishning terapevtik vositalari turlicha darajalari va shakllarida qadimdan boshlab barcha davrlarda qo‘llanib kelingan. Duduqlanishni davolashning jarrohlik metodi eramizning I asridan XIX asr o‘rtalariga qadar to uning besamaraliligi va xavfliligi haqidagi fikrlar tasdiqlanguncha qo‘llangan.

Psixoterapevtik ta’sirlar

Duduqlanishga nevrotik zaiflashuvi sifatidagi qarashlarni paydo bo‘lishi bilan ayrim mualliflar uni psixoterapevtik ta’sir orqali bartaraf qilishga birinchi darajali ahamiyat bera boshladilar.

Didaktik usullar

Duduqlanuvchilarda to‘g‘ri   nutqni didaktik usulda tarbiyalash tarafdorlari ham   nutqning ayrim elementlarini, ham umuman nutqni qamrab oluvchi turli xil va sekin-asta murakkablashadigan nutqiy mashg‘ulotlar sistemasini tavsiya etishdi. Duduqlanishni bartaraf etishga zamonaviy atroflicha yondashuv deganda duduqlanuvchi ruhiy jismoniy holatining turlicha tomonlariga turli mutaxassislarning   har xil vosita va usullari bilan pedagogik davolash orqali davolash, ta’sir etish tushuniladi. Barcha pedagogik davolash majmuini duduqlanuvchilarga ta’sir etish xususiyatiga qarab shartli ravishda ikkita guruhga ajratish mumkin: davolash- sog‘lomlashtirish va pedagogik tuzatish. Tibbiyotchi olib boradigan davolash- sog‘lomlashtirish ishlari quyidagi asosiy vazifalarni o‘z ichiga oladi: duduqlanuvchining asab sistemasi va jismoniy holatini mustahkamlash hamda sog‘lomlashtirish, ularning ruhiy-jismoniy holatidagi og‘ish va patologik ko‘rinishlarni bartaraf etish va davolash. Logoped olib boradigan pedagogik   tuzatish ishlar quyidagi asosiy vazifalarni o‘zida mujassamlashtiradi, duduqlanuvchi   nutqidagi nuqsonlar va ruhiy noto‘kis jihatlarini bartaraf etish. Logoped o‘z uslubi va vositalarini duduqlanuvchiga ta’sir etishda qo‘llay biladigan zarur mutaxassislarning hamkorlikdagi tibbiy-pedagogik ishini tashkil etadi.
Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:
ico
Gripp asoratlari xavfli
Gripp kasalligini bilmaydigan, u bilan kasallanmagan odamlar oramizda juda kamchilikni tashkil qilishi aniq. Shu holatni hisobga olib, bugungi mavzuni aynan gripp kasalligiga bag‘shlaymiz. Gripp kasalligi shu nomli viruslar orqali kelib chiqadigan o‘ta yuqumli kasalliklar toifasidandir. Gripp virusini tasniflash biroz qiyin, sababi ular antigen tuzilishini vaqti-vaqti bilan o‘zgartirib turadi. Ya’ni, virusning turli xildagi turlari bizda kasallik qo‘zg‘atadi. Virusdagi bu holat har 10-18 yil ichida ommaviy gripp bilan kasallanishga, epidemiyaga, pandemiyaga sababchi bo‘ladi. Masalan, cho‘chqa grippi, “ispan” grippi. Gripp asoratlari Gripp viruslari odam, tovuq, dengiz cho‘chqasi va boshqa 30 dan oshiq hayvonlarga ta’sir etib uni zararlash xususiyatiga ega. Infeksiya bemor aksirganda, yo‘talganda,gaplashganda atrof-muhitga, shu bilan bir qatorda sog‘lom insonga ham yuqadi. Aholining barcha toifasi (ayollar, erkaklar, bolalar, keksalar) gripp kasalligiga moyil bo‘ladi. Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 1-3 kungacha davom etadi. Virus yuqori nafas yo‘llarining (burun bo‘shlig‘i, halqumning burun va og‘iz qismi) shilliq qavatiepitelial hujayralariga kiradi. Yuqori nafas yo‘llariga bir dona virus tushsa, 8 soatdan keyin uning soni 1017 tagacha ko‘payadi. Bu sondan virus juda tezlikda ko‘payishi yaqqol ayon bo‘lib turibdi. Gripp virusi qonga tushgach immune tizim sustlashadi. Hamda,
  • Rinit – burun bo‘shlig‘i yallig‘lanishi;
  • Otit – quloqning yallig‘lanishi;
  • Bronxit – bronxlarning yallig‘lanishi;
  • Zotiljam - o‘pka to‘qimasining yallig‘lanishi;
  • Gaymorit;
  • Meningit;
  • Ensifalit kabi og‘ir yallig‘lanish kasalliklari kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Shu o‘rinda bir jumlani ta’kidlab o‘tish joiz, ya’ni “Gripp xavfli emas, uning asoratlari xavfli!”. Yuqorida sanab o‘tilgan, asoratlar bu jumlani isbotlab turibdi. Bundan tashqari, gripp virusi asoratlaridan eng xatarlisi ko‘ruv, eshituv, ovoz a’zolaridagi o’zgarishlardir. O‘zgarishlar bora – bora ko‘rlik hamda karlikka ham olib kelishi amaliyotda isbotlangan holatdir! Amaliyotda gripp ta’sirining o‘lim bilan yakunlangan holatlari ham kuzatilgan. Faqat, bu holat ahyon – ahyonda “chaqmoqsimon” gripp o‘z ta’sirini organizmning immun tizimi himoyasini buzib o‘tgandagina yuzaga keladi. (Juda kam holatda)

Organizm gripp bilan kasallanganda bemorda:

  • Tana harorati ko‘tarilishi (38-39C, undan ham yuqori)
  • Holsizlik;
  • Et uvishishi;
  • Bosh og‘rishi kabi belgilar kuzatiladi.
Mavzuga a’loqador bo‘lgan, saytimizning “Bog‘lanish” bo‘limi orqali yo‘llangan savolaga ham shu o‘rinda javob berib o‘tsak.
  • Gripp virusiga qarshi emlash haqida ma’lumot bersangiz?
  • Gripp virusiga qarshi emlash mavsum boshlanishidan 1-1.5 oy oldin qilinadi. Organizmda esa 2-3 haftada gripp virusiga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. JSST har mavsumdan oldin maxsus vaksinalar amaliyot uchun taqdim etiladi. Emlash, asosan, yosh bolalar hamda keksalarga tavsiya etiladi. Gripp virusiga qarshi emlash organizmni kasallikka chalinishdan saqlaydi!
Kasallikni davolashda virusning ko‘payishini va uning faoliyatini to‘xtatishga qaratilgan choralar ko‘riladi. Buning uchun bemorga interferon, immunomodulin beriladi. Remantadin, sulfanilamid, turli antibiotiklar ham kasallik og‘ir kechganda uning asoratlari yuzaga kelmasligi uchun tavsiya etiladi.
Yuqoridagi, tavsiyaviy harakterdagi dori vositalari tibbiyot xodimlari uchun ma’lumot sifatida taqdim etildi. Har bir shaxs individual xususiyatlarga egaligini hisobga olgan holda, reklamalar orqali taklif etilayotgan har bir dori vositasini qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishingizni Avitsenna.uz sayti nomidan qattiiy ravishda so‘raymiz.
Grippni davolashda Abu Ali ibn Sino kitoblarida keltirilgan tabiiy usullar haqida
ushbu link orqali batafsil ma’lumot oling.