Virusli gepatit yuqishidan ehtiyotlang

Asosan jigar jarohatlanishi bilan kechadigan virusli gepatit zararlangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari orqali bolaga yuqishi mumkin. Bemor tuzalguniga qadar uni xonadondagi boshqa bolalardan ajratib qo‘yish va parvarish davomida gigiyena shartlariga rioya etish kerak.

virusli gepatit

Tozalikka rioya qilmaslik, ya’ni ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvmaslik, meva va sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish hamda qaynatilmagan suvni ichish ko‘pincha virusli gepatitning A va E turlari bilan kasallanishga sabab bo‘ladi. Kasallik ko‘proq bolalar o‘rtasida uchraydi.

Organizmga kasallik virusi tushgach, u ko‘payadi. Bu davr klinik belgilarsiz kechadi va kasallikning yashirin davri hisoblanadi. Bu davr gepatitning A va E turlarida 3-6 haftagacha davom etishi mumkin.

Virusli gepatit boshlanishida quyidagi belgilar kuzatiladi:

  • tana haroratining ko‘tarilishi;
  • ishtaha yo‘qolishi;
  • ko‘ngil aynashi;
  • ovqatlangandan keyin qusish.

Keyin kasallikning sariqlik davri boshlanadi. Bunda ko‘zning shilliq qavati, teri sarg‘aya boshlaydi. Sarg‘ayish davri 1-2 haftagacha davom etadi. Ba’zida sariqlik alomatlari yaqqol kuzatilmasligi mumkin. Yuqoridagi holatlar ro‘y berganda zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Kasallik qancha erta aniqlansa, davolash shunchalik tez samara beradi, o‘zidan asorat qoldirmaydi.

Kasallikning yashirin va boshlang‘ich davrlarida va yaqqol sariqlik belgilarisiz turlarida bemor atrofdagilar uchun, ayniqsa, xavfli bo‘ladi. U o‘zi bilmagan holda, oila a’zolari, ayniqsa bolalarga kasallikni yuqtirib qo‘yishi mumkin. Bemorga badandagi sariqlik o‘tguncha, odatdagidan ko‘ra ko‘proq suyuqlik ichiring. Unga gazlanmagan suv, na’matak damlamasi, uncha shirin bo‘lmagan kompotlar, oddiy qaynatilgan suv ichiring. Bunda bolaga turli shirin ichimliklar (koka-kola, fanta va boshqalar)ni berish mumkin emas.

Bemorga qaynatib yoki bug‘da dimlab pishirilgan taomlar bering. Qovurilgan, hayvon yog‘laridan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilmagani ma’qul. Parhezga rioya etish zarur. To‘g‘ri tashkil etilgan parhez jigarni zo‘riqtirmaydi va faoliyatining tez tiklanishiga yordam beradi.

Kasallik yuqishining oldini olish uchun bolani ovqatlanishdan oldin va hojatdan so‘ng qo‘llarini sovunlab yuvishga, meva va sabzavotlarni yuvib iste’mol qilishga, faqat qaynatilgan suvni ichishga odatlantiring. Pashshalar ko‘payishiga yo‘l qo‘ymang, oziqovqat mahsulotlarini va iste’mol qilinadigan suvni ochiq qoldirmang.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Tibbiyot oliygohlariga maqsadli qabul qay tartibda amalga oshirilmoqda?

Gepatit bilan og‘riyotgan bemorlar foydalangan idish-tovoqlar, choyshab, yostiq jildi, kiyim-kechagi, o‘yinchoqlari, so‘rg‘ichlari, hojat tuvaklari va ovqat qoldiqlari virus bilan zararlangan bo‘lishi mumkinligini unutmang. Bemorning idish-tovoqlarini alohida tuting. Idishlarni, bemorning o‘yinchoqlarini, hojatxona anjomlarini, buyumlarini doimo zararsizlantiruvchi vositalar yordamida yuving. Buning uchun hozirgi kunda zamonaviy zararsizlantiruvchi vositalar mavjud.

© Kaniza ISAYEVA,
mutaxassis shifokor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

 

Obuna indeksi yakka tartibdagi obunachilar uchun — 865, tashkilotlar obunasi uchun — 866.
Obuna indeksi yakka tartibdagi obunachilar uchun — 865, tashkilotlar obunasi uchun — 866.
Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Back to top button