Ko‘pincha qorin sohasidagi kuchli og‘riqdan bezovta bo‘lish holatlari uchraydi. Aslida bunday xurujlar ayrim kasalliklar oqibatida yuzaga kelib, o‘z-o‘zidan peritonit (qorin pardasi yallig‘lanishi)ga olib keladi. Kasalliklarning o‘tkir turi keltirib chiqaradigan peritonit kasalligiga aslo beparvo qarab bo‘lmaydi. Bunday vaqtda bemor albatta jarrohga murojaat etishi lozim.

Peritonitga olib keluvchi omillar

Churralar asorat berganda. Qorin atrofidagi biror a’zoda churralar qisilib qolganda shu a’zo faoliyati buzilib, unda qon aylanishi to‘xtaydi. Qisilish bartaraf etilmasa ko‘plab og‘ir vaziyatlar ro‘y beradi. Ya’ni, ichak yorilishi yoki qorin pardasi qattiq yallig‘lanib peritonit paydo bo‘lishi mumkin. Me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasi kasalligida. Yara borning joyning teshilishi natijasida goho kuchli og‘riqlar ro‘y beradi. Bunday vaqtda qorin bo‘shlig‘iga yiring hosil qiluvchi mikroblar tushishi tufayli ichki a’zolar jiddiy zararlanadi. Ba’zan ichak devori va charvi atrofida chandiq hosil bo‘lib, qorin pardasi yallig‘lanishi ham kuzatiladi. O‘tkir xolesistit. O‘t qopi yallig‘lanishining o‘tkir turida qorinning yuqori qismida og‘riq kuchayadi. Bunday vaqtda xolesistitning bir necha turi farqlanadi. Yiringli xolesistitda o‘t pufagi bo‘shlig‘ida yiring to‘planadi va apsesslar paydo bo‘ladi. Flegmonoz xolesistitda o‘t pufagi shilliq qavatining nekrozi va yemirilishi yuz beradi, ba’zan devori teshiladi. Gangrenoz xolesistitda nekrotik jarayon o‘t pufagi devorining barcha qavatlariga yoyiladi. Yuqoridagi har uchala holatda ham infeksiya ichki a’zolarga tarqaladi va ko‘pincha peritonitga sabab bo‘ladi. Ko‘richak (appenditsit). Mikroblar ichak shilliq qavati, ovqat moddalari, axlat toshi yoki yot jismlar orqali qorin bo‘shlig‘idagi chuvalchangsimon o‘simtaga tushib ko‘payadi va uni yallig‘lantiradi. Ko‘richak o‘tkir kechganda o‘simta ichida kataral, yiringli, gangrenoz, perforativ yoki infiltrativ yallig‘lanishlar ro‘y beradi. Shundan so‘ng o‘simta teshilib gangrenaga o‘tadi.

Boshqa a’zolar ham yallig‘lanadi

Qorin bo‘shlig‘iga me’dadagi xlorid kislotasi, safro yoki qon va siydik tushishi oqibatida ham peritonit paydo bo‘ladi. Ba’zan esa me’da ichaklar teshilgandan keyin unda yashaydigan bakteriyalarning qorin bo‘shlig‘iga tushishi natijasida peritonit kelib chiqadi. Hayot uchun xavf tug‘diradigan peritonitda faqat qorin bo‘shlig‘i emas, balki atrofdagi a’zolar ham yallig‘lanadi, ularda nekrotik jarayon boshlanadi, dard tobora og‘irlashib boraveradi. Ba’zan mikroblar qon oqimi bilan (masalan o‘pkadan) qorin bo‘shlig‘iga tushganda ham peritonit rivojlanib, og‘riq nihoyatda zo‘rayadi. Qorin bo‘shlig‘iga infeksiya tushganda serozli ekssudat yiringli ekssudatga aylanib ketishi mumkin. Bunday holatlarda yiringli peritonit yuzaga keladi, ya’ni qorin pardasi yiringlab yallig‘lanadi. Ekssudat (suyuqlik) ning tabiatiga qarab serozli, yiringli va gemorragik peritonitlar farqlanadi. Bularning uchalasida ham dastlab qorin sohasiga og‘riq yoyiladi. Avvalo qorin pardasining yallig‘langan joyi og‘riydi, keyin boshqa sohalarga tarqaladi.

Og‘ir yoki yengil kechishi mumkin

Bolalarda kechadigan peritonit ko‘pincha ichki a’zolarning yallig‘lanish kasalliklari o‘z vaqtida batamom davolanmagandan keyin rivojlanadi. Peritonit yoshlarda kuchli og‘riqlar bilan kechsa, keksa yoshlilarda esa aksincha, bunday og‘riqlar kuzatilmaydi. Yoshi o‘tgan bemorlarni qayt qilish, ko‘ngil aynishi va qattiq og‘riqlar bezovta qilmagani uchun ular shifokorga kech murojaat etishadi va natijada kasallik avj olib ketadi. Me’da ichak yoki o‘t qopi teshilishidan so‘ng kelib chiqadigan peritonitlarda aslida qorin mushaklari o‘ta taranglashadi, keksaygan bemorlarda esa qorin mushaklari uncha taranglashmasligi ham mumkin. Bemorlar jarrohga kech murojaat qilishsa operatsiyadan so‘ng ahvol jiddiylashadi. Ya’ni, jigar hujayralarining portal venasi orqali qorin bo‘shlig‘idan jigarga o‘tib turgan bakteriyalar va toksinlar ta’sirida jigar ishi buziladi. Keyinchalik buyraklar, nafas tizimi va qon tomirlar ishi faoliyati izdan chiqadi. Bu hol ayniqsa keksayib qolgan bemorni ancha og‘ir ahvolga solib qo‘yishi mumkin.

Jarroh ko‘magi zarur

Peritonitlar tarqalgan va mahalliy turlarda kechadi. Tarqalgan peritonitda bemor qorin sohasidagi og‘riq, xolsizlik, tashnalik va ko‘ngil aynishidan shikoyat qiladi. Uning tana harorati ko‘tarilib arterial bosimi ham pasayishi mumkin. Bunday vaqtda bemor kasalxonaga yotqiziladi va peritonit keltirib chiqargan sababni bartaraf etishi uchun operatsiya qilinadi. Mahalliy peritonitga bir nechta holatlar (masalan qorin bo‘shlig‘i jarohatlari, me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasi, o‘tkir appenditsit, xolesistitning o‘tkir turi va boshqa kasalliklar ) sabab bo‘ladi. Bunda qorin mushaklari taranglashib og‘riq turadi, keyinchalik shu sohada absess paydo bo‘ladi. Jarroh ko‘magida qorin bo‘shlig‘i ochilib, yiringli o‘choq bartaraf etiladi. Umuman, qorin bo‘shlig‘idagi a’zolar kasallanganda bemor doimo jarroh maslahatlariga amal qilishi lozim. Chunki peritonitni ko‘p hollarda operatsiyasiz davolash qiyin. Bemor kasalxonadan chiqqandan so‘ng shifokor nazoratida bo‘lishi va parhez tutishi kerak. Iste’mol qiladigan taomlari yengil va vitaminga boy bo‘lgani ma’qul. Qorin pardasi yallig‘lanishi tufayli jarrohlik muolajasini olgan bemorlar ma’lum vaqtga qadar badantarbiya mashqlarini bajarmay turishlari tavsiya qilinadi. Yodda tutish lozimki, qorin bo‘shlig‘ida kuchli og‘riqlar turganda shifokor ruxsatisiz og‘riq qoldiruvchi dorilarni ichmaslik kerak, chunki bu ahvolni battar og‘irlashtirishi mumkin.

Jo‘raxon SAIDXO‘JAYEVA, jarroh. "Sihat-salomatlik" jurnali.