Palma moyi jahonda keng qo‘llaniladi. U oziq-ovqat, sanoat, kosmetologiya sohasidan tashqari tibbiyotda ham qadrlanadi. Ayniqsa, uning tabiiy moyi shifoga boyligi bilan ajralib turadi. Palma moyi tropik mamlakatlarda o‘sadigan moyli palma daraxti mevasidan olinadi. Uning vatani G‘arbiy Afrikadir. Palma moyi tarkibida turli foydali kislotalar, to‘yingan va to‘yinmagan yog‘ kislotalari - olein, stearin, linolen, miristin, laurin, oz miqdorda araxin va boshqalar bor. Shu bilan birga, moy tarkibida darmondorilar – E, D, K karotinoidlar, Q10 kofermenti, lesetin, magniy, fosfor, fitosterol kabilar jo bo‘lgan. Palma moyi yurak va qon tomirlariga ijobiy ta’sir etib, insult, infarkt, qon tomirlari yallig‘lanishining oldini olishda tavsiya etiladi. U yurak yetishmovchiligida, ishemik kasalliklarda, qon bosimi yuqori bo‘lgan (gipertoniya)da, parishonxotirlikda yaxshi samara beradi. Ko‘z kasalliklarida palma moyi A darmondorisi yetishmovchiligida, ko‘z to‘r pardasini himoya qilishda, ko‘z ichki bosimini meyoriga keltirishda foyda qiladi, ko‘zning qon bilan ta’minlanishini yaxshilaydi. U taom hazm qilish tizimi ishini maromiga keltiradi, oshqozon va ichakning shilliq qobig‘i jarohatini bitkazishda, yallig‘lanishda naflidir. Palma moyi jigarda ortiqcha yog‘ to‘planishdan asraydi, o‘t (safro) hosil bo‘lishi va ajralib chiqishini yaxshilaydi. Shu xosiyati bilan o‘t (safro) pufagi harakatchanligi pasayganda, o‘t-tosh xastaligida, xolesistit (o‘t pufagi yallig‘lanishi), kolit (yo‘g‘on ichak yallig‘lanishi), gastrit (oshqozon devori yallig‘lanishi), oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yarasi xastaligida malham bo‘la oladi. Tarkibidagi to‘yinmagan moyli kislotalar, fitosterollar, A va E darmondorilari ta’siri tufayli ayollarda gormonlar turg‘unligini saqlashda, homilaning to‘liq rivojlanishida, emizikli ayollarning ko‘krak suti mazasi sifatli bo‘lishida asqatadi. Palma moyi ayollarning asosiy gormoni – estrogen mutanosibligini me'yorda saqlab turishda foyda qiladi. Undan bachadon xastaligi, tuxumdon, ko‘krak yallig‘lanishiga qarshi kurashda foydalaniladi. Palma moyi bu xastaliklarning oldini olishda va majmuaviy davolashda qo‘l keladi. Emizikli ayollarning ko‘krak so‘rg‘ichi yorilganda palma moyidan surtilsa, bitishini tezlashtiradi va infeksiyadan himoya qiladi. Ginekologiya muammolarida (vagenit, kolpit, bachadon bo‘yi eroziyasi va boshqalar) palma moyi shimdirilgan tampon qo‘llanlsa, yaxshi naf beradi. Palma moyi bolalarga ham foydali. U bolalarning suyaklari, bo‘g‘imlari, tishlari, ko‘z a’zolari, asab va miya to‘qimalari shakllanishida faol ishtirok etadi. Immun tizimini mustahkamlaydi va normal o‘sishiga yordam beradi. Milk xastaligida palma moyidan dokaga shimdirilib, ozor joyga qo‘yilsa, naf keltiradi. Orqa ma’dqat (anal) yorilishida, bavosil (gemorroy) va qabziyat (ich qotishi)da palma moyidan kichik huqna (mikroklizma) qilinadi. Palma moyi yotoq yaralarida, kuyganda, neyrodermit, psoriaz, husnbuzar toshmalarida va boshqa teri muammolarida shifo ato etadi. Bu xastaliklarni davolashda palma moyi ozor joylarga surtiladi. Shu bilan birga, bunda ichga qabul qilinsa, davolash samaradorligi yanada oshadi.

"Shifo-info" gazetasi.

Mavzuga aloqador maqolalar: