Gematologiya

MAQOLALAR

ico
Puls normada qancha bo‘lishi kerak?

Puls — bu yurakning bir daqiqada qancha urishini ko‘rsatuvchi belgi.

Agar jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilmasa, yurakning o‘zini bevosita ko‘ra olmaymiz. Shuning uchun pulsni o‘lchaganda arteriyalar devorlarining qisqarishidan foydalanamiz: yurak ularga qon “haydaganda” ular ham ikkilanadi.

Puls chastotasini tekshirish uchun barmoqlar uchini arteriya o‘tadigan joyga qo‘ying va zarbalarni his qilish uchun shu joyni bosing. Bir daqiqa mobaynida uruvchi zarbalar sonini hisoblang - ana shu puls bo‘ladi. “Layfxaker” shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Arteriya teriga yaqin o‘tadigan joylar:

Pulsni aniqlash uchun eng qulay joylar - bilak va bo‘yin sohasida: bu sohalarda nafaqat shifokorlar, balki deyarli hamma pulsni sezadi. Bolalarda son arteriyasida pulsni o‘lchash osonroq kechadi, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning pulsini esa boshidan kuzatish mumkin.

Bo‘yin bilan ehtiyot bo‘lish kerak. Agar bo‘yindagi arteriyani qattiqroq bosib yuborilsa, bosh aylanib ketishi mumkin, shuning uchun bo‘yindan puls o‘lchaganda o‘tirgan yoki yotgan holatda o‘lchash tavsiya etiladi.

Normal puls qanday bo‘lishi kerak?

Puls doimo bir xil bo‘lavermaydi, shu bois me’yoriy zarbalar sonini aniq ko‘rsatib bo‘lmaydi. Faqat diapazonnigina ko‘rsatish mumkin. Quyidagi jadvalda minimal pulsdan maksimalgacha bo‘lgan ko‘rsatkichlar berilgan.

Puls me’yordan baland bo‘lsa, nimani bildiradi?

Organizmning umumiy holati bilan birga atrof-muhit ham pulsga ta’sir o‘tkazadi. Jaziramada, jismoniy mashqlardan keyin, stressda yoki tik oyoqda turganingizda yurak tezroq uradi. Insondagi kasalliklar va ba’zi dorilar ham pulsga ta’sir ko‘rsatadi: ular pulsni tezlashtirishi yoki sekinlashtirishi mumkin.

Agar yuragingiz vaqti-vaqti bilan tezroq yoki sekinroq urayotganini sezsangiz, boshingiz aylanib, o‘zingizni lanj his qilsangiz, shifokorga murojaat qiling. Ehtimol, bu biror kasallik belgilaridir.

© Kun.uz

ico
Qon bosimini to‘g‘ri o‘lchashni bilasizmi?

Arterial qon bosimini o‘lchash qiyin emas, ayniqsa zamonaviy tonometrlar yordamida. Biroq bu ish e’tiborsizlik bilan amalga oshirilsa, natija ham shunga yarasha bo‘ladi.

Qanday qurilmadan foydalangan ma’qul?

Qon bosimini mustaqil o‘lchash uchun avtomat tonometr (qon bosimini o‘lchashga mo‘ljallangan jihoz) xarid qilgan ma’qul, chunki stetoskopdan yolg‘iz foydalanish biroz noqulay, natijalar noto‘g‘ri chiqish ehtimoli yuqori.

Shuningdek, ba’zi avtomat tonometrlar ham noto‘g‘ri natijalarni ko‘rsatishi mumkin.

Yodingizda bo‘lsin, noto‘g‘ri tanlangan manjeta o‘lchami qon bosimini o‘lchashdagi natijalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun xarid oldidan tonometr o‘raladigan qo‘l qismini o‘lchab oling.

Qurilma ko‘rsatmada yanglishmasligi uchun tonometrlarni dorixonalardan yoki maxsus do‘konlardan xarid qiling va bu borada haddan tashqari tejamkorlikka yo‘l qo‘ymang. Foydalanishdan avval albatta qo‘llanmasini o‘qib chiqing va batareyalarni o‘z vaqtida almashtirishni unutmang.

Qon bosimini qanday o‘lchash kerak?

Shoshmang. 5 daqiqacha tinch sharoitda o‘tiring, biror ish qilganingizdan keyin darhol tonometrga yopishmang. Qon bosimini o‘lchashdan yarim soat oldin chekmang va qahva ichmang.

Stulga qaddingizni tik qilib o‘tiring. Oyoqlaringizni chalishtirmang. Oyoqlar polda shunday turishi kerakki, tizzalar baland ko‘tarilmasligi lozim.

Yengingizni shimaring, yaxshisi - yengi uzun kiyimda bo‘lsangiz, uni yechib qo‘ying, shunda manjetni o‘rashda muammo yuzaga kelmaydi.

Qo‘lingizni shunday joylashtiringki, tonometr manjetasi taxminan yurakning to‘g‘risida bo‘lsin. Ba’zan buning uchun qo‘l ostiga yostiqcha qo‘ygan ma’qul.

Manjetani to‘g‘ri o‘rang. Uning pastki tomoni tirsakdan 2-2,5 sm yuqorida bo‘lishi kerak.

Manjetani shunday o‘rangki, u bilan qo‘lingiz orasiga 1-2 barmoq sig‘adigan bo‘lsin. Tonometr pulsni qayd etishi uchun rezina naychalar tirsakning ichki tomoniga qarashi kerak.

Tonometrning barcha naychalari tekis bo‘lsin, chigallashib yoki tugun bo‘lib qolmasin. Bu qiyin emas, mana bunday holatda o‘tirish kerak:

Tonometr manjetani havoga to‘ldirishi uchun dasturni ishga tushiring yoki uni mustaqil harakatga keltiring (bu qanday modelni xarid qilganingizga bog‘liq). Qurilma havoni qo‘yib yuborishini kuting yoki klapanni ochib, havoni o‘zingiz qo‘yib yuboring.

Tonometr ko‘rsatkichlarini yozib olib, ikki daqiqadan keyin boshqa qo‘lingizda ham qon bosimingizni o‘lchab ko‘ring.

Qanday qilib qon bosimini stetoskopda o‘lchash mumkin?

Insonning yurak urishini eshitish uslubi biroz tajriba va ko‘nikma talab qiladi. Birinchi marta yurak urishini eshitish va bir vaqtning o‘zida tonometr nishoni ishorasini qayd etish qiyin, albatta. Insonning o‘z qon bosimini o‘lchash esa undan-da qiyin. Shu bois agar stetofonendoskopdan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, avval mashq qilib oling.

1. Inson xuddi avtomat tonometrda o‘lchagandek qaddini tik qilib o‘tirishi kerak, manjeta ham o‘sha joyga o‘raladi.

2. Stetofonendoskop membranasini tirsak chuqurchasi yaqiniga yoki undan yuqoriroqqa, puls yaxshiroq eshitiladigan joyga joylash va biroz chiqish kerak.

3. Manjetani o‘rab, tonometr o‘qiga qarab, pulsni eshiting. Bir fursat puls yo‘qoladi - yurak urishi eshitilmay qoladi. Shundan keyin manjetani tonometr o‘qi yana 20-30 mm'ga ko‘tariladigan qilib shishirish kerak.

4. Tonometr o‘qi sekin pastlashi uchun qurilma ventilini biroz bo‘shashtiring. Sekin deganda soniyasiga 2-3 mm pastlashi tushuniladi.

5. Stetofonendoskopda yana yurak urishi paydo bo‘lishini diqqat bilan eshiting. Ayni shu lahza tonometr o‘qi ko‘rsatgan sonni eslab qoling. Bu sistolik, ya’ni “yuqori” qon bosimi.

6. Keyin yana tovush yo‘qolishini kuting. Tonometr o‘qining shu vaqtda ko‘rsatgan belgisi - diastolik, ya’ni “quyi” qon bosimi hisoblanadi.

140/90dan baland qon bosimi - yuqori, 90/60dan past bo‘lgan qon bosimi - past. Siz uchun qaysi ko‘rsatkich me’yor ekanini aniqlash uchun har kuni bir vaqtda qon bosimingizni o‘lchang va ko‘rsatkichlarni yozib boring. Shundagina qon bosimingizda muammolar bor yoki yo‘qligini bilishga muvaffaq bo‘lasiz.

Ushbu maqolani ham o‘qing:Qon bosimi oshganda birinchi yordam ko‘rsatish

© Kun.uz / Lifehacker.ru

ico
Aritmiya - turlari, xavfli jihatlari, davolash va oldini olish usullari

Aritmiyalar haqida soʻz yuritish juda ham murakkabdir. Zero, bu muammo tibbiyotdagi, xususan, yurak xastaliklarini oʻrganuvchi soha – kardiologiyadagi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Gap yurak maromining buzilishlari boʻlmish aritmiyalar haqida ketmoqda.

Aniqlik kiritamiz, aritmiya nima?

Aritmiya soʻzi yunoncha aritmos (“a” – yoʻq, “ritmos” – marom) soʻzidan olingan boʻlib, barcha yurak maromi buzilishlari uchun umumiy atama hisoblanadi. Aritmiya bilan tibbiyotning kardiologiya sohasi keng shugʻullanadi. Umuman olganda, yurak aritmiyasi yurakning kundalik “jismoniy” ishidagi oʻzgarish boʻlib, bunda yurak maromining son va sifat jihatidan buzilishi kuzatiladi.

aritmiya

Yurak aritmiyasi surunkali yoki xurujli boʻlishi, baʼzida qaysidir kasallikning yoki tanadagi buzilishlarning belgisi sifatida kuzatilishi mumkin. Misol uchun, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish, sigareta chekish, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilish aritmiyaga sabab boʻlishi mumkin. Aritmiyani tashxislash uchun EKG (elektrokardiografiya) tekshiruvi mavjud. Bu tekshiruv keng tarqalgan boʻlib, aritmiyalarni tashxislabgina qolmay, balki ularning turlarini ham aniqlashga yordam beradi.

Har bir inson hayoti davomi bir marotaba boʻlsa-da, yurak faoliyati buzilishini oʻzida his qilib koʻradi. Ayniqsa, imtihon oldidan, maʼsuliyatli vaziyatlarda, kuchli asabiylashishda yurak oʻzining “borligini” bildiradi. Yurak 24 soat davomida 100 000 martadan koʻproq qisqaradi.

Aritmiyaning turlari

Yurak aritmiyalarining bir necha turlari mavjud.

Sinus tugunining aritmiyalari koʻp hollarda xavfsiz boʻlib, alohida davo yoki yondoshuvni talab etmaydi. Bu aritmiyalarga sinusli taxikardiya, sinusli bradikardiya, sinusli aritmiya kiradi.

Sinusli taxikardiya bu yurak urishlari sonining 90 martada koʻp boʻlishidir. Bu aritmiya turi sogʻlom odamda ham uchraydi, masalan, yugurganda, zinadan yuqori qavatga koʻtarilganda yurak tana ehtiyojlarini qondirish maqsadida tezroq ura boshlaydi. Jismoniy yuklama toʻxtatilgach, yurak urishi soni oʻz meʼyoriga keladi. Biroq sinusli taxikardiya kamqonlik, qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlarning belgisi boʻlishi mumkin.

Sinusli bradikardiya yurak urishlari sonining 60 tadan kam boʻlishidir. Bu aritmiya ham sogʻlom odamda uchraydi, ayniqsa, uyqu paytida tananing ehtiyojlari kam boʻlganda, yurak urishlari soni kamayib ketadi.

Ektopik aritmiyalar murakkabrok aritmiya turi boʻlib, mutaxassis yondashuvini talab etadi. Bunday aritmiyalarni tashxislash uchun kardiolog-mutaxassisga murojaat qilish kerak. Ektopik aritmiyalarga hilpillovchi aritmiya, qorinchalar va qorincha usti ekstrasistoliyalari kiradi.

Ekstrasistola yurakning navbatdan tashqari qisqarishi boʻlib, odam ekstrasistola yuz berganda yurak joyidan qoʻzgʻalganidek, qotib qolgandek hissiyotni sezadi. Ekstrasistolalar sogʻlom odamda ham uchrab turadi. Biroq ularning soni bemor odamga nisbatan ancha kam boʻladi va maxsus davoni talab etmaydi.

Aritmiyalar qanday tashxislanadi?

Aritmiyalarni tashxislash uchun bemorda xuruj paytida EKG tekshiruvini oʻtkazish lozim. Buni davo muassasalarida bajarish mumkin. Murakkab aritmiyalar uchun esa yanada chuqurroq tekshiruv talab etiladi. Bunday tekshiruvlarga 24 soat davomida yurak faoliyatini yozib oluvchi Xolter boʻyicha EKG tekshiruvini olish mumkin. Bu tekshiruv mitti uskuna yordamida bajariladi. Ushbu uskuna odam tanasiga oʻrnatiladi. Tekshiruv yordamida koʻpgina murakkab aritmiyalarga tashxis qoʻyish mumkin. Bu tekshiruv ancha yillardan beri Oʻzbekistonda mavjud va muvaffaqiyat bilan qoʻllanilib kelinmoqda.

Aritmiya nimasi bilan xavfli?

Har qanday aritmiyani ham xavfli deyish nooʻrin. Xavf aritmiyaning qanchalik murakkabligiga, tanaga qanchalik zarar bera olishiga bogʻliq. Shuningdek, aritmiyaning xavflilik darajasini belgilashda, bemorning avval oʻtkazgan yoki ayni paytdagi kasalligi ham hisobga olinadi. Masalan, miokard infarkti oʻtkazgan bemorlarda aritmiyaning boʻlishi har doim yuqori oʻlim xavfi borligidan darak beradi.

Aritmiyani davolash

Zamonaviy tibbiyot aritmiyalarni davolashda ancha ilgarilab ketdi. Shunday boʻlsa-da, aritmiyaning baʼzi turlari oldida tibbiyot ojizligicha qolmoqda. Bugungi kunda aritmiyalarni ham dori-darmon bilan, ham dorisiz davolash mumkin. Har qanday aritmiya alohida yondashuvni talab etadi va har bir bemor bu borada oʻziga xosdir.

Aritmiyasi mavjud boʻlgan kishi mutlaqo oʻz-oʻzicha davolanmasligi, xususan, oʻzbilarmonlik bilan aritmiyani toʻxtatuvchi dori vositalarini isteʼmol qilmasligi kerak, chunki aritmiya boshqa xastaliklar bilan birga kechishi mumkin. Hamma aritmiyalar ham davo talab etavermaydi. Aritmiyani davolash zaruriyatini shifokor hal qiladi.

Tomir urishi qanday aniqlanadi?

Tomir urishlari sonini aniqlashni har bir odam bilishi kerak. Buning uchun shifokor boʻlish shart emas. Odam bilagining barmoqlarga yaqin qismining ikki chetida ikki arteriya tomiri oʻtgan, bu tomirlar koʻrsatkich va oʻrta barmoq bilan birga asta sekinlik bilan bosib koʻrilsa, tomir urishini aniqlash mumkin. Ammo tomir hamma odamga birday kuch bilan uravermaydi. Masalan, qon bosimi baland odamlarda tomir urishlari sezilarli daraja kuchli boʻladi.

Qon bosimi past odamlarda esa tomir urishini ilgʻash biroz qiyin. Shu sababli, tomir urishini aniqlashda, eʼtibor bir joyga jamlash kerak boʻladi. Tomir urishlari sonini aniqlash uchun avval tomirni yaxshilab topib olib, soʻngra sekundomer yoqiladi. Eʼtiborni tomirga qaratib, bir daqiqadagi urishlar sonini xayolan sanaladi. Sanayotgan paytda sekundomerga kamroq qarash lozim, aks holda inson beixtiyor sekundomer ishlash ritmiga qarab sanaydi va xato qiladi. Sogʻlom odamning yuragi tinch holatda 60 tadan 90 tagacha uradi. Tomir urishi sonidan tashqari uning, bir maromda urish-urmasligini ham aniqlash kerak.

Xurujda birinchi yordam

  • Derazalar ochiladi, koʻylakning yoqasi yechiladi, kamar sal boʻshatiladi.
  • Divan yoki oʻringa qulay oʻrnashiladi.
  • Koʻzlar yumiladi va 10 soniya davomida koʻz olmalari ikkala koʻrsatkich barmoq bilan qattiqroq, lekin ogʻritmaydigan darajada bosiladi. Ushbu amal 1 daqiqada 3 marta bajariladi.
  • Chuqur nafas olinadi va ushlab turiladi; amal 5 marta takrorlanadi va 2-3 daqiqa kutib turiladi, soʻngra yana bajarish mumkin.
  • Oyoqni tizza boʻgʻimida bukib, oʻtirib olinadi, qorinlar songa tekkan; shu vaziyatda chuqur nafas olib soʻng, kuchaniq bajariladi.

Muolajalar yordam bermagan hollarda tez tibbiy yordam chaqirish kerak. Xuruj tezda oʻtib ketgan boʻlsa-da, shifokor qabuliga borish lozim.

Aritmiyaga chalinmaslik choralari

  • Sigareta chekmaslik.
  • Spirtli ichimliklar isteʼmolini toʻxtatish.
  • Qahvani yoki tarkibidan kofein saqlovchi mahsulotlarni ortiqcha isteʼmol qilmaslik kerak.
  • Baliq mahsulotlarini koʻproq isteʼmol qilish lozim.
  • Yashil rangli har qanday sabzavot yoki oshkoʻkni koʻproq isteʼmol qilish lozim.
  • Profilaktik tarzda vitamin E qabulini esdan chiqarmaslik lozim.

© Umid Abdusattorov, karidolog.

ico
Yurak astmasi - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

Yurak astmasi – oʻtkir chap qorincha yetishmovchiligi, kichik qon aylanish doirasida dimlanish va oʻpka toʻqimasining shishi bilan namoyon boʻluvchi patologik holat. Yurak astmasi nafas yetishmovchiligi, ortopnoe, quruq yoʻtal, yuz terisida sianoz, taxikardiya, diastolik arterial bosimning ortishi, qoʻzgʻaluvchanlik, oʻlimdan qoʻrqish kabi simptomlar kuzatiladi. Kardial astma diagnozi klinik belgilar, umumiy koʻrik, anamnez, koʻkrak qafasi rengtenogrammasi, EKG yordamida qoʻyiladi. Yurak astmasi xuruji nitroglitserin, narkotik analgetiklar, gipotenziv va siydik haydovchi vositalar, oyoq va qoʻllarga jgut qoʻyish va kislorodoterapiya yordamida bartaraf etiladi.

Yurak astmasi, kardial astma

Umumiy maʼlumot

Yurak (kardial) astma – inspirator hansirash, nafas olish yetishmovchiligi bilan kechuvchi klinik sindromdir. Kardiologiyada yurak astmasi chap qorincha yetishmovchiligining asorati sifatida namoyon boʻluvchi holat deb baholanadi. Yurak astmasida miokard qisqarish xususiyati birdan kamayadi va kichik qon aylanish doirasida dimlanish kuzatiladi, bu esa nafas yetishmovchiligi va qon aylanish doirasidagi kamchiliklarga sabab boʻladi. Ushbu holat natijasida oʻpka shishi kelib chiqadi va koʻpincha oʻlimga sabab boʻladi.

Kardial astma sabablari

Kardial astma yurak ishining buzilishi bilan yoki yurakka bogʻliq boʻlmagan kasalliklar natijasida rivojlanishi mumkin. Yurak astmasi birlamchi oʻtkir yoki surunkali (chap qorincha yetishmovchiligi asorati) boʻlishi mumkin. Sindrom YIK (yurak ishemik kasalligi), oʻtkir infarkt, nostabil stenokardiya, aterosklerotik kardiskleroz, oʻtkir miokardit, tugʻruqdan keyingi kardiomiopatiyalar, yurak anevrizmasi natijasida kelib chiqadi.

Arterial gipertenzianing paroksizmal koʻrinishi, yurak chap qorinchasining zoʻriqish bilan ishlashi, hilpillovchi aritmiya huruji va yurak boʻlmachalari trepetaniyasi kabi holatlar yurak astmasiga olib keluvchi xavf omillariga kiradi.

Bundan tashqari, yurak astmasiga mitral va aortal klapan nuqsonlari (stenoz va yetishmovchilik) ham sabab boʻladi. Infeksion kasalliklardan pnevmoniya, oʻtkir glomerulonefrit, bosh miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi ham yurak astmasi bilan asoratlanishi mumkin. Xavf omillariga jismoniy zoʻriqish, kuchli emotsional stress, infuziya natijasida gipervolemiya, haddan ortiq suyuqlik koʻp ichish kabi holatlar kiradi.

Patogenezi

Yurak astmasi rivojlanish mexanizmi yurak gemodinamikasining buzilishi, ayniqsa chap tomonlama yurak kameralarida qon hajmining koʻpayishi, oʻpka venalarida qon bosimining ortishi va kichik qon aylanish doirasida dimlanish bilan tushuntiriladi. Oʻpkadagi qon tomirlar oʻtkazuvchanligi ortishi hisobiga qonning suyuq qismi oʻpka toʻqimalari orasida toʻplanadi va oʻpka shishi rivojlanadi. Bu esa alveolalar va qon tomirlar oʻrtasida gaz almashinuvi buzilishiga olib keladi.

Yurak astmasi xuruji vaqtida yuzaga chiqadigan klinik belgilar nafas boshqaruvining neyroreflektor bosqichi va bosh miyada qon aylanishining buzilishi bilan tushuntiriladi. Vegetativ belgilar nafas markazlarining qoʻzgʻalishi tufayli yuzaga chiqadi.

Yurak astmasi belgilari

Yurak astmasi sindromining “xabarchi” belgilariga 2-3 kun davom etadigan hansirash, jismoniy harakatlar vaqtida yoʻtal tutishi, koʻkrak qafasida siqilish hissi kabilar kiradi. Kardial astma belgilari koʻpincha tunda yuzaga chiqadi, chunki bu vaqtda qon aylanishining adrenergik boshqaruvi sust boʻladi, yaʼni yurakda qon oqimi hajmi koʻpayadi. Kunning erta qismida kardial astma xuruji jismoniy yoki psixoemotsional zoʻriqish bilan bogʻliq.

Yurak astmasi xuruji toʻsatdan boshlanadi, bemor tunda nafas yetishmovchiligi sababli uygʻonib ketadi va hansirashdan aziyat chekadi, quruq yoʻtal kuzatiladi (keyinchalik shaffof balgʻam ham ajrala boshlaydi). Bemor gorizontal holatda yota olmaydi, majburiy holatni egallaydi. Oyoqlarini pastga tushiradi va biroz oldinga egilgan holatda oʻtiradi. odatda ogʻiz bilan nafas oladi va gapirishga qiynaladi. Bemor qoʻzgʻalgan, xavotirlanadi va oʻlib qolishdan qoʻrqish holatida boʻladi. Koʻruvda ogʻzi lab uchburchagi va tirnoqlarda sianoz, taxikardiya, diastolik arterial bosim ortadi. Auskultatsiyada kichik pufakli nam xirillash, ayniqsa oʻpkaning pastki qismida aniq eshitiladi.

Yurak astmasi bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Davomiyligi astmaga sabab boʻladigan asosiy kasallikka bogʻliq. Mitral stenoz natijasida kelib chiqadigan astma xuruji kam kuzatiladi, chunki kichik qon aylanish doirasida oʻpka arterialarining torayishi sabab boʻladi (refleks Kitayev).

Oʻng qorincha yetishmovchiligida astma xuruji rivojlanmasligi ham mumkin. Baʼzida xuruj vaqtida reflektor tarzda bronxospazm yuzaga kelishi va bronxial astma xuruji kabi simptomatika rivojlanishi, hamda diagnoz qoʻyishda qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.

Uzoq vaqt davom etuvchi yurak astmasi xuruji natijasida sianoz, sovuq ter ajralishi, boʻyin venalarining kengayishi, pulsning ipsimon boʻlishi, qon bosimining pasayishi va bemor umumiy ahvolining ogʻirlashuvi kuzatiladi. Oʻpka shishida koʻpikli balgʻam ajralishi koʻpayadi, kichik va oʻrtacha pufakli nam xirillashlar oʻpkaning barcha sohalarida eshitiladi.

Yurak astmasi diagnostikasi

Yurak astmasini toʻgʻri davolash uchun boshqa kasalliklardan farqlab olish zarur, masalan bronxial astma, yutqin stenozi, uremiya vaqtidagi hansirash, mediastinal sindromlar, isterik holatlar. Yurak astmasini tashxislash uchun sindrom klinik belgilari, anamnez yigʻish, rentgenografiya va EKG tekshiruvlari oʻtkazish kerak boʻladi.

Yurak astmasi xuruji vaqtida auskultatsiya oʻtkazish biroz qiyin, chunki nafas yetishmovchiligi holatida xirillashlar tonlarni ajratib olishni biroz qiyinlashtiradi. Ammo, shunday boʻlsa ham malakali shifokor yurak tonlarining boʻgʻiqlashuvi, oʻpka arteriyasida II ton aksenti, hamda asosiy kasallik belgisi – yurak ritmining oʻzgarishi, aorta yoki yurak klapanlaridagi kamchiliklar haqida bilib olish mumkin. Puls toʻlishining kamayishi, arterial qon bosimining pasayishi kuzatiladi. Oʻpkani eshitganda nam xirillashlar aniqlanadi.

Yurak astmasida rentgenogrammada kichik qon aylanish doirasida venoz dimlanish va oʻpka surʼatining xiralashuvi, oʻpka ildizlari aniq namoyon boʻlmasligi oʻpka shishidan dalolat beradi. Xuruj vaqtida EKG da ST tishchalar intervali pasayishi, tishchalar amplitudasining pasayishi, aritmiya belgilari, koronar yetishmovchilik belgilari aniqlanadi.

Reflektor ravishda bronxospazm bilan kechuvchi, xushtaksimon xirillash va shilliq ajralishining koʻpayishi va bronxial astma xurujini istisno qilish uchun bemor yoshiga eʼtibor beriladi (yurak astmasi koʻpincha qari yoshdagi insonlarda kuzatiladi), allergik anamnez, surunkali oʻpka kasalliklari, yurak qon tomir tizimidagi patologiyalar haqida maʼlumot yigʻish zarur.

Yurak astmasi davosi

Kardial astma oʻz-oʻzidan oʻtib ketadigan holat boʻ​lsada, oʻpka shishi natijasida bemorda oʻlim holati sodir boʻlish ehtimoli yuqori boʻlishi bilan xavfli hisoblanadi. Shuning uchun yurak astmasi xurujida tez tibbiy yordam koʻrsatish shart. Davo chora tadbirlari asosan nafas markazini neyroreflektor qoʻzgʻalishini oldini olish, emotsional zoʻriqishni bartaraf etish va kichik qon aylanish doirasidagi dimlanishni korreksiya qilish kabilardan iborat.

Xuruj vaqtida bemor ahvolini yaxshilash uchun maksimal darajada tinchlik, bemorga qulay boʻlgan (oʻtirgan holatda) holatni taʼminlash, oyoqlarni issiq vanna qilish kerak boʻladi. Har 5-10 daqiqa davomida til ostiga nitroglitserin tashlanadi, hamda arterial qon bosimi tekshirib turiladi.

Yurak astmasi xurujida ogʻriqni qoldirish uchun narkotik analgetiklardan foydalaniladi, bu hansirashni ham kamaytiradi. Kichik qon aylanish doirasida dimlanish va arterial gipertenziya va venoz dimlanishni qon chiqarish yoʻli bilan (300 ml qon) bartaraf etish mumkin. Bundan tashqari tananing periferik qismlariga jgut qoʻyish ham mumkin (30 daqiqadan oshmasligi zarur). 

Shifoxona sharoitida kislorod (etil spirtdan oʻtkazgan holda) bemorga ingalyatsiya yoʻli bilan yetkaziladi, bu ham oʻpka shishini kamaytiradi. Katta dozada siydik haydovchi preparatlar (furosemid) buyuriladi. Deyarli barcha yurak astmasi xurujlarida vena ichiga yurak glikozidlari – strofantin yoki digoksin qoʻllaniladi. Eufillin – bronxial va yurak astmasi birgalikda kelganda yaxshi yordam beradi. Xuruj bartaraf etilgandan soʻng, asosiy kasallik davolanadi.

Kasallik oqibati va profilaktikasi

Kasallik xuruji oqibati asosiy kasallik ogʻirlik darajasiga bogʻliq boʻladi. Koʻpincha xuruj oqibati salbiy yakunlanadi. Ammo, toʻgʻri buyurilgan davo muolajalari bemor hayotini saqlab qolishga erishiladi.

Yurak astmasi profilaktikasi surunkali yurak qon tomir kasalliklarini davolash, infeksion kasalliklardan saqlanish, yurak ishemik kasalligi, arterial gipertenziyani bartaraf etish kabi chora tadbirlardan iborat.

Yurak kasalliklarda eng kop qollaniladigan dori vositalari mazkur sahifada keltirilgan.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

ico
Kamqonlikni davolaymiz
Bir qator xastaliklarning kelib chiqishiga kamqonlik sabab bo‘ladi. Kamqonlik ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarda ko‘p uchraydi Bizning mahalliy sharoitda bu kasallikning oldini olishga ko‘maklashadigan yana bir vosita bor, lekin unga ko‘pchilik yetarli e’tibor qaratmasdan, salomatligini tiklash uchun pullarini har xil dori-darmonlar sotib olishga sarflashadi. Inson tanasi uchun zarur bo‘lgan temir, oqsil, uglerod kabi moddalarning yetarli ta’minlanishi va uzoq vaqt meyorida ushlab turilishi uchun toshtegirmonda tortilgan bug‘doy uni samarali yordam beradi. Fermentlar asosan, bug‘doyning po‘stida ko‘p bo‘ladi. Zamonaviy tegirmonlarda bug‘doyni yanchish uchun oldin u ivitilib, qobig‘i, ya’ni po‘sti olib tashlanadi. Oqibatda tortilgan un, garchi juda oq bo‘lsada, sifatini tez yo‘qotadigan mahsulotga aylanadi. Bunday bo‘lmasligi uchun bug‘doyni yaxshilab tozalab, ajdodlarimiz ming yillardan buyon ishlatib kelayotgan toshtegirmonda tortish salomatlik uchun ko‘proq foydalidir. Bunday tegirmonda tortilgan undan yopilgan non garchi ozgina qoramtir bo‘lsada, ammo to‘yimli va mazalidir. Yana bir afzalligi, toshtegirmonning noni bir hafta tursa ham qotib qolmaydi. Toshtegirmonda don qirqilmaydi, balki ezib maydalanadi. Bug‘doyning qobig‘i ham aralashib ketadi. Hozirgi ko‘p zamonaviy tegirmonlar donni qirqib maydalaydi va kepakni alohida ajratib chiqaradi. Natijada, bug‘doy tarkibidagi eng foydali minerallar kepakka qo‘shilib chiqitga chiqib ketadi. Bu usulni ovqatlanish tartibiga kiritish bilan kamqonlik xastaligidan xalos bo‘lishda ijobiy natijalarga erishish mumkin. [highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: [/highlight]
ico
Sepsis: sabablari, belgilari, turlari va davolash
Sepsis yiringlatuvchi mikroblarning mahalliy infeksiya o‘chog‘idan qon oqimiga, limfa yo‘llariga, ulardan esa bemorning barcha to‘qima va a’zolariga tarqalishidan kelib chiqadigan umumiy infeksion kasallikdir. Infeksiya tushgan jarohat va turli sohada joylashgan yiringli kasalliklar (masalan, chipqon, xo‘ppoz, flegmona) sepsis manbai bo‘lishi mumkin. Odatda stafilokokk, streptokokk, ba’zan pnevmokokk, gonokokk, ichak tayoqchasi singari mikroblar ham sepsisni qo‘zg‘atadi. Aslida sepsis organizmdagi jarohat yoki yallig‘lanish jarayonining asorati hisoblanadi. Uning rivojlanishida og‘ir kasalliklar, jarrohlik operatsiyalari, ko‘p qon yo‘qotish, birdaniga ozib ketish, vitamin yetishmovchiligi, yetarli ovqatlanmaslik natijasida organizmning himoya kuchlari susayishi muhim rol o‘ynaydi.

Og‘ir kechsa, zarari ko‘proq

Sepsis og‘ir kechganda qondagi mikroblar juda tez ko‘payadi va ular qonni o‘z zaharli mahsulotlari (toksinlari) bilan zararlaydi, ya’ni qizil qon hujayralari (eritrotsitlar)ni yemiradi. Sepsis rivojlanganda bemorning tana harorati 39-40 darajaga ko‘tariladi, eti uvishadi, ba’zan qattiq terlaydi. Ayrim paytda esa teri sarg‘imtir tusga kirib, unga toshmalar toshadi. Sepsis birmuncha yengil o‘tganda mikroblar qonda ko‘paymaydi, balki qon oqimi bilan turli a’zo va to‘qimalarga tarqaladi, natijada ularda ko‘p sonli yiringli o‘choqlar hosil bo‘ladi. Bunday vaqtda sepsis uzoqroq kechadi va yiring to‘planayotganda bemorning ahvoli bir oz og‘irlashib, madda yorilgandan so‘ng (yoki operatsiyadan keyin) esa bir qadar yengillashib turadi. Sepsisning har ikki holatida ham bemorning tana harorati ko‘tariladi, boshi og‘riydi, ko‘p terlaydi, arterial bosimi pasayadi, holsizlanadi, ishtahasi yo‘qoladi, ko‘pincha uyqusizlikdan aziyat chekadi. Bundan tashqari, jigar va taloqning kattalashishi, shishishi, yurak va buyraklar faoliyatining yomonlashishi kuzatiladi. Bemorning oyoq-qo‘llarida mayda qora dog‘lar paydo bo‘lib, bo‘g‘im va mushaklarida yallig‘lanishlar ro‘y beradi. Yosh bolalarda esa sepsis ko‘pincha zotiljam (pnevmoniya) shaklida kechadi. Sepsisning paydo bo‘lishida tashqi va ichki omillar muhim rol o‘ynaydi. Masalan, u ba’zida hasharotlar (chivin, pashsha, kana, burga, o‘rgimchak) chaqqandan so‘ng ham yuzaga keladi. Shuningdek, ba’zan teridagi ochiq jarohatlarga infeksiya tushganda, yaralarning bitishi kechikkanda, turli gangrenozlar (asosan oyoq gangrenasi)da, qorin bo‘shlig‘i a’zolaridagi jarrohliklardan so‘ng va o‘tkir xirurgik kasalliklar asorati sifatida paydo bo‘ladi. Hozirgi kunda yuz-jag‘ sohasidagi yallig‘lanish kasalliklari, ayniqsa bolalardagi bunday jarayonlar ko‘pgina holatlar septik asoratlar bermoqda. Odontogen sepsis milk yoki jag‘lardagi yiringlash tufayli yuzaga kelib, ko‘p hollarda jag‘ osti limfa tugunlari yiringlashi va og‘iz bo‘shlig‘i flegmonasi bilan birga kechadi. Ba’zan oyoqdagi yara-chaqalar va badanning turli joylaridagi shikastlanishdan keyingi jarohatlar tuzalishi kechiksa yoki ularga o‘z vaqtida davo qilinmasa, sepsis rivojlanishiga sharoit yaratiladi. Umuman, sepsis ko‘zi yorigan va bola oldirgan ayollarda, bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklarda hamda turli xil jarrohlik xastaliklari bilan og‘rigan bemorlarda tez-tez uchrab turadi. Qorin va ko‘krak bo‘shlig‘i a’zolaridagi yiringli yaralarda, ayniqsa, chipqon va katta chipqon (karbunkul) chiqqanda, ularni qo‘l bilan ezganda sepsis yuzaga keladi. Ba’zan arzimagan jarohatlar (ehtiyotsizlik tufayli tananing biror joyi shilinsa yoki kesilsa) ham sepsis rivojlanadi. Ayrim paytlarda ayollarda sut bezlarining yallig‘lanishi (mastit)dan so‘ng sepsis kelib chiqishi mumkin.

Bir qancha turlari mavjud

Ginekologik sepsis jinsiy a’zolar faoliyatidagi ayrim o‘zgarishlar yoki kasalliklar (masalan, noqulay sharoitda qilingan abort, tug‘ruqning og‘ir o‘tishi, yiringli endometrit, salpingit)dan so‘ng ro‘y beradi. Kriptogen sepsis ko‘pincha autoinfeksiyalar tufayli ma’lum sharoitda vujudga keladi, ya’ni infeksiyalar bodomcha bezlarida, tish granulomalarida, kengaygan bronxlarda, ichaklarda, taloqda o‘rnashgan bo‘lishi mumkin. Tonzillogen sepsis ko‘pincha bodomcha bezlarning yiring boylashi va nekrozli yallig‘lanishi (angina) natijasida paydo bo‘ladi. Rinogen sepsis burun va uning yondosh bo‘shliqlaridagi yiringli kasalliklar asoratidir. Urosepsis siydik-tanosil a’zolariga infeksiya tushishi, ularning zararlanishi hamda bu a’zolardagi yiringli jarayonlar oqibatida vujudga keladi. Jarrohlik sepsisi turli jarrohlik kasalliklari (ayniqsa,
yiringli peretonit, plevrit, appenditsit, o‘pka absessi hamda kuyish jarohati) asorati sifatida uchraydi. Bulardan tashqari, sepsis jarayoni yangi tug‘ilgan go‘daklarda ham kuzatiladi. Chaqaloqlar sepsisi (neonatal sepsis) bakteriyalarning infeksiya o‘chog‘idan qonga tushishi bilan kechadigan umumiy infeksion kasallikdir. Chaqaloq organizmiga infeksiya antenatal (tug‘ruqqacha), intranatal (tug‘ruq paytida) va postnatal (tug‘ruqdan keyin) davrlarda o‘tishi mumkin. Ayniqsa, chala tug‘ilgan go‘daklarda sepsis juda tez rivojlanadi. Go‘daklarda bu kasallikni turli patogen va shartli patogen mikroorganizmlar (masalan, stafilokokk, streptokokk, pnevmokokk, salmonella, ichak tayoqchasi) qo‘zg‘atadi. Shunindek, homilador ayol organizmida yallig‘lanish jarayonlari kechayotgan bo‘lsa, tug‘ruq paytida terisi shikastlanishi tufayli yiringli o‘choqlardagi infeksiya chaqaloqqa o‘tadi. Chaqaloqlar sepsisi aksariyat hollarda bola tug‘ilishi vaqtida yoki tug‘ilgandan so‘ng yuz beradi. Ko‘pincha kindik yarasi mikroblar manbaiga aylanadi. Bunda kindik qoldig‘idan infeksiya kirishi natijasida sepsis yuzaga keladi. Ya’ni bola kindigi uy sharoitida kesilganda yoki kindikni toza bo‘lmagan ip va latta bilan bog‘laganda, unga kul sepganda sepsis osonlik bilan rivojlanadi. Bundan tashqari, sepsisni qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar chaqaloq organizmiga shilliq qavatlar, nafas yo‘llari, oshqozon-ichak, teridagi jarohatlar va kindik tomirlari orqali kirishi mumkin.

Konservativ davo naf bermasa…

Sepsisning o‘ta jiddiy jarayon ekanligini unutmasligimiz kerak. Bu jarayonda yiring qonga so‘riladi va organizmdagi barcha a’zo va hujayralarda o‘rnashib qoladi. Shundan so‘ng zarur a’zo va hujayralar yemirila boshlaydi, ularning faoliyati keskin buziladi. Ayniqsa, yurak-qon tomir, nafas, hazm a’zolari ishi izdan chiqadi va ularning yetishmovchiligi kuzatiladi. Sepsisga faqat kasalxona sharoitida davo qilinadi. Bunda konservativ (dori-darmon) va jarrohlik muolajalari qo‘llanadi. Organizmdagi yiringli o‘choqlar dori-darmonlar, fizioterapevtik muolajalar va yana bir necha xil murakkab davo usullari yordamida yo‘qotiladi. Konservativ davolash yordam bermagan hollarda jarrohlik muolajasi amalga oshiriladi. Ma’lumki, sepsis rivojlanganda bemor organizmida og‘ir turdagi zaharlanish (intoksikatsiya) ro‘y beradi, bu vaqtda ishtaha yo‘qoladi va organizm quvvatsizlanadi. Shuning uchun ham sepsisni davolash jarayonida bemorga yuqori kaloriyali, ya’ni servitamin ovqatlar berish zarur. Bundan tashqari, bemorlar tinch sharoitda bo‘lishlari, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etishlari lozim. Ayniqsa, ularga yaxshi muomalada bo‘lish kasallikning tuzalishida muhim ahamiyatga ega. Maslahatimiz shuki, odam badanida paydo bo‘lgan har qanday yara-chaqalar va organizmida kechayotgan yallig‘lanishlarga beparvo qaramaslik kerak. Sepsisning oldini olish uchun quyidagi holatlarga e’tiborli bo‘ling:
  • ochiq jarohatlar yiringlashi;
  • yuzdagi husnbuzarlar uchi oqarishi;
  • chipqon chiqishi;
  • xasmol (qo‘l barmog‘i to‘qimlarining o‘tkir yiringli yallig‘lanishi) paydo bo‘lishi;
  • flegmona (teri osti yog‘ klechatkasining o‘tkir yiringli yallig‘lanishi) vujudga kelishi;
  • teridagi mayda shikastlar tuzalishi cho‘zilishi;
  • badanning biror joyi kuyishi.
Shuningdek, revmatizm, adneksit, plevrit, piyelonefrit kasalliklari surunkali tusga o‘tganda ham sepsisning rivojlanishiga imkon yaratiladi.

© Mahmudjon DO‘STMUHAMMЕDOV,

tibbiyot fanlari doktori, professor.

"Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
DVS sindromi - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari

DVS sindromi – gemostaz jarayonining buzilishi, bunda qonning ivish xossalari giperstimulatsiyasi va yetishmovchiligi kuzatiladi, trombotik, mikrosirkulyator va gemorragik oʻzgarishlar kelib chiqadi.

DVS sindromida petixiya-gematoma koʻrinishidagi toshmalar toshadi, qon ketishi kuchli namoyon boʻladi, aʼzolar disfunksiyasi, ogʻir koʻrinishlarida shok, gipotoniya, oʻtkir nafas yetishmovchiligi va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kuzatiladi. 

Tashxis klinik belgilarga va laborator xulosalarga asoslanib qoʻyiladi. DVS sindromi davosida gemodinamika va qon ivish xossasini tiklash (antiagregantlar, antikoagulyantlar, angioprotektorlar, gemotransfuziya, plazmaferez va boshqalar) chora tadbirlari oʻtkaziladi.

DVS sindromi
Foto: www.healthline.com

DVS sindromi (trombogemorragik sindrom) – gemorragik diatez, qon-tomir ichida qonning juda qisqa muddatlar ichida ivib qolishi, laxta hosil boʻlishi, mikrosirkulyatsiya buzilishi va aʼzolarda gipoksik-nekrotik oʻzgarishlar kuzatilishi bilan kechadigan patologik holat.

Sindrom bemor hayotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xavf soluvchi holatdir, bunda kuchli qon ketishi va aʼzolarning disfunksiyasi (oʻpka, buyrak, buyrak usti bezi, jigar, taloq) rivojlanishi katta ahamiyatga ega.

DVS sindromini organizmning noadekvat himoya reaksiyasi sifatida qarash mumkin, yaʼni zararlangan aʼzodan qon ketishini toʻxtatish maqsadida organizm tabiiy ravishda qon tomirlarni izolyatsiya qiladi. DVS sindromi tibbiyot amaliyotida koʻp uchraydi (gematologiya, reanimotologiya, jarrohlik, akusherlik, travmatologiya va boshqa sohalarda).

DVS sindromi sabablari

DVS sindromi toʻqimalar butunligi buzilishi, qon tomirlar endoteliysi va qon hujayralari zararlanishi, mikrogemodinamik oʻzgarishlar va gemostazning giperkoagulyatsiya tomoniga siljishi holatlarida kuzatiladi. DVSning asosiy sabablaridan biri bakteriya va virusli infeksiyalarning qonga tarqalishi (sepsis), shokning har qanday koʻrinishi hisoblanadi. 

Bu sindrom koʻpincha akusherlik patologiyalarida ham kuzatiladi.

Ogʻir gestozlar, yoʻldoshning muddatidan oldin koʻchishi, homilaning ona qornida nobud boʻlishi, amniotik suyuqlik emboliyasi, atonik bachadondan qon ketishi, hamda kesarcha kesish jarrohlik amaliyoti DVS sindromi rivojlanishiga olib keluvchi omil sifatida roʻl oʻynashi mumkin.

Trombogemorragik sindrom rivojlanishi yomon sifatli oʻsmalarning metastazi natijasida, ogʻir jarohatlar, kuyish, katta jarrohlik amaliyotlari natijasida ham kuzatiladi. Baʼzida DVS sindromi qon quyish, aʼzolarni koʻchirib oʻtkazish, yurak klapanlarini almashtirish, sunʼiy qon aylanish amaliyotini bajarish oqibatida ham rivojlanadi.

DVS sindromi yuzaga chiqish xavfi yuqori boʻlgan kasalliklarga qon-tomir kasalliklari, giperfibrinogenemiya holati, oqayotgan qon quyuqlashuvi, qon oqimiga qarshilik qiluvchi aterosklerotik blyashkalar boʻlishi kabi holatlar kiradi. 

Trombogemorragik sindrom rivojlanishi yomon sifatli oʻsmalarning metastazi natijasida, ogʻir jarohatlar, kuyish, katta jarrohlik amaliyotlari natijasida ham kuzatiladi. Baʼzida DVS sindromi qon quyish, aʼzolarni koʻchirib oʻtkazish, yurak klapanlarini almashtirish, sunʼiy qon aylanish amaliyotini bajarish oqibatida ham rivojlanadi.

DVS sindromi yuzaga chiqish xavfi yuqori boʻlgan kasalliklarga qon-tomir kasalliklari, giperfibrinogenemiya holati, oqayotgan qon quyuqlashuvi, qon oqimiga qarshilik qiluvchi aterosklerotik blyashkalar boʻlishi kabi holatlar kiradi. 

Patogenezi

DVS sindromida gemostaz jarayonining buzilishi qon ivish xossalarining koʻp miqdorda sintezlanishi va qonning antikoagulyant xususiyatining kamayishi sababli kelib chiqadi. DVS sindromi kelib chiqishida bir necha omillar roʻy oʻynaydi, ular qon ivish omillarini toʻgʻridan toʻgʻri stimullaydi, yoki ularga taʼsir etadigan mediatorlar sintezini koʻpaytiradi. 

Bunday moddalarga toksinlar, bakteriya fermentlari, homila ichi suyuqligi, immun komplekslar, stress holatidagi katexolaminlar, fosfolipidalar, yurak haydovchi qon hajmi kamayishi, asidoz, gipovolemiya va boshqa holatlar kiradi. 

DVS sindromi 4 bosqichda amalga oshadi:

I bosqich. Giperkoagulyatsiya va hujayralar qon tomir ichi agregatsiyasi. Qonga tromboplastin yoki trombolastinsimon moddaning ajralishi, tashqi va ichki qon ivish boshlanishi. Bir necha daqiqa yoki oʻtkir kechuvida bir necha soatlar davomida, surunkali koʻrinishida bir necha kun yoki oy davom etishi mumkin.

II bosqich. Kuchayib boruvchi koagulopatiya yetishmovchiligi. Fibrinogen defitsiti, qon plastinkalar va plazma omillarining yetishmovchiligi, buning sababi tromb hosil qiluvchi omillarning koʻplab sarflanishidir.

III bosqich. Ikkilamchi fibrinoliz va gipokoagulyatsiyaning yaqqol namoyon boʻlishi. Gemostatik jarayonida balans buzilishi (afibrinogenemiya, patologik mahsulotlar toʻplanishi, eritrotsitlar parchalanishi), qon ivish jarayonining sekinlashuvi (butunlay ivish xossasining yoʻqolishi).

IV bosqich. Tiklanish bosqichi. Distrofik va nekrotik oʻzgarishlar toʻqimalarda qolib ketadi va aʼzo yetishmovchiligi kelib ciqadi yoki aksincha patologik oʻchoqlar hosil boʻlmaydi va toʻliq aʼzo funksiyasi tiklanadi.

DVS sindromi klassifikatsiyasi

Kasallik kechishi va namoyon boʻlish darajasiga qarab oʻtkir (chaqmoq tezligida), oʻtkir osti, surunkali va qaytalanuvchi turlariga boʻlinadi. 

Oʻtkir trombogemorragik sindrom qonga katta miqdorda tromboplastinlar ajralishi va shu kabi moddalarning qondagi miqdori oshishi (akusherlik patologiyalarida, katta hajmdagi jarrohlik amaliyotlarida, travmalar, kuyish, toʻqimalar uzoq muddat ezilish sindromida) kuzatiladi. 

DVS bosqichlarining qisqa muddatlar ichida ketma ket yuzaga chiqishi, normal antikoagulyatsion mexanizmning yoʻqligi. Oʻtkir osti va surunkali DVS sindromi qon tomirlar endoteliysining oʻzgarishi (masalan aterosklerotik blyashkalar natijasida) kuzatiladi.

DVS sindromi mahalliy namoyon boʻlishi (bir aʼzodagina namoyon boʻladi) yoki tarqalgan (bir necha aʼzo yoki butun organizmni qamrab oladi) boʻlishi mumkin. 

Organizm kompensator mexanizmi boʻyicha kompensatsiyalanuvchi, subkompensatsiyalanuvchi va 
dekompensatsiyalanuvchi DVS sindromlari farqlanadi. 

Kompensatsiyalanuvchi turi simptomlarsiz kechadi, kichik laxtalar fibrinoliz taʼsirida erib, qon ivish omillari zahira hisobiga yoki biosintez hisobiga tezda tiklanadi. 

Subkompensatsiyalanuvchi shaklida gemosindromlar oʻrta ogʻirlikda 
namoyon boʻladi. Dekompensatsiyalanuvchi shakli fibrinoliz reaktiv reaksiyalarining kaskad koʻrinishida namoyon boʻlishi bilan kechadi, yaʼni koagulyatsion jarayonning umuman boʻlmasligi, qonning ivimasligi roʻy beradi.

Kasallik belgilari

DVS sindromining klinik koʻrinishi sindromning ogʻirlik darajasi, uning kechish tezligi, patologiyaning tarqalganlik darajasiga qarab oʻziga xos namoyon boʻladi. DVS sindrom asosida trombogemorragik reaksiyalar va aʼzolar yetishmovchiligi yotadi.

Oʻtkir manifest shaklida DVS sindromi belgilari juda tez (bir necha soatlar ichida) rivojlanadi, gipotoniya, hushdan ketish, oʻpka shishi va oʻtkir nafas yetishmovchiligi. Sindrom qon ketish, katta hajmda qon yoʻqotish (oʻpka, bachadon, burun, oshqozon-ichak tizimidan) koʻrinishida yuzaga chiqadi.

Miokard ishemik distrofiyasi, pankreonekroz, eroziv-yarali gastroenterit oʻchoqlari hosil boʻladi. DVS sindromining chaqmoq kabi kechishi homila ichi suyuqligi emboliyasida kuzatilishi mumkin, bunda bunda koagulopatiya juda qisqa muddat ichida roʻy beradi (bir necha daqiqalar davomida), bemor ahvoli ogʻirlashadi, gemorragik va kardiopulmonar shok holati kelib chiqadi. Bunday holatda ayol va homila oʻlimi ehtimoli 80 % ga yaqin boʻladi.

DVS sindromining oʻtkir osti shakli mahalliy belgilar bilan yuzaga chiqadi, bunda patologik holat oqibati ijobiy boʻladi. 

Gemosindrom petixial yoki gemorragik toshmalar, koʻkarish va gematomalar, jarohat joyidan koʻp qon ketish, shilliq qavatlardan qon ketish (baʼzida qonli ter ajralishi, qonli koʻz yoshi kelishi ham kuzatiladi) koʻrinishida roʻy beradi. 

Teri rangi och tusga kiradi, marmarsimon teri simptomi va terining sovuqligi seziladi. Buyraklar, oʻpkalar, jigar, buyrak usti bezi, qon bilan toʻlishish, qon tomir ichi koagulyatsiyasi, nekroz oʻchoqlari va koʻplab qon quyilishlar roʻy beradi.

DVS sindromining surunkali kechuvi koʻpincha belgilarsiz kechadi. ammo, patologik holatning uzoq muddat davom etishi natijasida belgilar rivojlanib boradi, gemorragik diatez va aʼzolar funksiyasi buzilishi kuzatiladi.

DVS sindromi astenik sindrom, jarohatlar bitishining qiyinlashuvi, yiringli infeksiyalar qoʻshilishi bilan kechadi. DVS sindrom asoratlariga gemokoagulyatsion shok, oʻtkir nafas yetishmovchiligi, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi, jigar nekrozi, oshqozon yara kasalligi, ichak infarkti, pankreonekroz, ishemik insult, oʻtkir postgemorragik anemiya kabi patologiyalar kiradi.

DVS sindromi diagnostikasi

DVS sindromi diagnostikasida etiologik omil haqida anamnez yigʻish, klinik belgilar va laborator tekshiruvlar natijasi (umumiy qon tahlili, siydik tahlili, koagulogramma, IFA) ga asoslanadi. Qon ketish xarakteri va koagulopatiya darajasini aniqlash ham juda muhim.

DVS sindromi uchun petixial-gematom qon ketish, bir vaqtning oʻzida bir necha sohada gemorragiya holati xosdir. Sindrom belgilarining yaqqol namoyon boʻlmasligida giperkoagulyatsiya laborator tekshiruvlar natijasida aniqlanadi. Trombotsitlar, fibrinogen, protrombin va trombin vaqti, Li-Uayt boʻyicha qon ivish vaqtini tekshirish eng asosiy tekshiruvlari boʻlib hisoblanadi.

DVS sindrom kriteriyalariga qon surtmasida eritrotsit fragmentlari toʻplanishi, trombotsitlar va fibrinogen defitsiti, antitrombin III aktivligining qon plazmasida pasayishi, trombin vaqti uzayishi, qon laxtasining hosil boʻlmasligi (in vitro sharoitida ham) kabi holatlar kiradi.

Shok holatidagi aʼzolar holati ham baholanadi: oʻpka, buyrak, jigar, yurak-qon tomir tizimi, bosh miya. DVS sindromi birlamchi fibrinoliz va boshqa koagulopatiyalar bilan diferensatsiya qilinadi.

DVS sindromi davosi

Davo natijasi aptologik holatning erta aniqlanishida roʻy beradi. Muolajalarda bemorni sunʼiy oʻpka ventilyatsiyasiga oʻtkazish, shokka qarshi chora tadbirlar olib borish kerak boʻladi. DVS sindromining kam simptomli kechuvida asosiy patologiyani bartaraf etish, gemodinamik koʻrsatkichlar va aʼzolar funksiyasini tiklash zarur boʻladi.

Oʻtkir kechuvchi DVS sindromida avvalo DVSga olib keluvchi asosiy patologiya bartaraf etiladi. Masalan, shoshilinch tugʻruqqa ruxsat berish, gisteroektomiya yoki infeksion omilni bartaraf etish uchun kuchli dozalarda antibiotiklar buyurish kerak. 

Giperkoagulyatsiyani kamaytirish uchun antikoagulyantlar (geparin), anatiagregantlar (dipiridamol, pentoksifillin), fibrinolitiklar buyuriladi. Bemorlarda doimo gemostaz koʻrsatkichlari nazorat qilib turish zarur.

DVS sindromida yangi plazma quyish, trombositar yoki eritrositar massa quyish, yurak yetishmovchiligida kriopresipitat qoʻllaniladi. Hayot uchun xavfli boʻlgan qon ketishlarni toʻxtatish uchun antifibrinolitik vositalar (aminokampron kislotasi, proteaz ingibitorlari) dan foydalaniladi. Jarohat va teridagi qon ketishlarda etamzilatli bogʻlam yoki gemostatik vosita qoʻyiladi.

Vaziyatga qarab kortikosteroidlar buyuriladi, oksigenoterapiya, plazmaforez oʻtkaziladi. Mikrosirkulyatsiya va aʼzolar funksiyasini tiklash uchun angiprotektorlar, nootrop moddalar buyuriladi, simptomatik davo olib boriladi. Oʻtkir buyrak yetishmovchiligida gemodializ, gemodiafiltratsiya oʻtkaziladi. Jarrohlik amaliyotidan keyin geparin buyuriladi.

DVS sindromi oqibati va profilaktikasi

DVS sindrom oqibati – asosiy kasallik, sindromning kechuvi, gemostaz holatining buzilish darajasi va oʻz vaqtida koʻrsatilgan tibbiy yordamga bogʻliq boʻladi. 

Oʻtkir DVS sindromi oqibati oʻlim bilan tugashi ham mumkin, bunga sabab toʻxtatib boʻlmas kuchli qon ketishi, shok holatining rivojlanishi, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi, venalar ichida qonning ivib qolishidir. 

DVS sindromi profilaktikasida xavf guruhida turuvchi insonlarda asosiy kasalliklarni davolashdan iborat (homiladorlar, qari yoshdagi odamlar).