Farmakologiya

MAQOLALAR

ico
Dori preparatlarini iste’mol qilish bo‘yicha o‘ta muhim yo‘riqnoma
Antibiotiklar ( biomitsin, tetratsiklin va hoqazo) eng “janjalkash” preparatlardan hisoblanadi. Ularni qabul qilish davrida, iste’mol menyusidan sut mahsulotlarini chiqarish kerak, chunki ular antibiotiklar ta’sirini yo‘qqa chiqaradi. Shuningdek, bu davrda butunlay alkogoldan ham voz kechish kerak. Ko‘proq meva, sabzavot va ko‘katlar iste’mol qiling. Vaqtincha, nordon ozuqadan voz keching. dori ichish

Antidepressantlar iste’moli

Antidepressantlar (ular tarkibida monoaminoksidaz ingibitorlari mavjud) shuning uchun ular qabul qilish davrida uzoq ushlab turilgan pishloqlar, po‘panakli pishloq, achitilgan karam, soya sousi, qoramol va tovuq jigari, dudlangan
baliq va go‘sht, yogurt, anjir, mayiz va smetana iste’mol qilmagan ma’qul. Qayd etilganlar tarkibida tiramin moddasi mavjud bo‘lib, dori tarkibidagi monoaminoksidaz ingibitori bilan to‘qnashib qon bosimini ko‘tarib yuboradi. Yana antidepressantlar qabul qilish davrida alkogoldan mutlaqo, jumladan qizil vino ichishdan voz kechish kerak.

Qonni suyultiruvchi preparatlar  iste’moli

Antikoagulyantlar (qonni suyultiruvchi) qabul davrida klyukva, uni sharbati va morsidan voz kechish kerak. Aks holda, dori bilan aralashib ichki qon ketish sodir bo‘ladi. Aspirin. Uni qabul qila turib, uglevodlar, yog‘lar va oqsillari ko‘p bo‘lmagan yeguliklar iste’mol qiling. Aks holda, dori samarasi ikki barobar kamayishi mumkin. Shuningdek, sitrus mevalar sharbatlaridan ham voz kechish kerak, chunki ular aspirin bilan qo‘shilib oshqozon shillik pardasiga ta’sir qiladi. Esingizdan chiqmasin, aspirinni hech qachon sut bilan qo‘shib ichmang, chunki sut dori samarasini yo‘qqa chiqaradi.

Og‘riq qoldiruvchi vositalar iste’moli

Og‘riq qoldiruvchi vositalar (piramidon, amidopirin va boshqalar) qabul qilishda, dudlangan yeguliklardan voz keching. Ular dori ta’sirini kesadi.

Gormonal preparatlar iste’moli

Gormonal preparatlar. Ular, organizmdagi moddalar almashuvi jarayoniga ta’sir o‘tkazadi. Shu bois, asoratlarni oldini olish uchun tvorog va boshqa sut mahsulotlarini, kuraga baliq, mayiz, mevalar va oshqovoqni iste’mol qilish kerak. Bular tarkibida ko‘p oqsillar, kaliy va kalsiy tuzlari, vitaminlar mavjud.

Temir preparatlari iste’moli

Tarkibida temir moddasi mavjud bo‘lgan preparatlar. Ularni qabul qilish davrida kofe, choy, unli va shakarli, sutli mahsulotlardan, yong‘oqlardan voz keching. Ularning hammasi organizmga temir moddasini so‘rilishini qiyinlashtiradi.

 Klofelin iste’moli

Klofelin (arterial qon bosimini pasaytiradi). Uni alkogol bilan aralashtirmaslik kerak, chunki alkogollik ichimliklar dori ta’sirini neytralizatsiya qiladi va tez qon bosimini ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Klofelin bilan alkogol aralashishi oqibatida hushdan ketish mumkin. Yodingizda bo‘lsa, klofelin va kriminal hronikalarda ko‘rsatilganday bu effektdan ayrim tovlamachilar qing‘ir ishlarini amalga oshirish uchun foydalanadilar.

Siydik haydovchi preparatlar iste’moli

Siydik haydovchi preparatlar organizmdan kaliyni chiqib ketishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun, uni o‘rnini to‘ldirish uchun yashil no‘hat, shovul, shpinat, kuraga, qizilcha, piyoz, kartoshka, olma va sabzi iste’mol qilish kerak. Eslatib o‘tamiz, siydik haydovchi preparatlarni, qizilmiya tomiri qo‘shilgan dori vositalari bilan qabul qilib bo‘lmaydi. Chunki qizilmiya tomiri organizmdan suyuqlik chiqib ketishini tezlashtiradi, organizm suvsizlashadi. Shuningdek, kaliy chiqib ketishi oqibatida mushaklar buziladi.

Revmatizmga qarshi preparatlar iste’moli

Revmatizmga qarshi preparatlar oshqozon- ichak trakti shillik pardasiga agressiv ta’sir etadi. Shuning uchun, bu preparatlar qabul qilish paytida qovurilgan yeguliklardan, qo‘ziqorindan, go‘sht va baliq sho‘rvalaridan o‘zingizni tiying.

Statinlar iste’moli

Statinlarni (qonda xolesterin miqdorini kamaytiradi) qabul qilish davrida greypfrukt, pomelo va boshqa gibrid sitruslilardan voz kechish kerak. Ular tarkibidagi moddalar, statinlar buzib tashlaydigan jigar fermentini blokirovka qiladi va oqibatda organizmda statinlar konsentratsiyasi oshib ketishi natijasida jigar faoliyati buziladi va mushaklarni buzilishiga olib keladi.

Sulfanilamidlar iste’moli

Sulfanilamidlar (sulfadimetoksin, biseptol, sulfadimezin) – bular mikroblarga va bakteriyalarga qarshi preparatlar bo‘lib, qabul davrida- jigar, buyrak, klyukva, ko‘katlar, yog‘li ovqatlar, shakar va boshqa shirinliklar iste’mol qilmaslik kerak. Bu davrda ko‘proq suyuqlik, ayniksa ishqorli mineral suvlar ichishga harakat qiling. Bunday preparatlar qabul qilish davrida organizmdan siydik chiqish jarayoni qisqaradi, oqibatda siydik yo‘llari va buyrak kanalchalari suyulmaydigan kristallar bilan to‘silishi mumkin. Shuning uchun, bu davrda odatdagidan ortiqcha suv iching. Yog‘lar va shakar ovqat hazmini sekinlashtirishi tufayli preparat ta’sirini kamaytiradi.

© Med-info.uz nashri.

ico
Vitaminlar yetishmasa...
Organizm me’yoriy rivojlanishi uchun vitaminlarning ahamiyati katta. Har bir kishi vitamin tanqisligining oqibatlari va zarur vitaminlardan bilib foydalanish xususida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.

Vitamin A (retinol)

Ko‘rish pigmentlari hosil bo‘lishida qatnashib, ko‘zning turli darajadagi yorug‘lik nuriga moslashishini ta’minlaydi. Bordiyu, organizmda retinol yetishmasa, dastlab qorong‘ulikka moslashish buziladi,
shabko‘rlik va yorug‘ga qaray olmaslik yuzaga keladi. Teri quruqshab oqaradi, qipiqlanadi, terining yiringli kasalliklari rivojlanadi, soch ham quruqlashib to‘kila boshlaydi. Vitamin A o‘simliklarning yashil barglarida, ayniqsa, ismaloq, petrushka, shivit, shovul, o‘rik, sabzi va baliq moyida ko‘p bo‘ladi.

Vitamin B3 (nikotin kislota)

Hujayralarga hayot berib, ularning nafas olishini ta’minlaydi, oqsillar almashinuvida qatnashadi, organizmda o‘simlik oqsillarining hazm bo‘lishini tezlashtiradi, me’da osti bezi ishlab chiqaradigan shira tarkibini yaxshilaydi, jigar ishini me’yorga solib turadi. Nikotin kislota yetishmasa, odamda pellagra (chillashir) degan kasallik paydo bo‘ladi. Bunda ich ketadi, til qizarib yaltiraydi, oyoq-qo‘l panjalariga qizil dog‘lar toshadi. Tinka qurishi, bosh og‘rishi, loqaydlik, zehnning pasayishi, asabning qo‘zg‘aluvchanligi yuz beradi, hatto bemorning kayfiyati tez-tez buzilib, yaxshi uxlolmaydi. Nikotin kislota mol jigari va buyragida, sabzavot va mevalarda, grechixa yormasida, tovuq va buzoq go‘shtlarida anchagina miqdorda mavjud.

Vitamin K (filloxinon)

Yetishmaganda teri ostida, mushak to‘qimasida va shilliq pardalarda qon quyilishi kuzatiladi. Odatda bir kecha-kunduzda kishida 100 milligramm vitamin K zarur bo‘ladi. Bu vitaminni yo‘g‘on ichakning yuqori qismidagi mikroorganizmlar sintezlaydi.

Vitamin D (kalsiferol)

Moddalar almashinuviga, suyak hosil bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi. U skeletning jadal o‘sishi uchun zarur. Agar bu vitamin tanqis bo‘lsa, bolalarda raxit kasalligi rivojlanadi, behol bo‘lib, ko‘p terlaydi, tez-tez shamollaydi, tish chiqishi kechikadi. Kattalarda vitamin D tanqisligida lanjlik, tez charchash, chanoq suyaklari sohasida va mushaklarda og‘riq turishi kuzatiladi. Hatto suyaklarning yumshab qolishi ro‘y berib, bu og‘ir oqibatlarga olib keladi. Bu vitamin yetishmaganda ichaklarda kalsiyning so‘rilish jarayoni ham buziladi.

Vitamin B6 (piridoksin)

Nerv tizimi faoliyatini tartibga soladi, kamqonlikning oldini oladi. Piridoksin tanqisligi, ayniqsa, homilador ayollar uchun juda xavfli. Chunki bunday vaziyatda ularda toksikoz barvaqt boshlanadi va kuchayib boradi. Piridoksin no‘xat, kartoshka, lavlagi, mol va tovuq go‘shtida kam miqdorda uchraydi. Aslida bu vitamin ichak bakteriyalari ta’sirida yuzaga keladi. Agar biror kasallik tufayli antibiotiklar qabul qilinsa, ichak mikroorganizmlari shikastlanib, piridoksin yanada kamayadi. Shuning uchun antibiotiklarni ichgandan so‘ng, vrach ruxsatiga ko‘ra, vitamin V6 qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Foydali maqola: Vitamin dushmanlari antivitaminlar haqida bilasizmi?

© Fazilat SA’DULLAYEVA. "Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
Vitamin va belgilar. Ogranizmda vitamin yetishmasa...
Organizmingizning qaysi vitamin va minerallarga ehtiyoji balandligini bilmoqchimisiz? Marhamat, aniqlashga yordamlashish bizdan, organizmni to‘yintirish esa sizdan.

Depressiya magniy tanqisligidan darak

Ular miyamizga fermentlar ishlab chiqarish uchun zarur. Fermentlar barcha a’zo va tizimlarning ishlashini ta’minlaydi. Ayniqsa, aqliy rivojlanish va diqqat-e’tiborni jamlash uchun muhim. Stress va davomli depressiya paytida ularning organizmdagi darajasi sezilarli pasayadi.

Sistit C vitamin yetishmasligidan dalolat

Agar sistit sababchisi zararli bakteriyalar bo‘lsa, unda faqatgina tibbiy vositalar yordamida davolanish mumkin. Infeksiyaning oldini olish uchun esa askorbinka qabul qilishning o‘zi yetarli. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, vitamin C  peshob yo‘llari shilliq qavati kislotaliligini oshiradi. Vitamin C ning kunlik miqdori (60 mg) bitta olma yoki ikkita unchalik katta bo‘lmagan kivi hamda bir stakan apelsin sharbati tarkibida mujassam.

Muzdek kaft va oyoqlar

Selen qalqonsimon bez faoliyati uchun zarur bo‘lilb u organizmda muhim gormonlar ishlab chiqarilishida qatnashadi. Gormonlar moddalar almashinuvini tartibga solish bilan birga qon aylanishini ham qo‘llaydi. Biroq tomirlarning tugash qismi judayam ingichka va yurakdan uzoq bo‘lgani bois, qon aylanishidagi salgina kuchsizlik ham kaft va oyoq haroratida bilinadi. Selen yong‘oq, pista, dukkakli ekinlar, baliq, dengiz mahsulotlarida bor. Uning kunlik miqdorini 200 g treska yoki gorbusha (baliq turlari) ta’minlaydi.

Jarohatlar vaqtida ko‘p qon ketishi vitamin K yetishmovchiligini bildiradi

Bu vitamin kam o‘rganilgan, biroq uning qon quyulishi uchun zarurligi allaqachon aniqlangan. Agar vitamin K tanqisligi yuzaga kelsa ko‘p qon yo‘qotilishi mumkin. Vitamin K ni yashil sabzavotlardan, non, go‘shtdan olish mumkin.

Og‘izdan hid kelishi vitamin C yetishmasligidan...

Usiz teri oson zararlanadi, shuning uchun ko‘karishlar yengil turtilishlardan ham hosil bo‘laveradi va uzoq vaqtgacha yo‘qolmay turadi. Vitamin C yoqimsiz hidni chaqiruvchi ortiqcha xilt va toksinlarni organizmdan chiqarishga yordam beradi. Bundan tashqari, og‘iz bo‘shlig‘ida bakteriyalar ko‘payib ketsa ham yoqimsiz hid paydo bo‘ladi. Mikroblarni quvish uchun vitaminli biror nima yeng, masalan, apelsin yoki gilos.

Mushaklarning sanchib og‘rishi kaliyni chorlaydi

Kaliy tanqisligi nerv impulslari o‘tkazuvchanligi haqida gapiradi va mushaklarning kuchsizlanishiga, xurujlar va sanchiqli og‘riqlarga olib keladi. Kaliy darajasi alkogol, qahva va tamakini suiiste’mol qilish oqibatida pasayadi. Kaliy yong‘oq, kivi, banan va dukkaklilar tarkibida serob. Ayniqsa, kartoshkada mo‘l.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Vitamin dushmanlari antivitaminlar haqida bilasizmi?

"Sog‘lom avlod" gazetasi.

ico
Biologik aktiv qo‘shimchalar foydalimi yoki zararli?

– Organizm salomatligida nimalar ko‘proq muhim deb o‘ylaysiz?

– Aslida to‘qima va hujayralar umr davomida to‘xtovsiz yangilanib turadi. Xo‘sh, bu nima hisobiga ro‘y beradi? Ma’lumki, inson ovqat iste’mol qilganida organizmi zarur moddalar (ya’ni oqsil, uglevod, yog‘ singarilar) bilan ta’minlanadi. Shu moddalardan ayrimlari, masalan oqsillar bevosita yangi hujayralarning xosil bo‘lishi yoki ular tarkibidagi ayrim qismlarning yangilanishi uchun xizmat qiladi. Odamning o‘sib ulg‘ayishida oqsillar muhim rol o‘ynaydi.

Uglevodlar inson organizmiga tushgach, uning harakatlari (yurishi, mehnat qilishi)uchun kerakli miqdorda energiya (quvvat) beradi.

Yog‘lar esa bir yo‘la ikki vazifani bajaradi. Bir jihatdan anchagina energiya zahirasiga ega bo‘lganligi bois organizmga quvvat beruvchi manba sifatida xizmat qilsa, ikkinchi tomondan bevosita hujayra va to‘qimalar tarkibiga (masalan hujayra membranasiga) kiradi.

Xullas, ovqat bilan organizmga tushadigan oziq moddalar kishining yoshi, mehnat qobiliyati, u yashaydigan hududdagi ob-havo sharoitlariga qarab bir necha grammdan bir necha yuz grammgacha qabul qilinadi. Ular makronutriyentlar (yirik oziq moddalar) deb ataladi.

Biz iste’mol qiladigan oziq moddalar tarkibida shundaylari ham borki, garchi hujayraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib energiya berib turmasa ham baribir qabul qilib turilishi shart. Chunki ular tanadagi moddalar va energiya almashinuvida faol qatnashadi, immun tizimi ishini faollashtirib kasalliklarning oldini oladi, barcha biologik suyuqliklar (qon, limfa, gormonlar, hazm shiralari, fermentlar) tarkibiga kirib hayot uchun muhim vazifalarni bajaradi. Ushbu guruhga kiradigan oziq moddalarga ehtiyoj juda kam bo‘lganligi, ularning milligrammlar va hatto milligrammlarning mingdan bir ulushlari bilan o‘lchanganligi bois mikronutriyentlar (mitti oziq moddalar) deb yuritiladi.

– Ularga ehtiyojimiz qay darajada?

– Aytish joizki, vitaminlar, mineral moddalar hamda ko‘pgina biologik faol birikmalar mikronutriyentlardir, Ularning oziq moddalarda uchramasligi (yoki yetarli bo‘lmasligi) hayotiy jarayonlar buzilishi va bir qancha xastaliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Ko‘p hollarda mikronutriyentlarning foydalilik xususiyatiga e’tibor berilmaydi. Buning sababi shundaki, kishilarimiz aksariyat xollarda iste’moldagi mahsulotlar (ya’ni non, makaron va shunga o‘xshash un mahsulotlari, shakar, go‘sht, yog‘lar) yeb turilsa kifoya qiladi deb o‘ylashadi. Vaholanki, organizm uchun poliz mahsulotlari (qovun, tarvuz, karam, sabzi, sholg‘om va boshqalar) ko‘katlar (shivit, petrushka, kinza, kashnich, selderey, ko‘k piyoz singarilar) hamda meva-chevalar (o‘rik, olma, gilos, olcha, anor, shaftoli, nok, uzum, sitrus mevalari, xurmo kabilar) ham juda-juda zarur. Ular kundalik ovqatlarga qo‘shib iste’mol qilinsa organizmda mikronutriyentlarga nisbatan tanqislik kuzatilmasligi mumkin.

Lekin masalaning boshqa jihatiyam bor.

Meva-sabzavotlarning dasturxonda kam bo‘lishi, shuningdek kundalik taomlarni yuqori issiqlikda qaynatish, kuchli qovurish, konserva holida yeyish, hatto ovqat pishirishda mikroto‘lqinli moslamadan foydalanish ba’zan kutilgan natijani bermaydi. Bunday qilinganda masalliq va mahsulotlarning tabiiy xoldagi vitaminlari hamda biologik faol moddalari nihoyat darajada kamayib ketadi, hatto butunlay yo‘qolishiyam mumkin.

Esda tutish lozimki, meva-cheva, poliz mahsulotlarini yig‘ib (masalan, qishga saqlab) qo‘yilsa vaqt o‘tishi bilan ular tarkibidagi mikronutriyentlar havodagi kislorod ta’sirida keskin kamayib ketadi. Demak, kundalik iste’mol qilinadigan ovqatlarning biologik jihatdan to‘laqonli bo‘lishi uchun avvalombor qaynatilmagan, so‘lib yo qurib qolmagan ko‘katlarni, endigina uzilgan meva-chevalarni, yangi poliz mahsulotlarini doimiy ravishda asosiy taomlar bilan birgalikda iste’mol qilib turish kerak. Aytish joizki, mikronutriyentlarga talab ham har xil bo‘ladi.

– Shu haqda batafsilroq so‘zlab bersangiz.

– Masalan, homilador va emizikli ayollar sog‘lom xotin-qizlarga nisbatan mikronutriyentlarga ko‘proq ehtiyoj sezadilar. Shuningdek sportchilar, og‘ir qo‘l mehnatini bajaruvchilar, o‘sish yoshidagi bolalar, kasallikdan endigina turgan odamlarda ham xuddi shunday holat ro‘y beradi. Agar homilador ayolda pushtning shakllanishi uchun oziq moddalar ko‘proq kerak bo‘lsa, og‘ir mehnat bilan band bo‘lganlarda, ayniqsa sportchilarda davomli jismoniy faoliyat uchun (tanada moddalar va energiya almashinuvining kuchayishi evaziga) ushbu moddalar mo‘l-ko‘l talab qilinadi.

Yoshlarda o‘sish va rivojlanish kuchli bo‘lganligi bois ular organizmi qo‘shimcha oziq moddalarni ko‘p talab qiladi. Boz ustiga shu narsa ham aniqki, hozirgi ekologik noqulay ob-havo sharoitida yetishtirilayotgan aksariyat o‘simlik mahsulotlari tarkibida biz uchun foydali bo‘lgan mikronutriyentlar sezilarli darajada kamayib ketgan.

Qayd qilingan omillar (oziq-ovqat, meva-cheva kabilar) tanani tabiiy kerakli moddalar bilan ta’minlashda anchagina qiyinchiliklar tug‘diradi. Bu hol ayniqsa o‘sish yoshidagi bolalar, homilador ayollar, tuzalayotgan bemorlar, doimiy mashqlar bilan band bo‘lgan sportchilarda yaqqol seziladi. Shunday qiyinchilik va noqulayliklarni bartaraf qilish maqsadida hozirgi zamon biokimyosi va biotexnologiyasi yutuqlaridan foydalanilib, asosiy iste’mol taomlari bilan bir qatorda qabul qilinadigan, tarkibi vitaminlar, mineral moddalar hamda anchagina biologik faol moddalar qo‘shimchalar majmuasidan tashkil topgan maxsus moddalar majmuasi ishlab chiqarila boshlandi. Ular umumiy nom bilan biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) deb yuritiladi.

BFQ majmuamsi asosan o‘simliklarning bargi, guli, ildizi va mevalaridan olinadi, ularni tayyorlashda ba’zan bakteriyalar, mikroblar hamda ayrim hayvonlarning a’zolari va mineral xom ashyolaridan ham foydalaniladi. Biologik faol moddalar (BFQ) atamasi nutritsiologiya (ovqatlanish haqidagi fan)ga keyingi yillarda kirib kelgan. Aslida esa qadim zamonlardayoq Xitoy, Hindiston, Arabiston tabiblari BFQdan ko‘plab kasalliklarni davolashda foydalanishgan. Endilikda deyarli barcha davlatlarda biologik faol moddalar ishlatilayotir. Xo‘sh, bunga sabab nima?

Birinchidan, yer yuzi aholisi soni keskin ko‘payib ularni tarkibida barcha kerakli moddalar mavjud bo‘lgan taomlar bilan ta’minlash qiyin kechmoqda.

Ikkinchi sabab shuki, ota-bobolarimizning yegulik ovqatlarini asosan o‘simlik mahsulotlari tashkil qilgan, ular ko‘prok “tirik” holda, ya’ni qaynatmasdan, quritmasdan iste’mol qilingan, shu bois mikronutriyentlarga muhtojlik sezilmagan. Hozirgi zamonda esa kuchli biotexnologik qayta ishlovdan o‘tib zarur moddalardan deyarli mahrum bo‘lgan mahsulotlar ishlatilmoqda. Qolaversa mavjud ekologik nomutanosiblik mikronutriyentlarga nisbatan talab va ehtiyojni yanada oshirib yuborayotir.

– Biofaol qo‘shimchalarning asosiy ahamiyati nimada?

– Bilasizmi, hozirgi zamon kishisining turmushida qulayliklar ko‘p bo‘lishi, shirin va yuqori kaloriyali taomlarning ketma-ket kashf qilinishi, “o‘lik” holdagi (ya’ni qaynatilgan, qovurilgan, quritilgan, konserva qilingan) ovqatlarning tobora ko‘payayotgani tanamizdagi ota-bobolarimizdan meros qolgan “tabiat bilan uyg‘unlashish” xususiyatiga putur yetkazmoqda. Bunday nomutanosibliklarni bartaraf etishda BFQlar ancha qo‘l keladi, ular juda hilma-xil bo‘lib ko‘plab fiziologik va biokimyoviy xususiyatlarga ega.

BFQlarning foydalilik xossalari quyidagicha:

  • Organizmda turli sabablarga ko‘ra taqchillashib qolgan ovqat komponentlari (vitaminlar, makro va mikroelementlar, almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar, yog‘ kislotalari) ning o‘rnini qoplaydi.
  • Tashqi muhitning har xil zararli omillari (yuqori yoki past harorat, bosim, radiatsiya, kislorod yetishmasligi, vaznsizlik, tezlik, kuchli jismoniy yuklamalar) ga bardoshlilikni oshiradi.
  • Immun tizimi ishini mustahkamlash orqali kasalliklarning oldini oladi.
  • Tanada doimiy ravishda sodir bo‘lib turadigan moddalar va energiya almashinuvi maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’minlaydi.
  • To‘qima va hujayralarda hayotiy jarayonlar davomida hosil bo‘lgan zaharli moddalar hamda shlak(shilliq)larni tanadan chiqarib yuboradi.
  • Oshqozon-ichak tizimidagi foydali mikroflorani saqlab turadi, kasallik qo‘zg‘atuvchilari ko‘payib ketmasligini ta’minlaydi, disbakteriozni bartaraf etadi.
  • Organizmning fiziologik xususiyatlari (homiladorlik, bola emizish, o‘sish, keksayish, ruhiy iztiroblar davri)da ovqatlanishni tartibga soladi.
  • Har xil kasalliklar (yurak qon-tomir, asab, oshqozon-ichak, endokrin tizimlar kasalliklari, saraton, semirish singarilar)ning oldini olib davolaydi.
  • Organizmning turlicha, ya’ni tashqi va ichki muhit sharoitlari (yer sharining bir-biridan vaqtga nisbatan 10-12 soat farq qiladigan hududlariga borib qolganda, uzoq muddatli safarlarga chiqqanda) organizmning tez moslashuvchanligini ta’minlaydi.

– Mutaxassis sifatida aytsangiz, biofaol qo‘shimchalarning biz ichadigan dori-darmonlardan farqli jihatlari bormi?

– BFQlar ta’sirida organizm faoliyati fiziologik me’yor darajasiga yaqinlashadi. Dorilar ta’sirida esa organizm faoliyati fiziologik me’yor darajasidan uzoqlashadi. Yagona javob shu!

Ko‘pgina mamlakatlardagi firma va kompaniyalar (masalan, Tyan-Shi va boshqalar) keyingi yillarda BFQlar ishlab chiqarishni jadallashtirmoqda va o‘z mahsulotlarini tinmay reklama qilyapti. Bu alohida masala.

Ammo shuni yodda tutish lozimki, BFQlar tarkibida nutriyentlar (oziq moddalar) yuqori konsentratsiyada, ya’ni o‘simlik yoki hayvon a’zolari tarkibidagiga nisbatan ancha quyuq bo‘ladi. Inson organizmi esa bir xil moddaning past va yuqori konsentratsiyada qabul qilinishiga befarq emas. Ya’ni past konsentratsiya organizmga shifo bo‘lsa, yuqori konsentratsiya zarar keltirishi mumkin.

Hatto bir xil o‘lchamdagi oziq moddalar har kimga mijoziga qarab turlicha ta’sir qilinishini Abu Ali ibn Sino alohida ta’kidlagan.

Xullas, ovqatlanish borasida organizmning o‘ziga xos xususiyatlarini, uning talab va istaklarini, shuningdek fiziologik – biokimyoviy imkoniyatlarini hisobga olish lozim. Har bir kishi o‘zi yeb-ichadigan mahsulotlarning kimyoviy tarkibi va energetik qiymatini (kaloriyasini) hech bo‘lmasa umumiy holda tasavvur qilishi kerak. Shunga ko‘ra BFQlardan foydalanishda ham tegishli mutaxassislar fikrini e’tiborga olish zarur. O‘z-o‘zidan bu narsa insonning to‘la-to‘kis sog‘lom turmush tarziga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Jigarni tozalash usullari (So‘ralgan maqola)

© Biologiya fanlar doktori,
professor Shoniyoz Qurbonov.
Tib.uz

ico
Vitamin dushmanlari antivitaminlar haqida bilasizmi?
Inson hayoti uchun zarur hisoblangan vitaminlarning faolligini tormozlaydigan mahsulotlar – antogonistlar ham mavjud. Vitaminlarning ham, antivitaminlarning ham kimyoviy strukturasi bir xil tuzilgan. Organizmga tushgandan keyin vitaminlar kofermentlarga aylanib, maxsus oqsillar bilan birikish orqali turli biokimyoviy jarayonlarni boshqaradi. Antivitaminlar ham shu kabi kofermentlarga ammo «yolg‘on» kofermentlarga aylanadi. Ular haqiqiy kofermentlar o‘rniga almashib olib maxsus oqsillar bilan birikishi mumkin. Bu moddalar almashinuvi jarayonini buzilishiga sabab bo‘ladi. Natijada yolg‘on kofermentlar tomonidan vitaminlarning bloklanishi va biologik faolligini pasayishi yoki umuman yo‘qolishi kuzatiladi.

«Shirin juftlik»

«Vitaminli konflikt» ning eng yorqin na’munasi bu vitamin C (askorbin kislotasi) va uning antagonisti askorbatoksidaza bilan xlorofill hisoblanadi. Bu ikkala modda vitamin C ni oksidlashi kuzatiladi. Bu qanday namoyon bo‘ladi. Masalan, pichoq bilan olmani ikkiga bo‘lsak u bir ozdan so‘ng qorayib qoladi, ya’ni oksidlanib 50% askorbin kislotasini yo‘qotadi. Xuddi shu holat yangi tayyorlangan sabzavot salatlari va meva sharbatlarida ham kuzatiladi. Shuning uchun ularni tayyorlanishi bilanoq iste’mol qilish kerak. Vitamin B1 (tiamin) – o‘sish va rivojlanish jarayonlarini normal kechishini ta’minlaydi, yurak, asab va hazm tizimlarini faoliyatlarini ushlab turadi. Uning foydali xususiyatlarini tiaminazalar parchalaydi. Bu modda organizmga xom mahsulotlar orqali kiradi. Bular asosan chuchuk suv havzalari va dengiz baliqlarida ko‘p uchraydi. Kamroq tiaminazalar guruch, kartoshka, gilos, choy bargi va ismaloqda mavjud. Bu degani yapon oshxonasi fanatlarida B vitamini defitsitini rivojlanishi xavfi yuqori bo‘ladi. Xom mahsulotlar boshqa ko‘plab antivitaminlarni ham tutadi. Masalan, xom loviya mahsulotlari – vitamin E tas’irini neytrallaydi; dukkaklilar tarkibidagi maxsus oqsil moddasi bo‘lib, vitamin D,
kalsiy va fosforni parchalab raxitga olib kelishi mumkin. Yana bir ko‘p uchraydigan antivitamin bu choy va kofelar tarkibida uchraydigan kofein hisoblanadi. U organizmda B guruhi va C vitaminlarini o‘zlashtirilishiga halaqit beradi. Shuning uchun choyni ovqatlanishdan keyin yarim soat o‘tgach ichish tavsiya etiladi. Agar sizning ovqat ratsioningizda guruch, loviya va so‘ya mahsulotlari, shampinonlar va yong‘oq, sut va go‘sht mahsulotlari ustun tursa – sizda gipovitaminoz PP (niatsin) rivojlanishiga moyillik bo‘ladi. Sanab o‘tilgan mahsulotlarda antipod leysin aminkislotasi mavjud. antivitamin Vitamin A (retinol) yog‘da eruvchi hisoblansada ortiqcha margarin va kulinariya yog‘larida o‘zlashtirilishi qiyinlashadi. Shuning uchun retinolga boy jigar, baliq yoki tuxum iste’mol qilinayotganda kamroq yog‘ ishlatish tavsiya etildi. Vitaminlarning eng asosiy dushmani bu alkogol va tamaki hisoblanadi. Alkogol ayniqsa vitaminlardan B, C va K ni parchalasa, bir dona sigaret organizmdan C vitaminini kunlik normasini olib chiqib ketadi.

Ham davolaydi, ham jazolaydi

Dori vositalari ham o‘z navbatida antivitaminlar hisoblanadi. Masalan aspirin – organizmdan kaliy, kalsiy, vitamin C va B ni olib chiqib ketsa, antibiotiklar – ichak bo‘shlig‘idagi sog‘lom mikroflorani buzish orqali zamburug‘li infeksiya chaqiradi. Bu degani ichak bakteriyalari tomonidan sintezlanadigan B guruhi vitaminlarini defitsitiga sabab bo‘ladi. Buning oldini olish uchun antibiotiklar qabul qilayotgan paytda ichak mikroflorasini tiklaydigan yogurt va qatiqni ko‘proq iste’mol qilish kerak. Ayrim antivitaminlardan foydali effektlar olinadi. Masalan vitamin K qon ivishini kuchaytirsa, uning antipodi dikumarin qonni suyultirish xususiyatiga ega. Riboflavinaning antogonisti akrixin va xinin yordamida bezgakni davolashda foydalaniladi.

To‘qnashuvni yo‘qotamiz

Shunday qilib, har bir mahsulotda ham vitaminlar, ham ularning antogonistlari mavjud bo‘ladi. Shuning uchun qaysi moddalarning bir-biri bilan konfliktga borishini bilish va ovqatlanishdagi odatlarimizni korreksiyalash kerak. Jumladan, kofe ishtiyoqmandlariga kalsiy kamayishini tiklash uchun tvorogni ko‘proq iste’mol qilish, xom maxsulotlarni ko‘p iste’mol qiluvchilarga esa – B guruhi vitaminiga boy unli va yog‘li maxsulotlarni o‘z ratsioniga qo‘shish tavsiya etiladi.
Foydali maqola: Tanamizga vitamin yetishmayotganini qanday bilish mumkin?

© Gepamed.uz

ico
Inson organizmi uchun rux qanchalik ahamiyatga ega?
Rux (sink) – barcha fermentlar tarkibiga kiruvchi yagona metall bo‘lib, uning o‘rnini boshqa metall bosa olmaydi. Rux ko‘plab modda almashinuvi jarayonlarida ishtirok etib, tanadagi barcha hujayralarning normal ishlashini ta’minlaydi. rux Ruxning organ va to‘qimalardagi miqdori shu a’zolarning faoliyatida qanchalik ahamiyatga egaligini bildiradi. Ruxga boy bo‘lgan a’zolar: gipofiz, ko‘z to‘r pardasi, prostata bezi (150 mg dan oshiq), jigar, buyrak, mushak, soch, suyak (100 mg dan oshiq). Bosh miyadagi metallar ichida rux va temir eng ko‘p qismini tashkil etadi, rux\temir indeksi 1 ga teng, boshqa a’zolarda bu nisbat ancha past bo‘ladi. Uglevodlar, yog‘lar, oqsillar va nuklein kislotalar sintezi va parchalanishi organizmni rux bilan ta’minlanishiga bevosita bog‘liq. Organizmdagi rux zaxirasining 20 foizi suyak to‘qimasida joylashgan bo‘ladi. Ruxning suyak to‘qimasiga kirish tezligi kalsiyga nisbatan yuqori bo‘ladi va suyak to‘qimasida mushak to‘qimasiga nisbatan uzoq saqlanadi. Aniqlanishicha, rux kalsiy va fosfor so‘rilishini hamda almashinuvini kuchaytiradi, shuningdek, kollagen tolalar sintezini ham kuchaytiradi. Bu esa teri elastikligini oshiradi va suyak yuzasini shakllanishini ta’minlaydi. Shuning uchun sink yetishmovchiligi osteoporoz rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Ruxning biologik ta’sirlari:

  • Antioksidant;
  • Oqsil, DNK, RNK sintezida;
  • Hujayrani bo‘linishi, o‘sishi va regeneratsiyasida;
  • Teri, tirnoq va sochlarning me’yorida o‘sishi;
  • Yaralarni bitishi va epitelizatsiya jarayonini tezlatadi;
  • Tana va skelet vaznini oshishida;
  • O‘sish gormoni, gonadotropin va kortikotropin sintezida;
  • Kalsiy va fosfor almashinuvi va so‘rilishida;
  • Teri elastikligini ta’minlovchi kollagen tolalar hosil bo‘lishida;
  • Bo‘g‘im yuzasini shakllanishida;
  • Sariq dog‘ degeneratsiyasi va kataraktani oldini oladi;
  • Immunitetni oshiradi;
  • O‘smalarga qarshi (antikansirogen) ta’siri;
  • Insulin sintezida ishtirok etadi va yog‘-uglevod almashinuvini boshqarishda;
  • Miyaning normal faoliyati va eslab qolish qobiliyatini kuchaytirish uchun;
  • Ishtaha va ta’m bilish sezgisini me’yorga keltiradi;
  • Qon ishlab chiqarishda ishtirok etadi va kamqonlikni oldini oladi;
  • Erkaklik gormoni – testosteronni ishlab chiqarishida va sperma hosil bo‘lishida;
  • Alkogolni organizmdan chiqarib tashlashda;
  • Rux – kuchli tabiiy antioksidant.
Rux kuchli tabiiy antioksidant bo‘lgan superoksidismutaza fermentini aktiv qismiga kiradi. Bu ferment organizmda doimiy paydo bo‘lib turadigan, o‘ta zararli bo‘lgan superoksid erkin radikalini zararsizlantiradi. Askorbin kislota rux bilan birga ishlatilganda antioksidant ta’siri yana ham oshadi. Rux va askorbin kislotasining antioksidant xususiyati ko‘zda katarakta rivojlanishi hamda sariq dog‘ degeneratsiyasini oldini olishda ishlatiladi. Rux ko‘zning to‘r pardasida yig‘ilib, A vitaminining o‘zlashtirilishiga yordam beradi. Ko‘z to‘r pardasidagi retinol bog‘lovchi oqsil ish faoliyati ham ruxga bevosita bog‘liq.

Ruxning oqsil sintezidagi vazifasi

Rux elementi organizmda muhim biologik jarayonlar (oqsil, DNK va RNK sintezi, hujayralarni bo‘linishi, o‘sishi va regeneratsiyasi)da ishtirok etadi. Ruxning bu xususiyati trofik va boshqa yaralarning bitishi hamda epitelizatsiyasida juda muhimdir. Bundan tashqari, ruxning regeneratsiya jarayoni ketib turgan to‘qimada kollagen va oqsil sintezini kuchaytirishi, ateroskleroz va yurak ishemik kasalligida ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Rux insulin tarkibiga kirib, uning ishlab chiqarish samaradorligini bildiradi. Qandli diabet kasalligi bor bemorlarda qondagi rux miqdori kam bo‘ladi va ruxning siydik bilan ajralishi kuchayib ketadi. Shuning uchun qandli diabet kasalligida rux yetishmovchiligi ko‘p kuzatiladi.

Gormonlarga ta’siri

Gipofiz bezidan ishlab chiqariladigan somatotropin, gonadotropin va kortikotropin gormonlarini sintez intensivligini hamda butun organizmdagi gormonal status bevosita ruxning miqdori bilan bog‘liq. Homiladorlikda rux yetishmovchiligi kuzatilganda, tug‘ilajak go‘dakda gidrotsefaliya, umurtqa qiyshiqligi, turli churralar va tanglay nuqsoni bo‘lishi mumkin. Tez o‘suvchi bolalarda doim rux mikroelementini yetishmovchiligi kuzatiladi.

Ba’zi kasalliklarda ruxning ta’sir mexanizmi

Tumov va gripp

Askorbin kislota va sink immunitetni oshiruvchi eng kerakli tarkibiy qism. Sink interferon (viruslarga karshi kurashuvchi organizmda bor modda) va antitela (mikrobga qarshi kurashuvchi modda) ishlab chiqarish uchun kerak. Sink – bu tabiiy immunomodulyator (immun tizimni kuchaytiruvchi)dir. Sink mahalliy immunitetga javob beruvchi makrofaglarni faoliyatini oshiradi. Shuning hisobiga bola tez tuzaladi va kasallik qaytalanmaydi. Sink immun tizimni barcha zvenolariga kerak bo‘ladi. Shuning uchun OITS kasalligida ham ishlatiladi.

Diareya

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra diareyada 14 kun davomida 10 mg dan sink preparatlarini berilganda diareya tez tuzaladi va qaytalanmaydi. Ta’siri: bevosita mikroblarni o‘ldiradi, ichak devoridagi mikrovorsinkalar (surgichlar) tiklanishini tezlatadi.

Jigar kasalliklarida (gepatit va sirrozda)

Rux jigardagi fermentlar tarkibiga kiradi. Ularni me’yorda ishlashi uchun sink moddasi kerak. Bu jigarninng detoksikatsiya (zahardan tozalash) faoliyatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, immunitetni oshirishi hisobiga virusga qarshi kurashishiga yordam beradi.

Ishtahani oshirishi

Askorbin kislotasi va sink ishtahani oshiradi va oshqozon ichak faoliyatini yaxshilaydi. Sink tildagi ta’m bilish va burundagi hid bilish retseptorlarini (sezuvchi nerv oxirlari) faoliyatini kuchaytiradi.

Turli qon ketishlar (bachadon, burun, o‘pka)

Askorbin kislotasi qon-tomir devorini mustahkamlaydi va qon ivish jarayonini kuchaytiradi.

Prostata bezi kasalliklari

Prostatit — prostata bezining yallig‘lanishi, prostata adenomasi — prostata bezining xavfsiz o‘smasi (kattalashishi). Sink organizmda 5 alfa reduktaza fermentini aktivligini pasaytiradi. Bu ferment erkaklik gormonini (testosteronni) xavfli shaklga (degidrotestosteron) aylantiradi. Degidrotestosteron prostata bezida adenomani rivojlantiradi. Demak sink adenomani patogeneziga (kasallik rivojlanish mexanizmi) ta’sir qiladi va adenomani oldini olishda va davolashda ishlatiladi. Sink mahalliy immunitetga javob beruvchi makrofaglarni faoliyatini oshiradi va prostatitning oldini olishga va davolashga yordam beradi.

Bepushtlik

Sink jinsiy gormonlarning va erkaklik urug‘ini (spermatozoid) xomashyosi hisoblanadi. Sink yetishmasa jinsiy balog‘atga yetish ortda qoladi, erkak jinsiy quvvati pasayadi (impotensiya), bepushtlikka olib keladi.

Qandli diabet

Rux oshqozon osti bezi langergans hujayralarida insulinni sintezi (ishlab chiqarilishi), to‘planishi va ajralib chiqishida muhim ahamiyatga ega. Qandli diabet kasalligida sink moddasi siydik bilan normadagiga nisbatan 2—3 barobar ko‘p chiqadi. Shuning uchun bemor doimiy sink preparatini qabul qilishi kerak. Ko‘z gavharida kataraktani oldini oladi. Diqqat! Har qanday kimyoviy preparatlar qatori rux bilan boyitilgan kimyoviy preparatlarni qabul qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud. Shu sababdan mustaqil ravishda, shifokor ko‘rsatmasisiz rux preparatlaridan foydalanish tavsiya etilmaydi.

© Topvictory.uz