Ayni bahor chog‘ida yangi va sarxil masalliqlardan tayyorlangan salatlar vitaminlarga tashna organizm uchun juda foydalidir. Qolaversa, ularni tayyorlash juda oson! Kerakli masalliqlar: yarim piyola qirg‘ichdan o‘tkazilgan bodring, 1 stakan qatiq, yarim stakan qaynatilgan suv (sovitilgani), 1 bo‘lak sarimsoq, 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘i va ta’bga ko‘ra tuz. Tayyorlanishi: avval qatiq bilan suvni aralashtirib, so‘ng bodring, mayda to‘g‘ralgan sarimsoq va tuzni solamiz. Aralashtirib, o‘simlik yog‘i qo‘shamiz. Salat tayyor! Xuddi shu salatga mayda to‘g‘ralgan ko‘k piyoz ham qo‘shish mumkin.

* * *

Kerakli masalliqlar: 300 grammdan rediska va bodring, 50 gramm mayonez, tuz, ukrop, petrushka (ta’bga ko‘ra). Tayyorlanishi: rediskani yaxshilab yuvib, to‘g‘raladi, so‘ng bodring ham. Unga mayonez yoki o‘simlik yog‘i qo‘shiladi. Ta’bga ko‘ra ko‘kat qo‘shgach, aralashtiriladi.

* * *

Kerakli masalliqlar (3-4 porsiyaga): 3 ta qaynatilgan tuxum, maydalangan 200 gramm (yarim banka) konservalangan jo‘xori, to‘g‘ralgan yarimta bodring, mayda to‘g‘ralgan 4-5 dona ko‘k piyoz va petrushka, 2 osh qoshiq mayonez. Tayyorlanishi: barcha masalliqlar aralashtiriladi va mayonez qo‘shiladi.

* * *

Kerakli masalliqlar (4 porsiya): 1 donadan bulg‘or qalampiri, pomidor va bodring, 2-3 dona sarimsoq bo‘lagi, mayonez yoki yog‘siz tvorog, ta’bga ko‘ra tuz va ko‘katlar. Tayyorlanishi: bulg‘or qalampirini urug‘laridan tozalab, maydalab to‘g‘rang, pomidor va bodringni ham. Ularni aralashtiring. Shundan keyin mayda to‘g‘ralgan ko‘kat, sarimsoq, mayonez va tuzni ham aralashtiring.

* * *

Kerakli masalliqlar: 200 gramm yangi terilgan ismaloq, 2-3 dona bodring, 1-2 dona pomidor, 2 dona qaynatib pishirilgan tuxum, 1 piyola qaymoq, 1 bog‘ ko‘k piyoz, ukrop, kashnich, ta’bga ko‘ra tuz. Tayyorlanishi: ismaloq maydalab to‘g‘raladi, bodring, pomidor, ko‘k piyoz, ukrop, kashnich, tuxum to‘g‘rab qo‘shiladi. Tuz, qaymoq solib, aralashtiriladi.

* * *

Kerakli mahsulotlar: 4 dona pomidor, 2 ta pishgan tuxum, 4 osh qoshiq konservalangan ko‘k no‘xat, 1 dona piyoz, 4-5 qoshiq mayonez, 1-2 dona sarimsoq bo‘laklari, qizil garmdori kukuni, tuz, murch. Tayyorlanishi: pomidor va tuxum lappak, piyoz yarim aylana shaklida, sarimsoq bo‘laklari mayda to‘g‘raladi. Barcha masalliqlar, shuningdek, konservalangan ko‘k no‘xat, tuz, murch, qizil garmdori kukuni, mayonez aralashtiriladi. Salat ko‘katlar bilan bezatilgan holda dasturxonga tortiladi.

© Tib.uz nashri.

Ushbu maqolani ham o'qing:
D vitamini haqida