Epidemiologiya

MAQOLALAR

ico
Odam organizmidagi parazitlar TOP-10 ligi

Ochiq suv xavzalarida cho‘milish, tozalanmagan suvni ichish yoki Afrika bo‘ylab safar qilish orqali turli parazitlarning qurboni bo‘lish xavfi yuqori hisoblanadi. Inson o‘zi tanasini qandaydir bir parazitga makon bo‘lganini bilmasligi ham mumkin. Kichkina maxluqlar tomonidan chaqiriladigan kasalliklar uzoq vaqt belgilarsiz kechishi, ammo oxir-oqibatda o‘lim bilan yakunlanishi mumkin. Quyida shular haqida so‘z yuritiladi:

10. Ko‘z chuvalchangi

Bu parazitlar asosan Afrika mamlakatlarida keng tarqalib, "loa-loa" ismi bilan ma’lum. Bu parazit xo‘jayinida ko‘z va teri kasalliklarini keltirib chiqaradi. Organizmga kirgach butun teri osti kletchatkasi bo‘ylab sayr qilib yuradi. O‘z xo‘jayini uchun bir qator noqulayliklar tug‘dirib, ko‘rish jarayonini og‘riqli bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

9. Babeziya

Babesia Microti

Babesia Microti

Bu parazit nafaqat hayvonlar, balki odamlarni ham zararlaydi. Ular organizmga kana chaqqanda kirishi mumkin.

Kasallik simptomlari xuddi bezgak belgilariga o‘xshaydi. Bu parazitning 100 dan ortiq turlari mavjud bo‘lib, eng tarqalgan shtammi Babesia Microti hisoblanadi.

8. Amyoba

Amyoba

Parazitarning eng yomon turi hisoblanib, insonning asab tizimi va miyasini zararlaydi. Odamning zararlanishi tezda kechib, bir necha haftadayoq o‘limga olib kelishi mumkin. Afsuski davolash foyda bermaydi.

7. Shistosomalar

shistosoma

Bu «qon so‘ruvchilar» yassi chuvalchangsimonlar guruhga kirib, organizmga zararlangan suv bilan kontakt bo‘lganda kirishi mumkin. Inson ichida qon tomirlar va venalarda hayot kechiradi. Afrika va Osiyoda keng tarqalib, chuchuk suvli chig‘anoqlar tashuvchilar rolini o‘ynaydi.

6. Nematodlar

nematoda

Ular inson va boshqa sut emizuvchilarning ichaklarida yashab, isitma, yo‘tal, ko‘krakdagi og‘riqlar, xirillash bilan namoyon bo‘ladi. Bu kasallikka oshqozon-ichak yo‘llari faoliyatini buzilishi xos bo‘lib, davriy sog‘ayish bosqichlari ham kuzatiladi.

5. Lyambliylar

lyambliya

Filtrlanmagan suv va yuvilmagan mevalar lyambliylarning ko‘p tarqalishiga sabab bo‘ladi. Ichaklarga joylashib olib, turli kasalliklarni chaqirish mumkin. Organizmda lyambliylar borligi belgilari: suvsizlanish, qorinda og‘riq, vazn tashlash, qorin dam bo‘lishi.

4. Trixotsefalyozlar

Trixotsefalyoz

Trixotsefalyozlar asosan issiq regionlarda tarqalgan bo‘lib, askaridalar oilasiga mansub. Ular bilan tuxum, guruch, dukkakli va donli mahsulotlar orqali yuqishi mumkin. Asosan yo‘g‘on ichakning zararlanishi kuzatiladi.

3. Bitlar

Ha, bitlar ham parazilar qatoriga kiritiladi. Ularning 3 ta turi mavjud. Eng ko‘p uchraydigani bosh biti. Shuningdek, qov va kiyim bitlari ham uchraydi. Ular insonning soch qoplamalari va tanasida parazitlik qilib, o‘zidan so‘ng parazitlik qilib, o‘zidan so‘ng noqulay hissiyatlar va tirnalish izlari qoldiradi. Bitlar bilan osongina bemor odam bilan kontakt bo‘lganda zararlanish mumkin.

2. Qichima

qichima

Bu yuqumli teri infeksiyasi bo‘lib, ma’lum bir joyda qichishish bilan kechuvchi kasallik hisoblanadi. Uning qo‘zg‘atuvchilari kanalar hisoblanadi. Qichima kontakt orqali yotar joy anjomlari, ko‘ylak, klaviatura, sochiq, mebel va boshqa barcha kana tushishi mumkin bo‘lgan buyumlar orqali yuqadi.

1. Soliter

solityor

Ham inson ham hayvonlarni zararlanishi kuzatiladi. Uy hayvonlari o‘tlatilayotgan yaylovlarda yoki zararlangan suvni ichganda yuqtirib olishi mumkin. Odam organizmiga go‘sht mahsulotlarini noto‘g‘ri tayyorlash natijasida tushishi mumkin. Infeksiya vaqtida aniqlansa, oson davolanadi. Charchash, bo‘shashish, qorindagi og‘riqlar kabi belgilar bilan kechishi mumkin. Gigiyena talablariga rioya qilish parazitlarni yuqishini oldini oladi.

© Gepamed.uz

Gripp va yuqori nafas yo'llarining infeksiyalarini alomatlarini davolash uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Griphotdir.

Griphot bu – alohida paketlarga qadoqlangan eriydigan granulalar.

Har bir paket tarkibi:

Faol moddalar: parasetamol - 500 mg, fenilefrin gidroxlorid - 10 mg, oksalamin sitrat - 100 mg, xlorfeniramin maleat - 2 mg; Yordamchi moddalar: tartarik kislota, limon kislotasi, natriy gidrokarbonat, natriy karbonat, xinolin sarig'i, limon lazzati, Kollidon K-30, saxarin, saxaroza.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/gripkhot

Shamollash va grippda balg’am ko’chirish uchun qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Teraflyu, Rinil hotmiks, Insti, Sinupret ekstrakt, Rinomaks, ASS va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

ico
To‘shak qandalasi (klapa) - tuzilishi, chaqishi oqibatlari va yo‘qotish usullari
XXI asrga kelib, qandalalar bilan qiziquvchilar va ulardan qutulish yo‘lini qidirayotganlar ko‘paymoqda. Chunki qandalalar insonlarni uzoq vaqt chaqib, ularda noqulayliklar va terida turli xil allergik qichimalarni keltirib chiqaradi. To‘shak qandalasi ( klapa ) nafaqat eski uylarda, balki yangi uylarda, hovlilarda, umuman, mebel va inson qoni bor bo‘lgan barcha joylarda yashashi mumkin. Avvallari, ko‘pgina zararkunanda hashoratlar xonadonda paydo bo‘lishini xonadonning toza saqlanmasligi, parazitlarga qarshi chora ko‘rilmasligi bilan bog‘lashgan bo‘lsa, to‘shak qandalasiga esa, bular xuddiki ta’luqli emas. Afsuski, to‘shak qandalasini yo‘qotishga qaratilgan kimyoviy preparatlar ham ba’zida yaxshi naf bermaydi. Chunki qandalalar insektitsidlar ishlatilgan sari ularga nisbatan chidamli bo‘lib boradi. Bundan tashqari qandalalarni topish qiyin, chunki ular devor yoki buyumlardagi yoriqlar orasiga kirib olib, berkinish xususiyati kuchli. Xo‘sh, ular xonadonga qayerdan kelishadi, qandalalardan qutulish mumkinmi?

To‘shak qandalasining tarqalish yo‘li

To‘shak qandalasi ( klapa ) juda kichik hasharotdir. Shuning uchun ham bir yoki bir necha hashorotning uyda paydo bo‘lib qolganligini hamma ham sezavermaydi. Bundan tashqari, hasharotlar tunda yashirin hayot kechirishadi. Hasharotlar turli yo‘llar bilan yangi manzillarni “ishg‘ol etishadi”. klapa haqida Agar siz ko‘p qavatli binoda yashasangiz, binoning biror xonadonida qandala bo‘lsa va unga qarshi kimyoviy tozalash olib borilganda, hashorotlar qo‘shni uylarga devor yoriqlari va turli teshiklar orqali o‘tib ketishadi. To‘shak qandalasining paydo bo‘lishida eng katta xavf bu zararlangan joylardan ularni olib kelish, masalan ta’tildan qaytganda, do‘stingizning zararlangan uyida yotib qolganingizda va ayrim mehmonxonalardan qaytganda qandalarni kiyimingiz, portfelingiz yoki sumkangiz yordamida o‘zingiz bilmagan holda olib kelishingiz mumkin. Uy uchun mebel, maishiy texnika, kiyim-kechak va boshqa hashorot bilan “zararlangan” buyumlarni xarid qilganingizda ular bilan birga qandalani ham xonadoningizga olib kelishingiz mumkin. Ayniqsa, ikkilamchi bozordan buyumlar sotib olganda bu holat ko‘p kuzatiladi.

To‘shak qandalasi tuzilishi

Hasharot ilm-fan nuqtai nazaridan juda qiziq. Qandalaning tashqi ko‘rinishi uning ovqatlanishiga, yashash haroratiga, yoshiga qarab o‘zgaradi. To‘shak qandalalari rivojlanishining hayot sikli bir necha bosqichlarini o‘z ichiga oladi:
  • Tuxum;
  • Lichinka;
  • Yetilgan qandala.
klapani yo'qotish Voyaga yetgan parazit yumaloq, tekislangan tana shakliga ega. Hasharotning orqa qismi mustahkam xitin qobiq bilan qoplangan. Voyaga yetgan to‘shak qandalasiningning o‘rtacha uzunligi taxminan 6 mm. Erkaklari ayollardan bir oz kichikroq. Ovqatlanish vaqtida hasharotning tana hajmi xitin qobig‘ining yupqalasha borishi hisobiga, bir necha bor ortishi kuzatiladi. Yetilgan qandalaning rangi kulrangda bo‘ladi. Uning rangining to‘q yoki ochligi ovqat (qon) bilan to‘yinganligiga bog‘liq. Yaqindagina odam qonini so‘rgan hasharot rangi to‘q qizil rangacha o‘zgarishi mumkin. To‘shak qandalasi faol va tez harakat qiladi. Binolarning devorlariga kirishga, ularda yashirinib qolishga qodir. Urg‘ochi hashorot tuxumlarini uyga qo‘yadi. Ular tashqi ko‘rinishi jihatidan guruch donalarini eslatadi. Shaffof, oq. Uzunligi 1-3 mm keladi.

Qandalalar ozuqlanishining o‘ziga xos xususiyatlari

To‘shak qandalalariga har 10 kunda bir marta qon ichish yashashi uchun yetarli bo‘ladi. Urg‘ochi hashorotlar bir marta ozuqlanganda taxminan 7 ml qon so‘riydi. Erkaklari esa biroz kamroq qon suiste’mol qilishadi. Hasharotning og‘iz qurilmasi ikki qismdan tuzilgan. Birinchisi qonni so‘rish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ikkinchisi og‘riqni bartaraf qilishga qaratilgan maxsus suyuqlikni ajratishga mo‘ljallangan. To‘shak qandalasi tanada parazitlik qilayotgan vaqtida maxsus og‘riq qoldiruvchi suyuqlik ajratadi. Shu sababli, inson vujudida bo‘layotgan hashatorning chaqishini deyarli sezmaydi. Lekin hashorotning lichinkasi chaqganida, yetilgani kabi og‘riq qoldiruvchi suyuqlik ajralmaydi va inson lichinkaning ta’sirini his qilishi mumkin. Odatda lichinka tez-tez qon bilan oziqlanadi, lekin kichik qismlarni zararlaydi. Ba’zida ovqatlanish jarayoni faqat 5 daqiqa davom etadi, ammo keyingi kun parazitlik yana takrorlanadi. To‘shak qandalasi terining nozik bo‘lgan joylaridan chaqadi. Chunki qon tomirlari teri yuzasiga yaqin joylashgan bo‘ladi. Har bir muvaffaqiyatli luqmadan hashorot 1,5 ml gacha qon so‘rib olishi mumkin. Bu katta hashorotlarni to‘ydirish uchun yetarli emas. Shuning uchun ham ular bir marta to‘yib ozuqlanishi davomida 5-7 tacha joyni chaqishadi.

Klapa uchun noqulay sharoitlar qanday?

To‘shak qandalasi bilan kurashish juda qiyin, chunki ularni qirishga qaratilgan kimyoviy moddalarga chidamli, berkinish qobiliyatiga ham ega, tez ko‘payish xususiyatiga ega. Ular toqat qilmaydigan, noqulay sharoit bu haroratning o‘zgarishi va oziq-ovqat yetishmasligidir. Bu sharoitlar qandalalarni o‘ldirmasa ham haroratning pasayishi bilan lichinkalarning rivojlanish jarayoni sekinlashadi. Yetilgan hashorotlarida esa faoliyati keskin kamayadi. To‘shak qandalasi uchun oziq-ovqat nafaqat energiya manbai, balki tuxum qo‘yish, lichinkalarning shakllanishi uchun ham xizmat qiladi. Ovqatlanish jarayoni bo‘lmasa, barcha jarayonlar o‘z-o‘zidan sekinlashadi.

Ular qayerda ko‘proq bo‘lishadi?

klapa nima To‘shak qandalalari (klapalar) yashashi uchun eng qulay muhit bu issiqlik, qorong‘ulik va oziqaning bo‘lishidir. Bu kabi sharoit odam uyquda bo‘lgan xonada bo‘lishi mumkin. Hashorotning xonadondagi “eng sevimli” joyi yotoqxonadir. Ular ko‘pincha, uydagi to‘shaklarga, divanlarga va ularning oralariga berkinishadi. Shuningdek ularni, mebellardan, boshqa maishiy buyumlar orasidan, kitob javonlaridan ham topish mumkin.

Klapa chaqishi oqibatlari

Hashorot odamni chaqishi natijasida qizil shishlar teri yuzasi bo‘ylab paydo bo‘ladi. Ularning har biri taxminan 1 smdir. Bir vaqtning o‘zida o‘sha maydon bir necha marta chaqilsa, katta qizil nuqta paydo bo‘ladi. Ushbu soha shishib kattalashadi, kuchli
qichishish kuzatiladi. Agar hashorot odamni qayta chaqmasa, paydo bo‘lgan belgilari 3-5 kun ichida o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Ba’zida odamlar odatdagi dori preparatlaridan foydalanib, yallig‘lanishni, shishishni, qichishishni kamaytiradilar. To‘shak qandalasi chaqgandan so‘ng, teridagi o‘zgarishlar inson tanasining o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq. Allergiyaga moyil bo‘lgan odamlarda alomatlar biroz og‘irlashadi. Va quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
  • Kichik hajmli shshlar pufakchalarga aylanadi;
  • Bundan tashqari, allergik toshmalar paydo bo‘ladi;
  • Terining sezuvchanligi yomonlashadi;
  • Tana harorati ko‘tariladi;
  • Tumov, burun bitishi holatlari kuzatiladi.
klapa chaqishi Bundan tashqari, hashorotning chaqishi og‘ir holatlarda allergik reaksiya berishi, Kvinki shishi, hattoki, anafilaktik shokga olib kelishi mumkin. Kuchli qichishish, sohani doimiy qashlashga majbur qiladi. Natijada ochiq yaralar yuzaga keladi. Ushbu yaralar orqali turli teriga infeksiya tushishi mumkin. Bu esa terining yallig‘lanishiga va jiddiy oqibatlariga olib keladi. Yuqorida sanab o‘tgan holatlar kuzatilsa, darhol shifkorga murojaat qilish hamda tegishli davo choralarini ko‘rish talab qilinadi. Allergik reaksiyalar antigistamin preparatlar bilan bartaraf etiladi.

To‘shak qandalasidan qutulish usullari haqida qisqacha faktlar

Quyida qandalalardan qutulishning “kalit” yo‘llari haqida ma’lumot berilgan:
  • To‘shak qandalasi bilan kurashish qiyin, chunki ular pestidsidlarga, ularni qirishga qaratilgan kimyoviy moddalarga chidamli va ular berkinish qobiliyatiga ham ega;
  • Uy sharoitida qandalalar paydo bo‘lmasligi uchun yotoq matraslarini va yotoq mebellarini maxsus mato bilan qoplash va qandalaga qarshi maxsus “tuzoq”lar qo‘yish mumkin;
  • Qandala va ularning tuxumidan qutulish uchun vakuum yo‘li bilan ya’ni changyutgichlar bilan xonadondagi buyumlarni tez-tez tozalab turish kerak;
  • Hech qanday profilaktik chora tadbirlar yordam berishi kafolatlanmagan, faqatgina hasharotlarni aniqlash va tezkorlik bilan chora ko‘rish qandalalar rivojlanishi va qayta paydo bo‘lmasligiga yordam beradi;
  • Barcha insektitsidlar ham yordam beravermaydi, ularni tanlayotganda diqqatliroq bo‘lish kerak. Insektitsidlar mutaxassislar tomonidan qo‘llanilgani ma’qul;
  • Issiq va sovuq harorat to‘shak qandalasidan qutulishning samarali yo‘li, o‘rin ko‘rpa-to‘shaklarni yuqori haroratda yuvish yoki bug‘da quritishingiz mumkin, bunda buyumlaringizning sifati o‘zgarmasligiga ham e’tibor qarating.

Klapani yo‘qotish usullari

klapa dori Qandaladan xalos bo‘lishning imkoni bor, lekin ular bilan kurashishda 3 ta omil qiyinchilik tug‘diradi:
  1. Qandalaning insektitsidlarga chidamli bo‘lib qolishi;
  2. Natija beradigan insektitsidlar kamligi;
  3. Qandalalarni topish qiyin, chunki ular yoriqlar orasiga kirib olib berkinish xususiyati kuchli.
Qandalalardan xalos bo‘lish uchun ularning zaif tomonlarini bilish kerak. Ulardan qutulishning fizik, kimyoviy va uy sharoitida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan usullari mavjud. Fizik usul. Asosan bug‘ bilan ularning voyaga yetganlarini va tuxumlarini yo‘qish mumkin. Bug‘ generatorlari yordamida barcha turdagi qandalalarni yo‘qotish imkoniyati mavjud. Kimyoviy usul. To‘shak qandalasini dezinseksiya qilish. Buni o‘zingiz uy sharoitida yoki maxsus mutaxassislar yordami bilan qilish mumkin. Dezinseksiya qilish uchun aerosol yoki emulsiya ko‘rinishidagi kimyoviy moddalardan foydalaniladi. Zamonaviy mikrokapsulalar to‘shak qandalalaridan 2 marta qo‘llash bilan qutulish imkonini beradi. Bundan tashqari, ular qandala paydo bo‘lmasligini kamida 3-6 oygacha oldini oladi. Uy sharoitida. Bunday sharoitda tayyorlangan moddalar qandalalarni “qo‘rqitish” xususiyatiga ega, ya’ni ular qo‘llanilayotgan moddalar hididan qochishadi. Zararlangan uyga turli xil o‘simliklar – moychechak, yalpiz, pijma o‘simliklarini joylashtirib chiqish, pollarni sirka kislotasi (uksus), novshadil spirit, efir moylari bilan yuvish kerak. Hozirgi kunda naftalin, benzin, kerosin kabi suyuqliklarni kamdan-kam hollarda foydalanishmoqda. Bunday usullarning bir qator kamchiliklari ham bor, ular birinchidan yong‘inga xavfli, ikkinchidan o‘zidan hid chiqaradi va mebellarning sifatini buzib qo‘yadi. Shuning uchun ularning o‘rnini hozirgi kunda zamonaviy dezinseksit vositalar egallab olmoqda. To‘shak qandalasi juda kichik bo‘lgan yoriqlar, teshiklardan ham kira oladi. Ularga qarshi kurashishda agar siz ko‘p qavatli uyda istiqomat qilsangiz, qo‘shnilar bilan birgalikda kurashish kerak. O‘zingiz ularga qarshi preparatlar qo‘llasangiz, ular ma’lum vaqt yo‘qoladi va yana qayta uyingizga qaytib keladi. Bulardan shaqari quyidagi tavsiyalar ham klapalardan qutilishga yordam berishi mumkin.
  1. Vakuum tozalash (changyutgich bilan) to‘shak qandalasi bilan kurashishning so‘ngi bosqichi, bu ularning qolib ketgan tuxumi va hasharotning tirik qolganlaridan tozalaydi. Vakuumni buyumlar ichi ko‘rinadigan plastik material bilan o‘ralgan bo‘lsa, uning ichida qilish kerak.
  2. Issiq yoki sovuq harorat - to‘shak qandalasi bilan kurashishning uy sharoitida eng samarali usuli hisoblanadi. Zararlangan matraslarni 1 soat davomida 45 C haroratda ushlab turilsa, barcha berkingan qandalalar yuzaga chiqadi, agar 60 C da 1 yana bir soat ushlab turilsa, barcha qandalalar butunlay o‘ladi. Bundan tashqari issiq bug‘ ham yaxshi foyda beradi. Qandala sovuq haroratda ham nobud bo‘ladi. Biroq harorat kamida -18 C da bo‘lishi kerak va jarayon 4 kun davom etishi kerak. Kichik buyumlar zararlangan bo‘lsa, ularni 4 kun muzlatgich muzxonasida saqlash ularning tuxumlarini ham yo‘q qiladi.
  3. Xonalarni muzltgich (konditsioner) yordamida issiq havo bilan isitish yoki sovutish va xona eshik va oynalarini ochiq qoldirish qandalalarning uydan chiqib ketishi, yo‘q bo‘lishi uchun samarali yo‘l emas. Ular har qanday joyga ko‘chib o‘tib, yana qayta shu xonada paydo bo‘lishi mumkin. Xonani 1 yildan ortiq bo‘sh qoldirish qandaladan xalos etishi mumkn, chunki ularning oziqlanishi uchun qon yo‘q, bunda xona yaxshilab izolyatsiya qilinishi kerak.

Qandala bilan zararlanishning oldini olish

To‘shak qandalasining tarqalishi va ko‘paymasligi uchun ularni erta aniqlash zarur. Yotoq joylarni choyshablarni, matraslarni ko‘zdan kechirish, ularning axlatidan qolgan dog‘larni aniqlash kerak. Bundan tashqari agar uyda uy hayvonlar asrasangiz ular yotadigan joylarni kam nazoratdan chetda qoldirmaslik muhimdir. To‘shak qandalasi paydo bo‘lmaslikning oldini olish uchun aholi soni ko‘p yashaydigan joylarda, masalan, talabalar turar joyi, eski o‘rin ko‘rpalardan xalos bo‘lish, eskirib qolgan mebellardan qutulish kerak. Uy xonalarini toza ozoda saqlash, yoriqlarni berkitish qandalalarning berkinishi va tarqalishining oldini oladi. Ayrim joylarda taxta buyumlaridan ko‘ra metall buyumlaridan foydalanish ham qandalalarning berkinib olishidan saqlaydi. To‘shak qandalasining paydo bo‘lishida eng katta xavf bu zararlangan joylardan ularni olib kelish, masalan ta’tildan qaytganda, do‘stingizning zararlangan uyida yotib qolganingizda va ayrim mehmonxonalardan qaytganda qandalarni kiyiminigz, portfelingiz yoki sumkangiz yordamida o‘zingiz bilmagan holda olib kelasiz. Ularni o‘zingiz bilan olib kelmaslik uchun:
  • Sumka va portfellarni plastik o‘ramlarga soling;
  • Mehmonxonalarga borganda yotoq joylarni ko‘zdan kechiring;
  • Ta’tildan, safardan qaytganda kiyimlarni vakuum bilan tozalash, issiq yoki sovuq haroratda qoldiring;
  • Eskirgan buyumlarni yoki foydalanilgan buyumlarni sotib olayotganda ularni ko‘zdan kechiring.
Umuman olganda to‘shak qandalalari bilan kurashish, ularni butkul yo‘qotish qiyin bo‘lsada, siz buni uddalaysiz deb o‘ylaymiz. Agar tajribangizda qandaydir sinalgan usul bo‘lsa, boshqa foydalanuvchilarga ham o‘z tajribangizni izohda yozib qoldiring. Muhimi, doim salomat bo‘ling! Mavzuga aloqador foydali maqola: Suvaraklarning salomatlik uchun xavfli jihatlari va ularni yo‘qotish usullari
ico
Xavfli virus: Koksaki virusi
Koksaki virusi enteroviruslar, ya’ni oshqozon-ichak viruslari toifasiga kiradi. Mazkur virus ekzantemali enterovirus stomatit infeksiya jarayonini qo‘zg‘atishi bilan xavflidir. koksaki virusi Bu virus birinchi marta AQSHning Koksaki shaharchasida qayd etilgan. Fanga koksakining 30 ga yaqin turi ma’lum.

Virus qanday yuqadi?

Koksaki asosan havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Virus muhitga moslashuvchanligi bilan xavflidir. Oddiy vodoprovod suvida ushbu virus 780 kungacha yashashi mumkin. Koksaki bolalar infeksiyasini qo‘zg‘atuvchi virus sifatida asosan yosh bolalarda uchraydi. Odatda virus yuqqanidan keyin kasallik 7 kundan 10 kungacha davom etadi. Kamda-kam hollarda kasallik tananing suvsizlanishi,
meningit yoki ensefalit (bosh miyaning shamollashi) bilan kechadi.

Kasallikning dastlabki belgilari

Koksaki virusining dastlabki belgilari kasallik yuqqanidan keyin bir kun ichida namoyon bo‘la boshlaydi. Bolaning umumiy holati va virusning turiga o‘kra dastlabki belgilar turlicha kechadi:
  • tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi;
  • umumiy holsizlik;
  • ko‘ngil aynishi va qayt qilish;
  • ich ketishi;
  • og‘izning shilliq qatlamida, ichki tomoq qismida og‘riqli toshmalar paydo bo‘lishi;
  • kaftda, oyoq ostida, barmoqlar orasida kichkina suvli toshmalarning toshishi bilan kuzatiladi.
Faqat laboratoriya tahlili orqali koksakini aniqlash mumkin.

Kasallik aniqlanganda bolani qanday davolash mumkin?

  • Bola to‘liq tuzalib ketmaguncha yotishi zarur;
  • Ko‘p suyuqlik ichish;
  • Bolada diareya yoki qayt qilish holati kuzatilganda maxsus tayyorlangan dorilar ichishi tavsiya etiladi.
  • Shuningdek, shifokor ko‘rsatmasiga qat’iy amal qilish zarur.

Virusdan qanday saqlanish mumkin?

Kasallikni yuqtirmaslik uchun oddiy sanitariya qoidalariga rioya etish, meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuvish, umumiy cho‘milish havzalaridagi suvni yutmaslik va ovqatlanish uchun ishlatiladigan idishlarni toza saqlash kerak.

© Muhayyo Saidova. Qalampir.uz

ico
Teri leyshmaniozi
Teri leyshmaniozining bir necha turlari mavjud. Masalan shahar turi (sinonimlari: “birinchi tip”, “kech yaralanadigan”, “ashxabadka”, “kokandka”, “yil yarasi”) va qishloq turi (sinonimlari: “ikkinchi tip”, “o‘tkir nekrozlanadigan”, “pendin yarasi”, “murg‘ob yarasi”), uchinchi tur (tuberkuloid leyshmanioz) kechishiga ko‘ra bir-biridan farqlanadi. Teri leyshmaniozi Ko‘pincha iskaptopar chivin (moskit)ning qon so‘rib, terini jarohatlagan joyida keyinchalik (inkubatsion davri o‘tib) kasallikka xos toshmalar, ya’ni leyshmaniomalar paydo bo‘ladi. Odatda, chivin sakrab-sakrab terining bir necha joyidan qon so‘rar ekan, har chaqqan joyida keyinchalik leyshmanioma yuzaga keladi va bemor terisida bittadan bir necha yuztagacha leyshmaniomalar paydo bo‘lishi mumkin. Leyshmaniomalar soniga qarab epidemiologik holatga baho beriladi. Leyshmaniozning qishloq turi 2–3 haftalik inkubatsion davrdan keyin, terida birinchi kundanoq, o‘tkir yallig‘lanish belgilari bilan kechadigan furunkulsimon tugun yoki do‘mboqchalar hosil bo‘lishi bilan boshlanadi. 1-2 hafta o‘tgach, leyshmanioma markazida nekroz notekis, chuqur chegarali yara vujudga keladi. Yaraning shakli noto‘g‘ri ovalsimon, tubi sarg‘ish-kulrang nekrotik parda bilan qoplangan bo‘ladi. Ayrim holatlarda, qo‘shimcha jarohat oqibatida bemor og‘riqdan shikoyat qilishi mumkin. Kasallik o‘chog‘idan bir necha santimetr uzoqlikda, mayda ikkilamchi leyshmaniomalar (ya’ni tugunchalar) paydo bo‘lib, yaralanadi va keyinchalik bir-biriga qo‘shilib ketishi mumkin. Leyshmaniozning ikki turida ham limfa tomirlarining og‘riqsiz yallig‘lanishi xarakterlidir va bu tomirlarning ustki qismi notekisligi bilan tasbehni eslatib turadi. Leyshmaniozning qishloq turida yaralar tezda (2–3 oy) 4–6 sm va undan kattaroq bo‘lib, atrofida ko‘tarilib turgan infiltrat (halqa) bilan ajralib turadi. Keyinchalik yara nekrozlardan tozalanib, ustida baliqning qizil ikrasini eslatadigan granulyatsiyalar rivojlanadi. Bu yaralar tezda yaxshi bo‘lib ketishining belgisidir. Yara o‘rnida paydo bo‘lgan chandiq ko‘p yillardan keyin ham bemorning leyshmanioz bilan kasallanganini ko‘rsatib turadi. Bu atrofik chandiq shtamp qo‘yilgandek aniq chegarali, usti tekis va yaltiroq, chegara qirrasi notekis bo‘lib, atrofida vaqtinchalik giperpigmentatsiya kuzatiladi. O‘tkir nekrozlanadigan qishloq turidagi leyshmaniozda ilk toshmalar vujudga kelgandan to yaralar bitgungacha 2–3 oydan 5–6 oy vaqt o‘tishi mumkin. Shahar turi leyshmaniozida tuzalish davri o‘rtacha 1 yilga teng bo‘ladi va bu narsa kasallikka “yil yarasi” deb nom berilishiga asos bo‘lgan. Leyshmaniozning shahar turi bilan kasallangan bemor qishloq turi bilan yana kasallanishi mumkin. Qishloq turi bilan kasallangan bemorda leyshmanioz boshqa takrorlanmaydi. Kasallanish chivinlar ko‘p uchadigan fasllarda, ya’ni may – noyabr oylarida ko‘proq uchraydi. Kasallik profilaktikasi infeksiya manbai bo‘lmish kemiruvchilarni yo‘q qilish va odamlarni chivinlar hujumidan himoya qilishdan iborat. Leyshmaniozga qarshi profilaktik chora-tadbirlar quyidagicha o‘tkaziladi:
  • kemiruvchi hayvonlar (masalan, sichqonlar) kovaklarini xlorpikrin, sianidlar bilan zaharlash usulida yo‘qotish;
  • chivinlarni – ular yashaydigan turg‘un suv hovuzlarni insektitsidlar (DDT, tiofos, geksoxloran) bilan zaharlash;
  • odamlarni himoya qilish uchun maxsus vositalarni (pashshaxona, maxsus malhamlar, «Tayga» malhami, chinnigul yog‘i, dimetilftalat, kerosin, ayrim efir yog‘lar) ishlatish.
Kasallangan odamda umrbod saqlanadigan
immunitet rivojlanganini ko‘zda tutib, endemik hududlarga (ekspeditsiyaga) chiqib ketishni mo‘ljallagan odamlarga bugungi kunda turli emlash usullari taklif qilinadi. Bemor davolanmasa ham vaqti kelib kasallik o‘z-o‘zidan o‘tib ketishini ko‘zda tutgan holda shifokor tomonidan bemorga og‘riq bezovta qilsa analgetiklar, yaralarni ikkilamchi infeksiyadan himoya qilish maqsadida antibakterial va antiseptik malhamlar bilan birga yaralarni tez bitib ketishiga qaratilgan vositalar tavsiya qilinadi.

© Ilhom RAHIMOV, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi dermatomikolog shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi. "Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
Miya exinokokkozlari nima?
Exinokokkoz – parazitar kasallik bo‘lib, ko‘pincha jigar, o‘pka, taloq singari a’zolarni, kamdan-kam hollarda esa bosh va orqa miyani zararlaydi. Kasallik asosan uy hayvonlarini parvarishlash davomida ulardan (yoki ularning exinokokkoz lichinkalari bilan zararlangan axlati tekkan mahsulotlar orqali) odamlarga o‘tib qolishi mumkin. Exinokokkoz kistalarining ikkita asosiy ko‘rinishi (solitar va ratsemoz) farqlanadi. Solitar ko‘rinishida yakka-yakka kistalar kuzatilib, ularning hajmi ba’zan katta o‘lchamlarda bo‘lib, diametri esa 8-10 sm gacha yetadi. Ratsemoz exinokokkda bosh va orqa miya to‘qimalarida pufak shingillari joylashib, ularning atrofida kuchli reaktiv o‘zgarishlar kuzatiladi. Exinokokk atrofida yallig‘lanib o‘zgargan miya to‘qimasi bilan o‘ralgan biriktiruvchi to‘qimali kapsula hosil bo‘ladi, uning kundan–kunga oshib boruvchi ta’siri tufayli miyada qon quyilishi va ezilish o‘choqlari kuzatiladi. Pufaklar pardasida yallig‘lanish belgilari ham aniqlanadi. Bosh miya exinokokkozlarining klinik manzarasi gipertenzion sindrom va o‘choqli simptomlar ko‘rinishida bo‘lib, bosh miya o‘smalarining klinik kechishini eslatadi. Kalla suyagi ichida bosimning oshib ketishi – gipertenzion sindrom bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ko‘ruv nervi dimlanishi, umumiy holsizlik va epileptik xurujlar bilan namoyon bo‘ladi. O‘choqli o‘zgarishlar esa parazit kistasi miyaning qaysi sohasida joylashganligiga qarab aniqlanadi.

Epileptik xurujlar

Ko‘p hollarda qo‘l va oyoqlarda epileptik xurujlar kuzatilib, keyinchalik o‘sha xuruj kuzatilgan qo‘l yoki oyoqlarda falajliklar kelib chiqadi. Bosh miya nervlari falajliklari yuzaga chiqishi ham uchraydi. Depressiya, aqli zaiflik ko‘rinishidagi psixik buzilishlar paydo bo‘lishi mumkin. Rivojlanib boruvchi exinokokkozlarda o‘choqli o‘zgarishlar va kalla ichi bosimi oshib boradi. Yakka va ko‘p kamerali exinokokkozlarda ko‘pincha 1-2 yil davomida exinokokk kistasi miyaga kuchli bosim o‘tkazmaydi, ya’ni konsistensiyasi yumshoqligi tufayli bemorning ahvoli nisbatan qoniqarli darajada bo‘lib turadi. Bosh miya exinokokkoz kasalligining kechishida bir qancha bosqichlar tafovut etiladi: birinchi bosqich – latent, ya’ni organizmga parazit kirgandan boshlab subyektiv belgilar paydo bo‘lgunga qadar davom etsa, ikkinchi bosqich – kam sezilarli subyektiv belgilar, bosh og‘rig‘i shikoyatlari bilan kechadi. Uchinchi bosqichda – kuchli namoyon bo‘luvchi nevrologik simptomlar ro‘y bersa, to‘rtinchi bosqich esa bosh miya faoliyatiga doir har xil asoratlar bilan kechadi. Ta’kidlash joizki, ushbu kasallikka to‘g‘ri tashhis qo‘yishda quyidagilar muhim ahamiyatga ega: – ichki a’zolar exinokokkozi (ko‘pincha jigar, o‘pka); – ayrim anamnestik ma’lumotlar; – kasbi (hayvonlar bilan doimiy aloqada bo‘luvchi cho‘pon, sog‘uvchi, qishloq xo‘jalik xodimlari, uy bekalari, bolalar); – qonda qayd etiladigan eozinofiliya; – teridagi Katsoni va RSK Gedin-Veynberg sinamalari. Orqa miya suyuqligida eozinofilli pleotsitoz va oqsil miqdori oshishi kuzatiladi, ayrim hollarda pufakning alohida qismlari, yantar kislotasi aniqlanishi mumkin.

To‘g‘ri tashxis — samarali davo

Bugungi kunda bosh miya exinokokkozlariga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashhis qo‘yish imkoniyatlari katta bo‘lib bosh miya kompyuter va magnit-rezonans tomografiya tekshiruvlari nafaqat ushbu kasallikni aniqlash, ayni holda uning hajmi, bosh miyaning qaysi sohasida joylashganligi, miya tarkibiy qismlariga munosabatini, mo‘ljallanayotgan operatsiyaning texnik tomonlarini aniqlash, asoratlarini kamaytirish, oqibatlarini bashorat etish imkoniyatini yaratadi. Bosh miya exinokokkozlarini operatsiya qilish malakali neyroxirurglardan ham yuqori darajadagi professional hatti-harakatlarni talab etadiki, o‘tkazilayotgan operatsiya jarayonida mabodo yupqa, o‘ta nozik exinokokkoz pardasi yorilib ketsa yagona kista o‘rnida son-sanoqsiz exinokokkoz kistalari paydo bo‘ladi va aksariyat hollarda uning oqibati fojiali yakunlanishi mumkin. Bosh miya exinokokkozlaridan farqli o‘laroq, orqa miya exinokokkozi yashirin davrning qisqa bo‘lishi bilan xarakterlanadi, hatto uncha katta bo‘lmagan kista ham orqa miya bosilishini, harakat va sezgi buzilishlari (qo‘l va oyoqlar parez va paralichlari, chanoq a’zolari faoliyati o‘zgarishlarini keltirib chiqarishi mumkin. Orqa miya exinokokkozlari birlamchi (orqa miya va umurtqa pog‘onasining tishsimon moddasi kichik tomirlariga gematogen yo‘l bilan tushishi) va ikkilamchi (atrofdagi jarayondan kontakt yo‘li bilan o‘tishi yoki epidural klechatkada kista yorilishi natijasida umurtqa kanali strukturalariga qayta tushishi) bo‘ladi. Parazit faqat umurtqa tanasida joylashgan davrda kasallik uzoq vaqt simptomsiz kechadi. Parazit umurtqa tanasi va yoyining qanchalik darajada katta maydonini zararlashiga, orqa miya va uni qoplab turuvchi pardalar bosilish darajasiga qarab klinik simptomlar kuchayib boraveradi. Orqa miyaning exinokokkoz kistasi orqa miyaning bo‘yin sohasida joylashgan hollarda dastlab bemorning qo‘l va oyoqlarida va ko‘krak qafasida o‘rab oluvchi og‘riq paydo bo‘ladi. Keskin harakat, yo‘tal, aksa urish, ya’ni miya pardalari taranglashgan vaqtlarda og‘riq kuchayadi. Jarayon rivojlanishi natijasida umurtqa harakati chegaralanadi, kifoz, kifoskolioz kelib chiqadi. Exinokokk bilan zararlangan sohada umurtqa o‘tkir o‘simtalari og‘riqli bo‘ladi. Shu sohada bel to‘g‘ri mushaklari taranglashib qalinlashadi.

Davolash va profilaktika

Exinokokkoz kistasi ko‘krak va bel sohalarida joylashganda orqa miyaning bosilishi kuchayavergan sari oyoqlarda nimjonlik (paraparez) ham avj olaverishi mumkin. Ushbu kasallik orqa miya o‘smalari va sil kasalligi bilan differinsial diagnoz o‘tkazilishini taqozo etadi. Orqa miya exinokokkozlariga bosh miya exinokokkozlari singari anamnez, allergologik (Katsoni reaksiyasi), immunobiologik tekshirishlar natijalari, orqa miyaning kompyuter va magnit–rezonans tomografik tekshiruvlari natijalari inobatga olinib, so‘ng tashxis qo‘yiladi. Bosh va orqa miya exinokokkozlari xirurgik usulda davolanadi. Bosh miya exinokokkozlarining profilaktikasida ushbu kasallikka chalingan yovvoyi va daydi hayvonlar (bo‘ri, tulki, it, mushuk) bilan munosabatda bo‘ladigan uy hayvonlarini (it, mushuk) muntazam ravishda veterinariya tekshiruvlaridan o‘tkazib turish – ularning veterinar vrach nazoratida bo‘lishini ta’minlash, yosh bolalarning duch kelgan it va mushuklar bilan o‘ynashlarini taqiqlash, tegishli tekshirishlardan o‘tkazilmagan qoramol, qo‘y va echkilarning go‘shtlarini meyoriga yetkazib pishirib (uzoq muddat davomida qaynatib) iste’mol etish, har xil noxush asoratlarning oldini olish uchun esa kasallikning ilk alomatlari paydo bo‘lgandanoq, exinokokkoz kistasi kattalashib ketmasdan turib malakali neyroxirurgga murojaat qilishlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Amirqul SHODIYEV, Samarqand davlat tibbiyot instituti “Nevrologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya” kafedrasining dotsenti, tibbiyot fanlari doktori. "Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
Qizamiq yuqish yo‘llari, belgilari, davolash va oldini olish usullari
Qizamiq – bu o‘tkir yuqumli virusli kasallikdir. Qizamiq yer kurrasida eng keng tarqalgan infeksiya bo‘lib, toshma toshadigan va jiddiy asoratlar qoldiradigan yuqumli kasalliklarning eng tez yuqadiganidir. Agar qizamiq bo‘lmagan yoki emlanmagan kishi kasal odam bilan muomala qilsa, qizamiqning yuqish ehtimoli 100 foizga yaqinlashib qoladi. qizamiq kasalligi

Qizamiqqa chalinish mumkin bo‘lgan holat

Qizamiq 2,5 yashar bolalarga ham, kattalarga ham yuqadi. Biroq so‘nggi yillarda bu kasallikning o‘smirlar va kattalarda uchrashi keskin kuchaygan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda onalaridan o‘tgan tug‘ma immunitet bo‘ladi. Agar ona ilgari qizamiq bilan og‘rigan bo‘lsa va unda immunitet hosil bo‘lgan bo‘lsa, bola bir yoshga yetguncha, ayniqsa, ona sutini emayotgan bolalar ona immuniteti bilan himoyalangan bo‘ladi. Bunday bolalar qizamiqni oson o‘tkazadi va shundan so‘ng ularda qizamiqqa qarshi mustahkam immunitet hosil bo‘ladi.

Kasallanish mavsumi

Qizamiq ko‘pchilik hollarda dekabr-may oylari davomida uchraydi.

Qizamiq qanday yuqadi?

Qizamiq havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Qizamiqning virusi tashqi muhitga bemor kishi aksa urganda, yo‘talganda va so‘zlashganda yuqori nafas yo‘llaridan so‘lak tomchilari bilan birga chiqadi. Qizamiq virusi tashqi muhitda ikki soat davomida saqlanishi mumkin, shuning uchun u ikki soat avval bemor kishi o‘tirgan xonaga kirgan sog‘lom odamga ham yuqib qolishi mumkin. Qizamiqqa chalingan kishi toshma toshishidan 2-4 kun oldin yuqumli va kasallik o‘tkir kechadigan davri davomida infeksiya manbai bo‘lib qolaveradi. Inkubatsiya davri o‘rtacha ikki hafta davom etadi. Bu davr 7 kundan 28 kungacha davom etishi mumkin. Kasallikning 5-6 kuniga kelib, uning virusi og‘iz-halqum bo‘shlig‘idan qonga o‘tadi va organizmning barcha organlari va to‘qimalariga tarqaladi. Qizamiq virusi ko‘proq nafas olish tizimi, oshqozon va markaziy asab tizimi to‘qimalarini zararlaydi.

Kasallikning birinchi belgilari

Qizamiqning asoratlari

Qizamiqning eng xavfli jihati – uning asoratlaridir. Uning asoratlari qatoriga laringit (halqumning o‘tkir yallig‘lanishi), laringotraxeobronxit (nafas yo‘llarining infeksiyasi), pnevmoniya (o‘pkaning yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloqning yallig‘lanishi), tepki, bosh miyaning yallig‘lanishi (ensefalit), miokardit (yurak mushaklarining yallig‘lanishi) kiradi.

Qizamiqni davolash

Qadimda momolarimiz qizamik bo‘lgan odamga qizil ko‘ylak kiydirishgan va bu davoning bir turi ekaniga ishonishgan. Bugungi kunda ham mazkur irim saqlanib qolgan. Ammo zamonaviy tibbiyotda kasallikdan faqat o‘z vaqtida emlatish orqali himoyalanish mumkin, deb tavsiya qilinadi. Qizamiq bilan og‘rigan bemorlarning qorong‘iroq xonada tinch yotishlarini ta’minlash zarur (kon’yunktivitda o‘tkir yorug‘lik kuchli og‘riq beradi). Og‘iz choy sodasining eritmasi bilan chayqab turiladi, asoratlarning oldini olish uchun ko‘zlarga sulfasil va boshqa antibakterial tomchilar tomizib turiladi. Pnevmoniya yoki boshqa bakterial asoratlar rivojlangan taqdirda antibiotiklar qabul qilish tavsiya etiladi. Kasallikning oldini olish va davolash uchun katta dozalarda A vitaminidan foydalanish mumkin (faqat shifokor nazorati ostida!)

Qizamiqning oldini olish

Bugungi kunda qizamiqdan asorat qolmasligi va hatto o‘lim holatlari vujudga kelmasligi uchun ko‘pgina mamlakatlarda qizamiqqa qarshi majburiy profilaktik emlashlar joriy qilingan. Emlashdan so‘ng hatto kasallik yuqqan taqdirda ham u asoratsiz, yengil shaklda kechadi. Ma’lumot uchun,1963 yilda qizamiq vaksinasi ishlab chiqilgach, bu kasallik bilan og‘rigan va vafot etganlar soni yuz martaga kamaygan.

Madina Muhammadiyeva, jurnalist. Qalampir.uz

ico
Yozda bizni qaysi kasalliklar bezovta qiladi?
Issiq kunlar boshlanishi bilan o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining ko‘payishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Bu xastaliklarni turli mikroorganizmlar keltirib chiqaradi. Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning turiga qarab, bu xastaliklar ichburug‘, salmonellyoz, ich terlama, esherixioz, iyersinioz kabi nomlar bilan yuritiladi. Ushbu kasallik yoz oylarida ko‘proq uchrashiga bir qancha omillar sabab bo‘ladi. Avvalo, havo haroratining yuqori bo‘lishi, ayniqsa, yosh bolalar organizmida ma’lum immunologik o‘zgarishlar kuzatiladi. Shuningdek, himoya vositalari kuchsizlanishi, ya’ni ovqat hazm bo‘lishining susayishi, qaynatilmagan suvni iste’mol qilinishi oqibatida me’da shirasidagi muhim himoya vositasi hisoblanadigan xlorid kislota konsentratsiyasi pasayadi. Bu esa ushbu kasalliklarning tez rivojlanishiga zamin hozirlaydi. Ushbu dardning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan mikroblarning asosiy manbasi, shu xastalik bilan og‘rib o‘tgan yoki ayni damda bemor, shuningdek, bu kasallik bakteriyalarini tashuvchilaridir. Ularning najasi bilan mikroorganizmlar tashqi muhitga tarqaladi, atrof-muhit obyektlari (suv, kiyim-kechak, oziq-ovqatlar)ni ifloslantiradi. Yozda oziq-ovqatlar, ayniqsa, ular noto‘g‘ri joyda saqlangan bo‘lsa, bu mikroblar ko‘payishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Shuning uchun issiq joyda saqlangan oziq-ovqat mahsulotlarida mikroblar ko‘payib, uning buzilishiga sabab bo‘ladi. Bunday ovqatni iste’mol qilish kasallanishga olib keladi. Shuningdek, ayrim emizikli onalarning ozodalikka e’tibor bermasligi natijasida ham go‘dak xastalanadi. Qaysi mikrob qo‘zg‘atishidan qat’iy nazar kasalllikning asosiy belgilari to‘satdan ich buzilishi va qusish bilan kechadi. Ketma-ket qusish va ich o‘tishi oqibatida odam organizmi qisqa muddatda ko‘p miqdorda suv va mineral tuzlarni yo‘qotadi. Natijada bemor holsizlanadi, teri quruqlashib dag‘allashadi, og‘iz quriydi. Bu holat bolalarda ko‘proq namoyon bo‘lib, o‘ynab-kulib turgan bola 3-4 soat ichida butunlay majolsiz holga keladi. Odatda odamlar ushbu kasallikka yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlarni tanavvul qilganda, ho‘l mevalarni yuvmasdan iste’mol qilganda, ushbu kasallik bilan og‘rigan bemor bilan muloqotda bo‘lganda hamda bemorni yaxshi tozalanmagan idish-tovoqlaridan foydalanilganda, shuningdek, bolalar anhorlarda cho‘milgan paytlarida suv bilan mikroblarni yutib yuborganida kasallikni yuqtirishi mumkin. O‘tkir yuqumli me’da-ichak kasalliklarining tarqalishida pashshalar ham asosiy rol o‘ynaydi. Ular iflos joylarda tuxum qo‘yib, ko‘payib, kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarni oyoqlaridagi tuklariga ilashtirib oladi hamda oziq-ovqat mahsulotlari, suv va idish-tovoqqa qo‘nib, ularga mikroblarni tarqatadi. Agarda oila a’zolaringizdan birortasida qayt qilish, ich ketish, tana haroratining ko‘tarilishi kabi kasallik belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Chunki, kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzalroq. Shuning uchun o‘tkir yuqumli me’da-ichak kasalliklaridan saqlanishda birinchi galda ozodalikka, saranjom-sarishtalikka, ayniqsa, ovqatdan oldin va hojatxonadan chiqqach qo‘llarni albatta sovunlab yuvishga odatlanish lozim. Xonadonda, ishxonada, maktab va bolalar muassasalarida, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqariladigan korxonalarda, oshxonalarda tozalikka rioya qilish zarur. Tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini sovutgichlarda, boshqa mahsulotlarni esa pashsha, suvarak, sichqon va kalamush kabi mikrob tashuvchi hasharot va hayvonlar tegmaydigan joyda saqlash lozim. Ovqat qoldiqlarini o‘z vaqtida yig‘ishtirib, maxsus ajratilgan chiqindixonalarga olib borib tashlash kerak. Suvni faqat qaynatib ichishni unutmaslik muhim. Ishda, jamoat joylarida, uyda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish kerak. Shifokorlar gijja kasalligi kabi bu xastalikni ham “iflos qo‘llar kasalligi” deb bejiz aytishmagan. Bozorlardan ho‘l mevalarni xarid qilayotganingizda uning tozaligini bilmasdan tatib ko‘rishdan saqlaning. Cho‘milayotgan joyingizda suvning tozaligiga jiddiy e’tibor berish kerak. Yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlarni yoki salatlarni iste’mol qilmang. Sovutgichlarni toza tutish, undagi mahsulotlarni o‘z vaqtida iste’mol qilish va uni tez-tez yangilab turmoq darkor. Idish-tovoqlarni yuvgandan so‘ng qaynagan suvda chayish kerak. So‘ngra ularning ustini doka bilan yopib qo‘ying. Kasalxonaga borganda bemor yaqin kishingiz bo‘lsa-da, undan masofa saqlang. Yosh chaqaloqlarni ovqatlantirishda sun’iy ozuqani bolaga yetarli qilib tayyorlab bering hamda uni uzoq saqlamang. Atrof-muhitni, xonadon hamda hojatxona va aholi umumiy foydalanadigan joylarni doimo ozoda bo‘lishini ta’minlash kerak. Qayd etilgan taklif va mulohazalar ko‘pchilikka ma’lum. Agar yuqorida aytib o‘tilgan fikrlarga amal qilsangiz, o‘tkir yuqumli me’da-ichak kasalliklari va uning og‘ir asoratlaridan yiroq bo‘lasiz va oila a’zolaringiz salomatligini mustahkamlashda o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.

© Omon MIRTAZAYEV, Toshkent tibbiyot akademiyasi “Epidemiologiya” kafedrasi professori. Soglom.uz

ico
Odamni kana chaqsa, qanday kasallik yuqishi mumkin?
Qrim-Kongo gemorragik isitmasini virus qo‘zg‘atadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. Kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollar virus manbalaridir. Kasallik asosan cho‘l hududlarida faoliyat yurituvchi kasb egalari (cho‘pon, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar juni qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlar)da uchraydi. Kasallik asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq. Gemorragik isitma 20-60 yoshdagi erkaklarda ko‘proq (80 foiz) uchraydi. Kasallikning yana bir xavfli tomoni shuki, bemorning qoni orqali ham (gemokontakt yo‘l bilan) sog‘lom odamga yuqadi. Respublikamizning juda kata maydoni gemorragik isitma bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanib, bugungi kunda ushbu hududlarda kasallik tarqoq holatlarda (sporadik) uchrab turadi. Ushbu kasallik virus bilan zararlangan kanalarning tarqalishiga bog‘liq bo‘lib, tabiiy o‘choqli bo‘lmagan hududlarda ham uchrashi mumkin. Bundan tashqari, ushbu kasallikning respublikamiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfi ham mavjud. Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2-3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi. Kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi (39-40°C), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi, badanning sovuqqotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, inyeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlari ham qayd etiladi. Kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin. Bunda badanda toshmalar toshmaydi, qontalashlar kuzatilmaydi, a’zolardan qon ketmaydi, kasallik asosan isitma va intoksikatsiya alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonlarida epidemiyaga qarshi talablarga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga kasallik yuqishi mumkin. Gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi. Badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak. Agar yosh bolaga kana yopishgan bo‘lsa, kattalardan biri kanani ehtiyotkorlik bilan olishi mumkin. Zinhor kanani himoyalanmagan qo‘llar bilan olib tashlamaslik kerak. Dastlab kana yopishgan joyga 2-3 tomchi o‘simlik yog‘i tomizib, 10-15 daqiqa kutiladi, shundan so‘ng qo‘llarga rezina qo‘lqop kiyib, pinset yoki ip yordamida sekin-asta teriga yopishgan kana olinadi. Kana olingan joyga paxtali tayoqcha yordamida yod surtiladi va ustiga bakteritsid plastir yopishtiriladi. Olingan kana pensillin flakoniga solinib, og‘zi tiqin bilan bekitiladi va flakondagi kana yoqib tashlanadi. Qo‘llarga kiyilgan rezina qo‘lqoplar yechilmasdan turib 70°C li etil spirti bilan ishlov berilib, so‘ngra yechiladi va yoqib yuboriladi. Kana chaqishdan ehtiyot bo‘lish maqsadida teri yuzasi imkon qadar kiyimlar bilan bekitilish kerak. Kana ko‘pincha oyoqlar orqali kirishini inobatga olib, shim pochalari mahkam bog‘lanishi kerak. Biror kishini kana chaqsa, yoki badaniga kana yopishganini ko‘rsa, qo‘llari kana qoni bilan ifloslansa, shuningdek isitmasi chiqqan, burundan, milklardan, oshqozon-ichaklardan, bachadondan qon ketgan bemorlarga yordam ko‘rsatsa, bemorning qoni teri va shilliq qavatlariga tekkan bo‘lsa, unda yordam ko‘rsatgan odam ham tibbiyot muassasasiga murojaat etishi shart! Kanalarni qo‘l bilan ezib va qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalarni, o‘smirlarni va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik, shuningdek, qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlaridan (qo‘lqop, yeng va poychalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etikdan) foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish kasallikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘xshash maqola: Qrim-Kongo gemorragik isitmasi

© Bahrom ALMATOV, Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi. "Sihat-salomatlik" jurnali.