4.3
(143)

Ko‘pchilik odamlarga teri qichishishi doimiy muammodir. Qichishishning aniq sabablarini topish esa ancha qiyin masala.
Teri qichishishiga sabab toshmalar yoki teridagi boshqa bir patologiyalar bo‘lishi mumkin. Bu ba’zida muhim bo‘lgan a’zolar patologik holatlarida ham kuzatilishi mumkin, masalan jigar yoki buyrak kasalliklarida. Qichishishdan qutulish uchun qaysi a’zoda qanday muammo bo‘layotganligini bilish muhimdir.

Teri qichishi sabablari

Teri organizm hayotida himoya vazifasini bajaradi, ichki muhitni tashqi muhitdan ajratib, muvozanatni saqlab turadi. Teri o‘zida maxsus immun tizimi hujayralari bilan to‘lgan, ular organizmni virus, bakteriya va boshqa ko‘zga ko‘rinmas muammolardan himoya qiladi. Teri hujayralari har qanday shubhali moddalarni aniqlaydi, va ular bilan reaksiyaga kirishib mahalliy maydonni yallig‘laydi. Bu yallig‘lanish esa toshma yoki dermatitlar deyiladi va qichishishga olib keladi.

teri qichishishi

Foto: pt.nextews.com

Organizmdagi har qanday infeksiya yoki barcha kasalliklarda immun hujayralari teri ushlab qolgan moddalarga nisbatan reaksiya beradi. Ba’zi toshmalar qizil, og‘riqli va qo‘zg‘atuvchili bo‘ladi, shu bilan birga ular teri yuzasida chuqurchalar yoki bo‘rtib chiqadigan o‘zgarishlar hosil qiladi.

Qichishishi bu ko‘pchilik teri shikoyatlarida yuzaga keladigan asosiy simptomlardan biridir. Qichish butun tana bo‘ylab yoki ma’lum bir maydonda kuzatilishi mumkin. Quyida qichishishning ayrim sabablari haqida to‘xtalamiz.

Teri qurishi

Teri qurishi qichishish sabablarining eng ko‘p uchraydigan turidir. Agar inson terisida hech qanday qizarish, chuqurcha yoki bo‘rtiqlarni ko‘rmasa, teri qurishi qichishishning asosiy sababidir. Quruq teri har qanday yoshdagi insonlarda uchraydi, ammo ko‘pincha yoshi qarilarda ko‘proq uchraydi, chunki ularning terisi yupqa va quruqlashgan bo‘ladi.

Yaxshi yumshatuvchi va namlantiruvchi muolajalar terining normal holatga qaytishiga yordam beradi. Terining haddan ortiq qurishi dermatitlarning belgisi ham bo‘lishi mumkin. Insonlar dermatolog huzurida bo‘lishlari, qurishning oldini olishlari va davo muolajalari qilishlari kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Husnbuzar (ugri) chiqishi sabablari va davolash usullari

Quruq terining umumiy belgi va simptomlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • qo‘pol, bo‘rtib chiqqan va qichishishli teri;
  • haddan ortiq qichishish;
  • teri rangi to‘q insonlarda rang ochlashishi va oqarishi;
  • teridagi yoriqlar qonashga moyil bo‘lsa;
  • yorilgan lablar.

Teridagi har qanday yoriqlarni yo‘qotish juda ham muhim, chunki ular mikroorganizmlar kirishi uchun “ochiq darvoza”dir. Qizil, og‘riqli toshmalar ko‘pincha infeksiyaning erta belgisidir. Teri mutaxassisi, dermatolog sizga bunday hollarda yumshatuvchi va namlovchi preparatlarni aniq tavsiya qilishda yordam beradi.

Ekzema

Ekzema yoki atopik dermatit bolalar orasida qichishishga sabab bo‘luvchi eng ko‘p uchraydigan patologiyadir. The American College of Allergy, Asthma and Immunology olimlarining aniqlashicha, ekzema bolalar orasida 5 ga 1 nisbatda, kattalar orasida esa 50 ga 1 nisbatda uchraydi. Bu terining mahalliy qismlarida qurishiga, qo‘zg‘alishiga va yallig‘lanishiga olib keladi.

teridagi toshmalar

Foto: babypibu.com

Terining namligi juda ham muhim omildir. Ekzema vaqtlar o‘tib rivojlanadi. Ekzemasi bor insonlar ehtiyotkor bo‘lishlari muhim, chunki ularning terisi infeksiyalarga juda beriluvchan bo‘ladi. Bu esa terining himoya xususiyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin.

Allergiya

Allergiya va bezovtalangan teri reaksiyasi ham qichishishga sabab bo‘lishi mumkin. Kontakt allergik dermatit teri bilan allergen kontaktda bo‘lganda yuzaga chiqadi. Allergiyaning terida ko‘rinishi qizil, qichigan kichik bo‘rtiqchalar paydo bo‘lishi bilan ko‘rinadi. Qichishish allergenning teri bilan kontaktidan so‘ng, immun hujayralari tomonidan kurashish boshlanganda sodir bo‘ladi. Ba’zida allergen bilan teri kontakda bo‘lganda qichishish darrov emas, balki ma’lum vaqt o‘tgach ham yuzaga keladi.

Allergik reaksiya ba’zi kiyimlarni, hayvonlarni, kimyoviy moddalarni, sovunlarni va zaharli moddalar yoki kosmetik jihozlarni ushlaganda yuzaga kelishini ham unutmaslik lozim. Ovqatga bo‘lgan allergiya ham terida qichishish bilan yuzaga kelishi mumkin.

Nikel buyumlari (nerjaveyka) ham ba’zida qichishga olib keladi. Insonlar nikel qoplangan idish buyumlar, taqinchoqlar taqqanda toshma yuzaga chiqib, u qizil, bo‘rtib chiqqan, qichishishli va shishgan bo‘lishi mumkin. Agar inson o‘zida qaysi moddaga allergiyasi borligini bilsa, ular bilan kontakda bo‘lmaslik lozim. Shunda siz qichishishdan qutulishingiz mumkin. Eng muhimi, agar siz o‘zingizdagi qichishishni bevosita allergiya bilan bog‘liq deb, shubhalanayotgan bo‘lsangiz, darhol, allergolog, dermatologdan maslahat olishingizni tavsiya etamiz.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Papillomalar paydo bo'lish sababi, turlari va davolash

Eshakemi (qavarchiq)

Eshakemi teridagi yallig‘lanish bilan kechuvchi autoimmun-allergik kasallik. Uni organizmdagi gistamin degan, modda chaqiradi. Bunda teridagi mayda qon tomirlar yorilishi natijasida qizil toshmalar teri yuzasi bo‘ylab tosha boshlaydi.

Eshakemining ikki xil ko‘rinishi bor. Eshakemining o‘tkir turi ovqat yoki dori preparatlari bilan kontakt bo‘lganda darhol yuzaga chiqadi. Noallergik sabablar esa issiq yoki sovuq ob havo, quyosh nurlari, ba’zida jismoniy mashq ham bo‘lishi mumkin.

Surunkali turini spetsifik qo‘zg‘atuvchi chaqirmasligi tufayli allergik testlar yordam bermasligi mumkin. Ular oylab, yillab davom etadi. Eshakemi qichishish va og‘riq chaqirgani bilan u yuqumli emas.

Qichishishning boshqa sabablari

Qichishishga ba’zi parazitlar ham sabab bo‘ladi, masalan ostritsa (oddiy gijja), hasharotlardan to‘shak qandalasi, pashshalar, bitlar. zamburug‘li kasalliklar ham butun teri yuzasi bo‘ylab, ayniqsa, oyoqlarda qichishga sabab bo‘ladi.

Qichishish ayrim hollarda jiddiy kasalliklarda ham kuzatiladi. Masalan, qandli diabetlarning asab patologiyalarida, bundan tashqari, surunkali buyrak kasalliklarida “buyrak qichimasi” kelib chiqarishi mumkin. Buyrak patologiyalarida toksik moddalarni buyraklar organizmdan filtrlay olmaydi va terida qichishish kuzatiladi. Uremiya bilan qichishish ko‘pincha tunda sodir bo‘ladi va tananing orqa qismiga, qo‘llarga va qorin teri sohalariga ta’sir etadi.

Teri qichishishini uy sharoitida davolash

Foto: drnumb.com

  • Terini yumshatuvchi va namlovchi kremlardan foydalanish, kamida 2 yoki 3 marta bir kunda;
  • Antigistamin, retseptsiz beriladigan gidrokortizon kremlarini qichishayotgan sohaga surish (Qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmagan holatlarda, tegishli mutaxassis bilan maslahatlashishingiz zarur);
  • Mahalliy teri qismiga salqin, nam kompress qilish;
  • Iliq suvda vanna qabul qilish;
  • Bo‘yoqlarsiz va konservantlarsiz sovun, sodalarni ishlatish;
  • Allergiya qo‘zg‘ovchi moddalar bilan kontakda bo‘lmaslik (jun, nikel kabilar).

Teri qichigan vaqtda eng muhim tavsiyalardan biri, tanani qashimaslikdir. Tanani qashlash yallig‘lanishning chuqurlashishiga va terining jarohatlanishiga olib keladi.

Teri qichishishini davolash

Agar yuqoridagi muolajalar va yumshatuvchi kremlar yordam bermasa, albatta, malakali shifokor huzuriga borishingiz zarur, ular asl muammoni aniqlaydi va maqsadli davolaydilar. Davolash rejasi shifokor tomonidan qishish sababiga qarab belgilanadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qo’tir - sababi, yuqish yo'llari, alomatlari, tashxislash va davolash

Ekzema, dermatit yoki eshakemi (qavarchiq): ushbu kasalliklarda davo maqsadida kortikosteroidlar (gormonal yallig‘lanish vositalari) qo‘llaniladi, kalsiy saqlovchi preparatlar ichish ham yordam berishi mumkin.

Allergiyalar: antigistamin preparatlarni parenteral ichish tavsiya qilinadi.

Zamburug‘li infeksiyalar (lishay): zamburug‘ga qarshi preparatlar kremlar va gellar ko‘rinishida foyda beradi. qo‘shimcha sifatida parenteral preparatlar ham tavsiya etiladi.

Hasharotlar va parazitlarda: antigistamin preparatlar ichish, tanani berkitish (kiyimlar kiyish), pashshaxonalar qilish, hashorotlarni yo‘q qilish tavsiya qilinadi.

Psoriazi bor insonlar yoki buyrak patologiyalari borlar dori preparatlaridan qochish, ularni ortiqcha iste’mol qilmasliklari uchun yorug‘lik terapiyasi (fototerapiya) muolajalarini o‘tkazishlari ham mumkin. Bu davo quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’sirida qichishishning bartaraf etishiga asoslangan.

© Brian Wu, shifokor. PhD.
MedicalNewsToday.com
Avitsenna.uz