4.1
(14)

Ekzemaning paydo bo‘lishiga endokrin bezlar faoliyatining buzilishi, qandli diabet, surunkali gastrit, o‘pka sili, doimiy qabziyat, buyrak, o‘t pufagi va jigar kasalliklari turtki beradi. Ayollarda hayz ko‘rish davri, homiladorlik, bola emizish va klimaks jarayonida ekzemaga moyillik kuzatiladi, deya «Sihat-salomatlik» gazetasida ma’lumot beradi tibbiyot fanlari doktori Ulug‘bek Sobirov.

Organizmda moddalar almashinuvi buzilganda, ba’zi oziq-ovqatlar  (tuxum, shokolad, ikra, kolbasa mahsulotlari, qulupnay, turli konservalar)ni iste’mol qilganda yoki birorta dori-darmon ichganda ham ekzema paydo bo‘lishi mumkin. Ekzema aksariyat hollarda boshning sochli qismi, qo‘l-oyoqlar, quloq suprasi, jinsiy a’zolar, ko‘krak bezi yoki qo‘ltiq, orqa chiqaruv teshigi atrofida yuzaga keladi. Ekzema kamdan-kam hollarda butun tanaga tarqaladi.

KASALLIK BOSQICHLARI

Kechishiga ko‘ra ekzema bir qancha (masalan, eritematoz, tugunchali, pufakchali, eroziyali, suvchiraydigan, qatqaloqli, qipiqlanadigan) bosqichlarda uchraydi.
Eritematoz bosqichda teri yuzasida alohida-alohida qizil dog‘lar ko‘rinadi, bir qancha vaqtdan keyin bir-biriga qo‘shilib, qizargan joylarni hosil qiladi. Bu dog‘lar yuza qon tomirlarining kengayishi natijasida paydo bo‘ladi.
Tugunchali bosqichda to‘g‘nog‘ich boshidan to no‘xatdek keladigan hajmda  qizil rangli tugunchalar yuzaga keladi. Pufakchali bosqich boshlanayotganini tiniq suyuqlik bilan  to‘lgan pufakchalardan bilish mumkin. Pufakchalar ustida yupqa qobiq bo‘ladi. Ekzema qichib, bemor qashingach, pufakchalar yoriladi, shundan so‘ng eroziyali bosqich boshlanadi.
Eroziyalar bir-biriga juda tez qo‘shilib, qip-qizil tusga kiradi. Ulardan tiniq seroz suyuqlik ajraladi, zararlangan yuza suvchirab turadi. Natijada suvchirash bosqichi paydo bo‘lib, uzoq vaqt davom etadi. Bu davrda teri qichishi biroz kamayadi. Dori-darmon qabul qilingach, suvchirash to‘xtaydi, eroziyalar epiteliy bilan qoplanib, usti qora qo‘tir bo‘ladi.
Qatqaloqlanish bosqichi boshlanayotganda, teri tortishib, og‘riydi. Bir necha kundan so‘ng qatqaloq yo‘qolib, teri ko‘kish-qo‘ng‘ir tusga kiradi. Qipiqlanish bosqichida zararlangan teri qipiqlanadi, davolashdan keyin ekzema o‘rnida qo‘ng‘ir dog‘ qolib, asta-sekin yo‘qola boradi.
Kasallik o‘tkir kechganda gavdaning ochiq qismi (masalan, qo‘l-oyoqlar, yuz, quloq suprasi) zararlanadi. Davolangandan keyin o‘tkir ekzema belgilari butkul yo‘qolib, bemor sog‘ayib ketishi mumkin. Davo yaxshi samara bermagan hollarda, kasallikning o‘tkir turi surunkalisiga aylanadi.
Surunkali ekzemada  zararlangan joylar terisi dag‘al, zich bo‘ladi, qo‘ng‘ir-ko‘kish rangdagi burmachalar ko‘zga tashlanadi va mayda tangachalar bilan qoplanadi. Surunkali ekzema bilan og‘riganlar doimiy qichishishdan azob chekishadi, tinmay qashinish oqibatida esa terida qon, seroz, ba’zan yiringli qatqaloq paydo bo‘ladi. Ekzema bilan og‘rigan bemorning terisi o‘ta sezgirdir, har qanday ta’sirdan kasallik zo‘rayaveradi. O‘z vaqtida to‘g‘ri davo qilinganda surunkali ekzema asta-sekin yo‘qolib, bemor sog‘aya boradi. Dard qaytalamasligi uchun bemor o‘zini ehtiyotlashi  va gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishlari kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Yuzingiz parvarishiga jadval tayyorladik

UCHTA MUHIM TURI BOR

Ekzemaning uchta turi farqlanadi. Bular (kasbga aloqador ekzema, mikroblar qo‘zg‘atadigan va seboreyali) ekzemalardir.
Kasbga aloqador ekzema ko‘pincha kimyo sanoatida ishlovchilarda kuzatiladi. Chunki ular har xil gazlar, bug‘lar, kukunsimon moddalar, moylar, bo‘yoqlar ta’siridan aziyat chekadi. Ba’zan bu dard juda issiq xonalarda ishlash yoki yuvish vositalari (xlorli ohak, xloramin)ni ko‘p ishlatish oqibatida ham paydo bo‘ladi.
Kishi mehnat qilish jarayonida ehtiyot choralarini unutib qo‘yganda kasbga aloqador ekzema qo‘zg‘alib, terida dermatitga o‘xshash holat yuzaga keladi. Kasbga aloqador ekzema bemor ish joyini o‘zgartirguncha qadar tez-tez qaytalab turadi. Shunday ekan, kasallikning bu turiga duchor bo‘lgan bemorlar ish joyini o‘zgartirishi va shifokorlar nazoratida  davolanishlari lozim. Bordi-yu ma’lum vaqtdan so‘ng bemor sog‘ayib, yana o‘z ish joyiga qaytsa, ekzema kimyoviy modda ta’sirida yana qo‘zg‘alishi mumkin.
Mikroblar qo‘zg‘atuvchi ekzemani stafilokokklar, streptokokklar keltirib chiqaradi. Shuning uchun u infeksiya tushgan jarohat, chipqon, yara, oqmalar atrofida vujudga keladi. Ekzemaning mikroblar qo‘zg‘atuvchi turida  zararlangan soha atrofi yiringlagan bo‘ladi. Bunda mikrobga qarshi davo choralarini ko‘rish kerak.
Ta’kidlash kerakki, mikrob ko‘zg‘atadigan ekzema, dastlab hech qanday belgisiz kechadi. Keyinchalik qizarish tananing boshqa joylariga tarqaladi. Kasallik o‘chog‘i esa yallig‘lanib, to‘q-qizg‘ish rangi bilan ajralib turadi. Qizargan joylar yiringlab, ostidagi teri yaltiroq tus oladi. Ekzemaning bu turida kasallik o‘chog‘i atrofidagi yiringli qatqaloq qichishib, goh kuchayadi, goh susayadi.
Seboreyali ekzema birdaniga paydo bo‘lmaydi. Aslida, teridagi yog‘ bezlaridan ortiqcha yog‘ ajralganda, seboreya kasalligi yuzaga keladi. Agar seboreyaga ekzema qo‘shilsa, nerv tizimi faoliyati buziladi va organizmning sezgirligi ortib ketadi. Oqibatda seboreyali ekzema paydo bo‘ladi, boshning sochli qismini qazg‘oq bosadi, yupqa, nozik, oson ko‘chadigan tangachalar ko‘payadi. Keyin asta-sekin soch to‘kila boshlaydi. Bosh terisi sarg‘ish oq mayda tangachalar bilan qoplanadi. Keyin usti sarg‘ish po‘stloq bilan qoplangan katta-kichik sarg‘imtir qizil dog‘lar yuzaga kelishi mumkin.
Ba’zi hollarda yuz, lunj, quloq, suprasi, terining boshqa qismlari zararlanadi. Teri qizarib ketadi, suvchiraydi, sariq qatqaloq bo‘lib qoladi. Seboreyali ekzemaning atrofga yoyilib ketgan turida zararlangan joy terisi yallig‘lanadi, qalin tortadi, kamdan-kam hollarda suvchiraydi, ba’zan qonli yoki sarg‘ish qalin po‘stloq bilan qoplanadi. Kasallikning bu turiga ham odatdagi ekzema kabi davo qilinadi. Ekzemaning barcha turida ham to‘liq muolaja olish talab etiladi. Eng avvalo, kasallikni paydo qilgan sabablar o‘rganiladi. Barcha dori-darmon faqat shifokor ruxsati bilan ishlatilishi shart. Ekzema qaytalamasligi uchun bemorlar tuzalib ketganlaridan so‘ng ham o‘zlarini ehtiyot qilishlari lozim.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Quloqni paxtali tampon bilan tozalash zararlimi?

ZARUR MASLAHATLAR

  • Sutli mahsulot, o‘simlik yog‘ida pishirilgan taomlar iste’mol qilgan ma’qul. Tuxum, go‘sht, shokolad, kolbasa mahsulotlarini cheklangan miqdorda yeyish kerak.
  • Kakao va qahvani kamroq iching. Tuzlangan baliq, marinad qilingan pomidor, bodring, karamni ozroq yeng. Spirtli ichimlikning har qanday turi qat’iyan man etiladi.
  • Zo‘riqib ishlamaslik, kuniga kamida sakkiz soat uxlash lozim. Jismoniy mashqlar va yengil badan tarbiya sog‘ayishni tezlashtiradi.
  • Sovqotishdan saqlaning. Toza havoda ko‘proq sayr qiling. Yuqumli infeksion kasalliklar (ayniqsa, gripp) uzoq muddat cho‘zilishining oldini oling.
  • Teridagi tirnalish  va boshqa ochiq jarohatlarga mikrob tushishiga yo‘l qo‘ymang. Agar ekzema o‘tkir turda bo‘lmasa, bemor har 3-4 kunda cho‘milib turishi lozim. Davolanayotgan vaqtda asablarning buzilmasligiga harakat qiling. Chunki asabiylikda dardning tuzalishi qiyinlashadi.

Bemor sog‘ayib ketishi mumkin, lekin qachondir dardning qaytalash ehtimoli ham yo‘q emas. Shuning uchun ham bemorlar doimiy ravishda dermotolog nazoratida bo‘lishlari lozim. Yana shuni unutmaslik kerakki, teri shikastlanishi bilan bog‘liq  har xil kasalliklar (ya’ni pushti rang temiratki, seboreya, venalarning varikoz kengayishi, orqa chiqaruv teshigi atrofining qichishishi, dermatit, dermotomiozit, teri po‘st tashlashi, saramas singari)ni o‘z vaqtida aniqlab, to‘g‘ri davo qilish kerak. Aks holda, ular cho‘zilib ketib, ekzema paydo bo‘lishiga imkon yaratadi.