4.2
(63)

Homila shakllanishi va rivojlanishida hamda sog‘-omon dunyoga kelishida ichki sekresiya bezlarining faoliyati muhim ahamiyatga ega. Afsuski, hozir endokrin kasalliklar (ichki sekresiya bezlar kasalliklari) keng tarqalgan va homiladorlikning kechish jarayoniga ko‘pincha salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qalqonsimon bez

Endokrin kasalliklar ichida birinchi

Endokrin kasalliklarning anchagina qismini qalqonsimon bez xastaliklari tashkil qilib, bunda asosan yod tanqisligi yetakchi o‘rin tutadi. Yod tanqisligi o‘rta va og‘ir bo‘lgan hududlarda (yurtimiz ham bunday hududlar qatoriga kiradi) meyoridan kam miqdorda yod iste’mol qilinishi homilador ayollarda qalqonsimon bez kattalashishiga va yoyma zaharsiz buqoq rivojlanishiga olib keladi.

Qalqonsimon bez kasalliklarining homila rivojiga ta’siri

Homila qalqonsimon bezining faoliyati mutlaq onadan qorindagi bolaga o‘tadigan yod miqdoriga bog‘liq. Homilador ona organizmiga yetarli miqdorda yod tushmasligi homila tanasida yod tanqisligini vujudga keltiradi. Bu esa homilada ham keyinchalik buqoq paydo bo‘lishiga olib keladi. Homilada va neonatal davrda gipotireoz yuzaga kelishi tufayli tug‘ilgan bola aqliy va jismoniy jihatdan nuqsonli (endemik kretinizm) bo‘lishi mumkin.

Yoyma zaharsiz buqoqning oldini olish uchun

Yod tanqisligi mavjud hududlarda yoyma zaharsiz buqoqning oldini olish va davolash uchun bir kecha-kunduzda 150-200 mkg hisobida yod qabul qilish tavsiya etiladi. Ya’ni, har kuni bir tabletkadan «Yodomarin -200» yoki «Yodbalans-200» preparatlari qabul qilish buyuriladi.

Bu preparatlar odatda buqoqning kattalashishini to‘xtatadi, ba’zi hollarda uni kichiklashtiradi. Ayol homilador bo‘lguniga qadar unda katta buqoq kuzatilsa va homiladorlikning boshlang‘ich davrlarida buqoq tez kattalashayotgan bo‘lsa yodni qalqonsimon bez gormonlari bilan birga qabul qilish maqsadga muvofikdir. Buning uchun har kuni 50-100 mkg L-tiroksin qabul qilish bilan birga «Yodomarin-200» yoki «Yodbalans-200 dorilarini bir tabletkadan qo‘llash tavsiya etiladi. Bu muolaja homilador ayolda qalqonsimon bezning meyoriy faoliyatini tiklashga imkon beradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Xolesterin me’yori

Yoyma zaharli buqoq

Qalqonsimon bez kasalliklarida, uning faoliyati buzilishi bez gormonlarining meyoridan ortiq (gipertireoz) yoki kam (gipotireoz) ishlab chiqilishi bilan ifodalanadi. Modda almashinuvining gipertireoz holati bilan kechadigan kasalliklar orasida yoyma zaharli buqoq uchrab turadi.

Yoyma zaharli buqoq qalqonsimon bez gormonlarining meyoridan ortiqcha ishlab chiqarilishi va qalqonsimon bezning hajmi ham bir tekisda kattalashishi bilan kechadigan kasallikdir. Nasliy omillar va autoimmun jarayonlar kasallikning kelib chiqishida ishtirok etadi. Xastalik ko‘proq 20-50 yoshli ayollarda uchraydi. Jismoniy va ruhiy zo‘riqishlar ham kasallikning ro‘yobga chiqishiga sharoit tug‘diradi.

Yoyma zaharli buqoq kasalligining asosiy belgilari

Kasallikning asosiy belgilari (bemorning ozib, vaznini yo‘qotishi, ruhiy bezovtalik, xotirjamlikni yo‘qotish, asabiylashish, yurakning doimo tez urishi, teri nam va issiq bo‘lishi, oldinga cho‘zilgan qo‘l barmoqlarida mayda titroqlar kuzatilishi, ko‘z soqqasining chaqchayib turishi — ekzoftalm) aniq namoyon bo‘lgan hollarda zaharli buqoq tashxisini qo‘yish qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Agar kasallikning belgilari sust yuzaga chiqqan bo‘lsa, tashhis qo‘yish qiyinlashishi mumkin. Kasallik borligini tasdiqlash uchun qalqonsimon bez gormonlari — erkin tiroksin (er T4) va erkin uch yodtironin (er T3) larning hamda tireotrop (TTG) gormonning miqdori aniqlanadi. Yoyma zaharli buqokda gormonlar (er T3, er T4) ning miqdori meyoridan ortiq, TTGning miqdori esa kamaygan bo‘ladi.

Homilador ayollarda qalqonsimon bezning gormonal faoliyatini aniqlashda ko‘p uchraydigan holatlardan biri umumiy tiroksin (um T4) va umumiy uch yodtironinning (um T3) qondagi miqdorini aniqlashdir.

Homilador ayollar qonidagi oqsillarni qalqonsimon bez gormonlari bilan bog‘lanish xususiyatining ortishi homilador ayol qonida um T3 va um T4 mikdorini ko‘paytiradi. Ammo qalqonsimon bez gormonlarining oqsillar bilan bog‘langan shakllari gormonal ta’sir ko‘rsatmaganligi uchun ularning umumiy miqdori ortishi homilador ayollarda tireotoksikoz borligiga asos bo‘lmaydi. Buning uchun qalqonsimon bez gormonlarining ta’sirchan shakllari (ya’ni er T3 va er T4)ning mikdori ortgan bo‘lishi kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qorinni yo‘qotmoqchimisiz?

Bepushtlik ham kuzatilishi mumkin

Zaharli buqoqning yengil va o‘rtacha turiga chalingan ayollarning taxminan 3 foizi homilador bo‘lishlari mumkin. Kasallik og‘ir kechganda bepushtlik kuzatiladi. Modda almashinuvida gipertireozga chalingan ayollarning homilador bo‘lishi qiyin kechadi va ko‘proq homiladorlik davrida zaharli buqoq uchraydi.
Yoyma zaharli buqoq yaxshi davolanmasa homiladorlikning kechishini og‘irlashtiradi, ayniqsa homiladorlik jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ayniqsa erta toksikozlar og‘ir kechadi, bola tushishi yoki barvaqt tug‘ilishi ehtimoli ortadi, tireotoksikoz krizi xavfi kuchayadi. Homilada va tug‘ilgan chaqalokda rivojlanishning tug‘ma nuqsonlari (gidro- va mikrotsefaliya, gipospadiya, kriptorxizm, kindik chov churrasi, yumshoq tanglay nuqsoni, Daun kasalligi) ro‘y berishi mumkin.

Gormonlar tanqis bo‘lsa…

Qalqonsimon bez gormonlarining yetishmasligi natijasida gipotireoz kasalligi vujudga keladi. Gipotireozning ko‘p (90-95%) qismini birlamchi gipotireoz tashkil qiladi va tireoidit, qalqonsimon bez rezeksiyasi, radioaktiv yod bilan davolash, o‘sma va boshqalar bunga sabab bo‘ladi. Gipotireozda homiladorlik kam uchraydi, chunki qalqonsimon bez gormonlarining tanqisligi nasl berish va ko‘payishga javobgar ichki a’zolarning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tuxumdonlarda primordial follikulalar yetilishi sekinlashadi, ovulyatsiya jarayoni buziladi, sariq tana rivojlanishi susayadi.

Xotiraning susayishi, atrofdagi hodisalarga qiziqishning kamayishi, holsizlik, terining quruq va och sariq rangda bo‘lishi, tana vaznining ortishi, yuz va ko‘z qovoqlarining shishishi, tilning kattalashishi, nutqning noaniq bo‘lishi, hayz tartibining izdan chiqishi gipotireozning asosiy belgilaridir. Homilador ayollarda birlamchi gipotireoz ko‘pincha surunkali autoimmun tireoidit yoki diffuz toksik buqoq va boshqa xil buqoqlar jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangandan so‘ng yuzaga keladi.

Autoimmun tireoidit

Surunkali autoimmun tireoiditda kuzatiladigan gipotireoz odatda homiladorlikdan avval aniqlanadi. Ammo autoimmun tireoiditning boshlanishi ba’zi hollarda homiladorlik davriga to‘g‘ri keladi. Autoimmun tireoiditni homiladorlikning erta davrlarida aniqlash uchun qalqonsimon bez faoliyatida buzilish borligi shubha qilingan homilador ayollar qonidagi autoimmun tanachalarni aniqlash tavsiya etiladi. Gipotireoz tashxisini tasdiqlash uchun qon zardobida TTG, T3 va erkin T4miqdori aniqlanadi. Birlamchi gipotireozda TTG ning qon zardobidagi mikdori meyoridan (1-3 mkg/l) ortadi, T4va T3 kam bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homilador ayollar uchun gimnastika

Homiladorlik va gipotireoz

Gipotireozga chalingan ayollarda homiladorlik og‘ir kechadi. Ularda homiladorlikning toksikozlari, kamqonlik, bola tushish hollari ko‘p uchraydi. Shuningdek, tug‘ruq harakatlarining sust bo‘lishi, qon ketish ehtimoli ortadi. Gipotireoz homila tuzilishida salbiy ta’sir ko‘rsatib, ko‘pincha uning bosh miyasi hamda skeleti rivojlanishida patologik o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘ladi. Ayol gipotireozga chalingan davrda yaxshi davolanmasdan homilador bo‘lsa, garang, soqov, keyinchalik aqliy rivojlanishi orqada qoladigan esi past, skelet taraqqiyotida tug‘ma nuqsonlari bor bolalar tug‘ilishi ehtimoli ortadi.

Gipotireoz muolajasi yetishmagan qalqonsimon bez gormonlarini tashqaridan berib turish orqali amalga oshiriladi. Bemorga kuniga bir marta, ertalab 25 mkg tiroksin qabul qilish buyuriladi. Tiroksin miqdori har hafta ko‘tarilib, kasallikning og‘ir-yengilligiga qarab bir kecha-kunduzda 150-200 mkg ga yetkaziladi. Homiladorlikning oxirigacha tiroksin shu miqdorda berib turiladi. Ayol ko‘zi yoriganidan so‘ng uning ahvoliga qarab tiroksin miqdori (dozasi) o‘zgartiriladi. Tiroksin bilan davolash ayollarning emizikli davrida ham davom ettiriladi.

© Barno SHOG‘AZATOVA,
endokrinolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.