Sog‘lom yashash uchun…

Kishi uzluksiz mehnat tufayli doimiy toliqishni his etsa, ahvoli havas qilgudek bo‘lmaydi. Buning oldini olmoq uchun bir qancha profilaktik choralarni qo‘llashi kerak. Masalan kundalik tartibga qat’iy rioya etish, ya’ni o‘z vaqtida ovqatlanish, uxlash, me’yorida jismoniy harakat qilish foyda beradi.

Maslahat shuki, ochiq havoda piyoda sayr qiling, suv muolajalaridan foydalaning (har kuni dush yoki vanna qabul qiling yoki basseynda suzing). Taomlar oqsilga boy bo‘lsin, shifobaxsh o‘tlardan tayyorlangan damlamalarni ichib turing. Sut mahsulotlari, ko‘proq meva-sabzavot iste’mol qilish organizmga quvvat beradi, qabziyatga yo‘l qo‘ymaydi, ichaklarni tozalashga yordamlashadi.

Soglom yashash uchun

Ruhiy iztiroblar va stresslar ham kishi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ko‘plab xastaliklarni keltirib chiqarishi ma’lum. Shuning uchun kishi hayoti davomida psixoprofilaktika bilan shug‘ullanib turishi kerak. Ko‘ngilsiz muammolar bo‘lganda aslo yolg‘iz qolmaslikka harakat qiling. Sizga xayrixoh bo‘lgan inson bilan muammolaringiz haqida o‘rtoqlashing. Suhbatdoshingiz maslahatlari garchi unchalik katta ahamiyatga ega bo‘lmasa-da uning chin ko‘ngildan sizga yordam ko‘rsatishga intilishi, xayrixohligi muhimdir. Bunday suhbatdosh o‘rtog‘ingiz, otangiz, onangiz, yaqin do‘stingiz yoki umuman notanish inson, yo‘lovchi hamrohingiz bo‘lishi mumkin.

Muammolar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, uy yumushlari yoki xizmatdagi ishlar bilan shug‘ullanib o‘zingizni biroz chalg‘iting. Hech qachon atrofingizdagilarga yomon kayfiyatingizni sezdirmang, aql bilan ish yuriting, jahlga erk bermang. Yaxshisi bunday vaqtda sukut saqlang va vaziyatni yaxshilab o‘rganib chiqing. Shunda siz yana boshqa ko‘ngilsizliklarning oldini olasiz. Jismoniy mehnat yoki biror jismoniy mashq bilan shug‘ullaning, chunki jismonan toliqish jahldan tushishda yordam beradi.

Uyqu buzilishi kishi organizmi faoliyatiga yomon ta’sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, avvalo, uyqu buzilishi sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish lozim. Uyqu buzilishini davolashda kundalik rejimga, sog‘lom turmush tarziga rioya qilmoq zarur. Kechki ovqatlanish soat 18-19 lardan oshmasligi, asab tizimini qo‘zg‘atuvchi qahva, quyuq damlangan qora choy ichmaslik kerak (ko‘k choy ichish mumkin). Uyqudan avval toza havoda sayr qilish, teleekranda vahimali kinofilmlar ko‘rmaslik, albatta mobil telefonni o‘chirib qo‘yish darkor.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Jon Gebriel usulida parhezsiz ozish

Ko‘pchilik ertalab dush qabul qilsa kun bo‘yi bardam yuradi, ayrimlar esa kechqurun yotishdan oldin iliq vannaga tushsa miriqib uxlaydi, dori-darmon ichishga zarurat qolmaydi. Bir choyqoshiqda asal qo‘shilgan qaynoq sut ichib yotish ham uyquni yaxshilaydi.

Turmush o‘rtog‘ingiz, oiladagilar va do‘stlaringiz sizni tanqid qilishsa, ularni o‘zgartirishga urinmang, xato qilasiz. Insonlarni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qiling. O‘zgalarning ishlariga aralashmang. Insonlarning faqat yaxshi xislatlarini eslang va suhbat davomida aynan shu tomonlariga ahamiyat bering. Maqtov so‘zlarini aytishga o‘rganing, chunki iliq va samimiy gaplar hammaga ma’qul keladi.

Siz doimo tetik va sog‘lom ko‘rinishni istasangiz qaddingizni baland tuting, yon-atrofdagilarga kulib qarang, oldinda yaxshi kunlar ko‘pligiga ishoning. Unutmangki, har gal uyqudan oldin hayotingizdagi eng shirin onlarni eslang, bu kayfiyat soz bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Og‘ir yuk ko‘targanda nimalarga ahamiyat berish kerak?

© Sunnatullo TOLIPOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi, shifokor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.

Close