Yaqin kunlar ichida kutilayotgan Ramazon oyi kirib keladi. Ramazon oyida ro‘zadorlikka ruhan, hamda organizmni jismoniy jihatdan tayyorlab borib, bir oy davomida maksimal foyda olish va organizmni charchab qolishdan saqlanish kerak. Xo‘sh, Ramazon oyiga organizmni qanday tayyorlash kerak?

Organizmni tozalang

Hozirdanoq organizmni ro‘zadorlikka moslashtirib boring, sog‘lom ovqatlanish, diyetaga rioya qiling. Bu organizmdagi “shlak”lardan tozalashingizga yordam beradi. Ko‘proq meva, sabzavot, ko‘katlar, yong‘oq iste’mol qiling, organizmni vitaminlar bilan boyitib boring. Yaxshi uyqu va sport bilan shug‘ullanishni ham unutmang. Yog‘li, sho‘r, achchiq ovqatlardan bir oz muddatga saqlaning, masalan, fast-foodlardan. Oshqozon tizimini zo‘riqtirmang, chunki u sizga “bir oy” davomida kerak bo‘ladi.

Kofe ichishni kamaytiring

Agar siz kofe ichishga mukkasidan ketgan bo‘lsangiz, kofe ichishni hozirdanoq kamaytiring. Shunda siz Ramazon oyining birinchi kunlarida bosh og‘rishidan xalos bo‘lishingiz mumkin. Organizmingizni kofeindan xalos bo‘lishga o‘rgatib boring. Albatta, achchiq qora choy ichishni ham kamaytiring, yaxshisi ko‘k choy ichib turganingiz ma’qul.

Ko‘proq suv iching

Suv, suv va yana suv! Suvning organizmga qanday foydali jihatlari borligi haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Shunchaki o‘zingizga odat qilib oling, kun davomida kamida 2 litr suv hozirdan ichishni boshlang. Shunda siz turli xil muammolardan qutilishingiz mumkin, masalan, hazm qilish tizimi tomonidan, bosh og‘rishi kabi.

Ko‘p ovqatlanmang

Ko‘p ovqatlanmaslikni hozirdanoq odat tusiga kirgizing. Ramazon oyidan oldin ko‘p ovqatlanish, ro‘zadorlik paytida ham ovqatlanish istagini chaqiradi va og‘iz yopiq paytida qiyinchilik tug‘diradi.

Nonushta qiling

Kunlik nonushta qilishni unutmang. Bu organizmni erta saharlik paytida ovqatlanishga moslashtiradi.

Zararli odatlardan voz keching

Ramazon oyidan maksimum foyda olish uchun organizmni zararli odatlardan voz kechgan holda tayyorlab boring. Spirtli ichimliklar iste’mol qilish, chekishni to‘xtating. Bundan tashqari asablarni zo‘riqtiruvchi, charchatuvchi ishlarni keyinroqqa qoldiring. Bunday holatlar nafaqat inson ruhiyatiga, balki organizmning jismoniy holatiga ham zararli ta’sir etadi.

Ro‘za tutishni mashq qilib ko‘ring

Oldindan ro‘za tutishni mashq qilib, organizmni bir oylik ro‘zadorlikka moslashtirib boring. Shunda organizm Ramazonning 1 kunlaridanoq osongina moslashadi.

Yaxshi uyqu

Uyquning normadaligi inson ruhiyati va jismoniy holatiga ta’sir qiladi. Vaqtliroq uyquga ketishga harakat qiling. Shunda siz saharlikka turishga qiynalmaysiz. Iloji bo‘lsa, kunning ikkinchi yarimida biroz mizg‘ib oling.

Ovqatlanish tartibini tuzib oling

To‘g‘ri ovqatlanish inson hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lgan jarayondir. Ramazon oyida ham ro‘zadorlar uchun ovqatlanish tartibi muhim hisoblanib, bunda organizmda kechadigan moddalar almashinuvi, ovqatlanish tartibi va uyqu rejimining o‘zgarishi uchun organizm adaptatsiya qilishi zarur. Ayniqsa, bahor, yoz oylarida tunning qisqa, kun esa uzoq bo‘lganligi sababli organizm ochlik hissini sezib, insonga energiya yetishmay qoladi. Bu holatni to‘ldirish uchun saharlikda ovqatlanish ratsioniga e’tibor qaratish zarur. Saharlikda tuz iste’mol qilishni kamaytirish kerak, chunki tuz kun davomida chanqoqlik hissini oshirib yuboradi. Ovqat ratsioni tarkibida ko‘plab oqsil saqlovchi mahsulotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Masalan, tuxum, pishloq, sut va sut mahsulotlari. Organizmning suvsizlanishini inobatga olib, saharlik paytida oddiy suv ichishdan ko‘ra turli xil sok, kompot, tarvuz suvi kabi suyuqliklar qabul qilgan yaxshiroq. Agar siz Ramazon oyi tugagandan keyin qisqa muddat ichida semirib ketishni xohlamasangiz shu davrning o‘zida ovqatlanish tartibingizni to‘g‘irlab olishingiz kerak. Saharlik qilmaslik va saharlikdan so‘ng darhol uyquga ketish ham tavsiya qilinmaydi. Iftorlik vaqtida suv yoki bir bo‘lak meva bilan og‘iz ochgan yaxshiroq. So‘ngra yengil hazm bo‘ladigan salatlar yoki suyuq ovqat iste’mol qilish kerak. Organizmni yog‘li, tuzli mahsulotlar bilan zo‘riqtirib qo‘yish yaramaydi. Ovqatlarni birin-ketin to‘xtamasdan yeyish kerak emas, yaxshisi har bir ovqat oldidan qisqa 5-10 daqiqalik tanaffus oling. Bu esa ovqat hazm qilish organlarining moslashib borishi va bo‘kib qolishidan himoya qiladi. Ovqatlarni yaxshi chaynab yutish tavsiya qilinadi. Iftorlik vaqtida xamirdan tayyorlangan mahsulotlar, shirinliklar, yog‘li qovurilgan mahsulotlar iste’mol qilmaganingiz yaxshiroq. Agar desert yeyishni istasangiz mevalar iste’mol qiling.

Shifokor bilan maslahatlashing

Ramazon oyida o‘z shifokoringiz bilan maslahatlashib organizmni qanday qilib ro‘zadorlikka tayyorlash haqida tavsiyalar oling, bunda ayniqsa, diyetolog-gastroenterologlar tavsiyalari muhim hisoblanadi.

Sport bilan shug‘ullaning

Sport bilan shug‘ullanishni hozirdanoq boshlang. Sport organizmni tetik va kuchli saqlaydi. Bu esa Ramazon oyida kerak bo‘ladigan energiya bilan ta’minlaydi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Sog‘lom ovqatlanishning asosiy qoidalari