Sil kasalligi

MAQOLALAR

ico
Sil nasldan naslga o'tadimi?

Sil – asrlar davomida insoniyatga ma’lum bo‘lgan yuqumli xastalik. Qadimda sil nasldan - naslga o‘tuvchi irsiy kasallik deb hisoblangan. U odamdan-odamga havo-tomchi yo‘li orqali yuqishini hech kim bilmagan. Sharqning mashhur allomasi, tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino o‘zining «Tib qonunlari» ilmiy asarida silning tashqi omillar ta’sirida yuqishi mumkinligi haqida fikr bildirgan. Sil mikobakteriyalari mavjud bo‘lgan havodan nafas olgan kishining immuniteti past bo‘lsa xastalikni yuqtiradi. Xastalikka chalingan odam organizmida sil mikobakteriyalari uzoq vaqt mobaynida «mudroq» holda bo‘lishi mumkin. Bunda kishining o‘zi sog‘lom bo‘lib, atrofidagilarni bu infeksiya bilan zararlamaydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi uzoq yillar davomida inson organizmida, «karaxt» holatda yashashi mumkin. Agarda organizmda sil qo‘zg‘atuvchisi faol bo‘lib qolsa, u ko‘payishni boshlaydi va kasallik rivojlanadi. Bu jarayon sil mikobakteriyalari zararlangan kishi sog‘lom bo‘lmasa, unda organizmning himoyalovchi tizimi sust bo‘lsagina ro‘y beradi. Sil qo‘zg‘atuvchisi qon yoki limfa suyuqligi bilan barcha organizm to‘qimalari bo‘ylab tarqaladi. Ushbu qo‘zg‘atuvchi o‘rnashib olib, ko‘payishni boshlagan joyda esa sil kasalligi rivojlanadi. Odatda butun umri davomida, sil bilan zararlangan kishilarning faqatgina o‘n nafaridan ziyodi kasallanadi. O‘pka sili bilan xastalangan bemorning oila a’zolari va u bilan yaqin muloqotda bo‘ladigan odamlarda mikobakteriyani yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘ladi. Bu ayniqsa, kasal kishi davolanmaganida va shaxsiy gigiyenaga rioya qilmaganida juda ham tez yuqadi. Ayniqsa, OIV, qandli diabet va boshqa og‘ir xastaliklar tufayli organizmning immuniteti past bo‘lsa sil kasalligiga moyilligi yanada kuchayadi. Sil qo‘zg‘atuvchisini yuqtirgan kishilarda xastalikning rivojlanishiga noqulay moddiy va maishiy sharoitlar, og‘ir ruhiy zo‘riqishlar (stress), zararli odatlar (spirtli ichimliklarni ichish, kashandalik, giyohvand moddalarni iste’mol qilish) natijasida organizmning surunkali zaharlanishi sabab bo‘ladi. Kasallik belgilari shikastlangan a’zoga va kasallikning tarqalganligi, hamda og‘irligiga bog‘liqdir. O‘pka silida xastalikning asosiy belgisi yo‘tal bo‘lib, u uzoq vaqt davom etadi (2-3 haftadan ortiqroq) hamda bunda balg‘am ajralishi, ayrim hollarda esa qon tupurish, ko‘krak qafasidagi og‘riq, harsillash kuzatilishi mumkin. Suyak va mushak silida esa og‘riq, harakatlarning cheklanganligi, shishlarning paydo bo‘lishi va mushaklar deformatsiyasi ko‘zga tashlanadi. Buyrak silida og‘riq belda va siydik chiqarishda kuzatiladi. Bosh miya pardalari silida kuchli bosh og‘rig‘i kuzatilib, bunda hech qanday dori - darmon yordam bermaydi. Keyinchalik esa taom iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan ko‘ngil aynishi, qusish vujudga keladi. Yuqoridagi belgilardan tashqari sil qo‘zg‘atuvchisining organizmda ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lgan belgilar kasallik jarayonining og‘irligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni, tana haroratining ko‘tarilishi, tunda, hattoki sovuq havoda ham ko‘p terlash, ishtaha pasayib, vazn yo‘qotish, doimiy charchoq va ta’sirchanlik sil xastaligiga chalingan bemorlarda kuzatiladigan kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi. Har birimizning sog‘ligimiz o‘z qo‘limizda ekan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilib, o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tib turishimiz lozim.

ico
Sil kasalligiga chalingan shaxslarning qonundagi majburiyatlari qanday?
Qonunchilikda aholini sil kasalligidan muhofaza qilish, umuman ushbu xastalikka chalingan bemorlarning haq-huquqlari va imtiyozlari nimalardan iborat? Xabaringiz bor, 2001 yilning 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasining «Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingan. Uning 5-moddasida aholini sil kasalligidan muhofaza qilishning huquqiy asoslari belgilangan. Ya’ni, aholini sil kasalligidan muhofaza qilishga oid profilaktika tadbirlari, tibbiy ko‘riklar o‘tkazish va aholini sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida, shuningdek, davlat sog‘-liqni saqlash tizimining boshqa muassasalarida davolash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liq-ni saqlash vazirligi belgilangan tartibda majburiy tarzda VSS bilan chaqaloqlarni vaksinatsiya va bolalarni revaksinatsiya qilish hamda tuberkulin yordamida tashxis qo‘yishni amalga oshiradi. Vazirlik majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yohud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxs-larning bajarishi ijozat etilmaydigan ishlar ro‘yxatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlaydi. Ro‘yxatda ko‘rsatilgan ishlarni bajarishi ijozat etilgan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan va bakterioskopik, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan davriylikda rentgen-flyuorografiya tekshiruvidan o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Sil kasalligining yuqumli shakllariga chalingan bemorlarning yotoqxonalarga ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bemorning yashash, ish, o‘qish joylarida (epidemiya o‘choqlarida) epidemiyaga qarshi va sog‘lomlashtirish tadbirlari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Undan tashqari, sil kasalligiga chalingan shaxslarning majburiyatlari qonunning 12-moddasida belgilab qo‘yilgan. Jumladan, sil kasalligiga chalingan bemorlar:
  • Jamoat joylarida, ish, o‘qish joyida, jamoat transportidan foydalanishda, shuningdek yashash joylarida shu toifadagi bemorlar uchun belgilangan sanitariya normalari va qoidalariga rioya etishga.
  • Tibbiyot xodimining davolanish rejimiga, kundalik turmush va ishdagi yurish-turishiga doir tavsiyalarini bajarishga;
  • Tibbiyot xodimining chaqiruviga muvofiq sil kasalligiga qarshi kurash muassasasiga kelishga;
  • Turar joyi o‘zgargan taqdirda o‘n kunlik muddat ichida yangi joydagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida hisobga turishga majburdirlar.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan va shifokor belgilagan davolanishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar, deb yozib qo‘yilgan.

© silning-davosi-bor.uz

ico
Sil yuqishidan saqlanish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Kasallikning rivojlanishi organizmning immuniteti, ya’ni kasallikka qarshi kurashuvchanligiga bog‘liq. Sil bakteriyalarini yuqtirgan odamlarning barchasida ham kasallik rivojlanmaydi. OITS xastaligida, giyohvandlik, kashandalik, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, vaqtida dam olmaslik, me’yorida ovqatlanmaslik natijasida insonning kasallikka qarshi kurashuvchanlik xususiyatlari susayadi va sil kasalligi rivojlanishiga qulay sharoit tug‘iladi. Sil yuqishidan saqlanish Silga chalingan bemor bilan bir umr birga yashaganda ham bu kasallik yuqmagan holatlar ko‘p uchraydi. Bunda organizmni kuchli immunitet asrab qoladi. Immunitet kuchli bo‘lishi uchun esa sport bilan shug‘ullanish, servitamin ovqatlar iste’mol qilish lozim. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bemor bilan bir umr birga yashaganda ham sil yuqmasligi mumkin. Buning uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, organizm immunitetining tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Kitob varaqlaganda va pul sanaganda esa barmoqni «yalash» aslo noto‘g‘ri. Aks holda, nafaqat sil, balki boshqa yuqumli kasalliklar ham yuqmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Qolaversa, bunday mashg‘ulotlardan keyin qo‘lni yaxshilab sovunlab yuvish tavsiya etiladi. Tibbiyot sohasi rivoji yuqori pog‘onalarga ko‘tarilgan bugungi kunda respublikamizda boshqa epidemiologik xastaliklar bilan bir qatorda sil profilaktikasi, uni o‘z vaqtida tashxislash hamda davolashga katta e’tibor qaratilayotir. Ftiziatr shifokorlar bu xastalikni davolashda Gippokrat qasamyodiga sodiq holda mas’uliyat bilan faoliyat ko‘rsatishi, bemorlar esa ularning shartlariga amal qilishi zarur.
ico
Bolalarda sil kasalligi qanday kechadi?
Bolalar sili ham kattalardagi kabi Kox tayoqchalari ta’sirida rivojlanishiga qaramay, klinik manzarasi kattalardan farq qiladi. Bolalarda, asosan, birlamchi silning klinik alomatlari ro‘yobga chiqadi. Bola organizmidagi o‘sish jarayonida ro‘y beradigan anatomik-fiziologik o‘zgarishlar, sil kasalligining o‘ziga xos klinik manzarasiga olib keladi. Ko‘pincha, bolalar silida, bola organizmining umumiy zaharlanish belgilari lokal o‘zgarishlardan ustun turadi. bolalarda sil kasalligi Birlamchi silning klinik manzarasiga yaqin o‘rtada kuzatilgan sil sinamasiga sezgirlik paydo bo‘lishi, albatta limfa tizimini qamrab olishi, ko‘proq bronx va seroz pardalarning patologiyada ishtiroki, organizmda o‘ta ta’sirchanlik (gipersen-sibilizatsiya) belgilari rivojlanishi natijasida butun organizmga tarqalishiga moyillik (gematogen, bronxogen, limfogen yo‘llar orqali), paraspetsifik reaksiyalar (keratokon’yuktivit, tugunli eritema, skrofuloderma), o‘pka va limfa tugunlaridagi sil jarayoni o‘zgarishida kazeoz hosil bo‘lishi va uning keyinchalik ohaklanishi (kalsinat) kabi o‘zgarishlar xos. Ko‘pchilik bolalar va o‘smirlarda birlamchi sil Mantu sinamasi natijasi bo‘yicha topiladi, chunki bolada silga xos klinik belgilar faqat 6,7% holatda ro‘yobga chiqadi, boshqa hollarda belgilarsiz kechadi. Lekin birlamchi silning dastlabki davri klinik belgilarsiz kechishiga qaramay, immunitetning T va V tizimida ancha-muncha o‘zgarishlar kuzatiladi, bu esa, o‘z navbatida, bola organizmida sil kasalligi rivojlanishining oldini olish uchun kimyoviy profilaktika o‘tkazishni taqozo qiladi. Hozirgi vaqtda, bolalardagi sil jarayoni, BSJ vaksinasi bilan emlash, qayta emlashni majburan keng qo‘llash tufayli, silning tarqalgan (milliar sil, sil meningiti, kazeoz zotiljam) turlari juda kam uchraydigan bo‘lib qoldi, ko‘proq limfa tizimi zararlanadi, xolos.

Bolalar sili diagnostikasi

Sil manzarasining o‘zgarishi (patomorfozi), bolalar sili diagnozini qiyinlashtiradi, ya’ni tomografiya,
KT, zonografiya asosidagina ko‘krak ichi limfa tugunlaridagi kichik o‘zgarishlarni aniqlash mumkin. Biroq keyingi yillarda kuzatilgan sil epidemiologiyasidagi salbiy o‘zgarishlar, bolalardagi sil jarayoni asoratli kechishining klinik belgilari paydo bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Birlamchi sil asoratlariga infeksion-allergik, perifokal plevrit, bronxlar zararlanishiga bog‘liq (segment, bo‘laklarni qamragan atelektaz) o‘zgarishlar kiradi. [su_quote]Umuman, bolalar sili kechishi epidemiologik holatga, bola organizmidagi fiziologik o‘zgarishlarga va nihoyat makroorga-nizmning immunbiologik xususiyatiga bog‘liq. Shu tufayli, sil diagnostikasida bolaning oiladagi sharoitlari, ota-onasida sil bor-yo‘qligi (muloqotda yashash), sil sinamasiga sezgirlik va yillar davomida uning o‘zgarishi, BSJ vaksinasi bilan emlash sifati, qo‘shimcha boshqa kasalliklarning mavjudligi, fiziologik kechish jarayoni alomatlaridagi o‘zgarishlar katta ahamiyatga ega.[/su_quote] Hozirgi davrda bolalar sili, ko‘pincha, sil bemorlar bilan birga yashaydigan, oilaviy sharoiti yomon va BSJ vaksinasi bilan sifatsiz emlangan, sil bilan zararlangan, surunkali kasalliklar natijasida immunologik xususiyatlari susaygan, akseleratsiya belgilari mavjud bolalarda ko‘proq rivojlanishi tasdiqlangan.

© "Sil kasalligi"  milliy qo‘llanma. Silning-davosi-bor.uz

ico
Tashxis: sil kasalligi!

O‘tmishda sil kasalligi bilan kasallangan inson moliyaviy ahvoli va yoshiga qaramay, hayotdan ko‘z yumardi. Bugun esa bu kasallik o‘tmishdagi kabi qo‘rqinchli emas. Tibbiyot sohasida erishilayotgan barcha yutuqlarga qaramay, uni sezmay qolish mumkin, yo‘qotish qiyin, unutishning esa iloji yo‘q. “Layfxaker” sil kasalligi haqidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Sil - nima?

Sil kasalligi — bu havo-tomchi infeksiyasi. U ko‘pincha o‘pkaga ziyon yetkazadi, lekin boshqa organlar: suyaklar, teri, ichakka ham “hujum” qilishi mumkin. Kasallikning yuzaga kelishiga Mycobacterium tuberculosis bakteriyalari sababchidir. Ular muayyan sohalarda yallig‘lanishni keltirib chiqaradi, natijada to‘qimalarda tugunlar va nekroz o‘choqlari (ya’ni o‘lik to‘qimalar) hosil bo‘ladi. Ular tufayli organlar normal ishlay olmaydi, organizm esa umumiy intoksikatsiya bilan javob qaytaradi.

Agar immunitet yoki dori-darmonlar kasallikni vaqtida to‘xtatmasa, inson hayotdan ko‘z yumishi ham mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) ko‘ra, sil kasalligi butun dunyoda keng tarqalgan o‘lim sabablari o‘nligiga kiradi.

Sil kasalligi qanday va qayerda yuqishi mumkin?

Infeksiyaning asosiy o‘chog‘i — bemor kishilar. Shunday bo‘lsa-da, kasallikning jonivorlardan yuqish ehtimoli ham mavjud.

Atrofda kasallar qancha ko‘p bo‘lsa, infeksiyani yuqtirish xavfi shuncha yuqori bo‘ladi.

Yirik shaharlarda jamoat joylarida bunday bemorlarga to‘qnash kelish kelish hech gap emas.

Bemorlarning aksariyatida kasallikning yopiq shakli uchraydi, ya’ni bakteriyalar organizmni kemirib boradi, lekin atrof-muhitga ajralmaydi.

Silning ochiq shakli esa atrofdagilar uchun (bemorlarning o‘zi uchun ham) juda xavfli hisoblanadi, shuning uchun uni shifoxonada davolash zarur. Silning ochiq shaklidan aziyat chekuvchi kishilar bilan uzoq vaqt muloqotda bo‘lish - katta xavf.

Sil kasalligiga duchor bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan joylar - odamlar yaxshi ovqatlanmay, gigiyenaga rioya qilmaydigan tor, sovuq, zax inshootlar. Bu - nafaqat qamoqxonalar, balki shaharlardagi ko‘p qavatli uylarda ham shunday sharoitda yashaydiganlar talaygina.

Atrofda bemorlar ko‘p bo‘lsa, kasallik yuqishi muqarrormi?

Yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, infeksiya yuqishi - bu hali kasallik emas. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi kishida Mycobacterium tuberculosis bo‘lar ekan, lekin mikroblar har doim ham o‘zini namoyon qilmaydi. Silning organizmda bakteriya yashovchi faol shakli bilan kasallanish imkoni - 10 foiz.

Kimlar xavf guruhida?

Noqulay sharoitlarda yashovchi hamda immuniteti past kishilar. Bunday shart-sharoitlarda sil yashirin shakldan faol shaklga o‘tadi. Xavf guruhida:

1. Silning ochiq shakli bilan kasallangan bemorlarning qarindoshlari. Sabab — bakteriyalar bilan ko‘p aloqada bo‘lish.

2. Bolalar, keksalar, surunkali kasallikka yo‘liqqan kishilar. Ularning immuniteti kasallikning rivojlanishiga qarshilik qiladigan darajada kuchli bo‘lmasligi mumkin.

3. OIV-infeksiyali kishilar. Ularda kasallikning faol shakli mustahkam immunitetli kishilarga nisbatan 20-30 barobar tez rivojlanadi.

Sil kasalligi rivojlanayotgan mamlakatlarda, to‘laqonli ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bo‘lmagan joylarda keng tarqalgan.

To‘g‘ri ovqatlanish va sport silga qarshilik qilishga yordam beradi.

Silni qanday bilish mumkin?

Sil kasalligini tashxislash qiyin, chunki uni erta bosqichlarda nafas yo‘li kasalliklarining birortasi bilan adashtirish hech gap emas.

Erta bosqichdagi sil kasalligining belgilari:

1. Harorat 37–37,5 °C'gacha ko‘tariladi, yengil istimalash.

2. Holsizlik, tez charchash: hech nimaga kuch qolmaydi.

3. Vazn yo‘qotish. Bemor ishtahasiz bo‘ladi, sababsiz oza boshlaydi. Bolalardagi o‘sishning sekinlashishi ham sil belgisi bo‘lishi mumkin.

4. Kuchli terlash, ayniqsa tunda.

5. Ko‘krak qafasida og‘riq turishi.

6. Haftalab ketmaydigan yo‘tal. Kasallik avj olganda balg‘amda qon ko‘rinadi.

Sil kasalligi belgilari asta-sekinlik bilan rivojlanadi, ularning barchasi bo‘lishi shart emas. Shuning uchun ham bolalarga mantu qilinadi, kattalar esa flyuorografiyadan o‘tishi kerak bo‘ladi. Bu hatto kasallik o‘zini namoyon qilmaganda ham, uni aniqlash imkonini beradi.

Sildan qanday himoyalanish mumkin?

Infeksiyalardan himoyalanishning ikki usuli mavjud:

1. Nomaxsus - bu har qanday infeksiya profilaktikasida yordam beradigan usul. Sog‘lom hayot tarzi, odatiy gigena qoidalari, qulay yashash sharoiti. Hammaga odat bo‘lib ulgurgan uyga kirishingiz bilan qo‘llarni yuvish, xonalarni shamollatish, badantarbiya qilish va qomatni saqlash.

2. Maxsus - bu muayyan kasallik profilaktikasiga qaratilgan usul. Masalan, biror kasallikka qarshi emlash.

Emlash yordam beradimi?

100 foiz emas! Silga qarshi BSJ vaksinasi mavjud. U infeksiya yuqishidan himoya qilmaydi, lekin murakkab holatlarga qarshilik qilishda yordam beradi. Xususan, u sil meningitining rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq sil kasalligi bilan kurashda hujayra immuniteti muhim ahamiyatga ega, unga esa emlanishning aloqasi yo‘q.

BSJ vaksinasi kasallikning eng og‘ir shakllari bilan og‘rimaslik va salbiy asoratlarni chetlab o‘tishga yordam beradi.

Bu juda muhim, chunki silni har doim ham asoratlar rivojigacha davolab bo‘lmaydi. 2015 yilda dunyoning deyarli yarim million aholisida sil kasalligi qayd etilgan, ularga mashhur dori vositalarining aksariyati yordam bera olmaydi. Bakteriyalarning qarshiligi oshgan sari kasallik ko‘payaveradi. Bunday holatlarda emlash - og‘ir vaziyatlarning oldini oluvchi eng yaxshi usul.

Unda Mantuning nima keragi bor?

Mantu reaksiyasi - bu organizmda sil kasalligining qo‘zg‘atuvchi bormi yoki yo‘q, bor bo‘lsa, jim yotibdimi yoki tashuvchisini kemirishni boshlaganmi - shuni ko‘rsatib beruvchi test sinovi.

Aniq tashxis qo‘yish uchun rentgenografiya yoki kompyuter tomografiyasidan o‘tish, bakteriyalarni aniqlash uchun tahlillar topshirish kerak bo‘ladi.

Sil aniqlansa, nima qilish kerak?

Alabatta, davolanish kerak, chunki bugungi kunda sil - hukm emas. Kasallik haqida ma’lumotga ega bo‘lish va bu haqida yaqinlarni xabardor etish, chunki bundan buyon siz - kasallik manbai bo‘lib, uni boshqa odamlarga yuqtirishingiz mumkin. Ehtimol, yaqinlaringiz orasida silga chalinganu bundan o‘zining ham xabari yo‘q kishilar bordir, zero hamma ham kasallikning belgilariga e’tibor qilavermaydi. O‘z vaqtida shifokorlar ko‘rigidan o‘tib turish kasallikni erta bosqichlarida aniqlash va uni osonlikcha bartaraf etish imkonini beradi.

© Kun.uz nashri.

ico
Mantu sinamasi nima uchun o‘tkaziladi?
- O‘g‘lim 12 yoshda. Kuni kecha “Ertaga bizga mantu sinamasini qilishar ekan”, deb keldi. Aytingchi, bu amaliyot nima uchun o‘tkaziladi? Qarshi ko‘rsatmalar mavjudmi? [caption id="attachment_10520" align="aligncenter" width="484"]mantu sinamasi Foto: topzine.cz[/caption] - Mantu sinamasi organizmning sil tayoqchasiga nisbatan reaksiyasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Ushbu sinama zararsizlantirilgan sil kasalligi qo‘zg‘atuvchisi, ya’ni tuberkulinning teri ostiga yuborilishi bilan amalga oshiriladi. Zararsizlantirilgan qo‘zg‘atuvchi organizmga yuborilgach, o‘g‘lingizning immuniteti qo‘zg‘atuvchiga nisbatan reaksiya bildiradi. Inson immuniteti u yoki bu mikroorganizmga reaksiya bildirishi uchun u bilan “tanish” bo‘lishi kerak. Infeksion kasallik bilan og‘rigan organizmda ushbu qo‘zg‘atuvchiga nisbatan himoya qatlami paydo bo‘ladi. O‘sha inson yana shu kasallik bilan qayta to‘qnash kelsa, immunitet uni “tanib” qoladi va unga qarshi kurashadi. Qarabsizki, kishi shu kasallik bilan qayta kasallanmaydi. Agar sil infeksiyalari o‘g‘lingizning organizmiga tanish bo‘lsa, maxsus immun, ya’ni himoya hujayralar unga qarshi hujumga o‘tadi va terida mahalliy yallig‘lanishni paydo qiladi.

Mantu sinamasi qanday o‘tqaziladi?

Ilgari mantu sinamasi zararlangan teri sohasiga qilinar edi. Keyinchalik Mantaux (Mantauks) ismli fransuz olimi sinamani teri ostiga qilishni taklif etadi. Shu tariqa sinama nomi ham uni o‘ylab topgan inson sharafiga “mantu” deb atala boshlandi. Maxsus shprisga tuberkulin suyuqligi tortiladi va bilakning ichki yuzasi teri ostiga inyeksiya qilinadi.
Inyeksiya qilingan joyni ishqalash, qichish, sovuq suv tekkizish yoki spirt, odekolon kabi suyuqliklar bilan ishlov berish mumkin emas.

Mantu sinamasi necha yoshgacha qilinadi?

[caption id="attachment_10519" align="aligncenter" width="699"]mantu sinamasi Foto: Silning-davosi-bor.uz[/caption] Ushbu sinama bir yoshdan 15 yoshgacha har yili qilinadi.

Qarshi ko‘rsatmalar mavjudmi?

Quyidagi holatlar sinama natijasining yanglish chiqishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun boladagi mavjud kasalliklar mazkur amaliyotni o‘tkazishga to‘sqinlik qilishi mumkin:
  • o‘tkir infeksion kasallik bilan og‘riyotgan bo‘lsa (gripp, zotiljam kabi);
  • allergiya mavjud bo‘lsa (ayniqsa, bronxial astmada);
  • teri kasalliklarida.
Yuqoridagi holatlar o‘tib ketgandan keyingina shifokor tavsiyasiga binoan sinama amalga oshiriladi.

 Nargiza UTЕPOVA tayyorladi. Ekspert: Oydin MAMARASULOVA, shifokor-ftiziatr. Silning-davosi-bor.uz


Mantu sinamasi qilingan joyga suv tegizish mumkinmi?

Sinama qo‘yilgandan so‘ng uch kun davomida terining o‘sha joyiga suv tegmagani ma’qul. Sinama qo‘yilgan joyni ro‘molcha yoki sochiq bilan o‘rab cho‘milsa bo‘ladi, lekin aslo polietilen yoki plastir qo‘yish mumkin emas. Sinama qo‘yilgan joyga suv tegsa reaksiya kuchayishi va sinama ijobiy baholanishi mumkin. U holda qaytadan sinov olishga to‘g‘ri keladi. Mantuga issiq o‘tkazish, shilish, qashlash yoki yod surtish taqiqlanadi. Agarda insonga sil kasalligi yuqqan bo‘lsa, Mantu sinamasi ijobiy chiqadi. Sil kasalligidan forig‘ inson Mantu sinamasi olganida yuqoridagi qoidalarga rioya qilsa, natija salbiy chiqadi. Ba’zan inson immuniteti o‘ta kuchli bo‘lsa yoki allergiya tufayli ham sinama ijobiy chiqishi mumkin.
ico
Nafas qisishini davolashda ibn Sino tavsiyalari
Bu xil kasallar uchun foydali tadbirlardan biri ko‘krakni va biqinlarni qo‘l yoki dag‘al sochiq bilan ishqashdir. Ayniqsa, ularda tik turib nafas olish paydo bo‘lsa shunday; ishqalashni mo‘tadil va yog‘siz, quruq qilish kerak, agar charchash paydo bo‘lsa, yog‘ bilan ishqalash foyda beradi. Bu kasalliklarda doim ichni yumshatib turish ham kerakli tadbirlardandir. Shu kasalliklarda sust badantarbiyadan tez badantarbiyaga asta-sekin o‘tish ham qo‘llaniladigan tadbirlardan biridar. Asta-sekin o‘tilmasdan shoshilinsa, bu narsa moddani qo‘pol ravishda qo‘zg‘atib, bo‘g‘ilish hosil qiladi. Harsillashga uchragan kishilarning saqlanishlari lozim bo‘ladigan ishlarga kelsak, ular mumkin qadar hammomdan, ayniqsa, ovqat yeb, hammomga tushishdan, ko‘p uxlashdan, ayniqsa, kunduz kuni uxlashdan iboratdir. Ovqatni yeya solib uxlash u kishilarga juda zarar qiladi, lekin ularda qattiq kuchsizlik, charchash va issiq paydo bo‘lsa, shu paytda ozgina uxlasinlar, yana yel paydo qiladigan har bir dondan, ovqat ustidan xoh suv bo‘lsin, xoh sharob bo‘lsin, suyuqlik ichishdan saqlanishlari kerak.

O‘pka yaralari va silni davolash

O‘pka yarasiga to‘sqinlik qilishiga kelsak, uning yoyilmasligi va kengaymasligi uchun qotirish va quritish tadbirini ishlatish zarur. Ko‘krak va o‘pka yaralari eskirgan bo‘lsa, kasalga qatronning o‘zini yoki uni asal bilan qo‘shib, ertalab va kechqurun kichkina bir qoshiq yalatish foyda qiladi. Agar kasalda harorat bo‘lib, tozalovchi issiqlik dorilarini ishlatishdan qo‘rqsangiz, sovuqliklari foyda qilmasa, arpabodiyon urug‘i, chuchumiyaning qaynatib quyultirilgan toza shirasi va sumbulsoch shirasini olib, shakarning quyultirilgan suvi bilan qo‘shib berish kerak. Bunday bemorlarning ovqatiga kelsak, unga o‘rmon kakligining pishirilgan go‘shti beriladi. Uning doimo rayxon hidlab turishi, doimo dam olishi va tinch yotishi kerak. G‘azablantiradilgan va asabiylashtiradigan ishlarga urinmasligi ham karak, unga g‘amgin qiladigan xabar bildirilmaydi. Men quyidagi tadbirni turli kishilar va turli mamlakatlarda ko‘p marta sinab ko‘rdim, shu kasallikka uchragan kishi yil bo‘yi har kuni istagancha shakarli gulqandni iste’mol qilib turadi., hatto anchagina miqdorda bo‘lsa ham non bilan yeyishga buyuriladi, keyin u kishining ahvoli kuzatib boriladi va bemor sog‘aya boshlaydi. Goho gavdaning quruqligi va so‘lishi sut yoki ayron iste’mol qilishga muhtoj qiladi. Bu narsalarda avqatlik, badanni xo‘llash, buzilgan xiltni mo‘tadil qilish xususiyati bor; ulardagi pishloq bo‘lagidan modda yarani yopishtiradi, sut o‘zining suvi bilan yara zardobini va yiringini ketkazadi. Eng shifobaxsh sut – ona sutidir. Echki suti burushtirish xususiyatiga ega. Ot suti ham tozalovchi va balg‘am tashlashni osonlashtiruvchi sifatga ega. Ovqatlarga kelasak, ularni oq non, umoch va qo‘noq oshi kabi yopishtiruvchi narsalar bilan ovqatlantirish kerak. Guruch ham tozalaydi va et undiradi. Yaxshi qaynatilgan arpa oshi yopishtiruvchi va tozalovchi bo‘lib, u
isitma qattiqlashgan paytda ham foyda beradi. Kasalning jigarida tiqilmalar bo‘lmasa, uni ovqatdan oldin yoki keyin hammomga tushirish mumkin. Hammom ularni semirtiradi va kuchli qiladi. Ular ichadigan suv yomg‘ir suvi bo‘lsin.

Bilasizmi?

Ko‘pincha yuqumli tumov va shamollash kasalliklarini oyoqda o‘tkazgan va uni oxirigacha davolatmagan kishilarda o‘pka kasalligi paydo bo‘lib, o‘zining xunuk asoratlarini qoldiradi. O‘pka kasalliklarini davolash hamda oldini olishda tabiiy vositalardan foydalanish ancha durust samara berishi hozirga kun tibbiyotidan ham aniqlangan.

 Ibn Sinoning “Tibbiy o‘gitlar” kitobidan. Silning-davosi-bor.uz

ico
Ko‘z sili kasalligi: tasnif, tashxis va davo
Sil kasalligini keltirib chiqaruvchi bakteriyalar Nemis olimi Robert Kox tomonidan 1882 yil 24 martda kashf etilgan. Sil kasalligida sil tayoqchalarini sil dorilariga chidamli turi (L-formasi, MLU, SHLU) paydo bo‘lishi mumkin. Mazkur kasallik yuqumli hisoblanib, uni sil tayoqchalari (Kox bakteriyasi) keltirib chiqaradi, bu kasallikning o‘ziga xosligi surunkali to‘lqinsimon kechishi bilan boshqa xastaliklardan ajralib turadi. Sil kasalliginnig qo‘zg‘atuvchilari nafas olish va hazm qilish sistemasi orqali organizmga tushib, asosan o‘pka tizimini shikastlaydi. Mazkur kasallik soch va tirnoqdan boshqa barcha organ va to‘qimalar, ya’ni o‘pka, bosh miya, ko‘z, teri, suyak, bo‘g‘imlar va limfa bezlari, ichak, buyrak, jinsiy a’zolarni ham zararlaydi. Bugungi suhbatimizda ko‘rish a’zolari, ya’ni ko‘zda uchraydigan sil kasalligining tasnifi, ko‘z silining turlari va uni davolash tartibi xususida gazetxonlarni qiziqtirgan savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya markazi Xorazm viloyati filiali oftalmolog-shifokori Odilbek Kuryazovga yuzlandik.

Ko‘z sili qanday kasallik?

Ko‘z sili (glaznoy tuberkulyoz) organizmning umumiy infeksion kasalligi hisoblanadi. Ushbu kasallik bakterial tabiatga ega. Ko‘ruv a’zolarining sil kasalligi uzoq davom etadigan, tez-tez qaytalanib, ko‘rish o‘tkirligining pasayishi va ayrim holatlarda ko‘rmaslikka olib keluvchi kasallikdir. Hozirgi paytda qator mualliflarning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘z sili o‘pkadan tashqari sil kasalliklari ichida oltinchi o‘rinda bo‘lib, 5-16% ni tashkil qiladi. Tibbiyotda mazkur kasallik ko‘zda asosan 3 ta yo‘l bilan rivojlanishi kuzatilgan. Ya’ni birinchi yo‘l – gemato-limfogen bo‘lib, shu yo‘l eng ko‘p uchraydi. Gematogen disseminatsiyada sil mikobakteriyalari ko‘z to‘qimalariga organizmning boshqa sil o‘choqlaridan o‘tadi. Ikkinchi yo‘l ekzogen deb nomlanadi. Ushbu yo‘l ko‘zning birlamchi sili hisoblanib, u ko‘zning shilliq qavati bo‘shlig‘i orqali rivojlanadi. Uchinchi yo‘l — kontakt yo‘l. Bunda sil kasalligining ko‘zga tarqalishi, yuz terisi, ko‘z kosasi osteomiyeliti va burun bo‘shlig‘i orqali rivojlanadi.

Ko‘z sili tasnifi

Ko‘z sili kasalligi asosan 3 ta klinik tur bilan izohlanadi. Ular:
  • Gematogen uveitlar. Ular oldingi (irit, siklit, iridotsiklit) va orqa uveitlarga (xorioidit, xorioritinit) bo‘linadi.
  • Ko‘z oldi to‘qimalari sili.
  • Ko‘z sil – allergik kasalliklari. Ular o‘tkir boshlanishi, qisqa davom etishi va tez-tez qaytalanib turishi bilan tariflanadi.
Bundan tashqari, 1956 yil A.C.Woods kasallikning klinik — morfologik tartibiga asoslanib, quyidagi tasnifni taklif qilgan. Ular granulyomatoz va nogranulematoz. Granulyomatoz kasallik paydo qiluvchi (patogen) mikro-organizmlar, gematogenli metastaz natijasida tomirli parda qavatida perifokal yallig‘lanishga ega granulyoma hosil qiladi. Nogranulematoz yallig‘lanish jarayoni nospetsifik kechib, ko‘z to‘qimalarining har xil allergenlarga qarshi sensibilizatsiyalangan reaksiyasi bilan namoyon bo‘ladi. Tibbiyotda ko‘z sili kasalligiging bir qancha turlari aniqlangan. Ular ko‘z atrofi to‘qimalarining sili, ko‘zning old qismi sili va ko‘z orqa qismining sil kasalligidan iborat. Ko‘z silining mazkur turlari ham bir qancha guruhlarga bo‘linadi. Ya’ni ko‘z atrofi to‘qimalarining sil kasalligi guruhida asosan, ko‘z qovoqlari terisining sili, sil dakriotsistiti, ko‘z kosasining sil osteomiyeliti, sil dakrioadeniti, kon’yunktiva (shilliq qavat) sili va epibulbar sil kasalliklar kiradi. Masalan, sil dakriotsistiti ko‘pincha bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi. Kasallikning ushbu turida infeksiya asosan gematogen yoki kon’yunktiva orqali, ko‘z yosh yo‘lidan o‘tib ko‘z yoshi xaltachasida rivojlanadi. Ko‘zning old qismi sili kasalligi ko‘zning sil – allergik zararlanishlari, sil keratitlari, sil skleritlari va sil iridotsikliti (oldingi uveitlar) bilan guruhlanadi. Masalan, ko‘zning sil – allergik zararlanishida kasallik o‘tkir boshlanishi, yorug‘likdan qo‘rqish, ko‘z yosh oqishi, blefarospazm, da’vo ta’sirida jarayonning tez kamayishi va tez-tez qaytalanish kuzatiladi. Ko‘z orqa qismining sili o‘z ichiga tarqalgan xorioretinit, konglobirlangan tuberkula, diffuz sil xorioretiniti, xorioideyaning milliar sili, periferik uveit, Yensen yukstapapilyar xorioiditi va sil periflebitini oladi. Mazkur kasalliklar turlicha rivojlanadi. Ya’ni diffuz sil xorioretiniti kasalligi asosan tomirli qavatning orqa qismi, ya’ni xususiy tomirli qavat qismidagi jarayon to‘r pardaning shishishi va infiltratsiyasi bilan kechadi. Xorioideyaning milliar sili esa hozirgi kunda juda kam uchraydigan kasallik turi bo‘lib, u ko‘pincha bolalar va o‘smirlarda sil meningiti va immunitetning susayishida sil disseminatsiyasi jarayonida kuzatiladi. Kasallikning sil periflebiti turi esa retsidivlanuvchi xarakterga ega bo‘lib, ko‘pincha yosh erkaklarda ikkala ko‘zda kuzatiladi.

Ko‘z sili kasalligiga qanday tashxis qo‘yiladi?

Ko‘z sili tashxisi birmuncha qiyinchiliklar tug‘diradi va bemorni kompleks ravishda tekshirishni talab qiladi. Moskvadagi ko‘z sili markazida, ko‘z siliga shubha bo‘lganida bemorlarni tekshirish uchun quyidagi sxema qabul qilingan:
  1. Anamnezni maqsadga muvofiq oydinlashtirish (sil kasalligi bilan kontakt borligi, ilgari ko‘z silini o‘tkazganligi va boshqalar.)
  2. Ko‘krak qafasi flyuorografiyasi, ko‘rsatma bo‘lganda, ko‘krak ichki limfa bezlarida va o‘pkadagi sil o‘zgarishlarining faolligini aniqlash maqsadida rentgenologik tekshiruv o‘tkaziladi.
  3. O‘pka, tomir oldi limfa tugunlar, aniqlangan suyakli o‘zgarishlar faolligini rentgenologik aniqlab bo‘lmasa, tomografiya tekshiruvi o‘tkaziladi.
  4. Tomir oldi limfa bezlarining kattalashuvi va katta petrifikatlarni aniqlashda bronxoskopiya tekshiruvi o‘tkaziladi.
  5. Periferik limfa tugunlarining holatini tekshirish.
  6. Ko‘rsatma bo‘lganida, qorin bo‘shlig‘ini rentgenologik tekshiruvi, urolog va ginekolog maslahatlari.
  7. Siydik va bronxlar chayindisi, sil bakteriyalarini aniqlash uchun balg‘amni ekish.
  8. Boshqa surunkali infeksiyalarni bartaraf etish: zaxm (sifilis), toksoplazmoz, brutsellyoz, revmatizm, sarkoidoz, virusli kasalliklar.
  9. Immundiagnostika, in vitro o‘tkazilib, bemor qonida tuberkulinga nisbatan gumoral va hujayraviy antitanani aniqlashga asoslangan.
  10. Tuberkulin-diagnostika. Keratit, sklerit, uveitlar etiologiyasini aniqlashda katta ahamiyatga ega. Ko‘z silini aniqlashda terida tuberkulin sinovlari o‘tkaziladi: teri ichi Mantu sinamasi, Graduirlangan Mantu sinamasi, tezlashtirilgan Mantu reaksiyasi.
  11. Sinovchi davolash (test-terapiya). Bunday davolashni noaniq etiologiyali uveitlarda qo‘llash maslahat beriladi. Tuberkulostatik preparatlar bir oy davomida qo‘llaniladi. Davolash samarali bo‘lganda uveitning sil etiologiyaliligi taxmin aniqlanadi.
Ko‘z sili belgilari turlicha xususiyati, shu sababli, har xil diagnostik ahamiyatga ega.

Ko‘z sili kasalligi qanday davolanadi?

Ko‘z sili kasalliklarini davolash, nafaqat, ko‘rish funksiyalarini iloji boricha asli holiga keltirish yoki saqlab qolishga, ko‘z olmasidagi yallig‘lanish jarayonlarini bartaraf etishga, balki sil tayoqchalarining faolligini susaytirishga, organizm himoya kuchlarini oshirishga ham qaratilgan bo‘lishi lozim. Ftiziatriyaning umumiy tamoyillariga ko‘ra, antibakterial kimyoterapiya, davoning asosiy qismi kasallikning shakli va og‘irligiga qarab o‘tkaziladi. Jarayonning og‘ir darajasida davolash ikki davrda olib boriladi. Birinchi davr uch xil preparatning ta’siriga qarab ikki — uch oy davomida olib boriladi. Ikkinchi davrda ikki xil preparat uch oy davomida beriladi. Qon qo‘yilishlar bilan kechuvchi gemorragik xorioretinitlar va periflebitlarda birdaniga kimyoterapiya qo‘llanilmaydi, chunki silga qarshi preparatlar qon tomir devorlarini kuchsizlantiradi. Shuning uchun ikki — uch hafta davomida angioprotektorlar qo‘llash davo terapiyasi o‘tkaziladi. Shundan keyin izoniazidni kichik dozadan sekin-asta o‘rta terapevtik dozagacha buyuriladi. PASK sutkasiga olti-to‘qqiz grammdan oshmasligi kerak. Ikkinchi guruh preparatlaridan etoksid, etionamid va sikloserin buyuriladi. Tibon qo‘llash mumkin emas. Sust kechuvchi, surunkali jarayonlarda streptomitsin samara bermaydi. Bunday shakldagi ko‘z silini izoniazid, rifampitsin yoki PASK va ikkinchi guruh preparatlari bilan tuberkulin, gormon, nospetsifik vositalar qo‘llaniladi. So‘ngi 15 yil ichida lazerli koagulyatsiya muvofaqqiyat bilan qo‘llanilmoqda. Ko‘ruv funksiyalarini saqlab qolishning shartlaridan biri ko‘z sili asoratlarining oldini olish va o‘z vaqtida davolashdan iboratdir. Bugungi suhbatimizdan ma’lum bo‘ldiki, ko‘z sili kasalligi ham sil kasalligining boshqa turlari kabi insoniyat bilan birga yashab, uning hayoti, sog‘lig‘iga doimiy ravishda to‘siq bo‘la oladigan yuqumli kasalliklardan biri ekan. Shunday ekan, har bir inson nafaqat o‘z salomatligi uchun, balki sog‘lom turmush tarzi va jamiyat sog‘ligi yo‘lida o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi, shifokor nazoratida bo‘lishi va o‘z sog‘ligi uchun e’tiborli bo‘lishi lozim.

© Odilbek Kuryazov, oftalmolog-shifokori. Dilrabo Jumatova, jurnalist. silning-davosi-bor.uz