Qon bu hayot!

MAQOLALAR

ico
Yurak sog‘lomligi uchun

O‘z shifokoringizni toping!

Shifokoringiz bilan doimo maslahatlashib turing. U sizning organizmingizni yaxshi biladi va undagi o‘zgarishlarni tez ilg‘aydi. Muammoni ham tez bartaraf etadi.

To‘g‘ri ovqatlaning va uxlang!

Uyqu va oshqozon — organizm uchun juda muhim. 40 yoshdan so‘ng har bir inson kuniga 7-8 soat tinch uxlashi va yengil hazm bo‘luvchi mahsulotlar (meva va sabzavotlar)ni tanovul qilishi zarur.

Sport bilan shug‘ullaning!

Mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra, o‘zingizga mos sport turini tanlab, albatta, u bilan shug‘ullaning. Doim harakatda bo‘lsangiz, dard yurangizga soya solmaydi.

Tashvishlarni unuting!

Yurak notinch bo‘lsa, qanaqasiga organizm sog‘ bo‘lishi mumkin? Shuning uchun hamma narsani yurakka yaqin olmang.

Shirin xayollar

Faqat yaxshi narsalar haqida o‘ylashga harakat qiling. Umringizning qora chiziqlariga kamroq nazar tashlang.

Asabiylashmang!

Quvonch ham, asabiylik ham yurakka ta’sir qilmasdan qolmaydi. Asablaringizni asrang, shunda yurak salomatligini ham asraysiz!

ico
Kamqonlikni davolaymiz
Bir qator xastaliklarning kelib chiqishiga kamqonlik sabab bo‘ladi. Kamqonlik ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarda ko‘p uchraydi Bizning mahalliy sharoitda bu kasallikning oldini olishga ko‘maklashadigan yana bir vosita bor, lekin unga ko‘pchilik yetarli e’tibor qaratmasdan, salomatligini tiklash uchun pullarini har xil dori-darmonlar sotib olishga sarflashadi. Inson tanasi uchun zarur bo‘lgan temir, oqsil, uglerod kabi moddalarning yetarli ta’minlanishi va uzoq vaqt meyorida ushlab turilishi uchun toshtegirmonda tortilgan bug‘doy uni samarali yordam beradi. Fermentlar asosan, bug‘doyning po‘stida ko‘p bo‘ladi. Zamonaviy tegirmonlarda bug‘doyni yanchish uchun oldin u ivitilib, qobig‘i, ya’ni po‘sti olib tashlanadi. Oqibatda tortilgan un, garchi juda oq bo‘lsada, sifatini tez yo‘qotadigan mahsulotga aylanadi. Bunday bo‘lmasligi uchun bug‘doyni yaxshilab tozalab, ajdodlarimiz ming yillardan buyon ishlatib kelayotgan toshtegirmonda tortish salomatlik uchun ko‘proq foydalidir. Bunday tegirmonda tortilgan undan yopilgan non garchi ozgina qoramtir bo‘lsada, ammo to‘yimli va mazalidir. Yana bir afzalligi, toshtegirmonning noni bir hafta tursa ham qotib qolmaydi. Toshtegirmonda don qirqilmaydi, balki ezib maydalanadi. Bug‘doyning qobig‘i ham aralashib ketadi. Hozirgi ko‘p zamonaviy tegirmonlar donni qirqib maydalaydi va kepakni alohida ajratib chiqaradi. Natijada, bug‘doy tarkibidagi eng foydali minerallar kepakka qo‘shilib chiqitga chiqib ketadi. Bu usulni ovqatlanish tartibiga kiritish bilan kamqonlik xastaligidan xalos bo‘lishda ijobiy natijalarga erishish mumkin. [highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: [/highlight]
ico
Kamqonlik - oqibati og‘ir dard
Kamqonlik xastaligi asosan tug‘ish yoshidagi ayollar, o‘smirlar va bolalarda uchraydi. Jahonda bu kasallikka duchor bo‘lgan ayollar va bolalar o‘rtasida xastalik va o‘lim ko‘rsatkichlari 8-10 barobar yuqoridir. Uning asoratlariga ayollarda tug‘ish jarayonida qon ketishi, bolaning chala yoki vazni kam bo‘lib tug‘ilishi, tug‘ma nuqsonlar va shu kabilar kiradi. Xastalik sababli inson immuniteti pasayadi. Ayniqsa, kamqonlik surunkali gastrit(me’da yallig‘lanishi), kolit(yo‘g‘on ichak yallig‘lanishi), duodenit (o‘n ikki barmoqli ichak yallig‘lanishi) kabi me’da-ichak tizimi xastaliklari, gemorroy(bavosil) va boshqalar sabablar tufayli tez rivojlanishi kuzatilgan. Bu kasallik bolalar va o‘smirlarni jismoniy va intellektual rivojlanishi, ish va o‘qish qobiliyatini keskin pasaytirib yuboradi. Ayollar va bolalar organizmida temir moddasining yetishmasligi sababli ham kamqonlik rivojlanadi. Chunki, ularda bu moddaga bo‘lgan ehtiyoj erkaklarga nisbatan 3-5 barobar ko‘proqdir. Temir moddasi qon ishlab chiqarish, homilaning rivojlanishi, ko‘krak suti hosil bo‘lishi, bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishida juda ko‘p sarflanadi. Xotin-qizlarning hayz ko‘rish jarayonida ham ko‘p qon yo‘qotiladi.

Nima uchun ayollar va bolalar organizmida temir moddasi yetishmaydi?

Bolalarda temir yetishmovchiligining asosiy sababi onasi homiladorlik va emizish davrida kamqon bo‘lishi, bola chala yoki kam vazn bilan tug‘ilishi, uning ko‘krak suti bilan boqilmaganligi, tez-tez kasallanishi, surunkali infeksiyalar, gijja va noto‘g‘ri ovqatlanish tufaylidir. Xotin-qizlarda temir yetishmovchiligiga olib keladigan sabablardan biri hayz tufayli ko‘p qon yo‘qotishdir. Agarda hayz 4-5 kundan ortiq cho‘zilib, homiladorlik va tug‘ish oralig‘i 3 yildan kam bo‘lsa, bemorda surunkali infeksiyalar va gijjalar aniqlansa, shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilinmasa, bu xastalik tez rivojlanadi.

To‘g‘ri ovqatlanish qanday bo‘lishi kerak?

Ushbu omil temir yetishmovchiligining oldini olishda juda muhimdir. Inson hayoti davomida temir moddasi va vitaminlarga boy oziq-ovqatlar iste’mol qilishi lozim. Ingibitor (choy, qahva, sun’iy bo‘yoqli, gazli ichimliklar)larni kamroq ichish zarur. Chunki, ular ovqatdagi temir moddasining so‘rilishiga to‘sqinlik qiladi. Promotor (meva-sabzavot)larni esa ko‘proq istyemol qilish kerak. Ular aksincha, temir moddasining yaxshiroq so‘rilishini ta’minlaydi. Ovqatlanish vaqtida ingibitorlar iste’mol qilinsa, ular oziq-ovqat tarkibidagi temir moddasini 40-100 foiz so‘rilishiga xalaqit beradi. Ho‘l mevalar, sabzavotlar, ko‘katlar esa (S vitamini orqali) temir moddasi so‘rilishini 4 barobarga oshiradi. Shu bois ovqatlanish vaqtida choy ichish tavsiya etilmaydi. Uni ovqatlanib bo‘lgach, 2 soatdan keyin ichish zarur. Choy o‘rniga qaynatilgan suv, gazsiz mineral suv, meva sharbatlari, na’matak yoki quruq mevalardan damlamalar iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Dukkaklilar, yormalar temir moddasiga juda boy ozuqalardir. Shuning uchun ham ular go‘sht o‘rnini bemalol bosa oladi. Lekin bu mahsulotlarni ham ingibitorlar bilan birga iste’mol qilish kerak emas. Shakar, novvot va shirinliklar organizmda gemoglabinni ko‘paytirmaydi. Chunki, ularda temir moddasi va vitaminlar yo‘q. Aksincha, ular ishtahani pasaytiradi, gijjani ko‘paytiradi. Shuningdek, tishlar kariyesga chalinadi. Emizikli bolalarda esa allergiya va diatez (chilla yara)larning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Kamqonlikni aniqlash uchun qondagi gemoglabin ko‘rsatkichini tekshirish zarur. Gemoglabin meyori 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda 110 g/l, undan kattalar va ayollarda 120 g/l, erkaklarda 130 g/l bo‘ladi. Agarda kamqonlik rivojlansa, gemoglabin ko‘rsatkichlari pasayib ketadi: 70 g/l dan past bo‘lsa, bu og‘ir darajali kamqonlik, 90 g/l dan past bo‘lsa, o‘rta og‘ir darajali va 90 g/l dan yuqorisi yengil darajali kamqonlik hisoblanadi. Temir yetishmovchiligi paytida bemorlar gilvata, (kesak) choy shamasi, xamir, xom makaron va guruch, qog‘oz kabi mahsulotlarni iste’mol qilgisi keladi. Yana xasta kishilarga bo‘yoq, atseton, benzin, kerosin, tutun, zax hidlari yoqadi. Bu holat markaziy asab tizimining temir tanqisligi bilan kechuvchi kislorod yetishmovchiligi va sensor funksiyalar buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Bemor tarkibida temir moddasi mavjud dori vositalarini iste’mol qilgandan so‘ng 2-3 haftada kasallik belgilari qayd etilmaydi. Dardmand odamning tirnoqlari mo‘rt, g‘adir-budir bo‘ladi. Ular qiyshayib, parchalanib va yupqalashib qoladi. Xasta insonning xotirasi pasayadi, boshi og‘riydi, aylanadi, quvvati kamayadi hamda tez charchaydi. Uning ish qobiliyati va ishtahasi keskin pasayib ketadi. Kamqonlikning og‘ir darajasida bemorning yuz rangi oqaradi, tez-tez kasallanadi. Ushbu xastalikni davolash ko‘p vaqt talab etadi. Dard asoratlarini bartaraf etish ham ancha mushkul. Ba’zida esa buning iloji ham bo‘lmaydi (masalan, homilaning aqliy va jismoniy rivojlanishi onasining kamqonligi sababli pasayadi. Surunkali me’da-ichak kasalliklari va hakozo). Kamqonlikning og‘ir darajasida bemor ko‘pincha statsionar sharoitda davolanishi, turli tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi va unga qon quyish zarur bo‘ladi. Davolash kamida 3-6 oy davom etadi. Ko‘pincha ayollar davolashni oxiriga yetkazmaydilar. Buning oqibatida kamqonlik qaytalanib, surunkali tusga aylanadi.

Kamqonlikning oldini olish mumkinmi?

Kasallikning oldini olish, uni davolashdan ko‘ra ancha afzalroqdir. Buning uchun inson to‘g‘ri ovqatlanishi kerak. Yuqorida ko‘rsatilgan temir yetishmovchiligi sabablarini bartaraf etish lozim. Agarda bularning hammasini amalga oshirishning imkoni bo‘lmasa, unda bemor haftada bir marotaba 60 mg ( 1-2 hapdori) tarkibida temir moddasi mavjud dori vositalarini iste’mol qilishi zarur. Shunda organizmdagi temir yetishmovchiligi asta-sekin bartaraf etiladi. Bemorga tarkibida temir moddasi mavjud dori vositalarining zarari yo‘q. Ular meyordan ortiq organizmga so‘rilmaydi. Kamqonlikning oldini olishning yana bir samarali usuli – bu oziq-ovqatlarni temir va boshqa mikroelement va vitaminlar bilan boyitish, ya’ni fortifikatsiya etishdir. Bu usul ham butun dunyoda, jumladan, AQSH, Yaponiya, Avstraliya va Yevropaning ko‘plab rivojlangan davlatlarida 70 yildan beri amalga oshirilmokda. Bu usulning samarasini 10-15 yilda ko‘rish mumkin. Respublikamizda ham ana shunday ezgu chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2010 yilda “Aholi o‘rtasida mikronutriyentlar yetishmovchiligining oldini olish” to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi. Bu huquqiy hujjat yurtimizda ushbu xastalikning oldini olishda muhim asos bo‘lib xizmat qilayotir. Kamqonlikni bartaraf etishda to‘g‘ri va sifatli ovqatlanish, shuningdek, bemor to‘yib uxlashi hamda uni stress (ruhiy zo‘riqish), depressiya (tushkunlik)dan asrash alohida ahamiyatga ega. Xasta inson tarkibida temir moddasi mo‘l bo‘lgan mahsulotlar – mol, qo‘y, tovuq jigari, buyragi, yuragi, til, grechka, qora mayiz, qora olxo‘ri, olma, nok, turshak, anjir qoqi, qora olxo‘ri, shaftoli qoqi, ismaloq, petrushka, qizil loviya, chala pishirilgan uy tovug‘i tuxumi, qizil lavlagi, loviya, baliq, no‘xat, mosh, jo‘xori, yalpiz, yeryong‘oq, yong‘oq, bodom, kungaboqar (pista) kabi mahsulotlarni tarkibida S darmondorisi mo‘l sitrus mevalar, qizil bulg‘or qalampiri, karam, ko‘k piyoz, sarimsoqpiyoz, oshqovoq, pomidor, sabzi, qulupnay, malina, tarvuz, qovun kabi meva-sabzavotlar bilan qo‘shib iste’mol qilishlari zarur.

D. SULЕYMANOVA, tibbiyot fanlari doktori.

D. MAMATQULOVA, tibbiyot fanlari nomzodi.

M. NARMЕTOVA, gematolog.

"Sog‘lom avlod" gazetasi.

Soglom.uz nashri.

ico
Kamqonlik (Anemiya)
Anemiya yoki kamqonlik atamasi ostida qon hajmining birligida qizil qon pigmentining (gemoglobin) yoki qizil qon tanachalarining (eritrositlar) yetishmasligi tushuniladi. Anemiya quyidagi sabablarga ega bo‘lishi mumkin: o‘tkir yoki surunkali qon yo‘qotish (yara, operasiya, oshqozon-ichak sohasida qon yo‘qotish); qon hujayralarining tez nobud bo‘lishi yoki eritrositlar hayotining davomiyligining qisqarishi; bir xil, balanslashtirilmagan oziqlanish, qon uchun foydali bo‘lgan elementlarning tanqisligi (oqsil, temir, foliy kislotasi, B12 vitamini, mis); ichakda muhim elementlarning so‘rilishining buzilishi (surunkali oshqozon-ichak kasalliklari tufayli). Eng keng tarqalgan anemiyaning turidan biri bu - temir moddasining tanqisligidir. Uning oziq-ovqatlardagi yetishmovchiligi uning organizmdagi defisitga olib keladi. Qon tizimi yetarli darajada temir moddasini qabul qilmasa, u o‘z navbatida gemoglobinning yetarli miqdorini ham ishlab chiqara olmaydi. Oqibatda esa eritrositlar unga yetarli darajada qoniqmasdan, organizm yetarli miqdorda kislorodga erishmaydi. Anemiyada bolaning terisi rangsiz, oq bo‘lib, bolaning tirnoqlari ostida, lablari va ko‘zning shilliq qatlamining shunday rangda bo‘lishi kuzatiladi. Agarda ushbu holatda bola o‘zini toliqqan, e’tiborning susayishi, holsizlik hamda ishtahaning pasayishi qo‘shilsa albatta vrachga murojaat eting. Anemiya faqat qon taxlilidan so‘ng aniq belgilanadi. Muhim: aksariyat bolalar rangsiz yuz va toliqqan ko‘rinishda bo‘lsalar ham, kamqonlik kasalligidan aziyat chekmaydilar.

Kasallik qanday kechadi?

Bolalarda anemiya toliqish, rangsizlik, ishtahaning yo‘qolishi, bosh og‘riqlari, teri quruqligi, tirnoq va sochlarning sinuvchanligi, og‘iz burchaklaridagi yoriqlar va turli yuqumli kasalliklarga tez chalinishlari bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Kasallikning og‘ir shakllarida qiyin nafas olish, bosh aylanish, tez yurak urishi, shilliq qatlamlarning o‘zgarishi (silliq malina rangidagi til, ta’m, hid sezishning o‘zgarishi, yutishning murakkablashishi), shu bilan birga jigar va taloqning shishishi ham kuzatiladi. Agarda emizikli bola rangsiz, holsiz, ishtahasining bo‘g‘ilganligi, rivojlanishning sustligi va yuqiumli kasalliklarga tez chalinishi kuzatilsa - bu kamqonlikning belgilaridan biri bo‘lishi mumkin. Simptomlar: • Rangsiz lablar va tirnoqlar. • Rangsiz ko‘zlar. • Toliqish. • Nafasning bo‘g‘ilishi • Ishtahaning yo‘qligi • Tez yurak urishi Anemiyani shubha qilsangiz albatta bolani vrach nazoratidan o‘tkazing. Anemiya boshqa kasallikning simptomi bo‘lishi mumkin. Qonning taxliliga muvofiq vrach chindan ham bolangizda anemiya mavjudiligi haqida to‘liq axborotni beradi. Ayrim hollarda kasalxonada yanada chuqurroq tekshirish amalga oshirilishi mumkin. Agarda anemiya temir moddasining yetishmovchiligi natijasida vujudga kelgan bo‘lsa, u holda vrach temir moddasi mavjud tomchi, sok yoki tabletka ko‘rinishidagi dori vositalarini yozib beradi. Muddatdan ilgari tug‘ilgan bolalarda yoki bola faqat ona suti bilan oziqlansa, profilaktik usul bilan temir moddali tomchilarni qabuli yordamida anemiyaning oldini olish mumkin.

Uy muhitidagi yordam

Bolaga temir moddasi mavjud mahsulotlarni bering. Bu - baliq, potroxa, tuxum sarig‘i. To‘q yashil bargli sabzavotlar va yong‘oq ham temir moddasiga boydir. C vitamining qabuli ham temir moddasining yaxshi so‘rilishiga sabab bo‘ladi.

Davolanish

Agar bolangizda anemiya mavjud deb hisoblansangiz uni albatta vrach nazoratidan o‘tkazing. Faqat qon taxlili yordamida anemiya boshqa kasallik simptomimi yoki uning bir turimi - buni aniq holda vrach yordamida bilib olasiz. Bolaga turli xil oziq-ovqatni taklif eting. U temir moddasiga boy bo‘lsin: go‘sht, tuxum, boshoqli non, suli yormasi, sabzavotlar, mevalar bering. Chunki bir xil tusdagi mahsulot va taomlar ham bola organizmida temir moddasining tanqisligiga olib kelishi mumkin. Ovqatdan so‘ng tortiq etiladigan C vitaminiga boy turli mevali soklar temirning yaxshi so‘rilishiga olib keladi. Anemiyani maxsus parhezga amal qilgan holda davolay olmaysiz. Shu sababli vrach temir moddasi mavjud dori vositalarini yozib beradi. Ularni iloji bo‘lsa ertalab nahorga bersangiz, ta’sir etish kuchini oshiradi. Yomon hazm etish yoki temir moddasining yetarli darajada ichaklarda so‘rilmaslik holatlarida preparat inyeksiya ko‘rinishida belgilanadi. Barcha dori vositalari singari ushbu dorilar ham bola qo‘li etmaydigan joyda saqlanishi lozim. Katta hajmdagi temir moddasining qabuli bola organizmining zaharlanishiga olib keladi. Ushbu dori-darmonlardan bola axlatining rangi to‘q tusga ega bo‘ladi. Mavzuga aloqador maqolalar: