4.2
(180)

Hayz funksiyasi, yaʼni muntazam va siklik hayz koʻrish ayollar salomatligining muhim mezonlaridan biri hisoblanadi. Menstrual sikl bilan bogʻliq, noodatiy biror oʻzgarish ayol reproduktiv tizimi kasalligining ilk alomatlaridan biri boʻlishi mumkin. Hayz sikli buzilishi esa, hayz funksiyasi muammolari ichida eng koʻp uchraydigan holat hisoblanadi. Aynan hayz sikli buzilishining koʻplab shakllari, masalan, hayz kechikishi, hayz paytida ogʻriq boʻlishi, koʻp miqdorda qonli ajralma kelishi (laxta qon kelishi), hayzdan tashqari qon ketishi, hayz kam kelishi, hayzning tez vaqt ichida takrorlanishi va boshqa shu kabi muammolar bilan ham ginekologlarga murojaat qilishadi.

Bundan tashqari, hayz va hayz koʻrishning buzilishi mavzusi atrofida ayollarimizda koʻplab, “sir” saqlaydigan yoki “eʼtiborsiz” qoldiradigan jihatlari borki, uni hattoki, ginekolog  koʻrigiga borganida ham aytmaydi va savollari javobsiz qolib ketadi.  Shuning uchun bugun, biz Avitsenna.uz jamoasi ushbu mavzuga taluqli barcha savollarga imkon qadar javob berish maqsadida, maqolamizni yangi maʼlumotlar bilan toʻldirib, qayt chop etyapmiz. Agar, maqolamizni oʻqib boʻlgach, mavzu yuzasidan biz qamrab ololmagan, javob topilmagan savollaringiz boʻlsa, maqola soʻngida yozib qoldirishingiz mumkin. 

Hayz sikli normasi. Sikl aslida qancha davom etishi kerak?

Hayz sikli normasi va hayz sikli buzilishi
Infografika: Avitsenna.uz

Shifokor konsultatsiyasi

Analiz va muolajalar

Hayz sikli deb, hayzning ilk kunidan boshlab, keyingi hayzning boshlanish kuniga qadar boʻlgan davrga aytiladi. Har bir ayolning individual fiziologik xususiyatlariga koʻra, hayz sikli normada 21 kundan 35 kungacha boʻlgan muddatni tashkil qiladi, odatda sikl 28 kun davom etadi. Hayz koʻrish esa, ikki kundan yetti kungacha davom etishi mumkin. Qiz bolalarda ilk hayz koʻrish boshlangandan keyingi dastlabki, bir necha yil uzoq muddatli sikllar tez-tez kuzatiladi. Biroq, hayz davrlari yoshga qarab, muvozanatlashib, siklik ravishda kuzatila boshlaydi. 

Organizmning barqaror hamda sogʻlom ekanligini baholash uchun har bir ayol oʻz hayz davrini “Ayollar kundaligi” orqali kuzatib borishlari muhim ahamiyatga ega. Chunki hayz siklining kichik oʻzgarishini, oddiy kuzatish orqali payqamaslik, kelgusida esa, eʼtibor berilmagan kichik oʻzgarishlar jiddiy muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Hayz sikli buzilishi sabablari

Hayz siklining izdan chiqishiga organizmdagi turli ginekologik, endokrinologik kasalliklar, turli infeksion hamda yalligʻlanish kasalliklari, jigar va buyrak yetishmovchiligi, semizlik, vitamin yetishmovchiligi, psixologik zoʻriqish, asabiylashish kabi omillar sabab boʻlishi mumkin.

Sanab oʻtganimiz, umumiy sababchi omillar hisoblanadi. Maqola davomida hayz sikli buzilishining har bir shakli kelib chiqishiga sabab boʻladigan kasallik va holatlar haqida ham toʻxtalib oʻtamiz.

Hayz sikli buzilishi belgilari va turlari

Hayz sikli buzilishi
Illustratsiya: Guardian

Amenoreya — uzoq vaqt hayz ko’rmaslik

Amenoreya bu bir nechta hayz sikllari davomida, umuman hayz koʻrmaslikdir. Amenoreyaning birlamchi va ikkilamchi turlari mavjud. Balogʻat yoshiga yetgan boʻlsada, qiz bolada 15-16 yoshigacha umuman hayz koʻrmaslik, birlamchi amenoreya hisoblanadi. Agar ayol hayz koʻrishni boshlagan, biroq soʻngi bir nechta davrlarda hayz koʻrmagan boʻlsa, Ikkilamchi amenoreya deb ataladi. Doimiy, siklik hayz davriga ega boʻlgan ayollar oxirgi uch siklda ham hayz koʻrmagan boʻlsa, nomuntazam siklga ega boʻlgan ayollar esa, olti oy yoki undan oshiq vaqt davomida hayz koʻrmagan boʻlishsa, shifokorga murojaat qilishlari shart. Bundan tashqari, 15-16 yoshdan katta qizlarda ham umuman hayz koʻrish kuzatilmagan boʻlsa, albatta, ginekologga murojaat qilishlari zarur.

Amenoreya tabiiy omillar sababli kelib chiqishi mumkin. Masalan, homiladorlik, emizish, menopauza. Hamda bir qator kasalliklar va omillar ham hayz koʻrishning toʻxtashiga sabab boʻlishi mumkin.

Bular quyidagilar:

Amenoreyaning asosiy belgisi hayz davrining yoʻqligi hisoblanadi. Bundan tashqari, amenoreyaning asosiy sababiga koʻra, bemorlarda, hayz koʻrmaslik bilan birga baʼzi alomatlarga ham duch kelishimiz mumkin, masalan:

Oligoamenoreya — hayz kam kelishi yoki kechikishi

Hayz kam kelishi, yaʼni odatdagi hayz sikli 35 kundan koʻproq davom etishi hamda yil davomida, atigi 4 tadan 9 martagacha hayz koʻrish oligomenoreya, deb ataladi. Oligomenoreyaning bir nechta sabablari bor, ularning baʼzilari tabiiydir. Biroq, hayz kam kelishi yoki hayz kechikishi bu jiddiyroq holatning ham belgisi boʻlishi mumkin.

Masalan, baʼzi oʻsmir qizlarda hayz koʻrish boshlanganda, dastavval hayz sikli 21-35 kun yoki undan ham koʻp vaqt ichida takrorlanib turadi. Bu holat vaqt oʻtgan sari muntazam davrga aylanadi. Bundan tashqari, 45-50 yoshli ayollarda ham organizm menopauza sari yuzlanayotgan vaqtlarda ham hayz siklining muddati uzayishi kuzatiladi. Agar bu holatlar noodatiy belgilar bilan birga kelmasa, normal holat hisoblanadi.

Menopauza (klimaks) haqida toʻliq maʼlumot olishni istasangiz mana bu maqolani oʻqishingiz mumkin: Klimaks — yangicha hayot

Hamda homiladorlikni rejalashtirayotgan ayollarda, hayz kechikishi homiladorlik davri boshlanishi bilan ham bogʻliq boʻlishi mumkin.

Oligomenoreyaga kontraseptik preparatlarni tartibisiz qabul qilish, ozgʻinlik hamda semizlik, ogʻir jismoniy mehnat va professional sport bilan shugʻullanish kabi holatlar va qandli diabet, qalqonsimon bez, tuxumdon kasalliklari, giperprolaktinemiya, prolaktinomalar kabi kasalliklar sabab boʻlishi mumkin.

Agar siz yuqorida sanab oʻtilgan, oligoamenoreyaga sababchi tabiiy omillarsiz, 35 kundan ortiq vaqt ichida ham hayz koʻrmasangiz, albatta, ginekolog qabuliga boring.

Hayz sikli buzilishi — polimenoreya (tez-tez hayz kelishi)

Polimenoreya bu anormal bachadon qon ketishining bir shakli hisoblanib, menstrual siklning 21 kundan kam davom etishiga aytiladi. Baʼzi bir ayollar uchun siklning qisqarishi normal boʻlishi mumkin, ammo boshqalarda esa, bu holat muayyan tibbiy sabablar tufayli yuzaga keladi.Bundan tashqari, hayz siklining qisqa boʻlishi, ovulyatsiya jarayoniga ham bilvosita taʼsir etib, homilador boʻlishni qiyinlashtirishi mumkin.  

Baʼzida polimenoreyani keltirib chiqaradigan normal boʻlmagan holatlar aniqlanmasligi mumkin, bu ayrim ayollar uchun odatiy hol hisobladi. Ammo, baʼzilarda turli omil va kasalliklar tufayli ham polimenoreya yuzaga kelishi mumkin. Hamda uning homilador boʻlishga taʼsirini hisobga olib, uni davolashga kirishish maqsadga muvofiqdir.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 17-hafta

Endomertioz, jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklar (xlamidiya va gonoreya), menopauza, stress, psixologik buzilishlar, toʻyib ovqatlanmaslik, tos aʼzolarining surunkali yalligʻlanish kasalliklari sabab boʻlishi mumkin.

Baʼzida reproduktiv aʼzolarning boshqa kasalliklari tufayli qon ketishini polimenoreya, deb oʻylash holatlari ham kuzatilishi mumkin. Shuning uchun har qanday noodatiy qon ketishi yoki qonli ajralma ajralishi, laxta qon kelishi kuzatilsa, ginekolog koʻrigiga borishni unutmang. 

Dismenoreya (algodismenoreya, algomenoreya)  — hayz paytida og’riq kuzatilishi

Dismenoreya – oʻsmirlik davrida eng koʻp uchraydigan patologik holatlardan biri boʻlib, hayz koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan kichik chanoq sohasida kuzatiladigan ogʻriqlar va kompleks oʻzgarishlardir.

Koʻpincha, hayz kelganda og’riq kuzatilishi, shu bilan birgalikda baʼzi ayollarda kuchli ogʻriqlar 1-3 kun oldin boshlanishi ham mumkin. Bu holat hayz boshlanganda kuchayadi hamda 2-3 kundan soʻng ogʻriqlar pasayishi bilan xarakterlanadi.

Hayz vaqtida ogʻriq kelib chiqishida bachadon mushaklarining tartibsiz qisqarishi asosiy sababchi hisoblanadi. Va bunga sabab boʻluvchi bir qancha omillar mavjud, ular quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • Lyutein fazasining qisqaligi;
  • Biriktiruvchi toʻqima tugʻma displaziyasi;
  • Bachadon adenomiozi va endometriozi;
  • Nasliy omil.

Agar hayz paytida ogʻriqlar boʻlishi doimiy bezovta qilsa, u yuqoridagi hayz sikli buzilishi shakllari bilan birgalikda kelsa, albatta, ginekologga murojaat qilish lozim.

Hayz vaqtida og’riq bo’lishi haqida batafsil maʼlumot olishni istasangiz, Hayz vaqtida ogʻriq boʻlishi – dismenoreya maqolasini oʻqib chiqishingizni tavsiya etamiz.

Ushbu videoda koʻrsatilgan yoga usullari hayz vaqtidagi ogʻriqlardan, xalos boʻlishga yordam berishi mumkin.

Menoragiya — hayz vaqtida ko’p qon ketishi

Menorragiya ginekologik shikoyatlarning eng koʻp tarqalgani hisoblanadi. Tashxis qoʻyilgan ayollarning ayrimlarida, buning asosiy sababini aniqlash qiyinchilik tugʻdiradi.  Menorragiya organizmdagi jiddiy muammolarning ilk belgisi ham boʻlishi mumkin.

Menorragiya bu  bitta sikl davomida normal miqdordan ikki baravar koʻp, yaʼni 80 ml.dan ortiq qon yoʻqotish holatidir. Normada bir hayz sikli davomida 30-40 ml.gacha qon yoʻqotilishi mumkin.

Ushbu turdagi hayz sikli buzilishi 7 kundan koʻproq davom etib, ayoldan har 2 soatda yoki undan koʻproq muddatda prokladka yoki tamponni almashtirishni talab qiladi.

laxta qon kelishi
Illustratsiya: Marta Pucci. HelloClue

Hayz qoni koʻp kelishiga, quyidagi omillar sabab boʻlishi mumkin:

  • Tuxumdonlar disfunksiyasi;
  • Gormonal buzilishlar;
  • Bachadon miomasi;
  • Bachadon va bachadon boʻyni saratoni
  • Adenomioz;
  • Spiral ishlatish;
  • Homiladorlikning asoratlari;
  • Qon kasalliklari.

Hayz sikli buzilishini davolash

Menstrual sikl buzilishini davolash kasallikning asosiy sababchisini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan boʻladi. Davolash usullari muammo sababchisiga, tashxisga, bemorning holati qanchalik ogʻir yoki yengilligiga, shu vaqtga qadar qanday kasalliklarni boshidan oʻtkazganiga va boshqa shu kabi bir qancha omillarga bogʻliq.  

Amaliyotda koʻp qon ketishini nazorat qilish uchun gormonlar buyurilishi  mumkin. Ogʻriqlarni bartaraf qilish uchun esa, ibuprofen kabi ogʻriq qoldiruvchi preparatlar ishlatiladi. Muammolarga kuchli zoʻriqishlar va ogʻir mehnat sabab boʻlganligi aniqlansa, uzoq muddat dam olish hamda maxsus terapiya oʻtkazish maqsadga muvofiq.

Hayz sikli buzilishi shakllarining kelib chiqish sabablari sifatida tizimli kasalliklar, masalan qalqonsimon bez, reproduktiv tizim kasalliklari, turli yaxshi va yomon sifatli oʻsmalar aniqlansa, tegishli mutaxassislarga murojaat qilgan holatda asosiy kasalliklarni davolash talab etiladi. Koʻpincha, asosiy kasallik bartaraf etilgandan soʻng hayz sikli normallashadi.

Kasallikning asoratlari va oldini olish usullari

Hayz sikli buzilishi turli kasalliklar oqibatida yuzaga kelganligini inobatga olsak, asosiy kasallik yoki omil bartaraf etilmas ekan, ushbu patologik holat organizmda chuqur asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.

Masalan, amenoreya, oligoamenoreya tufayli osteoparoz va bepushtlik, polimenoreya, menoragiya tufayli kamqonlikning ogʻir darajasi, charchoq, ogʻriqlar,  umumiy moddalar almashinuvining buzilishi kabi asoratlar rivojlanishi mumkin. Shunga alohida ahamiyat berish kerakki, bu holatlar boshqa kasalliklar tufayli yuz berayotganligi uchun asoratlar asosiy kasallikning turiga qarab, turlicha boʻlishi mumkin. Shuning uchun hayz fuksiyasi bilan bogʻliq oʻzingizdagi noodatiy oʻzgarishni sezishingiz bilanoq shifokor bilan maslahatlashishni odat qiling.

Hayz sikli buzilishining oldini olish uchun quyidagi baʼzi tavsiyalarni amalga tatbiq etish foyda beradi:

  • Oʻrta intensivlikdagi jismoniy mashqlar bajarish va foydali oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish orqali sogʻlom turmush tarzini saqlashga harakat qiling. Agar siz ozishni niyat qilgan boʻlsangiz, kaloriya va oziq-ovqat isteʼmolini keskin cheklaydigan parhezga murojaat qilish oʻrniga, uni asta-sekin tartib bilan bajaring.
  • Yetarli darajada dam olganingizga ishonch hosil qiling.
  • Stressni kamaytirish uchun turli usullarni qoʻllab koʻring.
  • Agar siz professional sportchi boʻlsangiz, uzoq muddatli yoki kuchli intensiv mashqlarni toʻxtating. Professional sport bilan shugʻullanish, avval aytganimizdek, hayz siklining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin.
  • Homiladorlikni nazorat qilish tabletkalarini yoki boshqa kontratseptsiya usullarini koʻrsatmalarga muvofiq, ginekolog tavsiyasiga koʻra foydalaning.
  • Hayz davringizni doimo kuzatib boring.
  • Har olti oyda profilaktika maqsadida, shifokor koʻrigidan oʻtib turing.
laxta qon kelishi
Foto: Google Photo

Hayz sikli buzilishi bilan ginekologga qachon murojaat qilish zarur?

Agar sizda quyidagi alomatlar mavjud boʻlsa, shifokor bilan bogʻlaning:

  • Noodatiy qon ketish kuzatilsa yoki katta qon laxtalari ajralsa;
  • Anormal yoki badboʻy hidli vaginal ajralma ajralsa;
  • Hayz sikli buzilishi muntazam boʻlsa, yaʼni har safar odatdagidan 5-7 kunga hayz kechikishi yoki erta kelishi kuzatilsa;
  • Hayz koʻrish yetti kundan koʻproq davom etsa;
  • Menopauzani boshdan kechirganingizdan soʻng qon ketishi davom etsa;
  • Qizlarda 15 yoshida ham hayz koʻrishi boshlanmasa yoki hayz boshlangandan soʻng 1-2 yil ichida ham siklik hayz davri oʻrnatilmasa;
  • Hayz boshlanishi oldidan yoki hayz davrida kuchli ogʻriqlar sizni tez-tez bezovta qilsa;
  • Qon ketishi tana haroratining koʻtarilishi bilan namoyon boʻlsa. 
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Skolioz bo‘lgan qiz homilador bo‘la oladimi?

Va, umuman, hayz koʻrish bilan bogʻliq noodatiy holatni boshingizdan oʻtkazsangiz, albatta, bu haqida shifokor bilan maslahatlashish zarur.

Hayz vaqtida laxta qon kelishi normal holatmi?

Aksariyat ayollar hayotlarining bir qismida hayz koʻrishining noodatiy turli ajralma hamda laxta qon kelishi kabi holatlarni boshlaridan oʻtkazishlari mumkin. Menstrual laxtalar, hayz vaqtida bachadondan chiqariladigan laxta qon, toʻqima va qonning quyuq massali qon tomirlardan tashkil topib, rangi toʻq qizil rangdan, toʻq jigarrang holatgacha boʻladi.

Agar qonli laxtalar kichkina boʻlsa va vaqti-vaqti bilan kam-kamdan ajralib, yorqin yoki toʻq qizil rangda boʻlsa, tashvishlanishga asos boʻlmasligi mumkin. Lekin hayz qoni jigarrang, koʻp miqdorda laxta qon kelishi kuzatilsa hamda bu tez-tez takrorlanib tursa, sogʻlikdagi jiddiy muammolarning alomatlari boʻlishi mumkin.

Odatda, hayz vaqtida laxta qon kelishi menoragiya va boshqa hayz sikli buzilishi shakllari bilan birgalikda keladi hamda ayolning turmush tarziga salbiy taʼsir etadi. Yuqorida sanab oʻtgan, menoragiyaga sabab boʻluvchi omillar koʻp qon ajralishiga olib keladi, natijada laxta qon kelishi ham kuzatilishi mumkin.

Hayz vaqtida laxta qon kelishi quyidagi omillar sabab yuzaga kelishi mumkin:

  • mioma;
  • endometrioz;
  • adenomioz;
  • o’smalar;
  • gormonal muvozanat buzilishi;
  • homila tushishi.

Agar ayolda davriy laxta qon kelishi kuzatilmasdan, ba’zi-ba’zida turli darajada qon ketib tursa, bu hayz sikli buzilishiga aloqador boʻlmay, balki bachadonda yuzaga kelgan boshqa jiddiy o‘zgarish tufayli qon ajrayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Shuning uchun muntazam ravishda, hayz koʻrganingizda qon quyqalari yoki laxta qon kelishi roʻy bersa, ginekologga murojaat qiling. Zero, oʻz vaqtida aniqlanib, davo chorasi koʻrilgan har qanday kasallikni bartaraf qilish mumkin.

Normada hayz necha kun kechikishi mumkin?

Maqola boshida aytib oʻtganimizdek, hayz sikli normada 21 kundan 35 kungacha boʻlgan muddatni tashkil qiladi, odatda sikl 28 kun davom etadi. Hayz koʻrish esa, ikki kundan yetti kungacha davom etishi mumkin. Agar hayz koʻrish kutilgan kundan 5 yoki undan koʻp kun oʻtgach ham boshlanmasa, hayz kechikishi hisoblanadi. Agar oxirgi hayz boshlanganidan keyin 6 hafta yoki undan koʻp hafta davomida hayz koʻrmagan boʻlsa, hayz muddati oʻtkazib yuborilgan hisoblanadi.

Hayz siklining qisqa muddatlarga kechikishiga hayot tarzining oʻzgarishidan tortib, turli xastaliklar ham sababchi boʻlishi mumkin.  

Masalan:

  • Stressni boshdan kechirish;
  • Keskin ozib ketish yoki semirib ketish;
  • Jismoniy mashq yoki ogʻir mehnat hajmini odatdagidan keskin oshirish;
  • Kontraseptik preparatlarni qabul qilish;
  • Perimenopauza yoki erta menopauzada;
  • Tuxumdon polikistotik sindromi;
  • Qalqonsimon bez kasalliklari.

Yuqorida sanab oʻtgan holatlardan tashqari, homiladorlikni rejalashtirayotgan oilalarda hayz kelishining kechikishiga sabab homiladorlik yuz berganligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Agar homiladorlikni rejalashtirayotgan boʻlsangiz, oʻzingizda hayz kechikishi bilan birgalikda, homiladorlikning ilk belgilari: koʻngil aynishi, tez charchash, kichik hojatning koʻpayganligi, taʼm va hid bilishning oʻzgarishi kabi belgilarni sezsangiz, albatta, homiladorlik testini oʻtkazib koʻrishingiz kerak.

Demak, meʼyorda hayz sikli davriy ravishda takrorlansa, biror-bir sababsiz kechikish mumkin emas. Agar muntazam davrga ega boʻlsangiz-u, lekin oxirgi vaqtlarda hayz kechikishi kuzatilayotgan boʻlsa, shifokor qabuliga borishni unutmang.

Spiraldan keyin qon kelishi kuzatilsa, nima qilish kerak?

Bachadon ichi spirali ishonchli kontrasepsiya usullaridan biri hisoblanadi va ginekologiya amaliyotida keng qoʻllaniladi. Biroq, barcha tibbiy vositalarda boʻlgani kabi, spiralni ham notoʻgʻri qoʻllash yoki foydalanish oqibatida turli asoratlar kelib chiqishi mumkin. Bulardan eng keng tarqalgani spiraldan keyin qon kelishi holatidir.

Spiraldan keyin hayz kelishi vaqtida hayz suyuqligi hajmining koʻpayishi, kam holatlarda hayz koʻrmayotgan vaqtda ham qon ketish kabi asoratlar kuzatilishi mumkin. Qon ketish temir tanqisligi anemiyasi, holsizlik, teri rangining oqarishi, hansirash, sochlar va tirnoqlarning sinuvchanligi va ichki aʼzolarda distrofik oʻzgarishlar bilan kechadi. Qon ketishlarning oldini olish maqsadida spiral oʻrnatilishidan 2 oy oldin oral kontraseptiv vositalardan foydalanib turish zarur. Agar menorragiya anemiyalarga sabab boʻlsa, bachadon ichi spirali olib tashlash talab etiladi.

Tug’ruqdan keyin hayz ko’rmaslik yoki kechikishi qancha davom etadi?

Odatda, tugʻruqdan keyin hayz koʻrish avvalgi davriy hayz siklidan biroz farqlanishi mumkin. Emizikli ayollar toki, bolasini tartib bilan (kechasi ham) emizarkan ularda emizishni toʻxtatmagunlaricha yoki kechasi emizishni toʻxtatmagunlaricha  hayz kelishi kuzatilmaydi. Agarda, ona bolani tartibsiz yoki umuman emizmasa, unda birinchi hayz koʻrish tugʻilgandan keyin 5-6 hafta oʻtgach boshlanishi mumkin. Jahon sogʻlikni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, bolaning sogʻlom va baquvvat rivojlanishi uchun, kamida olti oy koʻkrak suti bilan tartibli boqish lozim. 

Ayniqsa, tugʻruqdan keyingi bir necha oy ichida, muntazam boʻlmagan hayz koʻrish odatiy hol hisoblanadi. Bolasini koʻkrak suti bilan boqadigan ayollarda tartibsiz davrlar koʻproq kuzatiladi, chunki emizishni qoʻllab-quvvatlovchi gormonlar organizmda ovulyatsiyaning kechikishiga olib kelishi mumkin. Emizikli boʻlmagan ayollarda ham hayzlar tartibsiz boʻlishi mumkin, chunki tana homiladorlik va tugʻruqdan keyin tiklanish uchun vaqt talab etiladi. Natijada, tartibsiz hayz koʻrish holati kuzatiladi. Biroq bu holat vaqt oʻtishi bilan odatiy tartibiga qaytadi. 

Shuningdek, tugʻruqdan soʻng qindan qonli ajralmalar ajralishi kuzatilishi mumkin. Bu holatni hayz koʻrish, deb talqin qilish kerak emas, chunki ajralmalar kelishiga sabab bachadonning tugʻruqdan keyin tiklanishidir. Maʼlumotlarga koʻra,  tugʻruqdan keyin qon ketishi 3-5 hafta yoki undan ham koʻproq davom etishi mumkin.

Ammo juda ogʻir qon ketishi yoki qon ketishi kuchli ogʻriq hamda tana haroratining koʻtarilishi bilan sodir boʻlsa va ajralmalar hajmi katta boʻlsa, darhol ginekologga murojaat qilish shart.

Hayz keltiruvchi dorilar
Foto: Google Photo

Hayz keltiruvchi dorilar xavfsizmi?

Hayz keltiruvchi dorilar, yaʼni hayz siklini meʼyorlashtiruvchi kimyoviy preparatlar hayz sikli buzilishi bilan shikoyat qilgan ayollarga ginekologlar tomonidan tavsiya qilinishi mumkin. Masalan, rejalashtirilmagan homiladorlikni nazorat qilishning gormonal usullari uchun ishlatiladigan preparatlar anormal bachadon qon ketishlarida hamda amenoreya holatlarida hayz siklining normallashishiga yordam beradi va xavfsiz hisoblanadi. Lekin, ularni ginekolog koʻrsatmalarisiz hamda tartibsiz qabul qilish, holatni yana ham ogʻirlashtirib, hayz sikli buzilishining bir nechta turlarining oʻzaro qoʻshilib kelishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homilador ayollar uchun gimnastika

Bundan tashqari, hayz funksiyasi buzilishi shakliga, kelib chiqish sababiga koʻra boshqa guruh preparatlari ham davolash maqsadida ishlatiladi. Masalan, nosteroid yalligʻlanishga qarshi preparatlar, antibiotiklar, qon kasalliklariga qarshi preparatlar hamda vitaminlar.

Uy sharoitida hayz keltirish usullari mavjudmi?

Uy sharoitida hayz keltirish yoki hayz siklini normallashtirish hayot  tarzini toʻgʻri tashkil etishga asoslanadi. Hayot tarzining baʼzi omillari — masalan, juda koʻp jismoniy mashqlar bajarish, ogʻir jismoniy mehnat bilan shugʻullanish yoki kam ovqatlanib, ozib ketish hayz sikli buzilishiga turtki boʻlishi mumkin. Shuning uchun ish va dam olishda muvozanat saqlashga intiling. Turmushdagi stress va asabiylashishlardan yiroqroq boʻling. Stressga tushgudek boʻlsangiz ham chiqib ketishning usullarini izlang. Agar oʻz kuchingiz bilan stressni yenga olmasangiz, oilangiz, doʻstlaringiz yoki shifokoringizdan yordam soʻrashdan tortinmang.

Bundan tashqari, uy sharoitida hayz sikli davriyligini yaxshilash, hayz sikli buzilishlarini yengillashtirish uchun mutaxassislar tomonidan quyidagi maslahatlar beriladi:

  • Yoga bilan shugʻullanish — haftasiga 5 marta, kuniga 35 dan 40 minutgacha yoga bilan shugʻullanish gormonlar va hayz davrlarini boshqarishda yordam berishi mumkin. Yoga, shuningdek, hayz oldi sindromi holatini bartaraf qilishda ham qoʻl keladi.
  • Meʼyoriy vaznni saqlashga intiling — kam yoki ortiqcha vazn tartibsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun muvozanatga amal qiling.
  • Vitaminlarni meʼyorda qabul qiling — D vitaminining past darajasi hayz sikli buzilishi xavfini oshirishi mumkin. Kundalik D vitamini qoʻshimchasini qabul qilish hayz davrini tartibga solishga yordam beradi. Shuningdek, B guruh vitaminlari hayz oldi ogʻriqlarini kamaytirib, davrlarni tartibga solishga yordam beradi.
  • Meva, sabzavotlar hamda tabiiy ichimliklar ichishni kanda qilmang.

Bir oyda ikki marta hayz kelishi xavflimi?

Polimenoreya yaʼni qisqa muddat oraligʻida hayz koʻrish sababli, baʼzida bir oyda ikki marta hayz kelishi kuzatiladi. Endomertioz, bachadon miomasi, jinsiy yoʻl bilan yuqadigan kasalliklar (xlamidiya va gonoreya), menopauza, qalqonsimon bez kasalliklari, stress, psixologik buzilishlar, toʻyib ovqatlanmaslik, tos aʼzolarining surunkali yalligʻlanish kasalliklari bir oyda ikki marta hayz koʻrishga sabab boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, jinsiy balogʻatga yetishish davrida qizlarning hayz koʻrish davrlari qisqaroq yoki baʼzan uzoqroq boʻlishi mumkin, qisqaroq sikl kuzatilishi natijasida 1 oyda 2 marta hayz koʻrishga olib kelishi mumkin. 

Agar soʻnggi 2-3 oy davomida oyiga ikki martadan hayz koʻrgan boʻlsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Shuningdek, qisqa muddat oraligʻida koʻp miqdorda qon ketsa ham shifokor maslahati zarur boʻladi. Chunki koʻp miqdorda va tez-tez hayz koʻrish, organizmda qon yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin, bu esa anemiya rivojlanishiga turtki boʻladi.

Hayz vaqtida jinsiy aloqa qilish mumkinmi?

Ayol hayz koʻrish davrida jinsiy aloqaga kirishishi tavsiya etilmaydi. Chunki turli infeksion kasalliklarning rivojlanish xavfining keskin oshishi kuzatiladi. Qin normal mikroflorasining oʻzgarishi natijasida ayolda, bakterial vaginoz, zamburugʻ kasalliklarining erkak jinsiy aʼzosi boshchasining zararlashi tufayli balanit kasalligi shakillanishi mumkin. Bundan tashqari, hayz vaqtida jinsiy aloqa qilish jinsiy yoʻl bilan yuqadigan xlamidiya, gonoreya, gepatit B, gerpes, OITS, inson papillomavirusi, sifilis kabi infeksiyalarning bemor sherikdan, sogʻlom sherikka yuqishiga sabab boʻlishi mumkin.

Quyidagi audio orqali “Nega hayz koʻrish vaqtida jinsiy aloqa qilish mumkin emas?“, degan savolga Doktor-D tomonidan berilgan batafsil javobni tinglashingiz mumkin.   

Qiz bolada hayz kechikishi normal holatmi?

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, endi hayz koʻrishni boshlagan qiz bolalarda hayz sikli barqarorlashguncha, turli xil oraliqlarda takrorlanib turishi (hayz kechikishi yoki erta kelishi), shu bilan birgalikda har xil kechishi mumkin. Ba’zida bu holat 19-20 yoshgacha saqlanib qoladi. Muntazam sikl o‘rnatilgandan so‘ng hayz sikli 21 kundan 35 kungacha davom etadi. Agar hayz koʻrishni boshlaganiga ikki yildan oshiq vaqt boʻlmagan boʻlib, hayz sikli davriy takrorlanmay, kechikayotgan boʻlsa, bundan qattiq xavotirlanish kerak emas. Lekin tartibsiz, kechishdan tashqari, ogʻriqlar, kuchli qon ketishi, jigarrang ajralmalar bilan kelishi hamda boshqa noodatiy holatlar ham kuzatilsa, qiz bola, albatta, oʻsmir qizlar ginekologiga murojaat qilishi shart.


Har bir ayol reproduktiv tizimi bilan bogʻliq biror muammoga duch kelar ekan, uning zamirida uzoq vaqtlardan beri eʼtibor bermagan yoki ahamiyat qaratmagan muammolar yotishi mumkin. Shuning uchun ushbu aʼzolar salomatligiga jiddiy ahamiyat berish, gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish lozim. 

Hayz sikli bilan bogʻliq maʼlumotlaringiz yoki oʻziga xos hikoyangiz boʻlsa, boshqa ayollar bilan ushbu maqola ostida boʻlishishingiz, ular bilan fikr almashishingiz mumkin.

Salomat boʻling!

Bo’lajak onalarda vitaminlar yetishmasligi holatini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan vitamin komplekslaridan biri Alfavit mamino zdorovyedir.

Alfavit mamino zdorovye bu – 500 mg dan, bir qadoqda 60 dona vitamin va mineral kompleksli tabletkalar.

Tabletkalar tarkibi: Yod, Foliy kislotasi, D-pantenol (B5 vitamini), B1 vitamini, B12 vitamini, B2 vitamini, B6 vitamini, S vitamini, PP vitamini, A vitamini (palmitat shaklida), temir, kalsiy, magniy, mis, xoletsalsiferol (D3 vitamini) ), Xrom, rux, biotin, E vitamini, marganets, K vitamini, L-taurin, molibden

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/offer/alfavit-mamino-zdorove-vitaminno-mineralnyy-kompleks-tabletki-500-mg-n60

Homilador ayollarda qo’llaniladigan boshqa vitaminlar: Elevit, Komplivit, Foliy kislotasi, Vitarich va hk.

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.