Ba’zi ayollarning mo‘ylov va soqollari o‘sganini ko‘ramiz. Odatda keksa onaxonlarda bu holat ko‘proq kuzatiladi. Tibbiyotda bu qanday izohlanadi? Shu haqda Niso.uz sayti ginekolog Qodirova ma‘lumotlariga asoslanib maqola chop etishgan. Shu maqolani siz uchun ham saytimizda qayta chop etishga qaror qildik, marhamat!
Odam tanasida o‘suvchi tuklarni momiq va terminal tuklarga bo‘lish mumkin. Momiq tuklar (taxminan 1,5 mm uzunlikda) bolalar va kattalar tanasining deyarli barcha qismini qoplagan bo‘ladi. Terminal yoki doimiy sochlar momiq tuklardan rangining to‘qligi, qattiqligi, uzunligi va erkak jinsiy gormonlari ta’sirida o‘sishi bilan farqlanadi. Erkak organizmining asosiy gormoni testosteron moyaklarda ishlab chiqariladi. Ayollarda erkak jinsiy gormonlari ikki yo‘l bilan: buyrak usti bezlari va tuxumdonlarda ishlab chiqariladi.
Barcha sochlarga ham androgen bir xilda ta’sir ko‘rsatmaydi. Momiq tuklar, qosh, kipriklar o‘sishida uning ahamiyati kamroq. Qov va qo‘ltiqda o‘suvchi dag‘al tuklar esa androgenning oz miqdoriga ham ta’sirchan. Shuning uchun o‘g‘il bola va qizlarda o‘smirlik davrida buyrak usti bezlari ishlab chiqaruvchi androgen tufayli dag‘al tuklar chiqa boshlaydi. Erkaklarda androgen ko‘p bo‘lganligi bois, yuz, ko‘krak, qorin, quloqlarida ham dag‘al tuklar o‘sadi. Boshning soch o‘suvchi sohasida androgenning kuchli ta’siri natijasida esa erkaklarda soch to‘kilishi ko‘proq kuzatiladi.
Girsutizm – ayollarda ortiqcha tuk o‘sishi; soqol va mo‘ylov paydo bo‘lishi, tanada va qo‘l-oyoqlarda qalin tuklar o‘sishidir. Sertuklilik darajasi organizmdagi androgenning miqdoriga bog‘liq. Bu gormon qanchalik ko‘p bo‘lsa, tanadagi ortiqcha tuklar ham shunchalik jadal o‘sadi.
Girsutizm sababini qidiramiz!
Girsutizm ayollarda ikki xil holatda paydo bo‘lishi mumkin. Birinchisi, nasliy; ikkinchisi, biror kasallik natijasida. Nasliy omillarga ortiqcha ta’rif berish shart emasdir. Ikkinchi omilga, ya’ni girsutizmga yetaklovchi kasalliklarga quyidagilar kiradi:
– hayzning to‘xtashi;
– buyrak usti bezi o‘smalari;
– erta balog‘atga yetish;
– qalqonsimon bez gormonlari balansining buzilishi;
– moddalar almashinuvining buzilishi va ortiqcha vazn;
– tuxumdonlar va miya o‘smasi, epilepsiya, ensefalit;
– buyrak va jigar patologiyalari;
– ba’zi dori vositalari.
Ayollarda lab tepasi, iyak, son, ko‘krak yoki qorinda qalin tuklarning o‘sishi girsutizm kasalligi belgisidir. Girsutizm balog‘atga yetish davrida yoki turli yoshlarda paydo bo‘lishi mumkin. Agar naslda ortiqcha tukli ayol bo‘lmasa, shifokorga murojaat etgan ma’qul.
Birinchi o‘rinda, girsutizmga sabab bo‘lgan kasallik davolaniladi. Agar holat biror dori qabul qilish tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, dori ichish to‘xtatiladi. Buyrak usti bezi yoki tuxumdonlar o‘smasi tufayli girsutizm rivojlanganda, o‘smani olib tashlash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi kerak.
Ko‘pincha girsutizm paydo bo‘lishiga homiladorlik ham sabab qilib ko‘rsatiladi. Homiladorlik davrida testosteron miqdori oldingidan bir necha baravar oshib boradi. Ammo bu organizm talabi bilan yuzaga keladi. Shu sababli homiladorlik davrida testosteron miqdorining oshishi ortiqcha tuklar o‘sishiga sabab bo‘lmaydi. Demak, bu yerda boshqa muammo bo‘lishi mumkin.
Girsutizmga o‘xshash gipertrixoz kasalligi ham mavjud. Bunda ichki bezlar funksiyasining buzilishi natijasida tuklarning haddan tashqari ko‘p o‘sishi kuzatiladi. Bu erkak va ayollarda uchraydi. Masalan, ayollar boldirida tuk o‘sishi normal holat. Lekin uning haddan ortiq ko‘p o‘sishi gipertrixoz deyiladi. Erkaklarda ham ko‘krak sohasida tuk o‘sishi normal bo‘lib, uning ko‘pligi esa gipertrixozdan darak.
Ba’zi ayollar bu holatga jiddiy e’tibor qaratmaydi. Lekin shuni unutmangki, hech narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. E’tiborsizlik xavfli kasalliklarning avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin.