Toza suv - yaxshi shifokor va qadrdon do‘st. Men sizlarga distillangan suv iste’mol qilishning muhimligi haqida gapirgan edim. Sizning tanangizning 70 foizga yaqini suvdan iborat. Tanada suvni normal holatda ushlash uchun siz doimo suv ichib turish ehtiyojini sezasiz. Iste’mol qilayotgan ovqatingizga ko‘plab meva va sabzavot qo‘shib, organizmingizga ko‘p miqdorda distillangan suv kiritasiz.

Iliq vanna - tiniqlashtiruvchi va bo‘shashtiruvchi vositadir

Ko‘pchilik kishilar dengiz qirg‘oqlarida, ko‘l, daryo, cho‘milish xavzalarida har kuni suvdan roxatlanadilar. Suzish eng yaxshi mashqlardan biridir. U hech qachon muskul va yurakka og‘irlik qilmaydi. Agarda siz suzishni bilmasangiz, bu soxa mutaxassislariga uchrang, ular o‘rgatishadi. Bundan siz hech qachon afsuslanmaysiz, chunki suzish sizga roxatijon bo‘shashtirish va xuzurlanish in’om etadi. U sizga quvonch keltiradi, bunda yoshingizning axamiyati yo‘q. Suvdan qo‘rqmang, uni yaxshi ko‘rishni o‘rganing. Juda qadim zamonlardan buyon suvdan ko‘plab kasalliklarni davolashda foydalanib kelinadi. Dunyo bo‘ylab sayohatlarimda suv bilan davolashning juda ko‘p usullarini ko‘rdim. Qadim zamonlarda misrliklar, suriyaliklar, yaxudiylar, forsiylar, greklar, xindlar, xitoylar va amerikalik xindular kasalliklarni davolashda suvdan foydalanishning turli usullarini bilishgan. Meditsinaning otasi Gippokrat bizning eramizdan 400 yil oldinoq suv bilan davolash tizimidan foydalangan. Uning asosiy usuli issiq va sovuq suvni almashtirib cho‘milish, keyin esa terini ishqalab artishdan iborat bo‘lgan. Bu esa qon aylanishini yaxshilashga olib kelgan. Bu usuldan hozir xam foydalanishadi. Mening uyim mineral suvlar chiqadigan xududda joylashgan. Men shu shifobaxsh suvlardan xuzurlanishim mumkin. Bu tinchlantiruvchi shifobaxsh suvda cho‘milish uchun dunyoning turli chekkalaridan odamlar kelishadi. Men, mineral suvni odamlarni davolovchi vosita deb xisoblamayman, u ko‘proq toksinlarni xaydovchi va tozalovchi, shuningdek, tanada qonning aylanishini tezlashtiruvchidir. Mana, men nima uchun tanani tozalash, detoksikatsiyalash va badan faoliyatini izga tushirish, ya’ni relaksatsiya uchun bir necha hafta davomida issiq vanna olishni maslaxat beraman. Yaxshisi issiq suvli buloqlardan foydalangan ma’qul. Ochlik dasturi bilan birga issiq vanna qabul qilish sizning tabiiy xayot tarzingizga aylanishi mumkin. Lekin issiq vannani ochlik davrida qabul qilmaslik kerak.

Suv ovqatga nisbatan muhimroqdir

Odamning yarimidan ko‘proq vazni suvdir. Suyagingizning ham uchdan biri suvdan iborat. Tanadagi suvning o‘ndan bir bo‘lagi yo‘qolishi o‘ta xavflidir. O‘ndan ikki qismining yo‘qolishi esa xalokatdir. Suv yetishmovchiligi ximik va fizik jarayonlar normal kechishining buzilishiga olib keladi. Badanda normal hayotiy jarayon bo‘lishi uchun suv meyorini ushlash lozim bo‘ladi. Alpinizm tarixida bo‘lgan voqea organizmning suvga bo‘lgan extiyojini yana bir bor tasdiqlaydi. Ximolay tog‘larini zabt etish uchun urinayotgan kishilar og‘irliklarini ancha yo‘qotdilar. Everest cho‘qqisiga chiqish uchun tashkil etilgan ekspeditsiyagacha hech kim balandlikning inson suv almashinuviga ta’sirini ilmiy isbotlab bera olmadi. Odamlar muz va qorni suvga aylantirishga majbur bo‘ldilar. Ular shunday balandlikda inson uchun bir kunda o‘rtacha uch litr suv kerak bo‘lishiga amin bo‘ldilar. Bu oldin mo‘ljallaganidan ancha ko‘p edi. Biz, ehtimol, buncha miqdordagi suvga muhtoj bo‘lmasmiz, lekin bu tana uchun suv naqadar kerakligining yorqin isbotidir. [su_quote cite="Edison"]Haykaltarosh uchun bir bo‘lak marmar qanchalik zarur bo‘lsa, qalb uchun bilim shunchalik kerak bo‘ladi. [/su_quote]

AQSHning qishloq xo‘jalik vazirligi chiqaradigan yillik nashrda doktor Olaf Mikkelson quyidagicha yozadi: “Kisloroddan keyin suv inson va jonivorlar hayotidagi eng kerakli omildir. Inson ovqatsiz besh xafta va undan ko‘proq yashashi mumkin, lekin suvsiz bir necha kun yashay oladi, xolos”. G‘arbiy mintaqa ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining fuqarolar xavfsizlik xizmati nomiga yuborgan xisobotida shunday deyiladi: “Ishonib bo‘lmaydi, lekin ikki hafta davomida inson sog‘ligini saqlash uchun ovqat yeyish shart emas. Agarda suv yetarli bo‘lsa, bunday sharoitda ko‘pchilik odamlar yashab qoladilar”.

Bizning organizmimiz suvdan qanday foydalanadi

Barcha xayotiy jarayonlar suvga asoslanadi. Usiz protoplazma yashay olmaydi. Xech qanday o‘simlik, sudraluvchi, kaktus, qush, baliq suvsiz yashay olmaydi. Agar to‘qimalar qurisa, uning xayoti ham tugaydi. To‘qima uchun suyuqlik kerak bo‘ladi. Inson to‘qimasiga-ku undan ham ko‘proq- tanada besh litrdan ko‘proq qon bor. To‘qimalar oladigan ozuqa chiqindilarining tanadan suyuqlik xolida chiqarib tashlanadigani siydik xisoblanadi. Agarda o‘pkaning ustki qismi xo‘l bo‘lmasa kislorodni xam o‘zlashtira olmaydi. Karbanat kislotasini ajratib chiqarishda ham shu holat sodir bo‘ladi. U. Kennon aytgandiki: “Suv hazm qilish yo‘lidan keladigan ovqat maxsulotlarini erituvchi hamdir: Bizga energiya beradigan ximiyaviy jarayonlarda ham suv eng kerakli narsa xisoblanadi. U tanada bir xil issiqlikni ushlab turadi va badandagi ximiyaviy jarayonlarda muxim rol o‘ynaydi”.

Suv va hazm

Suvsiz ovqatni o‘zlashtirib bo‘lmaydi. Tananing normal faoliyat ko‘rsatishiga kerak bo‘ladigan oqsil, kraxmal va yog‘larning ozuqaga aylanishi uchun xam suv zarur bo‘ladi. Suv oshqozonda qo‘zg‘ash ishlarini amalga oshirish, ichakda esa chiqindi, ya’ni fekal massalarning shakllanishi va o‘z vaqtida chiqarib yuborilishi uchun xizmat qiladi. Suvning og‘izga ovqat tushgandan boshlab, xazm qilishdagi axamiyati haqida to‘xtalishga ijozat bergaysiz. Bunda, so‘lak deb nomlangan suyuqlik uglevodlarni parchalay boshlaydi. Oshqozon shirasining 90 foizi suvdan iborat. Ovqat oshqozon orqali o‘tayotganda o‘z ishini amalga oshiradi. Endi, bo‘tqaga aylangan ozuqa ingichka ichakning boshi bo‘lgan o‘n ikki barmoqli ichakka o‘tadi va u yerda suriladi. 90 foiz suvdan tashkil topgan jigar sekresiyasi va oshqozon osti bezi ovqat hazm qilishni tugatadi.

Suv va chiqitlar

Eruvchan chiqitlar organizmdan suv yordamida chiqarib tashlanadi. Buyrak, qovuq, teri va o‘pka zaharlardan suvsiz xalos bo‘la olmaydilar. Alveollar faqat nam holdagina normal faoliyat ko‘rsatishi mumkin. Ularning barchasi havo bilan to‘qnashib turganligi uchun odam nafas olganda ham ko‘pi yarim litr suv yo‘qotadi. Xavo quruq bo‘lsa, bu raqam ko‘tarilishi mumkin. Ko‘pchilik kishilar uylariga namlagich qo‘yib bunday quruqlikdan qochadilar. Teri orqali ko‘p miqdordagi suv bug‘lanadi. Bu holatda suv nafaqat zaharlarni chiqarib tashlash, balki boshqa vazifalarni xam bajaradi. Buyraklarga ko‘p suv kerak bo‘ladi. Kerak bo‘ladigan suv miqdori iste’mol qilinadigan suyuqlik miqdoriga bog‘liqdir. Buyrakdan o‘tadigan har bir litr suv 90 gramm chiqitni o‘zi bilan olib ketadi. Bu normal faoliyatdir. Lekin suv yoki siydik miqdori 0,25 litrdan kamaymasligi lozim. Buyrak xech qachon ishini to‘xtatmaydi va hamisha, xatto suv kelishi to‘xtasa ham suv talab qiladi.

Qon va suv

Ma’lumki non suvga nisbatan o‘n foiz quyuqroqdir. Qon zardobi (plazmasi) 80 foiz suvdan iborat bo‘lib, bu uning butun tana bo‘ylab erkin harakatlanishi uchun imkon beradi. U ozuqa va gazni, noorganik tuz va so‘riluvchi ozuqalarni, chiqitlarni olib yuradi va shunga o‘xshash boshqa ishlarni amalga oshiradi. Inson to‘qimalari uchun kerak bo‘ladigan barcha narsalarni, shu jumladan, to‘qimalarning o‘zini tashkil etuvchi moddalarni xam plazma keltiradi. Inson xujayralari uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar, hujayralar o‘zlarini tiklashi uchun kerak bo‘ladigan moddalargacha qadar plazma orqali olib kelinadi. U ovqat hazm qilish va nafas olish muchalaridan olgan ozuqa va yonilg‘ini tananing barcha to‘qimalariga eltadi.

Suv salqinlikni saqlaydi

Avtomobil radiatoridagi suv dvigitelda ma’lum xaroratni ushlab turish uchun kerak. Bu holat inson tanasi uchun xam taalluqlidir. Buning sababi shundaki, suv issiqni o‘ziga tez shimib oladi. Doimiy bir xil xaroratni ushlab turishi lozim bo‘lgan tirik jonzotlar uchun suv eng samarali sovutgichdir. Inson tanasi bitta doimiy xarorat darajasiga ega. Bu 36,6 va bu ko‘rsatkich ob-xavo va atrof muxitning qandayligidan kat’iy nazar bir xil bo‘ladi.

Inson tanasidagi xarorat teridan bug‘lanayotgan suv xisobiga muvofiqlashib turiladi. Bundan tashqari kislorod va ovqatning tanada xazm bo‘lishi jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlikning to‘rtdan biri nafas olish vaqtida chiqarib tashlanadi. Lekin tana terlash xisobiga soatiga yarim litr suv sarf qilishi mumkin. Sovuq vaqtlarda terlash to‘xtaydi va barcha suv to‘qimalarga to‘planadi. Xaroratni mo‘’tadil saqlash uchun tana katta ishlarni bajaradi.

Ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, odam osoyishta vaqtida, kunning normal namligida bir kunda o‘pka va teri orqali 300 gramm suyuqlik yo‘qotadi. Uzoq masofaga yuguruvchi bir soatda 4 litrgacha, futbolchi ba’zida 6 litrgacha suv yo‘qotar ekan. Inson tananing yarmidan ko‘prog‘i suv bo‘lgach va ajratib chiqarish jarayonlari xam asosan o‘zida bo‘lgandan keyin, suyuqlikni tezda yo‘qotishi xam mumkinligi tushunarli bo‘ladi. Suv yetishmasligi xavfli bo‘lib, ayniqsa u cho‘zilib ketsa juda yomon bo‘ladi. Siz shunga e’tibor qilishingiz va ko‘p suv ichishingiz lozim.

Suv - yog‘lovchi vosita

Tana o‘z-o‘zidan yog‘lanadi va suv asosiy yog‘lovchi xisoblanadi. U organlarni bir-biri bilan ishqalanishdan saqlaydi, suyak bo‘g‘inlarining erkin xarakatlanishi uchun yordam beradi. Siz yog‘siz tizza yoki tirsagingizni bukolmaysiz. U tana gidravlik tizimining asosi bo‘lib, badanda turli bosim hosil qiladi va uni ushlab turadi. Muskullarning to‘rtdan uch qismi suv bo‘lgani uchun ham suvsiz muskullar tiniqligini ta’minlash mumkin emas. Tanada suvning kamayishi bizning charchog‘imizga sababchi bo‘ladi.

Suvning uch manbai

Tana o‘zi uchun suv topmog‘i lozim. Birinchi manba - ma’lum. Bu suvi bo‘lgan ozuqalar: mevalar, sharbatlar, sho‘rva, ichimliklar iste’mol qilish. Ovqatlanishning muntazamligi ham suv manbalaridan biridir. Tuxum 70 foiz, o‘rik 80 foiz suvdir. Bizga ma’lum barcha quruq va qattiq ozuqalar xam 25 foizgacha suvdan iborat bo‘ladi. Uchinchi manba metabolizm bo‘lib, bu tanada ximiyaviy reaksiyalar natijasida xosil bo‘ladigan qoldiq suvdir. Tanaga kelib tushgan ozuqa to‘qimalarga so‘rila boshlaganda bu jarayon sodir bo‘ladi. Bunday suv ishlab chiqarishga eng yaxshi misol tuyadir. Tuya suv ichgandagichalik suvni o‘zi boshqa manbalardan ishlab chiqara oladi. Ayrim sudraluvchilar xam shunday xususiyatga ega bo‘lib, xatto suvi kam bo‘lgan quruq narsalar bilan oziqlansa xam kerakli suvni ishlab chiqara oladilar. Inson bir kunda o‘rtacha 2,5 litr suv iste’mol qiladi, lekin uning organizmida 5 litrgacha suv aylanib yuradi. O‘rtadagi farq ya’ni tanadagi suvning teng yarmi esa metabolik - qoldiq suv xisoblanadi.

Organizmda suv tanqisligi

Organizmda suv kamaysa, u tezda bu xaqda ma’lum qiladi. Birinchidan, bezlarda sekresiya, ya’ni ajralish kamayadi, so‘laklar miqdori ozayadi, teri quruqlashadi, biz chanqoqlik sezamiz. Bu tanaga suv kiritish zarurligi haqidagi xabardir. Agar suvning kamayishi yanada ortsa bosh og‘riq, asabiy xolat, fikrni jamlash xususiyatining zaiflashuvi, ovqat xazm qilishning buzilishi va boshqa belgilarning ko‘payishiga olib keladi. Suvning tanaga kerakli miqdori bu kabi belgilarning barchasiga barxam beradi.

© Pol Bregg «Ochlik mo‘jizasi» kitobi. Ziyouz.uz