Umurtqa kasalliklari

MAQOLALAR

ico
Umurtqalararo disk churrasi yoxud grija haqida

Shifokorlarning og‘ir ko‘tarmaslik, organizmni haddan ziyod zo‘riqtirmaslik yoki keskin va qaltis jismoniy harakatlar qilmaslik kabi maslahatlariga hammamiz ham amal qilavermaymiz. Sog‘lig‘imizga bee’tiborligimiz oqibatida esa jiddiy muammolarga duch kelishimiz ehtimoli oshadi. Umurtqalararo disk churrasi yoki xalq tilida "grija" kasalligining vujudga kelishi ham ana shunday muammolardan biridir.

Disk churralari yoki disk siqilishlari deb ham ataladi, og‘riqli va insonni zaiflashtiruvchi kasalliklardandir. Uning kelib chiqishi a’zolarning kam harakatligiga va noziklashuviga sabab bo‘ladi, ba’zi hollarda u og‘riqsiz kechadi, chunki disk hech qanday nerv tolasini siqib qo‘ymasligi ham mumkin.

Simptomlar asta sekinlik bilan vaqtlar o‘tib kamayishi mumkin, ammo belgilar kuchayishi davom etsa operativ aralashuv zarur bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolamizda biz sizga disk churralarining nima ekanligi, diagnozi, davosi va profilaktikasi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Qisqacha faktlar

  • Disk churrasi umurtqa pog‘onasiga ta’sir etadi;
  • Har qanday og‘riq 4-6 hafta ichida o‘tib ketishi mumkin;
  • Disk churralari asorat berishi yoki bermasligi mumkin;
  • Davo choralari konservativ, jismoniy mashqlar, ultratovush terapiyasi va operativ davo.

Disk churrasi grija sabablari

Inson umurtqa pog‘onasi 26 ta suyaklardan tashkil topgan (bo‘yin umurtqalari hisoblanmaganda). Har bir umurtqa suyaklari orasida elastik “yostiqlar” bo‘ladi, ular disk deb ataladi. Bu disklar umurtqa pog‘onasini biriktirib turadi va amartizator vazifasini bajaradi.

Disklar yumshoq boylamlar bilan o‘ralgan. Disk churralarida yumshoq qoplama disk orasida yoriq ichiga kirib qoladi yoki undan tashqariga chiqib qoladi. Ko‘p hollarda bu jarayon bel umurtqalarida kuzatiladi.

Nerv tolalarining o‘sha joyda siqilib qolishi hisobiga tananing ma’lum bir sohalarida va umurtqaning o‘zida og‘riq seziladi. Yosh o‘tgan sari disklar o‘zining elastiklik xususiyatini yo‘qota boshlaydi (disk tolalari saqlaydigan suyuqlik kamayadi), bu esa umurtqalarning egiluvchanligi kamayishiga va disklarda yorilishlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu har doim ham diskda churralar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lavermaydi, inson og‘ir yukni tizzalarini bukmay birdan ko‘targanda ham yuzaga kelishi mumkin.

Disk churralari har qanday yoshda uchraydi. Ammo 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida boshqa yoshlilarga nisbatan ko‘proq kuzatiladi.

Ehtimoliy sabab faktorlari:

  • Og‘irlik: tana vaznining ortiqchaligi disklarga og‘irlik beradi.
  • Genetik: disk churralariga moyillik genetik bo‘lishi mumkin.
  • Kasbga bog‘likligi: og‘ir yuk ko‘tarish, itarish va tortish talab qilinadigan kasblarda ishlovchi shaxslarda kasallik ko‘proq kuzatiladi.

Umurtqalararo disk churrasiga quyidagilar  sabab bo‘lishi ham mumkin:

Disk churrasi yoxud grija belgilari

Ba’zi hollarda kasallik simptomlarsiz kechadi. Kasallikning belgilarga quyidagilar kiradi:

  • Sezuvchanlik kamayishi. Nerv tolalarining siqilishi natijasida, tananing tegishli qismlarida sezuvchalikning pasayishi kuzatiladi.
  • Muskullardagi zaiflik. Nerv tolalarining siqilishi hisobiga ko‘p vaqt yurilganda muskullarda zaiflik sezilishi mumkin.
  • Og‘riq. Belda, yelkalarda va qo‘llarda. Bel disk churralarida dumba sohasida, sonning orqasida va oyoqlarda og‘riq seziladi. Agar muammo bo‘yin umurtqalarida bo‘lsa og‘riq yelka va qo‘llarda bo‘ladi. Tez harakat qilinganda, aksirganda og‘riq o‘tkir sanchuvchi bo‘ladi.

Umurtqalararo disk churrasi (grija) xavflimi?

Nerv tolalari siqilishi va mushaklarning zaiflashuvi hisobiga ba’zi hollarda “ot beli” (horses tail) simptomi ham kuzatiladi, bunda bel sohasi oldinga egilib qoladi. Bundan tashqari nerv tolalarining siqilishi kuchsizlik, shollik, ichaklarning hazm qilishi sustayishi va peristaltikasi buzilishiga va jinsiy zaiflikka olib kelishi mumkin. Bunday hollarda faqatgina operativ davo yordam beradi.

Tekshirish

Faqat shifokorgina tegishli maxsus tekhiruv usullari yordamida disk churralarini (grija) aniqlay oladi. Ular bu jarayonda quyidagi omillarni tekshirishadi:

  • Reflekslarni tekshirish;
  • Orqa sohadagi sezuvchanlikni aniqlash;
  • Muskullarning kuchini tekshirish;
  • Harakatlanish chegarasini ko‘rib;
  • Qo‘llarning ushlab ko‘rish kuchini tekshirib;
  • Rentgenografiya boshqa simptomlar bilan kelsa, ularni istisno qilishda yordam beradi;
  • MRT yoki KT disk churrasining joyini va ezilgan nerv tolasini aniq ko‘rsatadi;
  • Diskogramma (diskografiya) disk orasiga kontrast modda yuborib, disk yoriqlarini ko‘rish mumkin.

Umurtqa grijasini davolash

Churraning paydo bo‘lgan muddati juda katta ahamiyat kasb etadi. Uch oygacha bo‘lgani yengil, uch oydan olti oygacha bo‘lgan churra esa surunkali hisoblanadi. Bundan tashqari, churraning hajmiga ham e’tibor qaratiladi. Agar u 9 millimetrdan kichik bo‘lsa, jarrohlik aralashuvisiz davolash mumkin.

Bu xastalik aslo qo‘rqinchli va bedavo emas, umurtqalararo diks churrasi hali «yangi» bo‘lsa, osongina davolanadi. Agar jarrohlik aralashuvi tayinlansa ham qo‘rqmaslik kerak.  Vaqtida o‘tkazilmagan 15 daqiqalik jarrohlik amaliyoti keyinchalik, kasallikning zo‘rayib borishi natijasida 2 soatlik og‘ir amaliyotga aylanishi mumkin.

Chunki churra teshigida qisilib qolgan a’zolarning qon bilan ta’minlanishi buzilib, asab tolalari ezilishi tufayli a’zolar hayotiyligi so‘nib, yiringlay boshlaydi, bemor bunda kuchli og‘riq his etadi. Churra xurujida og‘riq davomiy bo‘lib, bemor shok holatiga tushib qoladi. Shoshilinch jarrohlik amaliyotigina bemor hayotini saqlab qoladi.

Disk churralari og‘riqli bo‘lishiga qaramay, to‘g‘ri davo undan butunlay qutulishga imkon beradi. Churradan 4 hafta ichida qutulsa bo‘ladi. Belgilar churra paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi jismoniy mehnatni to‘xtatganda, og‘riqqa qarshi to‘g‘ri davo qo‘llanganda yo‘qoladi. Davo tadbirlari dori preparatlari, mashqlar va operativ yo‘l bilan olib boriladi.

Dori preparatlari bilan davolash

  • Dori preparatlari: retseptsiz beriladigan nosteroid yallig‘lanishga qarshi dorilar;
  • Epidural infeksiya: epidural bo‘shliqqa steroid, og‘riqqa qarshi, yallig‘lanishga qarshi preparatlar yuborish og‘riq hissini kamaytiradi, buni faqatgina shifokor mutaxassis bajarishi shart.
  • Muskullar relaksatsiyasi: muskullarni bo‘shashtiruvchi dori preparatlarini qabul qilish spazmlarni yo‘qotadi va og‘riqni kamaytiradi;

Disk churrasini mashqlar bilan davolash

Jismoniy maxsus mashqlar grija tufayli kelib chiqgan og‘riqni kamaytirishga yordam berishning eng qulay va samarali usulidir.

  • Ultrato‘lqinli terapiya (UVCH) ultra chastotali to‘lqinlar qon aylanishini yaxshilaydi va yallig‘lanish jarayonini to‘xtatadi;
  • Belga tushadigan og‘irlikni kamaytirish maqsadida maxsus belbog‘lar taqib yurishingiz ham mumkin;
  • Suzish bilan shug‘ullanish disk churralaridan dorilarsiz va operatsiyasiz qutulish mumkin bo‘lgan samarali yo‘llardan birdir;

Operatsiya yo‘li bilan davolash

Agar simptomlar davo choralari ko‘rilganda ham yo‘qolmasa, sezgining susayishi davom etaversa, jinsiy zaiflik kuchaysa, ichaklarda hazm susayishi davom etsa, son orqasida og‘riqlar kuchaysa, operativ usul qo‘llaniladi.

Oprativ usul jarohatlangan diskning qismini almashtirishga asoslangan. Operatsiya laproskopik usulda olib boriladi, qorin oldi devoridan kichik teshik ochilib laproskop kiritilib, orqa bo‘shliqqa kiriladi, orqa umurtqa nervlarini surib turib disk olib tashlanib o‘rniga sun’iy elastik disk joylashtiriladi. U amortizatorlik vazifasini bajaradi. Disk metal, biopolymer yoki boshqa moddadan tuzilgan. (Zamonaviy usul. BJSST bo‘yicha)

Foydali maslahatlar

  • Zax va yelvizakli joylarda turmaslikka harakat qiling;
  • Tana vazningizni nazorat qiling, semirmang;
  • Bel va qorin mushaklarini mustahkamlaydigan gimnastika (masalan, suzish) bilan shug‘ullaning;
  • O‘tirgan holda ishlasangiz, har soatda 10 daqiqa turib yuring;
  • Yurganda, o‘tirganda ham qaddingizni to‘g‘ri tuting;
  • Qattiq matras ustida uxlashga odatlaning;
  • Yotgan holda kitob o‘qimaslik va televizor ko‘rmaslikka harakat qiling;
  • Og‘ir ko‘tarmang, keskin harakatlardan tiyiling.
  • Vibromassaj mumkin emas, chunki uning kuchi juda yuqori.
  • Churra bor joyni qattiq ishqalamaslik lozim. Asab tolalarini siqib qo‘yish xavfi bor.
  • Vertikal holatda turib, turli mashqlar bajarish ham zararli. Mushaklarni zo‘riqtirish mumkin.
  • O‘z bilganingizcha massaj qilmang!
  • Har doim og‘riq qoldiruvchi maz surtib ishqalash ham mumkin emas!

Kasallik uch bosqichda kechadi, maslahatimiz kasallik belgilari kuzatilishi bilan shifokorga murojaat eting :

  • Xastalikning birinchi bosqichida churra o‘lchami 2-3 mm. bo‘ladi. Umurtqa bo‘ylab qattiq og‘riq beradi.
  • Ikkinchi bosqichida bu xastalik doimiy og‘riq bilan xarakterlanadi. O‘lchami 8-15 mm. bo‘ladi.
  • Uchinchi bosqichda og‘riq o‘ta kuchli bo‘lib, asab tizimiga ham ta’sir etadi. Bemorni yura olmaslik darajasiga keltiradi.

ico
Skolioz (Mutaxassis bilan suhbat)
Qaddi-qomatni (osanka) to‘g‘ri tarbiyalash, mustahkamlash va rivojlantirish bu uzoq davom etadigan jarayon. Bolalarning qaddi-qomatini to‘g‘ri shakllantirishni yoshlikdan boshlash va buni har bir bolalar muassasasida – maktab, kollej, universitet va ayniqsa oilada e’tiborni hech qachon pasaytirmaslik kerak, – deydi Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti bolalar ortopediyasi bo‘limi boshlig‘i, professor Ahror JO‘RAYEV, "Ozbekistonda soglikni saqlash" gazetasi muxbiriga. – Qaddi-qomat» (osanka) deganda nimani tushunamiz va u qachon rivojlanadi? – «Qaddi-qomat» (osanka) – odamning vertikal holatini belgilaydi. Har kungi turmush tarzi ham odamning qaddi-qomati o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin, uning kayfiyati yaxshi yoki yomonligi, o‘z ko‘rinishini tutish holatlari, o‘ta charchoqlik shular jumlasiga kiradi. Kelishgan va raso qaddi-qomat nomuvofiq hayotiy jarayonda yomonlashishi mumkin, bunday holat bola maktabda birinchi yil o‘qish paytida kuzatiladi. 7 yoshlarda bolaning muskul boylam birlashmasi o‘tirishning fiziologik holatiga moslashib boradi. Umurtqa pog‘onasiga birikkan muskul va boylamlarning ta’sirida uning funksiyasi o‘zgarib turadi. Bu 390-400 ta katta-kichik muskul faoliyatiga bog‘liq. Bu muskullar odam tanasini normal ushlab turishdan tashqari qarama-qarshi kuchlarni (aktigravitatsion kuchi) bir-biriga mutanosib qilishdan iborat. Agar muskullar yaxshi rivojlangan bo‘lsa, ularning harakati bir-biriga mutanosib (sinxron) bo‘ladi. Bu o‘z navbatida umurtqa pog‘onasi qiyshaymasdan to‘g‘ri rivojlanishiga yordam beradi. Qaddi-qomatning rivojlanishi murakkab jarayon bo‘lib ota-onalar, shifokorlar, pedagoglar, tarbiyachilardan doimiy e’tiborni talab qiladi. Kelishgan, chiroyli qaddi-qomat, avvalambor, bosh va umurtqa pog‘onasi to‘g‘ri joylashishi, kurak va yelkaning simmetrik holati, belning bir xil uchburchagi, dumba burmasining joylashuvi, umurtqa do‘mboq o‘sigining vertikal holati, umurtqaning fiziologik burilishlari hamda qo‘l-oyoqlarning bir xil uzunligi va oyoq panjasining bir xil holatidir. Umurtqa pog‘onasida harakatli va harakatsiz bo‘limlar farqlanadi. Bo‘yin qismi (7 umurtqadan iborat), ko‘krak (12 umurtqa) va bel (5 umurtqadan) – bular harakatli bo‘limdir. Dumg‘aza qismi esa harakatsiz turadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning umurtqa pog‘onasi to‘ppa-to‘g‘ri holatda bo‘lib, o‘sish va rivojlanish jarayonida uning qismlarida fiziologik egrilik yuzaga keladi. Chaqaloqning muskul sistemasi rivojlanishi bilan u boshini tutib tura oladi va natijada umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismida fiziologik egrilik qabariq yoyi oldinga qaragan bo‘ladi. Qachonki, bola o‘tirishni o‘rganganidan keyin umurtqasining ko‘krak sohasida egrilik hosil bo‘ladi. Bu yoyning qabariq yoyi esa orqaga qaragan bo‘ladi. Asta-sekin bel sohasida ham qabariq yoy hosil bo‘lib, u oldinga qaragan bo‘ladi. Fiziologik egrilik 6-7 yoshlarga borib aniq farqlanadi. Umuman suyaklarning o‘sishi 18-20 yoshlarga borib to‘xtaydi va hamma fiziologik egriliklar bu vaqtga kelib silliqlanadi. Chunki insonning muskul – boylam birikmalari, tog‘ay sohasi qavatlari juda ham harakatchan va egiluvchan holatga yetadi. Eng muhimi, umurtqa pog‘onasining to‘g‘ri rivojlanishiga normal sharoit yaratish kelishgan qaddi-qomatiga imkon yaratadi. Umurtqaning fiziologik egriliklari noto‘g‘ri rivojlanishi natijasida o‘quvchining qaddi-qomati qiyshiq bo‘lib qoladi va bolaning sog‘lom o‘sishiga ta’sir etadi. Fiziologik egriliklar umurtqa pog‘onasining egiluvchan xususiyatlarini oshiradi va odam ichki a’zolarini tashqi muhit shikastlanishlaridan asraydi. – Bolalarda qaddi-qomatning to‘g‘riligini qanday tekshirish mumkin? – E’tibor bilan qaraganda, bu oson. Bolani yechintirib turgan holatda yonbosh tarafdan qarab tekshiriladi (1,5-2,0 metr o‘zingizdan uzoqroqda, xona issiq va yorug‘ bo‘lishi maqsadga muvofiqdir). Tekshirish paytida, albatta, boshni tutib turish, oldinga yoki orqaga egilganligi, ko‘krak qafasi formasi, qorin chizig‘i, tizza bo‘g‘imi bukilmasi, umurtqaning bo‘yin, ko‘krak va bel egriligi rivojlanganiga e’tibor qilish kerak. Bolaning shifokorga qarab turgan holatidagi tekshiruvda, albatta uning yelka sohasi bir xil ekanligiga e’tibor qilish zarur. Uning ko‘krak qafasi chap yoki o‘ng yarmi oldinga chiqqanligi yoki chiqmaganligi, tizza bo‘g‘imi bukmasi qay darajada ekanligi, umurtqaning bo‘yin bel sohasi qabarig‘i oldinga, ko‘krak qismida esa qabariqning orqaga qaraganligini ko‘rish mumkin. Bola orqa bilan turgan holatda tekshirilganda uning yelkasi, ko‘kragining pastki burchagi bir xilligi va umurtqadan bir xil uzoqlikda ekanligi e’tirof etiladi. Keyin esa umurtqaning dumboq o‘sig‘i ustidan barmoqlar yurgizib tekshiriladi. Shunda ular bir xil ekanligini ko‘rish mumkin. Keyin bola oldinga 900 egiltirib tekshiriladi (tizza bukilmaydi, qo‘lini osiltirib turadi). Bolaning ko‘krak sohalari ikki yarmi ham bir xilligi, chap kurak yoki o‘ng kurak sohasining bo‘rtib chiqishini ko‘rish mumkin. Bunday holat bukrilik deyiladi. – Qaddi-qomatning qanday nuqsonlari bor? – Qaddi-qomatning orqa – sohasi yumaloq – bel turi mavjud. Bu tur bolaning tez rivojlanishi paytida muskul-boylam sistemasi kuchsizligi natijasida kuzatiladi. Gavdaning orqa qismida ko‘krak sohasida umurtqa tekis holda ko‘rinadi. Kurak qanotsimon shaklda, yelka sohasi osilgan, bosh oldinga egilgan, qorin esa oldinga chiqqan holatda ko‘rinadi (qorin muskuli yaxshi rivojlanmaganligi tufayli qorin otopiyasi vujudga keladi). Bunday nuqsonlar ko‘pincha 9-13 yoshli qiz bolalarda uchraydi. Qaddi-qomatning orqa sohasi tekis – bel turi farqlanib, bu nuqsonda umurtqaning hamma fiziologik egriliklari silliq, tekis bo‘ladi va umurtqaning egiluvchanlik xususiyati kamayishiga sabab bo‘ladi. Yana qaddi-qomatning orqa sohasida yumaloq-bukilgan turi mavjud bo‘lib, bunda hamma fiziologik egriliklar yanada ko‘proq egiladi. Qaddi-qomatning tekis-bukilgan bel turi mavjud, bunda faqat bel sohasida bukilish ko‘proq bo‘lib, ko‘krak va bo‘yin sohasi egriliklari tekislanadi. Umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasidagi bu nuqsonlar bir butun organizm funksiyalari buzilishidir. Bunday nuqsonli bolalar va o‘quvchilar parishonxotir, lanj, asabiy, jahldor bo‘ladi. Ular bronxit, o‘pka yallig‘lanishi va sil kasalligiga moyilroqdir. Ba’zan to‘g‘ri rivojlangan bolalarning umurtqa pog‘onasida u yoki bu yon tarafga qiyshayish holati uchraydi. Bu skolioz deyiladi.

Skolioz

Bolalardagi qaddi-qomatning nuqsonlaridan biri skolioz kasalligidir. Bu kasallik umurtqaning o‘ng yoki chap yon tarafga qiyshayishi natijasida paydo bo‘ladi. Bu faqat umurtqa pog‘onasi kasalligi emas, balki bir butun organizmda chuqur o‘zgarishlar bo‘lishi bilan farqlanadi. Bu kasallik sekin rivojlanadi, bezovta qilmagani uchun kech aniqlanadi. Shuning uchun ham uni davolash nihoyatda qiyin kechadi, bu kasallikni ba’zan bartaraf etish mumkin emas. Bola bu kasallikda tez charchaydi, ko‘proq o‘tirgan va yurgan payti umurtqa pog‘onasida og‘riq sezadi. Skolioz kasalligi bor bolalar tekshirilgan paytda umurtqa pog‘onasida qiyshiqlik holati kuzatiladi. Bu umurtqaning dumboq o‘sig‘i chap yoki o‘ng tarafga og‘ganligi bilan izohlanadi. Qiyshaygan tarafda kurak yuqoriga ko‘tarilgan bo‘ladi. Kurak umurtqa pog‘onasiga yaqinroq bo‘lib qoladi. Skolioz kasalligining: 1) Yoysimon; 2) S simon turlari uchraydi. Kasallik og‘ir-yengilligiga qarab 4 darajaga bo‘linadi. 1-darajali skolioz – yengil turi bo‘lib, tekshirilgan payti umurtqa qiyshiqligi bola gorizontal holda yotganda yo‘qoladi. 2-darajali skolioz – bola tekis joyda yotgan payti xam qiyshiqlik yo‘qolmaydi. Ko‘krak va bel sohasida qiyshiqlik natijasida muskul o‘rami yoki burtmasini aniqlash mumkin. 3-darajali skolioz – esa qiyshiqlik bir xil holatda, stabillashgan qiyshiqlik kuzatiladi. Bunday skoliozda bukrilik (rebernыy gorb) paydo bo‘ladi. Tos qiyshayishi natijasida oyoqning funksional kaltaligi paydo bo‘ladi. Bola yon tarafga egilib, o‘sha kaltalikni yo‘qotishga harakat qiladi. 4-darajali skolioz – eng og‘ir formasi bo‘lib, bolaning ichki a’zolarida patologik o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Bolani tashqaridan kuzatsangiz, unda bukrilik holatini sezasiz. Oyoq sohalarida falajlik, nevralgiya, parez qayd qilinadi. Kasallikni davolamasa, uning xuruji natijasida umurtqaning o‘z o‘qi atrofida aylanib ketishi natijasida yana ham murakkab deformatsiyalovchi asoratlarga olib keladi. Bunday nuqsonlar o‘z-o‘zidan bolaning ichki a’zolari o‘rnidan siljishiga sabab bo‘ladi va ularning funksiyasi buzilishiga olib keladi. O‘pka, yurak-qon sistemasi ishi buziladi. Surunkali havo yetishmagandek bo‘ladi. Agar o‘z vaqtida skolioz kasalligining boshlang‘ich darajalarida yordam berilmasa, kelajakda bola nogiron bo‘lib qoladi. Umurtqa pog‘onasining qiyshayishi ba’zan ota-onalar yoki shifokorlar tomonidan favqulodda aniqlanadi. Asosan, skolioz kasalligi qiz bolalarda o‘g‘il bolalarga qaraganda uch barobar ko‘proq uchraydi. Ba’zan tengdosh, maktabdosh, sinfdosh bolalar tomonidan bunday nuqsonlilar mazax qilinishi oqibatida odamovi, tez xafa bo‘ladigan, jahldor, ommaga qo‘shilmay yakkalanib qolishi mumkin. – Qanday sabablar qaddi-qomat buzilishiga olib keladi? – Qaddi-qomat buzilishiga olib keluvchi omillar talaygina.
Raxit, kamqonlik, surunkali nafas yo‘llari yallig‘lanishi, yuqumli kasalliklar shular jumlasidandir. Bolalar sog‘lig‘i va qaddi-qomati buzilishida eng avvalo, yaxshi ovqatlanmaslik, ochiq havoda sayr qilmaslik, yetarli uxlamaslik, suzish, gimnastika bilan shug‘ullanmaslik, maktabda bolalarga mos kelmaydigan parta bunday nuqsonlar rivojlanishiga olib keladi. Skolioz kasalligi 7 yoshdan 15 yoshgacha uchraydi. Uning profilaktikasida bolaning qaddi-qomatiga chaqaloqlik davridan e’tibor qaratish birlamchi rol o‘ynaydi. – Bolalarning qaddi-qomatini qanday to‘g‘ri rivojlantirish kerak? Skolioz kasalligining oldini olish mumkinmi? – Ota-onalar bolasining qaddi-qomatida nuqson bo‘lmasligi uchun u tug‘ilganidan boshlab qayg‘urishi zarur. Bolalarni 6 oygacha o‘tirg‘izmaslik va undan keyingi vaqtga kelib o‘zi o‘tirmaguncha kutish kerakligini ota-ona unutmasligi lozim, 3 oylikdan boshlab bolani tez-tez qoringa yotqizish maqsadga muvofiqdir. 9 oygacha bolani oyoqqa qo‘yishga shoshilmaslik tavsiya etiladi. Ko‘p mamlakatlarda Yaponiya, Xitoy, xususan O‘rta Osiyo xalqlarida bolalarni opichlab, oyog‘ini qurbaqa holatida olib yurish keng tarqalgan. Bolani bir qo‘lidan yetaklab yurish tavsiya etilmaydi, iloji boricha o‘zi yurishi kerak, aks holda umurtqa pog‘onasiga og‘irlik tushib ba’zi nuqsonlarni keltirib chikarishi mumkin. Bolalarga uqalash, silash, gimnastika mashqlari qildirish tavsiya etiladi. Maktabgacha yoshdagi bolalar ko‘proq ochiq havoda sayr qilishi va harakat qilib, har xil o‘yinlar bilan shug‘ullanishi kerak. Agar bolada raxit kasalligi aniqlansa, ota-ona darhol bolalar shifokoriga murojaat qilishi va maslahat olishi zarur. Bolani ona suti bilan boqish maqsadga muvofiqdir. Ertaroq bolalarga meva va poliz mahsulotlari, sharbat berish, quyosh vannasini qabul qilish, uzoq vaqt ochiq havoda sayr qildirish mumkin. 6 oydan 1,5 yoshgacha bolalarga xamir mahsulotlari va taomlarini bermaslik kerak. 6 oygacha ona suti, meva sharbati, poliz mahsulotlaridan qaynatma bo‘tqa yoki yog‘siz go‘sht va baliqlardan qaynatmalar berish mumkin. Bular hammasi o‘sayotgan organizmni kerakli mineral tuz va vitaminlar bilan ta’minlaydi. Qaddi-qomat profilaktikasi uchun albatta, 2-3 yoshdan boshlab kompleks gimnastika mashqlariga e’tibor berish kerak. 3 yoshdan boshlab chanada yoki chang‘i uchishni o‘rgatish foydadan holi bo‘lmaydi. Eng asosiy masala – bolaning poyabzaliga qaratilishi zarur. Oyoq kiyimlari katta ham, kichik ham bo‘lmasligi kerak. Agar yassi oyoqlilik mavjud bo‘lsa, albatta stelka-supinator bilan poyabzal kiyish tavsiya etiladi. Bola stulda dars qilayotgan payti bir oyog‘ini tagiga qo‘yib o‘tirmasligi kerak, chunki bunda tana mutanosibligi buziladi va umurtqa pog‘onasi noto‘g‘ri rivojlana boshlaydi. Bolaning yon boshlab kitob mutolaa qilishi taqiqlanadi. Stolga yotqizilgan payti bolalar hech qachon bir tirsakni tushirib, bir tomoniga qiyshayib turishi kerak emas. Bu umurtqa qiyshayishiga sababdir. O‘qishda, yozishda bola stulga suyangan holda qo‘l va ko‘kragini oldinga qo‘yib o‘tirishi lozim. O‘tirg‘ich balandligi boldirning uzunligiga teng bo‘lishi shart, bolaning kuragi o‘tirg‘ichga suyangan holda o‘tirish tavsiya etiladi. Yorug‘lik faqat chap tarafdan tushib turishi shart. Kitob va daftarga egilmasdan masofani saqlab o‘tirish talab etiladi. Bu masofa shunday: tirsakni stolga qo‘ygan holda qo‘l barmoqlari uchi ko‘zning tashqi burchagiga olib kelinadi. Ana shunday surat o‘quvchining ko‘z oldida doska yoniga ilib qo‘yilishi zarur. – Qaddi-qomat nuqsonlari va skolioz kasalligini qanday davolash kerak? – Agar ota-onalar bola qaddi-qomati to‘g‘ri rivojlanishiga yaxshi e’tibor qilmasa, kelajakda ular tanasi, umurtqa pog‘onasida ayrim nuqsonlar paydo bo‘ladiki, keyinchalik ularni bartaraf etish muammo darajasiga ko‘tariladi. Ana shunday nuqsonlarni bartaraf etish biz shifokor-ortopedlar bolalar shifokori, pedagoglar, tarbiyachilar oldidagi muhim vazifalardan biridir. Agar umurtqa sohasida biron-bir nuqson va qiyshiqlik aniqlansa, albatta ularga yordam berish choralarini topmoq zarur. Bunday paytda muhim rejalar ishlab chiqiladi:
  1. bola karavotidagi ko‘rpacha tagiga albatta fanerdan yasalgan taxtacha qo‘yish zarur va bolani orqasi yoki qorni bilan yotqizishga o‘rgatish kerak;
  2. stol va stulda bolaning yoshi va bo‘yiga mos tushadiganini tanlash hamda ba’zan uyda darslarni qorniga yotib bajarishni tashkil etish;
  3. yaxshi ovqatlantirishni ta’minlash;
  4. sumkani orqaga osib yuradigani bilan almashtirish;
  5. bolaning ko‘ruv va eshitish holatini shifokorga tekshirtirish;
  6. kunlik rejimni nazorat qilish, sayr etish, yetarli uyqu har doim bir xil vaqtda bo‘lishini ta’minlash;
  7. maktabda sinf rahbari va shifokor bilan tez-tez muloqotda bo‘lish;
  8. bolaning partada to‘g‘ri o‘tirishini nazorat qilish;
  9. bola og‘irroq narsani ko‘tarmasligi kerak, hatto kichkina ukasini ham ko‘tarishi mumkin emasligini uqtirish;
  10. ertalabki badantarbiyani har kuni bajarish;
  11. shifokor-ortoped ko‘rinishi va uning ko‘rsatmasiga binoan davolash gimnastikasi bilan shug‘ulanishini tashkil etish;
  12. suv sporti, chang‘i uchish foydali ekanligini tushuntirish kerak.
Bugungi kunda Prezidentimiz farmonlari bilan respublikamiz miqyosida bolalar sportini rivojlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Bolalarga qaysi sport turiga mos ekanligini aniqlash (albatta shifokor ko‘rigidan o‘tkazilgandan keyin), ayniqsa, qaddi-qomati nuqsonli bolalarga sport turlarini rejim asosida tashkil etish biz shifokor-ortopedlar, bolalar shifokori, maktab shifokorlari, pedagoglar va tarbiyachilar oldidagi muhim vazifadir. Yuqorida zikr etilgan barcha tavsiyalar hayotga tatbiq etilgandagina bolalarning sog‘lom rivojlanishi va o‘sishini ta’minlaymiz. Skolioz – organizmning umumiy og‘ir kasalligi bo‘lib, ota-onalardan, pedagog, tarbiyachi va shifokorlardan 5-6 yil mobaynida sabr-toqat bilan kompleks davolashni talab qiladi. Hurmatli ota-onalar! Bolalaringiz qaddi-qomatiga e’tibor bering. Ular o‘sish va rivojlanish paytida qaddi-qomat buzilishi fojiaga olib kelishini unutmang. Har doim esda tuting! Kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish osonroqdir! [divider] [highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]  
ico
Bexterev kasalligi
Bexterev kasalligi tibbiyotda umurtqalar kanallari va umurtqa bo‘g‘imlarida harakatning cheklanishi holatiga aytiladi. Ko‘pchilikka u ankiloziruyushis spondiloartrit nomi bilan yaxshi tanish. Xastalik umurtqa bo‘g‘imlarida o‘zgarishni keltirib chiqarib, og‘riq va harakat faoliyatining sustlashishi va jiddiy asoratlarda bo‘g‘im qotib qolishiga olib kelishi mumkin. Bexterev kasalligining boshlang‘ich, o‘rta va og‘ir darajalari uchraydi. Belgisi va holatiga ko‘ra shifokor nazoratida aniq tashxis qo‘yilishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xastalik ayollarga qaraganda erkaklarda ko‘proq  kuzatiladi.

    Yuzaga kelish sabablari

Kasallikning yuzaga kelish sabablari to‘liq o‘rganilgan emas. Ba’zi taxminlarga ko‘ra nasliy moyillik asosiy omil bo‘lsa, boshqa xulosalarga qaraganda organizmdagi surunkali infeksiyalar (asosan oshqozon-ichak va peshob yo‘llari infeksiyalarida yuzaga keladiganlari) bo‘lishi mumkin. Shuningdek,
kuchli stress, tayanch-harakat tizimi jarohatlari ham kasallikka sabab bo‘lishi qayd etiladi.

To‘g‘ri tashxis

Xastalikka tashxis qo‘yish uchun rentgen tekshiruvi, magnito rezonans tomografiya tekshiruvi hamda umumiy qon tahlilining maxsus tekshiruvi amalga oshiriladi. Bexterevo belgilari umurtqa va bo‘g‘im kasalliklariga oid boshqa xastaliklarga o‘xshash bo‘lgani tufayli bemor og‘riq xarakterini tushunmasligi mumkin. Xo‘sh, kasallikni o‘tkazib yubormaslik uchun nimalarga ahamiyat berish kerak? Dastlab:
  • Harakat erkin emasligi, dumg‘aza suyagidan dumba sohasiga tarqaladigan og‘riq. Asosan tungi  mahal qo‘zg‘alishi mumkin;
  • Tovon suyagidagi surunkali og‘riq;
  • Umurtqa suyagining ko‘krak sohasidagi og‘rig‘i va harakat cheklanishi;
  • Uzoq muddat bir xil ko‘rinishda o‘tira olmaslik;
Shunisi muhimki, og‘riq hissi har doim ham umurtqadan boshlanavermaydi. Bezovtalik qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari (revmatoid artrit kabi), ko‘z yallig‘lanishi, aorta tomiri yoki yurak bezovtaligi bilan ham namoyon bo‘lishi mumkin. Gohida kasallik yashirin belgilar bilan kechib, hech qanday bezovatalik tug‘dirmaydi. Tasodifiy rentgen tekshiruvidagina xastalik alomatlarini uchratish mumkin.

Og‘riq belgi bersa...

Xastalik avj olgani sayin umurtqalar va katta bo‘g‘im, (tizza, son chanoq, yelka, tirsak) harakatchanligi sustlashib, yonga, orqa yoki old tarafga egilganda qattiq og‘riq yuzaga keladi. Kasallik boshlanishi asosan bo‘g‘imlardagi og‘riqlardan bo‘ladi. Chuqur nafas olish, yo‘talish hamda aksa urish ham organizmga og‘irlik qila boshlaydi. Agar ushbu belgilar bir necha oy davomida bezovta qilsa, albatta mutaxassisga uchrab, davolaning. Zero o‘z vaqtida davolanmaslik va shunchaki og‘riqsizlantiruvchi preparatlar bilan kifoyalanish mutloq harakatsizlikka olib kelishi ham hech gap emas. Kasallik o‘tkazib yuborilganida bemor gavdasi oldinga egilgan holatda bukchaygan ko‘rinishga kirib, umurtqa suyagi qiyshaygan, bosh oldinda, tizza bo‘g‘imlari bukilib qoladi.

Davolasa bo‘ladimi?

Mutaxassis ko‘rigida kerakli tahlil tekshiruvlari bajarilgach, kasallik darajasi va holati aniqlanadi. Shunga ko‘ra kompleks tarzidagi muolaja buyurilishi mumkin. Bo‘g‘im yallig‘lanishiga qarshi dori vositalari, og‘riqsizlantiruvchi preparatlar, fizioterapiya, uqalash, manual terapiya hamda davolash gimnastikasi asosiy davo choralaridir. Bundan tashqari shifokor nazoratida mushaklarni bo‘shashtirishni ham o‘rganish zarur. Chunki kasallik vaqti og‘riqdan mushaklar taranglashadi. Muolaja davomiyligida bemorning umumiy ahvolidan kelib  chiqib, nafas mashqlari, joyida turgan holatda yurish, suv sporti kabilar ham kiritilishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, davolash vaqti yotoq matrasi qattiq bo‘lib, umurtqa suyagi tekis joylashishi lozim. Bextereva kasalligida asosiy e’tibor muolajani to‘g‘ri bajarishdir. Zero tartib bilan bajarilsagina keyingi asoratlarini oldini olish mumkin. Aks holda esa kasallik qaytalanishi ham ehtimoldan holi emas.

Takrorlanmasligi uchun...

Bexterevo bilan og‘rigan bemorlarga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri sog‘lom turmush tarziga rioya etish bo‘ladi. Vazn ortmasligini nazorat qilish, har kunlik badantarbiya mashqlarini bajarish, suzish, turnikka osilish, foydali mahsulotlar bilan oziqlanish, shamollash, infeksiyali xastaliklardan himoyalanish ayniqsa muhimdir. Sovuqsirash, oyoqdan zax o‘tishi, og‘ir yuk ko‘tarish hamda tan jarohatlaridan saqlanish lozim.

Bo‘g‘imlar xastalanmasligi uchun

1.Ilvira(Xolodes) yeguligi. Tarkibida ko‘plab jelesimon moddalar bo‘lib, bo‘g‘im tog‘ay to‘qimasining elastikligi uchun foydalidir. Bir oyda 2-3 marta mol go‘shtining oyoq qismidan tayyorlangan ilvira tayyorlab, iste’mol qilish mumkin 2.Bulg‘or qalampiri. Ushbu poliz ekinida askorbin kislotasi yuqori bo‘lib, mayda tomirlar tonusini faollashtiradi. Kunora qizil va yashil bulg‘or qalampirini xomligicha iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir. 3. Sarimsoq piyoz. Fitonsidlar hisobiga bo‘g‘im yallig‘lanishiga davo bo‘ladi.  Avvaldan bo‘g‘im kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun ayniqsa koni foyda. 4. Shivit, petrushka ko‘katlari. K vitaminiga to‘yinganligi bois to‘qimalar yangilanishiga ko‘mak bo‘ladi. Taom va eguliklarga mazkur ko‘katlardan qo‘shib, iste’mol qiling. 5. Avakado. Foydali yog‘lar tog‘ay qatlamining ingichkalashishini oldini oladi. Imkon qadar xaftada bir marta avakado mevasidan tanovul qilish mumkin. 6. Echki suti, tvoroq. Kalsiy moddasi yuqori bo‘lgani sabab, bo‘g‘im va suyaklar uchun foydali. Nonushtaga 100 gr tvorog, kechki mahal esa yog‘siz sut ichishga odatlaning. 7. Olcha. Bo‘g‘imlarda to‘planib qolgan tuzlarni parchalanishida asqotadi. Shuningdek, olchadan tayyorlangan sharbatlar organizmdan tuzni chiqarib tashlash hususiyatiga ega.

© "Darakchi" gazetasi.

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqdor quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:
ico
Umurtqa bilan muammo bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?
Sog‘lom umurtqa – bu faqat chiroyli qaddi-qomat emas. Keksalar insonning yoshligi va salomatligi umurtqaning egiluvchanligi va sog‘lomligiga bog‘liq deb bekorga ta’kidlamaydilar. umurtqa Inson umurtqasi uning qattiq bo‘g‘inlari va gardishlarining cho‘zila olish va qisqara olishlari hisobiga ancha katta og‘irliklarga ham bardosh bera oladi. Lekin o‘z gavdasiga e’tibor bermaslik, o‘tirganda qomatni to‘g‘ri ushlamaslik, kuchi yetmaydigan og‘irliklarni ko‘tarish va ko‘chirish natijasida odamda sog‘liq bilan bog‘liq katta muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Sog‘liq bilan bo‘ladigan bunday yoqimsiz holatlarning oldini olish uchun shifokorlar tomonidan berilgan bir necha tavsiyalarga rioya qilish kerak bo‘ladi.

1-qoida

Qomatingizni to‘g‘ri tuting. Uni to‘g‘ri shakllantirish uchun quyidagi mashqlarni bajaring: 1. Devorga yaqin turing va unga ensangiz, yelkalaringiz, kuraklaringiz, dumbalaringiz, tovonlaringizni tegizing. 2. Buni bir kunda bir necha marta takrorlang.

2-qoida

Stulga yoki boshqa o‘tirg‘ichga o‘tirishda keskin harakatlar qilmang: siz kichik tos va dumg‘aza suyaklariga zarar berishingiz mumkin, bu juda og‘riqli va davolash qiyin. Agar sizning oyoqni chalishtirib o‘tirish odatingiz bor bo‘lsa, uni yo‘qoting: oyoqlarning bunday holati umurtqaning yuqorida aytilgan sohalarida qon aylanishining buzilishiga olib kelishi mumkin.

3-qoida

Agar uzoq vaqt turib qolishga to‘g‘ri kelsa, unda tanangizning og‘irlik markazini bir oyog‘ingizdan ikkinchisiga navbati bilan almashtirib turishga, iloji boricha bir-ikki qadam oldinga va orqaga yurishga va bir necha marta chuqur-chuqur nafas olib va chiqarishga harakat qiling.

4-qoida

Umurtqangizga haddan tashqari og‘irliklarni yuklamang, o‘rtacha og‘irliklarni esa faqat ikki qo‘lingiz bilan ko‘taring. Bunda gavdangizni goh bir tomonga, goh ikkinchi tomonga og‘dirmasdan to‘g‘ri tutishga harakat qiling.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Turnikka tortilish​ afzalliklari

© Men’s Health / Daryo

ico
Umurtqa kasalliklarining belgilari

Umurtqa kasalliklarining turlari juda ko‘p bo‘lsa-da, ko‘p holatlarda ularning belgilari bir xil ko‘rinishda keladi. Sababi umurtqaning qaysidir qismi shikastlangan bo‘lsa o‘sha joyning o‘zi og‘riydi yoki u orqali o‘tgan qaysidir a’zoning asab tolalari qisilgani sababli boshqa organlarda ham kuchli og‘riq kuzatiladi. Ba’zi hollada biror tana a’zoimizning ishlamay qolishiga aynan umurtqa pog‘onasidagi muammo ham sabab bo‘ladi. Quyida sizlarga namoyon bo‘lgan belgilar orqali umurtqaning qaysi qismi kasallanganligi to‘g‘risida tushuntirib o‘taman.

Bo‘yin qismi

Umurtqaning bo‘yin qismi kasallanganda asosan bosh orqasi, yelkalar, qo‘llar, ko‘zlar va yuzning ayrim qismlarida og‘riq kuzatiladi. Ikki yonga, past yoki yuqoriga ko‘proq qarab turganda bo‘yinda og‘riq, qattiq charchoq seziladi. Ushbu qism markaziy asab tizimi va bosh miyaga yaqin joylashgani bois odam juda tez asabiylashadigan bo‘lib qoladi.

Ko‘krak qismi

Bu qismda kasallik sezilganda yurak va ko‘krakning o‘rtasi old tomonlari bilan og‘rishi kuzatiladi. O‘pka, oshqozon va oshqozon osti bezlarining faoliyati buziladi. Odatda bunday paytda aksariyat bemorlar shifokor huzuriga yuragidan shikoyat qilib boradi. Tahlillar yurakning sog‘lom ekanini ko‘rsatgani sababli og‘riq sababi noma’lumligicha qolaveradi. Faqatgina tajribali kardiologgina yurak og‘riqlarining manbaini boshqa joylardan izlash kerakligini biladi. Agar ko‘krak qafasidagi og‘riqlar sababi o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, bu hol keyinchalik yurak xastaliklariga ham olib kelishi mumkin.

Bel qismi

Beldagi muammolar bilan o‘n ikki barmoqli ichak, jigar, buyrak va jinsiy a’zolarning yaxshi ishlamasligi chambarchas bog‘liq. Oyoqlarning son qismi bilan og‘rib turishi, o‘tirib turishda noqulaylik va bezovtalik paydo bo‘ladi. Belning qotib qolishi uchrab turadi.

Dumg‘aza qismi

Umurtqaning pastida yana ikkita qism mavjud. Ular juda kamdan-kam hollarda kasallanadi. Lekin bu qismlarning jinsiy a’zolar, siydik yo‘llari va boshqa organlar bilan bog‘liqlik joyi juda katta. Jinsiy zaiflik ham umurtqa kasalligining bir belgisi bo‘lishi mumkin.

Xulosa

Umurtqa pog‘onasining mustahkamligi inson ichki a’zolarining yaxshi ishlashi bilan bog‘liq bo‘lsa, ichki a’zolarning salomatligi umurtqa pog‘onasining sog‘ligi bilan bog‘liqdir. Oshqozon, jigar va buyrak noto‘g‘ri ovqatlanish yoki boshqa sabablar bilan ishdan chiqsa, tananing boshqa mushaklari bo‘shab qolishi bilan birga, umurtqa pog‘onasining ham kasallanishiga olib keladi. Natijada umurtqadan o‘tgan oshqozon, jigar va buyrak asab tolalarini qisib, ularning yaxshi ishlashiga yanada jiddiyroq to‘siq bo‘lishi mumkin.

O‘tirish, turish, uxlash va harakatlaringizda noqulaylik bormi, buning sababini umurtqa pog‘onasidan ham izlab ko‘ring. Agar kamharakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanishdan umurtqangizning bir qismi kasallangan bo‘lsa, bilingki, umurtqangizni eng zaif nuqtasi kasallangan. Keyinchalik xastalik qolgan qismlargayam o‘tishi yoki birvarakayiga ikki-uch qismi kasallanib qolishi mumkin.

https://www.youtube.com/watch?v=t3vK61R4N3w

© Rashid Usmonov, bloger.
Usmonov.uz

ico
Umurtqa pog‘onasi - tanamiz ustuni
Umurtqa pog‘onasi bir-birining ustida joylashgan 33-34 ta umurtqalar yig‘indisidan tashkil topgan bo‘lib, u o‘tirishimizga, turli tomonga egilishimizga hamda boshimizni aylantirishga imkon beradi. Umurtqa pog‘onalari o‘rtasida egiluvchan tog‘aylar – umurtqalararo disk joylashgan bo‘lib, ular tizza, son va boshqa bo‘g‘imlardan kelayotgan zarbani yumshatadi. Bu o‘ziga xos “xavfsizlik yostiqchalari” bo‘lib, zarba vaqtida shikastlanishdan asraydi. Qorin va ko‘krak sohasidagi deyarli barcha mushaklar umurtqa bilan tutashgan. Makonda harakatlanishga hamda og‘irlikni ko‘tarishga yordam beradigan ustki mushaklardan tashqari ichki mushaklar ham mavjud bo‘lib, u ichki a’zolarimizni ushlab turadi, og‘irlik kuchiga qarshilik ko‘rsatishga va vertikal holatda turishga yordam beradi. Mazkur tizimlarning hammasi boshqalardan farqli o‘laroq chidamli va juda katta yukni ko‘tarishga qodir. Mana, masalan, bel sohasidagi umurtqalararo disk 420 kg yukni ko‘tarishga qodir! Boshqacha aytganda, sog‘lom odam yengil avtomobilni ko‘tarib, boshqa joyga o‘tkazib qo‘yishi mumkin. Lekin shulardan bittasi safdan chiqsa bormi, tamom, muammo boshlandi deyavering.

Umutrqa kasalliklari sababchilari

Umurtqa kasalligini keltirib chiqaruvchi juda ko‘p sabablar mavjud. Ular orasidan asosiy xavfli omillarni sanab o‘tamiz.
  • Semirish (ortiqcha vazn) – umurtqaga tushadigan mexanik yukni ko‘paytiradi.
  • Chekish organizmdagi tiklanuvchi jarayonlar va moddalar almashinuvini ishdan chiqaradi.
  • Kamharakat turmush tarzi umurtqaga tushadigan statik yukni ko‘paytiradi, umurtqaning shaklini to‘g‘ri saqlovchi mushaklar tonusini kamaytiradi va gavdaning noto‘g‘ri rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
  • Gavdani noto‘g‘ri tutish umurtqaning patologik qiyshayishiga olib keladi.
  • Haddan tashqari jismoniy zo‘riqish – umurtqaga tushadigan yukni ko‘paytiradi.

Ogohlantiruvchi belgilar

Ko‘pchiligimiz belimiz chidab bo‘lmas darajada og‘riy boshlaganda shifokorga murojaat qilamiz. Biroq umurtqa birinchi signallarni ancha oldin jo‘natadi. Bunga quyidagilar kiradi:
  • ertalab o‘rindan turganda bel yoki bo‘yindagi og‘riq;
  • boshni orqaga tashlaganda noxush his;
  • bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi;
  • chuqur nafas olib chiqarganda kurak sohasida noxush his;
  • qo‘l yoki oyoqning sal uvishishi;
  • keskin harakat qilganda og‘riq;
  • bel mushaklarining haddan tashqari zo‘riqishi va siqiqligi.
Beldagi takrorlanuvchi va uzoqroq davom etuvchi har qanday noqulaylik (hatto, ozgina bo‘lsa ham) e’tibor talab qiladi! Bunday vaziyatlarda, albatta, shifokor bilan maslahatlashing. Bu nafaqat alomatlarni yengillashtirish, balki, birinchi navbatda, umurtqaning keyingi shikastlanishlarining oldini olish uchun ham zarur.

Bel nega og‘riydi?

Belingiz og‘riyapti, orqangiz tortilib qolganday, umurtqangiz sanchib qoldi… Bunday noxush hisni qay birimiz boshimizdan kechirmaganmiz?! Boz ustiga, ular ayni noqulay damda paydo bo‘ladi. Sabablari juda ko‘p, lekin ko‘pincha beldagi og‘riq umurtqa ishidagi navbatdagi buzilishlar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Umurtqalararo disk churrasi

Umurtqalaro disk churrasi beldagi azobli og‘riqqa sabab bo‘lishi mumkin. Kasallik umurtqalararo diskning tolasimon halqasi yorilishi natijasida paydo bo‘ladi. Bunda hosil bo‘lgan churra orqaga va yonga do‘ppayib chiqib, orqa miya kanalidan chiquvchi nerv ildizlarini ezib qo‘yadi. Yallig‘lanish boshlangandan so‘ng shish hosil bo‘ladi.

Bo‘yin radikuliti

Bo‘yin radikuliti ko‘pincha umurtqaning bo‘yin sohasi umurtqalararo disk churrasi asorati hisoblanadi. Kasallikning sababi orqa miya nerv ildizlarining qisilishi bilan bog‘liq. Masalan, umurtqa tanalarining yoshga oid o‘zgarishlari tufayli ular orasidagi masofa qisqaradi. Yoki kasallik nerv yaqinida joylashgan mushaklarning yallig‘lanishi tufayli rivojlanadi.

O‘tkir bel-dumg‘aza radikuliti

O‘tkir bel-dumg‘aza radikuliti (lyumbago, bel sanchig‘i) faqat keksalarda uchramaydi. Bel sohasida to‘satdan paydo bo‘lgan kuchli og‘riq odatda yon tomonga aylanish bilan bir vaqtda oldinga egilganda sodir bo‘ladi.

Skolioz kasalligi

Umurtqaning qiyshayishi (skolioz). Umurtqaga orqadan qaraganingizda to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Biroq ba’zi odamlarda u S ko‘rinishini olgan bo‘ladi. Umurtqa anchagina qiyshaygan bo‘lsa, harakatlanganda ham og‘riq yuzaga keladi.

Osteoxondroz

Osteoxondroz. Bunda umurtqani o‘rab turuvchi mushak va paylarda moddalar almashinuvi jarayoni buzilishi sodir bo‘ladi. Yosh o‘tgan sayin muayyan omillar ta’sirida umurtqa pog‘onalarining o‘zi ham o‘zgaradi – o‘simta va do‘mboqlar paydo bo‘ladi. Ular yordamida organizm shikastlangan umurtqa pog‘onalarini tiklashga harakat qiladi. Umurtqalararo disklarning suyak va tog‘ay to‘qimalarida yemiruvchi jarayonlar tufayli og‘riq paydo bo‘ladi, shikastlangan bo‘g‘imlarda harakat cheklanadi, nevralgiya, radikulit, skolioz kabi kasalliklar kelib chiqadi.

© Tib.uz nashri.