Sil

MAQOLALAR

ico
Sil kasalligiga chalingan shaxslarning qonundagi majburiyatlari qanday?
Qonunchilikda aholini sil kasalligidan muhofaza qilish, umuman ushbu xastalikka chalingan bemorlarning haq-huquqlari va imtiyozlari nimalardan iborat? Xabaringiz bor, 2001 yilning 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasining «Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingan. Uning 5-moddasida aholini sil kasalligidan muhofaza qilishning huquqiy asoslari belgilangan. Ya’ni, aholini sil kasalligidan muhofaza qilishga oid profilaktika tadbirlari, tibbiy ko‘riklar o‘tkazish va aholini sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida, shuningdek, davlat sog‘-liqni saqlash tizimining boshqa muassasalarida davolash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liq-ni saqlash vazirligi belgilangan tartibda majburiy tarzda VSS bilan chaqaloqlarni vaksinatsiya va bolalarni revaksinatsiya qilish hamda tuberkulin yordamida tashxis qo‘yishni amalga oshiradi. Vazirlik majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yohud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxs-larning bajarishi ijozat etilmaydigan ishlar ro‘yxatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlaydi. Ro‘yxatda ko‘rsatilgan ishlarni bajarishi ijozat etilgan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan va bakterioskopik, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan davriylikda rentgen-flyuorografiya tekshiruvidan o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Sil kasalligining yuqumli shakllariga chalingan bemorlarning yotoqxonalarga ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bemorning yashash, ish, o‘qish joylarida (epidemiya o‘choqlarida) epidemiyaga qarshi va sog‘lomlashtirish tadbirlari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Undan tashqari, sil kasalligiga chalingan shaxslarning majburiyatlari qonunning 12-moddasida belgilab qo‘yilgan. Jumladan, sil kasalligiga chalingan bemorlar:
  • Jamoat joylarida, ish, o‘qish joyida, jamoat transportidan foydalanishda, shuningdek yashash joylarida shu toifadagi bemorlar uchun belgilangan sanitariya normalari va qoidalariga rioya etishga.
  • Tibbiyot xodimining davolanish rejimiga, kundalik turmush va ishdagi yurish-turishiga doir tavsiyalarini bajarishga;
  • Tibbiyot xodimining chaqiruviga muvofiq sil kasalligiga qarshi kurash muassasasiga kelishga;
  • Turar joyi o‘zgargan taqdirda o‘n kunlik muddat ichida yangi joydagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida hisobga turishga majburdirlar.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan va shifokor belgilagan davolanishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar, deb yozib qo‘yilgan.

© silning-davosi-bor.uz

ico
Sil yuqishidan saqlanish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Kasallikning rivojlanishi organizmning immuniteti, ya’ni kasallikka qarshi kurashuvchanligiga bog‘liq. Sil bakteriyalarini yuqtirgan odamlarning barchasida ham kasallik rivojlanmaydi. OITS xastaligida, giyohvandlik, kashandalik, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, vaqtida dam olmaslik, me’yorida ovqatlanmaslik natijasida insonning kasallikka qarshi kurashuvchanlik xususiyatlari susayadi va sil kasalligi rivojlanishiga qulay sharoit tug‘iladi. Sil yuqishidan saqlanish Silga chalingan bemor bilan bir umr birga yashaganda ham bu kasallik yuqmagan holatlar ko‘p uchraydi. Bunda organizmni kuchli immunitet asrab qoladi. Immunitet kuchli bo‘lishi uchun esa sport bilan shug‘ullanish, servitamin ovqatlar iste’mol qilish lozim. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bemor bilan bir umr birga yashaganda ham sil yuqmasligi mumkin. Buning uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, organizm immunitetining tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Kitob varaqlaganda va pul sanaganda esa barmoqni «yalash» aslo noto‘g‘ri. Aks holda, nafaqat sil, balki boshqa yuqumli kasalliklar ham yuqmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Qolaversa, bunday mashg‘ulotlardan keyin qo‘lni yaxshilab sovunlab yuvish tavsiya etiladi. Tibbiyot sohasi rivoji yuqori pog‘onalarga ko‘tarilgan bugungi kunda respublikamizda boshqa epidemiologik xastaliklar bilan bir qatorda sil profilaktikasi, uni o‘z vaqtida tashxislash hamda davolashga katta e’tibor qaratilayotir. Ftiziatr shifokorlar bu xastalikni davolashda Gippokrat qasamyodiga sodiq holda mas’uliyat bilan faoliyat ko‘rsatishi, bemorlar esa ularning shartlariga amal qilishi zarur.
ico
Tashxis: sil kasalligi!

O‘tmishda sil kasalligi bilan kasallangan inson moliyaviy ahvoli va yoshiga qaramay, hayotdan ko‘z yumardi. Bugun esa bu kasallik o‘tmishdagi kabi qo‘rqinchli emas. Tibbiyot sohasida erishilayotgan barcha yutuqlarga qaramay, uni sezmay qolish mumkin, yo‘qotish qiyin, unutishning esa iloji yo‘q. “Layfxaker” sil kasalligi haqidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Sil - nima?

Sil kasalligi — bu havo-tomchi infeksiyasi. U ko‘pincha o‘pkaga ziyon yetkazadi, lekin boshqa organlar: suyaklar, teri, ichakka ham “hujum” qilishi mumkin. Kasallikning yuzaga kelishiga Mycobacterium tuberculosis bakteriyalari sababchidir. Ular muayyan sohalarda yallig‘lanishni keltirib chiqaradi, natijada to‘qimalarda tugunlar va nekroz o‘choqlari (ya’ni o‘lik to‘qimalar) hosil bo‘ladi. Ular tufayli organlar normal ishlay olmaydi, organizm esa umumiy intoksikatsiya bilan javob qaytaradi.

Agar immunitet yoki dori-darmonlar kasallikni vaqtida to‘xtatmasa, inson hayotdan ko‘z yumishi ham mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) ko‘ra, sil kasalligi butun dunyoda keng tarqalgan o‘lim sabablari o‘nligiga kiradi.

Sil kasalligi qanday va qayerda yuqishi mumkin?

Infeksiyaning asosiy o‘chog‘i — bemor kishilar. Shunday bo‘lsa-da, kasallikning jonivorlardan yuqish ehtimoli ham mavjud.

Atrofda kasallar qancha ko‘p bo‘lsa, infeksiyani yuqtirish xavfi shuncha yuqori bo‘ladi.

Yirik shaharlarda jamoat joylarida bunday bemorlarga to‘qnash kelish kelish hech gap emas.

Bemorlarning aksariyatida kasallikning yopiq shakli uchraydi, ya’ni bakteriyalar organizmni kemirib boradi, lekin atrof-muhitga ajralmaydi.

Silning ochiq shakli esa atrofdagilar uchun (bemorlarning o‘zi uchun ham) juda xavfli hisoblanadi, shuning uchun uni shifoxonada davolash zarur. Silning ochiq shaklidan aziyat chekuvchi kishilar bilan uzoq vaqt muloqotda bo‘lish - katta xavf.

Sil kasalligiga duchor bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan joylar - odamlar yaxshi ovqatlanmay, gigiyenaga rioya qilmaydigan tor, sovuq, zax inshootlar. Bu - nafaqat qamoqxonalar, balki shaharlardagi ko‘p qavatli uylarda ham shunday sharoitda yashaydiganlar talaygina.

Atrofda bemorlar ko‘p bo‘lsa, kasallik yuqishi muqarrormi?

Yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, infeksiya yuqishi - bu hali kasallik emas. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi kishida Mycobacterium tuberculosis bo‘lar ekan, lekin mikroblar har doim ham o‘zini namoyon qilmaydi. Silning organizmda bakteriya yashovchi faol shakli bilan kasallanish imkoni - 10 foiz.

Kimlar xavf guruhida?

Noqulay sharoitlarda yashovchi hamda immuniteti past kishilar. Bunday shart-sharoitlarda sil yashirin shakldan faol shaklga o‘tadi. Xavf guruhida:

1. Silning ochiq shakli bilan kasallangan bemorlarning qarindoshlari. Sabab — bakteriyalar bilan ko‘p aloqada bo‘lish.

2. Bolalar, keksalar, surunkali kasallikka yo‘liqqan kishilar. Ularning immuniteti kasallikning rivojlanishiga qarshilik qiladigan darajada kuchli bo‘lmasligi mumkin.

3. OIV-infeksiyali kishilar. Ularda kasallikning faol shakli mustahkam immunitetli kishilarga nisbatan 20-30 barobar tez rivojlanadi.

Sil kasalligi rivojlanayotgan mamlakatlarda, to‘laqonli ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bo‘lmagan joylarda keng tarqalgan.

To‘g‘ri ovqatlanish va sport silga qarshilik qilishga yordam beradi.

Silni qanday bilish mumkin?

Sil kasalligini tashxislash qiyin, chunki uni erta bosqichlarda nafas yo‘li kasalliklarining birortasi bilan adashtirish hech gap emas.

Erta bosqichdagi sil kasalligining belgilari:

1. Harorat 37–37,5 °C'gacha ko‘tariladi, yengil istimalash.

2. Holsizlik, tez charchash: hech nimaga kuch qolmaydi.

3. Vazn yo‘qotish. Bemor ishtahasiz bo‘ladi, sababsiz oza boshlaydi. Bolalardagi o‘sishning sekinlashishi ham sil belgisi bo‘lishi mumkin.

4. Kuchli terlash, ayniqsa tunda.

5. Ko‘krak qafasida og‘riq turishi.

6. Haftalab ketmaydigan yo‘tal. Kasallik avj olganda balg‘amda qon ko‘rinadi.

Sil kasalligi belgilari asta-sekinlik bilan rivojlanadi, ularning barchasi bo‘lishi shart emas. Shuning uchun ham bolalarga mantu qilinadi, kattalar esa flyuorografiyadan o‘tishi kerak bo‘ladi. Bu hatto kasallik o‘zini namoyon qilmaganda ham, uni aniqlash imkonini beradi.

Sildan qanday himoyalanish mumkin?

Infeksiyalardan himoyalanishning ikki usuli mavjud:

1. Nomaxsus - bu har qanday infeksiya profilaktikasida yordam beradigan usul. Sog‘lom hayot tarzi, odatiy gigena qoidalari, qulay yashash sharoiti. Hammaga odat bo‘lib ulgurgan uyga kirishingiz bilan qo‘llarni yuvish, xonalarni shamollatish, badantarbiya qilish va qomatni saqlash.

2. Maxsus - bu muayyan kasallik profilaktikasiga qaratilgan usul. Masalan, biror kasallikka qarshi emlash.

Emlash yordam beradimi?

100 foiz emas! Silga qarshi BSJ vaksinasi mavjud. U infeksiya yuqishidan himoya qilmaydi, lekin murakkab holatlarga qarshilik qilishda yordam beradi. Xususan, u sil meningitining rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq sil kasalligi bilan kurashda hujayra immuniteti muhim ahamiyatga ega, unga esa emlanishning aloqasi yo‘q.

BSJ vaksinasi kasallikning eng og‘ir shakllari bilan og‘rimaslik va salbiy asoratlarni chetlab o‘tishga yordam beradi.

Bu juda muhim, chunki silni har doim ham asoratlar rivojigacha davolab bo‘lmaydi. 2015 yilda dunyoning deyarli yarim million aholisida sil kasalligi qayd etilgan, ularga mashhur dori vositalarining aksariyati yordam bera olmaydi. Bakteriyalarning qarshiligi oshgan sari kasallik ko‘payaveradi. Bunday holatlarda emlash - og‘ir vaziyatlarning oldini oluvchi eng yaxshi usul.

Unda Mantuning nima keragi bor?

Mantu reaksiyasi - bu organizmda sil kasalligining qo‘zg‘atuvchi bormi yoki yo‘q, bor bo‘lsa, jim yotibdimi yoki tashuvchisini kemirishni boshlaganmi - shuni ko‘rsatib beruvchi test sinovi.

Aniq tashxis qo‘yish uchun rentgenografiya yoki kompyuter tomografiyasidan o‘tish, bakteriyalarni aniqlash uchun tahlillar topshirish kerak bo‘ladi.

Sil aniqlansa, nima qilish kerak?

Alabatta, davolanish kerak, chunki bugungi kunda sil - hukm emas. Kasallik haqida ma’lumotga ega bo‘lish va bu haqida yaqinlarni xabardor etish, chunki bundan buyon siz - kasallik manbai bo‘lib, uni boshqa odamlarga yuqtirishingiz mumkin. Ehtimol, yaqinlaringiz orasida silga chalinganu bundan o‘zining ham xabari yo‘q kishilar bordir, zero hamma ham kasallikning belgilariga e’tibor qilavermaydi. O‘z vaqtida shifokorlar ko‘rigidan o‘tib turish kasallikni erta bosqichlarida aniqlash va uni osonlikcha bartaraf etish imkonini beradi.

© Kun.uz nashri.

ico
Limfa tugunlari sili
Sil kasalligini chaqiruvchi mikrob sil tayoqchasi (Koxa batsillasi) bo‘lib, aerogen, limfagen va gematogen tarqalib, o‘pkada, boshqa a’zolarga, shu jumladan, limfa tugunlarga ham silga xarakterli o‘zgarishlarni chaqiradi. Kasallikning yuqish yo‘llari turli-tuman bo‘lib bulardan: batsilla tarqatuvchi bemorlar yo‘talganda, aksirganda, yaradan ajraladigan ajralmalar, peshobdan, genital ajralmalardan o‘tishi kuzatilgan.

Ma'lumot o‘rnida

Sil mikrobining organizmga kirish usullariga qarab kasallik joylashuvini aniqlash imkoniyati tug‘iladi, ya’ni nafas yo‘llaridan – bronxlar oldi, ko‘krak qafasi ichki limfa tugunlari, ovqat hazm qilish a’zolari yo‘lidan, qorin parda old va orqa limfa bezlari (mezadeniti) og‘iz va burun orqali o‘tishida esa ko‘pchilik holatlarda bo‘yin limfa tugunlari sili uchrashi mumkin. Inson organizmida limfa tugunlar 700 dan ortiq bo‘lib, tashqi yuzaki va ichki chuqur joylashgan limfa tugunlar farq qilinadi. Limfa tugunlar odatda yumaloq, no‘xatsimon va cho‘zinchoq shakllarda bo‘lib, yakka yoki to‘da holida joylashadi. Limfaning vazifasi organizmdan yot moddalar va mikroblarni chiqarishdan iboratdir. Limfa suyuqligi limfa tugundan filtrlanib o‘tib, zaharli moddalar va mikroblarni jigarda zararsizlantirib, buyrak orqali chiqishida ishtirok etadi.

Kasallik kechishi

Sil tayoqchasidan aksariyat 80 foizgacha hollarda bo‘yin va qo‘ltiq osti limfa bezlari zararlanishi kuzatiladi. Limfa tugunlarda sil kasalligi rivojlanishida sil o‘chog‘i joylashgan joyga “tuberkulyoz” – “bugorok”, ya’ni do‘mboqchalar hosil bo‘ladi, vaqt o‘tishi bilan do‘mboqchalar bir-biriga qo‘shilib “kazeoz” quyuq qotishgan yiringli ajralmalar hosil bo‘lib, keyingi bosqichida teshiklar paydo bo‘lib, teri ustidan teshib chiqishi va nihoyat oqma yaralar paydo bo‘lish hollari kuzatiladi. [box type="shadow" align="aligncenter" ]Kasallikning limfa tugunlarda rivojlanishi bir nechta bosqichdan iborat bo‘lib, 2-3 oydan bir necha yillarga borishi mumkin.[/box]

Limfa tugunlar sili diagnostikasi

Limfa bezlarining sil bilan shikastlanishi tashhisoti majmuaviy turda bo‘lib, shikoyati: tanada joylashgan limfa bezlarining kattalashuvi, kasallik tarixidan limfa bezlarining kattalashuvi surunkali kechishi, boshqa a’zolarda sil kasalligi alomatlari borligi, sil sinamalarining musbat bo‘lishi, o‘pkaning rentgen suratida sil kasalligi alomatlari qoldiqlari borligi, limfa tugunlari bir tekis kattalashuvi, og‘riqsiz, harakatchan bo‘lishi, UTT (UZI) tekshiruvlarida limfa bezlarining ichki tuzilishi (gomogen) bir xilligi, ba’zida (getrogen) har xil bo‘lishi ham mumkin, laborator tekshiruvlarda ajralmalardan sil tayoqchasi aniqlanishi va provakatsion sinamalar natijalari musbatligi va gistologik tekshiruvlar asosida limfa tugunlarning sil bilan zararlanishi aniqlaniladi.

Tekshiruvlar muhim ahamiyatga ega

Limfa bezlari kattalashgan bemorlarni tekshirishda limfa bezlarga punksiya qilinib, ajralmani sitologik va mikrobioloigik, polimeraz zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlar samaradorligi qoniqarli bo‘lishi mumkin. Lekin bemorlar orasida limfa bezlarni operatsiya usulida oldirmanglar, kasallik avjiga chiqib ketadi degan asossiz tushunchalar bor. Shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, har bir kattalashgan limfa tugunlar kasalligini aniq tashxisot qilish uchun, asosan gistologik tekshiruv muhim, bunda limfa tugunni to‘liq olish va tekshirish lozim, bundan bemorlarga hech qanday ziyon yetmaydi, balki kasallik barvaqt aniqlanilib, davo samarasi yaxshi bo‘lishi kuzatiladi.

Limfa tugunlar silining differensial diagnostikasi

Limfa tugunlar silining differensial diagnostikasi bir nechta limfa bezlarning kattalashuvi bilan kechadigan kasalliklar orqali olib boriladi. Bulardan limfa bezlarning nospesifik yallig‘lanishi, bolalarda har turdagi (V-T hujayrali Xodjikin, neXodjikin) limfomalar, limfagranulomatoz (LGM) hamda OIT sindromlarida ham limfa bezlarning har xil darajadagi kattalashuvi kuzatiladi. Shuni esda tutish lozimki, limfa bezlari kattalashgan har bir bemor ftiziatr ko‘rigidan keyin, kompleks tekshiruvlar asosida tekshirilib, sil kasalligini aniqlash uchun gistologik tekshiruvdan o‘tishi lozim.

Limfa tugunlari silini davolash

Sil kasalligini davolash kompleks turda bo‘lib, silga qarshi dorilar tartibli, davomiy tarzda olib borilishi lozim. Kasallikni aniqlanish vaqti qancha barvaqt bo‘lsa, terapevtik davoning samarasi yaxshi bo‘lib, kattalashgan limfa bezlar so‘rilib ketishi mumkin. Shuni esda tutish muhimki hech vaqt bitta yoki ikkita dori bilan davoni boshlamaslik lozim, bunday holatlarda mikrobning sil dorilariga turg‘unligi rivojlanib, kasallikni davolash muddati cho‘zilishi bilan bir qatorda, uning asoratlari rivojlanishiga omil bo‘ladi. Kasallik kechikib asoratlangan davrlarda aniqlangan bo‘lsa, albatta jarrohlik muolajalari qo‘llaniladi. Bunda zararlangan limfa tugunlar olib tashlanib, konservativ davo davom ettiriladi. [box type="info" align="aligncenter" ]Limfa tugunlari sili bilan og‘rigan bemorlarni o‘z vaqtida aniqlab, kompleks davo choralari qo‘llanilganda bu toifadagi bemorlar batamom tuzalib ketadilar.[/box]

Sh. YO‘LDOSHOV, tibbiyot fanlari doktori "O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

ico
Ko‘z sili kasalligi: tasnif, tashxis va davo
Sil kasalligini keltirib chiqaruvchi bakteriyalar Nemis olimi Robert Kox tomonidan 1882 yil 24 martda kashf etilgan. Sil kasalligida sil tayoqchalarini sil dorilariga chidamli turi (L-formasi, MLU, SHLU) paydo bo‘lishi mumkin. Mazkur kasallik yuqumli hisoblanib, uni sil tayoqchalari (Kox bakteriyasi) keltirib chiqaradi, bu kasallikning o‘ziga xosligi surunkali to‘lqinsimon kechishi bilan boshqa xastaliklardan ajralib turadi. Sil kasalliginnig qo‘zg‘atuvchilari nafas olish va hazm qilish sistemasi orqali organizmga tushib, asosan o‘pka tizimini shikastlaydi. Mazkur kasallik soch va tirnoqdan boshqa barcha organ va to‘qimalar, ya’ni o‘pka, bosh miya, ko‘z, teri, suyak, bo‘g‘imlar va limfa bezlari, ichak, buyrak, jinsiy a’zolarni ham zararlaydi. Bugungi suhbatimizda ko‘rish a’zolari, ya’ni ko‘zda uchraydigan sil kasalligining tasnifi, ko‘z silining turlari va uni davolash tartibi xususida gazetxonlarni qiziqtirgan savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya markazi Xorazm viloyati filiali oftalmolog-shifokori Odilbek Kuryazovga yuzlandik.

Ko‘z sili qanday kasallik?

Ko‘z sili (glaznoy tuberkulyoz) organizmning umumiy infeksion kasalligi hisoblanadi. Ushbu kasallik bakterial tabiatga ega. Ko‘ruv a’zolarining sil kasalligi uzoq davom etadigan, tez-tez qaytalanib, ko‘rish o‘tkirligining pasayishi va ayrim holatlarda ko‘rmaslikka olib keluvchi kasallikdir. Hozirgi paytda qator mualliflarning ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘z sili o‘pkadan tashqari sil kasalliklari ichida oltinchi o‘rinda bo‘lib, 5-16% ni tashkil qiladi. Tibbiyotda mazkur kasallik ko‘zda asosan 3 ta yo‘l bilan rivojlanishi kuzatilgan. Ya’ni birinchi yo‘l – gemato-limfogen bo‘lib, shu yo‘l eng ko‘p uchraydi. Gematogen disseminatsiyada sil mikobakteriyalari ko‘z to‘qimalariga organizmning boshqa sil o‘choqlaridan o‘tadi. Ikkinchi yo‘l ekzogen deb nomlanadi. Ushbu yo‘l ko‘zning birlamchi sili hisoblanib, u ko‘zning shilliq qavati bo‘shlig‘i orqali rivojlanadi. Uchinchi yo‘l — kontakt yo‘l. Bunda sil kasalligining ko‘zga tarqalishi, yuz terisi, ko‘z kosasi osteomiyeliti va burun bo‘shlig‘i orqali rivojlanadi.

Ko‘z sili tasnifi

Ko‘z sili kasalligi asosan 3 ta klinik tur bilan izohlanadi. Ular:
  • Gematogen uveitlar. Ular oldingi (irit, siklit, iridotsiklit) va orqa uveitlarga (xorioidit, xorioritinit) bo‘linadi.
  • Ko‘z oldi to‘qimalari sili.
  • Ko‘z sil – allergik kasalliklari. Ular o‘tkir boshlanishi, qisqa davom etishi va tez-tez qaytalanib turishi bilan tariflanadi.
Bundan tashqari, 1956 yil A.C.Woods kasallikning klinik — morfologik tartibiga asoslanib, quyidagi tasnifni taklif qilgan. Ular granulyomatoz va nogranulematoz. Granulyomatoz kasallik paydo qiluvchi (patogen) mikro-organizmlar, gematogenli metastaz natijasida tomirli parda qavatida perifokal yallig‘lanishga ega granulyoma hosil qiladi. Nogranulematoz yallig‘lanish jarayoni nospetsifik kechib, ko‘z to‘qimalarining har xil allergenlarga qarshi sensibilizatsiyalangan reaksiyasi bilan namoyon bo‘ladi. Tibbiyotda ko‘z sili kasalligiging bir qancha turlari aniqlangan. Ular ko‘z atrofi to‘qimalarining sili, ko‘zning old qismi sili va ko‘z orqa qismining sil kasalligidan iborat. Ko‘z silining mazkur turlari ham bir qancha guruhlarga bo‘linadi. Ya’ni ko‘z atrofi to‘qimalarining sil kasalligi guruhida asosan, ko‘z qovoqlari terisining sili, sil dakriotsistiti, ko‘z kosasining sil osteomiyeliti, sil dakrioadeniti, kon’yunktiva (shilliq qavat) sili va epibulbar sil kasalliklar kiradi. Masalan, sil dakriotsistiti ko‘pincha bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi. Kasallikning ushbu turida infeksiya asosan gematogen yoki kon’yunktiva orqali, ko‘z yosh yo‘lidan o‘tib ko‘z yoshi xaltachasida rivojlanadi. Ko‘zning old qismi sili kasalligi ko‘zning sil – allergik zararlanishlari, sil keratitlari, sil skleritlari va sil iridotsikliti (oldingi uveitlar) bilan guruhlanadi. Masalan, ko‘zning sil – allergik zararlanishida kasallik o‘tkir boshlanishi, yorug‘likdan qo‘rqish, ko‘z yosh oqishi, blefarospazm, da’vo ta’sirida jarayonning tez kamayishi va tez-tez qaytalanish kuzatiladi. Ko‘z orqa qismining sili o‘z ichiga tarqalgan xorioretinit, konglobirlangan tuberkula, diffuz sil xorioretiniti, xorioideyaning milliar sili, periferik uveit, Yensen yukstapapilyar xorioiditi va sil periflebitini oladi. Mazkur kasalliklar turlicha rivojlanadi. Ya’ni diffuz sil xorioretiniti kasalligi asosan tomirli qavatning orqa qismi, ya’ni xususiy tomirli qavat qismidagi jarayon to‘r pardaning shishishi va infiltratsiyasi bilan kechadi. Xorioideyaning milliar sili esa hozirgi kunda juda kam uchraydigan kasallik turi bo‘lib, u ko‘pincha bolalar va o‘smirlarda sil meningiti va immunitetning susayishida sil disseminatsiyasi jarayonida kuzatiladi. Kasallikning sil periflebiti turi esa retsidivlanuvchi xarakterga ega bo‘lib, ko‘pincha yosh erkaklarda ikkala ko‘zda kuzatiladi.

Ko‘z sili kasalligiga qanday tashxis qo‘yiladi?

Ko‘z sili tashxisi birmuncha qiyinchiliklar tug‘diradi va bemorni kompleks ravishda tekshirishni talab qiladi. Moskvadagi ko‘z sili markazida, ko‘z siliga shubha bo‘lganida bemorlarni tekshirish uchun quyidagi sxema qabul qilingan:
  1. Anamnezni maqsadga muvofiq oydinlashtirish (sil kasalligi bilan kontakt borligi, ilgari ko‘z silini o‘tkazganligi va boshqalar.)
  2. Ko‘krak qafasi flyuorografiyasi, ko‘rsatma bo‘lganda, ko‘krak ichki limfa bezlarida va o‘pkadagi sil o‘zgarishlarining faolligini aniqlash maqsadida rentgenologik tekshiruv o‘tkaziladi.
  3. O‘pka, tomir oldi limfa tugunlar, aniqlangan suyakli o‘zgarishlar faolligini rentgenologik aniqlab bo‘lmasa, tomografiya tekshiruvi o‘tkaziladi.
  4. Tomir oldi limfa bezlarining kattalashuvi va katta petrifikatlarni aniqlashda bronxoskopiya tekshiruvi o‘tkaziladi.
  5. Periferik limfa tugunlarining holatini tekshirish.
  6. Ko‘rsatma bo‘lganida, qorin bo‘shlig‘ini rentgenologik tekshiruvi, urolog va ginekolog maslahatlari.
  7. Siydik va bronxlar chayindisi, sil bakteriyalarini aniqlash uchun balg‘amni ekish.
  8. Boshqa surunkali infeksiyalarni bartaraf etish: zaxm (sifilis), toksoplazmoz, brutsellyoz, revmatizm, sarkoidoz, virusli kasalliklar.
  9. Immundiagnostika, in vitro o‘tkazilib, bemor qonida tuberkulinga nisbatan gumoral va hujayraviy antitanani aniqlashga asoslangan.
  10. Tuberkulin-diagnostika. Keratit, sklerit, uveitlar etiologiyasini aniqlashda katta ahamiyatga ega. Ko‘z silini aniqlashda terida tuberkulin sinovlari o‘tkaziladi: teri ichi Mantu sinamasi, Graduirlangan Mantu sinamasi, tezlashtirilgan Mantu reaksiyasi.
  11. Sinovchi davolash (test-terapiya). Bunday davolashni noaniq etiologiyali uveitlarda qo‘llash maslahat beriladi. Tuberkulostatik preparatlar bir oy davomida qo‘llaniladi. Davolash samarali bo‘lganda uveitning sil etiologiyaliligi taxmin aniqlanadi.
Ko‘z sili belgilari turlicha xususiyati, shu sababli, har xil diagnostik ahamiyatga ega.

Ko‘z sili kasalligi qanday davolanadi?

Ko‘z sili kasalliklarini davolash, nafaqat, ko‘rish funksiyalarini iloji boricha asli holiga keltirish yoki saqlab qolishga, ko‘z olmasidagi yallig‘lanish jarayonlarini bartaraf etishga, balki sil tayoqchalarining faolligini susaytirishga, organizm himoya kuchlarini oshirishga ham qaratilgan bo‘lishi lozim. Ftiziatriyaning umumiy tamoyillariga ko‘ra, antibakterial kimyoterapiya, davoning asosiy qismi kasallikning shakli va og‘irligiga qarab o‘tkaziladi. Jarayonning og‘ir darajasida davolash ikki davrda olib boriladi. Birinchi davr uch xil preparatning ta’siriga qarab ikki — uch oy davomida olib boriladi. Ikkinchi davrda ikki xil preparat uch oy davomida beriladi. Qon qo‘yilishlar bilan kechuvchi gemorragik xorioretinitlar va periflebitlarda birdaniga kimyoterapiya qo‘llanilmaydi, chunki silga qarshi preparatlar qon tomir devorlarini kuchsizlantiradi. Shuning uchun ikki — uch hafta davomida angioprotektorlar qo‘llash davo terapiyasi o‘tkaziladi. Shundan keyin izoniazidni kichik dozadan sekin-asta o‘rta terapevtik dozagacha buyuriladi. PASK sutkasiga olti-to‘qqiz grammdan oshmasligi kerak. Ikkinchi guruh preparatlaridan etoksid, etionamid va sikloserin buyuriladi. Tibon qo‘llash mumkin emas. Sust kechuvchi, surunkali jarayonlarda streptomitsin samara bermaydi. Bunday shakldagi ko‘z silini izoniazid, rifampitsin yoki PASK va ikkinchi guruh preparatlari bilan tuberkulin, gormon, nospetsifik vositalar qo‘llaniladi. So‘ngi 15 yil ichida lazerli koagulyatsiya muvofaqqiyat bilan qo‘llanilmoqda. Ko‘ruv funksiyalarini saqlab qolishning shartlaridan biri ko‘z sili asoratlarining oldini olish va o‘z vaqtida davolashdan iboratdir. Bugungi suhbatimizdan ma’lum bo‘ldiki, ko‘z sili kasalligi ham sil kasalligining boshqa turlari kabi insoniyat bilan birga yashab, uning hayoti, sog‘lig‘iga doimiy ravishda to‘siq bo‘la oladigan yuqumli kasalliklardan biri ekan. Shunday ekan, har bir inson nafaqat o‘z salomatligi uchun, balki sog‘lom turmush tarzi va jamiyat sog‘ligi yo‘lida o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi, shifokor nazoratida bo‘lishi va o‘z sog‘ligi uchun e’tiborli bo‘lishi lozim.

© Odilbek Kuryazov, oftalmolog-shifokori. Dilrabo Jumatova, jurnalist. silning-davosi-bor.uz

ico
Nega aynan mart oyining 24 sanasi ?
Sil kasalligiga qarshi kurashish va uning oldini olish, samarali davolash bugungi tibbiyot tizimining, qolaversa tibbiyot islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida tatbiq etiladi. Butun dunyo olimlari xavotiriga sabab bo‘layotgan sil kasalligining tarqalishi o‘z-o‘zidan ijtimoiy ahamiyat kasb etib, barcha davlat va hamkor tashkilotlarning diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Global muammo tusini olgan mazkur kasallik turlari mamlakatimiz tibbiyot mutaxassislarining ham yangicha yondashuv va davolash tizimi asosida ish tutishlarini taqozo etmoqda. Lekin dunyo miqyosida 24 martning – Butunjahon silga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilinishi va bunga oid ilmiy-amaliy tadbirlarning o‘tkazilishi ko‘pchilikning qiziqish va savollariga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, nega aynan mart oyining 24-sanasi shunday nomlandi va buning o‘ziga xos ramziyligi nimada? Hammaga ma’lumki, sil kasalligi tananing barcha a’zolarida, asosan o‘pka to‘qimalarida o‘ziga xos yallig‘lanish bilan kechadigan yuqumli kasallikdir. Bu tushuncha insoniyatga qadimdan mavjud bo‘lgan. Ya’ni kasallik haqidagi dastlabki ma’lumotlar Gippokrat, Abu Ali ibn Sino singari tibbiyot allomalarining asarlarida uchraganligini ta’kidlash mumkin. Lekin kasallik qo‘zg‘atuvchi mikobakteriyalar dastlab nemis olimi Robert Kox tomonidan 1882 yil 24 martda aniqlangan edi. Ushbu bakteriyalar mikroskopda tekshirilganda mikrob donsimon zarrachali ingichka, to‘g‘ri yoki salgina bukilgan tayoqcha – batsilla ko‘rinishida namoyon bo‘lgan. Olimning tibbiyotda yaratgan ixtirolari keyinchalik «sil tayoqlari» yoki «Kox batsillasi» nomi bilan atala boshlagan. Robert Kox bu yangiligi uchun 1905 yilda Nobel mukofoti bilan ham taqdirlanadi. U faoliyati davomida «Agar tarozining ikki pallasidan biriga yuqumli kasalliklar va ikkinchi pallasiga sil xastaligi qo‘yilsa, ikkinchi tomon og‘irlikni bosadi, degan fikrni ilgari suradi. Demak, sil kasalligining oldini olish va davolash ma’lum muddat yoki uzoq vaqtni talab qilar ekan. Shu tariqa tibbiyot tarixida Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan 24 mart – Butunjahon silga qarshi kurashish kuni deb nomlangan.

© silning-davosi-bor.uz

ico
Sil mikroblari bilan barcha a’zo zararlanishi mumkinmi?
Sil (tuberkulyoz) — yuqumli kasallik bo‘lib, uni ko‘zga ko‘rinmaydigan mayda bakteriyalar — sil tayoqchalari qo‘zg‘atadi. Kasallik tayoqchalari ko‘p hollarda nafas yo‘li orqali odamga yuqadi, o‘pka to‘qimalarida rivojlanadi va ko‘payadi. Mikroblar bemor yo‘talganda, aksirganda, qattiq gaplashganda, tupurganda balg‘am zarrachalari bilan atrofga tarqaladi. Bu ko‘zga ko‘rinmas zarralarda minglab sil tyoqchalari bo‘ladi. Ular havoda bir necha soatgacha saqlanishi mumkin. O‘pka sili bilan kasallangan bemor xonada uzoq vaqt qolsa, havoda bakteriyalar ko‘payib, boshqa kishilarning nafas yo‘llariga o‘tadi. Bu esa silni yuqtirishning asosiy sababi bo‘lib, havo-tomchi usuli deb yuritiladi. Ko‘p hollarda sil tayoqchalari o‘pkani zarralaydi. Shuningdek, miya, suyak, bo‘g‘in, buyrak, jinsiy a’zolar, ko‘z, ichak, limfa tugunlarini ham zararlashi mumkin. Quyidagi belgilar paydo bo‘lsa, beparvo bo‘lmang! — Yo‘tal 2 haftadan ortiq davom etsa; — Istima ko‘tarilsa; — Darmon qurisa, tez charchasangiz; — Ozib ketsangiz; — Ko‘krak qafasida og‘riq kabi belgilar paydo bo‘lsa. Yuqoridagilar sezilsa zudlik bilan mutaxassisga murojaat qilish zarur. Sil uzoq davom etadigan kasallik. Uni davolash 6-8 oy muddatni talab etadi. Bu davr davomida shifokor tavsiya etgan dorilarni qabul qilishda tanaffusga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Agar bemor davolanish davomida o‘zini yaxshi his etib, dorilar ichishni to‘xtatib qo‘ysa yoki vaqtida ichmasa, sil tayoqchasining bu doriga chidamli bo‘lgan boshqa kuchliroq turlari paydo bo‘ladi. Unutmang, silning bu turlariga qarshi kurashish ancha qiyin kechadi.

© Iqboljon Abdujabborov. Silning-davosi-bor.uz

ico
Sil kasalligiga chalinganlarga qanday ishlar taqiqlangan?
«Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasida «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ijozat etilmaydigan ishlar ro‘yxatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlaydi. Ro‘yxatda ko‘rsatilgan ishlarni bajarishi ijozat etilgan shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ularni, albatta, bakterioskopik tekshiruvdan, shuningdek. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan davriylikda rentgen-flyuorografiya tekshiruvidan o‘tkazishni o‘z ichiga oladi», deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu qoidadan kelib chiqilib, Adliya vazirligi tomonidan 2014 yil 5 martda 2566-ro‘yxat raqami bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining «Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar ro‘yxatini tasdiq-lash to‘g‘risida»-gi 2014 yil 4 fevraldagi 38-son buyrug‘i ro‘yxatga olindi. Mazkur qonun hujjatining maqsadi aholining sil kasalligidan muhofaza qilinishiga qaratilgan. Sog‘liqni saqlash vazirining yuqoridagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan ro‘yxatda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar turi, bu ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar va bu kasblarning milliy standart klassifikatorida belgilangan kasb kodlari ko‘rsatilgan.
Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yohud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar Ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan: Davolash—profilaktika muassasalarida (tug‘ruqxonalar, tug‘ruq, chaqaloqlar patologiya va chala tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limlarida) chaqaloqlar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlarda ishlaydigan akusherka, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorlarga qarovchi kichik tibbiyot hamshirasi, sanitarkalar, sanitarka-boquvchilar, bolalar taomi va parhez taomlar bo‘yicha oshpazlar, bufetchilar; Bolalarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan barcha davolash—profilaktika muassasalari, shu jumladan bolalarga mo‘ljallangan sog‘lomlashtirish, jismoniy rivojlantirish, sihatgoh va reabilitatsiya maskanlarida, profilaktoriyalarda bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlarda ishlaydigan tarbiyachilar, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorlarga qarovchi kichik tibbiyot hamshirasi, sanitarkalar, sanitarka-boquvchilar, bolalar taomi va parhez taomlar bo‘yicha oshpazlar, bufetchilar; Maktabgacha ta’lim muassasalarida (bog‘cha-yasli va bog‘chalar, bolalar uylari) bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlarda ishlaydigan tarbiyachilar, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorlarga qarovchi kichik tibbiyot hamshirasi, sanitarkalar, sanitarka-boquvchilar, bolalar taomi va parhez taomlar bo‘yicha oshpazlar, bufetchilar; Maktabgacha yoshdagi bolalarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’lim va sport muassasalarida, shuningdek, ushbu maqsadlarda tashkil etilgan to‘garaklarda bolalar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan holda bajariladigan ishlarda ishlaydigan tarbiyachilar, barcha nomdagi tibbiyot hamshiralari, barcha mutaxassislikdagi vrachlar, bemorlarga qarovchi kichik tibbiyot hamshirasi, sanitarkalar, sanitarka — boquvchilar, bolalar taomi va parhez taomlar bo‘yicha oshpazlar, bufetchi, to‘garak rahbarlari, o‘qituvchilar, logoped, o‘qituvchi-logoped.
Yuqoridagi ishlarda ishlayotgan xodimlar belgilangan muddatlarda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart bo‘lib, ular tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra sil kasalligiga chalinmagan deb topilgan taqdirdagina, o‘z ishlarini davom ettirishlari mumkin bo‘ladi. Demak, yuqoridagi kasbdagi ish o‘rniga qabul qilinayotganlar ish beruvchi tomonidan sil kasalligi bor, yo‘qligini aniqlanishi uchun belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi shart. Ularda sil kasalligi aniqlanmagan taqdirdagina ishga qabul qilinishlari mumkin bo‘ladi. Sil kasalligi aniqlangan nomzodlar bu lavozimlarga ishga qabul qilinishi mumkin emas. Ishlayotgan xodimlarda sil kasalligi aniqlanganda ular zudlik bilan vazifalarini bajarishdan chetlashtirilishi va mehnat shartnomasi bekor qilinishi lozim bo‘ladi. Atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning, keyinchalik tuzalishidan qat’i nazar «Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yohud atrofdagilarga sil kasalligini yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan shaxslarning bajarishi ruxsat etilmaydigan ishlar ro‘yxati»da nazarda tutilgan ishlarni bajarishiga ruxsat etilmaydi. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, amaldagi Mehnat kodeksining «Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish» deb nomlangan 100-moddasining 2-qismi 2-bandiga asosan ish beruvchi o‘z tashabbusiga ko‘ra xodimning sog‘ligi holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga muvofiq mansabdor shaxs tomonidan yuqoridagi mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatining buzilishi ma’muriy javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasdan ishga qabul qilingan xodim ishi bilan bog‘liq tarzda sil kasalligini atrofidagi boshqa shaxslarga yuqtirgan hollarda yuz bergan hollatning huquqiy oqibatiga qarab ish beruvchi (o‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi, fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yohud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa) Jinoyat kodeksining 207 — moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ish beruvchi o‘zining aybi bilan sil kasalligini yuqtirib olgan fuqarolarga ko‘rgan moddiy zararlari (masalan, davolanish harajatlari)ni qoplashi lozim bo‘ladi.

© A. Abdukarimov, huquqshunos. Silning-davosi-bor.uz