Psixologiya

MAQOLALAR

ico
Bo‘lajak ona psixologiyasi
Homiladorlik ayolni o‘zgartirishi – bu ma’lum fakt, biroq bu o‘zgarishlarning mohiyatini hamma ham tushunavermaydi. Keling, psixologlar fikriga ko‘ra ushbu davrda nimalar sodir bo‘lishini bilib olaylik.

Bolalikka yaqinroq

Homiladorlik vaqtida ayol psixologik ravishda yosh boladay bo‘lib qoladi degan fikr keng tarqalgan. Bu deyarli to‘g‘ri emas. Homilador ayol organizmida qayta tuzilish yuz berishi bois unda haqiqatan ham sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, biroq buning regress bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Shunchaki ayol o‘ziga va u bilan sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga e’tiborliroq bo‘lib qoladi, ayni davrda juda muhim hisoblangan hissiyotlari va tanasidagi sezgilariga e’tiborini jamlaydi. Bu haqiqatan ham uni kattalardan ko‘ra o‘zining asl hislariga va haqiqiy istaklariga yaqin bo‘lgan kichkina bolaga o‘xshatib yuboradi. Mashhur “homiladorlarning injiqliklari” haqida ham xuddi shularni aytish mumkin: axir bolalar odatda o‘z qiziqishlaridan voz kechishga tayyor bo‘lmaganlarida xarxasha qilishadi, homilador ayolni esa tabiatning o‘zi o‘z manfaatlarini hammasidan yuqori qo‘yishga majbur qiladi. Uning bunday xudbin hulqida yana bir ma’no bor: yaqin yillarda ayolning turmush tarzi shunday o‘zgaradiki, unga yaqinlarining ko‘magi lozim bo‘ladi – bu haqda u mana shunday bilvosita usullar orqali xabardor qilmoqda.

Hech nima sodir bo‘lmadimi?

Ba’zan, homilador bo‘lgach,
ayol xuddiki buni payqamaydi va tug‘ruqqacha hech narsa o‘zgarmagandek yashashga urinadi. Buning yomon joyi yo‘qdek tuyuladi, biroq agar bo‘lg‘usi ona o‘zining yangi maqomini e’tiborga olmasa, baribir xavotirlanadigan joyi bor. Homiladorlikka e’tiborsiz munosabatda bo‘lish, umuman olganda, o‘ziga uncha e’tibor bermaydigan va o‘z tuyg‘ularidan ko‘ra tashqaridan beriladigan yo‘l-yo‘riqlarga rioya qilishga moyil ayollarda vujudga kelishi mumkin. Agar ayol homiladorlik davri davomida haddan tashqari ishga, o‘qishga yoki jamoatchilik faoliyatiga kirishib ketsa, bu voqelikdan qochishga urinishga, uning onalikka psixologik tayyor emasligiga o‘xshaydi.

Yaqin atrofdagilardan nima talab qilinadi?

Homilador ayollarga munosabatda ko‘pincha ikki qarama-qarshilik kuzatiladi. Ayrim odamlar ularni papalab, gard yuqtirmaslik, qo‘llarini sovuq suvga urdirmaslik kerak deb hisoblasa, boshqalar homiladorlarning ahvoliga ortiqcha e’tibor bermaslikni afzal bilishadi. Shubhasiz, bo‘lg‘usi ona bilan billur vaza kabi muomala qilmaslik kerak: homiladorlik kasallik emas, balki odatdagidek yashash imkonini beradigan normal fiziologik holatdir. Biroq, mazkur holatning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborsiz ham qoldirmagan ma’qul. Homiladorlik vaqtida ayolning psixikasi nisbatan ta’sirchanroq bo‘ladi, immuniteti esa zaiflashadi, shu bois uni ham jismoniy, ham hissiy ortiqcha yuklamalardan ehtiyot qilgan ma’qul. Qolaversa, qachon ayol ozmi-ko‘pmi o‘ziga e’tiborli bo‘lsa, intuitiv ravishda o‘zi zarur ehtiyot choralarini ko‘radi. Ana shu o‘z-o‘ziga quloq solish homilador uchun muhimdir. Yaqinlari hozir uning e’tibori o‘z ichiga qaratilganini va boshqalarga yetarli darajada e’tiborini qaratishga imkoni kamroqligini tushunishlari kerak. Ayniqsa bolalar (agar homiladorlik birinchisi bo‘lmasa) buni tushunishi qiyin. Bu vaziyatda ular yuqori e’tiborga muhtojlar. Shuning uchun oilada navbatdagi farzandni kutish – ularni ona yuklamasining bir qismini o‘z gardanlariga olishga tayyor bo‘lgan otasi va boshqa qarindoshlari bilan yaqinlashtirishning ayni vaqtidir.

Homiladorga psixolog zarurmi?

O‘z holicha qaraganda, homiladorlik psixologik yordam so‘rab murojaat qilish uchun sabab bo‘lolmaydi. Muammolar vujudga kelgan taqdirdagina yordam zarur bo‘ladi. Ta’sirchanlik kuchayishi tufayli aynan shu davrda ayol ilgari sezmagan psixologik qiyinchiliklariga ilk marotaba e’tibor berishi mumkin. Homiladorlik bilan turli kechinmalar bog‘liq bo‘lishi mumkin: o‘zining yangi maqomini qabul qilishga tayyor emasligi, homiladorlikning kechishi va bo‘lg‘usi tug‘ruqlar bo‘yicha xavotir, o‘zi va bola uchun qo‘rquv, onalik vazifasini uddalay olmaslikdan qo‘rqish, tananing muqarrar o‘zgarishlari bilan bog‘liq bezovtalik... Odatda, bu ancha oldin yurakning tub-tubida mavjud ichki qo‘rquvning namoyon bo‘lishidir. Shunchaki homiladorlik ularni yuzaga chiqardi. Agar bu kechinmalar noqulayliklarni keltirib chiqarsa, uni yengishga esa kuch bo‘lmasa, psixologning alohida yordami asqatadi. Shunday hayotiy vaziyatlar va sharoitlar bo‘ladiki, bunda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash singari psixologik yordam ham zarur bo‘ladi. Masalan, ko‘pincha homiladorlik tufayli keskinlashadigan er-xotin o‘rtasidagi muammolar. Biroq, bu holatda dastlab alohida ham xotinga, ham erga psixoterapiya zarur. Psixoterapevtga oilaviy borishni esa, yaxshisi, keyinroqqa surgan ma’qul. Gap shundaki, farzand kutish jarayonida ayol va erkakning kechinmalari nihoyatda turlicha va yangi vaziyatni o‘ziga xos qabul qilish bilan bog‘liq bo‘ladi, shuning uchun oilaviy terapiya ushbu davr uchun yoqimsiz og‘ir kechinmalarni keltirib chiqarishi mumkin.

© "Homiladorlik.uz" nashri

ico
Saraton - ruhiyat iztirobi natijasi
Nega inson kasal bo‘ladi deb o‘ylaysiz? O‘zi kasallik nima? Kasal bu kuchsizlangan, ichki dushmanni yengish yo‘lida quvvati yetmayotgan, o‘ziga ishonchi kamaygan bir insondir. Ayniqsa, “tuzalmaydigan” dard saraton kasalligiga chalingan insonlar uchun bu yanada og‘irroq. Ilm saraton tuzalmaydi deganida, shifokor ilmni ro‘kach qilganida, yaqinlaringiz rahm ko‘zi bilan qaray boshlaganida, kasallik bilan kurashishda yolg‘iz qolib ketgan inson ichki dunyosini, yengilgan ruhiyatini, tanasidagi og‘riqlarni sog‘ odamga tushunish qiyin. Aslida saraton kasalligi hamma kasalliklar kabidir. Siz ”saraton tuzalmaydigan kasal” degan ongingizdagi "suvarak” fikrlarni olib tashlang. Davosi yo‘q kasallik bu faqat o‘limdir. Boshqalarning gapiga bo‘ysunmang, saraton kasalligini tuzalishi qanday bo‘lishini siz va yana siz ilmga, shifokorlarga va yaqinlaringizga ko‘rsatib bera olasiz. Sizning organizmingizda dori ishlab chiqarilishi uchun barcha imkoniyat bor, ya’ni Mendeleyev davriy sistemasidagi barcha elementlar mavjud. Organizm va ruhiyat sizniki, unga rak kasalligiga qarshi o‘zing dori ishlab chiqarasan degan qaror berish kerak xolos. Bu yo‘lda, shifokorlarning barcha ko‘rsatma va buyruqlarini bajargan holda ruhiyatingiz va tanangiz bilan ishlashingiz lozim. Siz tanangizni eksperiment uchun yo‘naltirmang. Ya’ni har-xil tabib va o‘tlar bilan davolash uchun shifokorlar ko‘rsatmasidan voz kechmang. Butun dunyo sog‘liqni saqlash tashkiloti shu jumladan O‘zbekiston onkologlari ham onkologiyadagi eng oldingi bilimlarni o‘z tajribalarida ishlatishadi. Avvalo, saraton kasalligidan forig‘ bo‘lishni ruhiyatingizning ichidagi yig‘ilib qolgan kechirmaslik, qalb og‘rig‘i, nola, ayblov, g‘azab, nafrat, o‘zidan qoniqmaslik, shubha-gumon kabi ruhiyat kasalliklaridan qutulishdan boshlashingiz kerak.
  1.  Sizning kasalligingiz bilan kurashishga o‘zingiz va faqat o‘zingiz mas’ulsiz. Bu yo‘lda men ojizman, menga yordam beringlar degan mavqedan, nima bo‘lganidayam men kuchliman, menga berilayotgan yordamdan to‘liq foydalana olaman degan qarorga keling.
  2. Sizning hayot yo‘lingizdagi mushkulotlar, og‘riqli kunlar, ozor bergan insonlarni bir marta kechirib yuboring. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi, yuz foiz kechiring, yuz foiz rozi bo‘ling va unuting, axir bu taqdir edi-ku. Ko‘zingizni yuming va ichingizdagi o‘zingizni his qiling. Shu o‘zligingizdagi qalb og‘riqlaringizdan forig‘ bo‘ling, ularni tashqariga chiqarib yuboring.
  3. Endi o‘zingizni boshqacha nomlang. Kasal, ojiz, o‘lim yo‘lida yashayotgan inson degan fikr o‘rniga, sog‘lom ruhiyati sog‘ tanani boshqarishga otlangan, kuchli, har kun zavqini har nafasida tuygan insonni ichingizda kashf qiling.
  4. Tana og‘rig‘iga chiday olmaslik degan qo‘rquvni, dorilar foyda bermasligi mumkin degan qo‘rquvni ichingizdan chiqarib tashlang. Miyasida quyon kabi qo‘rqoq fikrli insonning harakati ham quyondek qo‘rqoq bo‘lib, kasallik bilan kurashda yon bosib qolasiz. Shuning uchun avvalo, bu quyon kabi titroq beruvchi fikrlaringizning o‘rniga "o‘zim hal qilaman” rahmimni o‘zim yeyman degan qo‘rqmas fikrlar paydo qiling.
  5. Endi organizmingizni boshqarish uchun hamma huquqlarin hujjatini tayyorladingiz deylik. Nimadan boshlaymiz?
  6. Tanangizda yurgan siz uchun dushmanlik qilayotgan xujayralarni o‘z tasavvuringizda toping, ularni ichingizdagi kuchli hujayralar yengayotganligini his qiling. Bu yo‘lda dorilar, yaqinlaringizning duolari, shifokorlarning sa’i harakatlari yordam berayotganligini tushuning.
  7. Har kun bir qadam tashlang. Har kun bir qadam odimlang sog‘lik tomonga. Men sizga ishonaman, siz eplolasiz, kuchlisiz!

Saraton bilan kasallangan bemorlarning yaqinlariga psixolog maslahati

Albatta, har bir inson o‘z yaqini, qalbining ichidagi mehrdoshining boshiga og‘ir dard tushgan payti esankirab qoladi. Hozir sizning yordamingiz kerak. Yordamingiz esankirash, rahm ko‘zi bilan qarash, xafa bo‘lish va yig‘lash tarzida bo‘lishi kerak emas. Davosi yo‘q dard bu o‘lim. O‘zingizni qo‘lga oling. Endi nima bo‘ladi deb kelajak uchun qo‘rquv, vahima va xavotirlardan tuzilgan kelajakni to‘qimang. Hammasi yaxshi bo‘lishiga avvalo o‘zingiz ishoning. Dardman inson bilan gaplashganda quyidagilarga amal qiling.
  1. Bemorga tashxis haqida aytayotganligingizda "kuchliligimizni ko‘rsatadigan vaqt keldi, yengib chiqadigan vaqt keldi, deb davolanish uchun buyurilgan shifoxonani ayting. Bemorda g‘azab, ayblov, jazava, tushkunlik, psixologik shok paydo bo‘lishi mumkin.
  2. "Sabr – bu Yaratganni yara tagida ko‘rmoqdir.” Mavlono Rumiyning bu fikri siz uchun yo‘riqnoma bo‘lsin.
  3. Mehr so‘zlarini, sukunatni, ishonch nigohiga almashtiring.
  4. Siz o‘z yaqiningizga eng kerak bo‘lgan bir paytingizda, o‘z irodangizni so‘zlar bilan ifodalang.
  5. Shifokorlarga o‘z tazyiqingizni o‘tkazmang, ularning malakasiga ishoning.
  6. O‘zingizning va bemor bo‘lgan yaqiningizning hayot tarzini zavqli bo‘lishi uchun harakat qiling.

© Zebiniso Ahmedova, psixoterapevt.

Sabo.uz nashri.

ico
O‘z shaxsingizni bilasizmi? (Leongard bo‘yicha shaxs toifalari)
Leongard bo‘yicha shaxsning 10 toifasi: Birinchi toifa yoki “Namoyishkor shaxs” Bu toifaga mansub shaxslarning hulq-atvorida namoyishkorlik doimo sezilib turadi, ular barcha xatti-harakatlarni namoyishkorona bajarishni hush ko‘rishadi. Atrofdagilar bilan tez va osonlikcha muloqotga kirishadi, ishchan va harakatchan bo‘lishadi. Xiyla va nayrangga usta, yolg‘on gapirishga moyil, olifta, makkor, xayolparast, o‘z shaxsini bo‘rttirib ko‘rsatuvchi bo‘lishadi. Shu bilan birga boshqa birovlarni bir-biriga to‘qnashtirib janjalli vaziyatlarni yuzaga keltirishni xush ko‘rishadi. Maqtovtalab va manman bu shaxslar har qanday ishga tavakkal qilib qo‘l urib ko‘rishadi, rahbarchilikka intilishadi, atrofdagilarning e’tiborida bo‘lishga intilib yashashadi. Odamlar bilan tez til topishib ketishadi, har qanday vaziyatga tez moslashib olishadi, agar ularning xatti-harakatlari atrofdagilar tomonidan tan olinmasa yoki unga e’tibor qilinmasa, ularning kayfiyati tez buziladi va suhbatni boshqa yo‘nalishga o‘zgartirib yuborishadi. Mana shunday paytlarda ular o‘z foydasiga janjalli vaziyatlarni yuzaga keltirishga urinib ko‘rishadi va bunga erishishadi ham. Bunday shaxslar juda egoist bo‘lishadi, doimo diqqat-e’tiborda bo‘lishni hohlashadi, maqtovga chanqoq bo‘lishadi, agar atrofdagilar uni maqtamasa, u o‘zini maqtay boshlaydi, yonidagi suhbatdoshini hayratda qoldiridigan uydirmalar o‘ylab topadi, o‘zining so‘zamolligidan fahrlanib yuradi. Uning oldida birovni maqtashning foydasi yo‘q, chunki bu ularning kayfiyatini tushirib yuboradi, bunday paytlarda u suhbatni yana o‘z foydasiga burishga intilib ko‘radi yoki dialogni to‘xtatib qo‘ya qoladi. Mabodo u bilan avval og‘irroq vaziyatlar ro‘y bergan bo‘lsa, suhbat chog‘ida bu voqeani bo‘rttirib so‘zlab beradi, atrofdagilarda unga nisbatan hamdardlik va achinish hissini paydo qilishga intilib ko‘radi. Agar uning so‘zlariga e’tibor qilinmasa, tez jahli chiqadi, biroq buni sezdirmaslikka harakat qiladi. Ular doymo atrofida odamlarni to‘plab va’zxonlik qilishni, jamoaga yetakchilik qilishni yoqtirishadi va o‘zi alohida ko‘zga tashlanib turishni istaydi. Ular yolg‘izlikni yoqtirishmaydi. Shuning uchun ham ular doymo mansabga intilishadi, ularning ichki tuyg‘ularini ro‘yobga chiqaruvchi, o‘zini ko‘z-ko‘z qilishga katta imkoniyatlar yaratib beruvchi yagona vaziyat – bu mansabdir. Shu bois ular qanday bo‘lmasin biror bir mansabni egallashni orzu qilib yashashadi. Aslida uning hatti-harakatlari doimo ham haqiqatga mos kelavermaydi, agar kichikroq bir favqulotda vaziyat yuzaga kelsa, jamoani yig‘ib juda katta shov-shuv ko‘taradi, yig‘in paytida ataylab ziddiyatli vaziyat yaratadi, jamoa a’zolari ichidan aybdorni izlay boshlaydi, topa olmasa birovni-birovga to‘qnashtirib aybdorni topib oladi va uning obro‘sini hammaning oldida yerga urib tashlaydi, o‘zini esa faol himoya qilishga intiladi. Janjalni ham o‘z foydasiga hal qilib, vaziyatdan “qahramon” bo‘lib chiqishga urinadi va aksariyat hollarda bunga erishadi ham.­ Unda siqib chiqarish xususiyati (psixoanalizda Freyd tomonidan taklif qilingan “siqib chiqarish”atamasi bor) kuchli bo‘ladi, ya’ni ular o‘ziga yoqmagan voqea va hodisalar tafsilotini xotirasidan o‘chirib tashlash qobiliyatiga ega bo‘lishadi. Yolg‘on gapirish bunday shaxslar uchun odatiy xoldir: uning hayot tarzida yolg‘on va haqiqatlar shu darajada chalkashib ketadiki, keyinchalik gapirgan gaplarining qaysi biri yolg‘onu, qaysi biri haqiqatligini o‘zi ham anglay olmay qoladi. Shuning uchun ham ularga keyinchalik bo‘lib o‘tgan voqealar aytib berilsa eslay olishmaydi, biroq haqiqatdan ham eslay olmayapdimi yoki eslashni hohlamayapdimi, bilib olish o‘ta mushkul. Bunday odamlarni psevdolog, ya’ni yolg‘onchi deb ham atashadi. Shu asnoda ularning fikrlash doirasi kengligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim, ular ba’zan inson xayratda qoladigan ishlarga tavakkal qilib qo‘l urishadi va ishchanlik qobiliyati yuqoriligi uchun ancha yutuqlarga erishishadi ham.

Ikkinchi toifa yoki “Qotma shaxs”

Muloqotga hadeb kirishib ketmaydigan, kamgap, takabbur odam. Kam gapirsada, nasihat qilishni xush ko‘radi. Unga nisbatan aslida mavjud bo‘lmagan adolatsizlikdan aziyat chekib yuradi. Shu sababli ularning xatti-harakatida odamlarga nisbatan ishonchsizlik va ehtiyotkorlik ustun turadi. Gina va hafagarchilikka beriluvchan, tez ranjiydigan voqea va hodisalarga shubha bilan qaraydigan shaxs. U bilan yuz bergan voqealardan uzoq vaqt siqilib yuradi, hafagarchilikdan oson chiqa olmaydi, qasoskor bo‘ladi. Bunday odamlar janjal va kelishmovchiliklarni yuzaga keltirishda tashabbuskor bo‘lib qolishlari mumkin. Izzattalab, o‘ziga qattiq ishonadigan va o‘z bilganidan qolmaydigan sobitqadam bu shaxslar biror bir ishni qat’iyatlilik bilan boshlab oxiriga yetkazishadi ham. Ular o‘ta ishchan bo‘lib, har qanday sharoitda ham yuqori qo‘rsatgichlarga erishishga intilishadi, boshlagan ishini birov bilan baham qo‘rmay yolg‘iz o‘zi bajarishni xush qo‘rishadi. Qaysar, o‘jar va tez-tez hissiy qo‘zg‘alishlar ro‘y berib turadigan bu shaxslarning hulq-atvorida haqiqatgo‘ylik, ranjish, tez hafa bo‘lish, gumonsirash, rashq kabi turli hislatlar birgalikda namoyon bo‘ladi. Ularda chuqur hissiy kechinmalar ro‘y bersa ham buni darrov yuzaga chiqaraverishmaydi, ichida saqlab qo‘yishga harakat qilishadi va bu borada ularning fikrini tez bilib olish ancha mushkul.

Uchinchi toifa yoki “Rasmiyatchi shaxs”

Sinchkov, maydakash va o‘ta rasmiyatchi shaxs. Janjal va kelishmovchiliklarga kam aralashadi, agar janjalli vaziyatlarda paydo bo‘lib qolsa, o‘zini chetga oladi yoki passiv ishtirokchiga aylanadi xolos. Shunday bo‘lsa-da, shakllanib qolgan tartib-qoidalarning buzilishiga tezda diqqatini jalb etadi. Ish joyida u haqiqiy byurokrat bo‘lib, har bir ishda rasmiyatchilikka boradi, qo‘l ostida ishlaydiganlarga juda ko‘p talablar qo‘yib tashlaydi. O‘z ishiga juda puxta, o‘ziga va boshqalarga o‘ta talabchan, tartibni xush qo‘radigan, g‘oyatda sinchkov bo‘lib, har bir ishni reja asosida bajarishni yoqtiradi. Biror bir ishni boshlashdan oldin uni sinchkovlik bilan o‘rganadi, reja tuzadi, o‘zi ham o‘sha rejaga qattiq amal qilishga harakat qiladi, o‘z oldiga qo‘ygan ishlarni shoshmasdan, biroq yuqori darajada sifatli bajarishga intiladi. Xatoga yo‘l qo‘yilmadimi deb, o‘zini va boshqalarni tez-tez tekshirib turadi. Rasmiyatchilik uning hayot tarziga aylangan bo‘lib, vaziyat shuni taqozo etsa mansabdan osonlik bilan voz kechadi. Ruhiy jarohatlarni uzoq vaqt esida saqlab yuradigan, og‘ir tabiyatli va o‘ch olishga moyil shaxs.

To‘rtinchi toifa yoki “Ta’sirchan (qo‘zg‘aluvchan) shaxs”

Jizzaki, o‘z his-tuyg‘ularini jilovlay olmaydigan, qo‘pol, janjalkash va tez g‘azablanadigan kishilar. Ularning hulq-atvorida instinktiv intilishlar ustun turadi. Ular badqovoq va zaharxanda kishilar bo‘lib, birov bilan osonlikcha murosaga borishmaydi, doimo janjalning o‘rtasida bo‘lishadi, odamlar orasida kelishmovchiliklarning yuzaga kelishida faol ishtirokchilardir, aksariyat hollarda esa janjalning muallifi ularning o‘zi bo‘lib chiqishadi. Jamoada uzoq vaqt ishlay olishmaydi, tez-tez yuzaga keladigan kelishmovchiliklar sababli bir ishdan boshqa ishga o‘tib yurishadi. Ular odamlar bilan bemalol til topishib keta olishmaydi. Bunday shaxslar biror bir ishga ishtiyoq bilan kirishmaydi, ishga ham zarurat uchun boradi, qaysidir soha yoki ilmni o‘zlashtirishga ham ishtiyoq bo‘lmaydi. Kelajakka befarq va bugungi kun bilan yashaydigan bu shaxslar ko‘ngilxushlik va o‘yin kulgili tadbirlarga o‘ch bo‘lishadi. Biroq bunday joylarda ham odamlar bilan urishib qolishadi. Hamma bilan til topishavermagach o‘zidan kuchsizroq odamlar bilan muloqot qilishga va ularni o‘ziga bo‘ysindirishga intilishadi. Yuqori darajadagi qo‘zg‘aluvchan bu shaxslarni boshqarish qiyin bo‘lib, ularning xatti-harakatlari atrofdagilar va jamoa obro‘si uchun havfli vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Beshinchi toifa yoki “ Gipertim shaxs”

Gipertimiya – yuqori kayfiyatga ega va hissiyotga boy degani. Bu toifaga kiruvchi odamlar yuqori darajada harakatchanligi, so‘zamonligi, mimikalarga boy hatti-harakatlari, dilkashligi bilan ajralib turishadi. U har qanday odamlar bilan tezda muloqotga kirib keta oladi, ulfatchilikni xush ko‘radi, shum va sho‘x bo‘ladi. Suhbat chog‘ida dastlabki mavzudan tezda chetga chiqib ketadi, buni o‘zi ham sezmay qoladi. O‘z tengdoshlari orasida e’tiborda bo‘lishni, iloji bo‘lsa ularga yo‘lboshchi bo‘lishni va shovqin-suronli hayotni xush qo‘radi. Deyarli doimo yaxshi kayfiyatda bo‘ladi, o‘zini yaxshi ko‘radi, yuqori hayotiy quvvat va ishtahaga ega bo‘ladi, yuzi-qo‘zi kulib turadi, hayotdan quvonib yashaydi. U o‘ziga yuqori baho beradi, chaqqon va yengiltak bo‘ladi, quvnoq hayotni yoqtiradi, ishbilarmonchiligi bilan ajralib turadi, yuzaki ishlarni zudlik bilan bajarib tashlaydi. Bunday shaxslar juda ajoyib suhbatdosh bo‘lib, atrofdagilar qo‘nglini chog‘ qilib o‘tirishni xush qo‘radi, qo‘ngil yozar ishlarga yo‘lboshchilik qiladi, kerak bo‘lsa turli hursandchiliklarni o‘zi o‘ylab topadi va boshqalarni bunga jalb qiladi. Bu ishlarga keragidan ortiqcha berilish janjalli vaziyatlarning kelib chiqishiga turtki bo‘ladi. Agar u qilayotgan ishiga ochiq to‘sqinlikni sezsa yoki bu ishlarni amalga oshirayotganda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, asabiylashib ketadi, g‘azabi qo‘zg‘aydi. Ba’zan o‘z majburiyatlariga yuzaki qaraydi, qattiq tartib intizomga uning toqati yo‘q. Hayot tarzida bir xillik va yolg‘izlikni yoqtirmaydi, ba’zan ahloqsiz ishlarga qo‘l urib qo‘yadi.

Oltinchi toifa yoki “ Distimik shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxs o‘zining jiddiyligi bilan ajralib turadi, o‘ta bosiq bo‘lib kayfiyati past odamni eslatadi. Uning harakatlari sust bo‘lib kelajakka pessimistik ruhda qaraydi, o‘z imkoniyatlarini ham past baholaydi, birovlar bilan kam muloqotga kirishadi, davralarda suhbatga aralashmay jim o‘tirishni xush ko‘radi. U odatda ko‘cha kuylarga chiqmay uyda o‘tirishni afzal ko‘radi, g‘ala-g‘ovur va shovqinli joylardan chetroq yuradi, yolg‘izlikni yoqtiradi. Bunday odamni o‘troq hayot kechiruvchi deb atash mumkin, biroq u bilan yaqinlashishga intilganlarni hurmat qiladi, unga bo‘ysunishga ham tayyor turadi, haqqoniy do‘stlikning qadriga yetadi. To‘g‘rilik va haqiqatgo‘ylikka intilsa-da, o‘z fikrini bayon qilishda ancha sust bo‘ladi.

Yettinchi toifa yoki “Xavotirli shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxs birovlar bilan darrov muloqatga kirishib keta olmaydi, doimo xavotirda yuradi, qo‘rqoq va uquvsiz bo‘ladi, o‘ziga ishonmaydi. Qorong‘ulikdan, uyda yolg‘iz qolishdan va hayvonlardan qo‘rqadi. O‘z tengdoshlariga qo‘shilib keta olmaydi, ulardan o‘zini chetga oladi, shovqinli, o‘yin-kulguli joylarni yoqtirmaydi, mabodo bunday joylarda paydo bo‘lib qolsa ham uyalib chetda tamoshobin bo‘lib turadi. Agar uning mehnat yoki o‘quv faoliyatini kimdir tekshirmoqchi bo‘lsa yoki biror bir fandan imtihon topshirishga to‘g‘ri kelsa, bunday holatlarni u juda og‘ir qabul qiladi, o‘ziga ishonchsizligi yanada kuchayadi, juda bezovtalana boshlaydi. Agar qaysidir masala bo‘yicha nutq so‘zlash kerak bo‘lsa yoki auditoriyada ma’lumot berish zarurati tug‘ilsa, uyalib qattiq terga botadi. Shu bois u o‘z hoxishi bilan hech qachon minbarga chiqmaydi. Kattalar himoyasiga o‘zini jon deb otadi, biroq ularning uzundan-uzoq pand-nasihatlari uning joniga tegadi. Bunday paytlarda o‘zining uquvsizligini sezib turadi va uyatchanligidan aziyat chekadi, shunday bo‘lsa-da o‘zini-o‘zi yupatib yuradi, shundayligidan ba’zan siqilib yig‘lab ham oladi. Unda burchga sadoqat, ma’suliyat hissi, yuqori darajadagi ahloq va odob tamoyillari ancha erta shakllanadi. O‘zida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun qudrati yetadigan ishlar bilan shug‘ullanishga intiladi va o‘sha yerda o‘z imkoniyatlarini to‘la ochishga harakat qiladi. Bolalik paytidan mavjud bo‘lgan uyatchanligi va tortinchoqligi sababli katta bo‘lganda ham o‘zi hohlagan odamlar bilan tezda muloqotga kirishib keta olmaydi. Ko‘p gap ko‘tara olmaydi, agar uni nohaq ayblashsa, o‘zini himoya qila olmaydi, o‘sha yerda kuchliroq odamning himoyasini hohlab qoladi va uning har qanday topshirig‘ini bajarishga shay turadi. Bunday shaxslar bilan do‘stona munosabatlarni boshlash ham oson. Atrofdagilar bilan janjalli voqealarga kam aralashadi, agar kelishmovchiliklar orasiga tushib qolsa, passiv ishtirokchiga aylanadi xolos. Har holda u o‘z imkoniyatlarini tanqidiy baholay oladi, hulq-atvoridagi kamchiliklarini o‘zi ham biladi. Uni mehribonlik izlovchi shaxs deb atash mumkin. Ular o‘zlarini o‘zlari himoya qila olmaganliklari sababli hamkasblari tomonidan kulguli voqealarning qahramonlariga aylanib ham qolishadi. Shu bois qandaydir nojo‘ya voqea yuz bersa osonlikcha uning bo‘yniga ag‘darishadi.

Sakkizinchi toifa yoki “Xushchaqchaq shaxs”

Bu toifaga kiruvchi shaxsning hulq-atvorida yaqqol ko‘zga tashlanib turadigan hislatlar – bular o‘ta baxtiyorlik, zavqlanish, xushchaqchaqlik, shodlanish, xuzurlanish hissidir. Boshqalarga shodlanish, zavqlanish hissini yuzaga keltira olmaydigan vaziyatlar unda shunday his-tuyg‘ularni yuzaga keltira oladi. Ozgina bo‘lsada, quvonchli voqealar darrov uning e’tiborini tortadi va kayfiyatini qo‘taradi, xuddi shunday g‘amgin voqealar esa kayfiyatini tushiradi. U muloqotga tez kirishib ketishi, so‘zamonligi va yoqimliligi bilan boshqalardan ajralib turadi, agar kulsa yayrab kuladi. Shu bois uni ko‘pchilik yoqtiradi. Baxslashishni xush ko‘rsa-da, baxsni janjalgacha yetkazmaydi. Turli xil kelishmovchiliklar orasiga tushib qolsa, vaziyatga qarab yo faol, yo passiv ishtirokchiga aylanadi. U do‘stlari va yaqinlariga juda bog‘lanib yashaydi, unda achinish va rahmdillik hissi yaxshi rivojlangan bo‘ladi, o‘z his-tuyg‘ularini hech yashirmay chqqol namoyon qila oladi. Agar suhbat chog‘ida uni yaqinroq bilishga harakat qilsangiz, bemalol buning uddasidan chiqasiz, ya’ni u o‘z dardini yoyib tashlashga doim tayyor. Aksariyat hollarda vahimachi bo‘ladi, arzimagan vaqt ichida kayfiyati tez o‘zgarib qolib birdan “portlab ketishi” mumkin. Shuning uchun ham ularni beqaror shaxs deyishadi.

To‘qqizinchi toifa yoki “Emotsional shaxs”

Bu toifaga kiruvchilarning xulq-atvoridagi hislatlar bir qaraganda hushchaqchaq toifaga kiruvchilarga o‘xshab ketadi, biroq emotsional shaxslar o‘zlarining his-tuyg‘ularini yaqqol namoyon qilishavermaydi, ya’ni biroz niqoblangan tusda bo‘ladi. Emotsional shaxs uchun hissiyotga beriluvchanlik, ta’sirchanlik, vahima, qo‘rqoqlik, xavotir va ko‘p so‘zlash xosdir. Uning hulq-atvorida yaqqol namoyon bo‘luvchi hislatlar – bular insonparvarlik, odamlar va hayvonlarga nisbatan mehr-shavqat va mehribonlikdir. Tashqi ta’sirotlarga tez beriladi, hayotda ro‘y berayotgan voqea va holisalar unga tez ta’sir qiladi, siqiliq yig‘lab ham oladi. Kinofilmlardagi zo‘ravonliklar uni qattiq larzaga soladi. Bu filmlardan so‘ng kayfiyati uzoq vaqt buzilib yuradi, yomon tushlar ko‘rib yuradi. Janjalli voqealarga kam qo‘shiladi, hafa bo‘lsa ichiga yutadi. Unda burchga bo‘lgan sadoqat kuchli ifodalangan bo‘lib, topshiriqlarni bajarishda doimo ilg‘or bo‘ladi. U tabiatni xush ko‘radi, o‘simliklar o‘stirishni, hayvonlarni boqishni yoqtiradi va bu ishidan zavqlanib yuradi.

O‘ninchi toifa yoki “Siklotimik shaxs”

Siklotimiya grekchadan kayfiyat, his-tuyg‘u degani. Gipertimik (yuqori kayfiyat) va distimik (buzuq kayfiyat) holatlarning bir-biri bilan almashib turishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday shaxsning kayfiyati tashqi ta’sirotlarga juda bog‘liq bo‘lib, tez-tez o‘zgarib turadi. Ba’zan hech qanday sababsiz kayfiyati buzilishi mumkin, kayfiyatni ko‘taruvchi voqealar ro‘y bersa, uning faolligi oshib juda ishchan bo‘lib qoladi, tashlab qo‘ygan ishlarini zavqlanib qayta boshlab yuboradi, o‘zidagi bu faollikni ko‘rib ko‘tarinki kayfiyatda yuradi, so‘zamon bo‘lib qoladi,miyasiga zo‘r g‘oyalar kela boshlaydi. Bunday holat gipertimiya deb ataladi. Agar to‘satdan g‘amgin voqealar yuz bera boshlasa, barcha qilayotgan ishlarini to‘xtatib qo‘yadi, kayfiyati buziladi, fikri karaxt va kam gap bo‘lib qoladi, ishtahasi yo‘qolib, janjal ko‘taradi va g‘azablanib yuradi. Bu holat distimiya deb ataladi. Shu bois unga jiddiy ishlarni topshirib bo‘lmaydi. Distimiyani depressiyadan ajratish ba’zan qiyin bo‘ladi, shu uchun ularni uzoq vaqt kuzatuvga olish zarur.

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.

ico
Psixologdan bola tarbiyasi borasida foydali tavsiyalar
Maktab ostonasiga oyoq qo‘yish har bir inson uchun nihoyatda katta hayotiy burilishdir. Mana shu davrdan boshlab bolalikning eng beg‘ubor onlariga bir qadar cheklanishlar kirib keladi. Endi bola oilada nafaqat oilaviy ba’zi burchlarni, vaholanki, uz shaxsi uchun zarur bo‘lgan xususiy vazifalarni bajarishi shart davrga o‘tadi. Bu bilan uning oiladagi roli bir qarashda kamayganday emas, aksincha ko‘paygan bo‘ladi. Ya’ni u o‘z obro‘sini endi nafaqat oila a’zolari o‘rtasida, aksincha, jamiyat o‘rtasida oila obro‘sini o‘z shaxsiy harakati bilan himoya qilish davri boshlanadi.

Maktab davri

Ruhiy muhiti sog‘lom oila a’zosi bo‘lgan bolaning birinchi bor maktabga borishi qanchalik hayajonli bo‘lmasin bola uchun jiddiy qiynchiliklar tug‘dirmaydi. Chunki maktabda o‘qituvchi hamma bolalarga bir ko‘z bilan qaraydi. Oilada ham bolaga maktabga borganligi munosabati bilan alohida erkatoyga qarash qilmasdan, maktab uning o‘zi uchun kerak bo‘lgan burch, sifatida qaragan ma’qul. Chunki, mana shunday qaralgandagina bola uy vazifalariga, maktabda berilgan topshiriqlarga shaxsiy burch sifatida qarashga o‘rganib boradi.

O‘zini hurmat qilmaydigan shaxs boshqalarni ham hurmat qilmaydi

O‘z burchini sezgan shaxsda esa o‘z shaxsiga hurmat tuyg‘usi tobora ortib yaxshi shakllanadi. Hammamizga ma’lum tushuncha, ya’ni o‘zini hurmat qilmaydigan shaxs boshqalarni hurmat qilishni bilmaydi. Bu o‘rinda tarbiyaning, maktab va oila tarbiyasining bola shaxsiyatiga bir yo‘nalishda mutanosib olib borilishi jiddiy e’tiborga molik. Farzand tarbiyasi, bola tarbiyasi Birgina misol keltiraylik. Sobirning maktabdagi ilk kunlari. Onasi unga tanaffuslarda tashqariga toza havoga chiqqin. “Tez chopib, albatta, toza havoga chiqqin». Sobir onasiga shunday deyapti: “Tanaffuslar juda kichkina. qo‘ng‘iroq chalinadi, narsalarimni yig‘ishtirib ko‘cha eshigiga yetganimcha yana kirishga chalinadi”. “Narsalaringni tezroq yig‘ishtir, chopib chiqqin”. “Eee, bilmaysizda, maktabda chopish mumkin emas”. Mana bu misolchada Sobirning onasi birgina so‘zni noaniqroq ishlatgani, maktab va oila talabining bola qalbida nomutanosib kelganiga uning bu muammoga hali javob topolmagani ko‘rinmoqda. Biz kattalar bu nomutanosiblikni sezmay ham o‘tishimiz mumkin. Ammo bola qalbi hali o‘ta musaffo bo‘lganligidan unga talab, tushuncha, qoida yoki oddiy bir so‘z va hokazo birinchi bor qanday yozilsa yoki aytilsa u o‘zi uchun shunday tushuncha hosil qiladi. “Maktabda chopish mumkin emas”.

Jinsiy tarbiya

Oddiy tushunchalar ham har kimda har xil tezlik va quvvatda iz qoldiradi. Bu hodisa birinchi o‘rinda insonning shaxsiy xususiyat, qobiliyat va yoshi bilan bog‘liq bo‘ladi. Mana shu o‘rinda biz birinchi bor shu paytgacha bola, deb aytib kelgan tushunchani ikkiga ajratishimiz lozim bo‘ladi, ya’ni qiz bola va o‘g‘il bolaga. To‘g‘ri, farzand tug‘ilgandan boshlab oilada uning
jinsiga qarab muomala qilinadi va bu bilan jinsiy tarbiya oilada boshlab yuboriladi. Ammo boshlang‘ich maktab yoshiga kelib ayniqsa, ikkinchi, uchinchi sinflarda bolalarning jinsiy farqi ko‘payib boradi. Buni oilada alohida hisobga olinsagina oilaviy ruhiy muhitga putur yetmagan bo‘ladi va oila a’zolari oilaviy holatda o‘zlarini erkin sezadi. Xalqimiz orasida qadimdan bu narsaga e’tibor berilgan. Shuning uchun ham qiz bola yoshlikdanoq oilada yordamchi sifatida ko‘zga tezroq tashlangan, uning sho‘xliklariga, akasi yoki ukasini tejab-tergashlariga «qiz bola-da», deb kattalar uni oldinroq sezishgan. Xalq, ko‘pchilik sezgan bu oddiy tushunchaning tagi uzoqqa ketadi. Ruhshunoslarning fiziolog, medik, pedagog va boshqa mutaxassis olimlarning kuzatishlardan kelib chiqib aytishlari shuni bildiradiki, qiz bolalar o‘g‘il bolalarga qaraganda maktabning boshlang‘ich 1 – 3 sinf davrida faolroq bo‘lib, o‘g‘il bolalarni o‘sish va ulg‘ayishda ortda qoldiradi. Qiz bolalarning bunday tabiiy faolligini oila a’zolari albatta bilishlari kerak. Bu hol alohida e’tiborga olinsa, oilada shaxslarning o‘rni va xususiyatlari to‘liq hisobga olingan bo‘lib ruhiy muhiti ijobiylashib boradi. Aks holda qiz bolaning sho‘xliklariga noto‘g‘ri baho berilgan bo‘ladi. Qiz bola sho‘xlikda ayblanib, o‘g‘il bola nofaollikda salbiy baholanishi mumkin. Boshlang‘ich sinf, ya’ni olti – to‘qqiz yoshli bolalar maktabgacha yoshdagi qiliqlarini endi takrorlashmaydi. Yosh bola o‘jarlik qilib piyolani otib yuborishi mumkin, bu holda u piyolaning sinishini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Ammo bunday ishni boshlang‘ich sinf bolasi qilmaydi. U endi bunday qiliqni o‘ziga ep ko‘rmaydi, chunki atrof, boshqalar uning bunday harakatiga qanday baho berishini u biladi va shundan uyaladi. Bu o‘rinda insonni jamiyat orasida shaxs sifatida shakllantiruvchi eng katta tuyg‘ulardan biri, mana shu keng ma’nodagi ijtimoiy tushuncha bo‘lmish, boshqa jonzotlar orasida uchramaydigan uyat ekanligini bilishimiz va unutmasligimiz kerak.

Oilada bolani izza qilmang!

Oilada bolani hech vaqt uyaltirmaslik va izza qilmaslik lozim. Har qanday inson boshqalar oldida uyalishni, uyalganlikni og‘ir esdan chiqaradi. Ko‘pchilik orasida izza bo‘lganligini bir umr esdan chiqarmasligi mumkin. Shunday ekan, oilangizda ruhiy muhit sog‘lom bo‘lsin desangiz bolangizning hozirgina qilgan noo‘rin, xato, adashilgan, anglashilmovchilik yuzasidan, uning tajribasizligidan kelib chiqqan hatti-harakatini qoralab uni jazolab o‘tirmang, ayniqsa voqeani yuziga solib izza qilmang. Shu borada agar bu voqeadan uning biror tanishi voqif bo‘lishi xavfi bo‘lsa, kechinma yanada kuchliroq tus olishi mumkin. Bolani xato bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlardan ogohlantirib tarbiyalab borsangiz uning oiladagi o‘rnini kamsitmagan bo‘lasiz. Piyola bolangizning qo‘lidan tushib ketib singanda emas, bu piyola sinib bo‘ldi, undan ko‘p vaqt ilgari ish buyurganingizda «ehtiyot bo‘l, sinib qolmasin», degan tarbiyaviy so‘zlardan boshlang. Bola o‘z irodasi bilan kunduz maktabda buyurilgan ishlarni bajarishga o‘rgansa, kechqurun ishdan qaytganingizdan keyin siz uni dars tayyorlashga o‘tirishga majbur qilishingizga o‘rin qolmaydi. O‘z burchini bajarishga majbur qilingan oila a’zosining oilada ruhiy o‘rni boshqalar bilan barobar bo‘lishi mumkin emas. O‘z burchini majburan qilib o‘rgangan bola mustaqillikka o‘rganmaydi. Vaholanki, shunday ekan biz hammamiz o‘z bolamizning mustaqil bo‘lishini juda-juda kutamiz va mustaqillikka o‘rgatib boramiz. Mustaqil, o‘zini o‘zi tejab-tergashga o‘rganib borgan bolagina o‘z hayotini to‘liq ta’min qilib boradi. Agarda bolaga doim uning ruhiy va amaliy ishlarini ko‘rsatib, ularni bajarishga majbur qilib borsangiz bu holda oilada notenglik yuzaga keladi va oila a’zolari o‘rtasida notenglik bo‘lgan holda ruhiy muhit sog‘lom bo‘lmaydi. Shunday ekan bolangizning biror holda o‘z vazifalarini bajarmaganligini ko‘rsangiz albatta majbur qilishga shoshilmang. U o‘z vazifasini bajarmaganligidan oila a’zolari, o‘rtoqlari, sinfdoshlari oldida biror marta xijolat cheksa, uyalsa, ayniqsa o‘ziga kerak bo‘lgan narsani bilmasdan, o‘sha narsaga zarurat sezib uni topolmay qolsa boshqa bunday qilmaslikka o‘rganadi. Chunki uyat, insonning o‘z oldida o‘zining uyalishi yaxshi ma’noda insonni o‘zlikka olib boradi.

© Mahmud Yo‘ldoshev, Psixologiya fanlari nomzodi . Farzand.uz

ico
Xavotirlilikning psixologik korreksiyasi
Psixologik lug‘atda xavotirlilikka quyidagicha ta’rif berilgan: “Bu turli hayotiy vaziyatlarda, shu jumladan, bunga asos bo‘lmasa-da, xavotirni his qilishga yuqori moyillikdan iborat individual psixologik xususiyatdir”. Xavotirni xavotirlilikdan farqlash zarur. Agar xavotir – bola bezovtaligining epizodik ko‘rinishi bo‘lsa, xavotirlilik mustahkam holat hisoblanadi. Masalan, bolada bayramda chiqish qilish oldidan yoki sinfda mavzuni gapirib berishda bezovtalanish hollari kuzatiladi. Biroq bu bezovtalik har doim namoyon bo‘lmaydi, boshqa vaziyatlarda u sokin bo‘lishi mumkin. Bu o‘quvchining tayyorgarlik darajasiga bog‘liq. Agar xavotir holati tez-tez va turli vaziyatlarda (dars payti javob berishda, notanish odamlar bilan muloqotda va h.k.) takrorlansa, bu holda xavotirlilik haqida gapirish mumkin. Xavotirlilik qandaydir muayyan vaziyat bilan bog‘liq bo‘lmaydi va deyarli doim namoyon bo‘ladi. Bu holat odamga faoliyatning har qanday ko‘rinishida hamroh bo‘ladi. Qachonki odam aniq nimadandir qo‘rqsa, biz qo‘rquvning ko‘rinishi haqida gapiramiz. Masalan, qorong‘ilikdan, balandlikdan, bo‘sh joydan qo‘rquv. K. Izard “qo‘rquv” va “xavotir” atamalarining farqini shu tarzda tushuntiradi: xavotir – bu ba’zi hislarning uyg‘unlashuvi, qo‘rquv esa faqat shu hislardan biridir. Qo‘rquv odamda istalgan yoshda rivojlanishi mumkin. A.I.Zaxarov fikriga ko‘ra, bir yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarda tungi qo‘rquvlar, hayotining ikkinchi yilida – birmuncha ko‘proq kutilmagan tovushlar, yolg‘izlik, og‘­riq, shuningdek, tibbiy xodimlardan qo‘rquv namoyon bo‘ladi. Hozirgi vaqtgacha xavotirlilikning paydo bo‘lish sabablari yuzasidan muayyan nuqtayi nazar ishlab chiqilmagan. Ammo ko‘pchilik olimlar maktabgacha tarbiya va kichik maktab yoshidagi bolalarda xavotirlilikning asosiy sabablaridan biri bola va ota-ona o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishi deb hisoblaydilar. “Maktab o‘quvchisining hissiy turg‘un­ligi” kitobi mualliflari B.I.Kochubey va Y.V.No­vikova xavotirlilik bolada quyidagi holatlarda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan ichki nizolarning mavjudligi oqibatida rivojlanadi deb yozadi: 1. Ota-onalar yoxud ota-ona va maktab (maktabgacha tarbiya muassasasi) tomonidan taqdim etiladigan qarama-qarshi talablar. Masalan, ota-ona bola o‘zini yomon his qilayotgani uchun maktabga yubormaydi, o‘qituvchi esa jurnalga “ikki” baho qo‘yadi va boshqa bolalarning yonida uni dars qoldirgani uchun tergaydi. 2. Noteng (ko‘pincha yuqori) talablar. Masalan, ota-onalar bolaga a’lochi bo‘lishi kerakligi haqida qayta-qayta takrorlaydilar, o‘g‘il yoki qizlari “besh” baho olishiga qaramasdan, sinfning eng yaxshi o‘quv­chisi bo‘lmaganliklariga ko‘nikishni istamaydilar. 3. Bolani kamsituvchi, uni tobe holatga qo‘yuvchi salbiy talablar. Masalan, tarbiyachi yoki o‘qituvchi bolaga: “Agar sen men yo‘qligimda kim o‘zini yomon tutganligini aytib bersang, sening boshqa bolalar bilan urushganingni onangga aytmayman” deydi. Maktabgacha tarbiya va kichik maktab yoshida o‘g‘il bolalar, 12 yoshdan keyin esa qiz bolalar ancha xavotirlidirlar. Bunda qiz bolalar o‘zaro boshqa odamlar bilan munosabat yuzasidan hayajonlanadilar, o‘g‘il bolalarni esa ko‘proq darajada zo‘ravonlik va jazo xavotirga soladi. Nojo‘ya xatti-harakat sodir etgan qizlarni oyisi yoki pedagog u haqida yomon fikrga borishi, dugonalari u bilan o‘ynashdan voz kechishi tashvishga soladi. Bunday vaziyatda o‘g‘il bolalar ko‘proq kattalar ularni jazolashlari yoki tengdoshlari urishlaridan qo‘rqadilar. Kitob mualliflari ta’kidlaganlaridek, o‘quv yili boshlanganidan 6 hafta o‘tgach o‘quvchilarda xavotirlilik darajasi oshadi va ular 7-10 kunlik ta’tilga ehtiyoj sezadilar. Bolaning xavotirliligi uning atrofidagi kattalar xavotirliligining darajasiga bog‘liq. Pedagog yoki ota-onaning yuqori xavotirliligi bolaga o‘tadi. Xayrixoh munosabatda bo‘lgan oilalardagi bolalar tez-tez janjal bo‘ladigan oila bolalaridan ko‘ra kamroq xavotirlanadilar. Shunisi qiziqki, ota-onalar ajrashgach, oiladagi janjallar tugaganida bolaning xavotirlilik darajasi pasaymaydi, aksincha birdan oshib ketadi. Psixolog Y. Brel shunday qonuniyatni ham aniqladi: bolalar xavotirliligi ota-onalar o‘z ishi, yashash sharoiti, moddiy ahvolidan qoniqmagan hollarda ham o‘sar ekan. Ehtimol, shuning uchun ham bugungi kunda xavotirli bolalar soni uzluksiz oshayotgandir. Oilada ota-ona tarbiyasining hukm­ron usuli ham bolaning ichki xotirjamligi yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Shunday fikr mavjudki, o‘quv xavotiri maktabgacha tarbiya yoshidayoq shakllanish­ni boshlaydi. Bunga tarbiyachi ishining turli usullari, bolani boshqalar bilan doimiy solishtirish, qo‘yiladigan yuqori talab ham sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ota-onalar farzandi erta yoshdan bilim olishi uchun ko‘p sonli o‘qituvchilarni yollaydi, natijada bola soatlab topshiriqlarni bajaradi. Kichkintoyning chiniqmagan va jadal ta’limga tayyor bo‘lmagan organizmi bunday bosimga bardosh berolmaydi, go‘dak betob bo‘­ladi, o‘qish­ga ishtiyoqi yo‘qoladi, yaqinlashib kelayotgan o‘quv mavsumi yuzasidan xavotiri ortadi. Xavotirlilik nevroz yoki boshqa psixik buzilishlar bilan aloqador bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda tibbiy mutaxassis yordami zarur. Maktabgacha tarbiya muassasasi va maktablarda xavotirli bolalar bilan ishlash oson emas. Hatto boshqa kategoriyadagi “muammoli” bolalar bilan ishlashdan ko‘ra og‘irroq, chunki giperfaol yoki tajovuzkor bolalar sinfda yaqqol ajralib turadilar, xavotirli bolalar esa o‘z muammolarini o‘zida saqlashga intiladi. Ular hodisaning o‘zidan emas, balki oldindan his qiladigan tuyg‘u ta’sirida qo‘rquvga tushadilar. Ko‘pincha ular eng yomonini kutadilar. O‘zlarini himoyasiz his qilib, yan­gi o‘yinlarni o‘ynashdan, faoliyatning yangi turiga kirishishdan cho‘chiydilar. Ular o‘zlariga nisbatan talabchan va tanqidiy ko‘z bilan qaraydilar. Bunday bolalarning o‘z-o‘zini baholashi past darajada, hatto o‘zlarini hamma narsada boshqalardan yomon, o‘ta xunuk, aqlsiz, qovushmagan deb o‘ylaydilar. Bezovta bolalar uchun somatik muammolar ham xos: qorindagi og‘riq, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, tomoqdagi siqilish, qiyinlashgan yuzaki nafas olish va boshqalar. Xavotir namoyon bo‘lgan vaqtda ular og‘iz qurib qolishi, tomoqqa narsa tiqilishi, oyoqdagi zaiflik, yurakning tez-tez urishini his qiladilar. Xavotirli bola bilan ishlash ancha mushkul vazifa bo‘lib, uzoq vaqt talab qiladi. Mutaxassislar ular bilan ishlashni uch yo‘nalishda olib borishni tavsiya qilishadi: 1. O‘z-o‘ziga baho berishni oshirish. 2. Bolani birmuncha to‘lqinlantiruvchi vaziyatlarda o‘zini boshqarishga o‘rgatish. 3. Mushak zo‘riqishini olib tashlash. Albatta, qisqa vaqt ichida o‘z-o‘zini baholashni oshirish mumkin emas. Har kuni maqsadli yo‘naltirilgan ish olib borish zarur. Bolaga ismini aytib murojaat qiling, kichik muvaffaqiyati uchun ham maqtang, yutuqlarini boshqa bolalar oldida ta’kidlang. Biroq sizning maqtovingiz samimiy bo‘lmog‘i lozim, chunki bolalar soxtalikni tezda sezib, ta’sirlanadilar. Shuningdek, bola uni nima uchun maqtayotganliklarini, albatta, bilmog‘i zarur. Har qanday vaziyatda bolani maqtash uchun sabab topish mumkin. Xavotirli bolalar atrofdagilardan o‘zi to‘g‘risida yoqimli maqtovlarni bilib oladigan, o‘ziga “boshqalarning nigohi” bilan qaraydigan “Xushomad”, “Men senga sovg‘a qilaman” kabi o‘yinlarda ko‘proq ishtirok etishlari zarur. Xavotirli bolalar o‘z muammolari to‘g‘risida ochiq ma’lum qilmaydi, ba’zida esa ularni yashiradi. Bunday hollarda bolani muammoni birgalikda muhokama qilishga chaqirish lozim. Masalan, maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalar bilan doira hosil qilgancha o‘tirib, ularning tuyg‘ulari va hayajonlantiradigan vaziyatlardagi kechinmalari haqida gaplashish o‘yin-mashg‘ulotini o‘tkazish mumkin. Maktabda esa badiiy asar qahramonlari timsolida bolalarga eng jur’atli odam – bu hech kimdan qo‘rqmaydigan odam emas, balki o‘z qo‘rquvini yenga oladigan inson ekanligini ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, xavotirli bolalar bilan ishlashda tana faol ishtirok etadigan o‘yinlar o‘ynash maqsadga muvofiq. Relaksatsiya, chuqur nafas olish texnikasi, yoga bilan shug‘ullanish, massaj va shunchaki badantarbiya mashqlari ular uchun juda foydalidir.

N. KAMILOVA, psixologiya fanlari nomzodi,  TDPU “Psixologiya” kafedrasi mudiri. "Sog‘lom avlod uchun" jurnali

ico
Bolaning asab sistemasi va psixologik testlar

Savol: Bebosh bola sindromini to‘g‘ri aniqlashda qanday nevrologik tekshiruvlar o‘tkazilishi kerak?

Javob: Bolaning albatta asab sistemasini tekshirish kerak. Masalan elektroensefalografiya (EEG) orqali miyaning funksional holatini aniqlash mumkin. Bu tekshiruv bola uchun mutloqo bezarar. Ba’zida MRT tekshiruvini o‘tkazish zarurati tug‘ilishi mumkin. Biroq ular faqat nevropatolog tavsiyasi bilan o‘tkaziladi. Ba’zan ota-onalar o‘zlari ushbu tekshiruvlarni o‘tkazib yurishadi. Bunday qilish noto‘g‘ri! Bolangizga ushbu tekshiruv shart bo‘lmasligi mumkin. Bebosh bola sindromida bir qator nevrologik belgilar mavjud bo‘lib, ularni to‘g‘ri tahlil qilmaslik diagnostik xatolarga sababchi bo‘lishi mumkin. Ayniqsa harakat koordinatsiyasi va muvozanatining buzilishi eng ko‘p uchraydi, qo‘llarda titroq ham bo‘lishi, ko‘p terlash, oyoq-qo‘llarninsh uchi muzlab yurishi, uyqu buzilishi kabi belgilar ham kuzatiladi. Ushbu kasallikda tunda tagiga siyib chiqish, ya’ni tungi enurez ham ko‘p uchraydi. Bunday bolalar kechasi qotib uxlashadi va ularning aksariyati yotgan joyiga siyib qo‘ysa ham uyg‘onib ketishmaydi. Bu odatda tungi enurezning og‘ir turi bo‘lib faol davolashni talab qiladi. Shuningdek ushbu bolalarda ba’zan tutqanoq hurujlari ham kuzatiladi. Bunday hurujlar hulq-atvor o‘zgarishlarini yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.

Savol: Bebosh bola sindromini psixologik testlardan foydalanib ham aniqlash mumkinmi?

Javob: Albatta, aniqlash mumkin. Biroq psixologik testlarni asosiy diagnostika quroli sifatda qabul qilmaslik kerak. Psixologik testlar tibbiy tekshiruvlarga yordam beruvchi qo‘shimcha tekshiruv usuli xolos. Bugungi kunda ushbu sindromni to‘la aniqlab beruvchi psixologik test mavjud emas. To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun eng zarur bo‘lgan usul – bu vrach va psixologning kuzatuvi. Bolaninn aqliy rivojlanishini aniqlash uchun horijda keng tarqalgan Veksler shkalasidan foydalanishadi. Biroq bu shkala ham bolaning hulq-atvorini to‘la aks ettirib bera olmaydi. Maktabda bolaning darslarni o‘zlashtirishi, sinfda o‘zini tutishi, qiziqishlarini o‘rganish ham tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun yordam beradi. Vrach-psixolog bolaning maktabdagi hulq-atvorini o‘rganish uchun albatta uning ota-onasi bilan maslahatlashishi kerak. Bu yerda ayniqsa maktab psixologi yoki vrachlarining yordami juda katta bo‘ladi.

Davolash mezonlari

Savol: Maqtov, erkalash va qattiq tergash yordam bermas ekan, unda “Nima qilish kerak va bebosh bola sindromini qanday davolash mumkin?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Javob: Albatta mana shu savolga to‘g‘ri javob topish tibbiyot xodimlari va psixologlar oldida turgan katta muammodir. Aqliy rivojlanishi yaxshi bo‘lsada, bebosh bola sindromi aniqlangan ba’zi bolalar maktabda yomon o‘qishadi. Buning sabablari diqqatning sustligi, darsni qunt bilan eshitmaslik va hulq-atvorning yomonligi. Shuningdek, ularning ba’zilarida yozish, hisob yoki o‘qish kabi ba’zi qobiliyatlar sust rivojlangan bo‘ladi. Shu sababli ham ular darsni yaxshi o‘zlashtira olishmaydi. Bebosh bola sindromida ba’zi bolalarda musiqa yoki rasm chizishga qobiliyat yaxshi rivojlangan bo‘lib, matematika kabi aniq fanlarga uquvi past bo‘lishi mumkin. Ularning aksariyatiga ochiq havoda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar – jismoniy tarbiya, futbol, yugurish kabi mashg‘ulotlar juda yoqadi. Bu yerda ular turli muvaffaqiyatlarga erishadi. Tashxis qo‘yilgandan so‘ng ota-onaga davolashning maqsadi va natijalari haqida tushuntirish beriladi. Chunki hamma ota-ona ham bolasining kasalligini tushunib yetavermaydi va bolasining hulq-atvoridan bezib ketganini gapiradi. Aksariyat hollarda ota-ona bolaning hulq-atvoridagi o‘zgarishlarda aybni bir-biriga to‘nkaydi “Bolani yaxshi tarbiyalamayapsan, senga o‘xshagan” deb. Ota-onaga bolasining hulq-atvoridagi o‘zgarishlarning asl sababini tushuntirib berish, uni samarali davolash uchun nimalarga e’tibor berish kerakligini aytish lozim. Chunki ota-ona bebosh bola sindromi aniqlangan bolasi bilan qanday munosabatda bo‘lish kerakligini bilmaydi. Bu yerda doimo mutaxassisning maslahati zarur bo‘ladi. Bebosh bola sindromini davolashda psixologik suhbatlarga, psixoterapiyada hulq-atvorni korreksiya qilishga qaratilgan samarali usullarga urg‘u berish lozim. Bunday psixoterapevtik usullar juda ko‘p. Ularni tanlashda bolaning jinsi, yoshi va tafakkur darajasi e’tiborga olinishi zarur. Bebosh bola sindromini davolash ba’zan o‘ta murakkab kechadi, ayniqsa uning kelib chiqishida nasliy omil aniqlansa. Ba’zi hollarda davolash samarasiz bo‘ladi yoki psixokorreksiya davri cho‘zilib ketganligi sababli ota-onalar davolanishni to‘xtatib qo‘yishadi. Shuning uchun ham hulq-atvori o‘zgargan bolalarga moslashtirilgan maxsus psixonevrologik yo‘nalishdagi sihatgohlar, maktablar va mehribonlik uylari mavjud. Bu joylarda bola davolanishi, o‘qishini davom ettirishi va yashashi ham mumkin.

Klassik tibbiyotning oltin qonuni

Bebosh bola sindromini davolashda dorivor vositalar ham qo‘llaniladi. Dorivor vositalar bilan davolash haqida so‘z ketganda, aqliy faoliyatni kuchaytiruvchi maxsus dorilar yo‘qligini ham aytib o‘tishim kerak. Psixiatrlar bebosh bola sindromini davolashda psixotrop dorilardan foydalanishni tavsiya qilishadi. Psixologlar esa ushbu sindromni psixoterapevtik muolajalar bilan davolashga asosiy urg‘u berish zarurligini uqtirishadi, chunki psixotrop dorilar bolaning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Nevropatologlar esa nerologik dorilarga urg‘u berish lozimligini aytishadi. Har qanday vaziyatda ham davolash muolajalarini maslahatlashib o‘tkazish zarur. Bu klassik tibbiyotning oltin qonunidir! Albatta mutaxassislar bebosh bola sindromini bartaraf etishda miyadagi moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi vositalar, ya’ni noofen, fenibut, glutamin kislotasi, pantokalsin kabi dorilardan foydalanish va ularni bir necha oylab qabul qilish zarurligini aytishadi. Biroq ularni vrach tavsiyasi bilan qabul qilish lozim. Agar bolaning atrofdagilar bilan munosabati yaxshi tomonga o‘zgartirilsa, oila a’zolari orasida o‘zaro mehribonlik vaziyati yaratilsa va bu vaziyat doimiy bo‘lsa, bebosh bola sindromi belgilari sezilarli darajada kamayib boradi. Kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar oila va maktabdagi vaziyat bolada ruhiy zo‘riqishlarga olib kelmaydigan bo‘lsa, davolash jarayoni oson kechadi. Maktab ta’tili paytida bolani turli xil to‘garaklarga yuborish, oilaviy bo‘lib teatr, konsert va boshqa dam olish maskanlariga borish, yozgi katta ta’til paytida oilaviy bo‘lib dam olish sihatgoxlariga chiqish juda foydalidir. Shuningdek, o‘smir yoshidagi bolalarning mehnat to‘garaklariga qatnashishi ham juda o‘rinli bo‘ladi. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, uzoq vaqt kompyuter yonida o‘tirish, ketma-ket davom etadigan va asosan kattalarga mo‘ljallangan teleseriallarni ko‘rish bola ruhiyatiga faqat salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bola teleserialdagi barcha vaziyatlarni miyasida tahlil qilishi va voqelikning izidan qolmay “qahramonlar” hayotini nazorat qilib borishi kerak. Bularning barchasi bola uchun keraksiz narsalar va faqat bola miyasini zo‘riqtiradi xolos.

Eng qiyin fan – bu tarbiya fani!

Savol: Zarifboy Rajapovich! Ota-onalar, bog‘cha opalar va maktab o‘qituvchilariga qanday maslahatlar bergan bo‘lur edingiz?

Javob: Bola ham xuddi kattalarga o‘xshab hayotda o‘z o‘rnini topishga intiladi, atrofdagilarning e’tiborini qozonishni istaydi. Bu albatta yaxshi! Mazkur intilishni ota-ona va maktabda o‘z vaqtida ilg‘ab olib uni ilhomlantirish o‘ta muhimdir. Bu intilishlarni e’tiborga olmaslik yoki bo‘lmasa “Qilayotgan ishlaring senga kerak emas, sen hali yoshsan” kabi iboralar yoki bolaning xatolarini ro‘kach qilish, endi kurtak urayotgan qiziqishlarni yo‘qqa chiqaradi va uning mustaqil shaxs sifatida shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Bola bilan suhbatlashish, uning muammolariga kirib borish, ularni yechishda faol ishtirok etish, muvaffaqiyatlarini o‘z vaqtida rag‘batlantirib borish, o‘rtoqlarining oldida uning qobiliyatlariga to‘g‘ri baho berish juda katta ahamiyatga molik bo‘lgan davolash choralaridan biridir. Shuning uchun ham ota-ona psixologning eng yaqin yordamchisi hisoblanadi. Ota-onaning yordamisiz psixolog bolalardagi hulq-atvorning buzilishlarini davolashda samarali natijalarga erishishi amri mahol.

Maqolaning ilk qismlari:

  1. “Bebosh bola” sindromi va uni bartaraf qilish yo‘llari

  2. “Bebosh bola” sindromi va uni bartaraf qilish yo‘llari (Davomi)

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi