farzand tarbiyasi

MAQOLALAR

ico
Bolaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi 3 ta odatiy narsa

Bugungi kunda bolalar do‘konlari kichkintoylar va ularning ota-onalari uchun qulay bo‘lgan mollar bilan to‘ldirib tashlangan. Lekin biz hayotimizni yengillashtirish bilan o‘zimiz bilmagan holda farzandlarimizning rivojlanishiga to‘sqinlik qilamiz.

Axir hamma ixtirolar ham foydali bo‘lavermaydi-ku. Ba’zilari esa faqat ma’lum bir yoshgacha foyda keltiradi…

Bir yoshdan keyin rezinka so‘rg‘ich va butilkalar

Jajjigina chaqaloqchalar ovqatlana olmaganlari uchun ularga butilka zarur bo‘ladi, rezinka so‘rg‘ichlar esa so‘rish refleksini qondiradi va uni tinchlantiradi. Lekin bola bir yoshga to‘lganidan keyin yaxshisi bu narsalardan voz kechishga o‘rgatish lozim.

Aks holda doimiy ravishda so‘rish tishlamni buzadi va tirnoqlar, qalamlar, ruchkalarni tishlash kabi jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Yurishga o‘rgatuvchi aravachalar

Bunday aravachalardan foydalanish bolalar shifokorlari tomonidan umuman tavsiya qilinmagan.

Birinchidan, bu umurtqaga katta og‘irlik tushiradi, bola hali mustaqil ravishda yura olmaydigan bo‘lsa, demak uning umurtqasi hali bunga tayyor emas.

Ikkinchidan, bola aravacha ichida muvozanatini saqlay olmasdan o‘zini oldinga tashlaydi, demak bu unga haqiqiy yurishni o‘rganishga yordam bermas ekan.

1,5 yoshdan keyin bir martalik tagliklar

Bir martalik tagliklar – bu juda qulay, lekin siz ulardan qancha uzoqroq foydalansangiz, tuvakka o‘rgatish jarayoni shuncha qiyinroq bo‘ladi.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, taglikda issiq va quruq, va hatto bola o‘zining “ishlarini” qilib qo‘ysa ham, bu unga hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi.

Agar bolani polzunka va ishtonchalarga o‘tkazsangiz, u namlikning yoqimsiz holatini his qiladi va tuvakka o‘tirishga tezroq o‘rganadi.

Shuning uchun bolaga 18-20 oylikdan boshlab bir martalik tagliklarni ishlatishni to‘xtatgan ma’qul.

Foydali maqola: Psixologdan farzand tarbiyasiga oid qimmatli tavsiyalar

© Rambler Weekend / Daryo

Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.

Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit

Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

ico
Agar bola yaqinlarini ursa...
Bir yarim – uch yarim yashar bola hayotining turli bosqichlarida ijozatning chegarasini tekshira boshlaydi, xususan quyidagicha usullarda: onasi, otasi va buvisini uradi, chimchilab oladi, tishlaydi, sochidan tortadi. Odatda, bu yoshda voqealar oila davrasida yuz beradi va hali boshqa bolalarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Nima qilish kerak? Tabiiyki, muammoning yechimi universal emas, ammo chegarani tekshirish haqida so‘z borganida, shuning o‘zi ham yetarli. [caption id="attachment_6318" align="aligncenter" width="449"]Bola psixologiyasi Bola yaqinlarini ursa... | Avitsenna.uz[/caption]

Bola psixologiyasi

  • “Musht” yeganingizdan keyin bolaga darrov bu og‘riqli bo‘lganini va u sizni urishini istamasligingizni aytish muhim.
  • Agar “mushtlar” takrorlansa, bolaning qo‘lini ushlab qolishga harakat qiling.
  • Agar bu paytda bola qo‘lingizda bo‘lsa, ikkinchi urinishdan so‘ng, bu sizga yoqmasligini va bunday shartlarda u bilan muloqot qilmasligingizni aytib, uni qo‘llaringizdan tushiring. Shu tarzda biz so‘zlarga harakatni ulagan bo‘lamiz va bu bilan so‘zlarning mohiyatini namoyish etamiz.
  • Agar bola yig‘lasa, uni yana qo‘lga olib, erkalash mumkin. Axir bizning vazifamiz jazolash va kamsitish emas, balki tushuntirishdir. Bolani to‘satdan qo‘lingizdan tushirish bilan esa, uni haqiqatan ham xafa qilgan bo‘lasiz.
  • Agar go‘dakni qo‘lga olganingizdan keyin “mushtlar” yana takrorlansa, uni pastga takroran tushiring va xuddi yuqorida ko‘rsatilgan tarzda sizga AYNAN NIMA to‘g‘ri kelmasligini xotirjamlik bilan tushuntiring. Bunda shunday so‘zlarni topish kerakki, bola o‘zi emas, balki xatti-harakati yaxshi emasligini aniq tushunsin.
  • Albatta, bunday urinishdan so‘ng uni endi darrov qo‘lga olmaysiz. Ammo ishni yig‘igacha olib bormang. Keyingi safar bolaning qo‘llarini yengilgina ushlagan holda uni qo‘lga olish mumkin.
  • Agar bola qo‘lingizda bo‘lmasa, xatti-harakatlaringizni so‘zlar bilan ta’kidlagan holda, undan sal uzoqlashing, ya’ni agar birga o‘ynayotgan bo‘lsangiz, o‘yinni to‘xtating, agar u yugurib kelib “musht” tushirsa, xonadan chiqib keting.
  • Agar bularning hammasi boshqa oila a’zolarining ko‘z o‘ngida yuz berayotgan bo‘lsa, ular vaziyatga aralashmaganlari yoki onani qo‘llab-quvvatlaganlari ma’qul. Bu holatda xafa qilgan tomonga batamom e’tiborsiz bo‘lgan holda, jabrlangan tomonga mehribonlik ko‘rsatgan yaxshi. Bunday o‘rnak ko‘rsatish, bolaning xatti-harakati e’tiborni tortishning yaxshi yo‘li emasligini va, asosiysi, u foyda bermasligini namoyish etadi.
  • Bu harakatlarning barchasida izchillik muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, agar onani urish mumkin bo‘lmasa, demak uni na ertalab, na kechqurun, na ko‘chada, na mehmonda, na boshqa vaziyatlarda urish mumkin emas. Odatda, muammoni hal etish uchun 2-3 haftaning o‘zi yetarli bo‘ladi.

Ota-onaning xatosi

Ota-onalarning eng keng tarqalgan xatosi – bu bolaning yuqoridagi xatti-harakatiga qarshi kurashishga urinishidir!
  • «Qilmishiga yarasha javob berish», ya’ni qo‘liga urish yoki orqasiga shapatilash. Bu noto‘g‘ri. Chunki bolalar ota-onasining xatti-harakatidan namuna oladi. Bu bilan siz bolaga “musht tushirish” norozilikni ifodalashning ijozat etilgan usuli ekanini namoyish etgan bo‘lasiz.
  • «O‘zingizni yig‘layotganday ko‘rsatish» - bu spektakl. Agar aldov fakti inobatga olinmasa, onaning nimanidir tasvirlashi “o‘yin” hisoblanadi. Ayniqsa, bir-bir yarim yoshda. Shu bois bola “spektakl” tomosha qilish uchun keyin ham o‘zining nojo‘ya xatti-harakatlarini takrorlashi ehtimoli bor.
  • “Og‘riqdan” qichqirishlarga ham 2-banddagi maslahat taalluqli. Agar bola qo‘rqmasa, yuz berayotgan narsalarni “spektakl” sifatida qabul qiladi. Balki, yana qilig‘ini takrorlashni istab qolar.
  • Uyat. “Uyat emasmi”, degan gaplar. Uyat bu ijtimoiy mezon bo‘lib, u tarbiyaviy maqsadlarda samarali bo‘lsa ham, bola kattaroq bo‘lganidan keyingina ta’sirli bo‘lishi mumkin. Go‘dak uchun bu oddiy so‘z xolos.
Maqolamiz boshida ko‘p hollarda bu chegarani tekshirish ekani haqida yozgandik. Albatta, agar bola oilada bunaqa munosabatni ko‘rmagan bo‘lsa. Agar uning o‘zini urishsa yoki ota-onadan kimdir ikkinchisiga qo‘l ko‘tarishi mumkin bo‘lsa, unda vaziyatni o‘zingizdan o‘zgartirishni boshlang.

© Generation.uz nashri

ico
“Bebosh bola” sindromi va uni bartaraf qilish yo‘llari (Davomi)

Savol: Bolalarda asab buzilishlarining belgilari qanday namoyon bo‘ladi? Tashxis qo‘yishda nimalarga e’tibor qaratmoq kerak?

Javob: Bolalarda kuzatiladigan asabiy-ruhiy buzilishlar alomatlari turli-tumandir. Jahldorlik, ishtaha pasayishi yoki yo‘qolishi, uyqu buzilishi, ruhan tez charchab qolish, fanlarni o‘zlashtirishning susayib ketishi, xotira pasayishi, qo‘rqish kabi belgilar shular jumlasidan. Asabiy-ruhiy buzilishlar ba’zi bolalarda xavotir, qo‘rquv va ko‘p terlash bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, qo‘llar titrashi, duduqlanib gapirish va enurez ham kuzatilib turadi. Giperdinamik sindrom va tiklar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tamiz. Chunki bu sindromlar bolalar orasida ko‘p tarqalgan. Beo‘xshov harakatlari juda ko‘p, jaxldor, yig‘loqi, ota-onasining gapiga kirmaydigan, o‘z bilganidan qolmaydigan, parishonxotir, aka-ukalari va o‘z tengdoshlari bilan chiqisha olmaydigan, o‘jar va qaysar bolalarda uchraydigan simptomlar majmuasiga giperdinamik sindrom deb aytiladi. Shuningdek, ushbu sindrom turli xil nomlar bilan ataladi: “Giperaktiv sindrom”, “Miyaning minimal disfunksiyasi”, “Giperkinetik sindrom” va h.k. Menimcha bu sindromga yana bir nom berish lozim, ya’ni “Bebosh bola” sindromi. Nima uchun? Chunki giperdinamik sindrom alomatlarini darrov aniqlab olish qiyin bo‘lib, ota-onalar bolam gapga kirmaydigan bebosh bo‘lib qolgan deb o‘ylashadi va vrachga yoki psixologga murojaat qilmay yurishadi. Keyin bora-bora bola yuzi-ko‘zida har xil uchishlar (tiklar) paydo bo‘lgandan keyin qo‘rqib vrachga chopib kelishadi. Keling keng ommaga tushunarli bo‘lsin uchun ushbu sindromni “Bebosh bola” sindromi deb ataymiz.

Savol: “Bebosh bola” sindromining sabablari nima?

“Bebosh bola” sindromining shakllanishida ijtimoiy omillar, ya’ni oilaviy sharoit yoki nasliy omillar asosiy ahamiyatli bo‘ldimi yoki yo‘qmi, buni aniqlash qiyin. Ba’zi mutaxassislar fikricha, oiladagi janjal va mojarolar hamma vaqt ham ushbu sindrom rivojlanishiga sabab bo‘lavermaydi. Chunki bola ham janjalli sharoitga ko‘nikib ketib, oiladagi mojarolarga e’tiborsiz bo‘lib qolishi mumkin. Biroq, ushbu janjallar va tergovlar aynan bolaga qaratilgan bo‘lsa, albatta bu vaziyat bebosh bola sindromi shakllanishiga turtki bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. “Bebosh bola” sindromi o‘g‘il bolalarda qizlarga qaraganda ko‘p uchraydi. Bu sindrom belgilari erta maktab yoshida yaqqol namoyon bo‘ladi va o‘smirlik yoshiga ham o‘tadi. Muntazam ravishda davolanmagan bolalarda uning alomatlari katta yoshda ham saqlanib qoladi. “Bebosh bola” sindromi rivojlanishini homila davridagi kasalliklar bilan ham bog‘lashadi. Bugungi kunda ushbu sindromga genetik moyillik mavjudligi haqida ham ma’lumotlar bor. Chunki ushbu kasallik aniqlanganlar ota-onasining 30 foizi bolalik davrida bebosh bo‘lgan bo‘lishadi. Ayniqsa, ota-onadagi psixopatologik xarakter, spirtli ichimliklarga moyillik va giyohvandlik bolaga o‘tishi mumkin.

Savol: “Bebosh bola” sindromi qanday namoyon bo‘ladi?

Javob: Bolani tekshirayotgan har bir vrach tashxis qo‘yishga shoshmasdan uni bir necha kun kuzatishi lozim. Bu yerda bolaning hayot tarzi va o‘tkazgan kasalliklarini chuqur o‘rganish zarur. Agar bolada ushbu sindromni yuzaga keltiruvchi asab kasalliklari aniqlanmasa, bu sindromning rivojlanishida yaqin orada bo‘lib o‘tgan oila, maktab yoki ko‘cha-kuydagi janjallar sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin va h.k. Odatda hulq-atvorning bunday buzilishlari vaziyat to‘g‘irlangandan keyin o‘tib ketadi. Tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun avvalambor kasallik va hayot anamnezini yig‘ish o‘ta muhim. Bunda onaning homiladorlik, bola tug‘ilgan vaqti va tug‘ilgandan keyingi davrdagi kasalliklar turtki bo‘lishi mumkin. Uning qanday oilada o‘sib-ulg‘aygani, oila a’zolarining o‘zaro munosabati, temperamenti, ijtimoiy kelib chiqishi xronologik tarzda o‘rganiladi. “Bebosh bola” sindromiga olib keluvchi barcha omillar o‘zaro solishtiriladi va ularning ushbu sindrom rivojlanishidagi o‘rni aniqlanadi. Bebosh bola sindromini aniqlash uchun faqat ota-onadan yig‘ilgan ma’lumotlar yetarli emas. Uning o‘qituvchilari, tarbiyachilari va birga o‘ynaydigan yaqin o‘rtoqlaridan ham ma’lumotlar yig‘ish zarur. Bebosh bola sindromining asosiy belgilari bola irodasi, his-tuyg‘ulari va xulq-atvorining buzilishlaridan iborat. Bular: 1) impulsiv (tezkor) harakatlar; 2) bir joyda tinch o‘tira olmaslik; 3) boshlagan o‘yinni oxiriga yetkazmaslik; 4) birovning (ayniqsa, ota-onaning) gapiga quloq solmaslik; 5) o‘z bilganidan qolmaslik, qaysarlik; 6) diqqatning pasayishi, uquvsizlik; 7) atrofdagilar ishiga va boshqa bolalar o‘yiniga aralashish, ularga xalaqit berish; 8) tez-tez janjal chiqarish, ukalariga azob berish yoki ularga butunlay befarqlik; 9) o‘zining narsalarini bog‘chada, maktabda yoki boshqa joyda unutib qoldirish; 10) berilgan savolga shoshib javob berish; 11) tez xafa bo‘lish, yig‘loqilik; 12) enurez (tagiga siyish); 13) boshi og‘rib turishi; 14) fikrining tez chalg‘ishi; 15) sergaplik.

Qaysi yoshda ko‘p uchraydi?

Savol: Bebosh bola sindromi belgilari yoshga qarab o‘zgarib boradimi?

Javob: Bebosh bola sindromi belgilari odatda 5-7 yoshlar orasida ko‘zga tashlana boshlaydi, vrach yoki psixologga murojaat qilish davri 8-11 yoshlarga to‘g‘ri keladi. Bu davrgacha ota-ona vaziyatni faqat tarbiyalash yo‘li bilan to‘g‘irlashga harakat qiladi. Bu yo‘l yordam beravermagach vrachga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Albatta bu davr dastlabki maktab yoshi bo‘lib, bola uchun katta sinov davridir! O‘smirlik davri boladan diqqat-e’tibor va maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni talab qiluvchi davrdir. Aynan mana shu xususiyatlar bebosh bola sindromida turli darajada o‘zgargan bo‘ladi va bolada o‘qishga qobiliyat bo‘lsa-da, hulq-atvorning yuqorida ko‘rsatilgan buzilishlari uning maktabda yangi mavzularni o‘zlashtirishiga to‘sqinlik qiladi. Bolaning yoshi o‘tgan sayin tezkor harakatlar boshqacha tus ola boshlaydi. Erta maktab yoshidagi bolalarda o‘z aytganidan qolmaslik, agar u noto‘g‘ri bo‘lsa-da, boshqalar fikriga betoqatlik, ustozining ham talablarini noto‘g‘ri qabul qilish, o‘zini haq, boshqalarni esa nohaq deb qabul qilish shakllanadi. O‘smirlik yoshida ushbu sindrom biroz boshqacha tusda namoyon bo‘ladi. Ular kichik o‘g‘irliklarga qo‘l urishi, boshqa bolalarga tan jarohati yetkazishi, papiros cheka boshlashi, ota-onaga jahl qilib uydan chiqib ketishi, arzimagan xafagarchilikdan o‘z joniga qasd qilishi mumkin. Bunday holatlar o‘ta darajada havfli bo‘lib bolani albatta psixologga ko‘rsatish va u bilan bo‘ladigan maktab, oila va mahalladagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi. Bola o‘sgan sayin uning qiliqlari ijtimoiy xavfli bo‘lib boradi. Bu esa ota-onalar va maktab o‘qituvchilaridan o‘ta ziyraklikni talab qiladi. Maktab o‘qituvchilari bola hulq-atvorida paydo bo‘lgan har qandy nojo‘ya harakatlarni sezsa darrov uning ota-onasi bilan bog‘lanishi maqsadga muvofiq. Shu yo‘l bilan ular o‘smirda to‘satdan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan yomon illatlarning oldini olgan bo‘lishadi. Maktab va kollejlarda psixologlar har oyda bir marta bolalar bilan turli mavzularga oid tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan suhbatlar o‘tkazib turishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Bunday suhbatlar o‘smirlarda kuzatiladigan suitsidal urinishlarning oldini oladi. Bebosh bola sindromi ba’zida o‘ta sustlik, yalqovlik, yig‘loqilik, hech narsaga qiziqishning yo‘qligi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday bolani melanxolik bola deb atashadi. U o‘ziga do‘st topib olishda juda qiynaladi, topgan do‘sti bilan ham chiqishmay arazlab yuradi. Bunday bolalar qanday tezlikda do‘st topishsa, shunday tezlikda ularni yo‘qotishadi. Ruhiy tomondan tez charchab qoladigan bunday bolalar o‘z tengilari bilan emas, o‘zidan yoshi kichik bolalar bilan o‘ynashni xush ko‘rishadi. Chunki ularga hukmini o‘tkaza oladi-da. Bebosh bola sindromi aniqlangan bolalarning katta yoshdagilar bilan munosabati ham yaxshi kechmaydi. Chunki ularning e’tiborini har doim ham maqtov va rag‘batlantirish orqali qozonib bo‘lavermaydi. Shu bilan birga ularni do‘q-po‘pisa bilan tarbiyalash va yo‘lga solish o‘ta noto‘g‘ri yo‘ldir. Bunday usul ularda hulq-atvor buzilishlarini faqat kuchaytirib yuboradi, bola battar o‘jar bo‘lib qoladi yoki aksincha qo‘rqoq bo‘lib o‘sadi.

Ushbu maqolaning boshini o‘qish→

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.

ico
“Bebosh bola” sindromi (4-qism)
Bebosh bolalarni davolash va oldini olishda ota-onalar faol ishtirok etishlari va quyidagi maslahatlarga amal qilishlari zarur. Birinchidan, ota-ona bolaning «yomon qilig‘idan» keyin jahlga erk bermasligi va bolani urishib tashlamasligi kerak. Nima bo‘lganini aniqlab, bolani qo‘llab-quvvatlab, uning xatosini tushuntirib berishi lozim. Ba’zan bu shart ham emas, chunki har gal uning xatosini tushuntiraverish teskari natijalarga olib keladi. Xatoni tuzatishdan ko‘ra, uning oldini olish oson. Chunki biror narsaga intilgan bola xato qiladi. Shuning uchun ham uning intilishlarini rag‘batlantirish lozim.Ikkinchidan, ota-ona bolaga nisbatan qattiq va keskin iboralardan, qo‘rqitishlardan o‘zini tiyishi, bolaga zarda qilmasligi va g‘azab bilan gapirmasligi kerak. Har qanday holatda ham uni kamsitmang. «Yo‘q!», «Mumkin emas!», «Hali mendan ko‘rasan!», «Bas qil!» kabi iboralarni ko‘p ishlatmang. Bolaga bu so‘zlar ta’sir qilmay, uni o‘jar qilib qo‘yadi. Ba’zi hollarda bola depressiyaga tushib, gapirmay qoladi. Bu holat, ayniqsa 3–5 yosh bolalarda ko‘p kuzatiladi. Uchinchidan, iloji boricha bolaga alohida xona qilib berish va ushbu xonani turli narsalar (o‘yinchoqlar, qiziqarli kitoblar, «lego» va shunga o‘xshash moslamalar) bilan boyitish zarur. Bolaning xonasidagi narsalar yaltiroq va qizil rangda bo‘lmagani ma’qul. Bolani uzoq davom etuvchi multfilmlar va kattalar ko‘ruvchi kinofilmlardan asrang. Televizor yonida uzoq o‘tirish bolaning asabi va ruhiga yomon ta’sir ko‘rsatadi. Bolani sportning biror turiga bering, uning muvaffaqiyatlarini rag‘batlantirib boring. Hali fanda to‘la isbotini topmagan bitta misolni keltirib o‘taman. Uyida yolg‘iz qolgan homilador ayol zerikkanidan pianinoda faqat o‘ziga yoqqan bitta kuyni chalib o‘tirardi. Bola tug‘ilganidan keyin xuddi shu kuy chalinsagina tinch uxlaydigan bo‘lib qoladi. Bu o‘ziga xos fenomen hanuzgacha ilmiy tomondan tasdiqlangani yo‘q. Hayotda bunga o‘xshash misollar ko‘p. Masalan, homiladorlik davrida hadeb ruhan ezilaveradigan ayol ruhan nuqsonli bola tug‘ish ehtimoli juda yuqori.

Tarbiya – o‘ta og‘ir fan!

Tarbiya erta bolalik davridan boshlanishi kerak deyishadi donolar. Chunki insonning shaxs sifatida shakllanishi juda erta boshlanadi. Bolaning hulq-atvori shakllanishida kattalar, avvalambor ota-onasining xulq-atvori o‘ta muhim ahamiyatga ega. Doimo janjal bo‘ladigan, ichkilik ichiladigan, kitob mutolaa qilinmaydigan oilada yaxshi farzand voyaga yetishi ancha murakkab. Bola ota-onaning yaxshi fazilatlariga ham, yomon qilig‘iga ham taqlid qiladi. Hali bolada bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i funksional jihatdan to‘la shakllanmaganligi sababli ularda yaxshi-yomonni tahlil qilish imkoni past bo‘ladi. Bolani hayotga o‘rgatib borish, uning tafakkuriga mos hikoyalar, ertaklar aytish, hayotdan misollar keltirib borish bolada hayotga qiziqish uyg‘otadi, insonlarga mehr-muhabbatli bo‘lishga undaydi.

“Bolamni ilmli qilaman” deb, uni mayib qilib qo‘ymang!

Agar ota-ona bolada fan, san’at yoki hunarning qaysidir bir turiga qobiliyatini sezib qolsa, unga har tomonlama yordam berib, barcha sharoitni yaratib berishi zarur. Lekin bolani ilmli qilaman deb, unga keragidan ortiqcha talab qo‘yib yuborish, dars qilishga majbur qilaverish, ko‘chada biroz o‘ynagani qo‘ymaslik og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Bunga shunday misol keltirish mumkin. Hali 8 yoshga to‘lmagan G. ismli qizchani menga ko‘rsatishdi. Qizcha bosh og‘rig‘idan shikoyat qilar edi. Qizning ota-onasi menga “Vrachlar qizimizda bosh og‘rig‘i sabablarini aniqlay olishmayapdi va berilayotgan dorilar foyda bermayapdi” deb shikoyat qilishda. Qizchani tekshirayotib shu narsaga amin bo‘ldimki, u umuman kam so‘zlar, bir nuqtaga qarab turaverar, men bergan savollarga zo‘rg‘a javob berar edi. O‘zi haqida so‘zlab berishni iltimos qilsam, faqat boshi og‘rishini aytdi. Unda depressiya va autizm alomatlarini aniqladim. Qiz avval hech qanday kasal bo‘lmagan, miya jarohatlari olmagan, ichki a’zolari ham sog‘lom edi. Qizchadan boshing doimo og‘riydimi, og‘rimagan payti bormi deb so‘rasam u: «Ha, doimo og‘riydi, lekin noyabr oyida og‘rimadi», deb javob beradi (bemor fevral oyida tekshirilayotgan edi).

O‘qitish kuchaytirilgan maktab...

Qizdagi bosh og‘riqning sabablari har tomonlama tekshirib, kasallik anamnezi yaxshilab o‘rganimdan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qizni 6 yoshligidan boshlab o‘qitish kuchaytirilgan maktabga berishgan. Bundan tashqari, qizcha maktabdan qaytganda ingliz tili o‘qituvchisi uyda u bilan mashg‘ulot olib borgan, so‘ng esa ota-onasi qizchaning bilimini tekshirish bo‘yicha doimo savol-javoblar o‘tkazgan. Qizcha 6 yoshga to‘lganidan so‘ng ko‘chaga tengdoshlari bilan o‘ynagani chiqishga qo‘yilmagan. Albatta, bolaga qo‘yilgan bu ortiqcha talablar uni ruhan charchatib qo‘yadi. O‘qituvchilar va ota-onasi oldida doimiy mas’uliyat sezgan qizchaning miyasi doimo hissiy zo‘riqishda bo‘lib, bora-bora u kamgap, faqat savollargagina javob beradigan, o‘z tengdoshlari bilan o‘ynamaydigan bo‘lib qoladi. So‘ngra esa qizchada doimiy bosh og‘riq rivojlanadi. Noyabr oyida esa qizcha maktabdan ta’tilga chiqqan, otasi esa boshqa shaharga xizmat safariga ketgan edi. Qizcha bu davrda, tabiiyki dars qilmagan va ko‘p vaqtini toza havoda o‘z tengdoshlari bilan o‘ynab o‘tkazgan. Bundan xulosa qilib, qizchaning ota-onasiga barcha talablarni kamaytirish, ularni qizning yoshiga moslash, ingliz tilini o‘qitishni vaqtincha to‘xtatish, toza havoda sayr qilishga imkon berish zarurligi tavsiya qilindi. Bu talablar bajarilgandan so‘ng qizchada depressiya va autizm alomatlari (kamgaplik, ishtaha yo‘qligi, hech narsaga qiziqmaslik va bosh og‘rig‘i) o‘tib ketdi. Bundan xulosa shuki, ko‘pchilik asab va ruhiy buzilishlarning sababi noto‘g‘ri hayot tarzi, ortiqcha hissiy zo‘riqish, yoshga mos bo‘lmagan talablarning qo‘yilishidir. Bu salbiy omillar bartaraf qilinmas ekan, dori-darmonlarning ta’siri ko‘zlangan natijani bermaydi.

O‘smir — hali kechagi bola, lekin u hali  katta kishi ham emas!

Psixologiya va tibbiyotning eng dolzarb muammolarga to‘la bo‘lgan davr — bu o‘smirlik davridir. O‘smirlik davrida nafaqat ruhiy o‘zgarishlar, balki aqliy va jismoniy o‘zgarishlar ham keskin kechadi. Bu davr — o‘tish davridir. O‘smir — hali kechagi bola, lekin u hali katta kishi ham emas. O‘smir o‘z oldida turgan muammolarni o‘zi yechishga ruhan hali tayyor bo‘lmasligi mumkin. Lekin uni hali sen yoshsan deb hadeb tergayverish, unda qaysarlikni yuzaga keltirishi mumkin. O‘smirning mustaqilligini tan olgan holda, uning oldida har bir narsaga mas’uliyat hissini tug‘dirib borish o‘ta muhim. U yechishi kerak bo‘lgan muammolardan qo‘rqmasligi, shu bilan birga, bu muammoga yengiltaklik bilan qaramasligi kerak. Bu davrda o‘smir uchun eng katta muammolardan biri seksual muammodir. Qizlarda esa hayzning kelishi ham chuqur hayajonlanishlar, qo‘rquvlar bilan kechishi mumkin. Bunday paytlarda ota-onasi va yaqinlarining maslahati juda zarur. Vrach-psixologning vazifasi esa o‘smirda kechayotgan jarayonlarni o‘z vaqtida hal qilib borishdan iborat. Sport va badantarbiya mashqlarini bajarish, mehnatning o‘ziga yoqqan turlari bilan shug‘ullanish, organizmni chiniqtirib borish o‘smir uchun g‘oyat muhimdir. Buyuk mutafakkir Suqrot aytgan ushbu so‘zlarni barcha bog‘cha, maktab peshtoqlariga va bolalar dam olish maskanlariga katta harflar bilan yozib qo‘ying:
“Bolalar yashashni hayotdan o‘rganadilar! Agar bola tanqid qilinaversa, u nafratlanishni o‘rganadi, agar bola adovatda yashasa, u tajovuzkorlikka o‘rganadi, agar bola masxara qilinsa, u indamas, odamovi bo‘lib qoladi, agar bola hadeb tanqid qilinaversa, u o‘zini gunohkor his qilib o‘sadi. Agar bola sabr-toqat, xotirjamlik bilan o‘stirilsa, u boshqalarni tushunishni o‘rganadi, agar bola qo‘llab-quvvatlansa, u o‘z kuchiga ishonishni o‘rganadi, agar maqtalsa, u minnatdor bo‘lmoqlikni o‘rganadi. Agar bola vijdoniylik va halollikda ulg‘aysa, u adolatli bo‘lishni o‘rganadi, agar havfsizlikda yashasa, u insonlarga ishonishni o‘rganadi”.

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.

Maqolaning ilk qismlari:

ico
Psixologdan bola tarbiyasi borasida foydali tavsiyalar
Maktab ostonasiga oyoq qo‘yish har bir inson uchun nihoyatda katta hayotiy burilishdir. Mana shu davrdan boshlab bolalikning eng beg‘ubor onlariga bir qadar cheklanishlar kirib keladi. Endi bola oilada nafaqat oilaviy ba’zi burchlarni, vaholanki, uz shaxsi uchun zarur bo‘lgan xususiy vazifalarni bajarishi shart davrga o‘tadi. Bu bilan uning oiladagi roli bir qarashda kamayganday emas, aksincha ko‘paygan bo‘ladi. Ya’ni u o‘z obro‘sini endi nafaqat oila a’zolari o‘rtasida, aksincha, jamiyat o‘rtasida oila obro‘sini o‘z shaxsiy harakati bilan himoya qilish davri boshlanadi.

Maktab davri

Ruhiy muhiti sog‘lom oila a’zosi bo‘lgan bolaning birinchi bor maktabga borishi qanchalik hayajonli bo‘lmasin bola uchun jiddiy qiynchiliklar tug‘dirmaydi. Chunki maktabda o‘qituvchi hamma bolalarga bir ko‘z bilan qaraydi. Oilada ham bolaga maktabga borganligi munosabati bilan alohida erkatoyga qarash qilmasdan, maktab uning o‘zi uchun kerak bo‘lgan burch, sifatida qaragan ma’qul. Chunki, mana shunday qaralgandagina bola uy vazifalariga, maktabda berilgan topshiriqlarga shaxsiy burch sifatida qarashga o‘rganib boradi.

O‘zini hurmat qilmaydigan shaxs boshqalarni ham hurmat qilmaydi

O‘z burchini sezgan shaxsda esa o‘z shaxsiga hurmat tuyg‘usi tobora ortib yaxshi shakllanadi. Hammamizga ma’lum tushuncha, ya’ni o‘zini hurmat qilmaydigan shaxs boshqalarni hurmat qilishni bilmaydi. Bu o‘rinda tarbiyaning, maktab va oila tarbiyasining bola shaxsiyatiga bir yo‘nalishda mutanosib olib borilishi jiddiy e’tiborga molik. Farzand tarbiyasi, bola tarbiyasi Birgina misol keltiraylik. Sobirning maktabdagi ilk kunlari. Onasi unga tanaffuslarda tashqariga toza havoga chiqqin. “Tez chopib, albatta, toza havoga chiqqin». Sobir onasiga shunday deyapti: “Tanaffuslar juda kichkina. qo‘ng‘iroq chalinadi, narsalarimni yig‘ishtirib ko‘cha eshigiga yetganimcha yana kirishga chalinadi”. “Narsalaringni tezroq yig‘ishtir, chopib chiqqin”. “Eee, bilmaysizda, maktabda chopish mumkin emas”. Mana bu misolchada Sobirning onasi birgina so‘zni noaniqroq ishlatgani, maktab va oila talabining bola qalbida nomutanosib kelganiga uning bu muammoga hali javob topolmagani ko‘rinmoqda. Biz kattalar bu nomutanosiblikni sezmay ham o‘tishimiz mumkin. Ammo bola qalbi hali o‘ta musaffo bo‘lganligidan unga talab, tushuncha, qoida yoki oddiy bir so‘z va hokazo birinchi bor qanday yozilsa yoki aytilsa u o‘zi uchun shunday tushuncha hosil qiladi. “Maktabda chopish mumkin emas”.

Jinsiy tarbiya

Oddiy tushunchalar ham har kimda har xil tezlik va quvvatda iz qoldiradi. Bu hodisa birinchi o‘rinda insonning shaxsiy xususiyat, qobiliyat va yoshi bilan bog‘liq bo‘ladi. Mana shu o‘rinda biz birinchi bor shu paytgacha bola, deb aytib kelgan tushunchani ikkiga ajratishimiz lozim bo‘ladi, ya’ni qiz bola va o‘g‘il bolaga. To‘g‘ri, farzand tug‘ilgandan boshlab oilada uning
jinsiga qarab muomala qilinadi va bu bilan jinsiy tarbiya oilada boshlab yuboriladi. Ammo boshlang‘ich maktab yoshiga kelib ayniqsa, ikkinchi, uchinchi sinflarda bolalarning jinsiy farqi ko‘payib boradi. Buni oilada alohida hisobga olinsagina oilaviy ruhiy muhitga putur yetmagan bo‘ladi va oila a’zolari oilaviy holatda o‘zlarini erkin sezadi. Xalqimiz orasida qadimdan bu narsaga e’tibor berilgan. Shuning uchun ham qiz bola yoshlikdanoq oilada yordamchi sifatida ko‘zga tezroq tashlangan, uning sho‘xliklariga, akasi yoki ukasini tejab-tergashlariga «qiz bola-da», deb kattalar uni oldinroq sezishgan. Xalq, ko‘pchilik sezgan bu oddiy tushunchaning tagi uzoqqa ketadi. Ruhshunoslarning fiziolog, medik, pedagog va boshqa mutaxassis olimlarning kuzatishlardan kelib chiqib aytishlari shuni bildiradiki, qiz bolalar o‘g‘il bolalarga qaraganda maktabning boshlang‘ich 1 – 3 sinf davrida faolroq bo‘lib, o‘g‘il bolalarni o‘sish va ulg‘ayishda ortda qoldiradi. Qiz bolalarning bunday tabiiy faolligini oila a’zolari albatta bilishlari kerak. Bu hol alohida e’tiborga olinsa, oilada shaxslarning o‘rni va xususiyatlari to‘liq hisobga olingan bo‘lib ruhiy muhiti ijobiylashib boradi. Aks holda qiz bolaning sho‘xliklariga noto‘g‘ri baho berilgan bo‘ladi. Qiz bola sho‘xlikda ayblanib, o‘g‘il bola nofaollikda salbiy baholanishi mumkin. Boshlang‘ich sinf, ya’ni olti – to‘qqiz yoshli bolalar maktabgacha yoshdagi qiliqlarini endi takrorlashmaydi. Yosh bola o‘jarlik qilib piyolani otib yuborishi mumkin, bu holda u piyolaning sinishini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Ammo bunday ishni boshlang‘ich sinf bolasi qilmaydi. U endi bunday qiliqni o‘ziga ep ko‘rmaydi, chunki atrof, boshqalar uning bunday harakatiga qanday baho berishini u biladi va shundan uyaladi. Bu o‘rinda insonni jamiyat orasida shaxs sifatida shakllantiruvchi eng katta tuyg‘ulardan biri, mana shu keng ma’nodagi ijtimoiy tushuncha bo‘lmish, boshqa jonzotlar orasida uchramaydigan uyat ekanligini bilishimiz va unutmasligimiz kerak.

Oilada bolani izza qilmang!

Oilada bolani hech vaqt uyaltirmaslik va izza qilmaslik lozim. Har qanday inson boshqalar oldida uyalishni, uyalganlikni og‘ir esdan chiqaradi. Ko‘pchilik orasida izza bo‘lganligini bir umr esdan chiqarmasligi mumkin. Shunday ekan, oilangizda ruhiy muhit sog‘lom bo‘lsin desangiz bolangizning hozirgina qilgan noo‘rin, xato, adashilgan, anglashilmovchilik yuzasidan, uning tajribasizligidan kelib chiqqan hatti-harakatini qoralab uni jazolab o‘tirmang, ayniqsa voqeani yuziga solib izza qilmang. Shu borada agar bu voqeadan uning biror tanishi voqif bo‘lishi xavfi bo‘lsa, kechinma yanada kuchliroq tus olishi mumkin. Bolani xato bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlardan ogohlantirib tarbiyalab borsangiz uning oiladagi o‘rnini kamsitmagan bo‘lasiz. Piyola bolangizning qo‘lidan tushib ketib singanda emas, bu piyola sinib bo‘ldi, undan ko‘p vaqt ilgari ish buyurganingizda «ehtiyot bo‘l, sinib qolmasin», degan tarbiyaviy so‘zlardan boshlang. Bola o‘z irodasi bilan kunduz maktabda buyurilgan ishlarni bajarishga o‘rgansa, kechqurun ishdan qaytganingizdan keyin siz uni dars tayyorlashga o‘tirishga majbur qilishingizga o‘rin qolmaydi. O‘z burchini bajarishga majbur qilingan oila a’zosining oilada ruhiy o‘rni boshqalar bilan barobar bo‘lishi mumkin emas. O‘z burchini majburan qilib o‘rgangan bola mustaqillikka o‘rganmaydi. Vaholanki, shunday ekan biz hammamiz o‘z bolamizning mustaqil bo‘lishini juda-juda kutamiz va mustaqillikka o‘rgatib boramiz. Mustaqil, o‘zini o‘zi tejab-tergashga o‘rganib borgan bolagina o‘z hayotini to‘liq ta’min qilib boradi. Agarda bolaga doim uning ruhiy va amaliy ishlarini ko‘rsatib, ularni bajarishga majbur qilib borsangiz bu holda oilada notenglik yuzaga keladi va oila a’zolari o‘rtasida notenglik bo‘lgan holda ruhiy muhit sog‘lom bo‘lmaydi. Shunday ekan bolangizning biror holda o‘z vazifalarini bajarmaganligini ko‘rsangiz albatta majbur qilishga shoshilmang. U o‘z vazifasini bajarmaganligidan oila a’zolari, o‘rtoqlari, sinfdoshlari oldida biror marta xijolat cheksa, uyalsa, ayniqsa o‘ziga kerak bo‘lgan narsani bilmasdan, o‘sha narsaga zarurat sezib uni topolmay qolsa boshqa bunday qilmaslikka o‘rganadi. Chunki uyat, insonning o‘z oldida o‘zining uyalishi yaxshi ma’noda insonni o‘zlikka olib boradi.

© Mahmud Yo‘ldoshev, Psixologiya fanlari nomzodi . Farzand.uz

ico
“Bebosh bola” sindromi va uni bartaraf qilish yo‘llari
Savol: Zarifboy Rajapovich! Nima uchun bolalarda ham asab buzilishlari ko‘p uchraydi. Buning asosiy sababi nima? Noto‘g‘ri tarbiyami yoki biror-bir kasallik asoratimi?

Chunki...

Javob: Unisiyam, bunisiyam! Chunki noto‘g‘ri tarbiya ham, bosh miya kasalliklari ham bolaning hulq-atvorini keskin o‘zgartirib yuboradi. Chunki bolaning miyasi nafaqat anatomik jihatdan kattalashib va shakllanib boradi, balki tashqarida bo‘layotgan barcha salbiy va ijobiy ma’lumotlarni ham bola xotirasida saqlab boradi. Ko‘p o‘tmay ota-ona ham, jamiyat ham ularning natijasini bolaning hulq-atvorida ko‘radi. Bolaning yashash tarzi asosan taqlidga asoslanganligini unutmaslik kerak.

Taqlid - bolaning hayot tarzi

Taqlid bolaning hayot tarzidir! Erta bolalik davridan tortib o‘smirlik davri tugagunga qadar bola boshqalarga taqlid qilib yashaydi! Bu juda katta davr! U nafaqat ota-onasi, atrofdagi qo‘ni-qo‘shnilar va maktabdagi ustozlariga, balki kinoqaxramonlari, artistlar va mashxur futbolchilarga (ayniqsa, o‘smirlar) taqlid qilishadi. Bularning ichida bolaning hulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ko‘p bo‘lishi mumkin. Xattoki yaxshi ota-ona ham bolasini to‘la nazorat qila olmay qolishi va uning farzandi noqobil va bezori bo‘lib voyaga yetishi mumkin.

Yangi “mehmon” mezbonni injiq qiladi

Ba’zan asabiy-ruhiy buzilishlar bolaga bo‘lgan e’tiborning pasayishidan yuzaga keladi. Masalan, oilada yangi farzand dunyoga keldi va oilaning barcha a’zolari yangi “mehmon” bilan mashg‘ul. Bu albatta (ayniqsa, 3-6 yoshli bolalarda) injiq bolaning shakllanishiga turtki bo‘ladi. Bola ota-onaning e’tiborini jalb etish uchun o‘zini kasallikka soladi, “qornim og‘riyapti”, “boshim og‘riyapti”, “bog‘chaga yoki maktabga borgim kelmayapti” kabi bahonalar bilan uyda qolishga harakat qiladi. Bu holatdan ota-ona bezovta bo‘la boshlaydi, unga ortiqcha e’tibor qila boshlashadi, bolani uyda qoldirishadi. Bola haqiqatan ham kasalmi yoki bahona qilayaptimi, buni bilish uchun bolani avval yaqin atrofdagi doktorga ko‘rsatib, keyin bolani chalg‘ituvchi har xil usullardan foydalanish mumkin: sayrga chiqish, biror bir o‘zi yoqtirgan o‘yinchoqni olib berish va h.k. Lekin bolani ortiqcha taltaytirib yubormaslik va har xil xarxashalariga uchavermaslik kerak, ya’ni haddan oshib ketgan e’tibor ham bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Buyuklar ham chiqar, deb...

Savol: Ba’zan yoshlardan nolib qolamiz, ulardan ham Hazrat Navoiy kabi buyuk allomalar yetishib chiqarmikan, deb... Javob: Allomalar har doim yetishib chiqqan va bundan keyin ham yetishib chiqaveradi! Chunki ilm-fan hech qachon bir joyda to‘xtab qolmaydi. Masala bu yerda boshqa narsada. Keling Hazrat Navoiy davridan ushbu muammoni taxlil qila boshlaymiz. Juda murakkab davr bo‘lgan. O‘sha davr bilan hozirgi davrni bir taqqoslab ko‘ramiz. O‘zbek xalqining zo‘r bir maqoli bor: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan. Qadimgi davrda o‘sib ulg‘ayotgan bolani nimalar o‘rab olgan? Ot-arava, kamon-qalqon va bitta-ikkita ko‘chadagi bezori deylik. O‘sha davrlarda turli hududlarda yashovchi odamlar bir-birini borib ko‘rishgan yoki xat orqali muloqot qilishgan. Bu esa
qarindosh-tuqqanlar va yoru-birodarlar orasida mehr uyg‘otgan. Mehr ko‘zda, degan naql o‘shandan qolgan bo‘lsa ajab emas.

Hozirchi?

O‘sib kelayotgan bola va uni tarbiyalayotgan ota-onani nimalar o‘rab olgan? Obrazli qilib aytganda o‘sha davrda ham ota-ona bitta bo‘lgan, hozir ham bitta! Biroq hozirda bolani o‘rab olgan salbiy omillar juda ko‘p. Bular oynai-jaxonda namoyish qilinayotgan (ayniqsa, Rossiya kanallari orqali) yengil-yelpi ko‘rsatuvlar, qo‘l telefonlari orqali uzatilayotgan be’mani SMS, fotosurat va videokliplar, kompyuterlarga bemalol yashirib yozib qo‘yish mumkin bo‘lgan turli xil uyatli kliplar va filmlar, bema’ni internet saytlari va h.k. Ko‘rdingizmi farzandlarimizni o‘rab turgan salbiy omillar juda ko‘p! Bu esa jamiyatdan ham, ota-onadan ham o‘ta ziyraklikni talab qiladi! E’tiborsiz ota-ona uyquga ketgandan keyin bola yarim tungacha televizor yoki internetda (ayniqsa, shaxarda katta bo‘layotgan bolalar) be’mani ko‘rsatuvlarni ko‘rib yotmaydimi?

Salbiy ta’sirlarni bartaraf etish uchun...

Savol: Mana shu salbiy ta’sirlarni bartaraf etish uchun nimalar qilish kerak? Javob: Farzandlarimizni sportga qiziqtirish kerak! Barchaga ma’lum, nafaqat Toshkentda, balki chekka tumanlarda ham turli xil sport inshootlari ko‘payib bormoqda. Xatto kollej va litseylar katta-katta sport zallari bilan qurilmoqda. Har yili sport bayramlari o‘tkazilayapti. Ko‘pchilik ota-onalar bolani 5 yoshiga yetmasdan xar xil sport to‘garaklariga yozdirishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekistonda sport ommalashib ketgan. Toshkent tibbiyot akademiyasida ham har yili sport bayrami va sog‘lom turmush tarziga oid turli xil bayramlar o‘tkazib kelinadi. Biroq ba’zi ota-onalar xatto yonginasida joylashgan sport inshootlariga ham bolasini olib borishmaydi. Ba’zi bolalar o‘z tengdoshlariga qiziqib ota-onasidan sport to‘garaklariga yozilishni so‘rab iltimos qilishsa ham, ota-onalar bunga e’tibor qilishmaydi.

Keyin bola nima qiladi?

Kechayu-kunduz televizor yoki kompyuter oldida kunini o‘tkazadi. Buning oqibatida bolaning miyasi keraksiz ma’lumotlarga to‘laveradi va uning hulq-atvori buzilib boradi. Chunki shuncha informatsiyani tahlil qilish ham kerak-da?! Hadeb televizor ko‘raveradigan yoki soatlab kompyuter o‘yiniga berilgan bola nafaqat ruhan charchaydi, balki jismonan nimjon bo‘lib o‘sadi. Bizga hozir “Bolamga tinchlantiruvchi dori yozib bering, uni hech boshqarib bo‘lmayapti” deb murojaat qiluvchi ota-onalar kam emas. Bilmaydiki, buning asosiy sababi – bolaning tinmay televizor ko‘rishi, kompyuter o‘ynashi yoki qo‘l telefonlaridagi o‘yinlar bilan ovora bo‘lishidir. Axir hali 10 yoshga ham to‘lmagan bolaga asabni tinchlantiruvchi dori berish uning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi! Keyinchalik bunday bolalar psixologik nogiron bo‘lib qoladi-ku! “Doktor negadir bolamning xotirasi sust, uning xotirasini yaxshilovchi dori yozib bering” deb murojaat qiluvchilar ham yo‘q emas. Bunday bolaning hayot tarzini yaxshilab o‘rgansangiz yana o‘sha ahvol: doimo kompyuter o‘yini, televizor ko‘rish va qo‘l telefoni o‘ynash. Ularning nafaqat asabi buziladi, balki yuragi nimjon bo‘lib, ishtahasi yo‘qoladi. Yaxshi ovqatlanmagan bolaning immuniteti pasayib tez-tez shamollaydigan bo‘lib qoladi va natijada hadeb kasal bo‘laveradi. Arzimagan pul turadigan yoki bepul sport to‘garaklariga qatnamaydigan bola shifokorga qatnay boshlaydi. Asabni ham tinchlantiradigan, yurakni ham baquvvat qiladigan, xotirani ham yaxshilaydigan, xattoki ishtahani ham oshiradigan eng zo‘r dori – bu sport! Sport xattoki tarbiyaviy ahamiyatga ham ega. Masalan, suzish, futbol, ushu yoki tayekvondo kabi sport turlariga qatnayotgan bolaga pand-nasihatlar qilaverish yoki asabni tinchlantiruvchi dori berishning umuman keragi yo‘q. Sportning o‘zi uni tarbiyalaydi. “Bolamga dori yozib bering”, deb kelgan ota-onalar ba’zi bir tushuntirishlardan keyin farzandini sport to‘garaklariga berib hursand bo‘lib yurganlarini ko‘p guvohi bo‘lganman. Bir narsani unutmaslik kerak: Hulq-atvorni davolab bo‘lmaydi. Hulq-atvor kasallik emaski, uni davolasa. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan amallarni qo‘llagan xolda hulq-atvorni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Albatta bu yerda psixolog bilan maslahatlashib ish ko‘rish lozim.

Savol: Bola hulq-atvoridagi yomon hislatlar nasliy bo‘lishi mumkinmi?

Javob: Ha! Bo‘lishi mumkin!Halq orasida avvaldan mavjud bo‘lgan bu fikr XX asrdagi ilmiy-tadqiqotlar asosida o‘z tasdig‘ini topdi. Ko‘pchilik nasliy omil haqida gap ketganda yomon yoki yaxshi alomatlar 100 foiz farzandga o‘tadi deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri fikr! Biologiya fanidan Mendelning no‘xatlar bilan olib borgan tajribasini bir eslang! Turli xil belgilar nasldan-naslga 25 %, 50 %, 75 % va 100 % o‘tishi mumkin. Masalan, oilada 4 ta farzand dunyoga kelsa, ota yoki onasidagi yomon xislat 1 bolaga (25 %) o‘tishi, qolgan 3 bolaga (75 %) o‘tmasligi mumkin. Shuning uchun ham bitta ota-onadan tug‘ilgan bolalarning hulq-atvori turlicha bo‘ladi. Ba’zan bolaning hulq-atvoridagi patologik o‘zgarishlar nasliy hususiyatga egami, o‘tkazilgan kasallik asoratimi yoki yomon tarbiya oqibatimi bilib olish o‘ta mushkul. Bu masalaga oydinlik kiritishda vrach yoki psixolog o‘ta extiyotkorlik bilan yondoshuvi va aniq bir xulosa chiqarishdan oldin butun oila a’zolarida chuqur tibbiy-psixologik tekshiruvlar o‘tkazishi lozim. Aks holda er-xotin orasida bir-birini ayblashlar ko‘payib ketadi.

Savol: Bolalarda ko‘p kuzatiladigan asab kasalliklari haqida ham ma’lumot bersangiz.

Javob: Umuman olganda bolalarda uchraydigan kasalliklar soni ham ko‘p. Asab sistemasining aksariyat kasalliklari ko‘p etiologiyali, ya’ni ko‘p sabablidir. Homiladorlik davridagi kasalliklar, tug‘ruq paytida va go‘daklik davrida ro‘y bergan bosh miya jaroxatlari, virusli infeksiyalar, yallig‘lanish kasalliklari bolalarda erta rivojlanuvchi asabiy-ruhiy buzilishlarning asosiy sabablari hisoblanadi. Ayniqsa homilador onada kuzatiladigan infeksiyalar, kuchli hissiy-asabiy zo‘riqishlar, salbiy ta’sirga ega bo‘lgan farmakologik dorilar, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, chekish kabi nojo‘ya omillar ham bola miyasining sog‘lom rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalarda asab buzilishlari shakllanishida ruhiy omillar ham katta ahamiyat kasb etadi. Ota-onaning bolaga noto‘g‘ri munosabati, bolaning o‘gay ona yoki o‘gay ota qo‘lida tarbiyalanishi, maktab va mahallada bezori bolalar orasiga tushib qolishi uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va bola asabiy bo‘lib voyaga yetadi. Bolalarda nevroz kasalligi rivojlanishining yana bir sababi – uning turli kasalliklar bilan og‘rib yurishidir. Masalan, meningit, ensefalit, gaymorit, bronxit, kamqonlik va shu kabi turli kasalliklar bolaning ruhiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, surunkali tarzda vitaminlar yetishmovchiligi ham asab buzilishlariga sababchi bo‘ladi. Ayrim maktablarda uyga beriladigan topshiriqlarning haddan ziyod ko‘pligi, bolaning imkoniyatlari va vaqtini e’tiborga olmagan holda zo‘r berib chet tillarini o‘rganishga undash ham bolani charchatib qo‘yadi. Bularning barchasi bolada asab buzilishlariga turtki bo‘ladi. Bolani repetirorga berishdan oldin uning imkoniyatlarini psixolog-pedagog bilan maslahatlashib olish maqsadga muvofiq. Ota-onaning mablag‘i va bolaning vaqti behuda ketmaydi. Bolaga ota-ona va maktabning talablari, bir so‘z bilan aytganda tashqi muhitning talablari uning imkoniyatlariga mos kelmasa, bolaning ruhiyatida zo‘riqish paydo bo‘lishi va asab buzilishlariga mezon yaratilishi mumkin. Bunday bolalarni maktabda va uyda hadeb koyiverish bola hulq-atvoridagi patologik o‘zgarishlarni yanada kuchaytiradi va bolani maktabdan, uydan bezdirib qo‘yadi. Bunday bolalar, ayniqsa o‘smirlar chetdan o‘ziga hamrox izlay boshlashadi va ular giyohvandlik, o‘g‘irlik va shu kabi boshqa jinoiy ishlarga qo‘l urishadi.

Ushbu maqolaning davomini o‘qish→

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.