Behi tarkibida efir moyi, qandlar, organik kislotalar, vitamin C, temir, mis, oshlovchi moddalar bor. Urug‘idan olingan shilliq eritmadan va yog‘idan qadimdayoq bemorlarni davolashda keng qo‘llanilgan.
Xalq tabobatida behi mevasi, urug‘i, bargi va po‘stlog‘i ishlatiladi. Behi peshob haydash xususiyatiga ega bo‘lgani uchun yurak va buyrak xastaliklarini tuzatishda yordam beradi. Jigar va ichak kasalliklarini davolashda o‘t haydovchi dori hisoblanadi.
Me’da shilliq qavati yallig‘langanda, kamqonlik va qandli diabetda dori sifatida ishlatiladi. Barglaridan tayyorlangan qaynatma gipertoniyada ko‘p qo‘llanadi. Urug‘i damlab ichilganda ovoz bo‘g‘ilishi, tomoq shamollashi, o‘pka yallig‘lanishiga davo bo‘ladi.
Biror yig‘inda o‘z ma’ruzasi bilan qatnashmoqchi bo‘lgan odam behi urug‘idan 1-2 donasini tili ostiga yarim soatga solib qo‘ysa, 2-3 soatli ma’ruza chog‘ida ham biror marta tomog‘i qurimaydi.
Ulug‘ hakim Abu Ali ibn Sinoning “Tibbiy o‘gitlar” kitobida behining yuz bir xosiyati sanab o‘tiladi va shunday yoziladi:
“…Cho‘qqa ko‘milgani yengilroq va foydaliroq. U shunday pishiriladi: ichini kovlab urug‘i chiqariladi va ichiga asal solib usti loylanadi, so‘ng qo‘rga ko‘miladi. Behi yog‘i kal yaralarida ishlatiladi, siqib olingan suvi astmada foydali. U qon tuflashni ham to‘xtatadi. Urug‘i tomoq qirilishini yo‘qotib, o‘pka nayini yumshatadi. Shuni ham aytish kerakki, behini juda ko‘p iste’mol qilish asab og‘riqlarini keltirib chiqaradi. U chanqovni bosadi, siqib olingan suvi siydik yo‘liga tomizilsa, peshob achishtirib tushishida foyda qiladi”.
Uy sharoitida behidan murabbo va ichimliklar tayyorlash mumkin. Ular inson salomatligini mustahkamlashda juda foydali.
Behi qandli diabet va xafaqonga qarshi dori. Xalq tabobatida bunday xastaliklar bilan og‘rigan bemorlarga yengillik tug‘dirish uchun behi barglari hamda murg‘ak novdalaridan tayyorlangan qaynatmalarni ichish tavsiya etiladi. Buning uchun quritib maydalangan bargi va novdalaridan 2 oshqoshig‘i 2 stakan suvda past alangada 30 daqiqa qaynatiladi.
Qaynatma o‘z tafti bilan sovigach, suzib olib, sharbatidan 1 oshqoshiqdan kuniga 3 mahal ichiladi. Ich ketganda bemor qaynatmadan 1-2 oshqoshiqda ovqatdan keyin, kuniga 3 mahal ichishi tavsiya etiladi.
Sayfulla SHAROPOV, shifokor.
"Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )