Sepsis yiring hosil qiluvchi mikroblarning qonga tushib uni zararlashi natijasida organizm holati yomonlashuvi bilan kechadi. Uning rivojlanishida og‘ir kasalliklar, jarrohlik operatsiyalari, ko‘p qon yo‘qotish, birdaniga ozib ketish, vitamin yetishmovchiligi natijasida organizmning himoya kuchlari susayishi singari holatlar asosiy rol o‘ynaydi. Sepsis paydo bo‘lishining tashqi va ichki omillari mavjud. Masalan, u ba’zida hasharotlar (chivin, pashsha, kana, burga, o‘rgimchak) chaqqandan so‘ng ham yuzaga keladi. Ko‘pincha sepsis teridagi ochiq jarohatlarga infeksiya tushganda, yaralarning bitishi kechikkanda, turli gangrenozlar (asosan oyoq gangrenasi)da, qorin bo‘shlig‘i a’zolaridagi jarrohliklardan so‘ng va o‘tkir xirurgik kasalliklar asorati sifatida paydo bo‘ladi. Oyoqdagi yara-chaqalar va badanning turli joylaridagi shikastlanishdan keyingi jarohatlar tuzalishi kechiksa yoki ularga o‘z vaqtida davo qilinmasa, sepsis rivojlanishiga sharoit yaratiladi. Sepsis rivojlansa bemorning tana harorati ko‘tariladi, boshi og‘riydi, ko‘p terlaydi, arterial bosimi pasayadi, holsizlanadi, ishtahasi yo‘qoladi, ko‘pincha uyqusizlikdan aziyat chekadi. Bundan tashqari, jigar va taloqning kattalashishi, shishishi, yurak va buyraklar faoliyatining yomonlashishi kuzatiladi. Bemorning oyoq-qo‘llarida mayda qora dog‘lar paydo bo‘lib, bo‘g‘im va mushaklarida yallig‘lanishlar ro‘y beradi. Yosh bolalarda esa sepsis ko‘pincha zotiljam (pnevmoniya) shaklida kechadi. Kasalxona sharoitida konservativ (antibakterial) va jarrohlik muolajalari qo‘llaniladi. Organizmdagi yiringli o‘choqlar dori-darmonlar, fizioterapevtik muolajalar va yana bir necha xil murakkab davo usullari yordamida yo‘qotiladi. Konservativ davolash yordam bermagan hollarda jarrohlik muolajasi amalga oshiriladi. Ma’lumki, sepsis rivojlanganda bemor organizmida og‘ir turdagi zaharlanish (intoksikatsiya) ro‘y beradi, bu vaqtda ishtaha yo‘qoladi va organizm quvvatsizlanadi. Shuning uchun ham sepsisni davolash jarayonida bemorga yuqori kaloriyali, ya’ni servitamin ovqatlar berish zarur. Bemorlar tinch sharoitda bo‘lishlari, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etishlari lozim. Sepsisning oldini olish uchun quyidagi holatlarga e’tiborli bo‘ling:
  • ochiq jarohatlar yiringlasa;
  • yuzdagi husnbuzarlar uchi oqarsa;
  • chipqon chiqsa yoki xasmol (qo‘l barmog‘i to‘qimalarining o‘tkir yiringli yallig‘lanishi) paydo bo‘lishi;
  • flegmona (teri osti yog‘ kletchatkasining o‘tkir yiringli yallig‘lanishi) vujudga kelganda;
  • teridagi mayda shikastlar tuzalishi cho‘zilishi;
  • unutmangki, revmatizm, adneksit, plevrit, siydik yo‘llari yallig‘lanishi (piyelonefrit), nafas yo‘li yallig‘lanishi, jinsiy a’zolar va teri yallig‘lanishi, jigar va o‘t yo‘llari yallig‘lanishi singarilar surunkali turga o‘tganda ham sepsisning rivojlanishiga imkon yaratiladi.
O‘qing: Sepsis: sabablari, belgilari, turlari va davolash

© Durdona SULTONOVA, mutaxassis. "Sihat-salomatlik" jurnali.