Plevrit – plevra pardalarining fibrin yoki plevra bo‘shlig‘ida yallig‘lanish suyuqligi – ekssudat to‘planishi bilan kechadigan kasallikdir. Ba’zan plevra bo‘shlig‘ida yallig‘lanish bilan bog‘liq bo‘lmagan ravishda har xil kasalliklar sababli patologik suyuqlik – trassudat to‘planishi bilan kechadigan holatlar ham shu nom bilan ataladi. Ikkala o‘pka tashqi tomonidan visseral plevra, ular joylashgan ko‘krak qafasining ichki yuzasi pariyetal plevra bilan qoplangan bo‘lib, ikkala plevra pardalari orasining ma’lum yerlarida plevra bo‘shlig‘i mavjud bo‘ladi. Kasallik vujudga kelganda shu yerlarda suyuqlik to‘planishi mumkin.

Plevrit ko‘pincha mustaqil kasallik emas, 50 tadan ziyod kasalliklarda uchraydi. U o‘pka yoki kamroq hollarda plevra pardalariga qo‘shni a’zolar (ko‘krak qafasi, ko‘ks oralig‘i, diafragma osti bo‘shlig‘i) kasalliklari asorati sifatida rivojlanadi. Ba’zi hollarda plevrit tizimli kasalliklarning bir ko‘rinishi – belgisi hisoblanadi. Plevrit kasalligi rivojlanish sabablariga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: infeksion va infeksiya bilan bog‘liq bo‘lmagan (aseptik) plevrit.

Infeksion plevrit sabablari pnevmokokk, stafilakokk, sil tayoqchalari, mikoplazma, zamburug‘, protozoy va boshqalar bo‘lishi mumkin. Infeksiya bilan bog‘liq bo‘lmagan aseptik plevrit sabablari o‘smalar, limfogranulematoz, biriktiruvchi to‘qimaning tizimli kasalliklari, jarohatlanish (travma), o‘pka infarkti, o‘tkir leykoz, gemorragik, diatez, infarktdan keyingi Dressler sindromi bo‘lishi kuzatiladi.

Plevrit turlari

Plevritlar ikki xil bo‘ladi: quruq plevrit va ekssudatli plevrit. Quruq plevritda plevra pardalarining yallig‘lanishi uning yuzasida biroz fibrin to‘planishi bilan kechadi. Bunda visseral va pariyetal plevra pardalari yallig‘lanishi sababli qizarib, shishib qalinlashadi. Quruq plevrit yuqorida keltirilgan sabablar bilan bog‘liq ravishda rivojlanishi mumkin. Sil kasalligi bilan bog‘liq bo‘lgan quruq plevrit plevra ostida sil o‘chog‘i joylashganda yoki u plevra bo‘shlig‘iga yorilib, tarqalib ketganida, shuningdek, qon orqali tarqalganda yuzaga kelishi mumkin. Ba’zi hollarda quruq plevrit sil kasalligi boshlanishining birinchi belgisi sifatida kasallik yuqqanidan bir necha oy keyin rivojlanishi mumkin.

Plevrit kasalligining rivojlanishida asosiy sababdan tashqari yana plevraning giperergik reaksiyasi bilan kechadigan tana sezuvchanligining o‘zgarishi ahamiyatga ega. Ko‘pincha quruq plevrit ekssudatli plevrit rivojlanishidan oldin paydo bo‘ladi.

Kasallik birdan qattiq og‘riq bilan boshlanishi mumkin. Og‘riq pariyetal plevraning qovurg‘a sohasi shikastlanganda ko‘krak qafasining yallig‘lanish rivojlangan joyida paydo bo‘ladi. Plevraning boshqa qismlari yallig‘langanda og‘riq yelka mushaklarida, o‘ng qovurg‘a ostida, to‘sh suyagining orqasida va qo‘lda bo‘ladi. Og‘riq nafas olish cho‘qqisida, yo‘talganda, so‘zlashganda, qarama-qarshi tomonga egilganda kuchayadi, kasal tomonini bosib yotganda esa kamayadi.

Eng kuchli og‘riq kasallikning boshlanishida bo‘ladi. Visseral plevra yallig‘lansa og‘riq kuchli bo‘lmaydi. Ekssudat paydo bo‘lganda og‘riq kamayishi va yo‘qolishi mumkin. Quruq yo‘tal bo‘lib, tana harorati ko‘tarilmasligi, gohida subfebril bo‘lishi kuzatiladi. Nafas olganda ko‘krak qafasining yallig‘langan tomonidagi harakat sog‘ tomoniga nisbatan sustroq bo‘ladi. Ko‘krak qafasining yallig‘lanish joylashgan yeri qo‘l bilan yengil bosilsa og‘riydi, mushaklar qattiqlashgani aniqlanadi. Kaft orqali plevraning ishqalanish shovqini seziladi.

Shuningdek, kasallik 1-3 hafta davom etib tuzalishi yoki ekssudatli plevrit rivojlanishi mumkin. Uzoq davom etadigan quruq plevrit o‘pka yoki limfa tugunchalarida faol sil kasalligi mavjudligidan dalolat beradi. Quruq plevritni davolash choralari asosiy kasalliklarni (sil, zotiljam va boshqalar) davolashdan iborat bo‘ladi. Analgetiklar, yo‘talga qarshi dorilar beriladi.

Ekssudatli plevrit plevra pardalarining plevra bo‘shlig‘ida yallig‘lanish suyuqligi – ekssudat paydo bo‘lish bilan kechadigan kasallikdir. Ekssudat sifatiga ko‘ra seroz, fibrinoz, gemorragik, yiringli, xilyoz va aralash bo‘ladi. Plevra pardalari yallig‘lanib, ulardagi tomirlar devorining o‘tkazuvchanligi oshib, plevra bo‘shlig‘ining pastki yonboshlarida manfiy bosim ta’sirida ekssudat to‘planadi.

Ekssudat ko‘paya borgan sari o‘pkadagi havoni siqib chiqarib, uni zichlaydi, ko‘ks oralig‘idagi a’zolarni sog‘ tomonga suradi. Natijada o‘pka va yurak ishi yomonlashadi. Kasallik ba’zi hollarda asta-sekin, bazida birdan boshlanadi. Tana harorati 39-40oS gacha ko‘tarilishi, ko‘krak qafasida sanchiqli og‘riq bo‘lishi, qiynaydigan yo‘tal bezovta qila boshlaydi. Bemor majburiy holatda o‘tirishi (ekssudat ko‘p bo‘lganda), ba’zan kasallangan yonboshida yotganligi ko‘riladi.

Kasallik belgilari

Hansirash, ko‘karish, terlash, et junjikishi, behollik, ishtahasizlik, zaharlanish belgilari kuzatiladi. Ko‘krak qafasining kasallangan tomoni nafas olishda sust qatnashadi yoki ishtirok etmay, biroz ko‘tariladi. Ekssudat ko‘p bo‘lganda yurak sog‘ tomonga suriladi, faoliyati yomonlashib, tez uradi va qon bosimi pasayadi. EKGda miokarddagi o‘zgarishlarga xos belgilar qayd qilinadi.

Quruq va ekssudatli plevritlarni diagnostika qilish uchun shifokor maxsus usullar bilan tekshirib ko‘radi. Rentgen usuli bilan tekshirganda, qon, siydik tahlillarida o‘ziga xos va asosiy sababiga ko‘ra o‘zgarishlar topiladi.

Ekssudatli plevrit asosiy kasallikka bog‘liq ravishda 1,5-2 oy davom etadi, ba’zida plevra pardalari bir-biriga yopishib qoladi. Ekssudat juda ko‘p bo‘lganda (2,5-3 l) o‘tkir o‘pka-yurak va qon tomirlar yetishmovchiligi rivojlanib, bemor ahvoli keskin yomonlashadi. Ayrim hollarda plevritlar cheklangan, xaltalangan (diafragmal-ko‘ks-kostal) bo‘lib, chandiqlar hosil qilishi mumkin. Yiringli plevritlar juda og‘ir kechadi. Plevra bo‘shlig‘ini punksiya qilib, suyuqlik (ekssudat)ni olib tekshirib, kasallik sababini aniqlash kerak. Ekssudatli plevrit asosiy kasallikka qarab davolanadi. Muntazam ravishda ekssudatni punksiya yo‘li bilan olib, o‘rniga kerakli dorilar yuboriladi.

Bundan tashqari, kasallik qo‘zg‘atgan sababdan qat’i nazar yallig‘lanishiga qarshi, og‘riqni qoldiruvchi, sensibilizatsiyani kamaytiruvchi va yo‘talga qarshi dorilar qo‘llaniladi. Suyuqlik so‘rila borgan sari nafas olish gimnastikasi, massaj qo‘llaniladi. Umumiy quvvatlantiruvchi, simptomatik, zaharlanishni kamaytiruvchi dorilar, biostimulyatorlar beriladi. Yallig‘lanish jarayoni to‘xtagandan so‘ng mahalliy va maxsus kasalxonalarda davolash mumkin. Kasallik oqibati va mehnatga layoqat plevritlarga sabab bo‘lgan asosiy kasallikka, bemorning yoshiga, nafas olish va yurak-tomirlar a’zolarining ish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi. Bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat etib, to‘liq davolanib, tavsiya qilingan muolajalarga rioya qilsa, kasallikdan butunlay forig‘ bo‘ladi.

Sh. G‘afforov, tibbiyot fanlari nomzodi.

"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

 

Shamollash va grippda balg’am ko’chirish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Pulmoksoldir.

Pulmoksol bu – 30 mg/5 ml 150 ml sirop va bolalar uchun 15 mg/5 ml 150 ml sirop (o'lchov stakani bilan birgalikda)

Har 5 ml sirop tarkibi:

Faol modda: ambroksol gidroxloridi 15 mg; Yordamchi moddalar: benzoy kislotasi, sorbitol (70%), qulupnay essensiyasi, deionizatsiya qilingan suv.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/pulmoksol

Shamollash va grippda balg’am ko’chirish uchun qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Tonzilgon N, Rinoksil, Suprima bronxo, Ambroksol, Linkas va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Ushbu maqolani ham o'qing:
D vitamini haqida