Oligofreniya – bolalarda uchraydigan aqliy zaiflikdir. Uning sabablari: tug‘ruqning og‘ir o‘tishi, erta bolalik davrida o‘tkazilgan bosh miyaning og‘ir kasalliklari (meningit, ensefalit), bosh miya jaroxatlari va qarindoshlar orasida turmush qurish. Homilador ayol aminokislotalar, glyukoza, vitaminlar va mineral moddalarga boy bo‘lgan oziq-ovqatlarni yetarli darajada istyemol qilmasa ham aqliy zaif bola tug‘ilishi havfi oshadi. Homilador ayolni ruhan ezaverish ham ruhiy nosog‘lom bolaning dunyoga kelishiga sababchi bo‘ladi. Ba’zida oligofreniya sababini aniqlab bo‘lmaydi.

Belgilari

Aqliy zaiflik rivojlanayotganligi odatda bola 2-3 yoshga yetganda ma’lum bo‘lib qoladi. Chunki bolaning nutqi 1 yoshdan keyin chiqa boshlaydi. Ota-ona bolaning o‘z tengdoshlaridan orqada qolib borayotgani, quvnoq harakatlari yo‘qligi, tili kech chiqayotganiga e’tibor qaratadi. Masalan, bola 3 yoshga yetsa ham nutqi rivojlanmay qoladi, o‘yinchoqlarga qiziqmaydi, ruhiy faolligi o‘ta sust bo‘ladi. Bunday bolalarning aksariyati jismonan nimjon ham bo‘lishadi. Oligofreniyaning og‘ir turlarida bolaning boshi kichik bo‘lib, uni tik tuta olmaydi. Bola 5-6 yoshga yetganda aqliy zaiflik belgilari yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning xatti-harakatlari 3-4 yashar bolaga o‘xshaydi, ba’zilari o‘ta qaysar, yig‘loqi va o‘jar bo‘lsa, ba’zilari o‘ta shalpaygan bo‘ladi, o‘tirgan joyidan qimirlamaydi, o‘yin-kulgili voqealarga e’tibor qilmaydi. Oligofreniyaning yengil turlarida bola gaplashadi ham, uydagi ishlarni ham bajaradi, ust-boshiga ham e’tibor qiladi, biroq aqliy faollikni talab qiluvchi ishlarda ularning kasal ekanligi bilinib qoladi. Bunday bola bog‘cha va maktabdagi oddiy topshiriqlarni bajara olmaydi, oddiy qo‘shib-ayirishlarda juda qiynaladi, o‘rtoqlaridan “garang” degan laqabni o‘zlashtirib oladi, uni tengdoshlari kalaka qilib yuradi va o‘zlariga xizmatkor qilib qo‘yishadi. Shuning uchun ham oligforeniya bilan kasallangan bola doimo o‘zidan yosh bolalar bilan o‘ynashni xush ko‘radi. Bola necha yashar bolalar bilan o‘ynashiga qarab, uning aqliy rivojlanishdan necha yil orqada qolayotganini bilish olish ham mumkin.

Tashxis qanday qo‘yiladi?

Afsuski, ko‘p xollarda ota-onalar bola maktab yoshiga yetganda doktorma-doktor chopib yurishadi. Ko‘p hollarda bolaning aqliy rivojlanishdan orqada qolayotganligi bog‘cha opa yoki boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari tomonidan sezib qolinadi. Bunday paytlarda bog‘cha va maktabdagi psixologlar e’tiborli bo‘lishlari, bolani psixologik testlardan o‘tkazib turishlari lozim.

Davolasa bo‘ladimi?

Bola neyropsixolog yoki tibbiy psixolog ko‘rigidan o‘tkaziladi. O‘tkazilgan asab kasalliklarini aniqlash uchun nevropatolog ko‘rigi ham zarur bo‘ladi. Davolash muolajalari dori-darmonlar (glutamin kislotasi, lesitin, folat kislotasi, metionin, magniy va yod preparatlari), turli psixologik mashqlar va pedagogik usullar orqali olib boriladi. Bunday bolalar uchun turli sharoitlar yaratilgan maxsus maktablar mavjud. Ushbu maktablarda bolaning ruhiy va jismoniy salomatligini tiklash uchun maxsus pedagog va psixologlar faoliyat ko‘rsatishadi. Yaxshi natijaga erishish bir necha yillarni talab qiladi.

Eslab qoling!

Ko‘pchilik mendan “Nima uchun turli aminokislotalarni ko‘p tavsiya etasiz” deb so‘rashadi. Bosh miyada glutamin kislotasi, metionin, lesitin va folat kislotasi ishtirokisiz hech qanday aqliy jarayon kechmaydi. Bu dorilarni aqliy zaif bolalar vrach tomonidan tuzilgan maxsus sxema orqali oylab qabul qilishlari kerak. Ularning jigarga hech qanday ziyoni yo‘q, aksincha foydali. Epilepsiyaning ba’zi turlarida ham bora-bora aqliy zaiflik rivojlanish havfi bor. Chunki, tutqanoq xurujlari tez-tez kuzatilaversa, bosh miyada glutamin kislotasi zahirasi so‘na boshlaydi. Buning oqibatida aqliy zaiflik shakllanib boradi. Bu holatning oldini olish uchun tutqanoq xurujlarini to‘xtatuvchi dorilar bilan bir qatorda turli aminokislotalarni bemorga oylab berish talab etiladi. Vrachlarimiz buni aslo unutmasliklari lozim. Xotirani tiklovchi har qanday qimmat dorilar aminokislotalar o‘rnini bosa olmaydi. Bu yerda yod preparatlarini berishni ham esda tutish kerak. [su_note note_color="#e7e7e7"] [su_frame][/su_frame]Maqola professor Ibodullayev Zarifboyning "Asab va ruhiyat" kitobidan olindi. Mavzu yuzasidan professorga savollaringiz bo‘lsa, muallifning shaxsiy asab.uz saytida yozib qoldirishingiz mumkin. [/su_note]
Ushbu maqolani ham o'qing:
D vitamini haqida