Ko‘krak sutidagi gormonlar

Sut – sut emizuvchi hayvonlar va odam sut bezining sekreti. U qimmatli ozuqa hisoblanib, tarkibida organizm o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan hamma moddalar – oqsillar va aminokislotalar, moy va lipidlar, karbonsuvlar, vitaminlar, tuzlar va boshqalar bor.

XX asrning 30-yillaridayoq sutda gormonlar va boshqa biologik faol moddalar mavjudligi ma’lum edi. Bu sohadagi tadqiqotlar keyingi o‘n yillarda ayniqsa keng rivoj topgan bo‘lsa ham, sutdagi gormonlar va boshqa biologik faol moddalarning rivojlanayotgan organizm uchun fiziologik va patofiziologik mohiyati to‘la-to‘kis oydinlashtirilmadi.

Sutda qanday gormonlar topilgan? Topilgan gormonlarning miqdori qancha va bu miqdor qanday omillarga bog‘liq? Bu gormonlar yangi tug‘ilgan bola oshqozon-ichak yo‘llaridan qancha so‘riladi yoki o‘zgarishlarga uchraydimi, degan savollar tug‘iladi.

Hayvonlar sutida topilgan gormonlarning soni juda ham ko‘p.

Oqsil – peptid gormonlar. Sut ajralish, ya’ni laktatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy gormonlar – bu prolaktin. Prolaktinning sutdagi konsentratsiyasi taxminan qondagiga to‘g‘ri keladi. Lekin laktatsiya boshlanishida bu gormon qonga nisbatan ko‘p miqdorda to‘planadi. Sutdagi prolaktinni oshqozon ichak yo‘llariga ta’sir qilmaydi deb bo‘lmaydi. Laktatsiya somatotropin gormoniga ham bog‘liq. Emizuvchi onalarning sutida bu gormon ancha sezilarli miqdorda bo‘ladi. Sutda gipofiz gormonlaridan tireotropin, gonadotropin va kortikotropin borligi aniqlangan. Kortikotropin va tireotropin chaqaloq ichagida biologik faol shaklda so‘riladi va tegishli endokrin bezlariga ta’sir ko‘rsatadi. Sutda gipotalamusning rilizing gormonlari ham topilgan. Ayol sutida lyuliberin konsentratsiyasi qondagiga nisbatan 5 marta ortiq. Sutdagi lyuliberin gipotalamusda ishlanadigan lyuliberindan farq qilmaydi va ikkala gonadotrop gormonlar – lyutropin va follitropin ishlanishini chaqirishga qodir. Sutda tiroliberin va bombezin gormonlari ham topilgan. Ular oshqozon-ichak yo‘llarida gastrin va xolesistokinin ovqat hazm qilishda qatnashadigan moddalar ajralishiga yordam beradi, hatto ularning o‘rinlarini qoplashlari ham mumkin. Sutda insulin ham bor. Ayol sutida insulinning miqdori qonga nisbatan 4-8 marta ortiq. Ma’lumki, insulin nuklein kislotalar, oqsil, glikogen, lipidlar, ko‘p energiya beradigan makroergik birikmalar sintezini jadallashtiradi. Ayol sutida kalsitonin ham topilgan. Uning miqdori qondagiga nisbatan 10-40 barobar ko‘p. Sut bilan kiradigan kalsiyni chaqaloq organizmida kalsiy o‘zlashtirishda qatnashsa kerak degan ehtimollar bor. Sutda sezilarli miqdorda tireoid gormonlar – tiroksin va uning biologik faol shakli bo‘lmish trotodtironin mavjud. Sutdagi tireoid gormonlar chaqaloq ichagiga tushgandan so‘ng har xil organlar, ayniqsa, jigar va buyrakdagi modda almashinuv jarayoniga ta’sir ko‘rsatadi. Bu gormonlarning muhim nishonlaridan biri miya. Hamma sut emizuvchilar turida markaziy asab sistemasining yetilishida tireoid gormonlar katta o‘rin tutadi. Tireoid gormonlar bilan bir qatorda sutda bu gormonlarni bog‘laydigan oqsillar ham topilgan. Tiroksin bog‘laydigan oqsillar gormonni bir yerdan ikkinchi yerga tashishda va uning almashinuvida katta rol o‘ynaydi.

Sutdagi tireoid gormonlar, ularning mohiyati ustida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Bioximiya institutida akademik Yo. X. To‘raqulov rahbarligida samarali tadqiqotlar olib borilgan. Bunda ayollar va har xil hayvonlar sutida tireoid gormonlar miqdori taqqoslab o‘rganildi, bola tug‘ilgandan keyin uning organizmiga boshlang‘ich davrda sut bilan kiradigan gormonlar miqdori o‘lchandi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ayol suti o‘z tarkibida ko‘p miqdorda tireoid gormonlar tutar ekan va ularning katta ulushi triyodtironindan iborat ekan. Bu esa chaqaloqni tireoid gormonning biologik faol shakli bilan ta’min etishda katta o‘rin tutadi. Shu bilan birga sutdagi tireoid gormonlarning yangi tug‘ilgan bolada karbonsuvlar almashinuviga, endokrin sistemasining taraqqiyotiga ta’sir etishi ko‘rsatildi.

Shunisi qiziqki, sigir sutida va bolalarning sun’iy ovqatlarida tireoid gormonlar yo‘q ekan. Bu hol amaliy mohiyatga ega bo‘lib, bunday bolalar sun’iy ovqatining tarkibini tireoid gormonlar bilan to‘ldirish zarur bo‘ladi. Yana shunday xulosa chiqib keladi: yangi tug‘ilgan bolani dastlabki olti oy ichida ayol suti bilan boqish maqsadga muvofiqdir.

Steroid gormonlar. Laktatsiya boshlanishi uchun prolaktin, somatotropin va tireoid gormonlar kabi kortikosteroidlar ham zarur. Kortikosteroidlar prolaktinning sut ishlanishiga ta’sirini kuchaytiradi.

Sutda glyukokortikoidlarga kiradigan kortizol va kortikosteron topilgan. Bu ikki gormon sutda bir xil miqdorda bo‘lib, qondagi miqdordan farq qilmaydi. Sutda qondagi transkortinga o‘xshash kortikoid bog‘laydigan oqsil topilgan.

Ayol sutida oz miqdorda glyukokortikoidlar ham bor, lekin ular bola organizmidagi gormon miqdoriga ta’sir ko‘rsatmaydilar. Biroq sintetik kortikosteroidlar bilan davolangan onalar sutida bu gormonlar ko‘p miqdorda bo‘lishi mumkin va u ehtiyotlikni talab qiladi. Estrogenlar ham prolaktinning laktatsiya chaqirish xususiyatini kuchaytiradi. Lekin estrogenlarning sut ishlanishiga bevosita ta’sir etishi to‘g‘risida dalillar yo‘q. Taxminlarga qaraganda, tug‘ish oldidan estrogenlar miqdorining o‘zgarishi, prolaktin, somatotropin va kortikotropin ishlanishini jadallashtiradi, bular esa o‘z navbatida sut bezlarida sut ishlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Progesteron. Progesteron va estrogenlar lipidlarga moyil bo‘lgani uchun, glyukokortikoid gormonlardan farqli o‘laroq, sutning yog‘ fraksiyasida uchraydi. Sutda progesteron bog‘lovchi oqsil ham topilgan. Fiziologik sharoitlarda estradiolning qondan sutga o‘tish nisbati 10:1 ga teng.

Shunday qilib, tabiat ona va bola salomatligining “g‘amini yeb” qo‘ygan va qaysi vaqtda qanday gormonlar qaysi miqdorda bo‘lishini belgilagan. Lekin tabiatan belgilangan gormonlar nisbati sintetik gormonlar, ayniqsa kontratseptivlar (bo‘yida bo‘lib qolishning oldini oladigan dorilar) qo‘llash oqibatida buzilishi mumkin. Estrogenlar va progestinlar tuzilishiga yaqin bo‘lgan kontratseptivlar qondan sutga o‘tadi. Kontratseptivlar ishlatgan onalarning emizikli bolalarida ko‘krak bezlarining kattalashishi – ginekomastiya kuzatilgan.

Sutda melatonin gormoni ham bor. Sut melatonini bola epifizida ishlanishiga qadar tashqaridan keladigan manba hisoblanadi. Sut melatonini yangi tug‘ilgan chaqaloqning pigment almashinuviga ta’sir ko‘rsatadi. Sutda prostaglandinlar ham topilgan. Ular chaqaloqning ichagida ovqat hazm qilish jarayonlariga, shu jumladan ozuqa moddalarning ichak devorida shimilishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shunday qilib, yangi tug‘ilgan bolalar ona suti bilan hammasi bo‘lmasa ham, gormonlarning juda ko‘pini iste’mol qilar ekan. Tug‘ilgandan keyingi dastlabki (neonatal) davrida ichak devoridagi to‘siqdan faqat peptid gormonlar emas, hatto oqsil tabiatli gormonlar ham bemalol o‘tib, o‘ziga xos ishlarni bajaradilar. Bu ishning bajarilishida albatta, ichak devorlarining gistologik tuzilishi, u yerdagi proteolitik fermentlarning ingibitorlari mavjudligi qo‘l keladi.

Ayol sutidagi proteolitik fermentlar ingibitori sut tarkibidagi oqsil va peptid tabiatli gormonlarning parchalanib ketmasligini ta’minlaydi va shu yo‘sinda bola rivoji uchun zarur bo‘lgan biologik faol moddalarni yetkazib beradi.

O‘SISH JARAYONIDA GORMONLAR O‘RNI

Tirik materiyaning asosiy xususiyatlaridan biri o‘sish, ya’ni tashkil topgan hujayralar sonining ko‘payishidir.

O‘sish bilan birgalikda u bilan uzviy bog‘langan rivojlanish jarayoni o‘tadi. Bu jarayonda sifat o‘zgarishlarning katta bir yig‘indisi yuz beradi, ya’ni to‘qima va a’zolarda farqlanish (differensirovka) va shakllanish ro‘y beradi, organizmning ayrim qismlari orasida yaqindan aloqa barpo etiladi, neyro-gormonal idora va tashqi muhit bilan munosabatlar takomillashadi. Organizmning o‘sishi tuxum hujayraning urchigan paytidan to voyaga yetguncha faol davom etadi. Odamda o‘sish 22-25 yoshda to‘xtaydi.

Odam bo‘yining o‘sishi hamma davrda bir tekis o‘tmaydi. Tug‘ilgandan so‘ng birinchi yili bola tez o‘sadi, bo‘yi 50 foizga uzayadi, og‘irligi esa uch barobar ortadi. Bu o‘sishdagi birinchi keskin o‘zgarish. So‘nggi yillarda to balog‘atga yetguncha o‘sish sekinroq va nisbatan bir xil tarzda boradi.

O‘sishda ikkinchi keskin o‘zgarish balog‘atga yetish davrida yuz beradi. O‘sish tana qismlari nisbatining o‘zgarishi bilan davom etadi. Yangi tug‘ilgan bolaning boshi va tanasi nisbatan katta, oyoq-qo‘llari kalta bo‘ladi. Yosh kattalashishi bilan boshning o‘sishi sekinlashadi, oyoq-qo‘llarniki esa, aksincha, tezlashadi, balog‘atga yetish davrida tana shaklida va ayrim qismlarning nisbatlarida jinsiy farqlar paydo bo‘ladi.

Yuqorida aytilganidek, o‘sishning asosini, hujayralar sonining ko‘payishi va hajmning kattalashishi tashkil qiladi, hujayra sonining ko‘payishi giperplaziya, hajmi kattalashishi gipertrofiya nomi bilan yuritiladi. Lekin tananing umumiy o‘sishida yetakchi rolni skeletning kattalashishi o‘ynaydi. Shuni aytish kerakki, sog‘lom kishida tananing katta bo‘lishi ma’lum darajagacha bo‘lib, u kishining irsiyatiga bog‘liq.

Hujayraning o‘sish va ko‘payishiga bo‘lgan qobiliyat DNK ning replikatsiyasiga – qayta ko‘payishiga bog‘liq. Xususan DNK replikatsiyasi va hujayra bo‘linishi hisobiga giperplaziya kelib chiqadi. Hujayra gipertrofiyasi oqsillar ko‘payib ketishi hisobiga bo‘ladi, lekin mutanosib ravishda hujayrada DNK ko‘paymaydi. Shunday qilib, o‘sish o‘zagini irsiy belgilangan nuklein kislotalar va oqsillar sintezi tashkil qiladi. Bu asosiy biologik jarayonlarning qudrati katta, ya’ni bu jarayon cheksiz. Lekin ular ma’lum idora etuvchi ta’sirlarga bo‘ysundirilgan.

Hujayralar bo‘linishini idora qilish filogenezning dastlabki bosqichlaridayoq paydo bo‘lgan. Bunday idora hujayradagi mitotik faollikni oshiruvchi yoki cheklovchi kimyoviy moddalar hosil qilish orqali olib boriladi. Lekin yuqori darajada rivojlangan organizmlarda, ayniqsa odamda, o‘sishni va taraqqiyotni idora qilishda neyroendokrin sistemasi katta o‘rin tutadi va u tashqi muhitning ko‘p qirrali ta’siri o‘tishida vositachilik qiladi.

O‘sishga ta’sir qiladigan asosiy gormon somatotropin hisoblanadi. Lekin o‘sish jarayonining plastik va energetik jabhalarini ta’min qilishda bu gormonning bir o‘zi yetarli emas. Buning uchun somatotropindan tashqari insulin, tireoid va jinsiy gormonlar ham kerak. Skelet shakllanishi uchun kalsitonin va paratgormon kerak. Yana somatotropinga qarshi ishlaydigan gormonlar, xususan glyukokortikoidlar ta’sirini ham nazarda tutish kerak. Hayotning har xil bosqichida bu gormonlarning miqdoriy munosabatlari bir xil emas. Chaqaloqlik vaqtida 1-3 yoshlik davrlarida o‘sishni jadallashtiradigan asosiy endokrin omillar safiga somatotropin, tireoid gormonlar va insulin kiradi. Ikkinchi yoshlik davrning oxirlaridan boshlab va o‘spirinlik yillari bu gormonlar qatori yuzaga jinsiy gormonlar ta’siri ham chiqadi. Kichik bolalarda o‘sishning gormonlarga bog‘liq bo‘lgan buzilishlari ko‘pincha adenogipofizda somatotropin ishlanishi buzilishi va tireoid gormonlarning yetishmovchilik oqibatida kelib chiqadi. O‘spirinlarda o‘sishning kechikishi ko‘pincha balog‘atga yetishning kechikishi bilan bog‘liq.

Ma’lumki, bolalar va o‘spirinlar skeletining tarkibida tog‘ay to‘qimalar kattalarga nisbatan ko‘p. O‘sish bilan, ayniqsa balog‘atga yetgandan so‘ng suyakda kalsiy tuzlari to‘planadi. Naysimon suyaklarning epifizar qismida joylashgan tog‘ay somatotropin ta’siriga juda sezgir. Bu gormon ta’sirida epifizar qismida yangi to‘qimalar hosil bo‘ladi va shuning hisobiga naysimon suyaklar uzayadi. Ayni vaqtda somatotropin ta’sirida yumshoq biriktiruvchi to‘qima hosil bo‘lishi faollashadi. Bu albatta, tez o‘sayotgan skelet qismlarini bir-biri bilan mustahkam bog‘lash va ko‘payayotgan mushak to‘qimasiga moslashtirish uchun juda muhimdir.

Somatotropin mushaklar va parenimatoz a’zolar (jigar, buyrak) rivojlanishiga ham jadallashtiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Somatotropinning oqsil sinteziga bo‘lgan ta’siri qanchalik qudratliligini gipofiz kasalligi tufayli yuzaga chiqqan gigantizmda yaqqol ko‘rish mumkin. Bu kasallik somatotropin ishlaydigan gipofiz oldi qismida shish paydo bo‘lishining oqibatidir. Endokrinologiya tarixida ma’lum bo‘lgan beqiyos misol bu “alton gigati”, tug‘ilishida uning katta-kichikligi odatdagidan farq qilmagan. Lekin 6 oylikdan boshlab bola juda tez o‘sa boshlagan, 1 yoshga borib 24 kg og‘irlikka ega bo‘lgan, 22 yoshida esa bo‘yi 248 sm bo‘lib, og‘irligi 180 kg ga yetgan.

«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*