Kalsiy tanqisligi: xavf va alomatlar

Organizmdagi tizimlarning normal faoliyati uchun bizga bir qator vitaminlar va foydali elementlar zarurligiga shubhamiz yo‘q. Ammo ko‘p holatlarda biz ushbu faktga unchalik ahamiyat bermaymiz va barcha zarur moddalarni oziq-ovqat mahsulotlaridan olish mumkin deb hisoblashda davom etamiz. Zamonaviy shaharlar ekologiyasi, irsiy moyillik va boshqa omillarni e’tiborga olmagan holda, aksariyat vaziyatlarda o‘zimiz foydali moddalar tanqisligi va buning oqibatida og‘ir xastaliklarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lamiz. Bugungi hikoyamizni eng og‘ir hodisalardan biri — organizmdagi kalsiy yetishmovchiligiga bag‘ishlaymiz.

Kalsiy tanqisligining belgilari.

Suyaklarning mo‘rtligi va ulardagi og‘riqlar kalsiy yetishmovchiligining yaqqol belgilaridan biri hisoblanadi. Agar siz yiqilib, unchalik jarohat olmasdan oyog‘ingiz yoki qo‘lingizni sindirgan bo‘lsangiz — bu ham kalsiy tanqisligi alomati.

Tirnoqlar, sochlarning sinuvchanligi, tish kasalliklari (maydalanishi, emalda yoriqlar paydo bo‘lishi) ham organizmdagi kalsiy yetishmovchiligidan darak beradi.

Kalsiy tanqisligi asab tizimida tez achchiqlanish, toliqib qolish, behalovat holatlar ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin. Agar sport bilan shug‘ullanishni yoqtirsangiz, tez-tez tomir tortishishiga kalsiy yetishmovchiligining belgisi sifatida e’tibor qarating. Tomirlarning zaifligi, gipertoniya, yuz asab tolasining falajlanib qolishi va hatto muddatidan oldin soch oqarishi ham kalsiy tanqisligining belgilari bo‘lishi mumkin.

Bolalardagi kalsiy tanqisligi.

Kalsiy moddasi yetishmovchiligi ayniqsa bolalar uchun xavfli. Ushbu elementning organizmga meyorida tushishi nafaqat suyaklarning, balki butun organizmning normal o‘sishi va rivojlanishini ta’minlaydi. Kichik yoshda kalsiy tanqisligining paydo bo‘lishi keyinchalik parishonlik sklerozi kabi xastaliklarga olib kelishi shubhasiz.

Bolalarda kalsiy moddasining yetishmovchiligi suyaklar va tishlar shakllanishidagi buzilishlarni, ko‘z gavharidagi patologik o‘zgarishlarni, asab tizimidagi buzilishlarni, ta’sirchanlikni va tomir tortishishlarini keltirib chiqaradi. Bolalardagi kalsiy tanqisligi tufayli yuzaga keladigan eng xavfli holatlardan biri — bu qonning yomon ivish xususiyatidir.

Ma’lumki, bolalar juda harakatchan bo‘ladi. Shu bois tez-tez mayda jarohatlar va yaralarga duch kelishadi. Bu holda qonning yomon ivish xususiyati fojiali rolni o‘ynashi ham mumkin.

Organizmdagi kalsiy yetishmovchiligini qanday to‘ldirish mumkin?

Birinchi navbatda tarkibida kalsiy moddasi va uning o‘zlashtirilishini yaxshilaydigan elementlardan iborat vitaminli kompleksni tanlash lozim bo‘ladi. Masalan, kalsiy moddasi D vitaminisiz yomon o‘zlashtiriladi. Buni kattalar uchun ham, bolalar uchun ham vitaminlarni tanlashda inobatga olish zarur. Kaltsiy bilan birga fosfor ham zarur — aynan shu modda kalsiy bilan birga suyaklarimizga boradi va ularni mustahkamlaydi. Agar kalsiy tanqisligi yallig‘lanish xastaliklariga olib kelgan bo‘lsa, unga magniy moddasini qo‘shish lozim.

Agar siz kalsiy tanqisligini to‘ldirishga qaror qilgan bo‘lsangiz, albatta tarkibida kalsiy moddasi mavjud bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlariga e’tibor qiling.

Kalsiy

Kalsiy moddasi qaysi mahsulotlarda ko‘p?

Birinchi navbatda bu sut va qatiq mahsulotlari: qatiq, tvorog, yog‘i kam qaymoq, yogurtlar. Kaltsiy yetishmovchiligi alomatlari sezilganda ularni har kuni iste’mol qilish lozim. Ayniqsa gipokaltsemiyaga moyil uchta guruh — bolalar, homilador ayollar va keksa kishilar — har kuni yuqoridagi mahsulotlarni tanovul qilishlari kerak.

Baliq mahsulotlari tarkibida ham ko‘p miqdorda kalsiy mavjud. Xususan, ushbu holatda losos va sardina baliqlarini iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Va albatta, kalsiy moddasi o‘simlik mahsulotlarida bor, ayniqsa unga salatga ishlatiladigan sabzavotlar (selderey, karam, bargli salat) va ko‘katlar boy. Turli urug‘lar va yong‘oqlar ham kalsiy moddasiga boy. Tuxum ajoyib kalsiy manbai hisoblanadi.

Agar siz kalsiy yetishmovchiligini mahsulotlar yordamida to‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, ushbu moddaning o‘zlashtirilishiga xalaqit beruvchi ba’zi omillarga e’tibor qaratishingiz lozim bo‘ladi.

Birinchi navbatda, bu yog‘. Agar so‘z bolalarda kalsiy yetishmovchiligi haqida ketayotgan bo‘lsa, unda bunga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi, chunki yog‘ kalsiy bilan erimaydigan birikmalarni hosil qiladi, ular esa ichakda so‘rilmaydi. Kattalar tarkibida kalsiy moddasi mavjud mahsulotlar qancha yog‘li bo‘lsa, ulardagi kalsiy miqdori ham shuncha kam bo‘lishini bilib qo‘yganlari ma’qul.

Shuningdek ba’zi moddalar organizmdan kalsiyni tezda chiqarib yuborishini ham inobatga olish zarur. Agar siz gazli ichimliklarni , masalan koka-kolaga o‘xshagan ichimliklarni yaxshi ko‘rsangiz, kalsiy tanqisligini to‘ldirish uchun faqat oziq-ovqat mahsulotlarining o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Gap shundaki, ushbu ichimlik tarkibida kalsiyni siydik bilan birga chiqarib yuboradigan moddalar mavjud.

Kichkintoylarga ham tarkibida biriktiruvchi to‘qimalari ko‘p mahsulotlar, nordon mahsulotlar va shokolad tavsiya etilmaydi. Ularning barchasi kalsiyning organizm tomonidan o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiladi va bolalarda kalsiy tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin.

Demak, yuqorida qayd etilganlardan xulosa qilish mumkinki, kalsiy yetishmovchiligini to‘ldirish uchun kalsiy moddasiga, yaxshi vitaminlarga boy mahsulotlarga asoslangan oqilona parhez hamda ushbu moddalarning o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiluvchi ba’zi mahsulotlar iste’molini cheklash zarur.

Chaqaloqlardagi kalsiy yetishmovchiligini to‘ldirish uchun emizadigan onaning o‘zi parhez tutishi kerak. Shu tariqa u nafaqat farzandini bu muammodan xalos etadi, balki homiladorlik paytida yo‘qotganlarini ham to‘ldirib oladi.

Agar o‘zingizda kalsiy yetishmovchiligining alomatlarini sezsangiz, avvalo shifokor bilan maslahatlashing. U sizga to‘g‘ri ratsionni tanlashga yordam berib, qo‘shimcha ravishda kalsiy preparatlarini tayinlaydi. Bu ishga maslahatsiz qo‘l ursangiz, organizmda kalsiy moddasining oshib ketishiga zamin yaratishingiz mumkin. Esingizda bo‘lsin, bu holat ham organizm uchun xavfli.

1 ta savol

  1. Salom qizalogim 10oylik bizga xam kalsiy kamayishi tashxis qoyilgan qancha muddatta yaxshi bdi

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*