“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (13-qism)

MЕN NIMANI “TASHLAYAP­MAN?”

Aynan qo‘rquv chekishni to‘xtatishimizga to‘sqinlik qiladi. Sigaretasiz huzur-halovatdan mahrum bo‘lib qolishni, stressdan qutula olmaslik yoki diqqatni jamlashga qiynalishimizni o‘ylab qo‘rqamiz. Holbuki, bu fikrlarning bari bizga majburan singdirilgan. Biz esa sigaretani zarurat, ehtiyoj sifatida qa­bul qilamiz, usiz ichimizda allaqanday bo‘shliq paydo bo‘lishidan cho‘chiymiz.

Inson vujudi – sayyoramizdagi eng murakkab obyekt. Afsuski, tanamizda sigaretaning zaharidan asrab qoluvchi filtr yoki shunga o‘xshash narsa yo‘q. Lekin organizm nikotindan ozor chekayotganini bildirib yo‘tal, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi ko‘rinishida signallar yuboradi. Biz, xom sut emgan bandalar esa bu qanday signallar ekanini bilganimiz holda, ularga e’tibor bermaymiz.

Sigareta ovqat ta’mini yaxshilamasligi aniq. Chekish sabab ta’m va hid bilish sezgimizga putur yetadi. Restoranga kirganingizda chekuvchilarni kuzatganmisiz? Ular ovqatdan lazzat olmaydi, koshki tushlik tezroq tugasa-yu sigareta tutatsa. Ba’zilari esa sigareta tutuni chekmaydiganlarga yoqmasligini bilsa, ham cheka boshlaydi. Bu ularning e’tiborsizligini bildirmaydi, albatta. Ular shunchaki sigaretasiz turolmaydigan bo‘lib qolgan. Ularning holatini o‘t bilan suv orasida qolgan odamning ahvoliga qiyoslash mumkin. Ro‘parada atigi ikki imkoniyat: chekishdan tiyilib, o‘zlarini baxti qaro his qilish yoki sigareta atrofdagilarga yoqmasligini bilgan holda chekib, o‘zlarini aybdor his qilish.

Chekuvchilar nafaslaridan eski kuldonning hidi kelishini bilishsa-da, xavotirga tushishmaydi. Ularning ko‘pchiligi sochiga, ki­yim­lariga o‘rnashib qolgan hidni yoqtirmaydi, biroq chekishni to‘xtatish kerakligi borasida fikr yuritishmaydi. Chunki ularning inon-ixtiyori o‘zida emas, cho‘ntaklariga solib olgan sigaretada.

Ayniqsa, do‘stona o‘tirishlarda sigareta qanchalar noqulayliklarga sabab bo‘ladi! Tasavvur qiling: bir qo‘lingizda qadah, ikkinchisida sigareta. Dam-badam kulini kuldonga to‘kib turibsiz. Ayni payt­da suhbatdoshingizning betiga qarab tutun puflashdan iymanasiz, sap-sariq tishlaringiz ko‘rinib qolmasin, deb xijolatga tushasiz.

Chekishni to‘xtatishga qaror qilgan chekuvchilar bor diqqat-e’tiborni salomatlik, pul topish va mavqelarini ko‘tarishga qaratmoqchi bo‘lishadi. To‘g‘ri, bular juda muhim va asosli masalalar. Biroq fikrimcha, chekishni to‘xtatish bilan qo‘lga kiritiladigan afzalliklarga psixologik nuqtai nazardan yondashish lozim:

Odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchi tiklanadi.

Chekuvchi qulga xos qaramlikdan qutuladi.

Endi hech kim chekkaningiz uchun sizdan o‘zini olib qochmaydigan, ijirg‘anmaydigan bo‘ladi. Bunday holatlar tufayli esa ko‘pincha kashanda o‘zini o‘zi yomon ko‘rib qoladi.

Sigaretaga qaramlikdan qutulgan odam o‘zini baxtliroq his qilishiga va hayotdan ko‘proq lazzat olib yashashiga shubha yo‘q. Bunday huzur-halovat hamda nikotindan ozod bo‘lishni kashandalar ko‘p-da tasavvur qila olmaydilar. Qaram bo‘lmay yashash qandayligini yaxshiroq tushunishingiz uchun misol keltiraman. Tasavvur qi­ling, yuzingizga uchuq toshdi. Men sizga surtma surtishni taklif qilaman. O‘sha surtma sizni sanoqli daqiqalardayoq uchuqdan xalos qildi. Quvonishingiz tabiiy. Ammo bir haftadan keyin yana uchuq toshdi. “Surtmadan bormi?” deya so‘raysiz. “Idishi bilan olaqoling, – deyman men. – Kerak bo‘lib qolar”. Surtmani surtishingiz bilan uchuq yo‘qoladi, bir haftadan keyin esa tag‘in eski holat. Har safar uchuq ko‘proq toshadi va ko‘proq azob beradi. Siz boshqa vositalarni qo‘llab ko‘rasiz – foydasi yo‘q. Faqat sehrli surtmagina joningizga oro kiradi. Endi siz unga butkul bog‘lanib qoldingiz. Ko‘chaga chiqishdan oldin “Surtmani oldimmi?” degan xavotir sizni bezovta qiladi. Men surt­maning narxini oshiraman – har biri 100 dollardan. Sizda esa tanlash imkoniyati yo‘q…

Keyinroq gazetaning tibbiyot sahifasida bu surtma uchuqni davolamasligi haqida o‘qib qolasiz. Dorishunoslarning ta’kidlashicha, surtma uchuqni teri ostiga yashirishdan boshqasiga yaramas ekan. Uchuqning urchib ketishiga aynan mana shu “dori” sababchi va darddan xalos bo‘lish uchun undan voz kechishingiz kerak.

Xo‘sh, shundan keyin ham surtmadan foydalanaverasizmi? Uni ishlatmaslik uchun irodangizni ishga solishingiz kerakmi? Balki gazetadagi maqolaga ishonmassiz. Bir necha kun ikkilanib yurganingizdan keyin uchuqlarning kamayayotganini sezasiz va o‘sha zahotiyoq sizda surtmadan foydalanishga ehtiyoj ham, istak ham qolmaydi. Siz muammoning yechimini topolmay qiynalayotgan edingiz, mana, topildi. Uchuq umuman yo‘qolishi uchun hatto bir yil ketsa ham, kundan-kun ahvolingiz yaxshilayotganidan xursand bo‘lasiz. “Axir bu mo‘’jiza-ku!” degan o‘y xayolingizdan o‘tishi tabiiy.

Hayotimdagi oxirgi sigaretani o‘chirayotib xuddi shunday mo‘’jizaga guvoh bo‘lgan, hassasini topib olgan ko‘r singari quvongan edim. To‘g‘ri, uchuq – bu o‘pka saratoni yoki qon tomirlar sklerozi emas, emfizema, stenokardiya, astma, bronxit, yurak xastaligi ham emas. Aqlli odam surtma olishga minglab funt sterling sarflamaydi, og‘zidan noxush hid kelishi, tishlari bir umrga sarg‘ayishi, hushtaksimon nafas olib, tinimsiz yo‘talishi uchun pul to‘lamaydi. Eng katta muammo shuki, chekuvchilarni ana shu dalillarni bila turib, ulardan ko‘z yumishadi. Ular nimadandir mahrum bo‘lishdan qo‘rqib (huzur qilolmaslik yoki stressdan qutulolmaslikni o‘ylab) sigareta tutatishadi. Bu qo‘r­quv, sarosima chekuvchining irodasizligi yoki sigaretaning sehrli xususiyati tufayli kelib chiqmagan. U chekuvchi ilk bor sigareta chekkanida paydo bo‘lgan va chekkani sayin kuchayavergan. Shu tariqa kashandalar o‘zlarini tuzoqqa ilintirishadi va chekishlarini oqlash uchun turli-tuman bo‘lmag‘ur bahonalar o‘ylab topishadi.

Vaholanki, sigaretaga qaram bo‘lmaslik, OZOD BO‘LISH QANCHALAR AJOYIB!

1 ta savol

  1. men 2 jildan beri shegip qoyaberemende bilmedim ol nashema ya adetge aylanganba oni qalay qoysaq boladi

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*