O`zingni angla

MAQOLALAR

ico
Qora oqsoqdan saqlaning ( Brutsellyoz )

Qora oqsoq (brutsellyoz) — turli xil yuqish yo‘llariga ega bo‘lgan, keng tarqalgan polietiologik, zooantroponoz, o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. U organizmning bir qancha, asosan tayanch-harakat a’zolarining hamda asab tizimining shikastlanishi, vujudning zaharlanishi va allergiyaning namoyon bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Shuningdek, infeksion jarayonning rivojlanishi, aksariyat hollarda surunkali kechishi, ko‘p hollarda, keyinchalik bemorlarda nogironlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Xastalikni brutsellalar guruhiga mansub bak­teriya­lar paydo qiladi. Mayda shoxli mollardagi qora oqsoq qo‘zg‘atuvchisi odam uchun yuqori patogen hisoblanadi. Qo­­ramollardagi esa nisbatan yengil klinik ko‘rinish­da­gi dardni yuzaga chiqarishi mumkin. Cho‘chqalardagi qo‘z­­­­­g‘atuvchi kamdan-kam hollarda kasallikka sababchi bo‘ladi. It, cho‘l va butazorlarda yashovchi kalamushlarda ham brutsellyozni chaqiradigan turlari bor.
Odam uchun kasallik manbai yirik va mayda shoxli hay­­vonlardir. Qora oqsoq qo‘zg‘atuvchisi organizmga og‘iz, burun, ko‘z shilliq pardalari, jinsiy a’zolar va hi­­­moyalanmagan teri orqali kira oladi. Kasal hay­von­­larni tug‘dirishda qatnashgan odamlarning zarar­la­nish xavfi juda yuqori. Ko‘pincha himoyalanmagan (qo‘l­qopsiz) qo‘l bilan hay­von terisini ajratib olish va unga qayta ishlov berish paytida kasallik yuqadi.
Davolanishni kech boshlash tufayli kasallik su­run­kali holatga o‘tib, yillab davom etishi kuzatilgan. Na­­tijada odam uzoq vaqtgacha ish qobiliyatini yo‘qotib, umrining oxirigacha nogiron bo‘lib qoladi.
Kasallikning oldini olish uchun chorva mollari saq­lanadigan molxonalarni ozoda saqlash kerak. Hay­vonlar boqilgan joy, ularga ishlatilgan asbob-us­ku­nalarni za­rarsizlantiruvchi vositalar bilan himoya­lash lozim. Hayvonlarga yordam berishga ki­rishgan kishi o‘ziga dard yuqtirmaslik uchun shaxsiy gi­giyena va maxsus kiyim­lar­dan foydalanishi zarur. Chor­vachilik ishlari bilan shu­g‘ullanadigan in­sonlar, albatta, o‘zlarini qora oqsoq ka­salligiga tekshirib tu­­rishlari shart. Go‘sht va sut mah­su­lot­larini yaxshilab qaynatib, so‘ngra is­te’mol qi­ling. Belgilanmagan joy­lar yoki qo‘lda sotilayotgan sut, qaymoq va boshqa tur­dagi sut mahsu­lot­larini xarid qil­maganingiz ma’qul.

[divider]

[highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]

ico
Angina: kasallik belgilari, sababi va davolash usullari
Ko‘pchilik angina kasalligi bilan tez-tez og‘rib turadi. Ayniqsa, bu holat bolalarda ko‘p kuzatiladi. Biroq ayrim hollarda bu kasallik bilan kattalar ham og‘riydi. Shunday vaziyatda ota-onalar «Shu anginasini oldirib tashlasak-chi?» — deb o‘ylanib qolishadi. Ayrim ota-onalar esa «Or­ganizmda keraksiz narsaning o‘zi yo‘q», degan fikr bilan farzandidagi angina kasalligini davolatishga urinishadi. angina Bugungi suhbatimiz barchaga yaxshi tanish angina kasalligi to‘g‘risida. Angina qanday kasallik? Bu kasallik nimasi bilan xavfli? Anginani olib tashlash kerakmi yoki yo‘qmi? Shular haqida suhbatlashamiz.

Ma’lumot o‘rnida…

Angina yuqumli kasallik bo‘lib, bunda tomoq bezlari yallig‘lanadi. Kasallik turli-tuman mikroblar tomonidan chaqiriladi. Kasallikning kelib chiqishiga sovqotish turt­ki bo‘ladi. Ayrim hollarda muzqaymoq yeyish, chang havoda, tamaki tutunidan nafas olish, spirtli ichimliklarni qabul qilish ham angina kasalligining qo‘zg‘alishiga olib keladi. Ba’zi odamlar yiliga bir necha marta angina kasalligi bilan xastalanishadi. Ular bu kasallikka juda moyil bo‘lishadi. Shu bois ularda angina kasalligi surunkali turga o‘tadi. Bu holat juda xavfli hisoblanadi. Chunki angina asoratlari bilan inson sog‘ligiga katta muammo tug‘diradi. Aynan angina revmatizm, yurak nuqsoni, asab tizimi kasalliklari, buyraklar kasalliklarini keltirib chiqaradi. Ayrim shifokorlar anginani davolashning eng optimal usuli operativ davo, deb hisoblashadi. Qolgan shifokorlar esa tomoq bezlari immunitet shakl­lanishida muhim rol o‘ynaydi, shu bois uni olib tashlash kerak emas, degan g‘oyani ilgari surishadi.

Tomoq bezlari nima uchun kerak?

Tomoq bezlari — bu tomoqdagi limfa bezlaridan iborat halqa bo‘lib, organizmni himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Havo orqali tushadigan katta miqdordagi mikrob­lar birinchi navbatda tomoq bezlariga o‘tiradi. Shu bois bezlar tez yallig‘lanadi.

Angina kasalligi qaysi belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

  • Tomoqda og‘riq;
  • Tomoqning qurishi va qichishi;
  • Isitma;
  • Nafas olishning qiyinlashishi;
  • Injiqlik;
  • Bezovtalik;
  • Yutinishning qiyinlashishi.

Tomoq bezlari qachon olib tashlanadi?

Tomoq bezlari yallig‘lanishi bilan bu holat operatsiyaga ko‘rsatma hisoblanmaydi. Quyidagi hollarda tomoq bezlari operativ usulda olib tashlanadi:
  • Bolaning yiliga to‘rt martadan ziyod angina kasalligi bilan kasallanishi;
  • Angina bilan tez-tez kasallanish natijasida surunkali tonzillit kelib chiqishi;
  • Angina kasalligi natijasida or­ganizmda yiringli jarayonlar rivojlanishi;
  • Tomoq bezlari haddan ziyod kattalashib, nafas olishiga to‘s­qinlik qilsa;
  • Konservativ davo samarasiz bo‘lsa;
  • Ichki a’zolar tomonidan asoratlar kuzatilishi: buyraklar, bo‘g‘imlar, yurak, o‘pka va b;
  • Immunitetning keskin tushib ketishi.

Operatsiya qaysi hollarda o‘tkazilmaydi?

Angina kelib chiqmasligi uchun nimalar qilish lozim?

Tomoq bezlari organizm uchun kerakli a’zo hisoblanib, ularni iloji boricha olib tashlamaslik kerak. Aynan tomoq bezlari immunitet shakl­lanishida muhim rol o‘ynaydi. Agar organizm immuniteti past bo‘l­sa, tomoq bezlari yallig‘lanishining qo‘zg‘alishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, tomoq bezlari va immunitet bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Angina kelib chiqmasligi uchun quyidagilar tavsiya etiladi: Chiniqtiruvchi muolajalar; Jismoniy faollikni oshirish; Chekishdan voz kechish; Spirtli ichimliklarga ruju qo‘ymaslik; Vitaminlar va mikroelementlarni yetarlicha qabul qilish; Organizmning sovqotishiga yo‘l qo‘ymaslik; Muzqaymoqni yosh bolalarga iloji boricha bermaslik.

Bu kasallikka kimlar mo­yil hisoblanadi?

  • Sun’iy ovqatlantirishda bo‘l­gan bolalar;
  • Raxit, qizamiq, skarlatina bilan kasallangan bolalar;
  • Ekssudativ diatez bilan og‘rib yuruvchi bolalar;
  • Og‘iz bo‘shlig‘ida karioz tishlari mavjud bolalar;
  • O‘RVI bilan tez-tez og‘rib yuruvchi bolalar;
  • Burun to‘sig‘i qiyshaygan odamlar;
  • Tomoq bezlari kattalashgan bolalar va b.

Xalqona usullarda uy sharoitida bolalarga yordam berish mumkinmi?

Albatta. Quyidagi usullar yordamida kuchsiz namoyon bo‘lgan angina belgilarini bartaraf etish mumkin:
  • Moychechak damlamasi bilan tomoqni chayish;
  • Na’matak damlamasini ichirish;
  • Issiq limonli choy ichirish;
  • Limon choyga asal solib ichirish;
  • Tomoqni 2 % yod eritmasi bilan chayish.

Fizioterapiya muolajalari bemorlarga yordam beradimi?

Fizioterapiya muolajalari ham bemorlarga yordam beradi. Buning uchun boladagi o‘tkir jarayon pasaygach, bolada isitma va boshqa belgilar bo‘lmasa, ya’ni bemor tuzalish jarayonida fizioterapiya muolajalari buyuriladi:
  • Ultrabinafsha nurlar bilan davolash;
  • Ultra yuqori chastotali nurlar bilan davolash;
  • Mikroto‘lqinli terapiya.

Zudlik bilan operatsiyani talab qiluvchi holatlar

Quyidagi hollarda bolada kechiktirmasdan operativ davo buyuriladi:
  • Teri oqarib ketishi;
  • Og‘izdan badbo‘y hid kelishi;
  • Muntazam kuzatiluvchi bosh og‘riqlar;
  • Limfa tugunlarining doimiy ravishda kattalashib turishi;
  • Bo‘g‘imlarda og‘riq kuzatilishi;
  • Holsizlik kuzatilishi;
  • Tez charchash.
Tomoq bezlarini olib tashlash bo‘yicha o‘tkaziladigan operatsiyalar ikki turga bo‘linadi 1. Tonzillotomiya. Tomoq bezlarini qisman olib tashlash. Bu operatsiya tomoq bezlari haddan ziyod kattalashib ketganda o‘tkaziladi. 2. Tonzillektomiya. Tomoq bezlari atrofidagi yondosh to‘qimalar bilan birga to‘liq olib tashlanadi. Bu operatsiya turi surunkali tonzillit va uning asoratlari kelib chiqqanda qo‘llaniladi.

Operatsiya qanday o‘tkaziladi?

Operatsiya mahalliy anesteziya ostida o‘tkaziladi. Operatsiyadan so‘ng qat’iy yotoq rejimi buyuriladi. Shundan so‘ng 3-6 kun davomida bir xil re­jim tavsiya etiladi. Operatsiyadan so‘ng 14-15 kun davomida jismoniy zo‘riqishlar man etiladi.

Operatsiyadan so‘ng bemorlarni parvarish qilish

Ikki hafta davomida issiq taomlar qabul qilinmaydi; Ikki hafta davomida qovurilgan, achchiq, ziravorli, dudlangan taomlar berilmaydi; Issiq vannalar buyurilmaydi; Faqat iliq dush buyuriladi; Kunduz kuni 2 soatlik uyqu tavsiya etiladi; Bemorni stresslardan cheklash lozim.

"Bekajon" gazetasi.

ico
Radikulit - faqat bel og‘rig‘i emas
Radikulit bu — orqa miyaning asab ildizchalari va ulardan ketadigan asab tolalari zararlanishi tufayli yuzaga keladigan kasallik hisoblanadi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, insonning umurtqa kanalida orqa miya mavjud. Shu orqa miyadan o‘ttiz bir juft asab ildizchalari chiqadi. Ana shu asab ildizchalari umurtqa kanalidan ingichka suyak teshigi orqali harakatlanadi. Uning aylanasi asab ildizchasidan salgina katta, xolos. Har bitta ildizchalar bir-biridan ajralib turadigan asab tolalaridan iborat. Asab tolalarining har biri o‘z vazifasiga ega. Ularning ayrimlari kishidagi sezgirlik uchun javob bersa, boshqasi atrofdagi to‘qimalarning oziqlanishini va kishidagi qon aylanishini boshqaradi, yana bir turi mushaklarning qisqaruvchanligini nazorat qiladi. Tanamizdagi asab tolalarining qaysi birining ish faoliyati buzilmasin, og‘riq beradi. Aynan o‘sha kasallikni biz radikulit deb ataymiz.

Radikulit dardi tananing bo‘yin, yelka, ko‘krak, bel-dumg‘aza va oyoqlarga og‘riq beradi. Kasallik o‘tkir va surunkali turlari bilan farqlanib, uning zararlanish joylariga qarab, shakllarga ajratiladi.

Kasallikning eng ko‘p uchraydigan turi bel-dumg‘aza radikuliti bo‘lib, unda og‘riq bel-dumg‘aza sohasida kechadi, ammo ayrim hollarda dumba, son va boldirga ham og‘riq berishi mumkin. Og‘riq harakatlanganda kuchayib, bemor birdaniga turolmaydi, yurganda esa tanasini to‘g‘ri ushlolmaydi. Chunki tanani qaysidir shaklda ushlaganda, kuchli og‘riq kamaygandek bo‘ladi. Shu sababli kishi qiyshaygan holatda yurishga majbur bo‘ladi. Bemorning oyoqlari muzlab, uvishib, unda xuddi chumoli o‘rmalagandek belgilar seziladi. Kasallikka vaqtida e’tibor qilinmasa, kasal odam erkin harakatlanolmaydi va og‘riq yanada kuchayib boradi.

Kasallikning yana bir turi bo‘yin-yelka radikulitidir. Unda og‘riq tananing bo‘yin, yelka, kurak va ensa qismlarida sodir bo‘lib, boshni qimirlatganda, qo‘lni harakatlantirganda va hatto yo‘talganda ham kuchli og‘riq beradi. Bu turdagi radikulitning asoratlari ham yaxshi emas. Bemor kishining qo‘l mushaklari kuchsizlanib, harakatsizlanib, uvishadigan, lovullab achishadigan, hatto sanchiqlar ham paydo bo‘lishi mumkin.

Ko‘krak radikuliti bu kasallikning juda kam uchraydigan turi bo‘lib, unda og‘riq, asosan, qovur-g‘alar oralig‘ida bo‘ladi va bemor qimirlaganda, ayniqsa, chuqur nafas olganda kuchayadi. Radikulitning bu turiga aslo e’tiborsizlik bilan qaramang, chunki kasallik zo‘rayib ketishi va boshqa jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.

Xo‘sh, radikulit kayerdan va nima sabab bilan yuzaga keladi? Bu savol hammani qiziqtirishi tabiiy. Kishi bu darddan saqlanishi va doim sog‘ bo‘lishi uchun, avvalo, umurtqa pog‘onasi kasalliklaridan o‘zini asrashi lozim. Ayniqsa, osteoxondroz (xalq tilida uni tuz yig‘ildi ham deb ataymiz) va skoleoz radikulit uchun ayni muddao. Unda umurtqalararo disk tog‘aylarining elastikligi yo‘qolib boradi va umurtqalararo soha torayib, orqa miyadan chiquvchi asab tolalarini siqib qo‘yadi. Natijada o‘sha yerda asab tolalari harakatlanishi qi-yinlashadi va tanaga og‘riq beradi. Umurtqa pog‘onasidagi nerv  tolalari ish faoliyatining buzilishidan tashqari, ba’zan gipodinamiya, ya’ni kam harakatlilik ham radikulitning xavfini keltirib chiqaradi. Ko‘pincha zax va sovuq joylarda ishlash natijasida tananing sovqotishi, juda og‘ir yuklar ko‘tarish tufayli ham radikulit paydo bo‘ladi. Shuningdek, gohida tananing ayrim a’zolarini keskin harakatlantirish, hatto tanaga zaharli moddalarning umumiy ta’siri bilan radikulit kasalligiga chalinib qolishimiz hech gap emas.

Agar sizda radikulit kasalligi mavjud bo‘lsa, aslo tushkunlikka tushmang. To‘g‘ri, bu kasallikning og‘rig‘i kuchli, ammo bedavo dard emas. Bemor imkon qadar kasallikni zo‘raytirmasdan shifokorga ko‘rinsa, sog‘ayishi oson bo‘ladi hamda kasallik surunkali tusga o‘tib ulgurmaydi. Aksincha, ba’zida ayrim bemorlar tanasidagi kuchli og‘riqqa ham qaramasdan chidab yuraveradilar. Natijada kasallik zo‘rayib boraveradi. Chunki radikulit o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadigan dard emas. Gohida kasallik 3-4 kun ichida o‘tib ketishi ham mumkin. Bu kasallik butunlay yo‘qoldi, degani emas. Aksincha, bu o‘tkir radikulit bo‘lib, yana qaytalab qolishi bilan xavfli.

Ko‘pincha radikulit uzoq muddatga cho‘zilib, bemorga azob beradi. Bu davrda kasallikka e’tiborsizlik bilan qaralsa, bora-bora bemor harakatlanishga qiynaladi, oqsoqlanadi, hatto yurolmay qoladi. Buning natijasida tanada ikkilamchi harakat tizimi o‘zgarishlari yuzaga kelib, kishi yana boshqa kasalliklarga chalinib qolishi ham mumkin.  Kasalikka chalingan organizm noziklashib qoladi va kutilmaganda qilingan arzimas harakatlar, og‘ir yuk ko‘tarish, hatto havo biroz soviganda ham bu kasallik ularni bezovta qiladigan bo‘lib qoladi.

Radikulit menga yaqin kelmasin desangiz, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qiling, doimiy harakatda bo‘lib (masalan, sport bilan shug‘ullanib), tanangizni chiniqtirib, to‘g‘ri ovqatlanib, asabbuzarliklardan saqlaning. Shuningdek, tanangizni sovuqdan, turli yuqumli kasalliklardan asrasangiz, bilingki, o‘zingizni radikulitdan himoya qilgan bo‘lasiz.

© G‘ayrat NURIMOV, tibbiyot fanlari nomzodi.

© "Shifo-info" gazetasi.

[divider]

[highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]

ico
Noan’anaviy tibbiyot: Inson tanasidagi yetti energetik markaz
Sharq tabobati inson tanasida 7 ta energetik markaz aylanma (chakra)lar mavjudligini ta’kidlaydi. Tadqiqotlar ham buni tasdiqlagan: xromosomalar tomonidan chiqariladigan elektromagnit va akustik to‘lqinlar mazkur 7 ta nuqtada to‘qnashdi. Agar “energetik” anatomiyani tana tuzilishi haqidagi hissiy taassurot va tushunchalarga bog‘laydigan bo‘lsak, g‘alati o‘xshashliklar ma’lum bo‘ladi. Shunday qilib, inson tanasida yettita aylanma (chakra) mavjud. Quyida ular ta’rifini bayon etamiz.

Saxasrara aylanmasi

Bu markaz bosh tepasida chaqaloqning liqildoq o‘rnida joylashgan (quvvati binafsharang) va ruhiy holatni ifodalaydi. U g‘uddasimon bezga bog‘langan va boshqa barcha aylanmalar bilan shunday aloqadadir. Bu markazdan uzatilgan nurlanish Koinot bilan bog‘langanda, odam o‘zini huzur-halovatda sezadi. Uning yordamida o‘ta yuqori ongga erishadi va yangi qobiliyatlari ochiladi. Yuqori markazli odamlar kam uchraydi. Qadimgi hindularning aytishlaricha, u ichki hissiyot (intuitsiya), zehn va yagona axbor kosmik manba orasidagi aloqani boshqaradi. Quvvat-axborot maydonidan kelayotgan bilimlar ana shu aylanma orqali qabul qilinadi. Anatomik jihatdan unga epifiz (g‘uddasimon bez) mos kelib, uning hajmi qariyb no‘xatga teng bo‘ladi. U emotsional qatlamga ta’sir ko‘rsatadi va intuitsiyani boshqaradi. Uning qanday ishlashiga qarab, inson ruhiy jihatdan naqadar yuksak pog‘onada ekanligini bilish mumkin. Buyuk olim Mendeleyevning epifiziga tan berish kerak: u odatdagi tunlardan birida kimyoviy unsurlarning davriy tizimini tushida ko‘rgan. Isaak Nyutonning boshiga mashhur olma tarsillab tushganligi tufayli uning ham epifizi ishi faollashdi va odam butun dunyo tortishish qonuni formulasiga ega bo‘ldi.

Ajna aylanmasi

Ikki qosh o‘rtasida joylashgan (“qalb ko‘zi” ko‘krang). Bu markazga fikr mujassam qilinganda, fahmlash xislati kuchayadi. Yoga ta’limotiga ko‘ra, bu yerda boshlang‘ich kuch va dil joylashgan. Mazkur markaz gipofiz va g‘uddasimon bez hamda bosh miyaning sezgiga tegishli qismini kuzatib turadi. U Qadimgi Hindistonda “Jiva”, musulmon Sharqida “dunyoviy idrok”, parapsixologiyada “quvvat axborot maydoni” deb nom olgan. Kuchli g‘uddasimon markazli odam o‘z maqsadlariga erishadi. Mashhur yozuvchilar, ulug‘ olim va mutafakkirlarda bu markaz kuchli bo‘lgan. Kuchsiz markazli odamlar aksincha, nopok, razil, toshbag‘ir va badjahldir. U vaqt pardasi orqali olis o‘tmishdagi hodisalarga kirib borishga yordam beradi. “Uchinchi ko‘z”ga gipofiz to‘g‘ri keladi – u yuqori endokrin bezlaridan biri bo‘lib, bosh miyaning gipofizar chuqurligida joylashgan. Bu kichkina a’zo tanamizning qariyb barcha tashqi xususiyatlarini (bunga bo‘y ham kiradi), shuningdek, modda almashinuvi tezligini ham aniqlab beradi. G‘oyibdan bilish holatini ilm-fan nuqtai nazaridan tushuntirib bo‘lmaydi, ammo olimlar “uchinchi ko‘z”ni faollashtirishga yordam beradigan qadimgi hindularning tavsiyalarini qo‘llab-quvvatlaydilar: rasmlar chizing, she’rlar ijod qiling, san’at asarlaridan zavqlaning… Ajna aylanmasi quvvat-axborot maydoni bilan bog‘liq payg‘ambarlar, avliyolar, bashoratchilar – insoniyatning eng aql-idrokli vakillari shu yerdan axborot olishgan, hozirgi ekstrasenslar ham mazkur aylanma bilan ishlashadi. Buddaviylarning shu nuqtaga xol qo‘yishlari, nasroniylar ikki barmog‘ini shu nuqtaga tekkizib cho‘qinishlari, musulmonlar namozda sajdaga bosh qo‘yishlaridan maqsad mazkur aylanma kuchini oshirishdan iborat. Hatto bashorat qiluvchi bo‘lib yetishganingizda ham, magnit to‘lqinlari, ob-havo injiqliklariga e’tibor qilmang: tasavvur o‘yini bizning ichki jarayonlarimizni tashqi dunyo ritmi bilan hamohang qiladi.

Vishudxa aylanmasi

Bu markaz bo‘yinning tomoq sohasida, bodomcha bezlariga yaqin yerda joylashgan bo‘lib, til bilish qobiliyati va telepatiya uchun “javobgar” hisoblanadi (quvvati havorang). Mazkur a’zolar orasidagi aloqa aniq bilinadi: ko‘p tilni biladiganlar va telepatlar bu markazlarini zo‘riqtirib ishga solganliklari tufayli, boshqalardan ko‘ra,
laringit va angina bilan ko‘proq og‘riydilar). Kimki bu aylanmaga fikrni mujassamlasa, katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Unga o‘tmishni, hozirgi vaqtni va kelajakni bilish nasib etadi. Bu markaz efir nafs unsuriga to‘g‘ri keladi. U tomoq, qalqonsimon bez, so‘lak bezi va ayrisimon (timus)ni nazorat etadi. Asosiy vazifasi ovoz va tilni kuzatib turishdir. Bu asosan, mehr-muhabbat, kirishuvchanlik, ruhiy-hissiy faoliyat markazi hisoblanadi. Sog‘lom efir markazli odamlar sezuvchi va sadoqatli, xushro‘ydir. Nosog‘lom efir markazlilar dangasa, erinchoq va beparvo bo‘lishadi. Qisman yoki to‘la yopiq tomoq aylanmasi deyarli barcha odamlarga xos. Uning faoliyati rivojlantirilganda xotirjamlik, kirishuvchanlik, ijodkorlik tuyg‘usi, to‘g‘ri va mantiqiy fikrlash, narsa va hodisalarning mohiyatini aniq va ravshan qilib tushuntirish qobiliyatlari kuchayadi.

Anaxata aylanmasi

Yurak sathida joylashgan (rangi yashil) bo‘lib, yurakka to‘g‘ri keladigan markazdir. Yogalar odamning o‘tmishdagi timsoli haqidagi xotiralari aynan ana shu joyda ekanligini ta’kidlaydilar. Bu fikrni endilikda olimlar ham tan olishgan. Ular inson qavmining genlarida Odam Ato va Momo Havodan boshlangan barcha evolyutsiya (rivojlanish) iz qoldirgan, deb ta’kidlaydilar. Balki, yurak hujayralari yadrosi bo‘lgan kardiomiotsitlar – o‘ziga xos oilaviy va tur tarixlarining xromosom tarixlaridir. Faqat bizning ko‘pchiligimiz ana shu ma’lumotlarga yo‘l topolmaymiz, xolos. Yogalarning ta’biricha, insonning yaratilish mohiyati va mavjudligi haqidagi xotiralar shu yerda joy olgan. Olimlar bunga unchalik e’tiroz bildirmay, yurak hujayrasi kardiolitsitlar yadrosining xromosomalari tur va oila tarixi saqlanadigan kutubxonadir, deb faraz qilmoqdalar. Insonlardagi mehr-muruvvat, oqibat, or-nomus, hurmat-ehtirom, aql-farosat kabi ijobiy his-tuyg‘ular sihat-salomatlik uchun nihoyatda foydali. Biroq buning aksi o‘laroq, kimda-kim salbiy his-tuyg‘ularni o‘zida saqlab yuraversa, ularning har biri xastalik, dard ko‘rinishida o‘zidan biron asorat qoldiradi. Bu quvvat markazining ishi buzilganda qat’iyatsizlik, o‘ziga ishonchsizlik, besabrlik, yalqovlik, kibr, maydakashlik kabi illatlar paydo bo‘ladi. Uning faoliyati izga solinganda esa mehr-muhabbat, umid, ilhom, ijodkorlik, ishonch-e’tiqod singari fazilatlar kuchayadi. Inson barcha axborotni ko‘z, quloq, burun, og‘iz orqali oladi, bu axborot shu markaz orqali qayta ishlanadi, ruhiy jihatdan tahlil etiladi. Odamdagi quvonish, qayg‘urish, hayratlanish va hokazo tuyg‘ular ana shu bilan bog‘liq.

Manipura aylanmasi

Kindikdan 7 sm yuqorida joylashgan, rangi sariq. Bu olov unsuriga to‘g‘ri keladi. Inson biotizimining issiqlik manbaidir. U jismoniy kuch va irodani ifodalaydi. o‘z tanasining harorati bilan qorni erituvchi Tibet zohidlari aynan ana shu joydan energiya oladilar. Sharqda quyosh chigalini kulala bo‘lib yotgan ilon sifatida tasvirlaydilar. Energetik markazlarning ochilish vaqtida u uyg‘onib ketadi va harakatga keladi – bunday vaqtda odamda hech bir sababsiz bosh aylanishi va ko‘ngil aynishi yuz beradi. Tadqiqotchilar bu “ilon” transportda yurishni “yoqtirmasligi”ni sezib qoldilar. U taloq, jigar, me’da osti bezi va buyrak usti bezlarini nazorat qilib turadi. Kuchli “olov” markazli kishilar dovyurak, mard, qo‘rqmas bo‘ladi. Aksincha, kuchsizi asabiy, takabbur va sabrsizdir.

Svadxistana aylanmasi

Kichik tos suyagidagi kindikdan 4-6 sm pastroqda, alvon rang markaz bo‘lib, u buyrak, peshob chiqaruvchi kindikdan va jinsiy tizim ishlarini boshqaradi. U “suv” unsuriga to‘g‘ri keladi va jismoniy kuch, farosat, yulduzlar mohiyati ilmini kuzatib turadi. Yomon sifatlar va fikrlarni bartaraf etadi. U jinsiy quvvatni va siydik chiqarishni muvofiqlashtiruvchi markazdir. Qadimgi Xitoyda buyrak, buyrak usti bezlari va jinsiy bezlar birgalikda qo‘rquv a’zolari hisoblanib kelgan: chap tarafdagisi – SI hayotiy kuchni bildiruvchi olovli asosni ishlab chiqaradi. Asosiy vazifasi – his-tuyg‘ular, kechinmalar barqarorligini ta’minlash. Buyraklar odam organizmida muhim o‘rinni egallaydi. Uni sog‘lom tutish uchun g‘ozdek yurishni bir kunda 3 martadan, bir necha daqiqa davomida qo‘llang va Siz uzoq vaqt davomida salomatligingizni boy bermay yurasiz. Kuchli “suv” markazli odamlar yumshoq mijoz, odatlari o‘zgaradigan va hamma holatga moslasha oladigan kishilardir. Psixofiziologik buzilishlari: jinsiy aloqaga ruju qo‘yish, fikrlash cheklanib qolishi, javobgarlikni his qilmaslik, hasad, badgumonlik, g‘iybatga moyillikdir. Mazkur aylanma ishi kuchaytirilganda xasislik, hasad, shahvoniy hirs kabi illatlar o‘z aksiga aylanib, tejamkorlik, havas, pok sevgi singari fazilatlarga evriladi. Axloqiy-ma’naviy jihatdan yuksalish, ishda muvaffaqiyatga intilish ortadi. Boshqacha aytganda, insonning ko‘nglidan badbin, chirkin niyatlar ketadi va ezgulik sari yo‘l ochiladi. “Suv” markazli nosog‘lom odamlar xasis, ziqna, jahldor va o‘ta shahvoniydir.

Muladxara aylanmasi

Bu markaz umurtqa boshida, ya’ni dumg‘azada joylashgan rangi olov markaz bo‘lib, unda quvvat to‘planadi: quvvatning biri ichki bo‘lib, bu ichki quvvatni inson organizmining o‘zi ishlab chiqaradi, tashqisi kosmosdan (koinotdan) qabul qilinadi va u bu joyga umurtqa pog‘onasi bo‘ylab tushadi. Bu aylanmaga muroqaba qilinganda, hayot kuchini sezamiz va uyg‘onishni kuzatamiz. Tananing barcha qismi shu markaz orqali kuzatib turiladi (suyak, tana, yog‘, teri va bo‘g‘im). U “yer” unsuri bilan belgilangan. Kuchli “yer” markazli odamlar, asosan durkun, harakati sustlashgan, beparvodir. U tayanch-harakat a’zolarini ham boshqaruvchi markaz hisoblanadi. Mushaklar quvvat, tog‘aylar, suyak to‘qimasi, bo‘g‘imlar va orqa miya ishiga javob beradi. Psixofiziologik buzilishlari kibr, g‘azab, xudbinlik, ta’ma, xasislik kabi illatlar sifatida ko‘rinsa, faoliyatiga tuzatish kiritilgandan so‘ng immunitet, hayotiy quvvat oshadi, yashashga qiziqish, ko‘tarinki kayfiyat uyg‘onadi.

Abdukarim Usmonxo‘jayev. “Dorisiz qalb davosi” kitobi. Tib.uz nashri.

ico
Erta uyg‘onish sirlari
Ertalab uyqudan barvaqt uyg‘onish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ayniqsa, odam uyquga kech yotganda, buni uddalash mushkul. O‘zi nima uchun erta turish kerak? Bu shunchalik muhimmi? Odamlar o‘z ishlari, kun tartiblariga ko‘ra ertalab qachon uyqudan turishni o‘zlari hal qilsa bo‘lmaydimi? Bo‘ladi. Aslida ham ko‘pchilik shunday qiladi. Lekin erta turish zarur bo‘la turib, buni eplolmaydiganlar bor. Kech turishi oqibatida ishga, o‘qishga kech qolib, rahbariyatdan dakki eshitib yuradiganlar qancha oramizda?! Biz bu yerda ayni shu mavzu atrofida fikr yuritmoqchimiz. Erta turishning qanday hikmati va foydalari bor va bunga qanday erishish mumkin kabi savollarga ushbu maqolada javob topishga harakat qilamiz.

Erta turishning foydalari

Erta turishning foydalari ko‘p. Masalan, siz har kuni ertalab soat 7:00 da uyqudan turasiz. Tasavvur qiling, siz shuni bir soat oldinga surdingiz. Endi yettida emas, oltida turyapsiz. Har kuni uyquda o‘tadigan umringizning bir soati real jonli hayotingizga qo‘shiladi. Bir soat ichida odam ko‘p ish bajara oladi. Masalan, 60 daqiqada 100 sahifagacha kitob o‘qish mumkin. Har kuni ertalab bir soatdan mutolaa qilinsa, uch kunda katta bir kitobni o‘qib bitirish mumkin. Barvaqt turish hisobiga qo‘lga kiritilgan vaqt hisob-kitob qilinganda esa, oyda o‘ttiz soat, bir yilda 360 soat foydali vaqtga ega bo‘lasiz. Bu degani, naqd 15 kunni tejab qolasiz. O‘hho‘, bu kunlardan samarali foydalansangiz bormi… 15 kunni xuddi ko‘z-yumib ochguncha muddatda o‘tib ketadigan uyqu bilan barbod qilgan yaxshimi yoki unumliroq biror mashg‘ulot bilan band bo‘lib, umringizni yana yarim oyga uzaytirganingiz ma’qulmi? Albatta, aqlli kishi ikkinchisini tanlaydi. Ruhshunoslar insonlarni bioritmlariga ko‘ra «to‘rg‘ay» (ertalab bemalol vaqtli uyg‘onib, ishga kirishib keta oladigan, lekin faolligi tushgacha davom etib, keyin asta-sekin so‘nib boradigan odamlar toifasi) va «boyqush»larga (ertalab uyg‘ona olmaydigan, tushgacha ishga kirisha olmay, faqat tushdan so‘nggina ish boshlab, to keyingi kunning saharigacha faol harakatda bo‘ladigan insonlar) ajratsalar-da, bu aslida shartli tasniflashdir. Lekin, bu tasnifda ham jon bor. Har ikki toifaga mansub odamlar atrofimizda ko‘p. Xo‘sh, «boyqush»ni «to‘rg‘ay»ga aylantirsa bo‘ladimi? Yo‘g‘-ye, ikkalasi ikki xil dunyo-ku, deyishingiz mumkin. O‘z tajribamdan kelib chiqqan holda ashaddiy «boyqush» ham azonlab uyg‘onishga moslasha olar ekan, degan xulosaga keldim. Tajribam quydagicha edi… Har kuni ertalab soat 9-10da uyg‘onib, yarim kechasi 1-2ga qadar, ba’zan sahar 3-4gacha o‘tirar edim. Eng mahsuldor vaqtlarim ham tushlikdan keyingi paytga to‘g‘ri kelardi. Bunday odat ishi ko‘p bo‘lmagan kishilar uchun yaxshidir, lekin vaqt tazyiqi ostida turganlar uchun juda unumsiz va yomon odat ekanligini va azonlab turish bilan shaxsiy muvaffaqiyat orasida kuchli bog‘liqlik borligini anglab yetganimdan so‘ng, barvaqt turishga ahd qildim. Uyqudan oldin qo‘ng‘iroqni soat tonggi 5.00ga qo‘ydim. Va ertasi kuni tushlikdan sal oldin uyg‘ondim… Va bu hol ancha vaqt davom etdi. Ertalablari qo‘ng‘iroq chalinishi bilan kallamga kelgan birinchi fikr, shu qo‘ng‘iroqning bongi o‘chsa-yu, yana ozgina uxlab olsam, degan o‘y bo‘lardi. Va yarim-avtomatik ravishda qo‘ng‘iroqni o‘chirib, yana shirin uyquga ketardim. «Taqdir emas ekan» deb, eski odatimni davom ettirib yurgan paytimda bir kuni Stiv Pavlinaning «Qanday erta turish mumkin?» degan maqolasiga duch kelib qoldim. Va shundan so‘ng men uchun yangi hayot boshlandi…

Maqolaning qisqacha mazmuni quyidagicha:

Uyqu bo‘yicha ikkita yondashuv bor. Ko‘p insonlar vaqtli turmoqchi bo‘lsa, vaqtli uxlashga harakat qiladi. Uyqusi kelmasa ham shuning harakatida bo‘ladi. Ikkinchi nuqtai nazar shuki, insonning organizmi qachon va qancha uxlash kerakligini o‘zi biladi. Ushbu yondashuvga ko‘ra, uyqu kelgandagina uxlash kerak va bunda uyquga to‘yganingizdan so‘ng qo‘ng‘iroqsiz ham o‘zingiz uyg‘ona olasiz.
O‘qing: Uyqusizlik dardi - insomniya
Stiv Pavlina bu ikki yondashuvni birlashtirgan holda shunday deydi: uyqingiz kelsa, darhol uxlang, lekin har kuni ertalab aniq bir vaqtda turing. Kechasi kech uyquga yotgan bo‘lishingizga qaramay, ertalab belgilagan vaqtingizda turishga harakat qiling. Aytaylik, tungi o‘n ikki-birlargacha uxlay olmadingiz. Qo‘ng‘iroqni esa tonggi soat beshga qo‘ygansiz. Nima qilib bo‘lsa-da, o‘sha belgilangan vaqtda turishga harakat qiling. Ertasiga kunduzi charchasangiz ham sabr qilib kuningizni o‘tkazing. Bir-ikki kun shunday davom etsa, qarabsizki, bundan buyon kechqurun soat 21-22larda avtomatik tarzda «nokaut» bo‘lasiz — o‘chasiz. Chunki vujudingizning o‘zi unga qancha uyqu kerakligini biladi va sizni vaqti bo‘lganda «o‘chirib qo‘yadi». Agar har kuni soat ertalab 5da turaman deb o‘zingizga va’da bersangiz va shunga hech qanday murosasiz amal qilib kelsangiz, tanangiz yarim kechgacha o‘tira olmay, sizni barvaqt uyqu eltadi. Chunki u ertalab soat beshda turish kerakligini biladi va uxlab dam olmasa, ertasi o‘ziga qiyin bo‘lishini yaxshi fahmlaydi. Shunday davom etsangiz, 3-4 kundan keyin kech yotish odatingiz o‘rniga erta yotib, erta turish ko‘nikmasi hosil bo‘ladi. 30 kun davomida shu odatga adashmay rioya qiling. So‘ng u siz bilan butun umrga qoladi, qon-qoningizga singib ketadi. Barvaqt turishda bir nechta muhim nuqtaga e’tibor berish kerak. Agar uyqudoriga o‘rganib qolgan bo‘lsangiz, avvalo, undan voz kechish lozim. Chunki u insonning tabiiy va me’yoriy uyqusiga salbiy ta’sir qiladi. Kechqurun qahva ichishga o‘rgangan bo‘lsangiz, belgilangan vaqtda uyqungiz kelmasa ham, o‘z o‘rningizga yotishga odatlaning. Iloji boricha soat kechki olti-yettidan so‘ng to‘yib ovqatlanmang. Yeganingiz baribir hazm bo‘lmaydi, oshqozoningizda parchalanmaydi. Ovqatingiz ozuqadan ko‘ra zaharga aylanadi. Yaxshi uxlay olmaysiz, toksikoz natijasida esa ertalab noxush tuyg‘ular bilan uyg‘onasiz va bu holat kunlik kayfiyatingizga salbiy ta’sir qiladi. Agar qo‘ng‘iroq bong urishi bilan o‘rningizdan tura olmasangiz, bu shaxsiy intizomingiz sustligidan dalolat beradi. Intizom muskulga o‘xshaydi. Muskulni qanchalik ko‘p ishlatsangiz, u shunchalik kuchli bo‘ladi. Kuchli intizom va iroda esa vaqt talab etadi. Birinchi marta qiyin bo‘ladi, ikkinchisi ham. Lekin muntazam davom etsangiz, borgan sari yengillashaveradi. Agar qo‘ng‘iroq ovozini eshitib ham o‘rningizdan turishga irodangiz yetmasa, telefoningizni yoqimsiz va baland tovushli qo‘ng‘iroqqa moslab, uni qo‘lingiz yetmaydigan olis yoki baland joyga qo‘ying. Ertalab uning ovozidan qutilish uchun o‘rningizdan turishga va yurib borib qo‘ng‘iroqni o‘chirishga majbur bo‘lasiz. Natijada miya mushaklari faollashib, o‘zingizga kelasiz va barvaqt turishingiz lozimligi haqidagi zarurat yodingizga tushadi.

Nega erta turish kerak?

Foydali maqola: Uyqu gormoni - melatonin. U biz uchun qanchalik muhim?
Sahar turishni niyat qilishdan oldin yuqoridagi savolga javob topishingiz kerak. Siz nima uchun erta turmoqchisiz? Kimdir ibodat qilish uchun, kimdir ishga kech qolmaslik uchun, yana kimdir ertalab dars tayyorlash yoki badantarbiya bilan shug‘ullanish uchun barvaqt turishga intiladi. Ayniqsa, oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorlanayotgan abituriyentlar uchun erta turish juda muhimdir. Hech qanday ishi bo‘lmagan odam uchun ham erta turish zarar qilmaydi. Hakim zotlar, erta turish insonning rizqini ko‘paytiradi, deganlar. Darhaqiqat, erta turgan odamning vaqtida baraka bo‘ladi. Kayfiyatning ko‘tarinki, ruhan tetik bo‘lishning siri ham uyqudan erta uyg‘onishda. Shuning uchun erta turishning zarurati va foydalari haqida oldindan aniq to‘xtamga ega bo‘lish kerak. Chunki ertalab turib, nima bilan shug‘ullanishni bilmaydigan, aniq rejasi yo‘q insonda yana uyquga ketib qolish ehtimoli yuqori bo‘ladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, odatdagi kuningizdan hatto 30 daqiqa vaqtli tursangiz ham bu har kuni badantarbiya bilan shug‘ullanishingiz yoki bir oyda 3-4ta kitob o‘qishingiz uchun kifoya qiladigan qo‘shimcha va qimmatli vaqt bo‘ladi. Odamlar vaqt yetishmasligidan noliydigan bugungi tig‘iz dunyoda ham rejadagi ishlarga ulgurishning eng samarali yo‘li bu erta turishdir. Endi tasavvur qiling, 30 daqiqa emas, 2-3 soat vaqtliroq turishga odatlandingiz. Masalan, uyqudan 7:00da emas, 04:00 da turasiz. Bu bir yilda 1116 soat bo‘lib, 10 yilda deyarli butun bir yillik umr sizning ixtiyoringizga beriladi. Ertalab turishda nafaqat jismoniy, balki ruhiy foydalar ham juda ko‘p. Erta turgan odamda hayotga muhabbat, o‘ziga ishonish kabi muhim tuyg‘ular kuchli bo‘ladi. Qolaversa, uzoq umr ko‘ruvchilarning aksariyati erta turishga odatlangan odamlar bo‘lgani ham ilmiy haqiqatdir. Erta turish oqibatida uyquning kamayishidan xavotir olmasa ham bo‘ladi. Mutaxassislar katta odamlar uchun bir kunda 5-6 soat uxlash kifoya qilishini ta’kidlashadi. Demak, kech soat 24:00da uxlagan odam ertalab 5:00da uyg‘onsa, kam uxlaganidan nolimasa ham bo‘ladi. Albatta, uyquni 6-7 soatga uzaytirgan afzal. Bu miqdorda uxlash, ayrim mutaxassislar vahima qilganidek, organizm uchun zararli darajadagi kam uyqu emas, balki me’yor ekanligi ishonchli ilmiy tajribalar orqali isbotlangan. Aksincha, ko‘p xastaliklarning me’yordan ortiq uxlash va kun chiqquncha yotoqda yotishdan kelib chiqishi ham fanda bor gap. Shunday ekan, siz ham barvaqt turishga odatlaning. Agar buni eplolmayotgan bo‘lsangiz, biz yuqorida tilga olgan usullarni qo‘llab ko‘ring. Barvaqt turishning foydalarini ko‘rgach, qilgan ishingizga achinmaysiz.
O‘qishingiz uchun tavsiya etamiz: Kunlik normal uyqu vaqti qancha?

© Tib.uz

ico
Yoga foydalimi?
Yoga nimasi bilan foydali?  Yoga bilan shug‘ullanishning asosiy salbiy va ijobiy tomonlarini ko‘rib chiqamiz. Sog‘lom turmush tarzini olib boruvchi inson yoga bilan shug‘ullanishga vaqt sarflashi shartmikan. Yoga eramizdan avvalgi uchinchi va ikkinchi ming yilliklar orasida Hindistonda paydo bo‘lgan. Hind daryosining qirg‘oqlarida topilgan yoga pozalaridagi odamlar tasvirlangan muhrlar aynan shu davrga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy yoga ko‘plab yo‘nalishlar va uslublarga ega. Ulardan asosiylari: ayengara, ashtanga-yoga, bikram-yoga, vini-yoga, yogabit, kundalini, kuch tortishish yogasi, tray-yoga, xatxa-yoga.

Yoga bilan shug‘ullanish nimani namoyon etadi

Yoga bilan shug‘ullanish– boshlang‘ich, asosiy va yakunlovchi uch qismdan iborat. Ularning o‘ziga xosligi yoganing tanlangan yo‘nalishiga bog‘liq. Mashg‘ulotni mantra kuylashdan, qisqacha relaksatsiya yoki oyoq-qo‘llarning chigalini yozishdan boshlash mumkin. Yangi boshlaganlar - o‘qituvchi nima qilayotganligini diqqat bilan kuzatishlari va mayda detallarni ko‘zdan qochirmaslikka harakat qilishlari kerak. Yoga Asosiy qismi mashqlar amaliyotini o‘z ichiga oladi. “Asan”ni bajarayotganda, o‘z his-tuyg‘ularingizga quloq tuting va birdaniga og‘riq yoki kuchli noqulaylik sezib qolsangiz, mashqlarni bajarishni to‘xtating. Mashg‘ulot oxirida o‘quvchilar yopiq ko‘zlari bilan “murda pozasi” – shavasanni bajargan holda gilamga yotadilar. Bu eng yuqori bo‘shashish va mashg‘ulotlardan so‘ng kuch to‘plab olishga erishishga imkon beradi. Shavasanning davomiyligi yoganing tanlangan uslubiga bog‘liq. Umumiy hollarda yoga mashg‘uloti aynan shunday o‘tadi. Yoga nimasi bilan foydali?

Yoga: ijobiy va salbiy tomonlari

Yoganing ijobiy tomonlari

1. Organizmni umumiy sog‘lomlashtirish Yoga organizmni sog‘lomlashtirish bo‘yicha noyob tizim deb ataladi. U ichki garmoniyani topish va barcha organlarning ishini yaxshilash imkonini beradi. Yoga falasafasi zararli odatlardan qutulish va sog‘lom turmush tarziga qo‘shilishga yordam beradi. 2. Atrof dunyo bilan uyg‘unlik. Ruhiy zarba va salbiy kechinmalardan qutulish. Yogasizga o‘z ichki dunyongizga kirish va o‘zingizni yaxshi bilib olish imkoniyatini beradi. Mashqlar sizningsalohiyatingizni ochib berishga, uyg‘unlik va xotirjamlikni qozonishga yo‘naltirilgan. Relaksatsiya paytida bo‘shashish imkoniyati salbiy kechinmalardan qutulishga yordam beradi. Chuqur nafas olishni bilish, stress vaziyatlarda xotirjam va mulohazali bo‘lishga yordam beradi. 3. Orqadagi va bo‘g‘imlardagi og‘riqlardan qutulish Yogada bizning organizmimizni bo‘shashtiruvchi va uni tetiklashtiruvchi ta’sirga ega bo‘lgan yaxlit mashqlar majmuasi mavjud. Orqa va
bo‘g‘imlardagi og‘riqlarga qarshi kurashishning samaradorligi tibbiy dori-darmonlarni qo‘llash bilan solishtirilishi isbotlangan. 4. Qomatning yaxshilanishi Yoga bilan shug‘ullanish mushaklar korsetiga mustahkamlovchi ta’sir ko‘rsatadi. Qomat yaxshilanadi, qadam tashlash ancha ishonchli bo‘lib qoladi. 5. Metabolizmni tezlashtirish va ozish Yogada maxsus oshqozon-ichak trakti (OIT) ishini yaxshilashga va buning natijasida, metabolizmni yaxshilashga yo‘naltirilgan maxsus mashqlar mavjud. Yogani tez ozish usullariga kiritish mumkin emas. Biroq yoga bilan tizimli ravishda shug‘ullanish sekin-asta vaznni kamaytirish imkoniyatini beradi. Biroq yoga bilan doimiy ravishda shug‘ullanish sekin-asta vaznning tushishiga olib keladi. 6. Organizmni tozalash Yoga bilan doimiy ravishda shug‘ullanish ichki organlarni mashq qilishiga yordam beradi. U ovqat hazm bo‘lishini yaxshilaydi va organizmdan toksinlarni chiqarilishini kuchaytiradi. 7. Immunitetning oshishi Mashqlarni bajarish limfa sirkulyatsiyasini faollashtirali, organlarning ichki balansini tiklaydi va oganizmni ng infeksiyalar va bakteriyalarga qarshilik ko‘rsata olishini yaxshilaydi. 8. Aqliy qobiliyatlarni yaxshilash Yoga vaqtida meditatsiya bilan shug‘ullanish aqliy faoliyatni kuchaytiradi, xotirani yaxshilaydi va e’tiborning jamlanishini mashq qildiradi. Mashqlar qon oqimini yaxshilaydi va miyani kislorod bilan boyitadi. 9. Yosh ahamiyatga ega emas Yoga bilan, jismoniy tayyorgarlik darajasidan qat’iy nazar, har qanday yoshda shug‘ullanish mumkin. 10. Vaqt va joy ahamiyatga ega emas Yoga bilan shug‘ullanish ma’lum uskunalarni talab etmaydi. Shuning uchun u bilan har qanday joyda shug‘ullanish mumkin. Mashg‘ulotlar uchun vaqt ham katta ahamiyatga ega emas. Yoga bilan ertalabki vaqtda, tushlik va kechqurungi vaqtda shug‘ullanishdan bir xil foyda olinadi. yoga haqida

Yoganing salbiy tomonlari

Mashg‘ulotlar uchun yuqori narx to‘lash va haqiqiy o‘qituvchini qidirishdagi qiyinchiliklar. Yogaga o‘qitish – har qanday tovlamachilar va sektantlar uchun haqiqiy jannatning o‘zginasi. Jarohat olish va eski kasalliklarning avj olish imkoniyati – noto‘g‘ri amaliyot bo‘lib, u nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarohatlar (et uzilishi, suyak chiqishi) bilan, balki ichki organlar va tayanch-harakatlanish apparati surunkali kasalliklarining rivojlanishi bilan tahdid soladi. Yoga - fitnes va yoki sport emas, u bilan fakultativ tarzda shug‘ullanish imkoniyati yo‘q – siz yoki o‘zingizning butun turmush tarzingizni unga bo‘ysundirasiz, yoxud hech nimaga erisha olmaysiz. Yoga – bu nafaqat mashqlar majmuasi. Bu avvalom bor, inson dunyoqarashini o‘zgartiruvchi, o‘zini tutish uslubini o‘zgarishiga olib keluvchi muhim falsafa hisoblanib, hayotning barcha sohalariga kira oladi. Siz butunlay yoki to‘liq o‘zgarishga tayyormisiz?
Ushbu maqolani ham o‘qing: Jismoniy kamharakatlik - sog‘liqqa zarar keltiruvchi sabablardan biri

Make.uz nashri.

ico
Leyshmaniozlar
Leyshmanioz bu dunyo bo‘yicha 98 ta davlatdagi endemik va unitilgan tropik kasallikdir. Butun JSST ning ma’lumotiga ko‘ra 350 million odam bu kasallik bilan kasallanishi mumkin. Har yili 14 million odam ushbu kasallik bilan kasallanadi va 2 millionga yaqin yangi kasallik qayd qilinmoqda. Bundan tashqari har yili visseral leyshmanioz bilan 50 mingta o‘lim holatlari qayd qilinmoqda. Leyshmanioz- odamlarda va hayvonlarda uchraydigan transmissiv protozoy kasallik bo‘lib, ko‘zg‘atuvchisi leyshmaniyalar hisoblanadi va iskabtopar chivinlar tashuvchi bo‘lib, chaqish yo‘li bilan yuqtiradilar. O‘zbekistonda visseral zoonoz, teri antroponozi va zoonoz leyshmaniozi tarqalgan. Visseral leyshmaniozi: Indiya, Nepal, Bangladesh, Kavkaz orti, O‘rtayerdengizi, Janubiy Yevropa, Janubiy Amerika va Afrika davlatlarida tarqalgan. Respublikamizda visseral leyshmanioz kasalligi asosan Namangan va Navoiy viloyatlarida, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax viloyatlarida sanoqli holatlarda qayd etilmoqda. Bunda asosan 1 dan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasallanadi. Kasallik manbai- asosan itlar va bo‘ri, tulki va boshqalar bo‘lishi mumkin. Visseral leyshmanioz kasalligi shunisi bilan xavfliki, agar o‘z vaqtida glyukantim yoki ambizom dori vositalari bilan bemorlar davolanmasa 100% o‘lim bilan yakun topishi mumkin. Visseral leyshmaniozning inkubatsion davri 3 haftadan 3 yilgacha, o‘rtacha 3 oyni tashkil etadi. Visseral leyshmanioz (VL)- bu to‘satdan tana haroratini 39 400 C ko‘tarilishi bilan boshlanib, surunkali kechish bilan xarakterlanadi. Limfoid-makrofagal tizimining shikastlanishi, uzoq davom etuvchi isitma, taloq va jigarning kattalashishi, kam qonlik va ikkilamchi immunosupressiya bilan xarakterlanadi. Ayrim hollarda kasallik asta sekinlik bilan boshlanib, umumiy xolsizlik, ishtaxaning pasayishi, terining ransizlashishi, toshmalarni paydo bo‘lishi va leykopeniya bilan xarakterlanadi. Kasallikning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri bu- jigar va taloqni kattalashishidir. Taxminan 10% bemorlarda jigar sirrozi va portal gipertenziyasi kuzatiladi. Kasallikning oxirgi bosqichlarida shishlar paydo bo‘lib, xoldan toyish (kaxeksiya) va pigmentni ko‘payishi (kala-azar "qora kasallik” deyiladi). Kasallikni birinchi alomatlari boshlanganda shifokorga zudlik bilan murojaat qilish kerak, chunki kasallikni natijasi o‘z vaqtida va to‘g‘ri o‘tkazilgan davolashga bog‘liq. Maxsus davolash kursidan keyin bemor 1 yil davomida dispanser kuzatuvida bo‘ladi, chunki kasallik qaytalanishi ham mumkin. Agarda davolash kursidan keyin bemorning ahvoli yomonlashsa, qayta davolash kursi o‘tkaziladi. Teri leyshmanioz kasalligi:O‘rta Osiyo (Turkmaniston, O‘zbekiston) va Kavkaz orti; Afg‘onistanda, Yaqin Sharq va Afrika davlatlarida tarqalgan. Teri leyshmanioz kasalligi turizmni rivojlanishi bilan nafaqat endemik balki boshqa geografik xududlarda ham tez-tez uchramoqda. Endemik o‘choqlar asosan cho‘l xududlardagi qishloq va shahar chekkalarida uchraydi. Yozgi mavsumiy zararlanish iskaptoparlarni faollik davri bilan aniqlanadi. ZTL tabiiy o‘choqli transmissiv zoonoz kasallikdir. O‘zbekistonda teri leyshmaniozni 2 xil turi: zoonoz va antraponoz teri leyshmanioz kasalligi uchraydi. 1.Zoonoz, yoki o‘tkir nekrotik teri leyshmaniozi(sinonimi: qishloq leyshmaniozi; pendin yarasi, sharq yarasi; o‘tkir nekrotik leyshmanioz; murg‘ob yarasi; II tip leyshmanioz). Kasallik manbai: katta va qizil dumli qum sichqoni va boshqa kemiruvchilar ham bo‘lishi mumkin. Ular respublikamizning cho‘l xududlarida keng tarqalgan. Teri leyshmanioz kasalligi bilan barcha yoshdagilar kasallanishi mumkin. Inkubatsion davr.  Asosan 1 va to‘rt haftagacha, ba’zan 1,5 2 oygacha davom etadi. Kasallikdan so‘ng mustahkam immunitet paydo bo‘lib, bir umrga saqlanadi. Kasallik 2 10% qaytalanishi mumkin. Kasallik asosan yozning oxiri va kuz oylarida qayd etiladi. 2. Antroponoz teri leyshmaniozi(sinonimlari: Borovskiy kasalligi, sharq yarasi, kech yaralanadigan leyshmanioz, Ashxabodd va Qo‘qon yarasi, I tip leyshmanioz, shahar leyshmanioz, Saratov yarasi va boshqalar) o‘tkir nekrotik teri leyshmaniozi, qishloq tipidagi teri leyshmaniozi, "pendinka” pendeboshi, murg‘ob yarasi, afg‘on yarasi, pashsha xo‘rda va boshqalar. ZTL tabiiy o‘choqli transmissiv zoonoz kasallikdir. Kasallik asosan iskaptoparlar mavjud bo‘lgan shahar va viloyat shaharlarida qayd etiladi. Mahalliy aholidan ko‘pincha bolalar, chetdan kelganlardan barcha yoshdagilar kasallanadi. Kasallik tarqatuvchilarning faolligi bilan bog‘liq bo‘lib, asosan yoz va kuz mavsumida uchraydi. Infeksiya manbai - bemor odam, ba’zan itlar ham bo‘lishi mumkin. Kasallik aholi zich joylashgan punktlarda ko‘proq uchraydi, chunki kasallik iskabtoparlarni urg‘ochisi-Phlebotomus sergenti orqali odamdan odamga yuqadi. Bemordan qonni so‘rgandan keyin moskitlar 6 8 kunda zararli bo‘ladi. Sog‘ odamni iskabtopar chivinlari chaqqanida kasallik yuqadi. Inkubatsion davri 2 3 oy va 1,5 yilgacha davom etishi mumkin va 2 ta xarakterli belgisi bilan: tananing yuz, qo‘l va oyoqlarida yaralarni sekin paydo bo‘lishi va teri zoonoz leyshmanioziga nisbatan terida yaralarni kamligi bilan ajralib turadi. VL ga quyidagilar laboratoriya tekshiruvidan o‘tishi lozim: Klinik epidemiologik ko‘rsatgichga ega bemorlar (terini xarakterli zararlanishi), ya’ni bemorni teri leyshmaniozi o‘chog‘ida bo‘lganligi, endemik hududlarda va kasallik yuqish mavsumida bo‘lganligiga bog‘liq. Teri leyshmanioz kasalligida bemorlarni kasalxonaga yotqizish klinik ko‘rsatmasiga qarab yotqiziladi. Ayrim hollarda davolashsiz ham bemorlarni tuzalishi mumkin. Kasallangan bemorlarda immunitet mustaxkam qoladi. Leyshmaniozlarni profilaktikasi: Majmuaviy chora-tadbirlar-infeksiya manbai, yuqish mexanizmi, tarqatuvchilar va shaxsiy profilaktika choralarini o‘z ichiga oladi. Infeksiya manbaiga qaratilgan choralarga: visseral leyshmaniozda klinik asoratlarni oldini olishda bemorlarni o‘z vaqtida aniqlash va davolashdan iborat.Davolash kasalxona sharoitda o‘tkaziladi. Infeksiya manbai hisoblangan daydi itlarga qarshi veterinariya xizmati tomonidan kurash olib borish. Antraponoz leyshmanioz kasalligini profilaktikasi: Bolalar va migrantlar orasida kasallikni faol aniqlash. Bemorlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri davolash. Past yuqish davrida qaytalanuvchi leyshmaniozlarni erta aniqlash. Moskitlarni zararlanishini kamaytirish uchun kechqurunlari yarani bog‘lab qo‘yish lozim, chunki kasallik odamdan odamga iskaptoparlarning chaqishi orqali yuqadi. Shu bilan birga daydi itlarga qarshi kurash olib borish lozim bo‘ladi. Iskabtoparlarning ko‘payishiga qarshi olib boradigan chora-tadbirlardan biri bu aholi punktlari hamda xonadonlarda obodonlashtirish ishlarini olib borish. Bundan tashqari iskabtoparlarga qarshi xonadonlarni zaxarli ximikatlar bilan dorilash. Kasallik qayd qilganda xonadonlar ichi va tashqi qismi dorilanadi, hamda qo‘shni xonadonlar ham dorilanadi. O‘tkazilgan dezinseksiyani samarasi iskabtoparlarni dorilashdan oldingi soni va dorilangandan keyingi sonini taqqoslash asosida baholanadi. Endemik tumanlarda shaxsiy profilaktikaga repelentlar, uzoq muddatli ta’sir qiluvchi insektitsidlar bilan ishlov berilgan pashshaxonalardan konditsionerlar, elektrik fumigatorlar foydalanish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek xonadonlar devorlarining pastki qismlarini beton qoplamalari bilan qoplash, ko‘chalarni asfaltlashtirish, hovlilarni pishiq g‘isht bilan qoplash bilan iskaptoparlarning ko‘payishini oldi olinadi. Insektidsidlardan foydalanish bilan iskaptoparlar va ularning ko‘payadigan joylarida zararsizlantirish tadbirlari olib boriladi. Biror xonadonda leyshmanioz bilan kasallangan bemor aniqlanilganda shu uy tashqi va ichki qismlari ham insektitsid purkash bilan zararsizlantirilishi lozim. Reppelentlar, insektidsidlar bilan ishlov berilgan himoya vositalari va boshqalardan foydalanish bilan shaxsiy himoyalanish mumkin bo‘ladi. Chivinlarni chaqishini oldini olish uchun keki payt tanani ochiq qismini berkitadigan kiyimlarni kiyish lozim. (yengi uzun ko‘ylak va shim) Ximioprofilaktikani qo‘llash maqsadida endemik xududlarda xloridin yoki tindurinni haftada 1 marotaba yoshga qarab dozasida berish tavsiya etiladi.
Hozirda respublikada zoonoz teri leyshmaniozni immunoprofilaktikasi o‘tkazilmaydi.
© "Navoiy viloyat DSENM"
© Navoidsenm.uz
[highlight]Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni o‘qishingiz mumkin:[/highlight]