Ensiklopediya

MAQOLALAR

ico
Abstinensiya - ruhiy va somato-nevrologik buzilish

Abstinensiya narkotiklarni uzoq vaqt qabul qilishni to‘xtatish qoibatida yuzaga keladigan ruhiy va somato-nevrologik buzilishlarning birga kelishidir. Abstinensiya quvvatsizlik, ko‘p terlash, qusish, ich ketish, qo‘l titrashi, bo‘g‘imlarda og‘riq, nafas qisishi, yurak o‘ynashi va uyqusuzlik bilan kechadi. Abstinensiya holatida bemorlar ruhi tushgan yoki asabiy, serzarda bo‘lib qoladilar. Og‘ir abstinent sindrom agressiya bilan kechishi mumkin. Ba’zan bemorlar har qanday yo‘l bilan narkotikni olish uchun yig‘laydilar, o‘zlarini kasallikka soladilar: narkotik kiritilgandan so‘ng bu holat yo‘qolib ketadi. Hattoki, bemorlar qulflarni buzib preparatlarni o‘g‘irlaydilar.

[caption id="attachment_2440" align="aligncenter" width="365"]Abstinensiya Abstinensiya[/caption]

Yotoq rejimida davolanadi

Abstinensiyani davolash narkolog shifokor tomonidan shifoxonada yotish rejimida olib boriladi. Bemorlar bu holatdan davolanishni ko‘p ham istashmaydi. Dorilarni qabul qilishi nazoratsiz qoldirilsa, bemorlar dori vositalarini qabul qilmasligi mumkin. Shu sababdan bemor doimo naorat ostida bo‘lishi lozim.

[box type="info" ]Maqola Avitsenna.uz saytining "Ensiklopediya" rukni orqali e'lon qilinmoqda. Bu rukn orqali siz tibbiy atamalar, kasalliklar haqida ma'lumot olishingiz mumkin. Rukn har doim to‘ldirilib boriladi![/box]

ico
Infaltil — to‘liq rivojlanmagan bachadon

To‘y oldi yugur-yugurlarining o‘zgacha gashti bor. Ammo ba’zan ko‘ngilni xira torttiradigan holatlar ham uchrab turadi. Masalan, tibbiy ko‘rik vaqti bo‘lajak kelinda aniqlangan «yetilmagan bachadon» tashxisini olsak. Bu ma’lumot yoshlarni qo‘rqitishi tabiiy. Negaki ko‘pchilikni bunday tashxis bilan farzandli bo‘lish mumkinmi, degan savol o‘ylantiradi. Xo‘sh, aslida ham havotirga asos bormi? Davolanish-chi, natija beradimi?

Bu kasallikmi?

To‘liq rivojlanmagan bachadon infaltil deb nomlanib, a’zoning rivojlanishdan ortda qolganligi deya tushuniladi. Gap shundaki, qiz bola ulg‘aygani sari ichki a’zolari, shu jumladan bachadoni ham «ulg‘ayadi». Agar bachadon yetilmagan bo‘lsa, tabiiyki, u vazifasini ham yaxshi uddalay olmaydi.

Alomatlari

  • hayz ko‘rmaslik yoki kech hayz ko‘rish;
  • hayz ko‘rganda qon ajralmasining juda kam bo‘lishi;
  • gormonal tizimda o‘zgarishlar yuz berib, qalqonsimon bez kasalliklari rivojlanadi.
  • aqlan va jismonan yetilmaslik;
  • ayollik jozibasining yetishmasligi, ya’ni o‘zini o‘g‘il bolalarcha tutishi va fikrlashi;
  • ko‘kraklarning yetilmasligi;
  • ayrim hollarda soch tuklari ko‘pligi (baroqlik);
  • oyda bir-ikki marta kuzatiladigan tos sohasidagi og‘riqlar (hayz ko‘rmagani sababli);
  • tez-tez bosh og‘rishi.

Agar qizalog‘ingizda shunday alomatlar kuzatilayotgan bo‘lsa, darhol ginekolog ko‘riga oshiqing.

Nega bunday bo‘ladi?

  • Bolalikdagi turli yuqumli kasalliklar;
  • qalqonsimon bez xastaliklari;
  • shuningdek, bosh miya jarohati tufayli bachadon rivojlanishdan orta qolishi mumkin.

Davosi qanday?

Har bir bemorning organizmining individualligini hisobga olib, davo choralari belgilanadi. Bunda bachadon rivojlanganlik darajasi, gormonlar ishining izdan chiqqanligi va sabablari inobatga olinadi. So‘ng bosqichma-bosqich vitaminli muolajalalar va fizioterapiya, gimnastika, keyin esa gormonal terapiya o‘tkaziladi.

«Farzandli bo‘lamanmi?»

Homiladorlik yetilmagan bachadonning turlariga ham bog‘liq. To‘g‘ri muolaja qilinsa va muammo o‘z vaqtida aniqlansa, farzandli bo‘lish ehtimoli ortadi.

Farzandsizlikka faqatgina yetilmagan bachadonning o‘zi emas, endokrin tizimi va tuxumdonlar faoliyatidagi muammolar, ruhiy holat ham sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ba’zan qizlar bo‘y-bastining kichkinaligi, ozg‘inligi bachadonning hajmiga mos bo‘ladi. Siz xavotirga tushmang, yetilmagan bachadon tashxisi bilan farzand ko‘ra olmaslik fikri hozirda eskirgan. Bugungi tibbiyotda yetilmagan bachadonga yordam berish usullari ko‘p.

Aziz onalar!

Qizalog‘ingiz kelajakda shunday muammolarga duch kelmasligi uchun bolaligidanoq uning jismoniy rivojlanishiga e’tibor bering. Albatta, o‘smirligida ham ruhiy, ham jismoniy salomatligiga befarq bo‘lmang. Farzandingizdagi shamollash kasalliklarini o‘z vaqtida davolang, uni chiniqtiring, jismoniy va aqliy jihatdan charchashiga yo‘l qo‘ymang.

Mutaxassislar bilan maslahatlashish, ayniqsa, ginekolog ko‘rigidan o‘tkazishga uyalmang. Kasallik qanchalik erta (11-13 yoshgacha) aniqlansa, davolash shunchalik oson kechadi.

Ginekolog Hulkar RAVSHANOVA.
Sugdiyona.uz

ico
Infeksion endokardit: sabablari, belgilari, kechishi va davolash

Infeksion endokardit – asosan yurak klapanlarining zararlanishi va yurak endokard qavatining og‘ir yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallikdir. Endokard – yurak devorining tashqi tomondagi uchinchi – ichki qavati bo‘lib, yurak bo‘shlig‘ini o‘rab turadi. Infeksion endokardit og‘ir kechuvchi va aniqlanishi ancha qiyin bo‘lgan kasalliklardan biridir. Agar u o‘z vaqtida to‘g‘ri davolanmasa jiddiy asoratlar qoldirib, bemorni ancha qiynab qo‘yadi, hatto nogironlikka olib kelishi ham mumkin.

Kuzatishlar natijasiga ko‘ra, infeksion endokarditning birlamchi turi yurak qopqoqlari zararlanmagan bemorlarda uchrasa, ikkilamchi turi esa ko‘pincha orttirilgan va tug‘ma yurak nuqsonlari bor kishilarda rivojlanadi. Ilgari yurak kasalliklari tufayli jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan, sepsis, urologik, invaziv diagnostik muolajalarni qabul qilgan yoki qon tomirlariga tez-tez dori yuborish muolajasini olib turadigan kishilarda va giyohvandlarda va infeksion endokardit xastaligi ro‘y berishi mumkin.

Bundan tashqari, o‘tkir respirator kasalliklar, og‘iz bo‘shlig‘ida yiringli o‘choqlarning bo‘lishi va shu sohada qilingan operatsiyalar, tanosil a’zolari jarrohligi yoki bu a’zolarda asboblar yordamida uzoq vaqt tekshirilishi tekshiruv davomida zond (kateter)larning uzoq turib qolishi singari holatlarda organizmda infeksiya o‘chog‘i paydo bo‘ladi va kasallik kelib chiqishi mumkin.

Klinik kechishi bo‘yicha kasallikning o‘tkir, yarim o‘tkir va surunkali (qaytalanib turuvchi) turlari mavjudligi aniqlanilgan.

Kasallikning rivojlanishi

Infeksiya-bakteriyalar qon orqali yurak qopqoqchalari (klapanlari)ga o‘tib boradi va shu yerda to‘xtab, ikkilamchi infeksiya o‘chog‘ini hosil qiladi. Qopqoqchalarda va uning yaqinida-arterial tomirlarga o‘rnashib olgan mikroblar yig‘ilib to‘plamlar hosil qiladi, kasallik rivojlanishi jarayonida shu o‘choqli to‘plamlar uzilib bo‘lakcha (embol)lar ajralib chiqadi va qon tomir orqali tarqalishi natijasida septik holat yuzaga keladi. Embollar qon oqimi bilan tanadagi turli a’zolarga tushib to‘xtashi oqibatida tromboemboliya yoki absess – yiringli o‘choq asoratlari sodir bo‘ladi. Yurak qopqoqlarida joylashib olgan infeksiyalar a’zo va to‘qimalarda haddan tashqari kuchli reaksiya paydo bo‘lishiga olib keladi. Umuman bu kasallikning rivojlanishi va zo‘rayishi kasallangan a’zolarda distrofik o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Rivojlanish jarayonida infeksion endokardit oxirgi bosqichga o‘tib tana a’zolari faoliyatining buzilishi (masalan yurak-tomir, jigar, taloq hamda buyrak yetishmovchiligi) kuzatilishi mumkin.

Infeksion endokarditning rivojlanish bosqichlari tanadagi a’zolar tizimining qay darajada shikastlanishi bilan bog‘liq. Agar xastalik sababi virulent – patogen infeksiya bo‘lsa, endokarditning o‘tkir kechishi kuzatiladi. Bunda bemorlar qaltiraydi, kuchli terlash holati ro‘y beradi, tana harorati juda ham baland bo‘ladi. Bunda yurak va ichki a’zolar shikastlanib, 1-2 oy davomida zo‘rayib boruvchi yurak-tomir hamda nafas yetishmovchiligi, jigar, taloq va buyrak faoliyati izdan chiqishi yoki bosh miya tomirlarida trombo emboliya holati ro‘y beradi. Bunday holatlarda bemorning hayoti xavf ostida qoladi.

Kasallikning o‘rtacha o‘tkir kechishida esa umumiy holsizlik, charchoq, ishtaha pasayishi, ozish, bosh og‘rig‘i, terlash va ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi. Bemorlarning taxminan uchdan bir qismida infeksion endokardit ko‘pincha angina, zotiljam, yiringli otit, siydik yo‘llari infeksiyasi, bola oldirish (abort qildirish) yoki tug‘ruqdan keyin rivojlanishi mumkin. Ayrimlarda bu xastalik gemorragik belgilar (masalan oshqozon-ichak yoki burundan qon ketishi) bilan boshlansa, boshqa bir xil kishilarda esa septik gepatit, o‘pka abssessi, tromboembolik bo‘yin venalarining shishishi bilan kuzatiladi. Kasallikning boshlang‘ich davrlarida bemor terisi rangpar, kulrang, kechki davrlarda esa “sutli qahva” rangida bo‘lishi mumkin.

Infeksion endokarditda mayda tomirlar devori shikastlanishi sababli ko‘z qovoqlarida, qattiq va yumshoq tanglayda, bo‘yinda, ko‘krak, bilak va qo‘l-oyoq kaftlarida ko‘kimtir dog‘lar paydo bo‘ladi va ularda qontalashlar kuzatiladi. Ba’zi bemorlarning bo‘g‘imlarida og‘riq turadi, ya’ni mayda yoki yirik bo‘g‘imlarida artrit rivojlanadi. Umuman olganda infeksion endokarditning asosiy belgisi yurak shikastlanishi bo‘lib, bu xol ko‘krak sohasida stenokardiya yoki miokard infarktiga o‘xshash og‘riq bilan ifodalanadi.

[box type="info" align="aligncenter" ]Kasallikning erta davrida o‘choqli nefrit, kechki davrlarida glomerulonefrit belgilari rivojlanadi. Shuningdek jigar, taloq kattalashishi mumkin. Hatto bemorda asab tizimi shikastlanib, meningoensefalit va ruhiy o‘zgarishlar bilan ifodalanadi.[/box]

Infeksion endokarditning dastlabki bosqichlari turli bemorlarda turlicha boshlanadi. Masalan:

  1. Kasallikning asta-sekin boshlanishida bo‘shashish, o‘zini yomon his etish, bosh va bo‘g‘imlarda og‘riq turishi holatlari ro‘y beradi. Bu vaqtda infeksion endokarditni ayrim kasalliklar (ya’ni revmatizm, aorta qopqoqlari yetishmovchiligi, perikardit, poliserozit, bo‘g‘im kasalligi singarilar) dan farqlash lozim.
  2. Endokardit o‘tkir yuqumli kasallikka o‘xshash holatda boshlanganda bemor kuchli terlaydi, titraydi va tana harorati baland ko‘tariladi. Shunday paytda infeksion endokarditni gripp, terlama, bezgak kabi yuqumli xastaliklardan ajrata bilish muhim.
  3. Xastalik tromboembolik asorat bilan (ko‘pincha miya, taloq, buyrakda) boshlanganda uni buyrak tosh kasalligi bilan adashtirmaslik kerak.
  4. Infeksion endokardit o‘tkir glomerulonefrit, tizimli qizil yugurik, bezgak, brutsellyoz, zahmli aortit belgilari bilan yuzaga kelishi yoki kamqonlik va taloq kattalashishi bilan kechadigan “gematologik niqobli” bo‘lishi ham mumkin. Shunday holatlarda bu kasallikni qon tizimining boshqa ko‘plab xastaliklaridan farqlab olish zarur.

Tashxislash

Infeksion endokarditni tashxislash uchun bemorda EKG, ExoKG (iloji bo‘lganda transtorakal ExoKG), ko‘krak qafasining rentgenografiyasi, periferik qon tomirlar dopplerografiyasi, 3 soatlik termometriya, umumiy qon tahlili, umumiy peshob tahlili, qonning bakterial ekmasi va boshqa biokimyoviy tekshirishlar o‘tkaziladi.

Davolash

Davolash kasallikni yuzaga keltirgan sabablarga qarab amalga oshiriladi. Infeksion endokarditning boshlang‘ich davrida uzoq vaqt katta miqdorda kasallikka sezgir bo‘lgan antibiotiklar qo‘llanilsa xastalik tezroq tuzaladi. Bemorning immun tizimi ishini yaxshilovchi gormonal, nosteroid, peshob haydovchi, umumquvvatni oshiruvchi dori-darmonlar ham berish mumkin. Bordiyu antibiotiklar bilan davolash yaxshi natija bermasa, yurak qopqoqlarini jarrohlik yo‘li bilan sun’iy qopqoqlarga almashtirish mumkin.

Har bir kishi bilishi zarurki, kasallikning oldini olish uchun yurak xastaligi bilan og‘rigan bemor doimiy dispanser nazoratida turishi, og‘iz, burun va boshqa sohalardagi yiringli infeksiyalar o‘chog‘ini o‘z vaqtida aniqlab, muolajalarni barvaqt boshlashi dard tuzalishida muhim ahamiyatga ega.

© Gulchehra JABBOROVA, oliy toifali kardiolog.

 «Sihat-salomatlik» jurnali

ico
Hilpiroq aritmiya: sabab, belgilar, tashxislash va davolash

Hilpiroq aritmiya – bu yurak aritmiyalaridan biri hisoblanadi. Aritmiya so‘zi yunoncha aritmos (a – yo‘q, ritmos – marom) so‘zidan olingan bo‘lib, barcha yurak maromi buzilishlari uchun umumiy atama hisoblanadi. Aritmiya bilan tibbiyotning kardiologiya sohasi keng shug‘ullanadi. Ushbu maqolada biz hilpiroq aritmiyaga kengroq to‘xtalishni niyat qildik. Hilpiroq aritmiya – yurakning tez va tartibsiz urishi bo‘lib, qon aylanishining buzilishi va boshqa turli asoratlarga sabab bo‘ladi.

Nega endi “hilpiroq aritmiya”?

Ushbu turdagi aritmiyaga bunday badiiy nom berilishi bejiz emas. Hilpiroq aritmiyada yurakning bo‘lmachalari bir butun bo‘lib harakat qilmay, balki tartibsiz, mayda bo‘laklarga bo‘lingan holda, xuddi bayroqning hilpirashi kabi harakat qiladi. Bunday hilpirashlar soni daqiqasiga 400-700 marta bo‘ladi. Hozirgi kunga kelib olimlar bu atamani qayta ko‘rib chiqqan holda, unga “bo‘lmachalar fibrillyatsiyasi” deya nom berganlar, ammo eski atama qo‘llansa ham xato bo‘lmaydi.

Qanday turlari mavjud?

Xurujlarining davomiyligi, uning boshlanishi va tugashiga ko‘ra, hilpiroq aritmiya quyidagi turlari mavjud:

  • paroksizmal, ya’ni xurujsimon – bir maromda urib turgan yurakda qo‘qqisdan, xilpiroq aritmiya xuruji boshlanadi, oradan ma’lum bir vaqt o‘tgach, xuruj o‘z-o‘zidan yoki shifokor yordamida yurak yana bir maromda ura boshlaydi. Bunday xurujlarning davomiyligi bir necha daqiqadan 72 soatgacha davom etishi mumkin;
  • persistent, ya’ni saqlanib turuvchi – xuruj bir necha sutkagacha, va xatto hafta, oygacha davom etishi mumkin. Bunday xurujni faqat shifokor bartaraf qilishi mumkin;
  • doimiy hilpiroq aritmiya – bu turda hilpiroq aritmiya qachondir boshlangan, ammo bemor qachon boshlanganini bilmagan bo‘lishi mumkin, bunday hilpiroq aritmiya bartaraf bo‘lishi ehtimolligi juda kam va ko‘p hollarda tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, uni bartaraf qilish xavflidir;
  • alohida turdagi hilpiroq aritmiya – bu turdagi hilpiroq aritmiya asosan yoshlarda uchraydi, yuqori xavfga ega emas, ko‘p hollarda yurak xastaligi bo‘lmagan insonlarda uchraydi.

Hilpiroq aritmiyaning sabablari

Sabablarni shartli ravishda 2 turga ajratish mumkin.

Agar xilpiroq aritmiya – yurakda yuzaga kelgan qandaydir salbiy o‘zgarish yoki avvalroq rivojlanib ulgurgan kasallik ta’sirida yuzaga kelsa, bu yurak bilan bog‘liq sabablardir.

Demak, yurakka bog‘liq sabablar:

  • yurakning tug‘ma va orttirilgan nuqsonlari;
  • xafaqon xastaligi;
  • yurak ishemik kasalligi, miokard infarkti;
  • yurak mushagining nimjonligi bilan kechuvchi kasalliklar – kardiomiopatiyalar;
  • yurak mushagining yallig‘lanishi – miokarditlar;
  • yurak xaltasining yallig‘lanishi – perikarditlar;
  • yurakda bajariladigan turli jarrohlik amaliyotlari.

Yurakka bog‘liq bo‘lmagan sabablar:

Ba’zi odamlarda ma’lum bir omillardan so‘ng, albatta, hilpiroq aritmiya xuruji yuzaga keladi, bularga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • spirtli ichimliklar (ayniqsa, qizil sharob) ni “to‘yib” iste’mol qilgandan so‘ng;
  • qahva va shokoladni iste’molidan so‘ng;
  • sigareta chekishdan so‘ng;
  • haddan tashqari ko‘p taom iste’mol qilish.

Bunday omillardan so‘ng yuzaga kelgan hilpiroq aritmiya xurujlarini olimlari hazilomuz ohangda “bayramona yurak” deb atashadi.

Hilpiroq aritmiyaning belgilari:

  • yurak urib ketishi;
  • tomir urishining turlicha va betartib bo‘lishi;
  • havo yetishmaganday bo‘lishi;
  • bosh aylanishi;
  • umumiy holsizlik va tez charchash;
  • yurak sohasida og‘riq yoki noxushlikni sezish;
  • hushdan ketish, yo‘tal, uyqusizlik.

Qanday tashxislanadi?

Agar siz yoki yaqiningiz yuqoridagi belgilarni o‘zida sezsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Eng avvalo tez yordamga murojaat qilish lozim. Tez yordam kelguncha, odam o‘zo‘ziga quyidagicha yordam ko‘rsatishi mumkin:

  • ko‘zlar yumiladi va 10 soniya davomida ko‘z olmalari ikkala ko‘rsatkich barmoq bilan qattiqroq, lekin og‘ritmaydigan darajada bosiladi. Ushbu amal 1 daqiqada 3 marta bajariladi;
  • chuqur nafas olinadi va ushlab turiladi; amal 5 marta takrorlanadi va 2-3 daqiqa kutib turiladi, so‘ngra yana bajarish mumkin;
  • oyoqni tizza bo‘g‘imida bukib, o‘tirib olinadi, qorinlar songa tekkan; shu vaziyatda chuqur nafas olib so‘ng, kuchaniq bajariladi;
  • bosh sovuq suvga botiriladi.

Muolajalar yordam bermagan hollarda tez tibbiy yordam kelishini kutish lozim. Xuruj tezda o‘tib ketgan bo‘lsa-da, shifokor qabuliga borish lozim.

Hilpiroq aritmiya qanday davolanadi?

Hilpiroq aritmiya – bu surunkali kasallik bo‘lib, davolash va doimiy kuzatuvni talab etadi. Hilpiroq aritmiyani qanday davolashni faqat kardiolog shifokor hal qiladi. Qulaylik uchun davolashning ikki turini ko‘rsatib o‘tamiz:

  • dori vositalari bilan davolash;
  • jarrohlik usuli bilan davolash.

Dori vositalari bilan davolash – xurujni bartaraf qilish, hilpiroq aritmiyaning asoratlarini oldini olish yoki ularni davolashga qaratilgan.

Jarrohlik usuli bilan davolash, odam tanasida hech qanday katta kesimlar qilinmaydi, narkoz berilmaydi, bemor og‘riqni sezmaydi. Hozirgi kunda olimlar tomonidan bir necha amaliyot turlari taklif etilgan bo‘lib, ularga kateter ablyatsiyasi, labirint amaliyotini kiritish mumkin. O‘zbekiston sharoitida hozircha faqat kateter ablyatsiyasi bajarilmoqda.

Asoratlari qanday?

Yurakning betartib va tez qisqarish natijasida bo‘lmachalar devorida asta-sekinlik bilan qon quyqalari shakllanib boradi. Qon quyqalari – ya’ni, tromblar juda xavfli bo‘lib, ularning ko‘chishi natijasida ular qon oqimi bo‘ylab, biron tomirga borib tiqilishi mumkin. Buning natijasida, o‘sha tomir qaysi a’zoni qon bilan ta’minlaydigan bo‘lsa, o‘sha a’zo faoliyatining keskin buzilishi va hatto o‘lim yuza kelishi mumkin.

Xususan, tromblar miya tomirlariga tiqilganda, bosh miyada o‘tkir qon aylanish buzilishi – insult yuzaga kelishi mumkin. Shu asoratni oldini olish maqsadida shifokor qonni suyultiruvchi dori vositalarini buyurishi mumkin. Yurakning betartib qisqarishi – odamda borgan sari yurak yetishmovchiligi shakllanishiga sabab bo‘ladi. Yurak yetishmovchiligi – bu yurak mushagining yetarli qisqarmasligi, holsizligi natijasida o‘z ishini to‘la-to‘kis bajarolmasligidir. Yurak yetishmovchiligi surunkali kasallik bo‘lib, qonning tanada yaxshi haydalmasligi bilan ifodalanadi.

So‘ngso‘z o‘rnida: biz uch kishimiz – shifokor, bemor va kasallik. Bemor qaysi tarafda bo‘lsa, o‘sha taraf yutadi.

© Umid Abdusattorov, kardiolog.

Tib.uz nashri.

ico
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )

Allergik rinitning asosiy belgilari – burun bo‘shlig‘ining qichishish va ta’sirlanishi, aksirish va burundan nazla kelishi, ko‘pincha burun bitishi bilan birga, shuningdek, tomoq qitiqlanishi, ko‘zlar va ko‘z shilliq pardasining qichishishi, yosh oqishi va ko‘z sohasining shishishi bilan ham kuzatilishi mumkin.

Ayrim hollarda allergik rinit bir oz noqulayliklar tug‘dirishi mumkin. Og‘ir hollarda esa u mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib keladi. U bosh og‘rig‘i, holsizlik (tez charchash) va diqqatni jamlashning buzilishi bilan asoratlanishi mumkin. Mavsumiy allergik rinitning sababi – o‘simlik changchisidir. Kishilarda allergik rinit rivojlanishi uchun changchi shamolda changlanadigan o‘simlikka tegishli bo‘lishi va u ko‘p miqdorda hosil bo‘lishi, yengil, uchuvchan va o‘lchami 35 mmk dan katta bo‘lmasligi hamda allergenlik xususiyatiga ega bo‘lishi kerak. Allergik rinitning paydo bo‘lish sabablari va tezligi shu joyning geografik hamda iqlim sharoitiga bog‘liq.

Qozog‘istonda allergik rinitni ko‘proq shuvoq (ermon) changchisi keltirib chiqaradi. Bizning iqlim sharoitimizda esa ko‘proq ermon, burgon, sho‘ra, o‘tlar changlari allergik rinitning asosiy sababchisi bo‘lib hisoblanadi. Krasnodar o‘lkasida ambroziya, Turkmanistonda sho‘ra, Kiyevda boshoqli o‘tlar, timofeyevkalar sabab bo‘lishi mumkin. Allergik rinitning tarqalishini o‘rganishda aeropollinologik tekshirish o‘tkazish muhim ahamiyatga ega.

Yilning turli davrlarida har qaysi hudud uchun changning sifati va miqdoriy tarkibini mutaxassis botaniklar aniqlab beradilar. Qator mamlakatlarda har kuni havodagi changning miqdori va tarkibiko‘rsatilgan qisqacha rasmiy ma’lumotlar varaqasi chiqariladi. Shifokor-allergologlar allergen o‘simliklarning gullash oylik kalendariga ega bo‘lishlari kerak. Shu maqsadda turli geografik iqlim doiralarida turli xil o‘simliklarning gullash muddatlarini ko‘rsatadigan chang to‘lqinlari aniqlanadi. Bu shifokorlarga o‘z vaqtida kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini o‘tkazishga, bemorlarni esa bu davrda mamlakatning boshqa hududlarigi ko‘chib o‘tishiga imkon beradi. O‘rab turuvchi havo tarkibidagi zamburug‘lar sporalarining miqdori yil fasllariga bog‘liq. Ular ko‘pincha qish oylarida kamayib, yoz va kuz oylarida ko‘payadi.

Zamburug‘larda allergiyaning bo‘lishi ko‘pincha bronxial astmaning rivojlanishiga olib keladi. Zamburug‘lar sporalarining soni bilan begona o‘tlarga allergiyasi bo‘lgan bemorlardagi klinik belgilarning ko‘rinishi orasida bog‘liqlik borligi aniqlangan. Bu dalilni qisman zamburug‘ sporalarining o‘lchamlari kichikligi bilan tushuntirish mumkin. Garchi uy changidagi kanalar yil davomidagi allergen deb hisoblansada, ularning soni nam havoli kuz oylarida ko‘payishi mumkin. Har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari sezuvchanlikning oshishiga va allergik kasalliklarning mavsumiy avj olishiga sharoit yaratishi mumkin.

Sudanning shimoliy qismlarida astma va rinitning avj olishi quruq qish oylarida kuzatiladi. Bunga turib qolgan anhor suvida ko‘paygan mayda chivinlar sabab bo‘ladi. Ko‘rsatib o‘tilgan omillarni bilish, mavsumiy allergik rinitning tashxisida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘simlik changiga nisbatan kesishuvchi allergik reaksiyalar. O‘simliklarning turli oila va avlod vakillari tekshirib ko‘rilganda chang o‘z tarkibida umumiy va umumiy bo‘lgan allergenlarni saqlashi ma’lum bo‘ladi. Shunga bog‘liq holda bemorlarda IgE antitelo bilan kimyoviy tuzilishi jihatidan yaqin bo‘lgan allergenning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keluvchi o‘zaro kesishuvchi allergik reaksiyalar holati kuzatilishi mumkin. Kesishuvchi reaksiyalarni chang va oziq-ovqat allergenlari keltirib chiqarishi mumkin. Qayin changchisiga allergiya holati ko‘pincha oziq-ovqat allergiyasi bilan bog‘lanib keladi. Yangi mevalar (olma, shaftoli, gilos) yoki sabzi, yong‘oq iste’mol qilinganda Kvinke shishi va badan qichishishi kuzatiladi. Kesishuv reaksiyalarini o‘tloq o‘tlari bilan qovun va banan ham berishi mumkin.

Yil davomida kuzatiladigan allergik rinit. Uy-ro‘zg‘or allergenlari bilan kishi, odatda, yil bo‘yi yaqinlikda bo‘ladi. Ularga uy changi kanalari va uy hayvonlari qazg‘og‘i kiradi. Ba’zi hududlarda suvaraklar va zamburug‘larning ayrim turlari bevosita ahamiyatga ega.

Rinitning boshqa turlari. Noallergik, noinfeksion rinit – bu boshqa guruh kasalliklardir. Bu turdagi rinit bilan kasallangan bemorda turli qitiqlovchi triggerlarga – o‘tkir hidlarga (odekolon, oqartiruvchi moddalar, erituvchilarga), tamaki tutuniga, changlarga, avtomobil gazlariga, atrof-muhit harorati va namligi o‘garishlariga sezuvchanlik ortadi, shuning uchun ko‘proq “vazomotor” emas “idiopatik” rinit terminini ishlatish o‘rinlidir. Kasallikning rivojlanish mexanizmi noma’lum. Noallergik rinit eozinofillar ko‘payishi belgisi bilan  o‘rta yoshdagi kishilar orasida uchraydi. Rinit belgilari (aksirish, burun bo‘shlig‘ida qichishish, burun oqishi) ba’zan hid bilishning pasayishi bilan va burun shilliq qavatida eozinofillarning ko‘payib ketishi bilan birgalikda keladi. Allergiya belgilari (musbat teri sinamalari, IgE ning qonda oshib ketishi) bo‘ladi. Ba’zi hollarda aspirinni ko‘tara olmaslikning boshlang‘ich davrini aniqlash mumkin. Bu bemorlarni glyukokortikoid gormonlar bilan mahalliy davolash ko‘p hollarda yaxshi natijalarni beradi. Burun polipozi 25 foiz bolalarda va 45 foiz katta yoshdagilarda shilliq ajralishi bilan, 30 foiz bemorlarda bronxial astma bilan kechadi. Bu xastaliklarda infeksiya, yallig‘lanishlar va araxidon yoki boshqa moddalar almashinuvi jarayonining buzilishi sababchi omillar deb hisoblanadi. Allergiya polipozga sabab bo‘lsa kerak, ammo to‘yingan hujayralar va eozinofillar faollashuvining yallig‘lanish bilan davom etishi muayyan ahamiyat kasb etadi va bu yerda glyukokortikoidlarning samaraliligini tushuntirishga imkon beradi.

Kasbga oid rinit.  Ish joyida allergen bilan yaqin kontaktda bo‘lish oqibatida rivojlanadi. Uning sabablari tajriba hayvonlari (kalamushlar, sichqonlar, dengiz cho‘chqalari va boshqalar), don mahsulotlari (novvoylar, qishloq xo‘jalik xodimlari) va yog‘och changlari, ayniqsa qattiq daraxt navlari (qizil daraxt, kedr va boshqalar), lateks va kimyo-viy moddalar, shu jumladan kislota angidridlari, platina tuzlari, yelim va erituvchilar bo‘lishi mumkin.

Gormonga bog‘liq rinit. Homiladorlik paytida va jinsiy yetilish davrida hamda gipotireozda va akromegaliyada rivojlanishi mumkin. Ayollarda menopauza davrida gormon balansining buzilishi burunda atrofik o‘zgarishlar paydo bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin. Dori moddalardan paydo bo‘ladigan rinit turli dori moddalar, jumladan rezerpin, guanitidin, fentolamin, metil-dopa, angiotenzinga aylanuvchi fermentlar, alfa-adenoblokatorlardan (prozazin tipidagi), betta-adrenoblokatorlardan ko‘zga tomiziladigan tomchilar ko‘rinishidagi, xlorpromazindan, aspirindan va boshqa steroid bo‘lmagan yallig‘lanishga qarshi moddalardan va homiladorlikdan saqlanish uchun ichiladigan dorilardan bo‘lishi mumkin.

TASHXISLASH USULLARI

Quyida rinitni tashhislashda foydalanish mumkin bo‘lgan barcha tekshirish usullari sanab o‘tilgan, amaliyotda ularning bir qismi qo‘llanilishi mumkin. Birinchi navbatda bemorda anamnez yig‘ilib, lor organlar ko‘rigidan so‘ng quyidagi tashxislash usullari qo‘llaniladi:

Allergologik sinamalar:

  • teri sinamalari;
  • zardobdagi umumiy IgE ni aniqlash;
  • zardobdagi maxsus IgE ni aniqlash;
  • dag‘al va egiluvchan endoskop yordamida ko‘rish.

Burun-halqum bo‘shlig‘idan surtmalar va yuvilgan suvlarni tayyorlash:

  • sitologik tekshirishlar uchun;
  • bakteriologik tekshirishlar uchun.

Rentgenologik usullar:

  • burun yon bo‘shliqlarini rentgen nurlari yordamida tasvirga tushirish;
  • kompyuterli tomografiya (tekshiruvchi a’zo qavatlariga rentgen nuri bog‘lamlarini yuborib, skanirlash yo‘li bilan tekshirish va uni EHM orqali sog‘-lom to‘qimadan farqini aniqlash);
  • magnitli-rezonans tomografiya.

Qonni tekshirish:

  • qondagi shaklli elementlar sonini sanash;
  • qalqonsimon bez funksiyasini tekshirish;
  • antineytrofil sitoplazmatik antitelo;
  • immunoglobulinlar va IgG quyi sinflarini aniqlash.

Anamnez va ko‘rik. Sinchiklab yig‘ilgan anamnez allergik rinitni gumon qilishga imkon beradi. So‘rab chiqish paytida bemorning yashash sharoiti, shu jumladan, bajaradigan ishining alohida xususiyatlari va nasl-nasabi haqida ma’lumotlar olish kerak. Allergik rinit har qanday yoshdagi kishilarda, jumladan, chaqaloqlarda ham uchrashi mumkin. Shuning uchun shifokor belgilar paydo bo‘lish vaqtini aniqlashi zarur. Ko‘p hollarda allergik rinit 20 yoshgacha rivojlanadi, yoshlik paytida uning uchrash tezligi 15 foizni tashkil qiladi. Belgilar paydo bo‘lish tezligini (har kuni, epizodik, yilning aniq bir vaqtida yoki doimiy) hamda ularning cho‘zilishini, qanday ko‘rinishda ifodalanishini va kasallik kechishi jarayonining harakatdagi holatini baholash zarur. Rinit bilan kasallangan bemorlarni ikki guruhga – burundan nazla kelishi va aksirish ustunroq bo‘lgan bemorlarga va burun bitishi ustunroq turadigan bemorlarga bo‘lish mumkin. Allergik rinit bilan kasallangan bemorlar ko‘proq birinchi guruhga kiradi.

Birinchi guruh uchun xarakterli xususiyatlar:

  • aksirish (odatda xuruj bilan);
  • burun-halqum bo‘shlig‘iga oqishdan ko‘ra, burundan oqish ko‘proq xarakterli;
  • burun bo‘shlig‘ida qichishish;
  • burun bitishi (har xil ko‘rinishda);
  • kecha-kunduzlik maqomi (belgilari kechasi kamayib, kunduz paytlari kuchayadi);
  • ko‘pincha kon’yunktivit bilan birgalikda yondosh keladi.

Ikkinchi guruh uchun xarakterli xususiyatlar:

  • aksirish onda-sonda yoki umuman yo‘q;
  • quyuq shilliq modda burun bo‘shlig‘idan ko‘proq burun-halqumga oqadi;
  • qichishish yo‘q;
  • burun bitishi (ko‘pincha ancha yaqqolroq ko‘rinishda);
  • kechasi va kunduzgi paytlarda belgilarning doimiyligi (kechasi og‘irlashish kuzatilishi mumkin).

Burunning bir tomonlama bitishi polip borligiga, tuzilish anomaliyalari o‘sma borligiga shubha qilishga majbur qiladi. Hid sezishning pasayishi va yo‘q bo‘lishi polipoz rinosinusitda yoki rinitning og‘ir kechadigan hollarida uchraydi. Burun bitishi bilan bog‘liq belgilar, og‘iz va tomoq qurishi, ovoz ming‘illab qolishi bilan birga kechadigan allergiyada bemor burun uchini kafti bilan tez-tez artib turadi, buning oqibatida burun uchining sal yuqori qismida ko‘ndalang burmalar hosil bo‘ladi.

Aksirish ko‘proq xuruj ko‘rinishida paydo bo‘ladi. So‘rov paytida kasallik belgilarining paydo bo‘lishiga yoki kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan irritantlarni va ob-havo sharoitlarini aniqlash zarur. Agar allergen sut emizuvchilarning qazg‘og‘i, uy changi kanalari va mog‘or zamburug‘lari ko‘rinishida bo‘lsa, kasallik belgilari, odatda har doim saqlanib qoladi. Namlikning ortishi kanalar va mog‘or zamburug‘larining ko‘payishiga imkon beradi. Kanalarning yashab, oziqlanadigan joylari ko‘proq to‘shaklar, yostiqlar, pardalar va gilamlar bo‘ladi. Mog‘or zamburug‘lari uy o‘simliklarida va kitoblarda o‘sadi. Havodagi chang qismlari soni bilan klinik belgilarning ko‘rinishi orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor. O‘simliklar gullash mavsumining kirib kela boshlashi bilan organizm-ning allergen changiga sezuvchanligi kuchayib borishi natijasida kasallik belgilarining ko‘rinishi ko‘payib boradi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ham rinit belgilarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu provokatsion sinamalar yordamida tasdiqlangan. Yuqori ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar va ruhiyatga ta’sir qiluvchi omillar ham rinitni kuchayishiga olib keladi. Allergiyaga moyilligi bor bemorlarda yuqori nafas yo‘llari infeksiyasining klinik manzarasi allergik reaksiyaga o‘xshash bo‘lishi yoki turli allergenlarga sezuvchanlikning ortishiga olib kelishi mumkin. Meros qilib olish poligen tipida, ya’ni genlar orqali yuzaga kelishiga qaramay, anamnezdagi irsiy anomaliya allergik kasallikning rivojlanish ehtimolini ko‘p-roq qilib qo‘yadi. Bemorning qarindosh-urug‘ida allergik kasalliklarning yo‘qligi zinhor allergik rinit tashhisini yo‘qqa chiqarishga imkon bermaydi. Burun bo‘shlig‘ini surunkali rinit yoki tipik bo‘lmagan bir tomonlama rinitlarning hamma holatlarida endoskopiya qilish zarur. Buning uchun burun ko‘zgularidan, peshona reflektoridan, otoskop (quloq oynasi), burun adapteri bilan Xopkinsning dag‘al endoskopidan yoki egiluvchan nazofaringoskopdan foydalanish lozim.

Teridagi sinamalar. O‘ta sezuvchanlikning tez sodir bo‘ladigan teri reaksiyalaridan allergiyaning IgE ga bog‘liq turini aniqlashda foydalaniladi. Bu sinamalar allergologiyada asosiy tashhis usullaridan biri hisoblanadi.

Usullar. Allergiyaning tez sodir bo‘ladigan turini aniqlash uchun skarifikatsiya sinamalaridan foydalanish afzalroq. Garchi, teri ichiga qilinadigan sinamalar sezgirroq bo‘lsada, ular yolg‘on musbat natijalar berishi va ba’zan umumiy reaksiyalar keltirib chiqarishi mumkin. Shu munosabat bilan ulardan faqat skarifikatsiya sinamalari manfiy bo‘lgan holatlarda foydalanish mumkin. Hozirgi paytda bunday sinamalar soni juda ko‘p. Ularni tekshiruvchining tajribasiga ko‘ra va sinamalarning qaysi biri afzalroq, deb bilishiga qarab tanlanadi.

© Ozod NAZAROV, allergolog, professor.

© "O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

Davomi: Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 2-qism )

 [divider]
[highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]

 

ico
Mavsumiy allergik rinit - tashxislash va davolash choralari ( 2-qism )

Teri sinamalari. Oddiy, og‘riqsiz va arzon tekshirish usuli hisoblanadi. Agar ular o‘z ishini yaxshi biladigan xodim tomonidan yuqori sifatli allergenlar eritmalaridan foydalanilgan holda qilinsa, sinamalar natijasi mutanosib ravishda bo‘ladi. Teridagi sinamalarni ko‘p miqdorda o‘tkazish mablag‘ va vaqt talab qiladi. Bu, ayniqsa, poliklinika amaliyotida zarur emas. O‘tkaziladigan tekshirishlar havodagi eng ko‘p tarqalgan allergenlarga sezuvchanlikni tekshirish bilan chegaralanishi kerak (junga, uy changi kanasiga, mog‘orga, uy hayvonlariga va bosh-qalar).

E immunoglobulini. Umumiy zardobdagi IgE miqdori har xil radioimmun va immunoferment usullar yordamida aniqlanadi. Meyorda IgE tug‘ilgan vaqtda 0-1 kЕd/l ni tashkil etadi va o‘smirlik yoshiga yetguncha asta-sekin ko‘payadi, keyin pasayadi hamda 20-30 yoshlarda aniq bir miqdorda qaror topadi. Umumiy IgE miqdorining 100-150 kЕd/l dan ko‘p bo‘lishi ko‘tarilgan hisoblanadi. Maxsus IgE ni aniqlash, ayniqsa teridagi sinamalar uchun allergenlar ekstraktlarini olishning iloji bo‘lmagan hollarda qo‘l keladi. Bu maqsadda dastlab radioallergosorbent test (PAST) hamda radioimmun va immunoferment usullar qo‘llaniladi.

Sitologik tekshirishlar uchun burun bo‘shlig‘idan surtmalar olish. Burun bo‘shlig‘idan olingan surtmalar va yuvilgan suvlarni tekshirish allergik hamda infeksion rinit orasida differensial tashhis o‘tkazishga imkon beradi. Allergik rinit va eozinofillar ko‘payishi bilan kuzatiladigan noallergik rinit uchun eozinofillar infiltratsiyasi xarakterli, bakterial infeksiyada esa neytrofillar sonining ko‘payishi xos xususiyat hisoblanadi.

Periferik qon hujayralaridan mediatorlarning ajralib chiqishi. Maxsus allergenlar ta’siri ostida qondagi bazofillarning buzilishi yallig‘lanish mediatorlari ajralib chiqishi bilan (gistamin, leykotriyenlar) yuz beradi. Mikroskop yordamida bu mediatorlarning bazofillardan ajralib chiqishini baholash mumkin, ammo bu usuldan faqat ilmiy maqsadlarda foydalaniladi.

Allergik reaksiyalar vaqtida mediatorlarning ajralib chiqishi. Qon, burun oqmalari yoki siydikdagi mediatorlar va fermentlar miqdorini o‘ta maxsus hamda sezgir usullar – gistamin, prostaglandin, leykotriyenlar C4, I4, E4, triptazalar, kininlar, eozinofil kation oqsillarini titrlash yo‘li bilan tekshirish mumkin. Bu moddalarning dastlabki asos qilib olingan miqdorlari hamda allergen ta’sir qilgandan keyingi miqdorlari aniqlanishi mumkin. Hozirgi vaqtda bu usul faqat tadqiqot maqsadlarida qo‘llaniladi.

Prvokatsion usullar. Burun ichiga qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatuvchi usul muayyan ahamiyatga ega bo‘lib, faqat klinik allergologiyadan maxsus ixtisos olgan mutaxassis tomonidan o‘tkazilishi mumkin.

Otorinolaringologik tekshirishlar endoskopiya, shilliq ajratib chiqarish ishini, hid sezishni tekshirish, burun yo‘llarining o‘tkazuvchanligini baholash tashhis qo‘yish imkoniyatlarini ancha kengaytiradi.

Burun oldi bo‘shliqlarini rentgen nurlari yordamida tasvirga tushirish. Burun oldi bo‘shliqlarining g‘ovaklanish bo‘shliqlari bo‘lishini ancha pasayganini, shilliq qavatning qalinlashganini va hatto yuqori jag‘, peshona va ponasimon bo‘shliqlar devoridagi buzilishlarni aniqlash mumkin. Oddiy rentgenografiyada burun bo‘shlig‘ining yon devorlari va g‘alvirsimon chig‘anoq tuzilishining yaxshi ko‘rinmasligi yolg‘on manfiy va musbat natijalarga olib kelishi mumkin.

Kompyuterli tomografiya (KT). KT hozirgi vaqtda turli burun va burun oldi bo‘shliqlari kasalliklarini tashhislashda asosiy rentgenologik usul bo‘lib qoldi. Garchi boshqa kasalliklarning yo‘qligini aniqlashga imkon bersa ham, allergiya tashhisida esa u hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. KT yordamida yumshoq to‘qima va suyak tuzilishi holatlarini birma-bir sinchiklab o‘rganish mumkin. Patologik jarayonning qanchalik tarqalganligini aniqlash hamda aniq belgilari bo‘lgan taqdirdagina tashhis qo‘yish mumkin. Suyak tuzilishi yoki yumshoq to‘qima holati haqida ko‘proq ma’lumotlar olishga imkon beruvchi turli tekshirish usullari mavjud.

Allergik rinitni davolash usullari

Allergenlarni yo‘q qilish va atrof-muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar. Rivojlangan mamlakatlarda kishilar ko‘p vaqtlarini xonalarda, ish joylarida o‘tkazadilar. Atrofni o‘rab turgan muhit esa doim turli allergenlarni o‘z ichida saqlaydi, ular o‘z navbatida rinit rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. So‘nggi o‘ttiz yil ichida ko‘pchilik mamlakatlarda tashqi muhitdagi, binolardagi allergen va noallergen komponentlar tarkibi ancha o‘zgardi, allergik kasalliklar bilan kasallanish xavfi ortdi. O‘rta iqlimli mamlakatlarda elektr kuchini tejashga intilish, havoni yangilash uchun xonani shamollatish noqulay bo‘lgan uylarning qurilishi natijasida xonalarda uy kanalari soni ko‘pa-yib ketadi. Har qanday holatda (garchi allergenlarni butunlay yo‘q qilishning imkoni bo‘lmagan taqdirda ham) iloji boricha xonalarda o‘rab turuvchi muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Ushbu chora-tadbirlar bemor ahvolini ancha yaxshilash va dori moddalar qo‘llash zaruriyatini kamaytirishi mumkin. Shuni inobatga olish lozimki, allergen manbai yo‘qotilgach (masalan, uy hayvonlari), bir necha hafta yoki oy o‘tgandan keyingina buning samarasini ko‘rish mumkin. Uy changidagi kanalarni yo‘q qilish uchun xona havosining namligini kamaytirish, akaritsidlar hamda himoya qoplamidan foydalanish mumkin. O‘simlik changi va xonada uchramaydigan boshqa allergenlar ta’sirini kamaytirish ancha qi-yinchilik tug‘diradi.

O‘simlik changi allergenlari bilan kontaktni yo‘q qilish choralari

  • O‘simlikning gullash mavsumi haqidagi ma’lumotni oldindan bilish;
  • havosida katta miqdorda allergen bo‘lgan hududlardan uzoqlashish;
  • deraza va eshiklarni zich yopish
  • avtomobillarda himoya filtridan foydalanish
  • tashqarida ko‘zoynak taqib yurish kerak.

Uy kanalari miqdorini kamaytirish chora-tadbirlari

Yotoqxona:

  • to‘shak, ko‘rpa va yostiqlarning ustini qoplash uchun allergen kira olmaydigan matolardan foydalanish kerak;
  • to‘shak, yostiq, bosh taraf oralig‘i atroflari va yotoqxona pollarini har hafta changyutgich yordamida (sinchiklab) tozalash;
  • par yostiq va jun ko‘rpalar (yopinchiqlar)ni sintetik matolardan tayyorlanganlariga almashtirish, ularni har hafta +60oS haroratli suv bilan yuvib turish, iloji boricha gilamlarni olib tashlash;
  • har hafta namlangan latta bilan xona jihozlarining yuza qismlarini artib chiqish, shu jumladan deraza ostlari va shkaflarning yuqori qismlarini ham;
  • paxta tolasidan tayyorlangan pardalar osish va ularni tez-tez yuvib turish;
  • bir martalik (foydalaniladigan) qog‘oz xaltali va filtrli yoki suv manbai bilan bo‘lgan changyutgichlardan foydalanish. Ish vaqtida niqob tutish;
  • tozalash ishlarini boshqa kishi qilgani ma’qulroq;
  • kanalarni yo‘qotish uchun kimyo-viy moddalar (akaritsidlar)ni qo‘llash;
  • mato qoplangan yumshoq mebellarni tozalashga alohida e’tibor kerak. Mebelni kamida 1 haftada 2 marta changyutgich bilan tozalash kerak, shu jumladan stullarning ulanish joyi, suyanadigan va bosh tegib turadigan qismlarini ham.

Bolalar. Tozalash paytida bemor bolalar xonadan tashqarida bo‘lishlari va u yerga 2 soatdan keyingina kirishlari mumkin. Bolalar yumshoq o‘yinchoqlari bilan karavotda uxlashlari mumkin emas. Kanalar miqdorini kamaytirish uchun o‘yinchoqlarni ham changyutgich yordamida tozalash, kimyoviy tozalashga berish yoki kechasiga muzxonaga qo‘yish kerak.

Uy hayvonlari. Iloji boricha uy hayvonlarini saqlamaslik, yangilarini olib kelmaslik, ularni yotoqxonaga kiritmaslik zarur. Oilada allergik kasallikning paydo bo‘lishi bilan hayvonlarni ko‘paytirish tavsiya etilmaydi, chunki bulardan sezuvchanlikning ortib ketishi va rivojlanishi mumkin. Uy hayvonlarini har doim yuvintirib turish lozim.

Maqolaning ilk qismi: Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )

© Ozod NAZAROV, allergologprofessor.
"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

 

ico
Endometrioz - orttirilgan dard

Endometrioz (bachadon shilliq qavati bo‘lmish endometriyning atrofdagi to‘qimalarga o‘sib kirishi) ayollar kasalliklari o‘rtasida uchrashi bo‘yicha yuqoriroq o‘rinda turadi. Endometrioz ko‘pincha orttirilgan bo‘ladi. Operatsiya vaqtida yoki qorin bo‘shlig‘i atrofida noto‘g‘ri muolajalar o‘tkazilganda (masalan, shifokor ruxsatisiz qorin bo‘shlig‘ini massaj qilishda, bug‘lash, issiqlik qilish va boshqalarda) endometriy joyidan ko‘chib, tananing boshqa joyiga yoki jinsiy a’zolarning boshqa qismiga tushadi va u yerda vaqtivaqti bilan (hayz oldidan va hayz paytida) suyuqlik chiqarib turadi. Bu orttirilgan endometriozdir.

Kasallikni davolash uchun, avvalo, dard sababini aniqlash kerak. Shu maqsadda kichik chanoq a’zolari hayzning 5-7 kunlarida va 20-22 kunlarida UTT yordamida tekshiriladi va magnit rezonansli tomografiya orqali endometriozning “kichik” sohalarini aniqlash mumkin. Bachadon rentgenda ko‘riladi, ko‘rsatma asosida biopsiya qilinadi. Kasallikning bir qancha turlari endometrioz o‘choqlari joylashishiga qarab farqlanadi.

Jinsiy a’zo endometriozida jinsiy a’zo bilan qovuq yoki to‘g‘ri ichak o‘rtasida do‘mboqchalar hosil bo‘ladi, qaytalab turadigan qon oqishlar tufayli endometriomalar qora-qo‘ng‘ir tusga kiradi. Borgan sari ko‘p qon yo‘qolavergach, ayolning ahvoli yomonlashadi, kamqonlik kuzatiladi. Shuningdek yot to‘qimaning rivojlanishi chandiqlar (bitishma) hosil bo‘lishiga va fiziologik jarayonlarning buzilishiga olib keladi.

O‘simlikning uzun ildizi har tomonga tarmoqlab ketganini tasavvur qiling. Endometriozda bachadon shilliq qavati ham xuddi shu singari mushak qavat hujayralariga, tuxumdon, bachadon naylari, ba’zan esa siydik pufagi va ichakka o‘sib kiradi. Qon bilan to‘lgan ayrim pufakchalar (endometriomalar) o‘z atrofidagilarga “payvandlanib”, asta-sekin ko‘p joyni egallay boshlaydi. Hatto, ba’zan limfa qon oqimi bilan to o‘pkagacha yetib boradi.

Endometrioz kasalligini davolash

Tashxis qo‘yilgach, yallig‘lanishni yo‘qotadigan davo usullari qo‘llaniladi. Immun tizimi ishini yaxshilovchi dori-darmonlar, ba’zi hollarda gormonal terapiya buyuriladi. Og‘riq qoldirish uchun nosteroid preparatlar ham yaxshi foyda beradi. Lekin bunday muolajalar kasallikning o‘zini emas, balki alomatlarini yo‘qotadi. Shuning uchun ham endometriozga qarshi gormonal vositalar qo‘llaniladi, ular endometrioz o‘choqlari hosil bo‘lishining oldini oladi. Lekin hamma dori-darmonlar qo‘shimcha asoratlarga ega. Shu sababli dorilarni ayol o‘z-o‘zicha qo‘llamasdan shifokor maslahatiga ko‘ra qabul qilishi shart.

Agar kichik chanoqda chandiq yoki endometriomalar kattalashib kistalar hosil bo‘lsa, jarrohlik amaliyotiga ko‘rsatma beriladi, shunda bachadon ortig‘i (tuxumdon va nay) olib tashlanadi. Hozirgi kunda bunday operatsiyalar zamonaviy laparoskop usulida bajarilmoqda. Ya’ni qorin ichiga tasvirni kattalashtiradigan optik asbob kiritiladi, endometriozning eng kichik o‘choqlarigacha topiladi va olib tashlanadi.

Yosh juvonlar bilish muhimki, homiladorlik endometriozning eng yaxshi davosi hisoblanadi. Chunki homiladorlikda organizmning o‘zi zarur gormonlarni ishlab chiqarib, bu boradagi tanqislik o‘rnini to‘ldiradi. Ko‘z yorigandan so‘ng endometrioz o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi va ayol tuzala boshlaydi.

© Zaynabjon ELMURODOVA,
akusher-ginekolog.
"Sihat-salomatlik" jurnali.

Bo’lajak onalarda vitaminlar yetishmasligi holatini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan vitamin komplekslaridan biri Alfavit mamino zdorovyedir.

Alfavit mamino zdorovye bu – 500 mg dan, bir qadoqda 60 dona vitamin va mineral kompleksli tabletkalar.

Tabletkalar tarkibi: Yod, Foliy kislotasi, D-pantenol (B5 vitamini), B1 vitamini, B12 vitamini, B2 vitamini, B6 vitamini, S vitamini, PP vitamini, A vitamini (palmitat shaklida), temir, kalsiy, magniy, mis, xoletsalsiferol (D3 vitamini) ), Xrom, rux, biotin, E vitamini, marganets, K vitamini, L-taurin, molibden

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/offer/alfavit-mamino-zdorove-vitaminno-mineralnyy-kompleks-tabletki-500-mg-n60

Homilador ayollarda qo’llaniladigan boshqa vitaminlar: Elevit, Komplivit, Foliy kislotasi, Vitarich va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

ico
Gonoreya kasalligidan saqlaning!

So‘zak – o‘tkir yoki surunkali tarzda kechadigan tanosil kasalligi bo‘lib, siydik chiqaruv va jinsiy a’zo yo‘llaridan yiringli ajralma oqishi bilan namoyon bo‘ladi. Kasallik yuqqanidan o‘rtacha 3-5 kundan keyin belgilari ko‘rinadi: siydik chiqishdan oldin va chiqayotgan paytda achishish, qichishish va og‘riq belgilari boshlanadi. Kun sayin ajralmalarning miqdori orta borib, og‘riq kuchli bo‘lganidan bemor siyishdan o‘zini tiyib yurish darajasigacha boradi. Bunday holatda bemorlarda kuchli qo‘rquv paydo bo‘ladi va buni hammadan yashirib, bilib-bilmay har xil dori-darmonlar qabul qilishadi. Antibiotiklar yiringli ajralmalarning to‘xtashiga olib keladi, lekin kasallik chaqiruvchisi hisoblangan gonokokk infeksiyasi saqlanib qoladi va boshqa kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

So‘zak (gonoreya) yuqish yo‘llari

So‘zak jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklarning ko‘p uchraydigan turi hisoblanadi. Kamdan-kam hollarda maishiy yo‘llar, ya’ni mochalka, sochiq, ichki kiyim orqali yuqadi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi gonokokklar nam muhitda yashovchanligini yo‘qotmaydi, shuning uchun yaxshi qurimagan gigiyena buyumlaridan foydalangan begona kishilar infeksiyani yuqtirib olishlari mumkin. Shuningdek, so‘zak bilan og‘rigan onadan tug‘ruq paytida chaqaloqqa ham kasallik o‘tadi.

So‘zak (gonoreya) asoratlari

So‘zak asorati sifatida ayrim kasalliklar kelib chiqishi va birga kechishi mumkin.

Ikki stakanli sinama (Tompson sinamasi) o‘tkazilganda, siydikning birinchi porsiyasi loyqa, ikkinchi porsiyasi esa tiniq bo‘ladi. Bu belgilar o‘tkir oldi uretrit (siydik chiqarish yo‘lining yallig‘lanishi) ko‘rinishidir.

Agar Tompson sinamasi o‘tkazilganda, har ikki siydik porsiyasida ham loyqalanish kuzatilsa, o‘tkir uretrit hisoblanadi. Uretrit asosan so‘zak yuqqandan ikki-uch hafta o‘tgach kuzatiladi. Siydik chiqarish kanali tashqi teshigi yaqinida to‘q-qizil nuqtalar, shishgan halqalar bilan o‘ralgan bo‘lib, barmoq bilan siqqanda yiringli tomchi ajraladi.

Gonoreya davolanmasa qizarish, shish, yallig‘lanish, ajralmalar vaqt o‘tgan sayin kamayadi va ajralma quyuqlashadi. Bu o‘tkir osti uretritdir. Taxminan ikki oy o‘tgach, yallig‘lanish surunkali turga o‘tadi. Bunda bemorning shikoyatlari kamayadi, faqat siygandan keyin uzoq tanaffus vaqtida siydik chiqarish kanali teshiklari bir-biriga yopishgan, ayrim hollarda qaloq bilan qoplangan bo‘lib, loyqa, suyuq tomchi kuzatilishi mumkin.

Siydik chiqarish kanali paypaslanganda notekis zichlashgani va tugunsimon qalinlashgani sezilsa, bu xil o‘zgarishlar littreit(siydik chiqarish kanalidagi shilliq bezlarining yallig‘lanishi)dan dalolat beradi.

Kasallik ko‘pincha prostata bezi yallig‘lanishiga ham sabab bo‘ladi. Bemorlar siydik ajralishi va jinsiy hayotning o‘zgarishi, og‘riqli bo‘lishida shikoyat qilishadi.

Yorg‘oq ortig‘ining yallig‘lanishi ham kasallikning yana bir asorati bo‘lib, bemorning urug‘ qopchasi terisi qizargan, shishgan, ushlab ko‘rilganda issiq, kattalashgan, zichlashgan va og‘riqli bo‘ladi.

Turli xil omillar – immun tizimining zaifligi, nazoratsiz antibakterial vositalar qabul qilish, alkogolizm, narkomaniya va boshqalar ta’sirida bemor so‘zakning boshlanishini sezmasligi mumkin. Bunday hollarda kasallikning erta tashxisi qiyinlashadi va turli og‘ir asoratlar, ya’ni jinsiy maylning buzilishi, bepushtlikka sabab bo‘ladi.

Agar siydik chiqaruv va jinsiy a’zo yo‘llaridan suyuqlik ajralsa, siydik tushayotganda qichishsa, achishsa yoki og‘risa, toshmalar toshsa va boshqa shunga o‘xshash belgilar sezilsa, albatta shifokorga murojaat qilish lozim.

So‘zakdan saqlanishning eng ma’qul yo‘li tartibsiz jinsiy aloqaga yo‘l qo‘ymaslikdir!

[su_quote]Yodda tuting! Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklarni yuqqan yoki yuqmaganini bilish qiyin, chunki ko‘pincha bemorlarda kasallik alomatlari namoyon bulmaydi. Agar qindan yoki olatdan suyuqlik ajralsa, siydik tushayotganda jinsiy a’zolar qichishsa, og‘risa yoki achishsa, jinsiy a’zolar atrofida og‘riq, pufakchalar, yara, so‘gal paydo bo‘lsa, toshmalar toshsa, jinsiy yaqinlik paytida qorinning pastida og‘riq sezilsa, albatta shifokor tekshiruvidan o‘tish shart![/su_quote]

Bo’lajak onalarda vitaminlar yetishmasligi holatini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan vitamin komplekslaridan biri Alfavit mamino zdorovyedir.

Alfavit mamino zdorovye bu – 500 mg dan, bir qadoqda 60 dona vitamin va mineral kompleksli tabletkalar.

Tabletkalar tarkibi: Yod, Foliy kislotasi, D-pantenol (B5 vitamini), B1 vitamini, B12 vitamini, B2 vitamini, B6 vitamini, S vitamini, PP vitamini, A vitamini (palmitat shaklida), temir, kalsiy, magniy, mis, xoletsalsiferol (D3 vitamini) ), Xrom, rux, biotin, E vitamini, marganets, K vitamini, L-taurin, molibden

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/offer/alfavit-mamino-zdorove-vitaminno-mineralnyy-kompleks-tabletki-500-mg-n60

Homilador ayollarda qo’llaniladigan boshqa vitaminlar: Elevit, Komplivit, Foliy kislotasi, Vitarich va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.