Burun va burun yondosh bo‘shliqlari poliplarini davolash usullari

Burun va burun yondosh bo‘shliqlari polipi (polipoz rinosinusit) keng tarqalgan kasallik bo‘lgani va ko‘pincha qaytalangan holda kechishi bilan otolaringologlarning kasallikka bo‘lgan qiziqishini yanada orttirmoqda. Bunday kasallik yer yuzi aholisining 1-5 foizida uchraydi. Bizning mintaqaviy sharoitda 10 ming aholiga 5,1 nisbatni tashkil qilsa, mazkur kasallik soha mutaxassislari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa aholisining 4 foizini tashkil qiladi. Mutaxassislarning fikricha PRS asosan, 40-60 yoshli aholi o‘rtasida 51,4 foizni tashkil qilishi, shuningdek, erkaklar orasida uchrash holati ayollarga nisbatan 1,2 marta ko‘proq ekanligi aytib o‘tiladi.

Belgilarni sezish qiyin

E’tiborlisi, bemorlar kasallikning erta bosqichlaridagi ilk belgilarini o‘zlarida sezishmaydi. Ko‘p hollarda kasallik umumiy tibbiy ko‘rik paytida, quloq, tomoq, burun kasalliklari (rinit, gaymorit, frontit, etmoidit) bilan shifokorga yoki allergologga murojaat qilishganda aniqlanadi.

Polipoz rinosinusitning kelib chiqish sababi

Umuman olganda, immun tizimdagi nasliy o‘zgarishlar allergik PRS kelib chiqishiga moyillik yaratadi. Ko‘p hollarda LOR organlarining yallig‘lanishi, shuningdek, allergik va nasl bilan bog‘liq hollar kasallik rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Kasallik oson qaytalanishi mumkin

Keyingi yillarda jarrohlik amaliyoti rivojlanishi va dori-darmonlarning keng qo‘llanishiga qaramasdan kasallikda qaytalanish ko‘rsatkichi 5-60 foizni tashkil qilmoqda. Odatda operatsiyadan keyin bemorlarga tavsiya qilingan dori preparatlarining vaqtida va uzoq muddatli qabul qilinmasligi natijasida kasallikning qaytalanish sur’ati oshganligi kuzatiladi.

Doim yondosh kasallik bilan birgalikda uchraydi

Ma’lumotlarga ko‘ra, polipoz rinosinusit bilan xastalangan bemorlarning barchasida surunkali yondosh kasalliklar, jumladan: yuqori nafas yo‘llari patologiyalari, boshqa a’zolarning o‘sma, nafas a’zolari kasalliklari, allergozlar bilan birgalikda uchrasa, ayrim hollarda allergik rinit bilan kechadi. Bu kasallik bilan og‘rigan bemorlar doimiy ravishda burun bitishi, nafas olishga qiynalishi, hid bilish pasayishi, bosh og‘rig‘idan shikoyat qilishadi. Shu bois, bunday bemorlarda mehnat qilish qobiliyati susayishi mumkin. burun polipi

Zamonaviy texnologiyalar keng foydalanilmoda

Hozirgi kunda kasallikning tashxisini oydinlashtirish maqsadida zamonaviy tibbiy texnologiyalar, ya’ni kompyuter tomografiya, endoskopik tekshirishlar va multispiral kompyuter tomografiya apparatlaridan keng foydalanilmoqda. Buning natijasida polip to‘qimasining aniq o‘lchami, holati va tarqalish joyini aniq ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘linmoqda. Bu esa o‘z navbatida davolash usulini to‘g‘ri tanlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Agar kasallik vaqtida davolanmasa…

Agar mazkur kasallik vaqtida davolanmasa yoki to‘g‘ri yondashilmasa yomon sifatli o‘smalarga aylanishi, suyak to‘qimalariga ta’sir qilishi yoki boshqa og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Hatto amaliyotda polipoz rinosinusit kasalligiga chalinib, shifokor tavsiyalariga muntazam rioya qilmaganligi oqibatida 20 marotaba jarrohlik operatsiyasini o‘tkazgan bemorlar ham yo‘q emas.

Bugungi kunda mamlakatimizda kasallikni davolash jarayoni asosan 2 muhim bosqichni o‘z ichiga oladi:

  1. jarrohlik usuli;
  2. jarrohlikdan keyingi davrda uzoq muddatli topik kortikosteroidlar qo‘llanilmoqda.

Birinchi bosqich, ya’ni jarrohlik amaliyoti hozirda respublikamizning ilg‘or otorinolaringologlari tomonidan zamonaviy asbob-uskunalar yordamida muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Ikkinchi bosqichda, shifokor amaliyotidan keyin bemorlar uzoq muddatli topik kortikosteroidlarni qo‘llashlari talab etiladi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, burun va burun yondosh bo‘shliqlari polipidan butkul qutulish uchun bemor jarrohlik amaliyotidan keyin eng avvalo, shifokor tavsiyalariga befarq bo‘lmasligi, gigiyena qoidalariga amal qilishi va tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi lozim. Zero, inson salomatligi har narsadan ustun.

K.JABBOROV, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti professori.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*