— Allaqachon emaklab ketgan o‘n oylik qizalog‘im yerdan nima topsa, og‘ziga soladi. Buni shu qadar tezlikda amalga oshiradiki, ba’zan nima solganini ko‘rishga ham ulgurmay qolaman. Kampirga o‘xshab tamshanayotganida, og‘zida nimadir borligini bilib, qo‘limni suqishga majbur bo‘laman. Bu gigiyenaga xilof-ku, ammo xavfsizlik uchun shunday qilishga majburman. O‘g‘limda hech qachon bunday odat bo‘lmagan, yerdan narsa olib, og‘ziga solganini eslolmayman ham. Qizchamning ushbu xatti-harakati nimadan dalolat? Uni bu odatdan qaytarish mumkinmi? [caption id="attachment_7000" align="aligncenter" width="752"] Photo: BabyBlog[/caption]

"Og‘iz bolaning uchinchi qo‘li"mi?!

Pedagog va ruhshunoslar buning hech hayron qolarli joyi yo‘qligini ta’kidlashadi. Bolalar shu yo‘l bilan olamni tanishadi. Bunda ta’m bilish tuyg‘usi ko‘rish, eshitish, hid bilish va paypaslab sezish singari muhim hisoblanadi. Ruhshunoslar orasida, hatto «og‘iz bolaning uchinchi qo‘lidir» degan ibora ham yuradi. Boshqa tomondan olib qaraganda, bu kichkintoyning ruhiy yoki jismoniy kamchiligi borligidan dalolat berishi ham mumkin. Ruhshunoslar og‘ziga duch kelgan narsani solaverish odati oilasida mehr-muhabbat, iliqlikni yetarlicha his etmayotgan bolalarda ko‘p uchrashini qayd etishadi. Shuningdek, ruhiy nuqsoni bor va aqliy rivojlanishda ortda qolayotgan bolalarda ham ishtaha yo‘qolishi hamda ta’m bilish tuyg‘usining buzilishi kuzatilar ekan. Odatda, ko‘krak yoshidagi go‘daklar soch tolalari, jun, qog‘oz, arqon, ip, alebastr kabilarga o‘ch bo‘lishadi. Kattaroq yoshdagi bolalar esa hayvonlarning axlatlari, ko‘mir, kul, qum, shag‘al, yaproqlar va qo‘ng‘izchalarni og‘izlariga ko‘p solishadi.

Bolangiz benzin hidlasa…

Ammo yeb bo‘lmaydigan narsalarga o‘chlik yoki tibbiyot tili bilan aytganda disgevziya (yunoncha ta’m bilish xastaligi) ko‘pincha ruhan sog‘lom bolalarda ham uchraydi. Farzandingizni diqqat bilan kuzating. U yashirincha bo‘r, ko‘mir, tuproq, qum, tish pastasi, yoqilgan gugurt cho‘plarini yeyaptimi? Unga benzin, atseton, kerosin, yangi gazetalar hidi yoqayaptimi? Bolaning rangi oqargan, ko‘p hansiraydi, behollik va bosh aylanishidan shikoyat qiladi yoki tez charchab qoladi, shundaymi? Sochlari quruq, tirnoqlari sinuvchan, lab chetlari esa ko‘pincha bichilib qoladimi? Bular yoniga unda kuzatilayotgan ta’m bilish xususiyatining buzilganini ham qo‘shsak, temir yetishmovchiligi natijasida yuzaga keluvchi kamqonlikni gumon qilishimiz uchun asos yetarli bo‘ladi. Bolalar shifokori bilan maslahatlashib, umumiy qon tahlilini o‘tkazing. Zamonaviy dori vositalari yordamida farzandingizning ishtahasini rostlab, ta’m bilish qobiliyatini ham to‘g‘ri yo‘lga solib olishingiz mumkin. Bordiyu, shifokor hech qanday kasallikni topmasa, shunchaki tinchlanib, kuting. Uch yoshdan so‘ng turli noodatiy yemishlarga intilish o‘z-o‘zidan yo‘qolib boradi. Agar bola o‘jarlik qilib, o‘z taomnomasini o‘zgartirishdan bosh tortsa, u bilan kelishish yo‘liga o‘ting. Masalan, ko‘chaga chiqqanda cho‘ntagingizga qurut yoki bolangiz xush ko‘radigan boshqa biron shirinlikdan ozgina solib oling-da, u yerdan topib, og‘ziga solmoqchi bo‘lgan narsaga almashtirishga harakat qiling. Albatta, parhez nuqtai nazaridan ushbu «barter» unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa-da, qum yoki iflos kesakdan ko‘ra kamroq zarar keltiradi.

Pediatr maslahati

Feruza G‘ULOMOVA, oliy toifali shifokor-pediatr: — Pedagogikada qanday, bilmadim-u, tibbiyotda bolaning yeb bo‘lmaydigan narsalarni og‘ziga solishi «yomon odat» deb baholanadi. Bu odat bolada gijjalarni paydo qiluvchi sababgina emas, gijjaning oqibati ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni organizmida parazitlar mavjud go‘dak hamma narsani og‘ziga solaveradi, noto‘g‘ri ovqatlanish odatlariga ega bo‘ladi. Shuningdek, farzandingizning asabi buzuq, og‘iz bo‘shlig‘ida biror illati mavjud yoki bola tozalikka yaxshi rioya qilinmaydigan muhitda ulg‘ayayotgan bo‘lsa, bu ham uning bo‘lar-bo‘lmas narsalarni og‘ziga solishiga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, go‘dakka u tug‘ilganidanoq to‘g‘ri ovqatlanish odatlarini singdirish, ozodalikka rioya etish va yegulik sanalmaydigan narsalarni og‘ziga solish odatiga beparvo bo‘lmaslikni tavsiya etamiz.

© Sugdiyona.uz nashri.

Ushbu maqolani ham o'qing:
D vitamini haqida