Mana, chaqaloq ham dunyoga keldi... Bolaning ota-onasi va qarindosh-urug‘lari baxtiyor, ammo biroz o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishgan. Xo‘sh, chaqalog‘ingizga uning ilk kunlarida nimalar kerak bo‘ladi? Uni qanday parvarishlash, cho‘miltirish, ovqatlantirish lozim? Jajji insonga zarur bo‘ladigan eng asosiy narsa bu, avvalambor, onasining qaynoq bag‘ri, otasining kuchli qo‘llari, kattalarning e’tibori va, albatta, to‘g‘ri va foydali ovqat. Chaqaloq uchun ideal ozuqa, albatta, ona suti hisoblanadi.
Ko‘krak sutini emayotganida bola ham, ona ham o‘zaro muloqotdan lazzatlanadi. Bu onlar faqat ularning ikkalasi uchun. Bunday paytlarda ona va bola bir tanu bir jonga aylanadi.
Ona suti tarkibida chaqaloqqa zarur bo‘ladigan vitaminlar va oziqlantiruvchi moddalarning barchasi mavjud. Do‘konlarda emizikli bolalar uchun turli oziqalar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan uni hech narsa bilan almashtirib bo‘lmaydi. Bundan tashqari ona suti bolani har xil kasalliklardan asrovchi immun faktorlarni ham o‘z ichiga olgan bo‘lib, sutning harorati ham chaqaloqning ovqat hazm qilishini yengillashtiradi. Chaqaloqni emizish jarayonida esa sutni qaynatish, sterillash, ishlov berish yoki aralashtirish kerakmas. Bor-yo‘g‘i bolaga gigiyena qoidalariga amal qilgan holda ko‘krak tutiladi xolos.
Bolani ko‘krak suti bilan boqishga qaror qilgan ona to‘yib uxlashi, to‘laqonli ovqatlanishi, muntazam ravishda ochiq havoda sayr qilishi lozim. Ushbu shartlarning bajarilishi bolaga zarur miqdordagi sutni yetkazib berish imkonini beradi. Chaqaloq emib bo‘lganidan so‘ng qolgan sut siqib olinsa, keyingi safar sut miqdori yanada ko‘payadi.
Emizikli bolasi bor ona quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilmasligi zarur:
• Yangi uzilgan bodring, kvas (kvasli yaxna sho‘rva, ya’ni okroshka), poliz mahsulotlari (qovun, tarvuz) – bularning barchasi chaqaloqning qornini og‘ritishi, ichak ish faoliyatining buzilishiga olib kelishi mumkin.
• Ko‘zga tashlanadigan yorqin ranglardagi meva va sabzavotlarni (qizil olma, apelsin, shaftoli, o‘rik, lavlagi, sabzi, pomidor, malina, qulupnay) ehtiyotlik bilan iste’mol qiling. Ushbu shirin mahsulotlar chaqaloqda allergiya qo‘zg‘ashi mumkin.
• Sutni iste’mol qilishdan oldin uni albatta pishirib oling, chunki u chaqaloqning qorni dam bo‘lishiga olib keladi. Bundan tashqari pishirilmagan sut ayniqsa yoz mavsumida o‘tkir ichak infeksiyasiga sababchi bo‘lishi mumkin.
• Sarimsoq, piyoz, selderey va turli ziravorlar ona sutiga yoqimsiz ta’m berishi mumkin, shu sababli ularni suiste’mol qilmang.
• Alkogol va tamaki ona sutiga taxir ta’m beradi. Buning ustiga ularning tarkibidagi moddalar bolaning rivojlanishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin, chunki ular bola organizmiga tushadigan kislorodni yopib qo‘yadi.
Endi esa emizikli bolasi bor onaning ratsionidan joy olishi lozim bo‘lgan mahsulotlarga to‘xtalamiz:
• Sut va sut mahsulotlari (yuqorida aytib o‘tilganiday, sut pishirilgan bo‘lishi kerak). Menyuda albatta pishloq bo‘lishi shart. Unda bolaning rivojlanayotgan organizmi uchun zarur bo‘lgan kalsiy va fosfor moddalari bor.
• Har kuni baliq va go‘sht kabi oqsilga boy mahsulotlarni iste’mol qiling. Tuxumni cheklangan miqdorda iste’mol qilgan ma’qul, chunki u bolada allergiya qo‘zg‘ashi mumkin.
• Meva va sabzavotlarni yaxshisi pishirilmagan ko‘rinishda chaynab iste’mol qiling. Chunki ulardagi juda ko‘p vitaminlar pishirilganidan keyin yo‘qolib ketadi.
• Ko‘proq suyuqlik iching. Suyuqlik meyori sutkasiga 2-2,5 litr bo‘lishi va uning deyarli yarmini sut va sut mahsulotlari tashkil etishi lozim. Gazlangan suv va turli ichimliklardan voz kechib, tabiiy va yangi siqib chiqarilgan sharbatlarni iste’mol qilgan ma’qul.
Agar chaqaloqni emizishga ona suti yetmasa, unda laktatsiyani oshirish mumkin. Buning uchun quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilish kerak:
• Cheklangan miqdorda fitochoy iching. Bunda choylar tarkibidagi shifobaxsh giyohlarga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Agar ona ruhiy siqilish holatida bo‘lsa, unga yalpiz, limono‘t, tog‘rayhon (jambil), pustirnik yordam beradi. Kuchli charchoq, kamqonlik, uyqusizlikda qichitqi o‘tidan tayyorlangan damlamani iste’mol qiling.
• Ovqatga doim petrushka, ukrop, zira qo‘shing. Ular laktatsiyani oshiribgina qolmasdan, ona sutiga yoqimli ta’m ham beradi. Faqat bu meyordan oshmasligi kerak!
Shuningdek ko‘prok sut kelishiga ko‘maklashadigan boshqa maxsus usullar ham mavjud:
• Agar ona chaqaloqqa sut yetmayapti deb gumon qilsa, bolani ko‘proq ko‘krakka tutishni (kuniga 10-12 marta) maslahat beramiz. Farzandingizni, albatta, tunda hech bo‘lmasa bir marta emizing. Emizish paytida bola ko‘krakni to‘g‘ri so‘rayotganini tekshirib turing. Bola ko‘krak emayotganida cho‘lpillagan tovush chiqarmasligi, sutni yutishi va nafas olishi tekis bo‘lishi kerak.
• Zaytun yoki kanakunjut yog‘i bilan ko‘krakni uqalash ham laktatsiyani oshirishga yaxshi yordam beradi. Buning uchun kaftlaringizga yog‘ surib, chap qo‘lingizni ko‘krak ostiga, o‘ng qo‘lingizni ko‘krak ustiga qo‘ying. Bir paytning o‘zida qo‘llaringizni soat mili bo‘ylab harakatlantirib, yog‘ni shimdiring. Harakatlar yengil bo‘lishi, og‘riq va noqulaylik tug‘dirmasligi kerak. Yog‘ emchak uchi va uning atrofidagi aylanaga tushishiga yo‘l qo‘ymang.
• Orqadagi kurak va umurtqaning ko‘krak bo‘limini uqalash juda foydali. Turmush o‘rtog‘ingiz yoki tajribali massajchidan bu ishni bajarishni iltimos qiling. Bunda faqat uqalashlar kuchli va tez bo‘lmasligini oldindan aytib qo‘ying.
• Ertalab va kechqurun iliq va sovuqroq suv oqimini ko‘kragingizga yo‘naltirgan holda kontrast dush qabul qilish juda foydali.
• Ijobiy hissiyotlar ham laktatsiyani yaxshi oshiradi. Ko‘nglingizga yoqadigan ish bilan shug‘ullaning. Qiziqarli kitob o‘qing, komediya filmlarini tomosha qiling, sevimli musiqangizni tinglang va yengil raqsga tushing.
Farzandingizga yaxshi ona bo‘lishingizga hamda uning to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha zarur narsalarni berish albatta qo‘lingizdan kelishiga ishonchimiz komil. Mobodo biror bir sabab yoki muammolar tufayli bolani emizmaslikka qaror qilsangiz, tayyor sutli aralashmalar sizga yordamga keladi. Ularni to‘g‘ri tanlash, tayyorlash va bolani ovqatlantirish xususida keyingi maqolamizda hikoya qilamiz.
Generation.uz nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Skolioz bo‘lgan qiz homilador bo‘la oladimi?