“Baqa yutgan” ayol taqdiri (Insomniya)

Jarrohlikda psixologiya fani naqadar ahamiyatli ekanligi bilan yuqorida tanishib chiqdik. Ba’zan ruhiy jaroxatlarni davolashda jarrohlik usullaridan ham foydalanish zarurati tug‘iladi. Xattoki gipnoz yordamida ham davolab bo‘lmaydigan ba’zi og‘ir ruhiy jaroxatlarni davolashda jarrohlik operatsiyalariga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan ushbu voqea bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Voqea yoz kunlarining birida ro‘y bergan. Bir ayol “Insomniya”, ya’ni uyqusizlik tashxisi bilan nevropatologda davolanib yuradi. U kechalari uxlay olmay chiqardi. Uyqusizlikdan aziyat chekib yana vrachning oldiga borganida, vrach unga kuchliroq uxlatuvchi dori buyuradi. Bemor dorini ichsa-da, hech uyqusi kelavermaydi. Uyqusi qochgan bu ayol tunda to‘lin oyning yog‘dusida pastqam uyining derazasidan tashqariga qarab o‘tiradi. Derazaning tagidan kichik bir ariqcha oqib o‘tardi. U ariqchada sakrab o‘ynab yurgan baqalarga tikilib qarab o‘tiradi va «Buncha kichik bo‘lmasa bular, uxlab yotganimda ichimga kirib ketishsa-ya», degan xayol bilan choyshabni ustiga yopib uxlab qoladi. Tush ko‘radi. Tushida kichikroq bir baqa derazadan u yotgan karovat tomon sakarb yuradi va bemorning og‘ziga bir sakrab kirib ketadi. Bemor qo‘rqib uyg‘onib ketadi va birdan derazaga qaraydi. Tong endi otayotgan edi.

Yorug‘lik tushib boshlagan deraza tokchasida 2-3 baqa sakrab yurganiga ko‘zi tushadi. Ularni ko‘rib bemorda qattiq kekirik paydo bo‘ladi va u baqaning sayraganiga o‘xshab eshitiladi. Kekirik tez-tez takrorlanaveradi. Hovliga chiqadi va vodoprovod jo‘mragini ochib og‘zini chayib tashlaydi, qusishga harakat qiladi, qusa olmaydi. Bir kosa iliq suvni to‘ldirib ichadi va yana natijasiz qusishga harakat qiladi. Kekirik kuchayib boraveradi va tez-tez kuzatila boshlaydi.

Bu ayolning eri olamdan o‘tgan bo‘lib, voyaga etgan qizi bilan yashardi. Qo‘rqib ketib qizini uyg‘otadi va unga «Men uxlab yotganimda, baqa yutib yubordim shekilli, u oshqozonimda turibdi», deb yig‘lab yuboradi. Qizi uni tinchlantirishga harakat qiladi, «Balki tush ko‘rgandirsiz», deydi. «Yo‘q, tushim bo‘lganida bilardim, men aniq bilaman, baqa og‘zimga kirib ketganidan so‘ng uyg‘onib ketdim, ko‘zimni ochsam deraza tokchalarida baqalar o‘ynab yuruvdi, bu tush emas!» deydi zorlanib. Qizining «Oyijon, ba’zan odamning tushini o‘ngidan ajratish qiyin bo‘ladi-ku, siz tush ko‘rgansiz», deyishiga qaramasdan doktorga boramiz, deb turib oladi. Ular erta saharda bir tanish doktorning uyiga borishadi va bo‘lgan voqeani aytib berishadi. Bemor tinmay kekirardi.

Doktor uni tekshirmasdan kulib shunday deydi: «Baqani yutib bo‘lmaydi, u tomoqdan o‘tmaydi, baqa hech qachon odamning og‘zidan uning ichiga kira olmaydi». Bemor doktordan norozi bo‘lib, uning yonidan chiqib ketadi. Bemor qizi bilan boshqa vrachlarga qatnay boshlashadi, ulardan turli tekshiruvlar o‘tkazishni talab qilaveradi. Uni nevropatolog, psixiatr, jarroh, terapevt, rentgenologlar tekshirishadi. Tekshiruvda qatnashgan barcha shifokorlar bemorning ichida baqa yo‘qligiga uni ishontirmoqchi bo‘lishadi.

Biroq bu urinishlar behuda ketadi. Bemor tabiblarga qatnay boshlaydi. Ularning deyarli hammasi bir xil gapni aytishardi: «Baqa odamning ichiga kira olmaydi, siz yomon tush ko‘rgansiz». Bemorning tinchi buziladi, u nima yesa, qusib tashlayveradi, kekirish sira qolmaydi. Bemor shu ahvolda bir oy qiynalib yuradi va ozib ketadi. Bu voqeadan xabardorlar: «Baqa qolgan bo‘lsa ham u o‘lib bo‘lgan, organizmdan chiqib ketgan», deb ishontirishga harakat qilishadi. Biroq bu gaplar hech naf bermaydi. Baqa ichimga kirib ketdi, degan fikr uning miyasiga o‘tirib qolgan edi. U jarrohlardan operatsiya qilib, baqani olib tashlashni talab qila boshlaydi. Qayerga va qaysi doktorga uchrasa, oshqozonini operatsiya qilib baqani olib tashlashni talab qilaveradi.

«U mening oshqozonimda yashab yuribdi, u hali o‘lmagan, ichimni kemirayapti», deb yig‘layveradi. Axiyri uni professorga ko‘rsatishadi. Professor bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni batafsil o‘rganib chiqadi, bemorni to‘la tekshiradi va bemorga jarroh bilan maslahatlashib, uning qornini operatsiya qilib ochib ko‘rishni va’da qiladi: «Agar haqiqatan ham baqa ichingizda yashayotgan bo‘lsa, uni olib tashlash kerak!», deydi. Bu so‘zlardan bemorning ko‘ngli taskin topadi. Uni jarrohlik bo‘limiga yotqizib operatsiyaga tayyorlashadi.

Professor «oshqozondan baqani olib tashlash» operatsiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha muolajalarni butunlay sir saqlashni operatsiyani o‘tkazuvchi jarrohga va hamshiraga tayinlaydi. Bemor operatsiya xonasiga olib kiriladi va u narkotik dori ta’sirida uxlatiladi. Operatsiyadan oldin kichikroq bir baqa topib kelishadi va u yopilib-ochiladigan idishga joylanadi. Operatsiyaning barcha qonun-qoidalariga amal qilingan holda bemorning qorin terisi, teri osti yog‘ qatlami kesiladi va qayta tikib qo‘yiladi. Operatsiyada bor-yo‘g‘i uchta odam, ya’ni jarroh, hamshira va professor ishtirok etishadi. Bu g‘aroyib operatsiyaning sirini faqat ular bilishardi.

Professor hamshiraga bemor ko‘zini ochgan zahoti baqa solingan idishni ochib yuborishni buyuradi. Narkozning ta’siri qochgach bemor ko‘zini ochadi. Shu payt hamshira baqa solingan idishni ochib yuboradi. Baqa bemorning ustidan bir-ikki sakrab pastga tushib ketadi. Bemor bu holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Professor bemorga boqib: «Siz to‘g‘ri aytgan ekansiz, baqa haqiqatan ham qattiq uxlab yotganigizda ichingizga kirib ketgan ekan, lekin u shuncha vaqt ichingizda o‘lmay yashaganiga hayronman!», deydi. Jarroh ham «Men bunaqa operatsiyani birinchi marta qilishim», deydi kulib. “Axiyri mening aytganim to‘g‘ri chiqdi”, deydi bemor yuzidan nur yog‘ilib. Xullas, bemor butunlay tuzalib ketadi, kekirish yo‘qoladi, ishtahasi ochiladi, uyqusi ham tiklanadi. Qornida faqat kesilgandan yengil chandiq qoladi, xolos.

Oradan bir yil o‘tadi. Bir kuni bozorda «baqa yutib yuborgan ayol» qizi bilan aylanib yurib, hamshirani uchratib qoladi. Hamshira uni zo‘rg‘a taniydi, kasallikdan qiynalib, avval ozib ketgan bu ayol endi semirib, tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketgan edi. Ular qadrdon dugonalardek uzoq vaqt suhbat qurishadi, uni operatsiya qilib og‘ir va uyatli darddan xolos qilgan doktorlarga yana bir bor mingdan-ming qulluq bildiradi va salom aytib qo‘yishni so‘raydi. Suhbat orasida «Menga o‘xshab baqa yutib yuborgan ayollar kelishayaptimi», deb so‘raydi kulib.

Hamshira ketishga shaylanayotganida uning kallasiga be’mani bir fikr keladi: «Aslida nima bo‘lganini aytib bersammikan, oradan bir yil o‘tdi-ku, baribir bemor tuzalib ketgan-u». Beburd bu hamshira bo‘lib o‘tgan voqealar tafsilotini oqizmay-tomizmay bemorga so‘zlab ketadi. Hamshira shifokor etikasiga mutlaqo zid bo‘lgan o‘ta qaltis ishga qo‘l uradi. Barcha haqiqatni o‘z qulog‘i bilan uni operatsiya qilishda ishtirok etgan hamshiradan eshitgan ayol turgan joyida qotib qoladi, uning ko‘zlari bir nuqtaga tikilgan va qulog‘iga hech narsa kirmas edi. Psixiatriyada bu holat stupor deb ataladi. Onasining bu holatini ko‘rgan qizi hamshirani so‘zlashdan to‘xtatadi.

Hamshira bu holatni ko‘rib qo‘rqqanidan voqea joyidan ketib qoladi. Ayolni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashadi. Bemor suv ichmay, ovqat yemay qo‘yadi. Uni zond orqali ovqatlantirish ham juda qiyin kechadi. U ozib ketadi. Oradan bir oy ham o‘tmasdan ayol vafot etadi.
So‘z insonni o‘ldiradi, deb shuni aytishsa kerak. Ha! So‘z bilan insonga jon kiritish ham, uning jonini olish ham mumkin. Shifokor degan ulug‘ nomga dog‘ tushirmaylik. Bemor oldida har bir so‘zni o‘ylab gapiraylik.

Maqola professor Ibodullayev Zarifboyning «Asab va ruhiyat» kitobidan olindi. Mavzu yuzasidan professorga savollaringiz bo‘lsa, muallifning shaxsiy asab.uz saytida yozib qoldirishingiz mumkin.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*