– Yaqinda 5 yashar bolam ko‘richak bo‘lib qoldi. Uning ko‘richak bilan og‘riganini aniqlagunimizcha ancha urindik. Yaxshiyamki, shifokorga olib borganimiz, aks holda farzandimizdan ajralib qolishimiz mumkin ekan. Savolim quyidagicha: bolaning ko‘richak bilan og‘riganini aniqlashning imkoniyati bormi? Buni aniqlash faqatgina shifokorning qo‘lidan keladimi [divider] – Farzandingiz o‘tkir appenditsit bilan og‘riganini aniqlashning imkoniyatlari bor, albatta. Appenditsit bilan og‘rigan bolada shu kasallikka alomat beruvchi ishoralar namoyon bo‘ladi. Biroq, shunday belgilar paydo bo‘lishini kutib o‘tirmay, bolaning umumiy ahvoli yomonlashganini sezgan zahotingiz shifokorga murojaat qilishni maslahat bergan bo‘lardik. Chunki o‘tkir appeditsitning boshlanishiyoq sizdan zudlik bilan harakat qilishni taqozo etadi. Xo‘sh, bir qarashdayoq bolada o‘tkir apperditsit xuruj qilganini qanday bilish mumkin? Buning uchun bolada paydo bo‘ladigan alomatlarga diqqatingizni qaratishingiz kerak. Bular quyidagilar, ya’ni 3 va 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda:
  • tana haroratining keskin ko‘tarilib ketishi;
  • ich ketishi;
  • qayt qilish;
  • ko‘zlari kirtayadi;
  • lablari quruqshaydi va yoriladi;
  • tashna bo‘ladi, lekin ichgan narsasini shu zahoti qaytarib tashlaydi;
  • befarqlik;
  • ichi yurishmasligi;
  • qorni dam bo‘ladi, ahvoli og‘irlashadi.
Bunday vaqtda bemor zudlik bilan operatsiya qilinmasa, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bolakay qorin sohasidagi og‘riqlardan bezovta bo‘lganda beparvo bo‘lish yaramaydi. Chunki o‘tkir appenditsit to‘satdan boshlanadi. Bola injiqlik qila boshlaydi, inqillaydi. «Qayering og‘riyapti?» deb so‘rasangiz, u hamma yeri og‘riyotganini aytishi mumkin. Aslida esa kindik atrofi yoki qornining hamma yeri og‘riyotgan bo‘ladi. Qorin paypaslab ko‘rilsa, uning taranglashgani bilinadi. Paypaslayotganda bola bezovtalanib, qo‘lni itaradi, qorniga qo‘l tekkizdirmaslikka harakat qiladi. O‘tkir appenditsitda kindik atrofida boshlangan og‘riq o‘ng biqiniga o‘tadi. Og‘riq boshlanganday keyin bemor bir-ikki marta qayt qiladi, isitmasi 37-38 darajagacha ko‘tariladi. Bemor qornini ohista paypaslaganda o‘ng yonboshi – o‘ng yonbosh suyagi bilan kindik orasi qattiq og‘riganini aytadi. Katta yoshdagi bolalarda ro‘y beradigan o‘tkir appeditsitning xavfliligi shundaki, ma’lum vaqt o‘tgach bola unchalik ham bezovta bo‘lavermaydi. Ko‘pincha ota-onalar bolalaridagi bu holatni yomonroq biror narsa yeb qo‘yganligiga yo‘yishadi. Holbuki, chuvalchangsimon o‘simta yallig‘lanishi davom etayotgan bo‘ladi. Og‘riqning ma’lum vaqtgacha bosilishi esa mayda qon tomirlar – kapillyarlarda qon aylanishi buzilib, og‘riqni sezuvchi nerv, uchlarining falajlanishi bilan bog‘liq. Yallig‘lanish jarayoni so‘ngra tevarak-atrofdagi to‘qima va organlarga ham tarqaladi, oqibatda ma’lum bir vaqtdan keyin og‘riq yana paydo bo‘ladi. Ba’zi hollarda o‘ng yonboshi bilan qimirlamay yotadi. Agar chap yonboshiga ag‘darilib yotsa, qorindagi og‘riq zo‘rayadi. Ko‘pincha bola og‘riqning zo‘ridan o‘ng oyog‘ini qorniga tortib oladi va yozmaslikka harakat qiladi. Xulosa qilib aytganda, qorin og‘rishi, qayt qilish va tana haroratining ko‘tarilishi o‘tkir appenditsitning asosiy belgilari hisoblanadi. Shu alomatlarning birortasi belgi bergan taqdirda ham zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur.

© Ne’matulla AZIMOV, oliy toifali shifokor.

"Salomatlik sandig‘i" gazetasi.