4.3
(206)

Ko‘pchilik angina kasalligi bilan tez-tez og‘rib turadi. Ayniqsa, bu holat bolalarda ko‘p kuzatiladi. Biroq ayrim hollarda bu kasallik bilan kattalar ham og‘riydi. Shunday vaziyatda ota-onalar «Shu anginasini oldirib tashlasak-chi?» — deb o‘ylanib qolishadi. Ayrim ota-onalar esa «Or­ganizmda keraksiz narsaning o‘zi yo‘q», degan fikr bilan farzandidagi angina kasalligini davolatishga urinishadi.

angina

Bugungi suhbatimiz barchaga yaxshi tanish angina kasalligi to‘g‘risida. Angina qanday kasallik? Bu kasallik nimasi bilan xavfli? Anginani olib tashlash kerakmi yoki yo‘qmi? Shular haqida suhbatlashamiz.

Ma’lumot o‘rnida…

Angina yuqumli kasallik bo‘lib, bunda tomoq bezlari yallig‘lanadi. Kasallik turli-tuman mikroblar tomonidan chaqiriladi. Kasallikning kelib chiqishiga sovqotish turt­ki bo‘ladi. Ayrim hollarda muzqaymoq yeyish, chang havoda, tamaki tutunidan nafas olish, spirtli ichimliklarni qabul qilish ham angina kasalligining qo‘zg‘alishiga olib keladi.

Ba’zi odamlar yiliga bir necha marta angina kasalligi bilan xastalanishadi. Ular bu kasallikka juda moyil bo‘lishadi. Shu bois ularda angina kasalligi surunkali turga o‘tadi. Bu holat juda xavfli hisoblanadi. Chunki angina asoratlari bilan inson sog‘ligiga katta muammo tug‘diradi. Aynan angina revmatizm, yurak nuqsoni, asab tizimi kasalliklari, buyraklar kasalliklarini keltirib chiqaradi. Ayrim shifokorlar anginani davolashning eng optimal usuli operativ davo, deb hisoblashadi. Qolgan shifokorlar esa tomoq bezlari immunitet shakl­lanishida muhim rol o‘ynaydi, shu bois uni olib tashlash kerak emas, degan g‘oyani ilgari surishadi.

Tomoq bezlari nima uchun kerak?

Tomoq bezlari — bu tomoqdagi limfa bezlaridan iborat halqa bo‘lib, organizmni himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi. Havo orqali tushadigan katta miqdordagi mikrob­lar birinchi navbatda tomoq bezlariga o‘tiradi. Shu bois bezlar tez yallig‘lanadi.

Angina kasalligi qaysi belgilar bilan namoyon bo‘ladi?

  • Tomoqda og‘riq;
  • Tomoqning qurishi va qichishi;
  • Isitma;
  • Nafas olishning qiyinlashishi;
  • Injiqlik;
  • Bezovtalik;
  • Yutinishning qiyinlashishi.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qutirish kasalligi

Tomoq bezlari qachon olib tashlanadi?

Tomoq bezlari yallig‘lanishi bilan bu holat operatsiyaga ko‘rsatma hisoblanmaydi. Quyidagi hollarda tomoq bezlari operativ usulda olib tashlanadi:

  • Bolaning yiliga to‘rt martadan ziyod angina kasalligi bilan kasallanishi;
  • Angina bilan tez-tez kasallanish natijasida surunkali tonzillit kelib chiqishi;
  • Angina kasalligi natijasida or­ganizmda yiringli jarayonlar rivojlanishi;
  • Tomoq bezlari haddan ziyod kattalashib, nafas olishiga to‘s­qinlik qilsa;
  • Konservativ davo samarasiz bo‘lsa;
  • Ichki a’zolar tomonidan asoratlar kuzatilishi: buyraklar, bo‘g‘imlar, yurak, o‘pka va b;
  • Immunitetning keskin tushib ketishi.

Operatsiya qaysi hollarda o‘tkazilmaydi?

Angina kelib chiqmasligi uchun nimalar qilish lozim?

Tomoq bezlari organizm uchun kerakli a’zo hisoblanib, ularni iloji boricha olib tashlamaslik kerak. Aynan tomoq bezlari immunitet shakl­lanishida muhim rol o‘ynaydi. Agar organizm immuniteti past bo‘l­sa, tomoq bezlari yallig‘lanishining qo‘zg‘alishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, tomoq bezlari va immunitet bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Angina kelib chiqmasligi uchun quyidagilar tavsiya etiladi:

Chiniqtiruvchi muolajalar; Jismoniy faollikni oshirish; Chekishdan voz kechish; Spirtli ichimliklarga ruju qo‘ymaslik; Vitaminlar va mikroelementlarni yetarlicha qabul qilish; Organizmning sovqotishiga yo‘l qo‘ymaslik; Muzqaymoqni yosh bolalarga iloji boricha bermaslik.

Bu kasallikka kimlar mo­yil hisoblanadi?

  • Sun’iy ovqatlantirishda bo‘l­gan bolalar;
  • Raxit, qizamiq, skarlatina bilan kasallangan bolalar;
  • Ekssudativ diatez bilan og‘rib yuruvchi bolalar;
  • Og‘iz bo‘shlig‘ida karioz tishlari mavjud bolalar;
  • O‘RVI bilan tez-tez og‘rib yuruvchi bolalar;
  • Burun to‘sig‘i qiyshaygan odamlar;
  • Tomoq bezlari kattalashgan bolalar va b.

Xalqona usullarda uy sharoitida bolalarga yordam berish mumkinmi?

Albatta. Quyidagi usullar yordamida kuchsiz namoyon bo‘lgan angina belgilarini bartaraf etish mumkin:

  • Moychechak damlamasi bilan tomoqni chayish;
  • Na’matak damlamasini ichirish;
  • Issiq limonli choy ichirish;
  • Limon choyga asal solib ichirish;
  • Tomoqni 2 % yod eritmasi bilan chayish.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Allergiyadan to‘liq qutilish mumkinmi?

Fizioterapiya muolajalari bemorlarga yordam beradimi?

Fizioterapiya muolajalari ham bemorlarga yordam beradi. Buning uchun boladagi o‘tkir jarayon pasaygach, bolada isitma va boshqa belgilar bo‘lmasa, ya’ni bemor tuzalish jarayonida fizioterapiya muolajalari buyuriladi:

  • Ultrabinafsha nurlar bilan davolash;
  • Ultra yuqori chastotali nurlar bilan davolash;
  • Mikroto‘lqinli terapiya.

Zudlik bilan operatsiyani talab qiluvchi holatlar

Quyidagi hollarda bolada kechiktirmasdan operativ davo buyuriladi:

  • Teri oqarib ketishi;
  • Og‘izdan badbo‘y hid kelishi;
  • Muntazam kuzatiluvchi bosh og‘riqlar;
  • Limfa tugunlarining doimiy ravishda kattalashib turishi;
  • Bo‘g‘imlarda og‘riq kuzatilishi;
  • Holsizlik kuzatilishi;
  • Tez charchash.

Tomoq bezlarini olib tashlash bo‘yicha o‘tkaziladigan operatsiyalar ikki turga bo‘linadi

1. Tonzillotomiya. Tomoq bezlarini qisman olib tashlash. Bu operatsiya tomoq bezlari haddan ziyod kattalashib ketganda o‘tkaziladi.

2. Tonzillektomiya. Tomoq bezlari atrofidagi yondosh to‘qimalar bilan birga to‘liq olib tashlanadi. Bu operatsiya turi surunkali tonzillit va uning asoratlari kelib chiqqanda qo‘llaniladi.

Operatsiya qanday o‘tkaziladi?

Operatsiya mahalliy anesteziya ostida o‘tkaziladi. Operatsiyadan so‘ng qat’iy yotoq rejimi buyuriladi. Shundan so‘ng 3-6 kun davomida bir xil re­jim tavsiya etiladi. Operatsiyadan so‘ng 14-15 kun davomida jismoniy zo‘riqishlar man etiladi.

Operatsiyadan so‘ng bemorlarni parvarish qilish

Ikki hafta davomida issiq taomlar qabul qilinmaydi; Ikki hafta davomida qovurilgan, achchiq, ziravorli, dudlangan taomlar berilmaydi; Issiq vannalar buyurilmaydi; Faqat iliq dush buyuriladi; Kunduz kuni 2 soatlik uyqu tavsiya etiladi; Bemorni stresslardan cheklash lozim.

«Bekajon» gazetasi.