Tug‘ruqni boshidan kechirgan ayollarning qariyb 70 foizida varikozning ko‘rinishlari mavjud. Bu kasallik asta-sekin rivojlangani uchun birlamchi belgilar u qadar tashvishga solmaydi. Biroq o‘z vaqtida davolanilmasa, oqibati jiddiy holatlarni keltirib chiqarishi hech gap emas.

Bilasizmi?

Ayollarda asosan oyoq (boldir), to‘g‘ri ichak va chanoq tomirlari (jinsiy a’zolar) kengayib, cho‘ziladi hamda tugun hosil qiladi. Asosan yuza tomirlari kengayib, avvaliga mayda kapilyar qon tomirlarning yorilishi yuzaga kelib, asta-sekin ular soni ortib boradi. Yorilgan kapilyar qon tomirlar o‘rnida ba’zan og‘riqlar kuzatiladi. Biroq kasallik avj olish pallasiga yetgach, cho‘zilgan qon tomiri yaqqol ko‘zga tashlanadi va jiddiy og‘riqlarni keltirib chiqaradi.

Oyoq (boldir sohasi)da varikoz...

Venoz klapanlarining yetishmovchiligi, vena devorlarining tug‘ma zaifligi, tana vazni ortishi (o‘ta semizlik), uzoq vaqt bir xil ko‘rinishdagi mehnat bilan shug‘ullanish va oyoq mushaklarini uzoq vaqt zo‘riqtirish (toliqishi) natijasida oyoqlarda varikoz kengayish yuzaga keladi.
  • Belgilari: Birlamchi ko‘rinishida mayda kapilyar qon tomirlarining yorilishi kuzatilib, vaqti-vaqti bilan og‘riqlar yuzaga keladi. Kasallik avj olgach, kengaygan qon tomir sohasi yupqalashib, sanchiqli og‘riq, xolsizlanish, oyoq boldirlarining shishishi kuzatiladi. Yorilgan qon tomir o‘rnida to‘q jigarrang yoki qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘ladi.
  • Muolaja: Qon tomir jarrohi kasallikning darajasi va ko‘rinishini aniqlab, konservativ (mahalliy), skleroterapiya va jarrohlik amaliyotidan birini qo‘llashga ko‘rsatma beradi.
  • Asoratlari: Kasallikka bee’tibor bo‘lish teri yallig‘lanishlari, ekzema, trombofelit (jarohatlangan vena sohasida tromblar hosil bo‘lib, qon ta’minlanishi buziladi) kabi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

To‘g‘ri ichakda varikoz...

Oddiy qilib aytganda, bavosil (gemorroy) to‘g‘ri ichak va orqa chiqaruv yo‘li venalarining varikoz kengayishi kasalligi hisoblanib, ichki va tashqi tugunlar hosil bo‘lishi bilan farqlanadi. Ichakning ichki tarafida hosil bo‘lib, og‘riq beruvchi ko‘rinishi ichki holat bo‘lsa, tashqi tarafga chiqib qolgan vena tomiri kasallikning tashqi ko‘rinishi deyiladi. Muntazam ich qotishi (qabziyat), uzoq vaqt o‘tirib ishlash, venalarning o‘sma yoki homilali bachadon bilan bosilishi natijasida to‘g‘ri ichakda qon dimlanishi yoki bosim tushishi yuz berib, varikoz kengayish vujudga keladi.
  • Belgilari: Anal teshigi sohasida qichishish, ba’zan og‘riq, jismoniy mehnatdan so‘ng bu sezgilarning zo‘rayishi kasallikning ilk belgilaridir. Shuningdek, axlatning qon aralash kelishi, onal teshik atrofida achishish, sanchiqli og‘riq, gemorrodial tugunlar paydo bo‘lishi varikoz kasalligining yaqqol ko‘rinishi sanaladi.
  • Muolaja: Ichakning ichki tarafidagi vena varikoz kengayishiga konservativ muolaja usullari qo‘llanilsa, tashqi tarafdagi kengaygan varikoz venasi uchun skleroterapiya hamda jarrohlik amaliyotidan biri qo‘llaniladi. Qolaversa, to‘g‘ri ichakda varikoz kengayishi yuzaga kelmasligi va muolajadan so‘ng qaytarilmasligi uchun qabziyatga yo‘l qo‘ymaslik, ko‘proq meva-sabzavotlardan iste’mol qilish, hojatdan so‘ng onal teshik sohasini iliq suvda chayish kabi holatlarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.
  • Asoratlari: Birlamchi belgilari yuzaga kelishi bilan davolanilmasa, surunkali ko‘rinishga aylanishi mumkin.

Kichik chanoqda (jinsiy a’zolarda) varikoz…

Ba’zi vaqtlarda og‘ir yuk ko‘tarish, vena devorlarining tug‘ma sustligi, homilali bachadonning bosimi ta’sirida kichik chanoq venalarida qon dimlanib, katta jinsiy lablarda vena tomirlarining varikoz kengayishi yuzaga keladi. Bu kabi holat avvallari kuzatilmagan bo‘lsa-da, ba’zan homiladorlik sabab yuzaga kelishi mumkin.
  • Belgilari: Homilador bo‘lmasingizdan avval yuzaga kelgan jinsiy a’zodagi vena kengayishi og‘ir yuk ko‘tarish, zo‘riqish sabab xuruj qilishi mumkin. Homiladorlik sabab yuzaga kelgan vena varikoz kengayishi esa homila kattalashishi bilan zo‘rayadi. Bu vaqtda homila kichik chanoqqa zo‘riqish berib, kuchli og‘riqni keltirib chiqaradi va harakatlanish uchun noqulaylik tug‘diradi.
  • Muolaja: Har bir organizm individual ko‘rinishda bo‘lgani sabab, tug‘ruqdan so‘ng vena tomirlarining elastiklik xususiyati tiklanishi ham turlicha bo‘ladi. Kimdadir kengaygan vena tomiri 30-40 kun ichida sekin-asta o‘z holiga qaytsa-da, keyinchalik ham xuruj qilishi yoki vena tomirining kengayish ehtimoli yo‘q emas. Vena tomiri elastiklik xususiyatini tiklay olmay, qaytmasa, shifokor tomonidan skleroterapiya va jarrohlik aralashuviga ko‘rsatma beriladi.
  • Asoratlari: Kengaygan vena tomiri o‘z vaqtida davolanmasa, boshqa jinsiy a’zolar, qin, bachadon sohalariga ham tarqalishi mumkin.

Homiladorlik davri

Homila sabab jinsiy a’zolar, to‘g‘ri ichak va oyoq boldirida yuzaga kelgan vena varikoz kengayishini davolashda asosan og‘riqsizlantiruvchi mahalliy muolaja turlari tavsiya etiladi. Bunda og‘ir yuk ko‘tarmaslik, ko‘p piyoda yurmaslik, tug‘ruqqacha taqiladigan maxsus bandajlardan foydalanish va elastik bint bog‘lash kabi usullarni qo‘llash mumkin. Vena tomiri yaqqol kengaygan bo‘lsa, albatta qonda trombotsitlar miqdori oshib ketmasligini nazorat qilish lozim. Buning uchun shifokor ko‘rsatmasi bilan laboratoriya sharoitida qon ivishini tekshirtirib turishingiz kerak. Bordiyu vena tomiri kengayib, tromblar hosil bo‘lish xavfi yuzaga kelsa, qon tomiri jarrohi bilan maslahatlashgan holda jarrohlik aralashuvini o‘tkazishga ko‘rsatma beriladi.

Kimga murojaat etasiz?

Qon tomir kasalliklarini davolash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot klinikalariga murojaat etib, shifokor ko‘rigidan o‘tasiz. Umumiy ahvolingiz va shikoyatingizga ko‘ra kasallik darajasi aniqlanib, shifokor tomonidan muolaja turlari tayinlanadi. Bular:

Konservativ

 Vena qon tomirlari faoliyatini me’yoriy holatga keltiruvchi gel, surtma dorilar, shuningdek, kompress qiluvchi maxsus kolgotka va og‘riqni yengillashtiruvchi preparatlar tavsiya etiladi. Muolaja davomiyligi har bir bemor uchun alohida tartibda belgilanib, shifokor tomonidan nazorat qilinadi. Biroq bu kabi tadbirlar kasallik boshlanayotgan vaqtda trombofelit yuzaga kelishining oldini olish uchun natija berishi mumkin.

Skleroterapiya

Jarohatlangan vena tomiriga maxsus inyeksiya preparati yuborilib, kuydiriladi. Muolaja kasallik darajasiga ko‘ra 3-6 marta o‘tkazilib, 2-3 haftadan so‘ng kuydirilgan teri o‘rni bitib ketib, natijasi seziladi. Muolajadan keyin shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra, tomirlarni mustahkamlovchi preparatlarni o‘z vaqtida qabul qilish hamda og‘ir jismoniy harakatlar vaqtida maxsus qoplamli chulki va bog‘lamlar bilan vena tomirlarini asrasangiz, natijasi bir umrga yetadi. Ammo organizm xususiyatidan kelib chiqib, muolajani qayta o‘tkazish talabi yuzaga kelishi ham mumkin. Skleroterapiya muolajasi vena tomirlarida tromblar yuzaga kelgan vaqt ma’n qilinadi. Tromblar bartaraf etilgach, muolajani o‘tkazish mumkin.

Jarrohlik aralashuvi

Katta teri osti vena tomirlarining o‘zgargan ko‘rinishi hamda klapan yetishmovchiligi yuzaga kelganda o‘tkaziladi. Jarrohlik aralashuvining Benkokk, Narat va Linton usullari mavjud bo‘lib, kengaygan vena tomiri mahalliy hushsizlantiruvchi preparatlar ta’sirida kesib olib tashlanadi. Bu kabi muolaja usullaridan so‘ng shifokor ko‘rsatmasiga muvofiq og‘riqsizlantiruvchi va tomirlarni mustahkamlovchi preparatlar buyurilib, bemalol harakatlanishingiz mumkin. Agar belgilangan ko‘rsatmalarga rioya qilinsa, muolaja natijasi bir umrga yetadi. Yurak yetishmovchiligi, onkologik hamda og‘ir ko‘rinishdagi boshqa kasalliklarda jarrohlik aralashuvi tavsiya etilmaydi.

Nima iste’mol qilinadi?

Taomnomaga E (tuxum sarig‘i, zaytun yog‘i, salat bargi), C (na’matak, qorag‘at mevasi, karam, shivit), PP vitaminiga (yong‘oq, ko‘k choy, sitrus mevalar), kalsiyga (sut-qatiq, tvorog) boy mahsulotlarni kiritish tavsiya etiladi. Shuningdek, qora gilos mevasi tiqinlar yuzaga kelishidan himoyalovchi bioflavonoidlarga boy bo‘lib, muolaja vaqti foydadan xoli bo‘lmaydi. Agar onangizda varikoz kasalliklari bo‘lsa, sizda ham nasliy moyillik bo‘lishi mumkin. Shu sabab taomnomangizda qandolatchilik mahsulotlari, shirin va yog‘li yeguliklar kamroq bo‘lishiga e’tibor qarating.

Bu muhim!

Kasallikning ilk belgilaridan e’tiboran, quyidagi ko‘rsatmalarni yodda saqlang:
  • issiq vanna, sauna, yuqori harorat ta’sirida bo‘lish mumkin emas;
  • o‘tirgan holatda oyoqlarni bir-biriga chalishtirish qon tomirlar harakatiga to‘sqinlik qilib, kasallikni zo‘raytiradi;
  • tor bichimli ich kiyim, qattiq rezinkali paypoq, baland poshnali poyafzal kiyish tavsiya etilmaydi;
  • varikoz alomatlarini sezsangiz, achchiq damlangan choy va qahva iste’molini kamaytiring;
  • ertalab 10 daqiqalik badantarbiya mashqlari qon aylanishini yaxshilab, mushaklar mustahkamligi uchun foydali;
  • profilaktika choralari qatorida har kuni bir soat bo‘lsa-da piyoda yurishga odatlaning.

Girudoterapiya yoki ignali uqalash. Qay birining foydasi bor?

Odamlar orasida bu kabi usullar yordamida varikoz kasalligini davolash mumkin, degan qarash mavjud. Biroq ikkala muolaja ham kengaygan vena tomirlari kasalliklaridan tashqari holatlarda qo‘llanilsa, to‘g‘ri hisoblanadi. Biroq vena qon tomirlarida qon dimlanish va bosim darajasiga uchragan tomirni bu kabi usullar bilan davolash tavsiya etilmaydi. Kasallikdan mutloq tuzalish uchun albatta malakali shifokorga ko‘rinib, muolajalardan keyin ham tartibli ko‘rikdan o‘tishni kanda qilmang!

© Dilshod Umarov, Tibbiyot fanlari nomzodi, qon tomirlari jarrohi. Sugdiyona.uz nashri.