Sistit kasalligi – siydik qopining yallig‘lanishini bildirib, tibbiyotda ushbu termin bilan atalgan. Ko‘p yillar davomida yallig‘lanishga sabab bakteriya deb qaralgan va siydik yo‘li infeksiyasi deb atalgan. Siydik qopi yallig‘lanishi og‘riqli va qo‘zg‘atuvchi kasallik, agar infeksiya buyraklarga tarqalib ketsa, bu jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.

Bakteriya infeksiyasidan tashqari siydik qopi yallig‘lanishida dori preparatlariga sezuvchanligi, radiatsion terapiya yoki potensiyani oshiruvchi muolajalar, uzoq muddatli katetrlash ham sabab bo‘ladi. Sistit boshqa kasalliklar natijasida ham ikkilamchi kasallik sifatida kelib chiqishi mumkin.

sistit kasalligi
Foto: Shutterstock.com

Infeksion bakterial sistitda davo chorasi antibiotiklar bo‘lsa, boshqa sabab bo‘lgan sistitlarda keltirib chiqaruvchi etiologiyaga qarshi kurashish kerak.

Sistit sabablari

Siydik ayiruv tizimini bir juft buyraklar, siydik nayi (ureter), siydik qopi va siydik chiqaruv kanali (urethra) dan tashkil topgan. Bularning barchasi organizmdan “chiqindilar”ni ayirish jarayonida o‘z rolini o‘ynaydi. Buyraklar bir juft bo‘lib loviyasimon shakldagi yumshoq (parenximatoz) a’zo, ular orqa bel sohasida joylashadi va qondagi “chiqindilar”ni filtrlash yo‘li bilan organizmdan chiqarib turadi.

Siydik naylari (ureter) buyraklarda hosil bo‘lgan siydikni siydik qopiga o‘tkazish vazifasini bajaradi. Siydik qopida esa siydik uni tashqariga chiqarmaguncha saqlanib turadi. Siydik qopidan siydik chiqaruv kanali (urethra) orqali chiqib ketadi.

Bakterial sistit

Bakterial infeksiya odatda tashqi muhitdan siydik chiqaruv kanali (urethra) orqali kirib siydik ayiruv yo‘lida ko‘payadi. Ko‘pincha sistitga sabab Esherixia coli (E. coli) bakteriyasi bo‘ladi. Bundan tashqari ayollarda jinsiy aloqa sababli ham sistit kelib chiqadi, biroq jinsiy noaktiv ayollar va siydik yo‘llari infeksiyasiga moyil ayollarda sisitit tashqi jinsiy a’zolar mikroflorasi buzilishidan ham kelib chiqadi.

Noinfeksion sistit

Bakterialar sisitit kelib chiqishida asosiy o‘rinni egallasada infeksiyadan tashqari bir qator omillar siydik qopi yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin. Masalan:

  • Dori preparatlar. Ko‘pchilik dorilar, ayniqsa, kimyoterapiya preparatlari sistit keltirib chiqaradi. Chunki ularning organizmdan chiqib ketishini siydik ayiruv yo‘llari ta’minlaydi.
  • Radiatsion terapiya genital sohalarda o‘tkazilsa ham sistit kelib chiqishi mumkin.
  • Uzoq muddatli katetrlash ham siydik qopi shilliq qavatini zararlashi va sistitga sabab bo‘lishi mumkin.
  • Kimyoviy moddalar ya’ni jinsiy a’zolar gigiyenasida foydalaniladigan vositalar ham sistitga sabab bo‘lishi mumkin.
  • Boshqa sabablar diabet, buyrak tosh kasalliklari, yallig‘langan prostata va orqa miya shikastlanishlarida ham sistit kelib chiqadi.

Ayollarda xavf omillar

Ba’zi insonlar siydik qopi yallig‘lanishlariga moyil bo‘lishadi, ayniqsa ayollar. Bunga sabab esa ayol organizmining anotomik tuzilishidir. Ayollar siydik chiqaruv kanali kalta bo‘ladi, bu esa bakteriyalarning siydik qopiga kirishi uchun qulay yo‘l hisoblanadi. Siydik yo‘llari infeksiyasiga olib keluvchi xavf omillari quyidagilardir:

  • Jinsiy aktivlik. Keragidan ortiq jinsiy aloqaga kirishish siydik yo‘llariga bakteriya kirishiga ham sabab bo‘ladi;
  • Homiladorlikka qarshi kurashishda foydalaniladigan vositalar ayollar qiniga joylanadigan diafragmalar ham ko‘p vaqt davomida foydalanilsa sistit keltirib chiqarishi mumkin;
  • Homiladorlik paytida ham gormonal o‘zgarishlar natijasida infeksiyaning tarqalishi va ko‘payishi osonlashadi, bu esa sistitga ham sabab bo‘lishi mumkin;
  • Menopauza paytida (hayz ko‘rish tugaganda) gormonlar nisbati o‘zgarganda ham sistit kelib chiqishi mumkin;

Ayol va erkaklardagi xavf omillari

  • Buyrakdagi toshlar. Hosil bo‘lgan toshlarning siydik qopiga ko‘chishi yoki qopning o‘zida tosh hosil bo‘lishi;
  • Immun tizimidagi o‘zgarishlar. OIV infeksiyasida, diabetda, o‘sma kasalliklarida siydik qopi yallig‘lanishi kuzatilib turadi.

Erkaklarda sistit kasalligi ayollarga nisbatan ancha kam uchraydi.

Sistit belgilari

sistit haqida
Foto: depositphotos.com

Sistit belgilari quyidagilar:

  • Kuchli, doimiy bo‘shashish (peshob ajratish, siyish) hissi;
  • Peshob ajratayotganda achishish;
  • Tez-tez, kam porsiyadagi peshob kelishi;
  • Siydikda qon bo‘lishi (gematuriya);
  • O‘tkir hidli siydik ajratish;
  • Chanoq sohasidagi diskomfortlar;
  • Qorinning pastki sohasida doimiy bosim sezish;
  • Tana harorati subfebril ko‘rsatkichlarda bo‘lishi (37-37,5 C).

Yosh bolalarda kunduz vaqtlarda o‘z-o‘zidan siyib qo‘yishi ham sistit alomati bo‘lishi mumkin, ammo tunda siyib qo‘yish sistit sababli bo‘lmaydi.

Sistit bilan qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar sizda quyidagi belgilar namoyon bo‘lsa zudlik bilan shifokor huzuriga boring, chunki buyraklar ham yallig‘langan bo‘lishi mumkin:

  • Belning orqa yon sohalaridagi og‘riq;
  • Tana haroratining ko‘tarilishi;
  • Ko‘ngil aynashi va qusish.

Agar siz tez-tez kam porsiyadagi peshob ajralishi, peshobda qon bo‘lishi, peshob ajratayotganda og‘riq sezsangiz darhol shifokorga murojaat eting.

Ilgari sizda sistit alomatlari kuzatilgan bo‘lsa va siz antibiotik terapiya olgan bo‘lsangiz, belgilar yana yuzaga chiqsa, shifokor boshqa sababni topishga harakat qiladi va davolaydi.

Sistit asoratlari

Agar sistit kasalligi davo choralari yuzaki o‘tkazilgan bo‘lsa, yoki umuman davolanmasa, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Ular quyidagilar:

Buyraklar yallig‘lanishi. Davolanmagan sistit buyrakning o‘tkir yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi ya’ni piyelonefritga olib keladi. Yosh bolalar va qariyalar buyrak yallig‘lanishida xavf guruhlariga kirishadi, chunki ularda kuzatiladigan simptomlar boshqa kasalliklar bilan adashtirib qo‘yiladi.

Siydikda qon bo‘lishi. Sistitda siydikda qon hujayralari paydo bo‘ladi. Ular mikroskop ostida ko‘rinadi, bu mikrogematuriya deb ataladi va u muolajalar natijasida davolanadi. Agar siydikda qonni oddiy ko‘z bilan ko‘rilsa bu makrogematuriya deyiladi, bu ko‘pincha infeksion (bakterial) sistitda kuzatiladi.

Sistit kasalligi diagnostikasi

sistit sabablari
Foto: Google Photo

Sistitga shubha qilinganda quyidagi tekshirish usullari o‘tkaziladi:

Umumiy siydik analizi. Buning uchun siydik tekshirilib, unda bakteriya bor yo‘qligi yoki yiring borligi, agar bo‘lsa uning tarkibi o‘rganiladi. Qon hujayralarini topilishi ham sistit alomatidir.

Sistoskopiya. Sistoskop yordamida siydik chiqarish kanali orqali siydik qopingizga kirilib, undagi o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu diagnoz usuli eng ishonchli hisoblanadi. Chunki unda to‘g‘ridan to‘g‘ri kamera orqali siydik qopi shilliq qavati ko‘riladi. Bundan tashqari sistoskop yordami shifokor namuna (biopsiya) ham olsa bo‘ladi.

Rentgenografiya. Ko‘pincha roentgen tekshiruvi noinfeksion sistitga gumon qilinganda o‘tkaziladi. Bunda contrast modda yuborilib siydik qopi butunligicha ko‘riladi.

UTT (UZI) siydik qopi ning holatini aniq ko‘rsatib beruvchi tekshirish usuli.

Sistit davosi

Infeksiya (bakteriya) sabab bo‘lgan sistitlar odatda antibiotiklar qabul qilish bilan davolanadi. Ammo noinfeksion sistitlar esa ularni keltirib chiqaruvchi sababga qarab davo chorasi qo‘llaniladi.

Bakterial sistit. Birlamchi sistitda belgilar yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunda shifokor tavsiya qilgan antibiotiklarni bir davo kursi qabul qilganda infeksiyadan butunlay qutulishga erishish mumkin.

Qaytalangan sistitda davolovchi shifokor antibiotik davo kursini uzaytirishi yoki boshqa turdagi antibiotikni tavsiya qilishi mumkin. Sistit qaytalagani uchun urolog va nefrolog ko‘rigi bakteriyalarga nima uchun moyil ekanligini aniqlab beradi.

Menopauza davridagi ayollar sistitga beriluvchan bo‘lishadi. Shuning uchun ular doimo ginekolog, urolog ko‘rigida bo‘lib turishlari lozim.

Noinfeksion sistitlar ularning etiologik sababini yo‘q qilish bilan davolanadi. Agar dori preparatlariga sezuvchanlik, allergik holatlar sababli sistit kelib chiqsa, ularni qabul qilishni to‘xtatish kerak.

Sistitda uy sharoitida muolajalar

Sistit og‘riqli va noqulaylik hissini chaqiruvchi kasallik, lekin uy sharoitida uning belgilarini kamaytirish mumkin:

  • Qorin pastki sohasiga issiq (iliq) narsa qo‘yish siydik qopini tinchlantiradi va og‘riq hissini kamaytirib, diskomfortdan qutulishingizga yordam beradi;
  • Kofe, alkogol,gazli ichimliklar, sitrus mevalaridan tayyorlangan sharbatlar va boshqa kafein saqlovchi ichimliklarni kamroq ichish, achchiq va sho‘r mahsulotlar iste’mol qilishdan saqlanish kerak. Chunki bu moddalar buyraklarda siydik ajralishini ko‘paytiradi va peshob ajratish hissini chaqiradi.
  • Iliq suvda mahalliy vanna qilish og‘riq va noqulaylik hissini kamaytirishga yordam beradi. 15-20 daqiqa o‘tirish kifoya.

Sistitni oldini olish

  • Ko‘p suyuqlik ichish organizmni tozalab turishi tufayli sistit va boshqa yallig‘lanishlarni oldini olish mumkin;
  • Peshob ajratish hissi paydo bo‘ldimi darhol hojatxonaga boring va bo‘shashing;
  • Jinsiy a’zolar atrofini doimo toza-ozoda saqlang;
  • Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish: ichki kiyimlar, prokladkalar, tamponlardan foydalanganda e’tibor qaratish. Bolalarda nam salfetkalardan ko‘ra oddiy suv yoki suv bilan namlangan yumshoq sochiqdan foydalanish tavsiya etiladi.

Foydali maqolalar: