Hozirgi vaqtda saraton kasalliklari xavfliligi jihatidan dunyo bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Zamonaviy onkologiya amaliyotida ushbu kasallikni davolashda uchta asosiy usul: jarrohlik, nur (nur terapiya) va o‘smaga qarshi dori vositalari qo‘llaniladi. Amaliyotda ko‘pincha ularni birgalikda qo‘llash keng tarqalgan. Bugungi kunda bemorlarga o‘smaga qarshi davo sifatida kimyopreparatlar, gormonlar, immunopreparatlar, target preparatlari, ba’zi bisfosfonatlar ham beriladi. Lekin, an’anaga ko‘ra, tibbiy adabiyotlarda, ommaviy axborot vositalari va xalq orasida dori-darmon bilan davolash usuli “kimyoterapiya” so‘ziga singdirilgan. Ko‘pchilikda “kimyo” so‘ziga nisbatan tushunmovchilik sababli manfiy munosabat hosil bo‘lgan.O‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar rivojlangan davlatlar aholisi orasida onkologik xastaliklarga nisbatan qo‘rquv hissi ko‘proq bo‘lishini ko‘rsatdi. Odamlarning ongida onkologiya (kimyoterapiya) so‘zi o‘limga yaqinlashish ma’nosini bildiradi, lekin bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. Onkologiya fani va amaliyotining rivojlanishi sababli bugungi kunda ushbu kasallikka chalinganlarning yarmidan ko‘pi to‘liq tuzalib ketishmoqda, o‘sma dastlabki bosqichda aniqlanganda esa, 100 foiz bemorlarda yaxshi natija kuzatiladi. “Sizga kimyoterapiya tavsiya etiladi...” degan so‘zlardan so‘ng ko‘pchilik bemorlarda ikkilanish paydo bo‘ladi. Bunga asosiy sabab, aholining tibbiy (onkologik) savodxonligi pastligidir. Onkologik kasallikka chalingan bemor va uning yaqinlari shu mavzuga bag‘ishlangan ma’lumotlarni qidira boshlashadi. Bular asosan, ommaviy axborot vositalari (gazeta, jurnal, televideniye, radio va h.k.) va shu qatorda, internet ma’lumotlaridir. Bu manbalarda berilgan ma’lumotlar juda ko‘p va ko‘pincha aniq emas, ba’zan bir-birini inkor qiladigan fikrlar ham bildiriladi. Onkolog-kimyoterapevtlarning asosiy vazifasi – bemor va yaqinlariga kimyoterapiyaning ahamiyati, foydasi, nojo‘ya ta’siri va undan kutilayotgan natijalar haqida oddiy, tushunarli tilda obyektiv ma’lumot berishdir. Bugungi kunda onkologik bemorlar uzoq va sifatli hayot kechirishlarining asosiy manbasi, bu albatta samarali dori vositalari ko‘payishi va kimyoterapiya samaradorligi oshishidir. Kimyoterapiyaga nisbatan bo‘lgan eskicha salbiy fikr, bemor va qarindoshlarida hosil bo‘ladigan ruhiy to‘siqlar hozirgi kunda deyarli butunlay bartaraf qilindi. Onkologik shifoxonalarning 75-80 foiz bemorlari davolanishning ma’lum bir bosqichida kimyoterapiya oladi. Zamonaviy dori-darmon bilan davolash usuliga ham bemor, ham uning yaqinlari katta ishonch va umid bilan qaraydilar. Hozirgi kunda Respublika onkologiya ilmiy markazida ko‘pchilik bemorlarni davolashda ijobiy natijalarga erishilayotganligining sababi – operatsiyadan oldin o‘tkazilayotgan kimyoterapiyadir. Jarrohlik usuliga ko‘rsatma bo‘lgan ba’zi kasalliklarda, birinchi bosqichda dori-darmon bilan o‘smaga qarshi davolash usuli (2-4, 6-kursgacha) o‘tkaziladi. Bundan asosiy maqsad – subklinik (tashxislash usullari yordamida aniqlanmaydigan), aniqlangan metastazlar va birlamchi o‘choqda joylashgan o‘sma hujayralarining ko‘payishi va tarqalishini to‘xtatishdir. Bu yo‘nalish bo‘yicha markazimizda Davlat granti ajratilgan bo‘lib, keng ko‘lamda ilmiy ish olib borilmoqda. Operatsiyadan avval (neoad’yuvant) kimyoterapiya olgan va olmagan bemorlarni davolash samarasi baholanganda, olganlarda residivsiz, ya’ni kasallik qaytalamasdan, uzoq vaqt, sifatli umr kechirish ko‘rsatkichlari yuqoriligi kuzatilmoqda. kimyoterapiya Operatsiyadan keyingi kimyoterapiya avvaldan ko‘plab saratonga chalingan bemorlarda keng qo‘llanib kelingan. Hozirda yangi, zamonaviy o‘smaga qarshi preparatlar paydo bo‘lgani sababli, ushbu davolash usuliga ko‘rsatmalar va o‘tkazish mumkin bo‘lgan onkologik kasallik turlari yanada kengayib bormoqda. Onkologik bemorlarni davolashda qo‘shma va kompleks davolash rejalariga, jarrohlik usulidan tashqari, mahalliy davolash turlaridan biri – nur terapiya kiritilgan. Qo‘shma davolash usuli hisoblanmish kimyo-nur terapiya ko‘plab bemorlarda to‘liq uzoq remissiyasiga erishishga olib keladi. Bemorlarga davo usullari bir vaqtda, ketma-ket yoki oldinma-keyin qo‘llanilishi mumkin. Ba’zi bemorlarda asosiy davolash usuli nur terapiya bo‘lgan holatlarda, nurlanish kimyopreparatlar fonida o‘tkaziladi. Sababi, ba’zi dori vositalari modifikator xususiyatiga ega bo‘lgani sababli nurni davolash samarasini oshirib beradi. Jarrohlik usuliga va nur terapiyasiga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lganda yoki bu usullarni qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lmasa, o‘smaga qarshi dori-darmon bilan davolash yagona samarali usul bo‘lib, bemorning uzoq va sifatli umr kechirishiga sabab bo‘ladi. Kimyoterapiya samaradorligi bemordagi o‘sma hujayralarining kimyoviy turg‘unligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Kimyoturg‘unlik, o‘z navbatida, o‘smaning biologik (molekulyar, gen, reseptor, immunogistoximik) xususiyatlariga bog‘liq. Ikkita bir xil xavfli o‘sma tashxisli bemorda tavsiya qilingan preparatlar har xil ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Buning sababi o‘sma hujayralarining bir-biriga o‘xshamaydigan o‘ziga xos bo‘lgan biologik xususiyatlaridir. Markazimizda o‘smalarning biologik xususiyatlarini aniqlash va ularni davolash samaradorligini oshirish uchun Davlat grantlari doirasida ilmiy ishlar olib borilmoqda. Xavfli o‘smalarning biologik xususiyatlari xususida hozirgi vaqtgacha olingan tajribalar bemorlarga barvaqt tashxis qo‘yish, to‘g‘ri davolash, davolash samaradorligini oldindan bilish va nazorat qilish (monitoring) uchun amaliyotda qo‘llanilmoqda.Kimyoterapiya olayotgan bemorlarni davolash samarasi yuqori bo‘lishi uchun nafaqat kimyopreparatlarni, balki birgalikda olib borilayotgan farmakoterapiya va simptomatik terapiyaning ham ahamiyati yuqori. Bu guruhga kasallik sababli namoyon bo‘lgan, bemorning ahvolini og‘irlashtiradigan holatlar yoki davolash sababli rivojlangan nojo‘ya ta’sirlarni bartaraf qiluvchi va kamaytiruvchi dori vositalari, hayot uchun zarur bo‘lgan ichki a’zolar faoliyatini tiklab va saqlab turuvchi preparatlar kiritilgan. Zamonaviy o‘smaga qarshi dorilarni qo‘llash va simptomatik terapiyani to‘g‘ri o‘tkazish yo‘li bilan bemorlarda kuzatiladigan kimyopreparatlarning zaharli ta’sirini bartaraf etish mumkin. Bemorda nojo‘ya ta’sirlar rivojlanmaydi, o‘zini yaxshi sezib, hayot sifati yuqori bo‘ladi. Tekshirish natijasida bemorga xavfli o‘sma tashxisi qo‘yilgandan so‘ng, o‘smaning biologik xususiyatlari aniqlanib, o‘smaga qarshi bioterapiyani tavsiya qilish mumkin. Bioterapiya target (avastin, gerseptin, mabtera, glivek, neksavar va boshqalar), gormonal (tamoksifen, zolodeks, femara, egestrozol va boshqalar), immunoterapiya (interferonlar, sitokinlar, interleykinlar)larni o‘z ichiga oladi. Kimyoterapiya bilan birgalikda o‘tkaziladigan bioterapiya usullari dori-darmon bilan davolash usulining samarasini oshirib, bemorlar uzoq va sifatli yashashiga olib keladi. O‘smaga qarshi dorilar bemor organizmiga tabletka, vena qon tomiri, arteriya qon tomiri, bo‘shliqlar (qorin, ko‘krak qafasi, qovuq bo‘shliqlari) orqali yuboriladi. 95 foiz kimyoterapiya olayotgan bemorlarga dori vena qon tomiri orqali yuboriladi. Kimyo-preparat tomirdan yuborilganda asoratlarning oldini olish va bemorga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy yangi texnologiyalar asosida uskuna va maxsus moslamalar yordamida (port-sistema, infuzomat va pompalar) dorilarni yuborish yo‘lga qo‘yilgan. Mahalliy (regionar) yo‘llar bilan kimyo-preparatlarni bemorga yuborish maqsadga muvofiqmi yoki yo‘qligi, har bir holatda (bemorda), individual yondoshgan holda mutaxassislar konsiliumida hal qilinadi. Kimyopreparatlarni tabletka shaklida (krseloda, ftorafur, temodal) sut bezi saratonida, yo‘g‘on ichak saratonida, jigarda metastazlar bo‘lganida, ba’zan, bachadon bo‘yni saratonida va bosh miya xavfli o‘smalarida nur terapiya bilan birgalikda qo‘llaniladi. Ko‘pincha tabletka (kapsula) shaklida gormon – (zolodeks, tamoksifen, femara, egestrozol, anastrozol) va target (mabtera, avastin, glivek, iressa, neksavar, sutent) terapiyalar o‘tkaziladi. Hozirgi vaqtda, butun dunyo onkologlari va yetuk onkologiya markazlarining tajribasi, o‘smaga qarshi davolash usulining bemor uchun ahamiyati yuqori ekanligini tasdiqladi. Shularni hisobga olgan holda, davlatimiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi va ROIM rahbariyati tomonidan o‘smaga qarshi yangi davolanish usullari bo‘yicha ilmiy-amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat onkologiya dispanserlarida kimyoterapiya bo‘limlari ta’mirlanib, yangi qurilgan binolarda alohida kimyoterapiya bo‘limlari tashkil qilinyapti. Bugungi kunda ROIM klinikasida birinchi va nisbatan yangi tashkil qilingan ikkinchi kimyoterapiya bo‘limlari, bolalar kimyo-terapiya bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqin kelajakda bemorlarga ambulator kimyoterapiya xizmatini tashkil qilish rejalari ko‘rib chiqilmoqda. Viloyat onkologiya dispanserlari kimyoterapiya bo‘limlari, poliklinika kimyoterapevtlari davolash-uslubiy ishlarida ROIM kimyoterapiya xizmati bilan uzviy bog‘liqlikda faoliyat yuritishadi. Jipslashuv quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi: bemorlar ROIM kimyoterapevtlari tomonidan ko‘rilib, davolash rejasi aniqlab beriladi, viloyatlar aholisini ROIM kimyoterapiya bo‘limlarida statsionar davolash, keyingi davolash kurslarini yashash joyidagi dispanserlarda davom ettirish, viloyat dispanser mutaxassislari tomonidan bemorni nazoratga olish tavsiya etiladi. Ko‘pchilik viloyat onkodispanser kimyoterapevtlari ilmiy yo‘nalishda ham faoliyat yuritmoqdalar. Ular ichida ilmiy ishini yakunlab, dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganlar, ilmiy ishini faol davom ettirayotganlar va endi rejalashtirayotganlar ham bor. Yana bir katta ahamiyatga ega bo‘lgan yutuq, bu dispanser kimyo-terapevt mutaxassislariga ROIM kimyoterapiya bo‘limlarida shifokorlar tomonidan amaliy hamda nazariy bilim berilishi va sertifikatlanishidir. Bu borada yangi o‘quv dasturi ham tayyorlanmoqda. O‘qitishdan maqsad – kimyoterapiya ko‘rsatmalarini aniqlash, to‘g‘ri davolash rejasini tuzish, davolash, natijani to‘g‘ri baholash, resediv va metastazlarni vaqtida aniqlash maqsadida bemorlarga rejali monitoring o‘tkazish borasida mutaxassislarni tayyorlashdir. Hozirgi kunda o‘smaga qarshi dorilar bilan davolash jarayonini yaxshilash maqsadida bizning markazda bir nechta yo‘nalish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Asosiysi, zamonaviy va effektiv xavfli o‘smalarga qarshi preparatlarni qo‘llash (taksanlar, gemsitabin, navelbin, eloksatin, kampto, kseloda, kampto, zometa, femara va b.)dan iborat. Xavfli o‘smalarning biologik xususiyatlarini inobatga olgan holda yangi sintez qilingan o‘smaga qarshi biopreparatlar (avastin, gerseptin, mabtera, glivek, iressa, neksavar va b.) target terapiya sifatida qo‘llanilmoqda. O‘smaga qarshi preparatlarning samaradorligini oshirish maqsadida kimyoterapiya modifikatorlar (boshqa guruhlar dori vositalari, umumiy va mahalliy gipertermiya) bilan birgalikda olib boriladi, zaharli ta’sirini bartaraf qilish va kamaytirish uchun katta guruh antitoksik va ichki a’zolar faoliyatini tiklovchi preparatlar qo‘llaniladi. Onkologiya amaliyoti uchun juda muhim bo‘lgan yutuq – markazda kolxitsin asosida bir qator yangi va samarali xavfli o‘smalarga qarshi preparatlar yaratilib, tajriba-sinovdan o‘tkazilib, bemorlarda ishlatishga ruxsat berilmoqchi. Zamonaviy kimyoterapiya tez va mustahkam rivojlanib kelayotgan ko‘p tarmoqli davolash usulidir. Bemorning xavfli o‘smadan to‘liq davolanib ketishi birinchi navbatda to‘g‘ri tanlanib, vaqtida bajarilgan kimyo-terapiyaga bog‘liq. Kelajakda xavfli o‘smalarga qarshi dorilar bilan davolash usuli yanada takomillashtiriladi.

Doniyor PO‘LATOV.

Respublika onkologiya ilmiy markazi I va II kimyoterapiya bo‘limi ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari doktori.

"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.