4.2
(52)

Oʻtgan asrning boshlarida bugun nafaqat terini davolash, balki yuzni tiniqlashtirish uchun foydalaniladigan piling amerikalik shifokor Jessper tomonidan ixtiro qilinadi. XX asr boshlarida amerikalik shifokor Jessper kemada sayohatga chiqadi. Koʻp oʻtmay, yoʻlovchilar badanida toshmalar paydo boʻladi. Shifokor baʼzi moddalardan suyuqlik tayyorlab, teriga surtadi. Va bu yaxshi natija beradi. Shu zayilda piling kashf etildi.

Bugungi kunda piling ommaviy ravishda foydalaniladigan xizmat turi, biroq koʻpchilik uning oʻzi nimaligi, foyda va zararlarini toʻliq tushunib yetavermaydi.

Bu haqda maʼlumot olish uchun shifokor-kosmetolog Shahlo Ismoilovaga murojaat etdik. Quyidagi suhbat orqali piling haqida oʻzingizni qiziqtirgan savollarga javob topasiz degan umiddamiz.

Shifokor konsultatsiyasi

Muolajalar

Piling nima?

— Piling inglizcha soʻz boʻlib, “to peel” — “archish”, “koʻchirish” yoki “yuza qavatni olib tashlash” degani. Qisqa aytsak, piling terining ustki qatlamini, yaʼni, hujayralari nobud boʻlgan terini olib tashlashdir. Bunda teri yangilanib, yosharadi. Natijada, teridagi nuqsonlar, yuzaki ajinlar, notekisliklar, dogʻlar yoʻqoladi.

Bugungi kunda pilingning qanday turlari mavjud?

— Zamonaviy kosmetologiyada kosmetik, mexanik, kimyoviy pilinglar mavjud. Pilingning maqsadi yangi toʻqimalarni tezroq yetiltirishdir. Piling muolajalari uchga boʻlinadi: yuzaki, oʻrta va chuqur. Yuzaki pilinglar asosan oʻsmirlarga yoki balogʻat yoshiga yetgan, asosan 20 yoshdan kattalarda oʻtkaziladi. Husnbuzarlar, ulardan keyin qolgan dogʻlarni ketkazish va yogʻli terilarda qoʻllaniladi.

25-30 yoshli odamlarga ham chandiq izlarini toʻgʻrilash kabi holatlarda ishlatiladi. Oʻrta piling 35-40 yoshlilarga moʻljallangan. Ularda ham muammolariga qarab, yaʼni chuqur chandiqlar, ajinlar va dogʻlarni ketkazish uchun qoʻllaniladi. Homiladorlik vaqtida yuzga chiquvchi dogʻlarni ham yoʻqotadi. Biroq piling qildirishdan oldin yaxshilab tekshirtirish, vrach-dermatolog maslahatini olish zarur. Chuqur turi esa, operatsiya orqali amalga oshiriladi. Mamlakatimizda bu usuldan deyarli foydalanilmaydi.

Qanday holatlarda piling qilish maslahat berilmaydi?

Homilador va emizikli ayollarga, qonida gerpetik infeksiyalar yuqori darajada boʻlgan kishilarga, shamollash yoki infeksion kasalliklar bilan ogʻriganda, tana harorati oshganida, terida ochiq jarohatlar va mikrotravmalar boʻlganida piling qilish mumkin emas. Shuningdek, sachratqi, teri yalligʻlanishi kasalligi boʻlgan hollarda ham bu tavsiya etilmaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Yosharishni istaysizmi?

Qaysi fasllarda piling mumkin emas?

— Yoz, bahor oylarida oʻrtacha piling qilish taqiqlanadi. Yuzaki pilingni ham, avvalo, yuzga quyoshdan saqlovchi krem vositalarni surib, keyin qilish kerak. Bu shifokor nazoratida amalga oshiriladi.

Kimyoviy pilingni kimlarga qilish taqiqlanadi?

— Inson terisi toʻrt turda boʻladi. Ular fototip deyiladi. Uchinchi va toʻrtinchi fototiplarga piling mumkin emas. Finol tarkibli piling qon tomir tizimida, yurak, buyrak, jigar aʼzolarida va qandli diabet kasali borlarga, soʻgal, eshakemi kasalliklarida ham taqiqlanadi.

Baʼzi terilarning sezuvchanlik darajasi yuqori boʻladi. Ularga ham kimyoviy piling mumkin emas. Avval teri sezuvchanligini aniqlovchi test qilinib, soʻngra, maslahat qilinadi. Onkologik xastalikka chalinganlarga esa qatʼiyan man etiladi.

Piling qanday qilinadi?

Pilinglarni kimyoviy tarkibidan kelib chiqqan holda vrach-kosmetolog bosqichma-bosqich amalga oshiradi. Avvalo, kosmetolog yuz sohasini tozalaydi va barchasi bosqichma-bosqich bajariladi. Bemor yuzida biroz achishish his etadi. Teri pushtirangga kiradi. Oxirida suv bilan yoki maxsus suyuqlikda yuviladi.

Pilingning turlariga qarab, baʼzi kosmetologlar tinchlantiruvchi niqoblar tavsiya etishadi. Muolaja amalga oshirilgach, albatta, quyoshdan saqlovchi vositalar surilishi kerak. Agar bunga amal qilinmasa, yuzda dogʻ qolishi mumkin. Pilingdan keyin ham, shifokor-kosmetolog nazoratida boʻlish lozim. Terini oziqlantirib turuvchi vositalardan foydalanish, oʻn kun davomida quyoshdan saqlanish shart.

Pilingni ichki aʼzolarga salbiy taʼsiri bormi?

— Piling teri yuzasida amalga oshirilgani sabab, ichki aʼzolarga taʼsir koʻrsatmaydi.

Bu ishlar qancha vaqt oraligʻida qilinadi?

— Teri 28 kunda yangilanadi. Bir oyda bir marta pilingni amalga oshirish mumkin. Yuzaki pilinglarni esa ikki-uch haftada shifokor nazoratida bajarish maqsadga muvofiq.

Hozirda piling qildirish uchun goʻzallik salonlariga borishyapti. Bu qanchalik toʻgʻri?

— Goʻzallik salonlarida notoʻgʻri qilingan piling tufayli shifoxonamizga keluvchi bemorlar soni koʻpaymoqda. Chunki pilingni bilib-bilmay amalga oshirish avj olib ketyapti. Piling qildirmoqchi boʻlgan bemor, avvalo, kosmetologning bilim darajasini aniqlab olishi kerak. Buni oddiy kosmetolog emas, vrach-kosmetolog amalga oshirishi lozim.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gormonal o‘zgarishlardan ogohlantiruvchi signallar


SAVOLJAVOB
Piling yuzdagi husnbuzarlarning barcha turiga
qarshi qoʻllash mumkinmi?
Mumkin, lekin surunkali shamollash oqibatida
toshgan husnbuzarlarga qarshi ushbu
muolaja oʻtkazilmaydi.
Piling barcha turdagi
ajinlarni tekislaydimi?

Pilingning har bir turida maʼlum darajadagi taʼsir kuchi bor. Ammo u ajinlar bilan
kurashishda yuz foiz kafolatlangan usul emas. Mezoterapiya hamda
kontur plastikasi bilan bir qatorda
qoʻllanilgan pilinggina bu borada yaxshi samara berishi mumkin.
Pilingda qayerdadir qalin,
qayerdadir yupqa qatlamda shlifovka qilinib, yuz terisi oʻz tekisligini yoʻqotishi mumkinmi?
Bu mutaxassis tanlagan uslubga bogʻliq. Husnbuzarlardan
qolgan dogʻlar bilan kurashishda ular chiqqan joy chuqurroq pilinglansa, yuz terisini umumiy yoshartirish jarayonida taʼsir bir xil tekislikda boʻladi.
Oʻttiz yoshga toʻlmaganlarga piling muolajasi
tavsiya etilmaydimi?
Bunday emas. Kimyoviy piling oʻspirinlik davridagi yuz terisi muammolari bilan
kurashishda ham keng qoʻllaniladi.
Davolashning qay uslubidan foydalanishni esa mutaxassis belgilaydi.
Piling yordamida koʻz atrofidagi
ajinlardan xalos boʻlishning iloji yoʻqmi?
Bu tanlangan usulga bogʻliq. Lazerli fraksion piling yaxshi natija koʻrsatishi mumkin. U mikronurlar taʼsirida yuz terisini
taranglashtirib, ustki qavatni nisbatan tekislay oladi.

Ozoda Valiyeva yozib oldi.
«Oila davrasida» gazetasi.

«Sugdiyona.uz»