Jigar sirrozi – bu a’zoda gepatotsitlar, ya’ni jigar hujayralarining o‘rniga biriktiruvchi to‘qima paydo bo‘lishi tufayli uning chandiqlanishi va natijada organizmdagi barcha a’zolar faoliyatining izdan chiqishi bilan kechadigan xastalikdir.
Jigar sirrozi haqida chuqur ma’lumotga ega bo‘lish uchun avvalo bu a’zoning vazifalari haqida bilish zarur. Bu nozik a’zo organizmning markaziy biokimyoviy laboratoriyasi bo‘lib, u qonni tozalovchi filtr vazifasini bajaradi. U organizmda kechadigan barcha moddalar almashinuvlarida faol ishtirok etadi. Bu a’zoning diffuz (tarqoq) jarohatlanishlaridan biri jigar sirrozi kasalligi hisoblanadi.
Jigar sirrozi sabablari
Jigar sirrozi dunyo bo‘yicha erkaklarda ko‘proq uchrayotgan kasallik bo‘lib, u turli sabablar natijasida rivojlanishi mumkin. Ushbu og‘ir xastalikning rivojlanishida asosiy omillardan biri sifatida gemokontakt yo‘l bilan (qon orqali) yuqadigan B, C va D virusli gepatitlarni ko‘rsatish zarur. Jigar sirrozi surunkali B, C va D virusli gepatitlarning oxirgi bosqichi sifatida rivojlanadi. Shuning uchun bugungi kungacha virus tabiatli gepatitlar yer yuzida keng tarqalganligi, surunkali kechishga moyilligi va jigar sirrozi hamda uning saratoni kabi asoratlar bilan yakunlanishi mumkinligi bois ular jahon tibbiyotining muhim muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bemor virusli gepatit bilan og‘rigan holda spirtli ichimliklarga ruju qo‘yishi ham ushbu kasallik sabablaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari zaharli kimyoviy moddalar bilan uzoq yillar davomida zaharlanish, gepatotoksik ya’ni, jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan dori moddalar ta’sirida jigarning zararlanishi, organizmdagi immunologik o‘zgarishlar bilan kechadigan autoimmun gepatit, moddalar almashinuvining buzilishi, steatoz (gepatoz – jigarning yog‘ qoplashi) va jigarga salbiy ta’sir qiluvchi boshqa omillar ham sirroz rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Yurak yetishmovchiligi natijasida kuzatiladigan jigar sirrozlari ham mavjud. Yana ushbu kasallik kelib chiqishida (kam miqdorda) irsiy moyillik borligi ham ilmiy adabiyotlarda bayon etilgan. Kasallikka sabab bo‘lgan omillar aniqlanmagan jigar sirrozlari «kriptogen» ya’ni, «sababi noma’lum jigar sirrozlari» deb yuritiladi. Kasallikning rivojlanish mexanizmini quyidagicha tushuntirish mumkin: jigar hujayralari zararlanganda ularning o‘rniga yangilari hosil bo‘ladi. Zararlangan hujayra qayta tiklana olmasa yoki uning o‘rniga yangi hujayralar hosil bo‘lmasa, shu a’zo o‘zidagi jarohatni boshqa sog‘lom hujayralarga tarqalmasligi ya’ni, shu kasal hujayrani boshqa sog‘lom hujayralardan ajratib qo‘yish uchun kollagen tolalar ishlab chiqaradi. Hujayra nobud bo‘lgan bo‘lsa, uning o‘rnini ham kollagen tolalar bilan to‘ldiradi. Bu organizmning o‘zini-o‘zi himoya qilish reaksiyasidir. Lekin bu tolalar vaqt o‘tib borishi bilan sekin-asta biriktiruvchi to‘qimalarga ya’ni, chandiqqa aylana boradi. Chandiqlar qanchalik ko‘p joyni egallasa, mazkur a’zo o‘z vazifalarini bajarishda shunchalik qiynaladi.Jigar sirrozi belgilari
Kasallikning klinik belgilariga kelsak, xastalik alomatlari uning qaysi omillar ta’sirida rivojlanganligiga bog‘liq emas. Kasallik belgilari sirrozning bosqichlariga bog‘liq. Shuni ham unutmasligimiz zarurki, 12 foiz hollarda jigar sirrozi belgilarsiz kechishi mumkin. Bu ayniqsa, surunkali alkogolizm aniqlangan kishilarda ko‘proq uchraydi. Sirrozning dastlabki bosqichida kasallik alomatlari aniq namoyon bo‘lmasligi mumkin. Dardning aynan shu bosqichida kasallik sabablarini bartaraf etish orqali jigarning sog‘lom hujayralarini saqlab qolish va uzoq muddat sog‘lom hayot kechirish mumkin. Qorinning kattalashishi (qorinda suyuqlik – assit yig‘ilishi sababli), ozib ketish, kuchli holsizlik, ta’sirchanlik, kayfiyatning tez o‘zgarishi, ishtahaning kamayishi, burun va milklarning qonashi sirrozning keyingi bosqichlarga o‘tganligidan darak beradi. [caption id="attachment_10928" align="aligncenter" width="632"] Foto: www.mayoclinic.org[/caption] Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemorlar odatda kuchli holsizlanish, ozib ketish, es-hushning o‘zgarishi (e’tiborni jamlash xususiyatining kamayishi, kunduz kunlari ko‘p uxlab, tunda uyquning buzilishi), ishtahaning kamayishi, qorinning shishi hisobiga to‘yib qolish hissi, sariqlik (teri va ko‘z pardasining sarg‘ayishi, peshobning to‘q sariq rangda bo‘lishi), terining qichishishi, qorin sohasida og‘riq kuzatilishi mumkin. Taloqning kattalashishi, oyoqlarda shish paydo bo‘lishi, nafas yo‘llarining yallig‘lanishi kabi bakterial infeksiyalarning tez-tez takrorlanib turishi, ko‘ngil aynishi, qusish, o‘t kislotalarining ta’siri natijasida terining qichishishi kabi o‘ziga xos alomatlar jigar va boshqa a’zolardagi patologik jarayonning rivojlanishda davom etayotganligini bildiradi.Jigar sirrozi asoratlari
Kasallikning asoratlariga keladigan bo‘lsak, sirrozda jigar komasi(bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadigan behushlik) va qizilo‘ngachning kengaygan vena tomirlaridan qon ketishi o‘lim holatlarining asosiy sabablaridan hisoblanadi. Ayrim hollarda jigar sirrozi bu a’zo saratoniga o‘tish ehtimoli yuqori. Sirroz so‘zi grek tilida «kirros» – «malla, qizg‘ish, sariq» degan ma’nolarni anglatadi. Bu iborani fanga R.Laennek kiritgan. Bunda jigar tuzilishida o‘ziga xos o‘zgarishlar kuzatiladi ya’ni, jigar qattiq, g‘adir-budur, sariq rangdagi ko‘rinishda bo‘ladi. Sirroz – tarqoq jarayon bo‘lib, jigar hujayralari – gepatotsitlarning nobud bo‘lishi natijasida paydo bo‘ladi. Nekrozga uchragan jigar hujayralari dastlab to‘liq tiklanishi mumkin. Lekin sirrozning keyingi bosqichlarida buning aksi kuzatiladi.© Allabergan BAYJANOV, Virusolog. "Sog‘lom avlod" gazetasi.
Tashxislash
- Jigarning umumiy holati. Sirrozning ilk davrlarida diagnoz qo‘yish ancha mushkul. Chunki jigarda ko‘zga tashlanadigan o‘zgarishlar ko‘rinmaydi. Birinchi navbatda jigarni UTT tekshiruvi o‘tkaziladi, bu usul orqali jigarning kattaligi, qirralari va yuzasi, to‘qima tuzilishi kabi xususiyatlari o‘rganiladi. Bu usulda steatoz va surunkali gepatit kabi sirrozga sabab bo‘ladigan kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash mumkin. Qorin bo‘shlig‘I tomirlar tizimini doplerografiya qilinadi, ular kengayganligini aniqlash maqsadida. Bu bilan portal venaning holati baholanadi.
- Sirroz sababini aniqlash. Birinchi navbatda virusli gepatit B va C ni aniqlash uchun tekshiruv o‘tkaziladi, chunki ular sirroz chaqiruvchi eng asosiy omillardir. Agar virus inkor qilinsa nasliy kasalliklar, autoimmun ko‘rsatkich, jigarning alkogol kasalligi, noalkogol kasalligi va jigarning toksik zaharlanishi tekshiriladi.
Jigar sirrozini davolash
Jigar sirrozini zamonaviy davolash quyidagi tamoyillar asosida olib boriladi: etiologik (kasallik sababini bartaraf etish yoki kamaytirish), patologik jarayonni rivojlanishini ta’minlaydigan omillarga ta’sir qilish, jigar vazifalarining o‘zgarishi bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan jarayonlarni korreksiya qilish, og‘riqli belgilarning darajasini kamaytirish va asoratlarini davolash hamda oldini olishdan iborat. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, mazkur kasallikda organizmning boshqa a’zolarida ham o‘zgarishlar bo‘lishini e’tiborga olgan holda kompleks davo choralari amalga oshiriladi. Davo rejasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: ovqatlanish rejimi, medikamentlar bilan, profilaktika va asoratlarni davolash. Davo natijasi va prognozi kasallikning og‘irlik darajasiga bog‘liq. Kompensirlangan jigar sirrozida gepatotsitlar funksional holati saqlangan, portal gipertenziya alomatlari yo‘q. sirrozning bu ko‘rinishida kasallik sababi aniqlanadi va asosiy sababga maxsus davo choralari ko‘riladi. Bundan tashqari psixik va jismoniy yuklamalarni kamaytirish kerak. Agar jigar sirrozining sababi virusli gepatit B va C bo‘lsa, virusga qarshi, shu bilan bir qatorda fibrozlanish va sirrozlanish protsessiga ham qarshi kurashiladi. Alkogolli sirrozda gepatoprotektorlardan foydalaniladi va alkogoldan qat’iy voz kechish kasallikni nafaqat to‘xtatadi, balki fibrozlanishni ham sekinlashtiradi. Noalkogol jigarning yog‘li kasalligida ovqatlanish rejimiga rioya etiladi va shu bilan birga medikoment davo ham tavsiya etiladi. Gormonal disbalanslar ham bartaraf etiladi. Jigarning funksional holati, hujayralar hayotiy faoliyati ham tiklanishi mumkin. Jigarning dekompensatsiyalangan bosqichidagi kasallarga parhez rejimi, medikamentoz davo va laproskopik va xirurgik davo ham qo‘llaniladi. Dekompensirlangan sirroz og‘ir asoratlar bilan birga keladi: portal gipertenziya, taloqning kattalashishi, qizilo‘ngach va oshqozon kengaygan venalaridan qon ketish, qorin bo‘shlig‘ida erkin suyuqlik to‘planishi – assit bilan birga keladi. Portal gipertenziyada bir qator dori preparatlari qo‘llaniladi: vazodilatatorlar va vazokonstriktorlar. Assitda davo rejasi erkin suyuqlikni siydik haydovchi preparatlar va tuzsiz diyetalar yordamida organizmdan chiqarib yuborishdir. Sirrozning terminal bosqichlarida bemor hayotini faqatgina jigar ko‘chirib o‘tqazishgina saqlab qoladi. Bu dard bilan og‘rigan bemorlar doimo shifokorlar nazoratida bo‘lishlari shart. Shuningdek, ular parhezga qa’tiy amal qilishlari kerak.Jigar sirrozida parhez
Jigar sirrozida tuzi yo‘q ovqatlar buyuriladi, kaliyga boy mahsulotlar beriladi. Ovqat tarkibi asosan oqsil, yog‘, uglevod, suv minerallar moddalar va vitaminlar qat’iy balans tartibida buyuriladi. Oqsil, yog‘ va uglevodlar nisbati 1:1:4 (ketma ketlikda) bo‘lishi kerak. Hayvon oqsillari umumiy oqsilning 60 %ini tashkil etishi kerak. Umumiy yog‘larning 20-25 % ini o‘simlik moylari tashkil etishi muhimdir. Uglevodlar tarkibi kraxmal, glukoza, kletchatka va pectin bilan o‘lchanadi. Glukoza mevalar, asal, sut maxsulotlari bilan qabul qilinishi kerak. Vitamin va mineral moddalar sutkalik miqdorda tushib turishi zarur. Achchiq, sho‘r, qovurilgan va qiyin hazm bo‘ladigan ovqatlarni iste’mol qilish ta’qiqlanadi. Spirtli ichimliklar ichish umuman man etiladi. Chunki, spirt jigar hujayralaridagi tiklanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va patologik jarayonning yanada chuqurlashishiga sabab bo‘ladi. Jigar to‘qimasida shakllangan chandiq hujayralarni davolashdan ko‘ra, kasallikning oldini olgan afzal. Har bir inson o‘z sog‘ligi haqida o‘zi qayg‘urishi zarur. B gepatitga qarshi emlanish kabi tadbirlar jigar sirrozi rivojlanishining oldini oladi.Ovqatlanish vaqti
Sog‘lom odam uchun bir kunda 3-4 marta ovqatlanish norma bo‘lsa, sirrozlarda 5-6 marta yengil ovqatlanish tavsiya etiladi.Jigar sirrozi profilaktikasi
Jigar sirrozini oldini olish uchun birinchi navbatda virusli gepatit va alkogolizmdan saqlanish kerak. Kasallikni vaqtida aniqlash va to‘g‘ri davo choralari ham kasallikning rivojlanib ketishining oldini oladi. Sirroz uzoq muddat davomida kelib chiqadigan kasallikdir, uni o‘z vqatida aniqlasa va butunlay davolasa ham bo‘ladi.© Gepatit.ru / Avitsenna.uz Maqola 13.04.2018 sanasida yangilandi.
Foydali maqolalar: Ushbu maqolani ham o'qing:
Surunkali gepatit